BOSHLANG'ICH TA'LIMDA MATN USTIDA ISHLASH ORQALI O'QUVCHILAR NUTQINI VA MUSTAQIL FIKRLASH QOBILIYATINI O'STIRISH
Abdurazakova Nurjamal Salimatdinovna
Nukus davlat pedagogika instituti https://doi.org/10.5281/zenodo.13896917
Annotatsiya. Bu maqolada boshlang'ich sinflarda matn ustida ishlash orqali boshlang'ich sinf o'quvchilarining ravon va ongli o'qish ko'nikma- malakalariga ega bo'lishi va nutqi, fikrlash qobiliyati rivojlantirilishi haqida ma'lumotlar berilgan.
Аннотация. В этой статье представлена информация о том, что работа над текстом в начальных классах позволяет учащимся начальных классов овладеть навыками беглого и осознанного чтения и развивать речь, мышление.
Abstract. This article presents information on how working with text in elementary grades allows elementary school students to master the skills of fluent and conscious reading and develop speech, thinking.
Kalit so'zlar: ijodiy matn, matn qismlari, o'quvchilarning yosh xususiyatlari, og'zaki matn, yozma matn, nutq, ko'nikma, malaka, leksik vositalar .
Ключевые слова: творческий текст, части текста, возрастные характеристики учащихся, устный текст, письменный текст, речь, умения, квалификация, лексические средства.
Keywords: creative text, text parts, students' age characteristics, oral text, written text, speech, skills, qualifications, lexical means.
Boshlang'ich sinflarda matn ustida ishlashga o'quvchilarni jalb qilish o'ziga xos xususiyatlarni namoyon qiluvchi pedagogik jarayon sanaladi. Har qanday pedagogik jarayon kabi boshlang'ich sinflarda matn ustida ishlashda ham muayyan psixologik, pedagogik, metodik talablar inobatga olinishi zarur. Shundagina boshlang'ich sinf o'quvchilari matn bilan ishlash orqali muayyan bilimlarni o'zlashtiradi, ravon va ongli o'qish ko'nikma-malakalariga ega bo'ladi, nutqi boyiydi hamda fikrlash qobiliyati rivojlanadi. Natijada o'quv dasturida ko'zda tutilgan talablar ijrosiga erishiladi.
"Ona tili" va "O'qish kitobi" darsliklarida berilgan matnlar boshlang'ich sinf o'quvchilarida nutqiy ko'nikmalarni shakllantirish vositasi hisoblanadi. Boshlang'ich sinflarda ona tili va o'qish darslarining asosiy maqsadi o'quvchilarni matn mazmunini to'g'ri tushunish, ongli va ifodali o'qiy olish, matnda berilgan axborotni idrok qilish, matnda ifodalangan voqelikka nisbatan munosabat bildirishga tayyorlashdir. Shunga ko'ra, boshlang'ich sinf o'qituvchisi metodik tayyorgarlikni darsning maqsadi, o'rganilayotgan materialning mazmuni, o'quvchilarning mavjud bilim, ko'nikma, malakalari darajasiga ko'ra amalga oshiradi. O'quvchilarni asar matnini o'qishga tayyorlashda, avvalo, ularni matn mavzusi, tili, g'oyaviy mazmuni va badiiy-estetik qiymati bilan tanishtirish, matn mazmunidan tegishli xulosa chiqarishga e'tibor qaratiladi. O'qish faoliyati ham nutqning alohida ko'rinishi hisoblanadi.
O'quvchining o'z fikrini qanchalik mazmunli, aniq va to'g'ri ifodalay olishi uning o'quv-bilish faolligi darajasini hamda ko'nikma va malakalarini aniqlashga imkon beradi. O'qish darslarida matnni idrok qilish va mazmun-mohiyatini o'zlashtirish yuzasidan qo'yilgan savol-topshiriqlar o'quvchilarni o'ylashga majbur qilishi, javob berishda muallif qo'llagan iboralardan,
badiiy tasvir vositalaridan foydalanishga qaratilishi, nutqda ko'proq o'zi uchun yangi so'z va iboralarni ishlatishga undashi lozim.
Matnni o'qish ko'nikmasiga egalik, avvalo, o'quvchi nutqini boyituvchi muhim omillardan biri sanaladi. O'qitishning mustaqil qismi bo'lgan har qanday dars ta'limiy, rivojlantiruvchi va tarbiyaviy maqsadni amalga oshirishga xizmat qiladi. Matn ustida ishlash orqali o'quvchilarni ijodiy, mustaqil va mantiqiy mushohada yuritishga, matnni tahlil qilish va unga o'z munosabatini bildira olishga o'rgatish o'qituvchidan katta mahorat talab etadi.
Badiiy matndan shunchaki ma'lumot emas, balki yetakchi g'oya va uning badiiy ifodasini aniqlashda muhim vositadir. Shu bois "o'quvchilarning kommunikativ savodxonligini (so'z boyligi, ijodiy tafakkur darajasini kengaytirish, ijtimoiy muloqot - yozma va og'zaki ifodali fikrlash mahoratini yuksaltirish, mustaqil matn yaratish ko'nikmalarini shakllantirish) oshirish ... matn turlarini farqlash (nazmiy, nasriy, ilmiy, badiiy, publisistik, grammatik, ma'rifiy, badiiy-ramziy, xat-hujjat, monologik, diologik)ga o'rgatish"[1] metodik zaruratdir.
Boshlang'ich ta'limda matn ustida ishlash yo'llarini belgilashdan avval bu tushuncha anglatadigan ma'no, uning tuzilishi va tarkibiy qismlari haqidagi nazariy jihatlarini aniqlashtirib olish zarur. Jumladan, "O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi"da matn atamasi quyidagicha izohlanadi:
"Matn tekst - 1) yozilgan yoki bosilgan asar, nutq (shuningdek, ularning biror parchasi); 2) kitob, gazeta, jurnal va shu kabilarda rasm, jadval. Bezaklardan tashqari qismi: rasmiy hujjat va shu kabilarning ulardagi turli ko'rsatkich (sharh, izoh)lardan ajralib turgan qismi; 3) musiqa asarlari (opera, romans va b.)ga yozilgan so'zlar"[2] .
Tadqiqotchi Sh. Sariyevning fikricha, "Matnni sintaktik jihatdan mazmuniga ko'ra va leksik-grammatik vositalar yordamida o'zaro bog'langan gaplar yig'indisi tarzida tushunish ham xato sanalmaydi"[3].
"Matn deganda murakkab sintaktik butunlik va erkin gaplardan iborat butunlikni tushunish kerak. Matnning sintaktik tahlili gaplar o'rtasidagi aloqalarni o'rganish, matnni gapdan kattaroq sintaktik birliklarga, murakkab sintaktik butunlikka parchalashni o'z ichiga oladi"[4] .
Nutq jarayonida gaplar guruhlanadi, mavzu jihatdan, qurilishi va ohangiga ko'ra birlashadi va alohida sintaktik birlik - murakkab sintaktik butunlik hosil qiladi. Biroq, matndagi barcha gaplar ham murakkab sintaktik butunlikka kirmaydi, ayrimlari uning tarkibiy qismi bo'lmaydi.
Boshlang'ich sinflar ona tili ta'limida matn tuzilishiga doir tushunchalar N.Bekniyozova tomonidan quyidagicha tasniflangan:
I. Matnning tashkiliy tuzilish jihatlari bilan bog'liq tushunchalar:
1. Matn va u bilan bog'liq ravishda umumiy mavzu haqida tushuncha.
2. Xat boshi, abzats, matn qismlari (bo'limlari).
3. Gaplar guruhi (matn qismi) va kichik mavzu.
4. Sarlavha.
II. Matnning leksik-gramatik jihatdan tuzilishi:
1. Gaplarning ketma-ket (zanjir) va parallel bog'lanishi.
2. Gaplarni o'zaro bog'lovchi leksik va gramatik vositalar.
3. Bir abzatsga teng matnning birinchi va oxirgi gapi.
4. Abzatsda fe'l shakllarining uyg'unligi.
5. Matnda dialoglarning ishlatilishi[5].
Matniy talqinning aynanligi, muqobilligi uning asosiy g'ovasini tushunish darajasiga bog'liq. Zero, matn - g'oya (konsepsiya) haqidagi axborotdir. Demak, matn talqini undan idrok etilgan g oyaning aynanligini bildiradi.
Matn g'oyasi ochiq yoki pinhona ifodalangan bo'ladi. Binobarin, matndagi axborot miqdori uning tarkibi belgisi bo'la olmaydi. Matnning bayon qurilmasida ham uni fahmlashga imkon beradigan, mazmuniy-mantiqiy tuzilishini buzadigan holatlar bo'lishi mumkin. Bunga quyidagilar kiradi:
1. Matn lug'atining tushunarlilik darajasidagi kamchilik.
2. Lisoniy takrorning me'yoridan ortiqligi.
3. Matniy, axboriy maqsadning aniq belgilab olinmaganligi.
4. Matndagi asosiy xabar mantiqiy (faktologik) zanjirni bayon tuzilishini kengaytirish mantiqining asoslanmaganligi va nomuntazamligi.
5. Lisoniy qolip va shablonlar.
Uslub o'ziga xos janrlar tizimiga ega bo'ladi ular vositasida ifodalanadi. Janrlar esa, o'z navbatida, matnlar orqali namoyon bo'ladi. Uslub va janr umumlashtirilgan va mavhumlashgan hodisalar. Matn esa lisoniy mavjudlikning ko'rinishi. Uslub - yozuvchining o'ziga xos o dunyoqarashni ifodalashi bo'lib, u orqali o'quvchining diqqatini materialga tortish mumkin. Bunday ifodalash matn sifatida yuzaga keladi. Bu yozuvchining fikrlashi, tildan foydalanish mahorati va dunyoqarashini aks ettirish yo'lidir. Uslub muallif yozadigan material konsepsiyasini tuzish jarayonida yuzaga keladi. Uslub yozuvchi tadqiqotlarining chuqurligi, kengligi va o'ziga xosligi bilan umumiy xususiyatga ega bo'ladi hamda yozma matnda o'z aksini topadi.
Umumta'lim maktablarida matn tuzishda, asosan, gap, xat boshi va muayyan kichik qismlar mavjud bo'lishiga e'tibor beriladi. Ular matn yaratish va shakllantirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Ona tilining grammatik qurilishi, lisoniy tushuncha va ta'riflar sharhiga oid ta'limiy-ma'rifiy matnlar nazariy bilim, malaka va ko'nikmalarni tarkib toptirishda muhim o'rin tutadi. Ta'limiy-tarbiyaviy matnlar esa bilim berish va tarbiyalash maqsadini amalga oshiradi. Umumiy o'rta ta'lim maktablarida ma'lumotnoma matni va ijodiy tavsifiy matlarga ham e'tibor qaratiladi. Bo'lib o'tgan voqea-hodisa yoki mavjud holat haqida shunchaki axborot berish ma'lumotnoma matniga xos xususiyat bo'lib, unda, asosan, uslubiy betaraf so'zlar qo'llaniladi. Voqea-hodisa, voqelikka so'zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bildirilgan munosabat asosida yuzaga kelgan matn ijodiy-tavsifiy hisoblanadi. Ma'lum voqea-hodisalarga, narsa-buyum va shaxslarga oid fikr-mulohaza bildirish, badiiy-tasviriy vositalar, dalillar bilan ta'riflash, izohlash ijodiy-tavsifiy matnga xos xususiyatlardir. Ijodiy-tavsifiy matn turiga insho misol bo'la oladi.
REFERENCES
1. Ziyodova T. Matn yaratish texnologiyasi. - Toshkent: Fan, 2007. - 16-b.
2. Узбекистан Миллий энциклопедияси. M хдрфи. - ^шкет: "Узбекистан Миллий энциклопедияси" Давлат илмий нашриёти. - 301-b. www.ziyouz. com kutubxonasi
3. Сариев Ш. Бошлангич синф ук;иш дарсларида матн устида ишлаш оркали нут; устириш. - Тошкент:YUШST-MEDIA MARKAZI, 2010. - 34-б.
4. Лосева Л.М. Как строится текст / Пособие для учителей. Пере.изд. - Москва: Просвещение, 2000. - С. 5.
5. Бекниёзова Н. И. Бошлангич синфлар она тили дарсларида укувчиларни матн яратишга ургатиш методикаси. - Тошкент: Fan va texnologiya, 2012. - 8-9-б.