YUSUF SARYOMIYNING BOY ADABIY MEROSI VA HAJVIYOTGA
YO'G'RILGAN SATRLARI
Kamolova Sadoqat Jabbor qizi
Toshkent shahar Olmazor tumani Aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab o'qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqolada Yusuf Saryomiy, uning hayoti va faoliyati, ijodi, o'zbek adabiyoti rivojiga qo'shgan hissasi, asarlari va ularning adabiyotdagi o'rni haqidagi tahliliy fikrlar yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: Yusuf Saryomiy, hajviyot, hajviy asar, xattotlik, satira, satiric asar, hajviy she'r.
Yusuf Saryomiyning asl ismi Yusuf mulla Abdushukur o'g'li bo'lib, 1840-yilda Chimkent viloyati Saryom qishlog'ida tug'ilgan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi o'zbek adabiyotining vakili. Shoir muhr yasash va xattotlik qilish bilan hayot kechirgan. Toshkent va Buxorodagi madrasalarida tahsil olgan. Samarqand, Toshkent, Qo'qon adabiy harakatchiligida faol qatnashgan. „Beklar begi" madrasasida o'qigan va unga atab she'rlar yozgan. Yusuf Saryomiy xattotlik-kotiblik bilan kun ko'rgan, kosibchilik, muhrdorlik bilan ham shug'ullangan. Shoir she'rlari hayotligida „Bayoz" (1893), „Armug'oni Xislat" (1911), „Bayozi Muhallo" (1912), „Bayozi Haziniy" (1912) kabi bayozlarda bosilgan. 1914-yil Tavallo Yusuf Saryomiy she'rlarini to'plab, „Devoni Mavlavii Yusuf Saryomiy" nomi bilan nashr etgan. Uning toshbosma nusxalari O'zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti va Andijon adabiyot va san'at muzeyida saqlanadi. Kitobga Rasulmuhammad Shoshiy o'g'li Mulla O'tab xattotlik qilgan.
Lirik asar asosida shoirning hayotidan olgan taasuroti yotadi. Shoir o'z shaxsini birinchi o'rinda tutgan holda, hayotdagi biror hodisani o'zining ichki kechinmalari orqali ifoda etadi. Ana shu hodisa tufayli shoir qalbida kechgan tuyg'ular va ularning ta'sir qudrati namoyon bo'ladi. Saryomiy ijodida mavzular ko'lami juda keng. Bizga
qoldirgan merosida vatan, do'stlik mavzusidagi g'azallar, odob-ahloqni yorituvchi so'zamol satrlar talaygina. Biroq, u misralarning zamirida tasavvufiy ruh va so'fiyona mazmun barq urib turadi. Sayram tarixi haqidagi xilma-xil ma'lumotlarga boy, biroq an'anaviy diniy mazmunda bitilgan „Risola"ni Yusuf Saryomiyga nisbat beradilar. Saryomiy o'z davrining yaxshigina hajvgo'yi bo'lganligi haqida Muhammad Solih Qoraxo'ja o'g'lining "Tarixi jadidayi Toshkand" asariga Murodxo'ja Solihxo'ja o'g'li yozgan taqriz va ilovalarda shunday asosli fikrni uchratamiz: "Yusuf Saryomiy hajviy she'r aytishga moyil erdi, ko'p aytar erdi va so'nggi umrlarida bu hajviy she'rlarini tamom kuydirib yubordi" Shoir hajviy asarlarining ko'p qismi bizgacha yetib kelmagan, yo'q qilib yuborilgan. Mo'minjon Muhammadjon bu haqida xotiralarida shunday yozadi:"Shoirning qirq yoshlarga brogan bir yamoqchi o'g'li otasining tartibi bilan yig'gan qo'lyozma she'r-majmuasini olib chiqib bizga ko'rsatdi. Shoirning hajviy she'rlari ko'p edi" Shunday bo'lsada, Saryomiyning bizgacha yetib kelgan va ma'lumbo'lgan hajviyotidan ayon bo'ladiki, shoir satiralari shoirning o'z ideali tushunchasi va intilishi bilan bog'liq real ahvol haqyot voqea-hodisalari o'rtasidagi ziddiyat hamda nomunofiqlikning mevasi badiiy ifodasi sifatida maydonga keladi.
Saryomiy uchun jamiyat va hayotdagi butun salbiylik, illat va qoloqlik uning satirasi uchun material bo'lib xizmat qiladi va tanqidiy yo'nalish uchun shoirga birinchi navbatda turtki asos bo'ladi.
Saryomiy satirik shoir sifatida ana Sunday kulgili hayotning o'zida obektiv mavjud oddiy ko'zga ilinmagan yoki nazarga olinmagan narsa holatlarni, voqea-hodisalarni ham ko'radi, payqaydi. O'z asari tasviri uchun ulardan moslarini tanlab oladi. Bu jarayonda shoirning hayotini chuqur tafakkur etishi hamda haqiqiy, chinakam kulgini ziyraklik bilan his eta olish qobiliyati muhim rol o'ynaydi. Chunonchi, M.Mirxoldarovning xotirlashicha, bir amaldor o'zi haqida yaxshi fikr aytar degan umidda shoirdan unga atab she'r aytishni iltimos qiladi. Hozirjavob Saryomiy unga boshdan oyoq qarab chiqib, shu misralarni o'qiydi:
Otingni yurishi chaqqon ekan,
Molchilar yem bilan boqqon ekan.
Gerdayib o'tirishingdan bildim,
Quymichingni egar qoqqon ekan.
Saryomiy hajviyotlarini kuzatar ekanmiz, adabiyotimizning tarixiysharoit bilan izohlanuvchi umumiy holatidan shoir satirasining qator o'ziga xos xususiyatlari yuzaga chiqadi.
Xalq orasida shoirning g'oyat hozirjavob, nohaqlikka murosasiz ekanligini tasdiq etuvchi ko'plab rivoyatlar, afsonalar yuradi. Ko'plab g'azallari hozir ham el orasida mashhur. Yusuf Saryomiy nomi bir qancha ko'cha va maktablarga berilgan.
Shoirning ijodiy merosi Tavallo tomonidan 1914-yilda tuzilgan „Devoni Mavlaviy Yusuf Saryomiya" to'plamida jam bo'lgan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yhati:
1. Saryomiy Yusuf . She 'rlar. Sayram, 1990.
2. O'zbek adabiyoti. 4-tom, 1-kitob. Toshkent, 1959.
3. Yusuf Saryomiy, Tanlangan asarlar (matn, so'zboshi, lug'at, izoh) Toshkent, Ma'naviyat, 2002.
4. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi: 10-jild (Sharq — Qizilqum). Toshkent: „O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2005 — 656-bet.
5. Zufarov S. Saryomiy izidan. „Toshkent oqshomi]]", 1988-yil 18 iyun.
6. Qosimov B. Muhabbat ahlining gulshani. „O'zbekiston adabiyoti va san'ati", 1990-yil 5 oktabr.