YUSUF XOS HOJIBNING "QUTQADG'U BILIG" ASARIDA - BOSHQARUV
SAN'ATI
Hafiza Suvon qizi Alibekova Ilmiy rahbar: Mo'minmirzo Zokir o'g'li Xolmo'minov mominmirzoxolmominov@gmail .com O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada Yusuf Xos Hojibning "Qutqadg'u bilig" asaridagi davlat va xalq boshqaruviga oid qarashlari keltirilgan.
Kalit so'zlar: davlat, xalq, boshqaruv, mamlakat, bilim, zakovat, adolat, rahbar, ezgulik
THE ART OF ADMINISTRATION IN "KUTKADGU BILIG" BY YUSUF
KHOS HAJIB
Hafiza Suvon kizi Alibekova Supervisor: Mominmirzo Kholmuminov Zokir oglu [email protected] Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: This article presents Yusuf Khos Hajib's views on state and people's management in the work "Kutqadgu Bilig".
Keywords: state, people, management, country, knowledge, intelligence, justice, leader, goodness
Ko 'pchilika bosh bo'ladigan kishiningyo 'li - adolat, fe'li - ravon, qilmishi - ezgulik bo 'Imog'i, yomonlardan uzoq turmog'i shart.
Yusuf Xos Hojib
Bu dunyoda eng katta kuch xalqdir. Davlat ham mana shu xalq bilan davlat bo'ladi. Darhaqiqat, xalq boy bo'lsa, davlat ham boy bo'ladi, xalq nochor bo'lsa, davlat ham nochor bo'ladi. Xalqning boy bo'lishi uchun esa shu xalqning davlat boshqaruvi to'g'ri yo'lga qo'yilgan bo'lishi lozim. Bugungi kunda kundan-kunga tilimizga o'zlashib boryotgan "Menejment" so'zining asl ma'nosi ham "Boshqaruv san'ati" degan ma'noni anglatadi. Bundan ko'rishimiz mumkinki, aslida boshqaruv ham bir san'at ekan. Demak, davlat, korxona-tashkilat rahbarlari boshqaruv san'atini qanchalik mukammal egallasalar xalq ham, davlat ham shunchalik boyiydi, rivojlanadi, gullab-yashnaydi. Qadim tarixda ham, bugungi kunda ham xalq bosharuvini san'at darajasida mukammal egallagan va o'z o'rnida to'g'ri yo'lga
qo'ya olgan shaxslar haqida ko'p ma'lumotlarga egamiz. Men mana shunday shaxslardan bir nechtasini keltirib o'tsam, bulardan: Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug'bek va shu kabi ko'plab mashhur tarixiy bobokalonlarimizni bugungi yaqin kunlarda esa Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug'aniyevich Karimov, hozirgi Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev kabi buyuk davlat rahabarlarini aytib o'tishimiz mumkin. Shu o'rinda boshqaruvga oid nafaqat sharq, balki g'arb mamlakatlarini ham bugungi kungacha lol qoldiradigan asarlar yozgan sharq mutafakkirlari haqida ham aytib o'tishim kerak. Masalan, Yusuf Xos Hojibning "Qutqadg'u bilig", Amir Temurning "Temur tuzuklari", Firdavsiyning "Shohnoma", Farobiyning "Fozil odamlar shahri", Nizom ul - mulkning "Siyostanoma" asarlarini keltirib o'tishimiz mumkin. Ushbu asarlarda davlat va xalq boshqaruviga oid oltinga teng juda ko'p pand-nasihat, o'git va hikmatlar keltirilgan. Yetuk rahbar bo'lmoqlikni maqsad qo'ygan insonlar ushbu asarlardan boxabar bo'lishsa, nur ustiga a'lo nurdir. Rahabarlik lavozimidagi insonlarni qiynaydigan barcha savollarga ushbu asarlardan javob olish mumkin. Men ushbu asarlardan Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig" asari haqida sizlarga ma'lumot bersam. Eng avvalo, ushbu asarni barcha uchun foydali va samarali deya, albatta o'qib chiqishlarini va ushbu asar yuzasidan tahlil va mulohazalar olib borishlarini tavsiya etaman. Yusuf Xos Hojib 1019-yil Bolosog'unda tavallud topgan. 1077-yil Koshg'arda vafot etgan. U 1069-1070-yilda "Qutadg'u bilig" asarini yozib tugatgan. Yusuf Xos Hojib ushbu asarni Bolosog'unda yozishni boshlab Koshg'arda yozib tamomlagan. Ushbu asarning uch nusxasi hozirgacha saqlanib qolgan. Bulardan Vena, Qohira, Namangan nusxalaridir. Namangan nusxasini 1923-yil Fitrat qo'lga kiritgan. Ushbu asar 73 bob, 6520-baytdan iborat. Ushbu asar masnaviy ya'ni aruzning mutaqoribu musammanu mahvuz vaznida yozilgan. "Qutadg'u bilig" XI asr so'z san'atining nodir namunasi. Shuningdek, ushbu asar nafaqat o'z davrining, balki shu kungacha ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-axloqiy masalalari badiiylashtirilgan, turkiy xalqlar tarixi, madaniyati, ilm-fani, urf-odati, an'analari, turmush tarzi, qadriyatlari, rasm-rusumlari haqida yozilgan asarlar ichida eng mukammali hamdir.
Yusuf Xos Hojib shu asarni yozib bo'lgach ulug' turk xoqoni Tavg'ach Bug'roxonga tuhfa etadi. Tavg'ach Bug'roxon shunday bir buyuk asar yozgani uchun ulug' mutafakkirga "Xos Hojib" ya'ni eshik og'asi unvonini beradi. Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig" asari yuzasidan Fitrat, Q.Karimov, G'.Abdurahmonov, B.To'xliyev kabi olimlar tarjima va tadqiqot ishlarini olib borgan. Asar nomining o'ziyoq o'quvchi diqqatini tortadi, ya'ni "Qutadg'u bilig" - "Baxt saodatga eltuvchi bilimdir" Ushbu asar dunyoninmg juda ko'p tillariga tarjima qilindi, har qaysi xalq asarni turlicha nomladi. Bulardan:
Chiniylar "Adab ul muluk" deb atar, Mochinlar "Anis ul mamolik" deyar.
Bu mashriq elining donishmandlari "Ziynat ul- umaro" deyishdi bari,
Eronlik "Shohnoma" dedi belgilig,
Turonlik nom qo'ydi: "Qutadg'u bilig"[1:4].
Asarda keltirilgan ushbu parchadan ko'rishimiz mumkinki, dunyoning har qayerida ham asarni sevib mutolaa qiluvchi o'quvchilari bisyordir. Nafaqat, sharq xalqlari, balki butun jahon xalqlari ushbu asarni qadrlashadi. Asarda komil inson tarbiyasi, shaxs fazilatlari haqida quyidagicha masalalar tilga olinadi:
Yeti sayyora va o'n ikki burj;
Inson farzandlarining qadri bilim va tafakkurda;
Tilning fazilat va manfaatlari;
Kitob egasining uzri
Bilim va aql idrokning farqi tog'risida;
Bahor madhi;
Kuntug'di elig haqida;
Oyto'ldining baxt haqidagi hikoyasi;
Kuntug'dining adolat haqida aytganlari;
O'gdulmishning eligga lashkarboshi, oshpaz, xazinachi, eshikog'asi, elchi, dasturxonchi qanaday bo'lishi kerakligini so'zlaydi;
O'gdulmish O'zg'urmishga olimlar, shoirlar, tabiblar, ta'birchilar, hunarmandlar, dehqonlar, chorvadorlar, turli tabaqadagi ishchilar bilan muomalada bo'lish sirlarini o'rgatishi;
O'g'il-qiz tarbiyasi;
Mehmonga borganda o'zini qanday tutishi lozimligi haqida so'zlari mavjud. Asarda to'rt ramziy qahramon bo'lib, ular: Kuntug'di - podshoh, adolat timsoli, Oyto'ldi - vazir, davlat, baxt ramzi, O'gdulmish - vazirning o'g'li, aql - idrok, zakovat timsoli, O'zg'urmish - vazirning qarindoshi, ofiyat va qanoat ramzida gavdalanadi.
Biri tog'rilikka tayanch Adolat,
Biri Davlat erur, u qutli g'oyat.
Uchinchi- ulug'lik Aql ham zako,
To'rtinchi- Qanoat erur bebaho[2:11].
"Qutadg'u bilig" asari ham badiiy, ham siyosiy adabiyotlar sirasiga kiradi. Ushbu yil Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlisga yo'llagan murojatnomaalarida Yusuf Xos Hojibning "Zakovat, ilm qayda bo'lsa, ulug'lik bo'ladi, bilim qayda bo'lsa buyuklik bo'ladi",[3] - o'gitlarini keltirib o'tdilar. "Qutadg'u bilig" asarining bosh g'oyasi mukarram-u aziz hisoblangan inson tushunchasidir. Inson qachonki, shunday aziz va hurmatli bo'ladi, "Hazrati odam bilim, aql-idrok sabab muhtaram"[4:13]. Bu yil "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili" deb nomlanishi ham aslida bejiz emasdir. Darhaqiqat, davlat siyosatining bosh mavzusi doimo inson qadri
bo'lib kelgan. Barchamizga malumki, yoshlar olayotgan ta'lim-tarbiya qanchalik sifatli, samarali bo'lsa, davlatimiz shuncha yuksaladi, rivojlanadi, gullab yashnaydi. Endi Yusuf Xos Hojibning "Qutadg'u bilig" asaridan keltirilgan davlat va xalq boshqaruviga oid hikmatlariga e'tiborimizni qaratsak. Yusuf Xos Hojib aytadiki: "Boshliq eliga to'g'rilik va adalot ko'rsatsa, u barcha tilak va orzulariga yetadi"[5:31]. Shuning uchun ham Yusuf Xos Hojib asar bosh qahramoni qilib eng avvalo, podshohni - adolat ramzi qilib olgan. Ya'ni davlat rahbari har qachon eng avvalo, adolatli siyosat olib bormog'i darkor. Har qanday vaziyatda ham xalqni, davlatni o'ylab adolatli ish yuritish podshohning eng oliy vazifasidir. Sohibqiron Amir Temur aytganidek "Kuch -adolatda"[6]dir. Haqiqat, adolat bor joyda taraqqiyot, yuksalish barqarorlashadi. O'sha yurt xalqining yurti farovonlashadi. Mamlakat rivojlanishida adolat eng asosiy mezondir. Boshqaruv siyosatida korrupsiyga, tanish-bilishchilika, ko'zbo'yamachilikka, yolg'on-aldovlarga yo'l qo'yilmasligi ham avvalo, adolat ramzidir. Shuningdek, asarda yurt boshlig'i zo'ravonlik va g'ofillik yo'lida bo'lmasligi kerakligi ham tilga olinadi, yo'qsa uning barcha yuritgan tadbirlari buziladi va davlat zavolga yuz tutadi. Shuningdek, rahbar doimo ezgu bo'lmog'i, ezgulik yo'lidan yurmog'i darkor. U atrofga hamisha to'g'ri so'zlik, to'g'ri fikrlik, yaxshi insonlarni yig'mog'i shart. Agar o'tmishdagi ajdodlarga nazar solguday bo'lsang, bir holatni kuzatasan: oddiy ham katta martabadagi kishilar ham bilimli va dono bo'lsa, ular el yurt tadbirini o'ylashgan. Bugun ham ezgu deb atalgan har qanday odam ezgularga bosh bo'ladi. Boshliq bilimli va dono bo'lsa, atrofiga o'ziga o'xshaganlarni yig'adi bu xil boshliq elini boyitadi. Bilimli va dono boshliq saxiy degan nom oladi. Saxiy o'lsa ham nomi tirik qolaveradi[7:19]. Rahbar inson uchun eng ulug' fazilat saxiylik va himmatdir. Rahbar eng avvalo, yaxshi notiq va shirin kalomli bo'lmog'i shart. Asarda keltirilishicha bu dunyoda insondan faqatgina yaxshi nom qoladi. Qut-izzatni ham, obro'-e'tiborni ham kishi til orqali topadi[8:13]. Boshqaruv san'atining eng noyob quroli so'zdir. Xalqimiz aytganidek "Yaxshi so'z bilan ilon inidan chiqar" Kishilarning ko'ngli boqqa oxshaydi. Bu bog'ning yashnatuvchisi bek-boshliqlar so'zidir[9:49]. Asarda aytiladiki, podshoh -cho'pon, xalq - poda, vazirlar esa bo'ridir. Cho'ponni gar g'aflat bossa, bo'rilar suruvni talon-taroj qiladi. Shuning uchun podshoh hamisha sergak va harakatda bo'lmog'i lozim. Bu olamda ko'pchilikka bosh bo'ladigan kishi bir necha yaroqsiz narsalarga yaqin yo'lamasligi darkor. Bular haromga qo'shilma, zulm va zoravonlik qilma, kishi qonini to'kma, aslo o'ch, kek, gina saqlama, fasoddan yiroq tur. Bularning barchasi boshliq ishiga rahna solidi[10:41]. Men rahbar shaxsini komil inson darajasida tasavur etaman. U haqiqatgo'y, adolatli, ilm, bilim va zakovatli, sabr-qanoatli, hisob-kitobga usta, vaziyatni oldindan ko'ra biluvchi, odob-axloqda yetuk kishi bo'lmog'i shart. "Qutadg'u bilig" asarida Yusuf Xos Hojib elig(podshoh) ham, vazir ham, xazinachi ham, kotib ham, elchi ham, lashkarboshi ham tom
ma'noda xalq boshqaruvida egallanishi kerak bo'lgan bilimlar va fazilatlarni ifoda etgan. Har bir kasb egalari o'z mutaxassisligida bo'lsagina, o'sha davlat boshqaruvida har xil katta va kichik muammolar yuzaga kelmaydi. Ular muammo bo'lib ulgurmasdanoq, o'z o'rnida hal etadi. Siz ushbu asarni o'qib chiqar ekansiz boshqaruvga oid juda ajoyib qarashlarga ega bo'lasiz. Yoshlarimiz kelajakda rahbar lavozimida o'z o'rinlarini egallashlarida, davlat va xalq ustida olib borilayotgan siyosiy jarayonlarni yaxshi anglashlari uchun ushbu asar juda katta yordam beradi. Mamlakatni boshqarish nihoyatda sermashaqqat ishdir. Shuning uchun u tadbirkor va oqil, hozirjavob va ishning ko'zini biladigan yordamchilarga bir so'z bilan aytganda komil va yetuk, faol kishilarga muhtojlik sezadi[11:26]. Dono rahbar doimo kengash bilan ish yuritadi. Rahbar maslahatlashadigan kengash bilimli, uquvli, zakovatli, sadoqatli, tajribakor, ishbilarmon, jonkuyar va oqibatli insonlardan iborat bo 'lmog'i darkor. Sohibqiron Amir Temur o'z saltanati siyosati haqida shunday deydi: "Davlat ishlarining to'qqiz ulushini kengash-u mashvarat bilan qolgan bir ulushini esa, qilich bilan hal etdim. Amir Temur ham davlat ishida kengash tadbirlarini qadrlagan. Asarda O'gdulmish bek (mamlakt boshlig'i) bo'ladigan odam qanday fazilatlarga ega bo'lishi haqida shunday deydi: Bek dono, botir, sheryurak bo'lishi kerak. Uning bilimli, zakovatli, mulohazakor bo'lishi taqozo etiladi. Ochiq yuzlilik-bekning yaxshi fazilatlaridan biri. Beklik muqaddaslik va poklikni talab etadi. Hushyorlik va sergaklik u qo'ygan talablar qatorining boshida turadi. Qaror va chidam el boshlig'iga ko'rk. To'g'rilik va adolatga tayanuvchi beklik buzilmaydi[12:54-57]. Ya'ni asardan xulosa qilishimiz mumkinki, boshqaruvning mustahkam tayanchi-adolat va hushyorlikdir. Boshqaruvda kibr va shoshqaloqlik kabi xatolarga aslo yo'l qo'yib bo'lmaydi. Har qaysi sohaning boshqaruvida rostlik, hayo, andisha, holollik, xizmatda og'ishmaslik, sidqidillik, farosat, ishbilarmonlik, go'zal xulq, ezgu qiliq, bosiqlik, o'yli, mehribonlik, maslahatgo'ylik va mardlik kabi fazilatlar va ezgu fe'l-atvor jam bo'lsa, o'sha boshqaruv tizimi rivojlanadi va taraqqiy etadi. Agarda biz mana shunday boshqaruv tizimini yurtimiz O'zbekistonda isloh eta olsak nafaqat, o'z vatanimiz yuksalishi uchun o'z hissamizni qo'shgan bo'lamiz, balki davlatimizning kelajakdagi yuksak taraqqiyotini ham belgilagan bo'lamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Yusuf Xos Hojib. Qutadg'u bilig (Saodatga boshlovchi bilim). // T -"O'zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi 2019. 240 bet
2. O'sha manba: 11 -bet
3. https://president.uz/uz
4. Yusuf Xos Hojib. Qutadg'u bilig (Saodatga boshlovchi bilim). // T -"O'zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi 2019. 240 bet
5. O'sha manba: 31-bet
6. A.Sog'oniy. H.Karamatov. Temur tuzuklari. // T - Yangi yo'l Poligraph Servis. 2019. 160 bet
7. Yusuf Xos Hojib. Qutadg'u bilig (Saodatga boshlovchi bilim). // T -"O'zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi 2019. 240 bet
8. O'sha manba: 13-bet
9. O'sha manba: 49-bet
10. O'sha manba: 41-bet
11. O'sha manba: 26-bet
12. O'sha manba: 54-57-betlar