YOSH AVLOD TARBIYASI — XALQ FAROVONLIGI, BAXT-
SAODATI KAFOLATI
Холбекова Мавлуда Усмоновна
ЖизПИ, катта укитувчи https://doi.org/10.5281/zenodo.11222827
Annotatsiy. Ushbu maqolada kelajak avlod tarbiyai va ta'limi bugungi kunning ustuvor vazifasi ekanligi, mustaqil O'zbekistonda kelajak avlodni tarbiyalashda olib borilayotgan tizimli ishlar yoritib berilgan.
Kalit so'zlar: Tarbiya, ta'lim, innovatsiya, tartibga solish, avlod.
Аннотация. В статье освещается актуальность воспитания и образования подрастающего поколения, системная работа по воспитанию будущих поколений в независимом Узбекистане.
Ключевые слова: Воспитание, образование, инновация, регламентирование, поколение.
Abstract. The article highlights the relevance of upbringing and education of the younger generation, the systematic work on upbringing of future generations in independent Uzbekistan.
Keywords: Upbringing, education, innovation, regulation, generation.
Bugungi globallashuv davrida, dunyoda mafkuraviy kurash avj olgan sharoitda doimo ogoh, sezgir va ma'naviy uyg'oq bo'lib yashash, eng katta boylik sanalmish tinchlik, millatlararo ahillik, o'zaro mehr-oqibat hamda hamjihatlik muhitini ko'z qorachig'idek asrash va mustahkamlash asosiy vazifamiz sanaladi. Shu jihatdan olib qaralsa, o'sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va millatparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb vazifadir. Bu esa o'quv dargohlarida ta'lim-tarbiyaga e'tiborni kuchaytirishni taqozo etadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qator farmon, qaror va farmoyish hamda qonun hujjatlari imzolanib, yurtimizda ma'nan yetuk, dunyoqarashi teran, mustaqil fikrlovchi, e'tiqodi mustahkam, siyosiy-ma'naviy saviyasi yuksak, intellectual salohiyatli barkamol avlodni kamol toptirishga alohida e'tibor qaratilayotganligi bejiz emas.
Bedil "Me'mor dastlabki g'ishtni to'g'ri qo'ymasa, binoning boshi yulduzlarga yetsa ham, u qiyshiq bo'lib qolaveradi" degan edi. Demak, jamiyatda inson o'z o'rnini topishida moddiy boyliklari emas, balki yuksak ma'naviy qiyofasi ahamiyat kasb etadi. Ajdodlarni avlodlarga, tarixni bugunga, bugunni kelajakka bog'lovchi ko'prik sifatida namoyon bo'luvchi manaviyat ota-bobolarimizdan meros jamiki noyob fazilatlar, qadriyatlar va an'analarning majmui, qolaversa, ular to'plagan tarixiy-ijtimoiy tajriba va barcha qarashlarni o'zida mujassam etadi va bu jarayonda ota ona muhim orin tutadi.
Ota-ona zimmasidagi burch farzandga faqat chiroyli odob-axloq o'rgatishdan iborat emas, balki uni turli xil mafkura va g'ayri insoniy yot g'oyalardan saqlash ham ota-onaning burchlaridan biri hisoblanadi. Chunki e'tiqodi sog'lom, mafkurasi to'g'ri bo'lgan farzand ota-onaga mehribon, el-yurtiga sadoqatli fidoiy inson bo'lib voyaga yetadi. Farzandini jismonan sog'lom, baquvvat qilib voyaga yetkazmog'i ham ota-ona zimmasidagi burchlardan biridir. Janob Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: "O'g'illaringizga suvda suzishni, kamonda otishni, qizlaringizga esa tikishni o'rgatinglar," - deb farzandlarni chaqqon, sog'lom, baquvvat, ziyrak va hunarli qilib tarbiyalashga targ'ib qilganlar. Chunki sog'lom va kuchli inson har doim o'z eliga, vataniga naf keltiradi.
Farzand tarbiyasi bilan uning go'daklik davridanoq, hatto dunyo yuzini ko'rmasidan avval shug'ullanish lozim. Xalqimiz qadimdan tarbiyani ko'pning ishi deb bilganlar. Xalqimizning "Bir bolaga yetti mahalla ota", degan hikmatli so'zining zamirida olam-olam ma'no bor. Ezgulik, yaxshilik, odob-axloqni muqaddaslashtirib, har bir yigit-qizga yoshlikdan shu qoidalarga amal kilishni o'rgatib nazorat etib turganlar.
Tarbiyaning eng muhim talablaridan biri-shaxsiy namuna, oila ibratidir. Ota-ona, kattalar, qariyalar, aka-ukalar, qarindosh urug'larning oiladagi mavqei muhim ahamiyatga ega. Yaxshi farzandlarni, avvalo, yaxshi oila, yaxshi ota-onalar tarbiyalaydi[1].
Xalqimizning "Yoshlikda olingan bilim - toshga o'yib bitilgan naqsh kabidir" hikmati bejiz aytilmagan. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, inson o'z umri davomidagi barcha ma'lumotlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo'lgan davrida olar ekan. Aynan ana shu davrda uning qalbida oiladagi muhit ta'sirida ma'naviyatning ilk kurtaklari namoyon bo'la boshlaydi. Yoshlar ongida huquqqa oid ilk qarashlar, tasavvurlar aynan oilada shakllanadi. Oiladagi muhit farzandlarning dastlabki tushuncha va tasavvurlari shakllanishida birlamchi asos bo'la oladi. Shu jihatdan ma'naviyat va ma'rifatga, aholi barcha qatlamlarining axloqiy tarbiyasiga e'tibor qaratish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, mamlakatimizdagi mavjud uzluksiz ta'lim tizimi aholimizning beshdan bir qismini qamrab olgan. Ushbu tizim qamrab olgan bolalar va o'smirlardan tashqari, aholining katta qismi orasida ma'naviy-ma'rifiy tarbiya ishlarining tizimli yo'lga qo'yilishi va bu borada yuksak samaradorlikka erishish o'tkir zaruratga aylanmoqda.
Aynan ta'lim-tarbiya va ma'rifat - j amiyat barqarorligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da'vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo'lishga undaydi.
Tarbiyada tanaffus bo'lmaydi. Demak, ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etishda bog'cha, maktab, oliy ta'lim, mahalla tizimi bilan birgalikda yagona tizimni yaratish, unda har bir mas'ul idoraning vazifasi va birgalikda amalga oshiradigan chora-tadbirlarini aniq belgilash zaruriyati yuzaga keladi. Shu o'rinda aytish lozimki, ma'naviy targ'ibot ishlarini har bir mahallada tashkil etishni hayotning o'zi ko'rsatmoqda. Bu borada, ayniqsa, "Bir ziyoli - bir mahallaga ma'naviy homiy" tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o'qituvchilar va taniqli ziyolilarni jalb etilayotgani, ularni bu ishga mas'uliyat bilan yondashishiga erishish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, nuroniylarni yoshlarga ma'naviy murabbiy sifatida ish olib borishini ta'minlash asosida tarbiyasi og'ir, ma'naviy ko'makka muhtoj, uyushmagan yoshlar bilan ishlashda samarali natijalarga erishilayotganligi ham bor gap[2].
Birgina bu emas. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o'rtasida kitobxonlik darajasini oshirish ham ko'zlangan natijaga erishishda asosiy omil bo'ladi. Shu tufayli "Yosh kitobxon" ko'rik-tanlovining tashkil etilayotganligi, "Zakovat" intellektual o'yinining "maydonga qaytishi" ayni muddao bo'ldi. Binobarin mazkur ishlar samarasi o'laroq yoshlarimizning ularda qatnashishga bildirgan qiziqishi ko'ngilni quvontirdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz -yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat ekanligini qayd qilib o'tdilar.[3]
Mamlakatda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha
Parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo'lib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan ayni davrda insoniyat tarixidagi eng ko'p yoshlar qatlami bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda BMT minbarida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi BMT konventsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surilgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq qarshilandi. O'zbekiston rahbari bunga asos qilib, bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ortib ketgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan o'sib borayotgan bir paytda yoshlarga himoya zarurligini muhim omillar sifatida asoslab berdi.
Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi imzolagan qonun hujjati - 2016 yil 14 sentyabrdagi «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida»gi Qonun ekanida ham ramziy mazmun-mohiyat mujassam. Binobarin, aholisining yarmidan ko'prog'i yoshlardan iborat bo'lgan mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol, intellektual salohiyatli, o'z qat'iy pozitsiyasiga ega, yurtda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo'lmagan, yurtning ertangi munosib kelajagi uchun daxldorlikka tayyor, maqsadga intiluvchan, serg'ayrat, vatanparvar, sadoqatli, komil shaxslar sifatida tarbiyalash O'zbekistonni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o'rin olishining muhim omili ekanini mamlakat rahbari va hukumat yaxshi anglaydi.
Shuningdek, respublikamizda iqtidorli va iste'dodli yoshlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash borasida ko'plab qulayliklar yaratildi. Jumladan, qonunchilikda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, ta'lim grantlari taqdim etish; iqtidorli va iste'dodli yoshlarni aniqlash va rag'batlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, ko'rgazmalar, festivallar, ko'riklar, konsertlar, simpoziumlar, o'qishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda o'tkazish; yoshlarga oid xalqaro tajriba almashuvi; iqtidorli va iste'dodli yoshlarni ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda o'qitish, qayta tayyorlash va amaliyotni o'tash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini ta'minlash; ilmiy-tadqiqot, madaniy-ma'rifiy ishlarni o'tkazish uchun yosh mutaxassislar va olimlarga shart-sharoitlar yaratish, yosh olimlarning ishlanmalarini amaliyotga joriy etishga ko'maklashish, shuningdek yoshlarning kadrlar salohiyatini saqlab qolish hamda rivojlantirish; sport-ta'lim muassasalari, klublari tarmoqlarini rivojlantirish, iqtidorli va iste'dodli yosh sportchilarni qo'llab-quvvatlash, yoshlar o'rtasida sport musobaqalarini o'tkazish yuksak samara berayotganligi hech kimga sir emas[3].
Ayniqsa, mamlakatimizda 30-iyun - "Yoshlar kuni" deb e'lon qilinganligi hamda yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo'yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlash vazifalarini o'z ichiga olgan beshta muhim tashabbusning bugunda takomillashib borishi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar sohasidagi muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish borasida muhim qadam bo'lmoqda.
Ma'lumki, 2024-yilning "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili" deb nomlanishi yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish borasida muhim vazifalarni belgilab berdi va natijali ishlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratishni yanada kuchaytirish bu tizima yoshal ulushini oshirish, ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, "yashil" va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratish vazifasi qoyildi.
2024-2025 yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini amalga oshirish, nogironligi bo'lgan shaxslarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kabi ustuvor vazifalar amalda bajarildi. Shuningdek, uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitish, ularda biznes ko'nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratish orqali o'z faoliyatini boshlashga ko'maklashish vazifalari amalga oshirildi. Bu o'z navbatida kelgusida yoshlarni arzon ishchi kuchi sifatida mehnat bozoriga kirib kelishining oldi olinishiga, bugungi kun talabiga javob beradigan raqobatdosh kadrlar bo'lib yetishishiga zamin yaratadi.
Oliy ta'lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o'qiyotgan oilalarga imtiyozli ta'lim krediti berish tartibini joriy etish, oliy ta'lim muassasalariga talaba-qizlarni qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ajratilgan grantlar sonini 2 barobarga ko'paytirib, 2 mingtaga yetkazish kabi bandlarning mavjudligi, oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan Davlat siyosatining yana bir yorqin misoli sifatida e'tirof etish darkor [4].
Bugun ba'zi yoshlarimizning "ommaviy madaniyat" ta'sirida ma'naviy dunyoqarashi tobora tubanlashib borayotganligi achinarlidir. "Xo'sh, unga qarshi kurashda qanday chora-tadbirlarni ko'rish lozim?", degan savol tug'ilishi tabiiy. Buning uchun ta'lim-tarbiya tizimiga ta'sir ko'rsatuvchi omillarni hisobga olish kerak. Yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi kabi yuksak tushunchalar bilan birga milliy g'oyamizning uzviy tarkibiy qismlarini tashkil qiladigan komil inson, ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglik, ijtimoiy-siyosiy barqarorlik kabi tamoyillarning ma'no-mohiyatini ma'naviy-ma'rifiy, ta'lim-tarbiya ishlarining markaziga qo'yish, ularni yangi bosqichga ko'tarish; yoshlarni ona -Vatanga muhabbat, boy tariximizga, ota-bobolarimizning muqaddas diniga sadoqat ruhida tarbiyalash uchun, avvalo ularning qalbi va ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirish; ma'naviy olamida bo'shliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sog'lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg'unligiga hurmat-ehtirom tuyg'usini bolalik paytidan boshlab shakllantirish shular jumlasidandir[5].
O'rni kelganda aytish lozimki, jahonga mashhur ajdodlarimiz — buyuk davlat arboblari, sarkarda Amir Temur, Bobur Mirzo, Mirzo Ulug'bek, Jaloliddin Manguberdi nafaqat mardlik, adolatparvarlik, insonparvarlik, ilm-fan bobida o'rnak bo'lgan, balki o'z askarlari, bo'lajak el-yurt himoyachilari tarbiyasiga ham alohida e'tibor qaratgan. Xorazmiy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Furqat singari bashariyat sivilizasiyasi va uning porloq kelajagiga beqiyos, katta hissa qo'shgan buyuk mutafakkir ajdodlarimiz hamda din ilmida olamga dong taratgan Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Yassaviy kabi ulamolarimiz yoshlarga ma'naviy va jismoniy kamolot bo'yicha saboq berishgan. Yaqin o'tmishimizda yashab o'tgan mutafakkir ma'rifatchilardan Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Cho'lpon, Mahmud Behbudiy, Usmon Nosir va boshqa ko'pgina buyuk adiblarimizning asarlari yoshlar hayoti va tarbiyasi bilan chambarchas bog'liqdir. Shularni etiborga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko'zlagan odilona siyosati asosida barkamol avlodni tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo'yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga, yoshlarni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo'yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlashga va shu bilan birga, yoshlarda zamonaviy tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish va yangi ish o'rinlarini yaratish orqali ularning bandligini ta'minlash, voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini samarali tashkil
etish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik g'oyasi hamda qat'iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan ulug'vor ishlar mamlakatimiz oldida turgan yoshlarga oid davlat siyosatining muhim vazifalaridan bo'lib qolaveradi. O'z-o'zidan mazkur vazifalarning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi yoshlarning yurt taraqqiyotidagi mas'uliyati va o'rnini oshirishda, fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash, sog'lig'ini asrash masalalarida bir qator natijalarga erishish imkonini beradi.
REFERENCES
1. Rahimov Sh. Barkamol avlod tarbiyasi millat tayanchi. "Oqituvchi" nashriyoti. 2020. - 321
2. Qodirov M. Yosh avlod kelajak poydevori. "Sharq" . 2022. - 231 b
3. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zladgan nutqi. https://uzbekistan.org.ua/uz/siyosat
4. Nasimova Nasiba Qurbon qizi. Use of Innovative Methods in Speeching Classes in Preschool Educational Organizations. International Journal of Culture and Modernity ISSN 2697-2131, Volume 11 https://ijcm.academicjournal.io/index.php/ijcm.
5. Nasimova Nasiba Qurbon qizi. Methods of Musical Education and Upbringing of Preschool Children. European Journal of Innovation in Nonformal Education (EJINE) Volume 2 | Issue 2 | ISSN: 2795-8612. European Journal of Innovation in Nonformal Education www.innovatus.es