Научная статья на тему 'BETAKROR BASTAKOR MAHMUD INOMOV HAQIDA'

BETAKROR BASTAKOR MAHMUD INOMOV HAQIDA Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
23
4
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
bastakor / betakror san’atkor / shogird / sehrli ijro / zakiy / talabchan

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Muxtorali Axmedov

Hayotda shunday insonlar borki, ularning noyob iste’dodi bo’laturib, butun dunyoga tanilmaganiga xafa bo’lmagan holda butun umrini san’atga bag’ishlab yashaydi. Ushbu maqolada ham nafaqat bastakorlik ilmini, balki sozlarninf barcha turini mohirlik bilan egallagan, xonandaning “salgin falshi” ni aniq anglay oladigan, chin ma’noda buyuk san’atkor Mahmudjon Inomov xaqida fikrlashamiz. Toki u kishining noyob iste’dodini bugungi bo’lajak san’atkorlarga ham namuna qilsak arziydi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BETAKROR BASTAKOR MAHMUD INOMOV HAQIDA»

BETAKROR BASTAKOR MAHMUD INOMOV HAQIDA

Muxtorali Axmedov NamDU

Annotatsiya: Hayotda shunday insonlar borki, ularning noyob iste'dodi bo'laturib, butun dunyoga tanilmaganiga xafa bo'lmagan holda butun umrini san'atga bag'ishlab yashaydi. Ushbu maqolada ham nafaqat bastakorlik ilmini, balki sozlarninf barcha turini mohirlik bilan egallagan, xonandaning "salgin falshi" ni aniq anglay oladigan, chin ma'noda buyuk san'atkor Mahmudjon Inomov xaqida fikrlashamiz. Toki u kishining noyob iste'dodini bugungi bo'lajak san'atkorlarga ham namuna qilsak arziydi

Kalit so'zlar: bastakor, betakror san'atkor, shogird, sehrli ijro, zakiy, talabchan

ABOUT THE UNIQUE COMPOSER MAHMUD INOMOV

Mukhtarali Akhmedov NamSU

Abstract: In life, there are such people who, having a unique talent, devote their whole life to art without regretting that they are not known to the whole world. In this article, we will think about Mahmudjon Inomov, a truly great artist who mastered not only the science of composition, but also all kinds of words, who could clearly understand the singer's "salgin falsh". So that it is worth using his unique talent as an example for today's future artists

Keywords: composer, unique artist, student, magical performance, talented, demanding

Bastakor Mahmud Inomov ijodiga mansub qo'shiqlarning orasida o'tkinchi, bir-ikki kun davr surib, keyin esdan chiqib ketadiganlari yo'q. Sababi, u bo'lg'usi qo'shiq uchun so'zni, she'rni juda talabchanlik, zakiylik, injiqlik bilan tanlaydi. Shuning uchun ham, u yaratgan qo'shiqlarning hammasi ham badiiy mukammal, to'kis she'rlarga bastalangan. Ijodkor she'rni zukko did bilan tanlash malakasiga tarixi ko'p qadim o'zbek qo'shiqchilik san'ati, ayniqsa, maqomlarimizning tarixi, nozik jihatlari, sirlarini yillar davomida bitta odam hafsalasi ko'tarishi mumkin bo'lmagan sabr, qunt, tirishqoqlik bilan o'rganish, o'zlashtirish, o'ziniki qilish asnosida hosil etgan.

Mahmud Inomov 1950-yili Chortoq shahrining Ayqiron dahasida tavallud topgan. Bolalaigidan uy ishlariga dangasa bo'lsa-da, biroq qo'lidan qashqar rubobi

I icclT^^^^H http://oac.dsmi-qf.uz

tushmas ekan... Ularning boshqa san'atkorlarda kam uchraydigan "o'ziga xos mahoratlari" mavjudligi bilan o'ta ahamiyat kasb etardi. Hayotda biroz xushchachaq, "ijodda" o'ta qattiqqo'l bastakor nafaqat o'zi bastalagan asarni o'rgatishda, ayniqsa maqom qo'shiqlarini ansambl bilan ishlash jarayonida u kishining "chin ma'nodagi betakror san'atkor" ekanligiga ham guvohi bo'lganmiz.

Mahmudjon Inomov shunchaki ishlamaydi, u "yonib", "kuyib" ishlaydi, o'zi o'ylagandek ijro bo'lmaguncha xunob bo'lsa-da maqsadiga erishadi. Ularning sozni ham avaylab, ham mehr bilan ijro etishlari, ulardan san'at sirini o'rganayotgan bo'lg'usi ijodkorni ham chin yurakdan yondoshishiga ixtiyoriy yo'naltiradi. U kishining ham bastakorlikni, ham ijroni, ham qo'shiq kuylashni mohirona uddalashlari, har qanday shogirdni sel qiladi.

Navosoz ustozimiz zamonaviy shoirlarning she'rlariga murojaat qilar ekan, hamisha ana shu ta'bi noziklik, talabchanlik tamoyillariga sodiq qoladi. Uning qo'shiqlari orasida juda mashhur bo'lib ketmagan kamtarin, kamsuqum qalamkashlarning she'rlariga ishlanganlari ham oz emas. Faqat bu o'rinda she'rning mazmuni, niyati, samimiyligi, qaysidir satri, kutilmagan tashbeh bastakor ko'ngliga, o'zining iborasi bilan aytganda, "tegishi" kerak, ya'ni yoqishi, maftun qilishi kerak. Shunda shaydo ko'ngil shoir ko'ngli bilan bir to'lqinda uchrashadi, bor balandlikda parvoz qiladi, zarur kayfiyat paydo bo'ladi... Bunda, bu holatda kuy istalmaydi, usul, sur'at, ohang hamma ham chiqa olmaydigan o'sha balandliklar, yuksalishlarning havosidan olinadi: izlanmaydi, ishlanmaydi, zahmat chekilmaydi, bari-bari oltin yomg'irday o'z-o'zidan yog'ilib keladi: Ochildi qiyg'os, o'lkam bahori, Erka dilbari, bodom gullari. Gullarga burkandi,dala bog'lari, O'lkam bahori, bodom gullari...

Namanganlik hushovoz xonanda Salima Qoriyeva tomonidan mohirona ijro etilgan "Bodom gullari" qo'shig'i tomoshabinlar tomonidan ijobiy qabul qilindi, ya'ni o'z muxlislarini topa oldi. Biroq ana shu "mohirona" ijrogacha bo'lgan mashaqqatlar birgina Mahmud Inomovga emas, balki "ijro"chiga ham tegishli. Qo'shiq tayyor bo'lgunga qadar, bastakor "ijro"chiga o'lkaning bahorini, undagi xushtabiatni, qushlar va gullarni ko'rishni talab qilardi, mabodo ustozimiz qizarishni boshlasa, demak talab bajarilmagan, buning oqibatida esa ijro tabiiy chiqmasligi aniq bo'lgan. Xattoki, sen umringda bodom gulini ko'rganmisan? Ammo bodom chaqishni bilasan. - deya koyirdilar qo'shiqchini.

Bastakor juda ko'plab ko'ngilga manzur bo'lgan she'rga munosib ohanglar yaratdi-uzukka ko'z qo'ygandek, gul yoniga rayhon qo'shgandek, kabutarga kabutar moslagandek.

Mahmudjon Inomov zamonaviy shoirlarning she'rlariga murojaat qilar ekan, hamisha ana shu ta'bi noziklik, talabchanlik tamoyillariga sodiq qoladi. Uning qo'shiqlari orasida juda mashhur bo'lib ketmagan kamtarin, kamsuqum qalamkashlarning she'rlariga ishlanganlari ham oz emas. Faqat bu o'rinda she'rning mazmuni, niyati, samimiyligi, qaysidir satri, kutilmagan tashbeh bastakor ko'ngliga, o'zining iborasi bilan aytganda, "tegishi" kerak, ya'ni yoqishi, maftun qilishi kerak. Shunda shaydo ko'ngil shoir ko'ngli bilan bir to'lqinda uchrashadi, bor balandlikda parvoz qiladi, zarur kayfiyat paydo bo'ladi... Bunda, bu holatda kuy istalmaydi, usul, sur'at, ohang hamma ham chiqa olmaydigan o'sha balandliklar, yuksalishlarning havosidan olinadi: izlanmaydi, ishlanmaydi, zahmat chekilmaydi, bari-bari oltin yomg'irday o'z-o'zidan yog'ilib keladi.

Alqissa. Bu ijodkor kuy bastalagan qo'shiqlar orasida Hazrat Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shoh Mashrab kabi ulug'larimiz qatori zamonaviy shoirlardan Chustiy, Muhammad Yusuf, Habib Sa'dulla, Mahmud Toir, Ziyoviddin Mansur, Abdulla Jabbor, Guljamol Asqarova, Hakimjon Sodiqov va boshqa shoirlarning qalamiga mansub she'rlar bor.

Qo'shiqlarning ijrochilariga kelganda...

- Birinchisi rahmatli O'rinboy Nuraliyev, O'zbekiston xalq artisti. U kishi mening ham ustozim, ham yaxshi muxlisim edilar. Yangi kuy ishlab o'tirsam, kirib kelardilar. Kirganlarini birozdan keyin payqab qolardim. Bastalayotgan qo'shig'im manzur bo'lsa kerak: "Mahmud aka, shu narsani men ham aytsam bo'laveradimi", deb so'rardilar. Men der edim: "O'rinboy aka, barcha qo'shiqlarimning birinchi ijrosi sizsiz. Sizdan ortsa, ber desangiz, boshqalarga beraman... U kishi o'zbek tarixini, jumladan, musiqamiz tarixini, afsonaviy ustozlarning hayoti, ijodini yaxshi bilardi. Mumtoz qo'shiqlarning har biri haqida soatlab davom etadigan hikoyalari bo'lardi. She'rlarning mazmunini teran tushunib, tahlil qilib berardilar, ayrim so'zlarni xonandalar anglab-anglamay noto'g'ri talaffuz qilsa, darrov to'xtatib, isloh qilganlariga juda ko'p guvoh bo'lganman.

Yana xonandalar Bahodir Bakirov, Ma'rufxon Oripov, Boqijon Sattorov, Mehri Abdullayeva, Salima Qoriyava, Dilfuza Qodirova, Muhabbat Yo'ldosheva, Aziza Karimova, Rustam Mamadaliyev, Solijon Umrzoqovning bisotini ham bastakor do'stimizning asarlari bezab turibdi.

G'alvirni suvdan ko'targanda, navosoz Mahmud Inomov ijodiy faoliyati davomida 300 ga yaqin qo'shiq yaratgan, bulardan qariyb oltmishta tarona O'zbekiston radiosi tomonidan yozib olingan va vaqti-vaqti bilan shinavandalarga taqdim etib turiladi.

Sozandalik bo'yicha mahorati komillik miqyosini topgan edi. U endi hamma cholg'uni baravar mahorat bilan chala olardi: rubob, tor, dutor, akkordeon, g'ijjak, fortepiano, tanbur...

I ihSi^^Bl http://oac.dsmi-qf.uz

Bu san'atkor musiqani qay darajada yaxshi ko'rsa, sozlarni, ayniqsa, o'zbek musiqa asboblarini ham shunchalik yaxshi ko'radi, ardoqlaydi, mehr bilan gapiradi, ular haqda, shunday mehr va muhabbat bilan qo'lga oladi, chaladi ularni. Bu, bir samimiy, toza va fidoiy muhabbat bo'lgani uchun cholg'ular ham sozandaga shundayin muhabbat bilan javob beradilar. Ajib suhbat boshlanadi ana shunda: bir-birini yaxshi ko'rgan, tushunadigan, intilishlari, fikrlari, tuyg'ulari uyg'un, hamohang, sadoqatli qadrdonlarning suhbati... Bu suhbatlarning mavzusi, mavzulari har gal go'zal, betakror, o'lmas taronalar bo'ladi.

Viloyat bo'yicha o'tkaziladigan katta, yig'ma konsertlarga, turli ko'riklarning yakuniy bosqichlariga hamda respublika bo'yicha tashkil etiladigan "Zehn", "Chashma", "Marhabo, talantlar!", "Doyra raqsga chorlaydi", "Biz Namangandanmiz" va boshqa ko'riklar, festivallarga tayyorgarlik ham shu yerda bo'ladi. Shunaqa paytlarda saroyga viloyatning xos barcha bulbullari jam bo'ladilar, mahoratli ustozlari yig'ilib keladilar: Saidxo'ja Xoldorxo'jayev, Tojiali Alimov, Vahobjon Abdullayev, Ergashvoy Egamberdiyev, Mashrabxon Boqiyev, Sharifjon Asqarov, Yo'ldoshali Tillaboyev, Samijon Boltaboyev, Sharif Karimov, Komil naychi, Alisher Buvaxo'jayev, Toshpo'lat Abdullayev, Bahodir Bakirov, Zokirjon Rahimov, Metinboy Olimov, Sobitxon Mirzabdullayev. Madaniyatimizning Zakiy Dadaboyev, Erkin Qoraxonov, Lyudmila Grigorevna Pak, Galina Tojiboyeva, Mamatxon Asqarov, Nuriddin Qosimov, Ilyos Mambetaliyev kabi jonkuyarlari ham shu yerda.

Bu insonlarning hammasi ham avvalo o'z san'atining betakror ustasi, mahorati sehr miqyosini topgan mashshoqlar, qolaversa o'z sohasining chinakam fidoyilaridir. Ular bilan mashq qilib, ijod qilib yayrar eding, izlanmay topar eding, qiynalmay yetar eding. Mashg'ulotlar yuksak malaka, ahillik, uyg'unlik, zavq, ilhom bilan olib borilgani uchun hamma narsa o'z-o'zidan qovushib ketaverardi. Bular qaysidir taronani mashq qilar, so'ngra ahli muxlisga taqdim etar ekanlar, nafaqat qo'llaridagi cholg'ular, balki qalblari, ruhlari, maslaklari ham bir-biriga sozlangan, hamohang bo'lardi.

Yana, Toshkandi azimdan Telman Hasanov, Shokir Ahmedov, Valentina Ulyanova va boshqa ustozlar keladilar. Yangi qo'shiqlar, yangi raqslarni jomadonga solib... Ularning har galgi tashrifi Namanganga yangi to'lqin, yangi nafas olib keladi.

Marg'uba Sobirova, Hakimjon Sarimsoqov, Ma'rufxon Oripov, Abdunabi Mamajonov, Salima Qoriyeva, Fotima Karimova, Zokirjon Rahimov, Zokirjon Tursunov, Narzullo Usmonov, Ilhom Aliyev, Yoqubjon Nuriddinov, Yahyoxon Yoqubboyev kabi yurtga mashhur, elga manzur xonandalar ana shu sarmashqlar qozonida qaynab pishganlar, nom qozonganlar.

Bu davrda Mahmud Inomov degan go'zallik tariqatining solihi kamolot maqomini topdi. Zamonaviy til bilan aytsak, sozanda yigit mazkur davrda san'atning akademiyasi saboqlarini o'tdi, o'zlashtirdi.

"... notalarni o'qishni o'rganishga ancha ilgari kirishganman, - deydi uning o'zi. - Hamonki, kasbimiz shu ekan, notani bilish shart edi. O'zim izlandim, bilmaganlarimni ustozlardan so'radim. Ancha mehnat qilishga to'g'ri kelgan... "(muallifdan)

Bu insonning umri mazmuni haqida gapirar ekanmiz, uning Namangan viloyati Xalq ijodi va madaniyat oqartuv ishlari bo'yicha ilmiy-uslubiy markazning bo'lim mudiri sifatida viloyat madaniyati, shu jumladan, musiqa san'atini rivojlantirish yo'lida qilgan ulkan xizmatlarini alohida ta'kidlamoqni istar edik. Bu vazifada ishlar ekan, u avvalroq aytganimiz, yirik sarmashqlarning asosiy rahbarlaridan biriga aylandi. Bu tayyorgarliklar ba'zan bir oylab, balki undan ham ko'proq davom etar, ularga, qayd etilganidek, Namanganning eng taniqli san'atkorlari hamda "yarq" etib ko'zga tashlanib qolgan iste'dodli yoshlar jam bo'lar edilar.

Ayniqsa, yoshlar uchun bu sarmashqlarning juda katta ahamiyatga ega bo'lganini aytish kerak: ular bu yerda murakkab maqomlardan parchalarni, ko'p ovozlik xor asarlari, mumtoz ashulalarni hamda bastakorlarning yangi qo'shiqlarini, yangi raqslarni o'rganar, mahoratlari charxlanar, ijrochi va inson sifatida komillik darslarini olar edilar va, albatta, bu sarchashmadan olgan toza ziloldan o'z jamoalari a'zolarini ham bahramand etishardi.

Bundan tashqari, ilmiy-ijodiy markazning xodimlari muntazam ravishda viloyatdagi madaniyat muassasalariga, ijodiy jamoalarga chiqib, amaliy yordam ko'rsatar edilar, bu ularning bevosita vazifasi edi. Shuning uchun Mahmudjon Inomov bu paytlarga kelib, viloyatning qaysi tuman, qaysi qishlog'ida (taniqli san'atkorlardan tashqari) qanday yorqin iste'dodli yigit-qiz borligini besh qo'lday bilar, ular bilan muntazam aloqada bo'lib turar, taqdirini ko'zdan qochirmasdi, yo'llarini topib ketishlari uchun jon kuydirib yashardi. Aksariyat, ijodiy jamoalarning repertuarini boyitish, ishtirokchilar mahoratini oshirish vazifalari ham uning zimmasida bo'lgan.

Istiqlol yillari Mahmudjon Inomov "Navro'z" va "Mustaqillik" bayramlariga bag'ishlanib Toshkentda o'tkaziladigan konsert dasturlariga namanganlik san'atkorlarni tayyorlashga rahbarlik qildi.

- Qariyb o'n besh yil davomida mana shu bayram konsertlarida bizning ishtirokchilar mening qo'shiqlarimni ijro etishgan, - deydi u.

1999-yildan e'tiboran viloyat Alisher Navoiy nomli musiqali drama teatrida dirijyor bo'lib ishlay boshlagandan keyin ham hozir aytilgan dasturlarni tayyorlash uning zimmasidan soqit bo'lgani yo'q.

- O'sha yillari "Alpomish" dostoni yaratilganining ikki ming yilligi nishonlandi, shu sanaga bag'ishlab Abdulla Jabborning "Alpomishning o'q-yoyi" musiqali dramasi sahnalashtirildi. Shu asarga musiqa yozishni rahbarlar menga ishonishdi. Ariyalar, duetlar, kuylar yozdim. Yaxshi qabul qilindi. Teatr jamoasiga ham mehnatim manzur bo'lgan ekan shekilli, shu yerdan sizga bitta xona qilib, ijodingizga imkon yaratib beraylik, deyishdi. Shu bilan teatrda qolib ketdim.

Mahmudjon Inomov teatrda faoliyat boshlar ekan, sozandalar jamoasini qaytadan shakllantirdi, uni mohir sozandalar hisobiga mustahkamladi, jamoaning ijrochilik mahorati ustida erinmay ishladi, o'nlab yangi qo'shiqlar ijod qildi, ularni teatr xonandalariga o'rgatdi.

Endi asosiy gap: bu davrda u o'n sakkizta asarga musiqa bastaladi. O'n sakkizta! Buning qay darajada ulkan va e'tirofu ehtiromga loyiq mehnat ekanligini mutaxassislar yaxshi bilishadi, har bitta asarga yettita-sakkizta, balki undan ham ko'proq ariyalar, duetlar yoziladi, bundan tashqari sahnada yuz berayotgan voqealar ta'sirini oshirish, mohiyatini, kayfiyatini anglatish uchun mavzular bo'yicha boradigan kuylar ijod qilinadi.

Bastakorga o'zi yaratgan hamma asarlar ham aziz, hammasiga umrning necha qimmatli onlari sarf bo'lgan, yurakning, tafakkurning quvvati, mehnati sarf etilgan. Shunday bo'lsa-da, Mahmudjon ularning orasidan uchta asarning o'ziga, ayniqsa, ma'qul ekanligini, ko'ngli bu asarlardan tugal qanoat topganini ta'kidlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. R. Abduraxmanov. "San'atga baxshida umr"T., "O'qituvchi", 2008 y

2. R. Abduraxmonov. "Hayotim mazmuni san'at" Namangan nashriyoti,2012 y

3. M. Mirabdullayev. "Namanganlik san'atkorlar"Namangan nashriyoti,2021 y

4. M. Mirabdullayev. "O'rinboy Nuraliyev" Namangan nashriyoti, 2022 y

5. M. Mirabdullayev, R.Abduraxmonov, O.Abduraxmonov "Xushnavolar". "Arjumand media" Namangan nashriyoti, 2020 y

6. R.Abduraxmonov, O.Abduraxmonov "Intizor" "Arjumand media" Namangan nashriyoti, 2020 y

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.