Научная статья на тему 'O‘RTA OSIYONING MUSIQA AN’ANALARI MO‘G‘ILCHA SHO‘BASI TARIXIDAN'

O‘RTA OSIYONING MUSIQA AN’ANALARI MO‘G‘ILCHA SHO‘BASI TARIXIDAN Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
82
12
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Mug‘oncha” / mug‘cha / etimologiya / Uzzol / Savt / Nasr / Saraxbor / Talqincha / Qashqarcha / Soqiynoma / Ufar / Iroq / Isfahon Ajam / Qashqarcha / Saqil / Raga / Rok

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Mavluda Madaminovna Karimova

O‘zbek va tojik xalqlari og‘zaki uslubdagi professional musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etgan maqomlar hozirgi davrda ham o‘zining to‘la qiymatini saqlagan holda musiqachilar uchun cheksiz ijod manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Shunday ekan, madaniy hayotimizda muhim o‘rin tutayotgan maqomlarni har tomonlama tadqiq etish bugungi kun talabidir. Shunisi quvonchliki, mutaxassis olimlarning bu boradagi izlanishlari natijasida maqomlarning turkumlanish qonuniyatlari, ichki rivojlanish xususiyatlari, tarixiy, ijrochilik va boshqa bir qator aspektlari yoritilib beriladi. Shu bilan birga, maqomlarni o‘rganishda hali poyoniga yetmagan qator munazarali mavzular mavjuddir.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘RTA OSIYONING MUSIQA AN’ANALARI MO‘G‘ILCHA SHO‘BASI TARIXIDAN»

O'RTA OSIYONING MUSIQA AN'ANALARI MO'G'ILCHA SHO'BASI

TARIXIDAN

Mavluda Madaminovna Karimova Andijon davlat pedagogika instituti

Annotatsiya: O'zbek va tojik xalqlari og'zaki uslubdagi professional musiqa merosining salmoqli qismini tashkil etgan maqomlar hozirgi davrda ham o'zining to'la qiymatini saqlagan holda musiqachilar uchun cheksiz ijod manbai bo'lib xizmat qilmoqda. Shunday ekan, madaniy hayotimizda muhim o'rin tutayotgan maqomlarni har tomonlama tadqiq etish bugungi kun talabidir. Shunisi quvonchliki, mutaxassis olimlarning bu boradagi izlanishlari natijasida maqomlarning turkumlanish qonuniyatlari, ichki rivojlanish xususiyatlari, tarixiy, ijrochilik va boshqa bir qator aspektlari yoritilib beriladi. Shu bilan birga, maqomlarni o'rganishda hali poyoniga yetmagan qator munazarali mavzular mavjuddir.

Kalit so'zlari: Mug'oncha", mug'cha, etimologiya, Uzzol, Savt, Nasr, Saraxbor, Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma, Ufar, Iroq, Isfahon Ajam, Qashqarcha, Saqil, Raga, Rok

MUSIC TRADITIONS OF CENTRAL ASIA FROM THE HISTORY OF THE

MONGOLIA BRANCH

Mavluda Madaminovna Karimova Andijan State Pedagogical Institute

Abstract: Uzbek and Tajik peoples, which made up a significant part of the heritage of professional music in the oral style, serve as an endless source of creativity for musicians, keeping their full value even today. Therefore, a comprehensive study of the statuses that occupy an important place in our cultural life is the demand of today. It is pleasant to note that as a result of the research of experts in this regard, the laws of status classification, internal development characteristics, historical, executive and a number of other aspects are highlighted. At the same time, there are a number of controversial topics that have not yet been resolved in the study of status.

Keywords: Mug'oncha", mug'cha, Etimologiya, Uzzol, Savt, Nasr, Saraxbor, Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma, Ufar, Iroq, Isfahon Ajam, Qashqarcha, Saqil, Raga, Rok

Shashmaqomning birinchi guruh sho'balaridan keyin ikkinchi guruh sho'balari tarkiblashgan. "Shashmaqom ma'lum bir chegarada to'xtab qolmadi, balki o'z tarkibiy

doirasini kengaytirib bordi. Shunday qilib, Savt va Mo'g'ulchalar tipida bir necha sho'balar yaratildiki, bular Shashmaqom ashula bo'limining ikkinchi qismidagi sho'balar guruhiga kiritildi."

Savt va mo'g'ulchalar ham kichik turkum hisoblanadi va muayyan besh asardan iborat. Ularni taronalardan farqi o'z usullari nomi bilan atalishidadir. Ularni aloxida asar sifatida ham va turkum sifatida ham ijro etish mumkin. Ikkinchi guruh sho'balar turkumi muayyan usullarga asoslangan va bu tizim barcha savt va mo'g'ulchalarda qat'iy ravishda saqlaniladi.

Savt va mo'g'ulcha usuli deyarli bir xil. Lekin ijroda boshlanish jarayoni bilan farqlanadi. Undan keyin Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufarlar keladi. Quyida Shashmaqom ashula bo'limining ikkinchi guruh sho'balarining usul tizimini keltiramiz: (ilovaga qarang № 03)

X-XVII asr musiqa risolalarida shu qoidaga asoslangan doyra usullarining namunalari ko'plab keltiriladi. Bunda, asosan, uzun va qisqa bo'g'inlarning ifodasi bo'lgan undosh harflardan bo'g'inlar tuzilib, bo'g'inlar birikmasi esa she'r o'lchovlari va doyra usullarining ruknlarini tashkil etadi.

"Doyra usullarida ishlatiladigan bu ruknlar aruzdagi vaznlarni ham ifodalay olgan. O'tmishda sozanda va xonandalar aruz qoidasini bilmagani holda "tan-tana-tananan" kabi ritm turoqlari vositasi bilan ashula yo'llariga mos keladigan she'rlarni ham tanlab olganlar"

Maqomlarda usullar asosan doyra yordamida saqlanadi. Mushkilot bo'limida bitta, nasr va ufarlarda ikki uch doyra ijro etiladi. Nasr bo'limida usul ashulachining ovozidan baland bo'lmasligi eng sodda va muhim jihatlaridan sanaladi.

O'zbek xalq musiqa san'atining salmoqli qismini tashkil etuvchi maqom an'analari tarixan uzun va murakkab taraqqiyot yo'lini bosib o'tgan. Bu kabi ijodkorlik hamda ijrochilik mezonlari ilk bor saroy san'atkorlari kasbiy faoliy atining mahsuli sifatida o'z ifodasini topgan va keyinchalik uning og'zaki uslub sharoitidagi rivojlanishi keng tus olgan.

O'zbekistonda maqomshunoslik yo'nalishining asoschilaridan biri maqomshunos olim Ishoq Rajabov (1927-1982) tomonidan amalga oshirilgan musiqiy sharqshunoslik qamrovidagi tadqiqotlar natijasida sohaning bir qator ilmiy muammolari o'z yechimini topgan. Shu bilan birga XIII-XVII asrlarda keng qo'llanilgan "O'n ikki maqom" nazariy tizimi o'ziga xos tahlil etilgan, avvalgi va keyingi maqom yo'llari bilan qiyoslangan, sharqona nota yozuvi haqida xolis tushuncha hosil bo'lgan.

Shashmaqom uzil kesil XVIII asrning birinchi yarmida, o'zbek - tojik xalqlarining musiqiy janri sifatida yuzaga kelgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Shashmaqom haqidagi ma'lumotlarni Ahmad Donish,Sadriddin Ayni, Abdurauf Fitrat va boshqa mualliflarning asarlaridan topish mumkin.

Shashmaqomning yaxlit to'plam sifatida avlodlarga saqlanib qolishida, kelajak -avlodning o'tmish madaniy tarixini o'rganishida katta manbaa - bu milliy mumtoz kuylarimizni nota ko'rinishidagi yozma manba'laridir. Shu jarayonni boshlab va o'zining beqiyos hissasini qo'shgan rus kompozitori V.A.Uspenskiydir. U avvalambor o'z e'tiborini musiqiy merosi boy bo'lgan O'zbek va Turkman xalqlariga qaratgan.

Usullar maqomlarning tuzilish xarakterini belgilovchi omillaridandir.

Ularni ajrata olish maqomlar qiyofasini to'g'ri tushunishga imkon beradi.

O'tmishda mashhur bo'lgan Saqil, Hafif, Ramal, Xazaj, Du-yak, Ufar, Foxtiy, Turk, Muxammas, Avsat, Chorzarb, Zarbul-Futh, Durafshon, Samoiy, Chanbar, Miatayn kabi ritm o'lchov bahrlari va doyra-nog'ora usullari bizning kungacha yetib kelgan. Bu usullar musiqa asarlari, xususan maqom yo'llarida uchraydi. Ular qachon va kim tomonidan yaratilgani bizga qorong'u. Ularni sodda yoki murakkabligiga qarab, oldin-keyin yaratilganini bilib olish mumkin.

Ma'lumki, maqom yo'llarining eng zarur unsurlaridan biri doyra usullaridir. Doyra usullari maqom, kuy va ashula yo'llarini xarakterli tomonlarini ochib berishda hal qiluvchi omillardan hisoblanadi.Shu bois bo'lsa kerak Shashmaqom usullari va usullar tizimi alohida uslubda va tizimda o'z isbotini topgan. Tizimlilik ularni turkumiyligini ta'minlagan bo'lsa alohidalik jihatlarida rang baranglik alomati ko'p uchraydi. Odatda bunday xollarda usullar ma'lum darajada turlanadi, sayqallanadi, tizimlashadi, sokinlashadi, jadallashadi va x.k buning ham zaminida xarakter mavjudligini unutmaslik lozim.

Shashmaqom Nasr (ashula) bo'limining ikkinchi guruh sho'balaridan bo'lmish "Mo'g'ulcha" atamasining kelib chiqishiga oid fikr yuritiladi, chunonchi, "mo'g'ulcha" so'zining "ham mazmunan, ham shaklan o'zagi" sifatida unga ohangdosh bo'lgan "nag'mai mug'ona" va uning turli shakllari - "mug'oncha", "mug'cha", "mug'onacha" so'zlari keladi.

Bu so'zlarning atamaga bevosita aloqador ekanligini mantiqiy mulohazalar orqali ko'rsatiladi.[1].

Garchan maqomlarda uchraydigan turli atamalar etimologiyasini aniqlashda bu uslubning ahamiyati inkor etilmasa-da, biroq bu atamalar jumbog'i kalavaning uchini topishda maqomlarning o'z xususiyatlari ham nazardan chetda qolmasligi kerak edi. Qolaversa, bu uslub to'g'ri xulosa chiqarishda ham muhim ahamiyat kasb etgan edi. Buni ayniqsa, "Uzzol" termini misolida ko'ramiz. Ushbu termin muallif taxmin qilganidek "Uzor"ning buzilgan shakli" bo'lmay, balki arabcha so'zdan kelib chiqqan va sakrash, pastga tushish ma'nolarini anglatadi. Shashmaqomdagi Uzzol nomi bilan bog'liq qism ifodalaridan biri - undagi kuylarning boshlang'ich ohanglarida kvarta intervali doirasida pastga yo'nalgan o'ziga xos sakrashning mavjudligidadir. Demak, "Uzzol" deganda ma'lum kuy va shu kuyning ichki xossasi tushiniladi.

Bu haqda taniqli maqomshunos olim, san'atshunoslik doktori Ishoq Rajabovning 1963 yili nashr qilingan "Maqomlar masalasiga doir" kitobida tegishli izoh berib o'tilgan. Xurmatli ustozning maqomlar ustida olib borgan ko'p yillik amaliy va ilmiy izlanishlari samarasi bo'lgan. Albatta, xalqimiz g'ururi va bebaho mulki bo'lib qolgan maqomlarning nazariy muammolariga doir bildirilayotgan samimiy qiziqishlar, hurmatga sazovordir. Shu bois, biz quyida Mo'g'ulcha sho'basi xususida o'y-mulohazalarimizni o'rtaga tashlamoqchimiz.[2].

O'tmishda yaratilib, bizga ma'lum bo'lgan musiqa risolalarida Mo'g'ulcha sho'basi haqida hech qanday ma'lumot uchramaydi. Ularda atamaning taxmin qilingan ko'rinishlari ham hanuzgacha uchragan emas. Lekin bizni qiziqtirayotgan masalani ravshanlashtirishda Shashmaqomning ikkinchi guruhidagi asosiy sho'balaridan yana biri - Savtlar va ularning musiqa istilohidagi tushunchalari ko'mak beradi.

Shu bois, Savt ustida mufassalroq to'xtab o'taylik. Lug'aviy negizi arabchadan kelib chiqqan ushbu Savt termini Shashmaqomga sho'ba bo'lib kirguniga qadar musiqa ilmi va amaliyotida turli mazmun kasb etib keldi. Buyuk mutafakkir olimlar -Abu Nasr al-Forobiy va Abu Ali ibn Sino yashagan davrlarda u dastlab ohang, musiqani tashkil etuvchi tovush va umuman, baland- pastligi aniq bo'lmagan tovushlarni anglatib kelgan. [3]. Taxminan XV asrdan boshlab u muayyan shakl asosida bastalanuvchi ashula yo'lini ifodalay boshladi. Jumladan, Darvish Ali Changiyning (XVII asr) musiqaga oid mashhur risolasida shu xildagi Savtlar XV - XVII asrlarda juda ko'plab ijod etilgani ta'kidlab o'tilgan. Bizni taxminimizga bevosita daxldor bo'lgan Shashmaqomdagi Savtlarning mohiyati esa Ishoq Rajabovning yuqorida nomlangan kitobidagi 221 - sahifada sharhlab o'tilgan.[4]

Unga ko'ra, Savtlar Sharq klassik she'riyatida keng qo'llanilgan nazirayago'ylik an'analari o'z aksini topgan. Chunonchi, Savt - ma'lum qonun - qoida va muayyan usul asosida birinchi guruh sho'balariga (asosan, Nasrlarga) aks - sado, ya'ni javob tariqasida yozilgan yirik hajmli ashula yo'lidir. U murakkab ko'rinishdagi doira usuliga asoslanadi:

Savtning bu kabi tipik xususiyatlari Mo'g'ulchalarda ham namoyon bo'ladi. To'g'ri, Mo'g'ulchalar ko'proq Saraxbor sho'balariga nazira qilingan ashula yo'llaridir. Shunday bo'lsa-da, Mo'g'ulcha va Savtlar hamda ularning har biridan kelib chiqadigan bir tartibli Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar nomli otdosh shoxobchalari yaratilishida bir umumiy printsipga bo'ysunganligini ko'ramiz.

Muhimi shundaki, sho'balarning bir -birlaridan sezilarli ajralib turishlarida asosiy omillardan bo'lgan doira usullari ham mazkur ikkala ashula yo'lida bir xildir. Mo'g'ulchalarda nota misolida ko'rsatib o'tilgan usulning aynan o'zi ishlatiladi.

Faqatgina uni ijro etish suratida ma'lum farq bor, xolos: Mo'g'ulchalarda Savtga nisbatan usulni jadalroq ijro etish ko'zda tutiladi. Binobarin, Savt va Mo'g'ulchalar bir - birlaridan printsipial jihatdan farq etmay, aksincha, monandliklarga moyil ekan. Bu hol ularning negizi bir ekanligi ehtimolini tug'diradi. Demak, taxminga ko'ra, Mo'g'ulcha deganda Savtning, aniqrog'i, uning mo'g'ullar orasida joriy etilgan usuli nazarda tutilgan. Mo'g'ulchadagi "cha" qo'shimchasi esa Savtni mo'g'ulcha yo'sinda ijro etish degan ma'noni bildiradi.

Har holda Mo'g'ulcha atamasi Shashmaqomga sho'ba bo'lib qabul qilinishiga qaramay, yaratilgan manbalarda bu terminning uchramasligi ham fikrimizga dalil bo'la oladi, chunki u ilk bora mo'g'ullar orasida mashhur bolgan ma'lum ijrochilik usulining Shashmaqomda qo'llanilishi bilan bog'liq holda yuzaga kelgan edi. Musiqa amaliyotida nota yozuvlari qo'llanilmagan va asosan, og'zaki uslubda avloddan -avlodga o'tib kelgan maqom va ular sho'balarining ba'zilarini Iroq, Isfahon Ajam, Qashqarcha kabi mamlakatlar va xalqlar nomi hamda Saqili Islimi, Saqili Sulton kabi atamalarda Saqil qismi variantlarining ijodkorlariga nisbat berilishi qadimdan an'ana bo'lgan. Demak, bu ma'noda Mo'g'ulcha atamasining Shashmaqom sistemasiga qabul qilinishi ham hech qanday istisno bo'lmagan.

Mo'g'ulcha iborasining kelib chiqishini tasvirlashga urunib ko'rsak. U ham bo'lsa Mo'g'ulcha atamasi qaysi mo'g'ullarga daxldor ekanligini aniklash bilan bog'liqdir. Ma'lumki, Chingizxon avlodiga mansub mo'g'ullardan farqli o'laroq, Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonda asos solgan davlat ham tarixda ko'proq "Buyuk Mo'g'ullar imperiyasi" nomi bilan tanilgan. Nazarimizda, Shashmaqomdagi sho'baning nomi xuddi ana shu "Buyuk Mo'g'ullar", ya'ni hozirgi kunda "Buyuk Boburiylar sulolasi" deb yuritila boshlangan davlat madaniyati bilan bog'liq holda yuzaga kelganligini ko'rish mumkin. Birinchidan, Shashmaqom o'z toifasiga yaqin va madaniy hayotda o'ziga o'xshash vazifani bajaruvchi musiqa sistemalari bilan doimiy munosabatda bo'lgan. Jumladan, Hindlarda shunday musiqa turi Ragadir. Ikkinchi sabab - Shashmaqomning xalq kuylari va ashulalarining mahalliy an'analarini o'zida mukammal tarzda umumlashtirib kelish xususiyatidan kelib chiqadi. Chunonchi, Shashmaqom XVIII asr o'rtalarida Buxoroda uzil - kesil shakllangan ekan, bunda birgina shaharning musiqa an'analarigina emas, balki umuman, o'zbek va tojik xalqlari musiqasi va uning zamirida O'rta Osiyoning yirik shaharlarida taraqqiy etib kelgan bastakorlik san'ati hosilasi ham mujassamlashtirilgan edi. Keyinchalik esa XIX asr oxiri XX asr boshlariga kelib, xalq musiqasi ijodiyotida va bastakorlik sohasida jo'sh ura boshlagan yangi jilvalar Shashmaqomning ikkinchi guruh ashula turkumlari tashkil topishida muhim omillardan biri bo'ldi. Ana shu jarayonga Boburiylar musiqa madaniyati ham jalb etilgan bo'lishi ehtimoldan holi emas. Zero, maqom san'ati, kelib chiqishi O'rta Osiyodan bo'lgan Boburiylar saroy madaniyatidan o'rin olganligi shubha tug'dirmaydi. Sulola davrida bitilgan musiqa risolalari, boshqa manba va

faktorlar bunga dalil bo'la oladi. O'zbek va tojik xalqlari ijtimoiy - tarixiy hayotining badiiy in'ikosi bo'lmish maqomlar o'zga mamlakatda yashay olishi uchun zarur bo'lgan ob'ektiv shart - sharoitlar ham mavjud edi. Bunda Hindistonning o'sha davrlarda sotsial- siyosiy tuzum jihatdan O'rta Osiyoga o'xshashligi, uning musiqa madaniyati ham monodiya sistemasiga asoslanganligi va unda og'zaki uslubdagi professional san'at qatlami mavjudligi muhim ahamiyat kasb etdi. Bu murakkab ijodiy vazifaning hayotga tatbiq etilishida Boburiylar sulolasining asoschisi, buyuk zakovat sohibi Zahiriddin Muhammad Boburning nodir fazilatlari hal qiluvchi rol' o'ynagan bo'lishi kerak. Yozma manbalardan ma'lum bo'lishicha, Boburning o'zi musiqa san'atiga baland ixlos qo'ygan, hatto o'zi musiqa haqida risola yaratgan ("Risolai musiqiy" nomli bu asar, afsuski, bizgacha yetib kelmagan) hamda Savtlar bastalagan. "Boburnoma" sahifalarida esa o'sha davrning yetuk san'atkorlari va Bobur saroyida xizmat qilgan sozandalar nomi abadiylashtirilgan.[5]. Ular orasida Yusuf Ali, Nurilla Tanburchi, Faxriddin Qo'bizchi kabi O'rta Osiyodan kelgan musiqa ahli nomini uchratish mumkin. Bobur bolaligidanoq qoniga singib ketgan ona yurt taronalarini, shuningdek, o'sha davrlarda Farg'ona vodiysida rivojlana boshlangan maqomchilikdagi mahalliy an'analarni Hindiston muhitida davom ettirilishiga alohida e'tibor bergan bo'lsa ajab emas. Chunki Bobur asos solgan davlatda yashagan Muhammad G'iyosiddin tomonidan yozilgan "G'iyos - al - lug'at" (XVIII asr) qomusiy asarida maqomlarning sho'balari qatorida "Farg'ona" atamasi keltirib o'tiladi. Shunisi qiziqqi, O'rta Osiyoda yaratilgan risola va boshqa manbalarda bunday atama mutlaqo uchramaydi. Bu ham yuqorida aytib o'tganimizdek, maqomlarga mahalliy an'analar qayerdan kirib kelganligini ko'rsatish maqsadida yangi atama kiritilganligini tasdiqlaydi.[6].

Buyuk Boburiylar sulolasi madaniyatida maqomchilik an'anasi davom ettirilgan. Uning aks - sadosi esa Shashmaqomda ham o'z aksini topganligini ikki mamlakat orasida mudom davom etib kelgan yaqin madaniy aloqalar natijasi deb o'ylash ayni haqiqatdir. Darhaqiqat, Hindistonga turli davrlar mobaynida Buxoro, Samarqand, Andijon, Farg'ona, Toshkent singari yirik shaharlardan shoirlar bilan bir qatorda musiqachilar ham borib turganliklarini va, o'z navbatida, O'rta O'siyoning markaziy shaharlariga hindistonlik san'atkorlar tez - tez tashrif buyurib kelganliklarini asoslovchi faktlar oz emas. Shashmaqom sistemasida "Mo'g'ulcha" va "Rok" ("Raga" so'zining turkiycha ifodasi) atamalarining yuzaga kelishi tasodifiy bo'lmagan.

Bundan tashqari, fikrimizni quvvatlash uchun Mo'g'ulcha va uning shoxobchalaridagi kuy tuzilishlariga e'tibor beramiz. Ayon bo'ladiki, ular ohang -uslub jihatidan Toshkent va Farg'ona vodiysida ashulachilik an'analariga yaqindir. Shunisi xarakterliki, vodiyda qadimdan keng qo'llanib kelingan Qashqarcha usullari ham Mo'g'ulcha shoxobchalari qatoridan o'rin olgan bo'lib, bu esa Mo'g'ulchalarning shakllanishida Farg'ona - Toshkent lokal madaniyati ta'siri bo'lganligidan dalolat

beradi. Madomiki, Mo'g'ulcha kuy - ohanglari va uning tarkibiy qismlaridagi ayrim usullari asosida vodiyning musiqasiga xos xususiyatlar yotar ekan, bu hol ramziy ma'noda Farg'onadan chiqqan mo'g'ullarga ishora qilingan bo'lishi mumkin, deb o'ylaymiz. Mo'g'ulcha atamasi bilan bo'g'liq bo'lgan bu jumboq serqirra maqom muammolarining bir ko'rinishidir. Bas, shunday ekan, maqomlarni atroflicha o'rganib borish va uning turli aspektlari ustida izlanishlarni davom ettirish bunday jumboqlarni uzil - kesil hal etib berishni ta'minlaydi. Musiqashunoslarning bu sohadagi izlanishlari natijalarini muntazam nashr etish esa o'z navbatida musiqa shinavandalarining ortib borayotgan qiziqishlarini qondirib borgan bo'lur edi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O'zbekiston san'ati Gazetasi "Mo'g'ulcha sho'basi atamasi nega jumboq?" maqolasi yuzasidan.

2. Ishoq Rajabov maqomshunos olim, san'atshunoslik doktori "Maqomlar masalasiga doir" kitobi 1963 yil.

3. Darvish Ali Changiyning (XVII asr) musiqaga oid mashhur risolasi.

4. Ishoq Rajabovning "Maqomlar masalasiga doir" kitobi. 221 - sahifada 1963 yil.

5. Z.M. Bobur "Boburnoma" kitobi.

6. Muhammad G'iyosiddin "G'iyos - al - lug'at" (XVIII asr) qomusiy asari.

7. Marufjon, R. (2022). A Matter of Rhythm in Oriental Classical Music. Pioneer: Journal of Advanced Research and Scientific Progress, 1(6), 80-84.

8. Расулов, Маъруфжон Мамиржон Угли, and С. М. Бегматов. "МАКОМЛАРДА УСУЛЛАР УРНИ ВА АДАМИЯТИ (ФАРГОНА ТОШКЕНТ МАКОМ ЙУЛЛАРИ УСУЛЛАРИ МИСОЛИДА)." Oriental Art and Culture 3.2 (2022): 810-821.

9.https://scholar.google.ru/citations?view_op=view_citation&hl=ru&user=UZ7S h6oAAAAJ&citation_for_view=UZ7Sh6oAAAAJ:2osOgNQ5qMEC

10. Расулов М. М. У., Бегматов С. М. МАКОМЛАРДА УСУЛЛАР УРНИ ВА АХДМИЯТИ (ФАРГОНА ТОШКЕНТ МАКОМ ЙУЛЛАРИ УСУЛЛАРИ МИСОЛИДА) //Oriental Art and Culture. - 2022. - Т. 3. - №. 2. - С. 810-821.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.