Научная статья на тему 'BOTUNING ALIFBO VA IMLO HAQIDAGI QARASHLARI'

BOTUNING ALIFBO VA IMLO HAQIDAGI QARASHLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Ma’Rufjon Yo‘Ldoshev, Muyassarxon Toʻxtaboyeva

Oʻzbek yozuvining soʻnggi bir asrlik taraqqiyotiga oid materiallar tahlili shuni koʻrsatadiki, bu davrda yozuvning ijtimoiy-ma’rifiy hayotimizdagi oʻrnini toʻgʻri tushungan, shu boisdan yozuvni demokratlashtirish va milliylashtirish gʻoyasini jonkuyarlik bilan targʻib qilgan ma’rifatchi yurtdoshlarimiz anchagina boʻlgan. Chunonchi, XX asrning 30-yillarigacha boʻlgan davrda Ashurali Zohiriy, Fitrat, Elbek, Sodiqov, M.Shermuhammad, Toshmat, Shokirjon Rahim, Rahim In’omov, M.Usmon, S.Uygʻur, Gʻozi Olim, Otajon Hoshim, Mannon Ramz, A.Yoʻldosh, Yoqub Omon, Ibrohim Tohiriy, S.Ibrohim oʻgʻli, Orif Olimjonov, Botu (Mahmud Hodiyev), M.Rasuliy, Bekjon Rahmon oʻgʻli, Shokir Sulaymon, Qayyum Ramazon kabi qator ziyolilarimiz alifbo va imlo islohotlari ishida faol ishtirok etishgan. 30-40 yillar orasida bu ishni yana bir qancha tilshunoslar, tashkilotchi rahbarlar davom ettirishgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BOTUNING ALIFBO VA IMLO HAQIDAGI QARASHLARI»

BOTUNING ALIFBO VA IMLO HAQIDAGI QARASHLARI

1Ma'rufjon Yo'ldoshev, 2Muyassarxon To'xtaboyeva

1Filologiya fanlari doktori, professor, 2mustaqil tadqiqotchi (O'zDSMI) https://doi.org/ 10.5281/zenodo.1121389 7

O'zbek yozuvining so'nggi bir asrlik taraqqiyotiga oid materiallar tahlili shuni ko'rsatadiki, bu davrda yozuvning ijtimoiy-ma'rifiy hayotimizdagi o'rnini to'g'ri tushungan, shu boisdan yozuvni demokratlashtirish va milliylashtirish g'oyasini jonkuyarlik bilan targ'ib qilgan ma'rifatchi yurtdoshlarimiz anchagina bo'lgan. Chunonchi, XX asrning 30-yillarigacha bo'lgan davrda Ashurali Zohiriy, Fitrat, Elbek, Sodiqov, M.Shermuhammad, Toshmat, Shokirjon Rahim, Rahim In'omov, M.Usmon, S.Uyg'ur, G'ozi Olim, Otajon Hoshim, Mannon Ramz, A.Yo'ldosh, Yoqub Omon, Ibrohim Tohiriy, S.Ibrohim o'g'li, Orif Olimjonov, Botu (Mahmud Hodiyev), M.Rasuliy, Bekjon Rahmon o'g'li, Shokir Sulaymon, Qayyum Ramazon kabi qator ziyolilarimiz alifbo va imlo islohotlari ishida faol ishtirok etishgan. 30-40 yillar orasida bu ishni yana bir qancha tilshunoslar, tashkilotchi rahbarlar davom ettirishgan1.

XX asrning boshlarida yashab ijod etgan ziyolilar tilimiz muammolarini hal qilish ustida jiddiy izlanishlar olib borishgan. Alifbo va imlo masalasi bo'yicha bir qator ilmiy anjumanlar tashkil qilishgan, gazeta va jurnallarda muammolarni hal qilish yo'llari ustida bosh qotirganlar.

Bu davrda jadidlar tomonidan yangi tipdagi maktablarning ochilishi va unda o'qitishning yangi-yangi usullarining qo'llanilishi tufayli bolalarning xat-savodini tezroq chiqarishni ta'minlaydigan yangi darsliklarga ehtiyoj tug'ildi. Bog'chasaroyda Ismoilbey G'aspirali tomonidan bolalarning tez savod chiqarishini ta'minlash uchun muvaffaqiyat bilan qo'llanilgan "usuli savtiya" Markaziy Osiyo jadidlari tomonidan ham ma'qullandi. Bu mintaqada an'anaviy usuli hijoda olib boriladigan darslar yangi maktablarda "usuli savtiya" bilan almashtirildi. Bu usulning afzalligi amaliyotda tez sezildi va u omma o'rtasida tobora obro'-e'tibor topa boshladi. Ana shu usul asosida savod chiqarishga bag'ishlangan bir qancha alifbolar paydo bo'la boshladi. O'z davri uchun inqilobiy isloh hisoblangan bu ishga Turkistonda hammadan avval Saidrasul Saidazizov, Munavvarqori Abdurashidxonov (1878-1931) kirishgan. Saidrasul Saidazizov 1902-yilda "Ustodi avval" kitobini, Munavvarqori Abdurashidxonov esa 1907-yilda "Adabi avval" kitoblarini Toshkentda nashr ettirdilar. Markaziy Osiyo maktablarida xat-savod o'rgatish tarixining bilimdoni dotsent Yo'ldosh Abdullayevning ta'kidlashicha, yuqoridagi har ikki asar qo'lyozmasi aslida bir vaqtda yozilgan. Faqat ma'lum obyektiv sabablarga ko'ra Munavvarqori Abdurashidxonovning kitobi keyinroq nashr qilingan. 1917-yilga qadar o'ndan ortiq o'zbekcha alifbo kitoblari yaratildi. Lekin ularning ichida alifboning ichki tuzilishi va boshqa bir qator jihatlardan yuqoridagi ikki asar eng mukammali sanaladi2.

Aytish kerakki, asrimiz boshidagi til jarayonlarining ahvoli, jonli so'zlashuv tili bilan bosma asarlar tili o'rtasidagi munosabat, yozma adabiy tilning shakllanishi va rivoji bilan bog'liq masalalar juda murakkabdir. O'zbek tilining sofligi va soddaligi uchun xolis ilmiy mantiq bilan tinimsiz kurashgan Abdurauf Fitrat 1928-yildagi til va imlo qurultoyida so'zlagan nutqida mazkur ahvolning tub ildizlarini, masalaning mohiyatini atroflicha ochib bergan: "Boshqa turk ellari tomonidan chiqorilg'on gazetlar va kitoblarni o'qidik. Usuli jadid maktablari ham ochdik.

1 Jamolxonov H., Umarov A. O'zbek yozuvining XX asr tarixi. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2017. - B. 5.

2 Nurmonov A. O'zbek tilshunosligi tarixi. Toshkent: O'zbekiston, 2002. - B. 123

Ilgarirak bosub gazet ham chiqardik. Maktab uchun, gazet uchun tilimiz kerak bo'lib qoldi. Uni yangidan qayg'ura boshladik, tushuna boshladik. Bu ishlarni qilg'onlar - bizning ochiq fikrlilarimiz, ziyolilarimiz edilar. Bularning sonlari oz, ishlari ko'b edi. Holbuki, bir yoqdan tili oz-ko'p tuzalgan tatar gazetlari ham yozilg'on kitoblari turar edi. Mana shunday kulinch bir holda qolg'on burungi ziyolilarimiz: "tilimiz ilmiy, adabiy bir til emas ekan", degan kulinch bir qarashga ham keldilar. Mana shuning bilan maktablarimiz, yozuvlarimiz usmonlicha ta'siri ostida qoldilar. Toshkentda ochilg'on kurslarda ona tili saboqlari uchun berilgan soatlarning ko'bragi usmonlichaga berildi. Mana shu ishlarning hammasi tilimizni tahqir etish, tilimizga hurmatsizlik ko'rsatish edi. Bunlarning hammasi til-adabiyotimizni yaxshigina tanimaslikdan kelgan edi. Mana shularning hammasiga yog'iqmoq, isyon etmak, shularning hammasi bilan kurashmak uchun yosh va yigit bir kuch 18-yilda maydonga keldi". Bu "yosh va yigit bir kuch" o'zbek tili, imlosi, adabiyoti, san'ati va madaniyatini milliy asoslarda rivojlantirishday ulug' maqsadlar bilan Fitrat rahbarligida tashkil etilgan va Elbek, G'ozi Yunus, Botu, Saidalixo'ja, Sanjar Siddiq, Qayum Ramazon, Cho'lpon, Shorasul Zunnun kabi o'z zamonasining ilg'or ziyolilarini birlashtirgan "Chig'atoy gurungi" jamiyati edi3.

Botu 1928-yil fevral oyida "Til va imlo masalasi ustida bir necha so'z" nomli maqolasini yozadi. Unda adibning o'zbek adabiy tilidagi unlilar miqdori masalasiga nuqtayi nazari bayon etilgan. U mazkur maqolasida til va imlo masalasi o'z davri uchun eng muhim va ahamiyatli ekanligini, bu xususda bir necha yillardan beri bahs-munozaralar davom etib kelayotganligini, lekin haligacha bir to'xtamga kelishga muvaffaq bo'linmaganligini, ushbu sohadagi "chatoqliklar"ni tezroq bartaraf etmasdan turib, xalqning savodini chiqarish, savodxonlik darajasini yaxshilash mushkul ishligini alohida ta'kidlaydi. So'ngra diqqatini o'sha kezlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo'lgan unlilar miqdori masalasiga qaratadi. Ayonki, o'sha davrda yangi o'zbek adabiy tilining me'yor va qoidalarini ishlab chiqish, yangi alifboda unlilar miqdorini belgilash jarayonlari kechayotgan edi. Unli tovushlar miqdorini belgilash masalasiga davr ziyolilari turli xil munosabatda edilar. Bir guruh ziyolilar o'zbek adabiy tili to'qqiz unlili (Fitrat va boshqalar), boshqa bir guruhdagilar olti unlili bo'lishini talab qilib chiqishdi. Botu fikricha, unlilarning to'qqizta bo'lishi xalqning xat-savodini chiqarish ishlarida muayyan "og'irlik", "qiyinchilik"lar keltirib chiqaradi. "Bir necha yillik tajribamiz hozirgi to'qqiz cho'zg'i omma uchun so'ng darajada og'irlik keltirishini ko'rsatdi", - deb yozadi u. Bu bilan Botu o'zbek tili xususiyatlarini, tovush tizimini davom ettirish, saqlab qolish lozimligi fikrini ilgari surgan ziyolilar qarashlarini rad etadi4.

Botu alifboga to'qqiz unli tovushning olinishi haqida ham mazkur maqolasida jiddiy konseptual fikrlarini bayon qilgan: "Biz mushtarak alifbe qabul qildik; to'qqiz cho'zg'i (unli tovush) oldik, biroq, janjal butunlay echilgani yo'q. To'qqiz cho'zg'ining tilimiz uchun ozligini da'vo qiluvchilar bo'lgani kabi, bularning ko'pligini isbot etuvchilar ham bor. Albatta, bu masalani "mushtarak alifbedan chetga chiqish yaramaydi" nuqtayi nazaridan hal etish to'g'ri kelmaydi. Ozarbayjon ham mushtarak alifbeni butunlay qabul qilishni rad qilgan. O'zbek tilining xususiyati, taraqqiysi o'zbek yangi alifbosida bir qancha yangiliklarni to'ldirishni talab qilar ekan, mutaassiblik qilish yaramaydi. Biz, modomiki, yangi alifbe - o'zbek alifbesi, birinchidan, mehnatkashlarning savodsizligini tez bitirishga xizmat qiladi va shunday bo'lishi kerak, der ekanmiz, amalda ham shu tomon borishimiz kerak. Bir necha yillik tajribamiz hozirgi to'qqiz

3 Yo'ldoshev M. Cho'lpon so'zining sirlari. -Toshkent: Ma'naviyat, 2002. - B. 25.

4 Sayidov Y. Jadid badiiy asarlari leksikasi. Filol. fan. ... dok. (DSc) dis. - Buxoro, 2018. - B. 64

cho'zg'i omma uchun so'ng daraja og'irlik keltirishini ko'rsatdi. Albatta, ziyoli, munavvar tabaqa uchun bu u qadar og'ir emas. Lekin biz til va imloni bu tabaqaning monopoliyasi, demaymiz, shunday bo'lgandan keyin omma bilan ham hisoblashishga to'g'ri keladi"5.

Botu, shuningdek, alifboni o'zgartirish bilan hamma ish hal bo'lib qolmasligini ta'kidlaydi. "Asl masala shundan keyin boshlanishi" haqida so'z yuritadi: "Qilgan ishlarimizga tanqid ko'zi bilan qarab olishimiz va kamchilik, yanglishishlarimizni tuzatishimiz lozim. Ya'ni alifbening muvaffaqiyati bilan bizning ishimiz tamom bo'lmaydi. Hozir xalqimizda muhim masala bo'lib til va imlo masalasi turadi. Bu to'g'rilarda ko'p yillardan beri gap, munozara bo'lsa ham, tegishli holga muvaffaq bo'lganlari yo'q. Buning, yuz foiz bo'lmasa ham, hal etilishiga intilishimiz zo'r. Mehnatkashlarimizning savodini chiqarish ishi naqadar ahamiyatli bo'lsa, til va imlo masalamizdagi chatoqliklarni hal qilish ham bundan oz ahamiyatli emasdir"6. Haqiqatan ham, alifbo, ya'ni harf almashtirish bilan imlo risoladagidek bo'lmasa, muammo hal bo'lmaydi. Tezlik bilan yangi alifbo asosida yangi imlo qoidalarini ishlab chiqish kerak edi. Unlilar masalasi borasida ham hali munozaralar tinmaganligi bois tugal imlo qoidalarini ishlab chiqishning imkoni yo'q edi. O'zbek tili imlosini standartlashtirish masalasida 1921-yil yanvar oyida bo'lib o'tgan "O'lka o'zbek tili va imlo quriltoyi"da Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriylar qatorida Botu ham so'zga chiqadi va munozarali masalada o'zining asosli fikrlarini tilga keltiradi: "Madaniyatda ortda qolgan millat yozuvi ortda qolgan millat demakdir... Endi men bu erda eski yoki o'rta imlochilar to'g'risida so'ylab ham turmayman, chunki u bo'lmag'ur narsa. Yangi imlochilarga kelsak, ularning tutgan yo'llari, maqsadlari o'tganda Toshkent imlo konferensiyasida ko'rilgan edi". Botu ushbu ma'ruzasida bosh harflar imlosi, lotin alifbosining yutuq va kamchiliklari kabi masalalar haqida fikr yuritib bo'lgach, mulohazalarini quyidagi to'rt moddada umumlashtiradi:

1. Imlo islohida undosh va unli tovushlar masalasi alohida-alohida ko'rib chiqilsin.

2. Undoshlar soni 23, unlilar soni 6 ta bo'lsin.

3. Yozuv faqat bosh harflarda yozilsin.

4. Tilimizga kirib qolgan chet so'zlar o'z harflarimiz va talaffuzimizga mos tarzda yozilsin.

Ashurali Zohiriy, Abdurauf Fitrat, Elbek va boshqa ziyolilar munozarada faol ishtirok

etadilar. Botu ilgari surgan fikrlar, xususan, unlilar miqdorining belgilanishida hamda chetdan kirib kelgan so'zlar imlosini tayin etishda inobatga olinadi.

O'zbek yozuvi, imlosi va tilshunoslik fanining so'nggi bir asrlik taraqqiyotiga oid materiallar tahlili shuni ko'rsatadiki, bu davrda yozuv va imloning ijtimoiy-ma'rifiy hayotimizdagi o'rnini to'g'ri tushungan, shu boisdan yozuvni demokratlashtirish va milliylashtirish g'oyasini jonkuyarlik bilan targ'ib qilish orqali adabiy tilni rivojlantirishni ko'zlagan ma'rifatchi yurtdoshlarimiz anchagina bo'lgan. Ashurali Zohiriy, Fitrat, Elbek, Shokirjon Rahim, G'ozi Olim, Otajon Hoshim, Mannon Ramz, Shokir Sulaymon, Qayyum Ramazon kabi munavvarlar qatorida Botuning ham alohida o'rni bor. Botu she'riyatidan tashqari publitsistik maqolalari, alifbo va tilshunoslikning dolzarb muammolariga bag'ishlangan ilmiy maqolalari bilan tilshunoslik tarixiga o'z ismini yozib qoldirgan. Bu ishni 30-40-yillarda yana ko'plab tilshunoslar, ma'rifatparvar shoir va yozuvchilar davom ettirdilar.

5 Botu. Tanlangan asarlar. - T.:"Sharq", 2004 - 192 b. - B. 123.

6 Botu. Ko'rsatilgan asar. - T.:"Sharq", 2004 - 192 b. - B. 123.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.