Научная статья на тему 'BADIIY MATNLARDA RETRONIMLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI'

BADIIY MATNLARDA RETRONIMLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI Текст научной статьи по специальности «Философия, этика, религиоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
retronim / neonim / lingvopoetika / lingvokulturologiya / protonim.

Аннотация научной статьи по философии, этике, религиоведению, автор научной работы — Xolmonova Sadoqat Abdubannoyevna

Til bu har bir muallifning nutqida o‘ziga xos tarzda voqelanadigan imkoniyatdir. Turli uslublarda yozilgan matnlarning semantik, sintaktik va lingvistik mexanizmlarini tadqiq qilish o‘zbek tilidagi til birliklarining imkoniyatlarini yanada chuqurroq yoritishga imkon beradi. Shunday birliklardan biri o‘zbek tilidagi retronimlar hisoblanadi. Retronimlardan badiiy matnlarda qanday foydalanilganligini aniqlash, ularning matn tarkibidagi ahamiyatini ko‘rsatib berish ushbu maqolaning asosiy maqsadidir.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BADIIY MATNLARDA RETRONIMLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI»

BADIIY MATNLARDA RETRONIMLARNING LINGVOPOETIK XUSUSIYATLARI

Xolmonova Sadoqat Abdubannoyevna

O'zMU O'zbek filologiyasi fakulteti O'zbek tilshunosligi kafedrasi III bosqich tayanch

doktoranti

https://doi.org/10.5281/zenodo.11215869

Annotatsiya. Til bu har bir muallifning nutqida o'ziga xos tarzda voqelanadigan imkoniyatdir. Turli uslublarda yozilgan matnlarning semantik, sintaktik va lingvistik mexanizmlarini tadqiq qilish o'zbek tilidagi til birliklarining imkoniyatlarini yanada chuqurroq yoritishga imkon beradi. Shunday birliklardan biri o'zbek tilidagi retronimlar hisoblanadi. Retronimlardan badiiy matnlarda qanday foydalanilganligini aniqlash, ularning matn tarkibidagi ahamiyatini ko'rsatib berish ushbu maqolaning asosiy maqsadidir.

Kalit so'zlar: retronim, neonim, lingvopoetika, lingvokulturologiya, protonim.

XX asrdan boshlab dunyo tilshunosligida badiiy matnga lingvopoetik, lingvokulturologik tomondan qarash kuchaydi. Badiiy uslubdagi matnlarni lingvistik tadqiq qilish ehtiyoji adabiyot va tilshunoslik sohalarini bir nuqtada birlashtirdi. Badiiy matnda qo'llangan til birliklarining semantik-funksional tahlilini o'rganish har bir birlikning til tizimida tutgan o'rnini aniqlashda yordam bermoqda.

Badiiy matnda obrazlilikni ta'minlovchi leksik vositalardan biri retronimlar hisoblanadi. Ular matn tarkibida muallifning maqsadini aniqlashtirib berishga xizmat qiluvchi muhim birliklardan biridir. Ushbu maqolada tilimizdagi retronimlarning badiiy uslubdagi o'rnini aniqlashga, ularning lingvopoetik imkoniyatlarini misollar yordamida ko'rsatib berishga harakat qilinadi. Ana shunday retronimlardan biri soat so'zi bilan bog'liq.

Bu so'z bilan bog'liq retronimlarning badiiy asardagi vazifasini ko'rib chiqishdan oldin ushbu so'z retronimik qatorining kelib chiqishiga e'tibor qaratsak:

"Soat. [a. aniq bir vaqt, lahza; 60 daqiqalik vaqt]

1. Sutkaning yigirma to'rtdan bir ulushiga teng vaqt va shu muddatni ko'rsatuvchi vaqt o'lchovi.

3. Vaqtni sutka davomida shu o'lchovda o'lchaydigan asbob. Oltin soat. Cho'ntak soat. Devor(iy) soat. - Charm kamzulli yigit yon cho'ntagidan zanjirli soatini oldi, qopqog'ini qirs etkizib ochdi. S.Siyoyev, Yorug'lik. Vrach Mamlakatning tomir urishini soatiga qarab o'lchadi. O'.Usmonov, Sirli sohil"1.

Soatning dastlabki turi quyosh soati bo'lib, u Misrda o'rnatilgan. Keyingi davrlarda esa suv soati, qum soati, hatto olov soatidan ham foydalanilgan. Mexanik soatlar paydo bo'lgunga qadar qum soati amalda bo'lgan. XIII-XIV asrlarda Yevropada mexanik soatlar yaratildi. So'ng uning boshqa turlari: cho'ntak soatlari, qo'l soatlari keng ommalashdi. Soat turlarining ko'payib borishi ularni bir-biridan farqlashimizga sabab bo'ldi, natijada, soat so'zi bilan bo'gliq quyidagi retronimlar paydo bo'ldi:

Soat: quyosh soati, suv soati, olov soati, qum soati, mexanik soat.

Mexanik soat: devor soati, stol soati, cho'ntak soat, qo'l soat, "aqlli " (smart) soat.

Badiiy asarda soat so'zi bilan bog'liq retronimlar turli maqsadlarda ishlatiladi:

1 O'zbek tilining izohli lug'ati. 3-jild. - Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2020. - B. 536.

Tolibjon, birpas dam olib tur, biz yuqoriga chiqib betonchi bolalardan xabar olib qo'yaylik, - dedi Mirvali yon soatiga qarab, - agar xohlasang, biz bilan yur2.

Ushbu parchada ishlatilgan yon soati retronimi orqali biz Mirvaliga xos bo'lgan ayrim xususiyatlarni bilib olishimiz mumkin. Masalan, yon soat olib yuradigan qahramon, demak, u oddiy inson emas. Ma'lumki, avvallari yon (cho'ntak) soat hammada ham mavjud bo'lmagan. Qishloqlarda dehqonlar yoki cho'ponlar quyoshga qarab vaqtni aniqlab ketaverishgan. Cho'ntak soat ko'tarib yurishga ehtiyoj sezishmagan. Mirvalida yon soatning yurishi esa uning oddiy dehqon emasligini ko'rsatib turibdi.

Tolibjon hozir Mirvali olib qaragan qopqog'iga yoqut qadalgan yon soatni tanirdi. Bu soat uning otasidan qolgan edi. Kampir ona har sandiq ochganda uni Mirvaliga ko'rsatib, katta bo'lganingda tutasan, derdi. Ammo Mirvalining sabri chidamay, kampir yo'g'ida sandiq titib, soatni olar, uch-to'rt kun bolalarga maqtanib yurardi. Tolibjon ko'nglida, hali ham soat bor ekan-da, deb qo'ydi3.

Ushbu parchada Mirvali ishlatadigan soat tarixi keltirilgan. Mirvalining bolaligida soatni yashirincha taqib yurishi bolalar xarakteriga xos bo'lgan maqtanchoqlikni ko'rsatib bermoqda. Shuningdek, asar davomida qopqog'iga yoqut qadalgan ushbu yon soatning ko'p marotaba tilga olinishi Mirvalining ota merosiga bo'lgan e'tiborini, uning xotirasini qadrlab yurishini shu soatiga bo'lgan munosabatidan tushunib olish mumkinligini ko'rsatmoqda. O'zbeklarning ota-onaning vafotidan so'ng ularga tegishli bo'lgan kichik bir narsani ham avaylab yurishi, go'yo shu orqali ularga bo'lgan muhabbati abadiy ekanligini isbotlayotganday vijdoni tinch bo'lishini ifodalamoqda.

Xalqimizga xos bo'lgan yana bir xususiyat bor: kundalik ehtiyojimiz hisoblangan oddiy narsalar bilan maqtanish, faxrlanib yurish. Insonlar yashashi uchun boshpana hisoblangan uy bilan yoki uzoqni yaqin qilishga mo'ljallangan avtomobil bilan maqtanish holatlariga ko'pchiligimiz guvoh bo'lganmiz. Vaqtni aniqlash uchun xizmat qiladigan soatning (ayniqsa, qo'l soatining) ham ana shunday faxrlanishga vosita bo'lishi ko'pchilikka sir emas. Bolaligimizni eslaylik: biror sinfdoshimiz yoki o'rtog'imiz qo'l soat taqib kelsa, hamma unga havas bilan qarar edi. Qo'l soat taqqan bola esa "Soatimni ko'rib qo'yinglar", deganday shu qo'liga barchaning e'tiborini qaratishni xohlar edi. Soat orqali xarakterimizga xos xususiyatning ifodalanishini biz badiiy matnlarda ham ko'rishimiz mumkin:

Yosh kelin-kuyovlar bir-birlariga boshlarini tegizib turib, tilla tishi borlar kulib turib, qo'l soati borlar kaftini iyagiga tirab turib suratga tushadilar4

Berilgan parchadagi qo'l soat retronimi insonlardagi maqtanishga, o'zini boshqalardan baland tutishga bo'lgan moyilligini ifodalash uchun xizmat qilmoqda. Qo'l soat taqqan qo'lini iyagiga tirab rasmga tushish qizlar o'rtasida urf bo'lgan. Bunday misollar orqali biz retronimlarning badiiy matndagi lingvopoetik xususiyatlariga guvoh bo'lishimiz mumkin.

Badiiy asarlarda ko'p uchraydigan Eski shahar retronimiga e'tibor qaratsak. Ushbu retronimning paydo bo'lishi sabablariga avvalgi fasllarimizda batafsil to'xtalgan edik. Shahar so'zining izohiga e'tibor qaratilsa, unda Eski shahar retronimi emas, Yangi shahar neonimi misol tarzida keltirilganligiga guvoh bo'lamiz:

"Shahar [f. shahar, mamlakat] aholisi, asosan, sanoat, savdo, shuningdek, xizmat ko'rsatish, boshqaruv, fan va madaniyat sohalarida band bo'lgan yirik ma'muriy, madaniy aholi

2 Said Ahmad. Jimjitlik. - Toshkent, G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti, 1989. - B. 17.

3 Said Ahmad. Ko'rsatilgan asar. - B. 17.

4 Said Ahmad. Ko'rsatilgan asar. - B. 73.

manzilgohi. Markaziy shahar. Yangi shahar. Qahramon shahar. Devorda osig'liq Kavkaz xaritasidagi shaharlarning nomini sanab chiqdim. Shuhrat, Shinelli yillar. To'rxaltani ko'tarib avtobusga o'tirishdi-da, shaharning shimoli-sharqiy massiviga borib tushishdi. O'.Hoshimov, Qalbingga quloq sol"5.

"O'zbek tilining izohli lug'ati"dan olingan ushbu parchadan shahar so'zining lug'aviy ma'nosini va uning tarkibida yangi shahar neonimi mavjudligini bilib olamiz. Eski shahar retronimi esa izohli lug'atda uchramaydi. Yangi shahar neonimi eski shahar retronimining hosil bo'lishida ishtirok etishiga ahamiyat berilmagan. Eski shahar aslida respublikamizning turli shaharlarida mavjud. Bu birikma tilga olinganda shaharning tub aholisi yashaydigan, qadimdan shu shaharliklar joylanib, boshqa hududlardan ko'chib kelmagan insonlar istiqomat qiladigan qismi tushuniladi. Bu hudud kishilari o'zlarini boshqalardan bir pog'ona baland deb hisoblashlari ham sir emas. Eski shaharlar barcha katta shaharlarda mavjudligiga qaramay, badiiy matnda uchraydigan eski shahar retronimi o'quvchiga aynan Toshkentni eslatadi. Toshkentning eski shahar qismi ruslar tomonidan qurilgan yangi shahar natijasida shunday nomlangan va bu ikki hudud o'rtasida har tomonlama farq mavjud bo'lgan. Eski shaharda tug'ilib, voyaga yetgan insonlar o'qish va ishlash uchun yangi shaharda qoladilar va Eski shahar retronimini eshitganda qalblari mungli bir hayaj onga, sog'inchga to'ladi. Yozuvchilar esa insonlardagi bu holatdan badiiy maqsadda foydalanadilar:

Trolleybus dardmand kimsadek bazo'r sudralib Eski shahar tomon borardi. Eski shahar! Bundan o'n besh yil avval qanday bo'lsa, hozir ham o'shanday g 'aroyib bir fayz-u shukuh bilan qaynab yotardi u. Har tomonda tiriklik tantanasi - hayot ufurardi: osmonni to'ldirgan baynalmilal g'ala-g'ovur, rastalarda qulf urgan Jannat, xayolkash chollar, pashmakdek muloyim kampirlar, bir zum tinmagandek, bir zum tinmaydigandek tuyulguvchi shikasta hind kuylari... Bu eski va yangi rastalar bag'rida, hashamatli timlar ostida mardlik-u olchoqlik, xoksorlik-u g'irromlik, ziqnalik-u hotamtoylik, nozli lutf-u chapani bir ruh aralash-quralashiga daryoday guvullab yotar edi6.

Ushbu parchadagi Eski shahar retronimini o'qiboq o'quvchining ko'z o'ngida Toshkentning ko'hna bir parchasi namoyon bo'ladi. Parchadan ma'lumki, qahramonning bu hududga mehri bo'lakcha, uni to'lib-toshib faqat ijobiy sifatlar bilan ta'riflamoqda. Uning Eski shaharga tashrifi xuddi bolalikka, yoshlikka tashrifiga o'xshaydi. Uning hayotidagi eng yorqin lahzalari shu yerda kechgan. Ulg'ayib boshqa yerlarga ketganda ham yoshlik sog'inchi uni bu yerlarga yetaklab keladi. Atrofdagi hamma narsa uning ko'ziga faqat yaxshi xislatlari bilan ko'rinadi. Bundan shunday xulosaga kelamizki, badiiy asarlarda, qo'shiqlarda ko'p tilga olinadigan Eski shahar retronimi inson qalbidan joy olgan bolalik sog'inchi, yoshlikni qo'msash kabi mazmunlarni tashiydi.

"Axir, tramvayni trolleybusga, trolleybusni avtobusga almashtirib, Rahmonimiz Eski shaharning Qumlog'i-yu, Qorasaroyiga yetib bordi... Mana tanish torko'cha, mana tambalanmagan baland bo'sag'ali eshik, mana katta xolasining uyi tomon tosh yo'lakcha... Rahmonni shu to'g'ri yo'lakchada shahdidan qo'ymaylik-da, o'zimiz yashin nafasimizni rostlab olish uchun yarim og'iz Rahmonjonning katta xolasidan aytaylik"7.

Bu parchadagi Eski shahar ham bolalik timsoli. Rahmonning xolasining aynan shu yerda yashashi, xolasini ko'rgani kelganda esa bolalik xotiralarini yodga olib, shirin entikish bilan

5 O'zbek tilining izohli lug'ati. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 4-jild. - Toshkent. 2020, - B.560.

6 Sultonov X. Ko'ngil ozodadir. - Toshkent: O'zbekiston. - B. 185.

7 Ismoil A. Murtad. - London, 2010. - B. 169.

eslashi, hatto bolaligimizdagi tambalanmaydigan eshiklarning tasvirigacha - barchasi Eski shahar retronimida mujassam. Bundan ushbu retronimning badiiy adabiyotdagi vazifasi bolalik sog'inchini ifodalash degan xulosaga kelamiz.

Badiiy matn tarkibidagi ayrim retronimlar lingvokulturologik vazifa bajarib keladi. Ya'ni o'sha retronim orqali biz ayrim jamiyatga, ularning madaniyatiga xos xususiyatlarni anglab olamiz. Bunga misol qilib qumg'on choy retronimini keltirishimiz mumkin.

"Choy [t.-f. < xit.cha] 1. Bargi damlab ichiladigan, janubiy o'lkalarda o'suvchi doimiy yashil buta daraxti, buta. Choy plantatsiyalari. - Choy o'simligi 2-3 yoshlik bo'lganda, tuplarga shakl beriladi, yon shoxlar kesiladi. (O'zME).

3. Shu o'simlikning maxsus ishlangan, maydalangan barglaridan damlangan xushbo'y ichimlik. Bir payola choy. Achchiq choy. Issiq choy. Yaxna choy. - Hindining ichgani asl choy bo'lar. "Gulnorpari""8.

Choy Xitoyda paydo bo'lgan bo'lsa ham, o'zbek xalqi hayotida eng muhim ichimlik hisoblanadi. Qadimdan ota-bobolarimiz choysiz kun kechirishmagan. Choy o'zbek xalq kulinariyasining muhim bir qismi, desak adashmaymiz. Choy so'zining retronimik qator hosil qilishida ham jamiyatdagi yangiliklar muhim rol o'ynaydi. Dastlab choy o'choqda qaynatilgan va uni qaynatishda qumg'ondan foydalanishgan. Lekin qumg'on choy deb atalmagan. Chunki choy qaynatish uchun boshqa vosita yo'qligi sababli farqlash ehtiyoji ham mavjud bo'lmagan. Keyinchalik esa gaz yoki elektr yordamida ham choy qaynatish imkoniyati paydo bo'ldi. Ular uchun maxsus gaz choynak yoki elektr choynaklar ishlab chiqarildi. Natijada avvaldan ichib kelingan, o'choqda qaynatilgan choy qumg'on choy deb qayta nomlandi. Buni quyidagicha ifodalashimiz mumkin:

Choy - dastlab qumg'onda qaynatilgan, hozir har qanday choy (protonim)

Gaz yoki elektrda qaynatilgan choy - hozirgi umumiy ma'nodagi choy (neonim)

Qumg'on choy - dastlab har qanday choy, hozir faqat o'choqda qaynatiladigan choy (retronim)

Mana shu qumg'on choy retronimi badiiy asarlarda ma'lum bir maqsadda ishlatiladi. Ma'lumki, hozirgi kunda chekka qishloqlardagi gaz yoki elektr tanqisligi sababli qumg'onda choy qaynatish usuli saqlangan. Badiiy matnda ushbu holatni tasvirlash orqali qishloq hayotiga ishora qilish, qishloq odamlarining turmush tarzini tasvirlash maqsad qilinadi. Ba'zan esa qumg'on choy retronimi unutilgan, qadrdon ta'mni eslash, sog'inch hissini ko'rsatish uchun xizmat qiladi.

Mirvali uning gapiga parvo qilmay eshik tomon yura boshladi.

- Udaydini o'zim topib kelaman. Zaynab, singlim, qumg'onda bitta choy qaynatvorgin.

- Gapingiz qursin, direktor, shupaytda kim qumg'onda choy qaynatadi?

Kampir gapga aralashdi:

-Xo'p degin, bolam, darrov xo'p degin. Qumg'on choyini sog'ingandir-da9.

Ushbu parchada qumg'on choyga nisbatan Zaynabning eskilik tushunchasi sifatida qarashini kuzatsak, Mirvali va kampir enaning unga qadrli tushuncha sifatida qarashini bilib olamiz. Shu asarda ko'p tilga olingan qumg'on choy retronimi boshqa choylarga nisbatan lazzatli ekanligi, inson uni ichishni sog'inib turishi kabi ma'lumotlarni o'zida ifodalaydi. Shuningdek, o'zbek xalqiga xos bo'lgan choy madaniyatini ko'rsatib beradi.

8 O'zbek tilining izohli lug'ati. 4-jild. - Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2020. - B. 503.

9 Said Ahmad. Jimjitlik. - Toshkent, G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va sanat nashriyoti, 1989. - B. 11.

Yuqorida keltirilgan misollardan ko'rish mumkinki, retronimlar badiiy uslubda o'ziga xos o'ringa ega bo'lib, poetik nutqda fikr aniqligini anglatadigan, ramziy ma'no tashiydigan leksik vositalardan biri hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Ismoil A. Murtad. - London, 2010.

2. Said Ahmad. Jimjitlik. - Toshkent, G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti, 1989.

3. Sultonov X. Ko'ngil ozodadir. - Toshkent: O'zbekiston, 2021.

4. O'zbek tilining izohli lug'ati. 3-jild. - Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2020.

5. O'zbek tilining izohli lug'ati. 4-jild. - Toshkent: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2020.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.