DARVISH ALI CHANGIYNING «MUSIQA RISOLASI»DA BASTAKORLAR
SIYMOLARI
E'zozxon Bakirovna Qobolova Qo'qon DPI
Annotasiya: Ushbu maqolada so'nggi o'rta asrlar bastakorlik ijodi ya'ni Darvish ali changiyning «musiqa risolasi»da bastakorlar siymolari haqida fikr yuritilgan.
Kalit so'zlar: musiqiy risola, bastakor, sozanda, maqom, «Shashmaqom», usul, sho'ba, advor, tanbur, g'ijjak, ud, mutrib, san'at, marosim, tarbiya, idrok
FIGURES OF COMPOSERS IN "MUSIC BOOKLET" BY DARVISH ALI
CHANGIY
Ezazkhan Bakirovna Qobolova Kokand SPI
Abstract: This article discusses the late medieval compositional work, i.e., the figures of composers in the "music treatise" of Darvish Ali Changi.
Keywords: musical treatise, composer, musician, makom, "Shashmaqom", usul, branch, advor, tanbur, gijjak, oud, mutrib, art, ceremony, education, perception
O'zbek xalq mumtoz musiqa ijodiyoti xalqimiz ma'naviy merosining negizlaridan hisoblanadi. Moddiy-ma'naviy boyliklar asosida yuzaga kelgan ulkan merosning zaminida xalqimizning milliy an'analari, qadriyatlari mujassam topgan. Ma'naviy merosni o'rganish, zamonga mos rivojlantirish har bir davr taraqqiyotining asosiy omillaridandir. Xalqimizning milliy-ma'naviy merosini musiqa san'atisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Azal-azaldan ajdodlarimiz tomonidan yaratilib, qadriyatlar sifatida shakllanib kelinayotgan milliy urf-odatlarimiz, an'anaviy tarzda avlodlardan avlodlarga o'tib, xalqimizning buyuk ma'naviy dunyosini namoyon etib kelmoqda. Xalq musiqa ijodiyoti, musiqa sohasidagi yozma manbalar, bastakorlik san'ati, kasbiy musiqa ijodiyoti bunga yorqin misoldir. Chunonchi, bu jarayon musiqa san'atining barcha kasbiylik ahamiyatiga ega bo'lgan tarmoqlari uchun asos bo'lib xizmat qilib kelmoqda.
XV asrdan boshlab to XVIII asrgacha bo'lgan davr musiqa madaniyati rivoji, asosan, musiqiy risolalarda, adabiy, tarixiy va badiiy manbalarda o'z ifodasini topgan. Ushbu davrni maqomchilik san'ati ustida ijodiy ish olib borilgan davr deyish mumkin. Chunki shu davrlarda yaratilgan musiqiy va badiiy asarlarda sozanda va xonandalar, bastakorlar, ular yaratgan kuy va ashulalar xususida ma'lumotlar keltirilib, asarlarning
nomlari bayon etilgan. Musiqiy risolalarda esa maqomlarning nomlari va ularning tarkibiga kirgan asarlarning maqomlarga tegishli bo'lgan doira usullari haqida va ularning tartibi xususida so'z yuritilganligining guvohi bo'lamiz.
Mumtoz musiqaning tarkibidan o'rin olgan usul masalasi o'tmish allomalarining diqqat markazida bo'lib kelgan musiqaning tarmog'idir. Va deyarli barcha risolalarda qadimiy usullarning nomlari deyarli bir xildir. Abu Abdulloh al-Xorazmiyning «Ilmlar kaliti» qomusi, Abu Ali ibn Sinoning «Iyqo ilmi» risolasida keltirilgan usullar jadvallari shular jumlasidandir. Lekin, ushbu davrga kelib usullar ham o'ziga xos nomlanganligini va ularda hozirgi Shashmaqom tarkibidagi usullarning ifodalanganligini ko'rish mumkin. Ushbu masalaga XX asr musiqa bilimdoni Abdurauf Fitrat o'zining «O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi» nomli risolasida murojaat etib, mavjud usullarning nomlarini va usul shakllarini bayon etadi1.
Temuriylardan keyingi davrda yaratilgan musiqiy risolalar orasida Najmiddin Kavkabiy va Darvish Ali Changiyning («Tuhfatus-surur»2) risolalari alohida ahamiyatga egadir. Xususan, o'rta asrlarning so'nggi yillaridagi bastakorlik ijodiyoti borasidagi ma'lumotlar Darvish Ali Changiyning ijodida to'la-to'kis yoritilgan. Muallif unda o'z davrining musiqiy tizimi, bastakorlik, ya'ni ijodkorlik masalalari bo'yicha amaliy tavsiyalar beradi. Bastakorlik ijodining asosiy shakllari - naqsh, peshrav, amal, qavl, savt, chorzarb, jir, kor, tarona kabilar xususida ma'lumotlar keltiriladi. Shu bois ushbu risolani o'quv jarayonida mukammal o'zlashtirish o'quvchilar uchun har tomonlama foydali ekanligini inobatga olib risolani musiqashunos olima Dilbar Rashidova tarjimasi ostidagi matndan keng foydalanilgan holda keltiramiz.
XVI-XVII asrlar mobaynida yaratilgan musiqiy risolalardan yana biri Darvish Ali Changiyning «Tuhfat us-surur», amaliyotda «Risolayi musiqiy» deb ham yuritiladigan risolasidir. Ushbu risolada 350 ga yaqin bastakor, xonanda, sozandalar haqida qimmatli ma'lumotlar berilgan.
O'z davrining yetuk musiqashunos allomasi, bastakori, mohir sozanda va xonandasi hamda shoiri Darvish Ali Changiy XVI asr oxiri va XVII asrning boshlarida Buxoro shahrida yashab ijod etgan. Allomaning so'nggi ijod namunasi «Risolayi musiqiy»dir. Risola mazmunan ikki ulkan qismdan iborat. Birinchi qismi musiqaning nazariy masalalariga bag'ishlangan. Ikkinchi qismi esa tazkira uslubida bayon etilgan bo'lib, asosan, muallif yashagan davrgacha va zamonasining mohir va dongdor musiqashunoslari, bastakorlari, sozanda va xonandalarining ijodiy faoliyatlari haqidagi ma'lumotlar keltirilgan.
Risola besh bobdan tashkil topgan. Birinchi bob 12 maqom, 24 sho'ba va 6 ovozalarning bayoni. Ikkinchi bob usullarga bag'ishlangan bo'lib, 17 bahr usuli hamda
1A. Fitrat. O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi. - T., 1984.
2 Darvish Ali Changiy. Tuhfat us-surur (D.A. Rashidova tarjimasi) - T.,1981.
24 usullar xususida so'z yuritilgan. Uchinchi bob mumtoz musiqaga xos bo'lgan musiqiy janrlar, ya'ni kor, qavl, amal, peshrav, savt, naqshlar to'g'risida to'xtalgan. To'rtinchi bob musiqiy cholg'ular tasnifotiga, jumladan, tanbura, chang, nay, qonun, ud, borbat, rubob, qo'biz, g'ijjak, shamoma, nayabnon, chag'ona, ruhafzo, rud, arg'anun kabi cholg'ular haqida ma'lumotlar o'z aksini topgan. Beshinchi bob o'ziga xos tazkira va musiqa ijodkorlari, nazariyotchilari hamda ijrochilari haqida qimmatli ma'lumotlardir.
Darvish Ali Changiy musiqiy risolasida bastakorlik amali bilan shug'ullangan 25 dan ortiq musiqa bilimdonlari va ijodkorlari xususida alohida ma'lumotlar berilgan. Musiqa ijodkorlarining amaliyotni, ya'ni musiqa ijrochiligida qay darajada mohir ekanligiga ishora qilib, bastakorlik amallarini tavsiflab beradi. Ularning musiqa ijrochiligidagi mahorati negizida musiqiy bilimiga ham o'ziga xos baho berib o'tadi. Xususan, 12 ta namoyandani musiqa ijodiyotida aynan bastakor deb ta'riflasa, 15 ta namoyandani musiqada naqshlar, savtlar, peshravlar bog'lagan va yaratgan deb tilga oladi. Musiqa ijodiyoti bilan shug'ullangan namoyandalarga Darvish Ali Changiy tomonidan berilgan tavsiflarni keltiramiz: «Samarqanlik Sulton Muhammad Udiy -musiqa bilimdoni, saqil usuliga asoslangan va dugoh ohanglarida peshrav yaratgan; Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy - musiqiy risola bitganligi xususida ma'lumot berib, shu bilan birga musiqada «Naqshi mullo» nomi bilan bog'lagan naqshi taniqlidir, degan fikrlarni bayon etadi; Mavlono Binoiyning - ilmda va musiqada o'z davrining noyob bilimga ega bo'lgan kishilardan ekanligi va bir qator naqshlar va savtlar bog'lagan deb, xonandalar orasida uning muxammas usuliga asoslangan va Rost sho'basida tuzgan «Savt ul-Naqsh» naqshlari mashhur bo'lganligini ham e'tirof etib o'tadi.
G'ulom Ali Shunqor - musiqada davrining betakror bilimdonlaridan biri. Tutuq begim xizmatida bo'lim, o'zining ijodini, savt-u naqshlarini unga bag'ishlagan. Turkiy zarb usuli asosida, dugoh ohanglaridagi «Savt-u naqsh» asari ham xalq orasida «Savt-u Nashiq begim» nomi bilan keng ommalashgan deb baho beradi; Ustod Zaytun g'ijjaki - maqom ijodiyotida ko'proq peshravlar bog'lagan. Ulardan biri Husayniy maqomida davri saqil usuli asosidagi asardir.
Xon Ahmad G'iloniy - musiqa ilmida, ijodiyotida va ijrochiligida unga teng keladigani bo'lmagan, deb yozadi muallif. Ayniqsa, ud cholg'usi ijrochiligidagi mohirligi alohida qayd etib o'tiladi. Musiqa ijodiyotida ko'p peshravlar yaratganligi va o'z zamonasining xotirasida qolganligi xususida bayon etadi. Ayniqsa, muhammas usulida Panjgoh zaminida yaratgan «Peshravi Isfahon» asari mashhur ekanligini izohlaydi.
Mavlono Axi Hitoriy haqida qiziq ma'lumot keltiriladi. Ustoz Darvish Shodiyning qalamiga mansub ilk asarlarni keltirar ekan, shunday yozadi: «Iroq pardalariga asoslangan «Savt»ni Rost-Panjgoh ladiga o'girib, Zarbi Turk usulida
soldi». Bu, albatta, bastakorlik ilmining qayta ishlash bilan bog'liq amallarini ko'rsatuvchi dalillar deb qabul qilish lozimdir.
Mir Ali Akbar Samarqandiy - o'z davrining musiqa dunyosidagi noyob iste'dod sohibi bo'lgan. Undan betakror naqshlar va savtlar, qavl va korlar davrining betakror musiqiy durdonalari sifatida meros bo'ldi.
Hirotlik Amir Masti Qobuziy - ustoz san'atkor, bir qator naqshlar bog'lagan, musiqaning 17 usulida aqlni oluvchi ohanglarni ijro etgan, tinglovchilar qalblarini eritishga muyassar bo'lgan ustoz sozanda. O'z yurti Hirot, Ustozi Jomiy, Buxoroda esa bir qator sozanda va xonandalarga ustozlik qilgan.
Risolada muallif bastakorlar haqida so'z yuritar ekan, ularning sozandalik, xonandalikda, usulda va she'riyatda tutgan o'rinlari xususida ham tavsiflar berib o'tadi. Yaratgan musiqiy asarlarining aniq nomini keltirib, o'ziga xos izohlar beradi. Xususan:
Ustod Shodi - iroq maqomida va far usuli asosida 12 ta naqsh yaratgan bastakor va mohir sozanda (qo'biz ijrochisi) bo'lgan. «Sunbuli» - muhammas usulida, «Mohi Hilol» - zarbi turk usulida, «Dili shisha» - davri shohi usulida, «Xunxura» - muhammas usulida shular jumlasidandir.
Ustod Shox Quli G'ijjakiy - o'z davrining mohir sozandasi (g'ijjakchi), ko'pgina naqsh va Savtlar ijod etgan bastakor.
Xo'ja Yusuf Andijoniy - o'z davrining musiqa bilimdoni, sozanda va bastakori. Zarbi Turk usulida navro'z maqomida savtlar bog'lagan.
Ustod Ali Hasob - maqom bilimdoni, bir qator peshravlar va naqshlar bastakori. «Alijub» va «Naygir» peshravlari tengsiz asarlar sifatida e'tirof etilgan.
Alijon G'ijjakiy - xush ovoz sohibi, mohir g'ijjakchi, bir qator naqsh va savtlar bastakori.
Mavlono Najmiddin Kavkabiy Buxoriy - musiqashunos, bastakor. Husayni maqomida Zarb ul-Fath, iroq maqomida chorzarb asarlari mashhur bo'lgan.
Samarqandik Mavlono Xo'ja Muhammad ibn Abdulhasan Kavkabiy - Mavlono Kavkabiyning shogirdi, naqsh va savtlar bastakori.
Hofizbobo Qonuniy - bir qator g'azal va musiqalar bog'lagan bastakor. Segoh ohangida, nimsaqil usulida yaratgan «Savt ul-amal»i o'z davri sozandalari orasida mashhur bo'lgan.
Hofiz Turdi Qonuniy - bir qator kulliyotlar bitgan bastakor.
Mavlono Qosimiy Qonumiy - bir qator savt va naqsh hamda peshravlar yaratgan zamonasining betakror bastakori. Duyak usulidagi husayni maqomida ijod etgan «Noz-u G'amza» peshravi keng ommalashgan va omadli asarlaridan biridir. Uning «Zarb ulFath» usuli, hijoz ohangida yaratgan «Davri dardi sar» asari ham bor.
Ustod Sulton Muhammad Tanburiy - bir qator peshrav va naqshlar bog'lagan bastakor. Dugoh maqomi asosida yaratgan ikkita peshravi xalq orasida juda ommalashgan. Biri muhammas usulida, ikkinchisi dari saqil usulida.
Mavlono Boqi Jarroh - xush ovozli xonanda va bastakor. Davri Shohi usuli asosidagi rost maqomiga bog'lagan savti o'z davri san'atkorlari orasida mashhur bo'lgan».
Darvesh Ali Changiyning musiqiy risolasi o'zbek musiqasi tarixini o'rganishda, tasavvur etishda muhim manba hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Sh.Mirziyoyev. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. 2017 yil.
2. Sh.Mirziyoyev. Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik -har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo'lishi kerak. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil yakunlari va 2017-yil istiqbollariga bag'ishlangan majlisdagi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining nutqi. Xalq so'zi gazetasi. 2017 yil 16 yanvar, № 11.
3. Orif Alimaxsumov / S.Begmatov. - Toshkent: Meriyus, 2017, 128 b.
4. An'anaviy qo'shichilik va maom asoslari. Fan dasturi. Tuzuvchilir: Q.Mamirov, M.Mamirov, -T.: 2001-yil.
5. Axmedov F. Ommaviy bayramlar rejissurasi.-T.: Aloqachi, 2008-yil.
6. Fayzullayev E. Bo'lajak musia o'ituvchilari badiiy didini shakllantirishda o'zbek mumtoz musiasi imkoniyatlaridan foydalanish.-T.: 2008-yil.
7. Ismoilova M.E. "Alla mavzusiga bag'ishlangan dars". Pedagogik ta'lim jurnali, -T.: 2-son 2004-y.
8. Nosirov R. Xalq qo'shilari kompazitsiyasi.-T.: Fan, 2006-y.
9. Qudratov I. Talabalarni xalq qo'shilari vositasida estetik tarbiyalash (monografiya)-T.: Fan, 2009-y.
10. Yuldoshev S. Xalq urf-odatlari va an'analari.-T.:-Ijod dunyosi, 2003-y
11. Fitrat A. «O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi» 1.1993