Жамият ва инновациялар -Общество и инновации -Society and innovations
Journal home page: https://inscience.uz/index.php/socinov/index
System of images in the works of Jamila Ergasheva
Rushana ZARIPOVA1 Shofiyev OBID 2
Termez State University
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history.
Received March 2021 Received in revised form 20 March 2021 Accepted 15 April 2021 Available online 20 May 2021
Keywords:
image,
imagery,
plot,
creative method, inner experiences, character,
methodological skills, author's
speech,
art,
drama, conflict, solution.
This article is devoted to the author's methodological skills in depicting the images in the works of Jamila Ergasheva, including the image of women, their inner experiences, events in the inner and outer world of man through images of women.
The article provides a detailed analysis of Jamila Ergasheva's image-making skills in her stories and narratives, her style of portraying the characters, and additional artistic means. There will also be an independent reflection on the artist's creative method, methodological approach, and the extent to which he or she portrays the inner mental image of the images to the reader.
2181-1415/© 2021 in Science LLC.
This is an open access article under the Attribution 4.0 International (CC BY 4.0) license (https: //creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru)
Jamila Ergasheva ijodida obrazlar tizimi
ANNOTATSIYA
Kalit so'zlar
obraz,
obrazlilik,
syujet,
ijodiy metod, ichki kechinmalar, xarakter, uslubiy mahorat, muallif nutqi, badiiylik, dramatizm, konflikt,
Ushbu maqola Jamila Ergasheva ijodida qalamga olingan obrazlar, jumladan ayollar obrazi, ularning ichki kechinmalari, insonning botiniy va zohiriy dunyosida sodir bo'luvchi voqealar ayollar obrazlari orqali tasvirlanishi, bunda muallifning uslubiy mahoratiga bag'ishlangan.
Maqolada Jamila Ergashevaning qissa va hikoyalaridagi obraz yaratish mahorati, qahramonlarining xarakterini yoritishdagi uslubi, qo'shimcha badiiy vositalar atroflicha tahlil etiladi. Shuningdek, ijodkorning ijod metodi, uslubiy yondashuvi hamda obrazlarning ichki ruhiy tasvirini qay darajada o'quvchiga tasvirlab berganligi haqida mustaqil fikr yuritiladi.
1 master, Termez State University. Termez, Uzbekistan. E-mail: [email protected].
2 doctor of Philosophy in Philology (PhD), Termez State University. Termez, Uzbekistan.
Система изображений в работах Джамили Эргашевой
АННОТАЦИЯ_
Данная статья посвящена методическому мастерству автора в изображении образов в произведениях Джамили Эргашевой, в том числе образа женщин, их внутренних переживаний, событий во внутреннем и внешнем мире мужчины через образы женщин.
В статье подробно анализируются образные навыки Джамили Эргашевой в повествовании и повествовании, ее стиль изображения персонажей и дополнительные художественные средства. Существует также независимое осмысление творческого метода художника, методологического подхода и степени, в которой он или она передает читателю внутренний мысленный образ образов.
O'zbek adabiyotida hikoyaning mumtoz namunalarini, o'lmas durdonalarini yaratgan, realistik hikoyachiligimizning asoschilaridan deya haqli ravishda tan olingan buyuk adib Abdulla Qahhordan keyin bu borada yangilik qilishga erishgan ijodkor Shukur Xolmirzaev edi. Adibning voqealar tafsilotiga emas, psixologik tahlil, milliy xarakterlarga asoslangan hikoyalari adabiyotni asl vazifasiga - inson va uning taqdiri, ko'nglini tadqiq etishga yo'naltirish yo'lidagi izlanishlar edi. Keyinroq bu janrda barakali mehnat qilib, uning yangi imkoniyatlarini ochishga uringan Murod Muhammad Do'st, Erkin A'zam, singari nosirlar ijodi ana shunday izlanishlardan oziqlandi. Bu adiblar adabiyot, avvalo, insonshunoslik ekanini isbotlashga harakat qildi. Zero, hikoyachilik ustasi SH. Xolmirzaev ta'kidlaganidek, "Muammolarningmuammosi - odam. Badiiy asarda odamni chinakamiga aks ettirish orqali uning qilmish-qidirmishlaridan muammolar kelib chiqaveradi. Bu muammolarni hal qilish esa yozuvchining ishi emas. Uni hayot hal etadi. O'sha hal etilish jarayoni esayana adabiyotda o Z aksini topishi mumkin ".
A.P. Chexovning "Yozuvchining vazifasi - muammolarni yechish emas, qo'yishdir", -degan mashhur gapi aynan shu ma'noni ifodalaydi.
Iste'dodli ijodkor Jamila Ergasheva hikoyalarida ham jamiyatdagi yirik ijtimoiy-siyosiy masalalar, yetakchi, faol qahramonlar hayoti qalamga olinmaydi. Ular uchun kundalik turmushdagi oddiy hodisa, biror odamning odatiy hayoti ham mavzu, o'sha insonning o'zi qahramon bo'lishi mumkin. Muallifning asosiy maqsadi - qahramonning yetakchilik faoliyati, namuna bo'ladigan jihatlarini ko'rsatishdan ko'ra uning qalbiga chuqurroq kirish, ko'ngil kechinmalarini teranroq ifoda etish.
Taniqli rus hikoyanavisi Yuriy Kazakov bunday deb yozadi: "Adabiyotning vazifasi -inson qalb kechinmalarini ifodalashdir. Bizning rus adabiyotimizda Lev Tolstoy hanuz bosh siymo ekanining sababiham shunda. Dvoryanlik, pomeshchiklar, krepostnoy huquq - bularningbarchasi uzoq o 'tmish, ammo ularhaqidagiasarlarhamon maroq bilan o 'qiladi. Chunki Tolstoy inson qalbini aks ettiradi. Bunday asarlar hech qachon eskirmaydi".
Odatda havaskor yozuvchi ijodni hikoya qoralashdan boshlaydi. Chunki hikoya janri bo'lajak yozuvchiga mashq qilish, malaka oshirish, ijodkor sifatida shakllanish, muayyan bir yo'nalishga tushib olib, o'ziga xos uslubga ega bo'lish uchun har jihatdan qulay.
Nasrdagi izlanish va tajribalar samarasi o'laroq bugungi kunda hikoyaning hajmi, mavzu doirasi, badiiy-estetik tasvir vositalari kengaydi. Romanga xos vazmin va keng
Ключевые слова:
образ,
образность,
сюжет,
творческий прием, внутренние переживания, персонаж,
методические навыки,
авторская речь,
искусство,
драма,
конфликт,
разрешение.
ko'lamli tasvirning hikoyaga ko'chishi, ichki psixologik tahlilning kuchayishi, hozirgi murakkab fan va texnologiyalar zamonida inson dunyoqarashi, tuyg'u va kechinmalari chigallashib borayotgani bunga sabab bo'ldi.
Mashhur rus yozuvchisi Maksim Gorkiy ta'kidlaganidek: "Hikoya so'zni tejashga, materialnimantiqiy joylashtira bilishga, syujetravshanligiga, tema aniqligiga o'rgatadi".
Hikoya janri adiba jamila Ergasheva ijodida ham alohida o'rin egallaydi. "Munavvar dunyo", "Bola", "O'lim", "Yolg'izlik", "Sog'inch", "Qaytish azobi", "Gunoh", "Kuzatuv", "Hayratning o'limi", "Jodu", "Bir kiyimlik mato", "Uzilgan rishta", "Otasining qizi", "Oyjamol" va boshqa shu kabi hikoyalar Jamila Ergasheva ijodinig o'ziga xos qirralaridir.
Mazkur hikoyalar orqali adiba o'z so'zini aytishga intilgani, o'zbek adabiyotiga o'ziga xos mavzu, muammo va qahramonlari orqali o'zgacha bir uslub bilan kirib kelganini ko'rish mumkin.
Jamila Ergashevaning "Ayol jodusi" degan to'plami nashr qilinganida ustoz adib Shukur Xolmirzayev so'zboshi sifatida adiba shaxsini, uning ijodini e'tirof etgan edi. Adib to'plamga yozgan taqrizida quyidagilarni ta'kidlaydi:
"... Bu singil besh-olti qissa va hikoyalar to'plamini chiqargan.: shunisi ajoyibki, asarlarining aksari o'sha chetki viloyatning qo'lbola nashriyotlarida chop etilgan. To'g'ri, ulasarlarningko 'pi dastlab respublikaninghurmatli jurnallarida bosildi, gazetalarida chop etildi.
Ammo ular kitob holida chiqsin deb markazgayugurmadi u qizimiz.
Negaki...
... uning uchun ASAR YOZISH - amal edi. Ana uni chindan ham "avvalo, o'zi uchun-O'ZINIQANOATLANTIRISHuchunyozibkelayotir"deyish mumkin...
Qolaversa, u hamon o'zini "to'laqonli adib" deb hisoblashga tili bormas ekan. YOZUVCHILIK - uning uchun shu qadar mas'uliyatli kasb-mo'tabar nom ekan.".
"Mavzu - badiiy kashfiyotning negizi, ijodkorda qiziqish, fikr uyg'otadigan va o'z nuqtayi nazarini ifodalashga undaydigan asos" ekani e'tiborga olinsa, Jamila Ergasheva hikoyalarida bunday asos doirasi keng. Adib qalamga olgan mavzu ham, asarlari syujetiga asos qilib olingan voqealar ham g'ayrioddiy, favqulodda bir "kashfiyot" emas, balki hayotiy, tabiiy manzaralardir. Bu hikoyalarda oddiy bir odam hayotning turli vaziyatlarida qay ahvolga tushishi, o'zini qanday tutishi, aniqrog'i, uning ruhiy kechinmalari tadqiqi yozuvchining badiiy izlanishlarida asosiy o'rinda turadi.
Jamila Ergasheva qissa va hikoyalarining aksariyatida qishloq hayoti, qishloq odamlarining oddiy va samimiy hayoti tasvirlanadi. Bir so'z bilan aytganda inson tabiatga yaqinroq bo'lishi bilan uning asl qiyofasi yanada aniq namoyon bo'ladi, o'y-fikrlari samimiylashadi.
Qishloq ahli tabiatan biroz sodda, to'pori, ammo samimiyligi bilan ajralib turadi. Qishloqda deyarli hamma bir-birini taniydi, odamlar o'rtasida mehr-muruvvat, andisha, or-nomus kabi insoniy fazilatlar ham kuchliroq bo'ladi. Milliy xususiyatlar, urf-odat va an'analar, mahalliy muhit ham qishloqda yaqqolroq ko'zga tashlanadi. Balki aynan shu holat yozuvchilarning qishloqqa, qishloq odamlari hayotiga tez-tez murojaat etishiga sabab bo'lgandir.
Jamila Ergasheva asarlarida qalamga olingan ma'naviy muammolar dolzarbligi bilan ham ajralib turadi. Ularda oilaparvarlik, insoniylik (Zubayda, Zulfizar hayoti lavhalari tasvirlangan voqealar: "Intiqom", "Zulfizar" qissalari); insonning qadr-qiymat, o'zaro munosabatlar yoki o'z hayotidagi xato va kamchiliklarni anglab yetishdagi ruhiy holati
("Qir ustidagi ayol", "Shom shafag'i jilvalari", "Tanazzul", va boshqalar); ijtimoiy-maishiy turmush tafsilotlari, muhabbat, oilaviy munosabatlar ("Otasining qizi", "Oyjamol", "Izhor" singari hikoyalari); qishloq hayoti, soddadil, to'pori fe'l-atvorli odamlarning kundalik turmush tashvishlari ("Kuzatuv", "Jodu"); hayot va mehnat qaynab-toshgan sershovqin shahar, nimagadir ulgurmayotgandek mudom yugurib-shoshib yuradigan shaharliklar hayoti, ma'naviy dunyosi aks etgan, insonlarni bir-biriga do'st yoxud raqibga aylantiradigan vaziyatlar ("O'lim", "Uzilgan Rishta", "Yolg'izlik" kabi), umuman, real hayotda mavjud turli-tuman insoniy muammolar yoritilgan. Bu asarlarda turfa taqdirlar, turli insonlar tasvirlangan bo'lsa-da, ularni o'zaro bog'lab turadigan ichki bir rishta, yaqinlik borki, u ham bo'lsa - yozuvchining hassos qalbi, tiyrak nigohi.
Badiiy adabiyotda ota-bola, avlodlar va ajdodlar o'rtasidagi munosabatlar hamisha muhim mavzulardan biri bo'lib kelgan, bu borada ko'p va xo'b asarlar yaratilgan. Jamila Ergashevaning "Otasining qizi", "Oyjamol" hikoyalarida ko'proq otaning farzandga, aniqrog'i qiziga munosabati tasvirlanadi. Bu munosabat, asosan, otaning botiniy kechinmalari tarzida ifodalanadi, muhim ma'naviy-axloqiy ahamiyat kasb etadi.
"Otasining qizi" asarida ota va farzandlar o'rtasidagi munosabat ochib berilgan. Ko'z qorachig'idek asrab- avaylab o'stirgan qizining Toshkentga borib o'qishiga qarshilik qilgan ota, qizining o'qishga kirganini eshitib behad sevinadi. Quvonadi,ammo sezdirmaydi. Ich-ichidan sevinadi. Otalarga xos sipolik, vazminlik obraz xarakterida aks ettiriladi. Oiladagi kelinlar ham, boshqa farzandlar ham ota oldida doim tavoze'da. Biror marta qattiqqo'llik qilmagan bo'lsa-da, otaning farzandlari oldidagi hurmati cheksiz. Qizi amaliyot o'tash uchun qishlog'iga kelgach, uning so'lg'in qiyofasiga qarab otalarcha mehri toshadi. Qiziga tansiqroq taom qilib berishni kampiriga buyuradi. Bir safar qizini ko'ngilga yaqin olgan yigiti bilan gaplashishini sezgan ota qahrlanadi. Chunki uning tasavvurida u hali ham go'dak. Ammo, tong otgach qizining holatidan ota barchasini tushunib yetadi. Vaqt kutib turmasligini, farzandlar ulg'aygach, ota-onasidan uzoqlashib borishini, ayniqsa, "qiz bola birovning to'ni" ekanligini his etadi.
Oddiygina bir oilaning turmush tarzi, ota-ona, ularning ilk qizlariga bo'lgan munosabati munosabati tasvirlangan ushbu hikoyada, sirtdan qaraganda, bular kundalik hayotning ahamiyatsiz ikir-chikirlaridek tuyulishi mumkin. Ammo mana shu "ikir-chikirlar" insonning kelajagini,taqdirini hal qiladi. Kimdir bolasiga qattiq qo'l bo'lsa, boshqa birov uni erkalab taltaytiradi. Doimiy taqiq-tergovda o'sgan bolaning o'z fikri bo'lmagani, mustaqil biror ishni eplayolmagani kabi, har qanday xohish-istagi ota-ona tomonidan so'zsiz bajarilgan, hamma narsaga ular orqali oson erishgan farzand ham mas'uliyatsiz, qo'lidan ish kelmaydigan landovur bo'lib ulg'ayishi tayin. Bunday odam bir kun oila qurib farzandli bo'lganida unga qanday tarbiya beradi? Yoki o'zi amal qilmagan narsani farzandidan talab eta oladimi? Zero, bolalar har ishda kattalardan, birinchi ota-onasidan ibrat oladi, ularga taqlid qiladi, har jihatdan ularga o'xshashga intiladi. Inson ko'pincha e'tibor beravermaydigan, ahamiyatsiz hisoblagan ana shunday "ikir-chikirlar" kelajakda katta ko'ngilsizlik va tashvishlarning yuzaga kelishiga zamin bo'lmaydi deb kim ayta oladi? Bizningcha, aynan shu muammo muallifni tashvishlantirib, qo'liga qalam tutqazgan. Buning ustiga, qiz bola nozik xilqat. Uning birgina qilgan xatosi sababli hayoti butkul chigallashib ketishini Jamila Ergasheva boshqa qissa va hikoyalarida ham o'ziga xos tasvirlab bergan.
Adibaning "Tanazzul" qissasida hayot so'qmoqlarida qoqilgan, munosib yo'lini yo'qotgan kishi sifatida Ziyodullo obrazi tasvirlanadi. Ushbu hikoyada ham ota-bola
munosabatidagi nozik jihatlar, otaning farzandalar tarbiyasidagi betakror o'rnini kuzatish mumkin. Ziyodullo qishloqda tug'ilgan. Otasi aroqxo'r nomi bilan qoralanib, oxiri shu ichkilikbozlik qurboni bo'lganiga qaramay, Ziyodullo ziyoli bo'lish uchun oliygohlarda o'qiydi. Shu tariqa shaharlik bo'lib qoladi. Lekin, bir kursdosh qizni sevib qoladi-yu, hayoti butkul o'zgarib ketadi. Qiz boshqaga turmushga chiqib ketgach, "Qazisan, qartasan, o'z naslingga tortasan", - deganlaridek Ziyodullo aroqqa mukkasidan ketadi. Yillar o'tgani sari, yaqin qarindoshlari ham undan yuz o'giradi. O'zi esa duch kelgan joyda yotib-turib kun ko'rib yuradi. Orada Nazira ismli savdogar ayolga qo'shilib tijorat bilan shug'ullanadi. Anchagina o'zini o'nglab oladi. Hatto Gavhar ismli juvonga uylanadi. Ichkilikni tashlaydi. Lekin, Naziraning fitnasi sababli yana aroqqa ruju qo'yadi. Va mast holda o'zining o'gay qizi (ya'ni Gavharning birinchi turmushidan bo'lgan qizi) Zeboni zrlamoqchi bo'lganida ustiga Kelib qolgan Gavhar u bilan orani ochiq qilib, qizini olib chiqib ketadi. Shundan so'ng Ziyodullo o'zini o'nglay olmaydi. Va oxir oqibat xorlikda, butun a'zoyi-badani qurtlab vafot etadi.
Jamila Ergasheva ushbu hikoyasi misolida hayot yo'lini to'g'ri tanlay olmagan, o'z imkoniyatlaridan to'laligicha foydalanishni bilmaydigan kishilar qiyofasini Ziyodullo obrazi orqali ochib beradi.
E'tiborlisi, Jamila Ergasheva ijodida ayollar obrazi birinchi o'rinda turadi. Jumladan, "Tanazzul" qissasida ham asosiy obraz Ziyodullo bo'lishiga qaramay, uning atrofidagi voqealar oqimida ayollar faol ishtirok etadi.Quyida ularni birma-bir keltirib o'tamiz.
Sarvar xola ukasiga kuyuvchi opa. Doim ukasining shum taqdiridan eziladi. Unga yaxshiliklar qilishga, imkoni bo'lsa uni barcha muammolaridan ozod qilgisi keladi.
" -... O'-o', sho'rpeshona og'am-a! o'zi kelgan yo'l bo'lsa ekan, o'zi ketaversa!... u bechora kasal-da, nima qilsin? Shu aroq o 'lgurni hech kim Ziyodullochalik yomon ko 'rmasa kerak. Ichmayman deb ham ko'rdi. Qancha vaqtichmayhamyurdi. Yana nima balo bo'ldi-yu! Ukasal-da! Shusiz turolmaydi. O, onaginam-a, go'rida tippa-tik turgandir. Bolasi-da, Ziyodullo desa jonini berar edi. Men bir ojizaning qo 'lidanyordam berish kelmasa!.. "- deb nola qiladi.
Tug'ilib o'sgan qishlog'idan, yaqinlaridan ancha uzoqlashib ketgan hikoya qahramoni Ziyodulloning ruhiyati, ichki kechinmalari orqali hikoya g'oyasi oydinlashadi. Ikkinchi bor ko'ngil qo'ygani Gavharga ko'nglidagilarni borini to'kib solgan paytdagi suhbati uni olis o'tmishiga yetaklaydi. Inson zoti tug'ilgan makonidan, qon-qarindoshlaridan qanchalik olisda yashamasin, baribir, ulardan butunlay ko'ngil uzib ketolmaydi. Qalbidagi mehr rishtalari o'ziga qadrli bo'lgan narsadan uzoqlashib ketishiga yo'l qo'ymaydi.
Odatda Jamila Ergasheva asarlarida ko'p ham keskin dramatik vaziyatlar qalamga olinavermaydi. Ko'pincha qahramonlar hayotidagi fojiali va qaltis holatlar ularning ichki iztirob va kechinmalari tarzida aks ettiriladi. "Jodu" hikoyasi kuchli dramatizmi, keskin konflikti, kutilmagan yechimi bilan ajralib turadi. Bu hikoyada ham muallifning asosiy e'tibori qahramonning ruhiy olamini ochishga, uning botinida ro'y berayotgan tug'yonlarni kuzatishga qaratilgan. Insonning xudbinligi, goho vaziyatga to'g'ri baho berolmasligi, havoyi mayllardan ustun bo'lolmasligi "Jodu" hikoyasining asos-mohiyatini tashkil etadi. Hikoyada shaxsning nosog'lom muhit ta'sirida tubanlashuvi, jaholat oqibatlari o'ziga xos tarzda ochib berilgan.Bu adibning chinakam ijodiy izlanishlari samarasi.
Jamila Ergasheva asarlarida ko'pincha oddiylik, tabiiylik, hayotga muhabbat, go'zal xayol motivlari yetakchilik qiladi. Shu sababli uning ayrim qissa va hikoyalarining qahramonlari sodda odamlar.
Muallifning biron-bir hikoyasi milliylik alomatlaridan xoli emas. U xalqimizga xos bo'lgan xususiyatlarni, urf-odat va an'analarni asarlariga mohirlik bilan singdirib yuboradi. Milliy an'analar bilan uzviy bog'liqlik, sharqona hikmat, purma'no iboralar yozuvchi asariga alohida ruh bag'ishlaydi. Adibaning "Qir ustidagi ayol", "Shom shafag'i jilvalari" qissalarida xuddi shunday muhitni, samimiy insonlar, ularning taqdiri, o'zaro munosabatlari orqali ifodalangan milliylikka daxldor masalalar, ma'naviy-axloqiy muammolar talqinini kuzatish mumkin. Biz ba'zan tan olgimiz kelmaydigan oddiy haqiqatlarni badiiylik bilan ifodalash adibning o'ziga xos izlanishlariga yo'l ochadi.
Umuman olganda, adibning qissa va hikoyalarida asosan bir voqea, bir muammo tasvir obyekti qilib olinib, ko'pincha badiiy xulosa o'quvchi mushohadasiga havola etilsa, keyingi asarlarida uning falsafiy mohiyatini chuqurlashtirishga ahamiyat qaratiladi, muayyan muammolarning kelib chiqish sababi va oqibatlari haqida ham atroflicha mulohaza yuritiladi.
Xulosa o'rnida yozuvchilik baxti, adabiyotga hamohang bo'lish, hamma ham qog'oz qoralay olmasligii haqida muallifning fikrlarini keltirib o'tamiz:
"Adabiyot millatning ma'naviy xazinasi, abadiy uyg'oq ruhi va qalbidir. Hamma narsasi to'kis, hech bir armoni bo'lmagan, yon-atrofda yuz berayotgan yaxshi-yomon hodisalarga befarq odam hech qachon qo'liga qalam olib, koyimagan jonini koyitib, nimadir yozishga urunmaydi. Dardi bor, armoni bor odam yozadi. Bu beshafqat hayot suqmoqlarida yiqilib-surinib, peshonasi toshga tekkan odam yozadi. Onamning oldidagi burchim kutib turar, avval xotin, bola-chaqa tashvishlarini bitkazib olay deya, onasini bir piyola qaymoq bilan yo'qlamagan odamning ona qazosidan so'ng elga yozilgan shohona dasturxonini ko'rib, ko'ksi nadomatga to'lganlar yozadi. Ko'rgan-kechirganlari ko'ksiga tig'dek qadalib, "Nega? Nega bunday bo'ldi?" kabi savollar ko'ngilda isyon ko'targanda, odam o'z-o'zini, o'z ko'nglini tadqiq qilib, bir xulosaga kelganda yozadi. Ana shu xulosasini boshqalarga ham ilinganida yozadi. Agar bu yozilganlar imkon qadar yolg'on to'qimalardan holi, yurakdan chiqqan, samimiy bo'lsa, yuraklarga yetib borsa, u haqiqiy adabiyot bo'ladi. Adabiyot qanday yaratilishini hamma ham aytib berishi mumkin, ammo hamma ham adabiyot yarata olmaydi. Buning uchun odamda Allohning o'zi yuqtirgan iste'dod bo'lishi lozim. Shuning uchun ham qalam ahlini ilohiyotga daxldor deb hisoblashadi. Qalam va so'zni muqaddas deb bilishadi. Millat adabiyotsiz yashay olmaydi. Adabiyot, xoh u og'zaki bo'lsin, xoh yozma bo'lsin, odamzodga sadoqatli do'st, dono maslahatchi, kunduzlari quyoshdek saxovatpesha, tunda yo'lchi yulduz bo'lib kelgan".
Jamila Ergasheva ijodi, xususan, u yaratgan qissa va hikoyalar mustaqillik yillaridagi milliy adabiyotimiz, Surxon adabiyoti rivojiga salmoqli hissa bo'lib qo'shildi. U tajribalar, izlanishlar yo'lidan borib qissa va hikoya janrining yangi imkoniyatlarini ko'rsata oladigan asarlar yaratdi. Ammo shuni ham aytib o'tish lozim, Jamila Ergashevaning hamma hikoyalari birdek mukammal, yetuk, kamchiliklardan xoli emas. Tadqiqot ishimizda biz asosiy e'tiborni yozuvchining ayollar obrazini yaratishdagi mahoratiga qaratdik. Bu bejiz emas - tahlilga tortilgan asarlarning aksariyat jihatlari shunga asos beradi. Ayollar taqdiri va kechinmalari Jamila Ergasheva ijodining asosini tashkil etadi.
niiSfipnrp
Uli lv"'" Жамият ва инновациялар - Общество и инновации - Society and innovations
Special Issue - 4 (2021) / ISSN 2181-1415
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI:
1. Эргашева Ж. "Аёл жодуси" Цисса ва хикоялар. Т.: "Узбекистон ёзувчилари уюшмаси Адабиёт жамгармаси" 2005.
2. Цуронов Д. "Таллин имконлари" Т.: "Турон замин зиё" 2015.
3. Холмирзаев Ш. Муаммолар муаммоси - одам // Узбекистон адабиёти ва санъати. -1986 йил. - 26 декабрь.
4. Тураев Дамин. Янги узбек адабиёти. - Тошкент. Фан, 2008. - Б. 178.
5. Ж. Эргашева. "Дард" // "Шар; юлдузи" журнали, 2016 - 5-сон.
6. Казаков Ю. Две ночи. - М.: Современник, 1986. - С. 317. Манба: 70-80
7. Бадиий ижод х,а;ида. Нут; ва ма;олалар туплами. - Тошкент: УзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти, 1960. - Б. 15.
8. Хализев В.Е. Теория литературы. - М.: Высшая школа, 1999. - С. 41. Манба: 70-80 yillar hikoyanavisligida yangi badiiy tamoyillar. Bitiruv malakaviy ishi.
9. "Оила ва жамият" газетаси, 1998 йил, май.
10. Узбек насри онлайн антологияси // Жамила Эргашева // Улим (хикоя) // Ziyouz.uz 18.04.2012.
11. https: //kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/jamila-ergasheva-qir-ustidagi-ayol.html. Манба: "Сурхон ёшлари" газетаси. Сухбатдош: Обид Шофиев.