UIF-2022: 8.2 SCIENCE AND INNOVATION 2022
ISSN: 2181-3337 INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL №4
ZULFIYA QUROLBOY QIZINING "AYOL" HIKOYASIDA AYOL OBRAZI
PSIXOLOGIZMI Sadullayeva Darmonjon
Urganch davlat universiteti Filologiya fakulteti talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.6983693
Annotatsiya. Maqolada bugungi o'zbek hikoyanavisligida o'zining hikoyalari bilan nom qozongan va o'z hikoyalarida ayol obrazlarini mahorat bilan gavdalantira olgan adiba Zulfiya Qurolboy qizining "Ayol" hikoyasidagi bosh obraz Nazokatning ruhiy holati, ichki kechinmalari tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: ruhiyat, azob, dard, kasallik, mehr-muhabbat.
ПСИХОЛОГИЗМ ЖЕНСКОГО ПЕРСОНАЖА В ПОВЕСТИ ЗУЛЬФИИ
КУРОЛЬБОЙ «АЙОЛ»
Аннотация. В статье анализируются душевное состояние и внутренние переживания Назокат, главной героини повести «Аёл» писательницы Зульфии Куролбой, прославившейся своими рассказами в современной узбекской новеллистике и искусно воплотившей в своих рассказах женские образы.
Ключевые слова: дух, страдание, боль, болезнь, любовь.
PSYCHOLOGISM OF A FEMALE CHARACTER IN ZULFIYA KUROLBA'S STORY
"AIOL"
Abstract. The article analyzes the state of mind and inner feelings of Nazokat, the main character of the story "Ayol" by the writer Zulfiya Kurolboy, who became famous for her stories in modern Uzbek short stories and skillfully embodied female images in her stories.
Keywords: spirit, suffering, pain, illness, love.
KIRISH
Ayol obrazi qalamga olingan asarlar o'zbek adabiyotida yetarlicha. Bu obraz hayotning turli chigalliklari, mushkullarini aniqroq ko'rsatishda yaqqol namoyon bo'ladi va bu orqali ayollarning sabr-toqat, iroda, mehr-muhabbat, vafo kabi tuyg'ular qay darajada shakllanganligini ko'rsatishda yordam beradi. Zulfiya Qurolboy qizi nasrida ham ayol obrazlarining shunday qirralari turli xil hayot sinovlari ta'sirida ochib berilgan. Xususan, adibaning "Ayol" hikoyasida hayotda dard topganligi sababli qiynalgan, kundan kunga sog'ligi yomonlashsa ham o'zini kuchli qilib ko'rsata oladigan, hayotga muhabbatini yo'qotmagan Nazokat obrazi orqali hikoyaning mazmun-muhiyati ochib beriladi.
TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI
Hikoya prologining tabiat tasviri bilan boshlanishi bosh qahramon Nazokatning hayotga bo'lgan muhabbatini ko'rsatib berishga xizmat qiladi: "Deraza oynasidan to'kilayotgan oppoq nur ayolning yumuq qovoqlarini qizartirdi, jilva qildi, yanoqlariga ilingan marvarid tomchilarida va barmoqlaridagi uzukning olmos ko'zchalarida aks etdi." Bu o'rinda adiba qahramon ruhiyati va hikoya mazmunini ochib berishda quyosh obrazidan unumli foydalangan. Ayolning yanoqlariga ilingan marvarid tomchilari, ya'ni ayolning og'riqdanmi yoki mehribon ona, suyukli rafiqasi sifatida oilasini tashlab ketishga ko'zi qiymayotganidanmi, kechalari ham ko'z yosh to'kib chiqqani, ruhiy va jismoniy tomondan qiynalayotgani, quyosh nurining uning yuzidagi ko'z yoshlarida aks etishi Nazokatning ruhiy holatini ochib beradi. Ayol qiynalayotgan bo'lsa ham eriga azoblarini bildirmas, "Aft-angorimga qarang, yaxshilab qarang, men yaqin-o'rtada
UIF-2022: 8.2 SCIENCE AND INNOVATION 2022
ISSN: 2181-3337 INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL №4
o'ladigan odamga o'xshaymanmi? O'zimni har qachongidan yaxshiroq his etyapman..." deya o'zin xuddi soppa-sog' odamdek ko'rsatar, erining rahmini keltirgisi kelmas edi. Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi degandek, Shavkat quchog'iga birdan otilib ko'ksiga boshini qo'ygan xotinining kuchli harorati va ko'z yoshlarini tuydi. "Xotinining qovjiragan lablari issiq edi. Yuzi issiq edi. Nafasi issiq edi. Yuziga tegib turgan sochlaridan-da hovur sahrayotgan edi." Tanasi shunchalik lovullab yonayotgan ayolning yuragi qanchalik yonayotgan ekan-a? Nazokat ham ruhan, ham jismonan azob ko'rar, shifokorlar ea bu og'riqlar hali holva ekanini aytishardi. Shunday bo'lsa-da u yashash uchun kurashishni xohlardi.
"-Radioni nimaga o'chirib qo'ydingiz?
-Senga tinchlik kerak. Do'xtir aytdi.
-Men atay radioni yoqib qo'ygandim. G'ing'illab tursa qattiq uxlab qolmayman..." Uning bu jumlalarida ham nafaqat qattiq uxlashdan, balki abadiy uyquga ketish va ko'zini qayta ocha olmaslikdan ham qo'rqishini tushunib olish mumkin.
Kundan kunga Nazokatning sog'ligi yomonlashar, oyoqlari ham shishib borar, bundan tashqari qornida ham yana suyuqlik to'planib kattalashib borar edi. Bu ahvolda o'tirish ham, yotish ham unga noqulaylik tug'dirar, xipcha bellari bu og'irlikni ko'tarishga qiynalar edi. Shunday bo'lsa ham u yashash uchun kurashar, ming azob-u og'riqlarga chidashgan tayyor edi, hatto hayotini xavfga qo'yib bo'lsa ham qornidagi suyuqlikni hammasini oldirib tashlashga rozi edi: "Bu gal judayam qiyin bo'lsa kerak-a? Qattiq azob tortsam kerak. Qaysidir palatada bir ayol kechadan beri chinqirib yotibdi-yu, shunga o'xshab. Lekin buni qarang, qornim soat sayin kattalashib ketyapti. Hademay, do'mbiraday bo'lib qolsa kerak. Men bunday xunuk alfozda..." Shu alfozda eri ko'rsa siqiladi. Axir Nazokat qiynalayotganini eriga ko'rsatgisi kelmas, tunda ham eriga bildirmasdan unsiz yig'lab chiqardi. Bunday azoblardan, qiyinchiliklardan charchagan ayol butun hayotini xavfga qo'yib bo'lsa ham qornidagi suvni oldirishga qaror qiladi. Axir uning hayotda yashashga bo'lgan yagona umidi ham shu edi. Yashash, oilasining bag'riga qaytish uchun u ajalning ko'ziga tik boqishga ham tayyor. Uning bu harakatlaridan mehribon ona, jonkuyar rafiqa sifatidagi harakatini, o'ziga yarasha qat'iyatini ham ko'rishimiz mumkin.
TADQIQOT NATIJALARI
Shunday qiyin kunlar o'tayotgan bir paytda "Kechga borib Nazokatni hiqichoq tutdi. Ikki-uch marta "hiq-hiq" etdi-yu, birdan ichidan qandaydir suyuqlik otilib chiqdi..." Shundan keyin uning operatsiya qildirishdan boshqa iloji ham qolmaydi. Voqealar qizg'in tus oladi, Nazokatning taqdiri kitobxonning butun diqqatini o'ziga torta boshlaydi. Bu o'rinda adiba qahramon taqdirini o'ziga xos tarzda tasvirlaydi, xuddi hikoya prologidagidek quyosh tasvirini beradi. "Shu'la shu lahza karovatda yotgan xushbichim va go'zal ayol yuzida jilva qildi, qovoqlarini qizartirmoqchi bo'ldi, lekin tosh qotgan qovoqlar qilt etmadi, shu'la o'ziga qadrdon qorachiqlarda akslanmoqni istadi, ammo ularni topa olmadi, u faqat ayolning barmoqlarida paydo bo'lib qolgan uzukning olmos ko'zchalaridagina aks eta oldi."
Bu jumlalardan tosh qotgan qovoqlarning qilt etmasligi, shu'alning qorachiqlarda akslanmasligi orqali ayolning vafot etganini, endi u quyoshga har kun ertalab muhabbatini izhor qila olmasligini hech ikkilanmasdan bilib olishimiz mumkin. Bu o'rinda adiba Nazokatning hayotga muhabbati va taqdirini ifodaashda quyosh hamda uzuk detallaridan unumli foydalanganini ko'rishimiz mumkin.
MUHOKAMA
UIF-2022: 8.2 SCIENCE AND INNOVATION 2022
ISSN: 2181-3337 INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL №4
Zulfiya Qurolboy qizining "Ayol" hikoyasida Nazokat obrazi ayollarning o'ziga xos matonati, sabr-toqati, irodasi, mehr va sadoqati, qat'iyati va mardonavorligini ochib bergan desak, hech mubolag'a bo'lmaydi. Hikoya bosh qahramoni Nazokatning hayot uchun kurashishlari, turli og'riq-u azoblarga bardosh berayotganida uning ruhiyatida matonatni, og'ir hamda xunuklashgan holda erining ko'ziga ko'rinishni istamagan paytida rafiqa sifatidagi mehr hamda jonkuyarlikni ko'rishimiz mumkin. Hikoyaning hech qanday bo'rttirishlarsiz hayotiy yozilgani uning ta'sirchanligini ta'minlagan. Adabiyotshunos Hotam Umurov ta'kidlaganidek, "Yozuvchi hayot haqiqatiga o'xshash narsa (badiiy haqiqat) ni yaratish uchun, hayotiy fakt va hodisalarni o'zining ruhiy laboratoriyasida "qaynatishi", ishlashi, sintezlashtirishi, ya'ni tasavvuri, xayoli, tajribasi, qalbi, dunyoqarashi, tabiati bilan boyitgan va muayyan mavzuga, g'oyaga xizmat qiluvchi eng zarur detallarni, xarakterli va kerakli fakt va hodisalarni tanlagan holda, tugallik kasb etgan hayotni yaratishi lozim". XULOSA
Zulfiya Qurolboy qizi ham "Ayol" hikoyasida hayot qiyinchiliklarning bir qirrasini qalamga olib ayol matonati ko'rsatib, ayol ruhiyatini aniq va ta'sirchan tarzda tasvirlay olgan hamda hikoyada ayol taqdirni muhim detallarni orqali bayon qilgan. Bu esa adibaning yuksak mahorati va iste'dodidan darak beradi.
REFERENCES
1. Zulfiya Qurolboy qizi "Ayol". -T. G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa uyi, 2005
2. Umurov H. "Badiiy ijod asoslari". -T: 0'zbekiston.2001
3. Qayumov L. "Zamondoshlar". G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti-Toshkent.1985
4. Normatov U. "Ijod sehri". -Toshkent. Sharq. 2007
5. Normatov U. "Nafosat gurunglari". -Toshkent."Muharrar", 2010