O'ZBEK MAQOMLARINING NAZARIY ASOSLARINI O'RGANISH
Jur'atbek Shuxratovich Sherimmatov Sherimmatov 17 @gmail .com
UrDU
Annotatsiya: Mazkur maqola o'zbek maqomlarining nazariy asoslarini o'rganishga bag'ishlanib, o'zbek musiqasining nazariy asoslarini yuzaga kelishi, ularning sharq mutafakkirlari ijodida o'z aksini topishi haqida fikr yuritiladi. O'zbek maqomlarining nazariyasi nimalardan iborat va maqomlar tahlilida aynan nazariyaning qaysi jihatlariga e'tibor berish kerakligi aytiladi. Shuningdek, maqom kompozitsiyasining tarkib topishidagi musiqiy ifoda vositalari, lad va shaklning o'zaro munosabati, tarkibiy tuzilmalarning xususiyatlari ko'rib chiqiladi.
Kalit so'zlar: o'zbek musiqasi, maqom san'ati, maqom nazariyasi, shashmaqom, lad, sharq mutafakkirlari, musiqashunoslik, maqomshunoslik, musiqa nazariyasi, musiqa shakllari, iyqo'.
STUDY OF THE THEORETICAL FUNDAMENTALS OF UZBEK MAQOMS
Juratbek Shukhratovich Sherimmatov Sherimmatov 17 @gmail .com
UrSU
Abstract: This article is devoted to the study of the theoretical foundations of Uzbek maqoms, the emergence of the theoretical foundations of Uzbek music, their reflection in the works of oriental thinkers. What the theory of Uzbek maqoms is and what aspects of the theory should be considered in the analysis of maqoms, as well as the means of musical expression in the composition , the relationship of mood and form, the characteristics of the details are considered there.
Keywords: Uzbek music, maqom art, maqom theory, Shashmaqom, lad, oriental thinkers, musicology, maqom studies, music theory, music forms, iyqo.
O'zbek maqomlari - mumtoz qadriyatlar asosida taraqqiy topgan o'zbek musiqa madaniyatining muayyan tizimi. Amalda bu tizim o'zbek Maqomoti deya yuritiluvchi Buxoro shashmaqomi, Xorazm Olti Yarim maqomi va Dutor maqomlari, Farg'ona-Toshkent maqom yo'llari nazarda tutiladi. Bugungi kunda jahon hamjamiyatining o'zbek musiqa nav'lariga bo'lgan qiziqishi, musiqashunos olimlarining musiqa merosimizga bo'lgan yangidan-yangi izlanishlari va qarashlarini kashf etmoqda.
Milliy maqom san'ati musiqa madaniyatining eng yorqin namunasi bo'lib, o'zida butun bir tizimni tashkil qiluvchi maqomlar majmui hisoblanadi. Uning umumiy tuzilishi, amaliy asoslari musiqa ahliga ma'lumdir. Biroq, ayrim ochilmagan qirralari, xususan, nazariyasiga oid muhim xususiyatlari keng ilmiy o'rganilishni talab etmoqda.
Bir necha davrlar mobaynida mumtoz musiqa durdonalari o'z hajmi va ko'lamini kengaytirib, xalqimizning amaldagi musiqiy urf odatlarida o'zining yetakchi o'rniga ega bo'ldi. Zamonaviy o'zbek olimi, maqom bilimdoni Otanazar Matyoqubov - "shashmaqomning amaldagi shaklini, jumladan, Buxoroda ijro etilib kelinayotgan andozasini ham, bizning uchun "jonli musiqiy meros", amaliyotda
pishib yetgan mo'tabar urf-odat (mutaorif udum) deb ta'rifladik" deydi1. Olimning ushbu qarashidan ma'lumki, nodir majmua bekordan-bekorga "jonli musiqiy meros" deyilayotgani yo'q. Chunki o'zbek maqomlari doimiy rivojlanishdagi jarayon bo'lib, bugungi kundagi qiyofasi oldingi namunalariga nisbatan to'laqonli shakllangan va takomillashgan ko'rinishda namoyon bo'lmoqda hamda u doimiy harakatdadir.
Ma'lumki, musiqaning nazariy tarmog'ini uning mustahkam poydevori sifatida belgilash lozim. Turli xalqlar musiqasini o'rganishda ham avvalo, uning nazariyasi, ya'ni musiqaning tarkib topishida qo'llaniluvchi muhim unsurlar o'rganiladi. Shu bois, bunday omillarga milliy musiqa merosini tashkil etuvchi kuy-qo'shiqlarning ichki tartibi: tovush tizimi, pardalarning bir-biriga nisbati, shakllanish omillari, lad tizimi, metro-ritmik asoslari kabi qator musiqiy ifoda vositalarini aytish mumkin.
Jumladan, o'zbek maqomlarining nazariyasiga oid hozirgacha o'rganilib kelinayotgan bir qator masalalarini keltirib o'tish mumkin:
- maqomlarning tovush tizimi;
- ularda kuy-ohang tuzilishining o'ziga xos xususiyatalari;
- lad tizimi - lad birliklari, lad tuzilmalari va lad jamlanmalari;
- maqomlarning shakllanish omillari;
- maqom shakllarining tarkibiy bo'linishlari va ularning funktsiyalari;
- maqomlarda lad va metro-ritmik mutanosiblik;
- maqomlarning muayyan janr va shakllari;
- maqomlarning tahliliy metod uslublari;
- maqom variantlarining qiyosiy taxlili.
Shu o'rinda nazariy musiqashunoslik sohasiga e'tibor qaratsak. Bugungi kunda musiqa madaniyatini o'rganuvchi va targ'ib qiluvchi bu tarmoq qay holatda va qay tarzda davom etmoqda? O'zbek musiqashunosligi, xususan, tarix va nazariyot oldida hali yana qanday tuguni yechilmagan ishlar turibdi? Shu sababli, xalq musiqasi, milliy mumtoz musiqa va zamonaviy musiqa madaniyati, bastakorlik va kompozitorlik ijodiyotini o'rganish, ularning o'ziga xos xususiyatlarini ochish birlamchi muhim vazifalardan hisoblanadi.
O'zbek musiqasi tarixan ikki qatlamda rivojlanib kelgan. Bular, xalq musiqa ijodiyoti va milliy mumtoz musiqa. Shuni ta'kidlash kerakki, xalq musiqa ijodiyoti (folklor) shakllari o'zining soddaligi, musiqiy ifoda vositalarining ixchamligi, inson ongiga tez singishi va esda qolishi bilan xarakterlanadi. Shuningdek, ushbu jarayonlarning muayyan qonuniyatlar asosida kechishi musiqaning o'ziga xos xususiyatlarini belgilab beradi.
Milliy mumtoz musiqa esa o'zining salobatli tarkiboti, uyg'un janr va janrlar tizimi, ijro an'analari, qonuniyat hamda qadriyatlari bilan farqlanadi. Mazkur musiqaning yirik musiqiy unsurlar sifatida shakllanishi, muayyan atamalarning yuzaga kelishi va o'ziga xos ifoda vositalari hamda ularning muayyan doiralarda o'ziga xos urf-odatlari mavjudligi bilan xarakterlanadi. Maqomlarning birlamchi nazariyasi deganda, avvalo uning musiqiy tilini (ifoda vositalari tizimi), ya'ni, musiqiy unsurlarning tizimli ravishda bir-biri bilan bog'lanishi, uyg'unlik hosil qilishi va muayyan shakl hamda badiiy asar sifatida yuzaga kelinishini tushunish mumkin.
Ma'lumki, o'rta osiyolik olimlarning oldingi davrlarda yaratilgan turli tadqiqotlari va risolalarini sharq xalqlari musiqasining rivojlanishi tarixini yoritib berishda muhim manba sifatida e'tirof etish mumkin. Ularni o'z davrining musiqiy san'ati va ilmlarini aks ettiruvchi madaniy-ma'naviy yodgorlik sifatida belgilash mumkin.
O'rta Osiyoda musiqa madaniyatiga oid ilmiy-nazariy fikrlarning o'ziga xos xususiyatlari aynan ilk o'rta asrlardan rivojlanib kelgan. Ayniqsa, sharq klassiklari buyuk yunon faylasuflarining izdoshlari sanalib, ular xuddi Pifagor, Aristotel, Platon, Aristoksen va boshqalarning antik musiqa nazariyasini o'rganishgan, tarjima qilishgan va ularga sharhlar keltirishgan.
IX asrdan boshlab o'rta Osiyoda musiqaga oid risolalar yozila boshlanadi. Ularda musiqaning ilmiy-nazariy masalalari sinchiklab o'rganilgani, musiqa cholg'ulari bilan bog'langan holda atroflicha tavsiflanishi, shuningdek, o'z davrining yetakchi musiqachilari va qadimiy musiqa asarlarining nomlari keltirilganini ko'rish mumkin. Mazkur ishlarning ko'pchiligida nazariy qismi ikki faslga: nag'ma va parda tizimi ilmi hamda ilmi iyqo' (ritm asoslari)ga ajratiladi
Ushbu ishlar orasida Abu Nasr Forobiy (870-950), Safiuddin Urmaviy (12161294), Abdulqodir Marog'iy (1353-1435), Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va boshqa olimlarning ilmiy qarashlarini keltirish mumkin. Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, o'rta Osiyo nazariyotchilarining ko'pchiligida antik faylasuflar Pifagor va uning maktabining chuqur ta'siri seziladi. Xususan, Pifagor ta'limotidagi ikki nuqta -matematik va tasavvufiy ilm sharq klassiklarining barcha musiqiy nazariy ishlari uchun muhim nuqta deyish mumkin.
Misol uchun, Al-Forobiy shunday yozadi: "Musiqa - bu muayyan sonlar mutanosibligiga asoslangan turli tovushlar yoki ma'lum me'yoriy intervallarning o'zaro munosabati tizimi"
Shuni aytish kerakki, bunday misollarni ko'p keltirish mumkin. Shunga binoan, musiqaning matematik sarhisobi, ya'ni, boshqacha aytganda, tovushlarning akustik tizimi barcha nazariy tuzilmalarda muhim rol o'ynovchi jihat sifatida qayd etish kerak.
Xususan, sharq klassiklari Forobiy ("Kitabul musiqiy al-kabir"), Ibn Sino ("Risalatun fi-ilmil musiqiy") va Xorazmiy ("Mafotixul ulum") risolalarida musiqaning ilmiy-nazariy asosi ikkiga ajratiladi. Birinchi qismi - "Ilmi ta'lif" (kompozitsiya), ikkinchisi esa "Ilmi iyqo'" (ritm) deb ko'rsatiladi. Ilmi ta'lif tushunchasi biz hozirgi kunda lad va uning ma'nodoshi maqom iboralariga yaqin holda ishlatiladi.
Keyinchalik esa Safiuddin Urmaviydan e'tiboran to Abdurahmon Jomiygacha ilmi ta'lif va ilmi iyqo' umumlashtirilib ilmi advor deyiladi. Ular mazmunan lad va maqomga yaqin tushunchalarni nazarda tutadi.
Boshqa ko'plab ilmiy manbalarda ham maqom nav'larining tarkibiy tuzilishi va o'ziga xos jihatlari, xususan, nazariy va amaliy tomonlari tadqiq qilinadi. Maqomlarning ma'no-mazmunini tushunishda, xususan, nazariy xususiyatlari, jumladan, parda-lad (lad) tizimlari va ularning bir-biriga nisbati, usul doiralari, shakl va shakllanish qonun-qoidalarini o'rganish ustivor ahamiyatga ega. Amaliy tarafdan esa musiqiy cholg'ular, ayniqsa, maqomlar ijrosida yetakchi soz hisoblanuvchi tanburning tovush (akustik) tuzilishi, ijro an'analariga oid ma'lumotlarni to'plash va atroflicha o'rganish bugungi kunda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, "Farobiyning "Kitabul musiqiy al-kabir"da musiqaning boshlang'ich asoslari - ilmi ta'lif va ilmi iyqo'lar bayon etilgandan so'ng, ana shu nazariy qarashlarning amaldagi isboti sifatida cholg'u asboblariga oid bo'lim keladi. Undan so'ng ilmi musiqiyning oliy maqomi bo'lmish ijod (kuy yaratish) bosqichiga o'tiladi"1.
Bizning davrgacha yetib kelgan maqomot shakl va janrlarida tarkibiy tuzilish tamoyillari hamda birliklari alohida tahlil qilinishi odat etiladi. Shashmaqom tarkibidagi shakllarning eng kattasi "maqom" deyiladigan bo'ldi. Taniqli maqomshunos Ishoq Rajabov ta'rifida: "Maqom - ma'lum lad asosiga mos keladigan va muayyan pardalardan boshlanadigan kuy va ashulalar majmuasidir"2. Maqom ashula va cholg'u yo'llaridan iborat ikkita mustaqil nav'ga bo'linadi va ular mushkilot hamda nasr deb yuritiladi. Cholg'u va ashula yo'llarining har bir tartib qilingan qismlari o'zining nisbatan mustaqil shakliga ega bo'lgan asarlardir. Demak,
1 Matyoqubov O. Buxoro Shashmaqomiga yana bir nazar. "Yangi asr avlodi". T., 2014. 90 bet.
2 Rajabov I. Maqomlar masalasiga doir. "o'zadabiynashr". -T., 1963. 33 bet.
maqom tarkibidagi kuy va ashulalaming har biri ma'lum parda asosi usul doirasi va maxsus shakl muvodiliga ega.
Maqomlar doimiy o'zgarishdagi shakllanish jarayoni jonli musiqiy amal. Shunga muvofiq maqom haqidagi ilm - maqomshunoslik ham yonma-yon o'zgarib, rivojlanib boradi. Maqom haqidagi ta'limot mustaqil ilm tarmog'i sifatida shakllanishi Safiuddin Urmaviyning "Ilmi advor" asaridan boshlanadi. Bu ta'limotning uchta asosiy tayanchi mavjud - kuy (parda) doiralari, usul doiralari hamda musiqiy asarlarning muayyan shakl va nav'lari. Ular maxsus nomlar bilan yuritilgan: kor, amal, savt, naqsh, navba va navbati murakkab.
Abdulqodir Marog'iy ("Maqasid-ul alhon")da ko'rsatilgan kuy yaratish usullari haqidagi fikrlar, keyinchalik Mavlono Kavkabiy va Darvish Ali risolalarida ham mavjud. Ayniqsa, Kavkabiyda Abdulqodir Marog'iydan boshqacharoq ko'rinishda izohlangan va boshqa shakllar ham berilgan. Masalan, Miatayn (ikki yuz), Sarband, Amali mustahal, Qavli mustahal, Navbat va boshqalar.
XVI-XVII asrlarda yashab ijod qilgan mashxur olimlar Mavlono Najmiddin Kavkabiy va Darvish Ali changiylarning musiqa risolalarida kuy va ashula turlari hamda ularning shakl masalalariga chuqur to'xtalib o'tiladi. Ularda musiqa nazariyasining tub asoslari, xususan, usul, vazn, aruz qoidalari va kuy-shakl tuzilishlari haqida batafsil ma'lumotlar beriladi. Bundan tashqari XV-XVII asrlarda shakllangan bastakorlik san'ati va maqom nav'larining yuzaga kelishi, o'zgarishi, ya'ni, rivojlanishiga turtki bo'lgan musiqiy asoslar haqida qimmatli ma'lumotlar qoldiriladi. Mavlono Kavkabiy zo'r bastakor ham bo'lgan, maqom yo'llari (parda-ladlar) asosida naqsh, amal va peshrav kabi kuy shakllarida ijod qilgan. Shu munosabatda she'r bilan musiqani bog'lash uchun katta ustalik zarur ekanligi aytiladi3.
Darvish Alining risolasida esa uning zamonida va undan oldin yashab ijod etgan musiqashunoslar, bastakorlar, shoirlar, mohir hofiz hamda cholg'uchilar haqida ma'lumotlar keltiriladi. Mavlono Kavkabiy va XIX asrda Buxoroda yashagan noma'lum muallifning asarida keltirilgan bastakorlik va musiqa turi hamda shakllari haqida qimmatli ma'lumotlar beriladi. Biroq shuni ta'kidlash kerakki, ushbu risolalarda kuy-ashulalar shakli har qancha batafsil ta'riflangan bo'lsada, shu davr nota matnlari namunasi mavjud bo'lmaganligi sababli ularning shakl tuzilishini aniq tasavvur etish qiyin. Shunga qaramay, bizgacha yetib kelgan maqom majmualarining amaldagi kuy va ashulalari bilan o'sha risolalarda aks ettirilgan asarlar qiyofasini taxminiy tarzda qiyoslash mumkin.
Kavkabiy va Darvish Ali risolalarida keltirilgan kuy shakllarini tashkil qiluvchi asosiy qismlar hozirgi maqom yo'llarida ham mavjud. Lekin kuy qismlarining ifodasi bo'lgan ko'pchilik musiqa atamalarining iste'moldan chiqib ketganligi bu masalani
3 Rajabov I., Maqomlar. "San'at". T., 2006. 35 b.
I ícclT^^^^H 927 http://oac.dsmi-qf.uz
aniq tushunishda qiynchiliklar tug'diradi. Mazkur mualliflar kuylarning ishlanish uslublari va shakllari haqida mulohaza yuritarkan, bunda kor, qavl, amal, peshrav, savt, naqsh, rihta, saj', zarbayn va boshqa navlar misol keltiriladi. Ushbu ibora va atamalar kuy yoki ashulalarning tarkibiy qismlari, ayrim hollarda esa kuy yaratilishining uslublari haqida fikr yuritiladi.
XVI-XVII asr musiqa risolalarida ko'plab uchraydigan shakl masalalariga oid xona (sarxona, miyonxona), bozgo'y, zil kabi amaldagi kuy va ashulalarning tarkibiy bo'laklari hanuzgacha amaliyotda keng qo'llanilishini yaqqol guvohi bo'lamiz.
O'tmish nazariyasi va bugungi amaliyot o'rtasida ayrim o'xshash jihatlari borligi va ularning saqlanib qolganligi kuy-ashula yo'llarining ishlanishida barhayot umumiy tamoyillar va uslubiy mushtarakliklar borligidan darak beradi. Shunga e'tiboran, yuqorida keltirib o'tilgan qadimiy shakllar, jumladan, kor, amal, qavl, savt, peshrav, naqsh va boshqalar amaldagi kuy va ashulalarning ustivor jihatlari oldingi tamoyillarning takomillashuvi natijasida yuzaga kelganligini ko'rsatadi. Biz buni amaldagi o'zbek Maqomotining janr va shakllari, mumtoz cholg'u va ashula yo'llarida mavjud musiqiy shakllar zamirida qisman bo'lsa ham ko'rishga muvofiq bo'lamiz.
Xulosa qiladigan bo'lsak, o'zbek maqomlarining ilmiy-nazariyasi va amaliyoti tarixiy rivojlanishida o'zaro mushtaraklik kasb etganligini guvohi bo'lamiz. Bugungi kunda milliy mumtoz musiqa nav'larining amaliyotda keng qo'llanilishi, sozanda va hofizlar orasida sayqallana borishi maqomlarning yangidan-yangi qirralarini namoyon qilmoqda. Shuningdek, ta'lim tizimida maqomlar nazariyasi va tarixi xususida turli ilmiy tadqiqotlar olib borish, o'quvchi yoshlar orasida keng targ'ib qilish muhim vazifalardan hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Fitrat A. Uzbek klassik musiqasi va uning tarixi. T., 1993 y.
2. Rajabov I. Maqomlar. T., 2006 y.
3. Matyakubov O. Buxoro shashmaqomiga yana bir nazar. T., 2014 y.
4. Matyakubov O. Uzbekskaya klassicheskaya muztika. I-II tom.T., 2015 y.
5. Matyakubov O. Maqomot. T., 2004 y.
6. Matyakubov O, Boltaev R, Aminov X. Xorazm tanbur chizig'i. T., 2010.
7. Kon Yu.G. Nekotorie voprosi ladovogo stroeniya uzbekskoy narodnoy pesni i yeyo garmonizatsii. T., 1979
8. Yunusov R. Makomi i mugami. T., 1983