Научная статья на тему 'FOLKLOR-ETNOGRAFIK JAMOALARI REPERTUARINI SHAKLLANTIRISH VA RIVOJLANTIRISH MASALALARI'

FOLKLOR-ETNOGRAFIK JAMOALARI REPERTUARINI SHAKLLANTIRISH VA RIVOJLANTIRISH MASALALARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
234
28
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Folklor-etnografik jamoalar / repertuar / rivojlantirish / janr / folklor asarlari / xalq ijodiyoti / qo‘shiq / raqs / sahnalashtirish

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Asatillo Sunnatovich Sunnatillayev

Xalq ijodiyotini asrash va rivojlantirishda folklor-etnografik jamoa rahbarlarining bu sohadagi ijodiy iqtidori muhim amaliy ahamiyatga ega. Ijodiy jamoada olib boriladigan amaliy ishlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan uning badiiy so‘z qadrini, musiqiyligini chuqur his qilishiga, xalq qo‘shiqlarining eng yaxshi namunalarini tanlay olish va targ‘ib qilish qobiliyatiga, shuningdek, shaxsning kamol topishida o‘zbek xalq qo‘shiqchiligi va raqs san’atini qanchalik teran tushunishiga bog‘liq. Ushbu maqolada folklor-etnografik jamoalar repertuarini shakllantirish va rivojlantirish masalalari tahlil etilgan va amaliy ko‘rsatmalar berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «FOLKLOR-ETNOGRAFIK JAMOALARI REPERTUARINI SHAKLLANTIRISH VA RIVOJLANTIRISH MASALALARI»

FOLKLOR-ETNOGRAFIK JAMOALARI REPERTUARINI SHAKLLANTIRISH VA RIVOJLANTIRISH MASALALARI

Asatillo Sunnatovich Sunnatillayev [email protected] Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti

Annotatsiya: Xalq ijodiyotini asrash va rivojlantirishda folklor-etnografik jamoa rahbarlarining bu sohadagi ijodiy iqtidori muhim amaliy ahamiyatga ega. Ijodiy jamoada olib boriladigan amaliy ishlarning muvaffaqiyati ko'p jihatdan uning badiiy so'z qadrini, musiqiyligini chuqur his qilishiga, xalq qo'shiqlarining eng yaxshi namunalarini tanlay olish va targ'ib qilish qobiliyatiga, shuningdek, shaxsning kamol topishida o'zbek xalq qo'shiqchiligi va raqs san'atini qanchalik teran tushunishiga bog'liq. Ushbu maqolada folklor-etnografik jamoalar repertuarini shakllantirish va rivojlantirish masalalari tahlil etilgan va amaliy ko'rsatmalar berilgan.

Kalit so'zlar: Folklor-etnografik jamoalar, repertuar, rivojlantirish, janr, folklor asarlari, xalq ijodiyoti, qo'shiq, raqs, sahnalashtirish.

ISSUES OF FORMATION AND DEVELOPMENT OF THE REPERTORY OF FOLKLORE AND ETHNOGRAPHIC COMMUNITIES

Asatillo Sunnatovich Sunnatillayev [email protected] Uzbek National Music Art Institute named after Yunus Rajabi

Abstract: The creative talent of the leaders of the folklore-ethnographic community is of great practical importance in the preservation and development of folklore. The success of the practical work carried out in the creative team is largely due to a deep sense of the value of the artistic word, musicality, folk songs, as well as the ability to select and promote the best examples of Uzbek folk songs. 'liq. personality development. it depends on how deeply he understands the art of singing and dancing. This article analyzes the issues of formation and development of the repertoire of folklore-ethnographic communities and gives practical instructions.

Keywords: folklore-ethnographic groups, repertoire, development, genre, folklore works, folk art, song, dance, staging.

Folklor-etnografik jamoalarining ijro yo'li, repertuar tizimi va folklor xazinasiga yondashish uslubida an'anaga munosabatlari turlicha. Lekin ularning ijro usullari, badiiy mahorat darajalari, folklor an'analariga munosabatlari o'zlari istiqomat qilib

turgan hududga bevosita bog'liq ekanligini ham e'tirof etish lozim. Masalan, Janubiy O'zbekiston, Buxoro va Samarqand, Farg'ona vodiysi va Toshkent viloyatlarining o'ziga xosligi, ya'ni kiyimidan tortib, to musiqa asbobining ishlatilishigacha bir-biridan farqlanib turadi.

Havaskorlik jamoasi repertuarini to'g'ri shakllantirish rahbar oldiga qo'yiladigan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Repertuarning to'g'ri tanlanishi jamoadagi ijodiy jarayonning borishi, ishtirokchilar faolligining o'sishi va pirovard natijada jamoaning har tomonlama rivojlanishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Havaskor jamoalarning repertuari janr va shakl jihatidan professional jamoalarnikidan farq qilsada, ular uchun umumiy bo'lgan jihatlar mavjud. Mutaxassislar tomonidan jamoa repertuarini shakllantirishda quyidagilarga e'tibor berish lozimligi ta'kidlanadi:

1. G'oyaviy yo'naltirilgan, badiiy jihatdan pishiq asarlarni tanlash.

2. Rang-barang janrlarni qamrab olish. Repertuarning sekin-asta murakkablashib borishi.

3. Qatnashchilar imkoniyatlari, qobiliyatlari, shuningdek, ularning qiziqishlari va istaklarini nazarda tutish.

4. Jamoa faoliyat ko'rsatayotgan hudud, u yerdagi ishlab chiqarish yoki qishloq xo'jalik tarmog'i, shuningdek, joyning tabiati bilan bog'liq asarlardan keng foydalanish.

5. Xalq ijodiyoti namunalari, shuningdek, mahalliy mualliflar asarlarini repertuarga kiritish. [ 1, 49 b]

Har qanday jamoada olib boriladigan ijodiy jarayon albatta biror nuqtaga yetib borib, tinglovchi yoki tomoshabinlarning e'tiboriga havola etilishi lozim. Shuning uchun, jamoa reperturi shakllanishining ilk davrida, tanlangan asarlardan qay yo'sinda foydalanish mumkinligini aniqlab olish talab etiladi. Jamoa repertuarida rang-barang asarlar qanchalik ko'p bo'lsa, turli mavzulardagi namoyishlarni tashkil qilish shuncha osonlashadi.

Xalq ijodiyotini asrash va rivojlantirishda folklor-etnografik jamoa rahbarlarining bu sohadagi ijodiy iqtidori muhim amaliy ahamiyatga ega. Ijodiy jamoada olib boriladigan amaliy ishlarning muvaffaqiyati ko'p jihatdan uning badiiy so'z qadrini, musiqiyligini chuqur his qilishiga, xalq qo'shiqlarining eng yaxshi namunalarini tanlay olish va targ'ib qilish qobiliyatiga, shuningdek, shaxsning kamol topishida o'zbek xalq qo'shiqchiligi va raqs san'atini qanchalik teran tushunishiga bog'liq.

Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti, Xalq ijodiyoti fakulteti, "Folklor va etnografiya" kafedrasi, shuningdek, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy metodik markazi folklor-etnografik jamolari uchun kerakli asarlarni saralashda, xalq ijodiyoti bo'yicha dasturlar tuzishda qimmatli maslahatlar berib kelmoqda. Bu markazlar arxivlarida saqlanayotgan matnlar va chop etilgan xalq qo'shiqlari

to'plamlaridan (manbalardan) foydalanish, folklor jamoalarining keng qamrovli repertuarini ta'minlash imkonini yaratmoqda. Chunki xalq qo'shiqlari qadimiy tarixga ega bo'lib, u jonli og'zaki ijroda ko'proq qishloq joylarida yaxshi saqlangan.

Biroq bunday qo'shiqlarning shijoatli ijrochilarini izlab topish, ular kuylagan qo'shiqlar matnini yozib olib, jamoa a'zolariga o'rgatish hamisha ham oson ko'chavermaydi. Ammo bu yo'lda tinmay izlanish lozim bo'ladi. Xalqning eng sara qo'shiqlarini jamoaga jalb qilingan ijrochilarning o'zidan yozib olish mumkin.

Bundan tashqari, muayyan hududdagi keksa avlod vakillaridan o'rganib olingan qo'shiqlarni ijro etgan yosh ijrochilarni yoki shunday qo'shiqlarni bilgan qarindosh-urug'lar va tanish-bilishlarni shu qo'shiqlarni ijro etish uchun jamoaga jalb etish mumkin. Qadimiy an'anadagi qo'shiqlarni xalq orasida tanilgan ijrochilar guruhi yoki yakka xonandalardan ham yozib olsa bo'ladi.

Jamoa repertuarini yangi xalq qo'shiqlari bilan boyitishda folklor ekspeditsiyalaridan to'plangan matnlar muhim manba hisoblanadi. Chunki ekspeditsiyalardagi jamoa ishtirokchilarining qo'shiqlarni ijro etish borasidagi mahorati, tajriba va ijodiy malakalari, xalq hofizlari, baxshilari bilan bevosita ijodiy muloqotda bo'lish jarayonida muayyan darajada ortadi. Binobarin, repertuar folklor jamoasining g'oyaviy-badiiy saviyasi va uning professional ijodiy mahoratini aniqlab beradigan ko'zgu hisoblanadi. Shuning uchun repertuarga kiritiladiga folklor asarining badiiy jihatiga va g'oyaviy mazmuniga, qo'shiqlarni tanlashga alohida ahamiyat berish lozim. [1, 47 b]

Quyidagilar repertuarning g'oyaviy-badiiy nufuzi, uning ijodiy jamoadagi tarbiyaviy salohiyati, ijrochilarining mahorati va ular san'atidan bahramand bo'luvchi auditoriya repertuar shakllanishining asosiy tamoyillari hisoblanadi. Shuning uchun repertuarga o'zbek folklorining xilma-xil janrlaridan: diliga yaqin, raqsbop asarlarni, ayniqsa, marosim folklori namunalarini kiritish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, ijrochilik rang-barang usullarining eng maqbullaridan samarali foydalanish, ularni umumlashtirish jamoa ijodiy salohiyatini oshiradi.

Aytish o'rinliki, havaskorlik jamoalari tajribasida bir uslubda ijro etiladigan qo'shiqlarga tayanish, shuningdek, turli viloyatlardagi qo'shiqlarni ijro etish usullarini uyg'unlashtirish an'anasi ko'zga tashlanadi. Nazarimizda bu uslub, an'anaviy folklorni rivojlantirishda istiqbolliroqdek ko'rinadi. Biz folklor jamoalarining mujassamlanishini talab qilishga haqlimiz. Shundagina ular xalq qo'shiqlarini ijro etishda Farg'ona, Buxoro, Xorazm, Samarqand va boshqa viloyatlardagi mavjud uslublarni uyg'unlashtira borib, o'zbek milliy madaniyatining nihoyatda boy, serqirra ijodiy imkoniyatlarini namoyish eta oladilar.

Folklor-etnografik jamoasi repertuarida ayniqsa ijro uslubining muayyan tomonlari shakllangan bo'lishi maqsadga muvofiqdir. Jamoa repertuariga an'anaviy xalq og'zaki ijodi namunalari bilan birga (qayta ishlangan yoki mustaqil yaratilgan),

mualliflar asarlarining kiritilishi zamonaviy ohanglarni kuchaytirish, shuningdek, milliy qadriyatlar ustuvorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bunday yangi qo'shiqlar va mualliflar asarlari vatanparvarlik, Vatan istiqboli tuyg'usi bilan to'lib-toshgan hozirgi kunimiz qahramonlarining qalb istaklarini aks ettiruvchi asarlar bo'lib, yoshlar tarbiyasiga alohida ta'sir ko'rsatadi. Unutmaslik kerakki, ko'pincha xalq qo'shiqlarining qayta ishlangan va badiiy sayqal berilgan namunalari aholining estetik didi va badiiy so'zni his qilish ko'nikmasiga, ko'hna musiqa folkloriga nisbatan ko'proq, ma'qul va mos bo'ladi. Shuning uchun folklor-etnografik jamoalari repertuari shakllanishining dastlabki bosqichlarida qayta ishlangan qo'shiqlarga shuningdek, qo'shiq mualliflarining folklor uslubida xalq ruhiyatiga mos yaratgan qo'shiqlariga asosiy e'tiborni qaratish lozim. Bunda folklor jamoasi repertuariga mualliflar asarlarini puxta o'ylab, asarga tanqidiy yondashib saralash nihoyatda muhim. Ayniqsa, tanlab olingan materiallar jamoa ijodiy faoliyatining o'ziga xos xususiyatlariga muvofiq bo'lishi, ijro etiladigan asar jamoada shakllangan ijro uslubiga mos kelishi lozim. Esdan chiqarmaslik lozimki, muallif asarlari an'anaviy xalq qo'shiqlarida asrlar mobaynida shakllangan xalqona ruhni o'ziga to'la singdirgan bo'lishi maqsadga muvofiq.

Jamoa u yoki bu viloyatning qo'shiqchilikka xos boy merosidan foydalanishda hamisha unga ijodiy yondashishi lozim. Chunki, muayyan hududda shakllangan milliy an'analarning xususiyatlari, badiiy ifodaning sevimli vositalari mavjudligi, qo'shiqni ijro etishning lokal-hudud farqlari o'ziga xos tarzda namoyon bo'ladi. Masalan, Xorazm xalq qo'shiqlari sho'x-shodon va o'ynoqi bo'lsa, farg'onaliklarniki zalvorli va vazminroq bo'ladi. Samarqand xalq q'shiqlarida shiddatli, isyonkor ruh ufurib tursa, buxoroliklarnikida dardchil va nafislik yaqqol bilinib turadi. Xalq qo'shiqlarining ijro usuli va matniy tuzilishiga ko'ra har bir viloyatniki o'ziga xos bir-biridan farqlanadi. Ammo, ularning maqsadi bitta - xalq orzu- umidlari, armon-istaklarini izhor etishdir. [1, 30 b]

Folklor-etnografik jamoalarining muhim, o'ziga xos xususiyatlaridan yana biri folklor asarlarining sahnaviy talqinlarini yaratishdir. Bu ish anchagina qiyinchiliklar bilan bog'liq bo'lib, jamoa rahbarlari va ishtirokchilar an'anaviy ijrochilik xususiyatlari va sahna san'ati qonuniyatlaridan boxabar bo'lishlari lozim bo'ladi. Shuning uchun jamoaning sahnaviy chiqishlarini puxta tayyorlash, konsert dasturi qismlarining o'zaro mintaqaviy va mazm uniy mutanosibligiga erishish lozimdir. Jamoa dasturini tuzishda guruh rahbari quyidagilarga alohida e'tibor berishi lozim:

- jo'shqin va vazminligi turli-tuman bo'lgan qo'shiqlarning navbatma navbat ijro etilishini ta'minlash kerak. Ijro etiladigan qo'shiqlarning ohangi yo bir-biriga juda yaqin, yo bir-biridan juda uzoq bo'lgani yaxshi. Bu esa qo'shiqlarning bir meyorda, ravon yangrashiga hamda dasturning qiziqarli chiqishiga imkon beradi;

- konsert dasturida ayrim xonandalar, laparchi, raqqos va raqqosalarning alohida-alohida chiqishlaridan foydalanib, ijro shaklining usluban rang-barang bo'lishiga erishish mumkin. Bu konsertning tomoshabinbop va jonli chiqishini ta'minlaydi. Bundan tashqari, jamoa dasturi murakkab sujet unsurlaridan tuzilishi shuningdek, xalqning biror-bir an'anaviy urf-odatlari (hosil bayrami, navro'z, to'y, kelin va kuyov tomonlarning arqon tortib bellashuvi) asosidagi marosim folklori janrlari bolishi ham mumkin;

- dasturning avj nuqtasi, ya'ni kulminatsiyasi bo'lishi: mazmunan chuqur, shaklan yirik asar konsert dasturining yo o'rtasida, yo eng oxirida ijro etilishi lozim;

- tomoshabinlarga bilvosita ta'sir ko'rsatish vositalarining boy xazinasidan -xatti-harakatlar, imo-ishoralar, xonandalarning sahnadagi o'zaro munosabati, qo'shiq ijro etib turgan holatda sahnaga chiqish va harakatlanish;

- kiyim-kechaklar ansamblning ijro uslubiga, dastur mohiyati va mazmuniga, ishtirokchilarning jinsi va yoshiga mos kelishi kerak.

Hozirgi vaqtda rahbarning roli, havaskorlik ishlari natijalariga bo'lgan javobgarligi ortib bormoqda. Rahbar butun jamoa faoliyatining tashkilotchisi hisoblanadi. Uning oldida juda ko'p va xilma-xil vazifalar turadiki, rahbar ularni uddalashi uchun qator fazilatlarga ega bo'lishi lozim. Uning oldidagi birinchi vazifa yosh, madaniy saviya, qiziqish jihatlaridan xilma-xil bo'lgan qatnashchilaridan yagona maqsad bilan nafas oladigan mustahkam jamoa yaratishdir. Bu jarayonda u jamoaning ijtimoiy va madaniy qiyofasini shakllantiruvchi, aqlli va xushyor pedagog-tarbiyachi sifatida ish ko'radi, yaxshi tashkilotchi va faol jamoatchi ekanligini namoyish qiladi. Rahbardan qatnashchilarda jiddiy badiiy qiziqish va yaxshi musiqa didini o'stirish talab qilinadi. Buni chuqur musiqa bilimiga va ijrochilik malakasiga ega bo'lgan rahbargina uddalay oladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Yo'ldosheva S. Folklor-etnografik jamoalar uslubiyoti. O'quv qo'llanma. T.: "Navro'z" nashriyoti, - 2014. 162-b.

2. Shukurov J. Badiiy jamoalar bilan ishlash uslubiyoti. Darslik. Toshkent-2020. 225-b.

3. Yusupaliyeva D., Xudoyberganova G. Madaniy-ma'rifiy muassasalarda ijodiy jamoalar bilan ishlash uslubiyoti. T.: "Navro'z" nashriyoti, - 2014. 111-b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.