YANGILANGAN KONSTITUTSIYA-DUNYOVIY DAVLAT RIVOJINING XUQUQIY
ASOSI
I.Saifnazarov -
TDIU professori, falsafa fanlari doktori
Hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida millatlararo va dinlararo keskinlik kuchayib bormoqda, shovinizm, millatchilik, diniy ziddiyatlar bosh ko'tarmoqda. Bu illatlar davlatni yemirib, jamiyatni parchalab, radikal guruh va oqimlar uchun mafkura bazasiga aylanmoqda.
Ana shunday murakkab vaziyatda mamlakatimizda turli millat va dinga mansub insonlar o'rtasida do'stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash biz uchun borgan sari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hech shubhasiz, bu bizning zaminimizda tinchlik va osoyishtalikning mustahkam kafolati, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga bo'lgan ishonchini oshirishning asosi bo'lib xizmat qiladi.
Taraqqiyotning dunyoviylik yo'li - mustaqil O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy va konstitutsiyaviy maslagidir. Ushbu maslak O'zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Konstitutsiyasi 1-moddasida quyidagicha o'z aksini topdi: "O'zbekiston - boshqaruvning respublika shakliga ega bo'lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat." [1] O'zbekiston Respublikasi yangilangan Konsitutsiyasining 1-moddasiga "dunyoviy va ijtimoiy davlat" ta'rifi kiritildi, o'zbek xalqining farovon kelajagini ta'minlashga qaratilgan erkin bozor iqtisodining asoslari mustahkamlandi, intellektual mulkdan tortib inklyuziv ta'limgacha bo'lgan muhim huquqlar kafolatlandi.
Avvalo, "dunyoviy davlat" deganda nimani tushunamiz? Dunyoviy davlat - davlat hokimiyati va boshqaruvdan din ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o'rnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi. Shuni alohida ta'kidlash zarurki, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsa-da, jamiyatdan ajratilmaydi. Eng muhimi, dunyoviy davlat barcha dinlar uchun teng sharoitlar yaratib berish, fuqarolarga ta'lim olish, shaxsiy rivojlanish yo'lini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish hamda ilm-fan va madaniy taraqqiyotda ijodiy erkinlikni ta'minlashni ko'zda tutadi. Dunyoviy davlatda ta'lim jamiyatga shaxsni shakllantirib beradi. Bu shaxs davlat olib borayotgan islohotlar jarayonlaridan xabardor, hamqadam va faol bo'ladi, davlatga tayanch va tirgak bo'ladi, shu tufayli jamiyat taraqqiy etadi.
"O'zbekistonni dunyoviy davlat sifatida belgilash - dunyoviy taraqqiyot, turli din va mazhablar o'rtasida bag'rikenglik va totuvlikni mustahkamlashga, diniy birlashmalarning mustaqil faoliyat yuritishiga, din va e'tiqod erkinligini ta'minlashga xizmat qiladi." [2;11]
Dunyoning ko'pchilik davlatlari, xususan, rivojlangan mamlakatlari tajribasi shuni ko'rsatadiki, din dunyoviy davlat tuzumi bilan nafaqat murosa qilishi, balki umummilliy yuksalish yo'lida u bilan samarali hamkorlik qilishi mumkin. Demokratik davlatlarda aholining ko'pchiligini tashkil etadigan xalqning diniy e'tiqodiga ko'rsatilgan izzat-hurmat bilan bir qatorda, tub etnoslar uchun noan'anaviy bo'lgan, ammo fuqarolarning muayyan qismi e'tiqod qiladigan dinlar, qolaversa, hech qanday dinga e'tiqod qilmaslikka bir xil munosabatning qaror topganligi - Qur'oni karimdagi ibratli hikmatlardan "Dinda majburlash yo'q" degan oyatning (Qur'on Baqara surasi, 256 oyat) chuqur insonparvarlik falsafasini yanada yorqinroq ochib beradi.
Dinning qurilayotgan Yangi O'zbekiston ijtimoiy hayotidagi o'rni eng avvalo, uning Konstitutsiyaviy maqomi bilan belgilandi. O'zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, barcha fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlangan. Har bir insonga xohlagan dinga e'tiqod qilishi yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqi berilgan. Diniy tashkilotlar va birlashmalarning davlatdan ajratilgani hamda ularning qonun oldida tengligi belgilab qo'yilgan holda yangi
Konstitutsiyamizning 33-moddasida: "Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega" [1] ekanligi, 35-moddada esa "Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashl arni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi" [1] tamoyili mustahkamlandi.
Ijtimoiy hayotimizdachi? Afsuski, ko'p hollarda ijtimoiy tarmoqlarda ko'p guvohi bo'lib qolayapmiz, ba'zi hurmatli "qori" akalarimiz, yoshlar ochiqdan-ochiq, bilib-bilmay davlat ishlariga aralashib qolishayapti. "Roddom" larda erkak kishining doyalik qilishi shariatga to'g'ri kelmasligi, banklardan foizli kredit olish haromligi, do'konlarda sotilayotgan ayrim mahsulotlar shar'iy emasligi haqida va'z sotib, odamlarni chalg'itishga, ongini zaharlashga urinishayapti.
Yana bir masalaga e'tiborni qaratmoqchimiz. Statistika agentligi bergan xabarga ko'ra, O'zbekistonda nikohni qonuniy rasmiylashtirish pandemiya davridagi koeffitsientga tushib ketibdi. Ajralish va tug'ilish soni esa bir necha barobarga ortganligi aytilayotgan ushbu hisobotni juda tashvishli diniy targ'ibot natijasi sifatida baholash mumkin.
Internetdagi ikki yoki undan ortiq xotinga uylanish targ'iboti sabab, qonuniy er-xotinlikdan ko'ra "sha'riy juftlik" munosabati avj olgan. O'z navbatida majburiy ijro organlarida 425 mingdan ortiq aliment undirishga qaratilgan ijro hujjatlari mavjud. Bu umumiy hisobda millionlagan bolalarning alimentga kuni qolganligini anglatadi.
Aholining, ayniqsa xotin-qizlarning huquqiy savodxonligi yo'qligi, o'z haq-huquqlarini bilmasliklari oqibatida, qonuniy nikohlar kamayib, sha'riy nikohlar ko'payib, yetim bolalar soni oshib bormoqda. Aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ma'sul bo'lgan Adliya vazirligi qani? Qonunchilik targ'iboti sustlashib, hay barakallachilik kuchayishiga qachongacha panja ortidan qaraymiz? Oila, onalik va bolalikka ma'sul tashkilotlarchi? Qachongacha soxta "da'vatchi"larning, soxta mullalarning tegirmoniga suv quyamiz? Hatto chalasavod mullalar tufayli jamiyatda xotin-qizlar o'qishi shart emas, u uy bekasi bo'lishi yetarli, degan noto'g'ri qarash shakllanayapti. Bu davlatni qoloqlik botqog'iga botirmaydimi? Yaqin kelajakda, 40 million aholiga yetadigan davlatimizni faqat dunyoviy ilm qutqarishini esdan chiqarmaylik. Radikal va mutaasiblarning bir tomonlama qarashlari bilan murosa qilolmaymiz.
Faqat dunyoviy ta'limga asoslangan bilimlar bilangina taraqqiyotga erishamiz. Farzandlarimiz bugun kimyo, fizika, matematika kabi aniq fanlar, tarix, geografiya, ona tili va adabiyot kabi gumanitar fanlarning chuqur bilimdoniga aylanishi shart. Bizningcha, maktab muallimining asosiy vazifasi o'quvchilarda fikrlash san'atining uyg'onishiga erishish bo'lmog'i darkor. Ochig'i shuki, fikrlamaydigan bola katta bo'lsa, o'z yo'li va maqsadiga erishishi qiyin kechadi. Sababi, fikr — inson botiniy (ichki) qiyofasi aks etgan ko'zgu hisoblanadi. Fikrsizlik — madaniyat kushandasi, ma'naviy o'lim! Fikri yo'q odamning qiyofasi ham bo'lmaydi, deydilar. Fikr yo'q joyda olomonlik va johillik ko'payadi. Bu fikrimizga dunyoda bo'lib o'tayotgan favqulodda holatlar guvohlik beradi.
Eng yomoni, o'qimagan, fikrlashni xohlamagan kishining farzandlari va avlodlari ham shunday holga tushadi. O'zbek maktab tizimining eng muhim nuqsoni, kamchiligi kundalik hayotimizda yoshlar o'rtasida mustaqil fikriga ega bo'lmaganlarning paydo bo'layotgani hodisasi. Vaholanki, jamiyatda fikr bo'lsagina, u yangilanadi. Qotib qolgan yoki bir xil qolipdagi qarashlar va fikrlar bilan yashash bir kuni jamiyatni ham iqtisodiy, ham ma'naviy tanazzulga olib keladi. Yevropa taraqqiy etishdan oldin uning fikri va san'ati, falsafasi taraqqiy etdi, u ijtimoiy fikrga turtki va quvvat berdi, xilma-xil g'oyalarga yo'l ochildi. Bu g'oyalar ichida, albatta, iqtisodiy, texnikaviy, ilmiy g'oyalar ham bor edi. Yevropa ana shu fikrlarga va g'oyalarga yo'l berdi, uni amalga oshirishga imkoniyat yaratdi. Yevropaliklar bilim, ma'rifat, tenglik, fidoyilikni ustuvor sanab, unga amal qilib, Sharq xalqlari ilm-fani, kitoblari ila oziqlanib, XVI asrlardan so'ng, taraqqiy eta boshladilar. Biz esa ilm maktablari yaratgan o'lkadan, xom ashyo yetishtiradigan kambag'al mamlakatga aylandik. Nega bunday bo'ldi, degan haqli savol tug'iladi. Javoblar haddan ziyod ko'p, ammo, jadid bobomiz Abdulla Avloniy "Kim nimani yaxshi ko'rar?" nomli badiasida bundan yuz yil muqaddam jamiyatdagi holatni shunday baholagan: "Ehtimol, bizning xalq ilmu ma'rifatni, tarbiya va ta'limni, hunar va sanoatni yaxshi ko'rar, deb o'ylaydurg'ondursiz? Yo'q, bu fikringiz yanglish... Onalarimiz bilim va tarbiya o'rniga erlari ila urushub-talashub qizlarig'a mol qilmakni
yaxshi ko'rurlar".
Ha, o'sha vaqtdayoq, jamiyatga yot unsurlar kirib kelgan, maqsad sari intilish o'rniga ozgina chalasavodligimiz tufayli "maydalashish", moddiyatchilikka intilish jarayoni boshlangan ekan-da...
Biz dunyoviy davlatda yashayapmiz. Shu bilan bir vaqtda masalaning ikkinchi tomoniga ham katta ahamiyat berishimiz kerak. Konstitutsiyaviy tuzumni zo'rlik bilan o'zgartishni maqsad qilib qo'yuvchi respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi kuchlar ham yo'q emas. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noqonuniy diniy tashkilotlarning vakillari ochiqdan-ochiq Konstitutsion tuzumga zid bayonotlar bilan chiqayotgani, ularning yo'liga to'siq qo'yilmayotgani ham bor gap.
Dunyoviy jamiyat qurish yo'lida borayotgan mamlakatimizda davlatning din bilan munosabatlari mazmuni va mohiyatini belgilovchi asosiy tamoyillar qatoriga dindorlarning diniy tuyg'ularini hurmat qilish, diniy e'tiqodlarini fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish, diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta'qib qilishga yo'l qo'ymaslik, ma'naviy tiklanish, umuminsoniy ahloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo'llarini izlash zarurati, dindan buzg'unchilik maqsadlarida foydalanishga yo'l qo'yib bo'lmasligini e'tirof etish tamoyillari qayd etilgan. Ya'ni sof diniy ehtiyojlarni qondirishdan tashqarida bo'lgan har qanday g'arazga erishish yo'lida diniy omildan foydalanishga intilish qat'iyan man etiladi. Demak, davlatimizning dinga nisbatan munosabati qandaydir konyuktur yoki muvaqqat taktik mulohazalar bilan belgilanmaydi, balki dinning ijtimoiy hayotdagi muhim omilligi idroki va e'tirofiga tayanadi. Aytmoqchi bo'lganimiz, davlat dinning O'zbekiston fuqarosini tarbiyalashdagi katta imkoniyatlariga ishonadi. Ammo hech qachon diniy da'vatlar hokimiyat uchun kurashga, siyosat, iqtisodiyot va qonunshunoslikka aralashish uchun bayroq bo'lishiga yo'l qo'yilmaydi. Davlatimiz rahbari shu yil 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag'ishlangan uchrashuvda ushbu masalaga to'xtalib, bu borada aniq va xolis pozitsiyasini bildirdi. "O'zbekiston - dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo'lib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat'iy tanlovi ham shu!" [3] - dedi Prezidentimiz. Bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta'minlanishi; barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi; mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar o'rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta'minlash siyosati izchil davom ettirilishi ta'kidlandi. Jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yo'l qo'yilmasli haqida ham mazkur tadbirda Prezidentimiz: "O'zbekistonda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yo'l qo'yilmasligiga urg'u berib, bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta'minlanishini bildirdi. Barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, mamlakatda millatlar va konfessiyalar o'rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta'minlash siyosati izchil davom ettirilishini" [4] ham qayd etdi .
Bayon etilganlardan aniq va ravshan ko'rinib turibdiki, jamiyatimiz yangilanishi dasturidagi dunyoviy davlat tushunchasi, dinning ijtimoiy-madaniy hayotdagi rolini aslo inkor etmaydi. Ayni paytda, diniy da'volar bilan niqoblangan, aslida xolis diniy e'tiqodga mutloq aloqasi yo'q, jamiyatdagi hamjihatlik, millatlararo va dinlararo totuvlik, ijtimoiy - siyosiy barqarorlikka tahdid soluvchi har qanday urinishlarga dunyoviy davlat tuzumining mutlaqo murosasiz ekanini ham aniq-ravshan ko'rsatib turadi.
Ayni paytda dunyo miqyosida keskin tus olib borayotgan shiddatli raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan, yuqori texnologiyalar va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqaligina munosib javob bera olishimiz mumkin. Ilm olish uchun mana shunday ulkan imkoniyatlar yaratilgan bir paytda ayniqsa, ota - onalar o'z farzandlariga to'g'ri maslahatlar berib, ularni sog'lom va baquvvat o'sib -ulg'ayishlari, ilmli, ma'rifatli bo'lishlari uchun g'amxo'r bo'lishlari kerak va ularni bu yo'lda
doimo qo'llab - quvvatlab turishlari lozim. Ko'pincha kattalarning loqaydligi, kaltabinligi va beparvoligi tufayli farzandlar turli bo'lmag'ur yo'llarga kirib qoladi, yengil - yelpi yashashga o'rganadi. Ilmsizlik va jaholat - insoniyatni tubanlikka, halokatga olib boradi. Dunyoning obodligi, bardavomligi va baxt saodati ham ilm, ma'rifat bilan chambarchas bog'liqligi hammamizga yaxshi ma'lum. Shuning uchun biz Yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan O'zbekistonning dunyoviy davlat degan maqomidan unumli foydalanishimiz, yoshlarni zamonaviy bilimlardan xabardor qilishimiz orqali mamlakatimiz farovonligiga erishishimiz mumkin.
Keyingi yillarda umumta'lim, o'rta maxsus va oliy ta'lim tizimida sezilarli ijobiy o'zgarishlar yuz berdi. Davlatimiz rahbari qaroriga muvofiq, maktabgacha ta'lim tizimi yangitdan shakllantirilgani, maktab, akademik litseylar faoliyati takomillashuvi, xorijning oliy o'quv dargohlari ochilib, oliy ta'limga qabul kvotalarining kengaytirilgani, ustoz-murabbiylarning moddiy hamda ma'naviy rag'batlantirilgani jamiyatda muallimning obro' va nufuzini oshirib yubordi. Shuningdek, atoqli shoir-yozuvchilarning ijod maktablari, Prezident maktablari, Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Darhaqiqat, jamiyat hayotida yangicha qarashlar, o'ziga xos yondashuvlar paydo bo'lmoqda. Masalan, umumiy o'rta ta'lim bosqichida kasbga o'rgatish tizimi mehnat bozori talablariga moslashtirilmoqda. Oliy ta'limda ham nazariya va amaliyot birligiga erishish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash borasida harakatlar boshlangan. Pirovardida, ushbu tashkiliy-huquqiy ishlarning natijasi O'zbekiston yalpi ichki mahsulotida tezroq namoyon bo'lishi va xalqimiz farovonligining yuksalishiga xizmat qilajagiga ishonamiz.
Har bir mamlakatning taqdiri muallimga, ta'lim tizimining sifatiga bog'liq. Zero, Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, "O'qituvchi — kelajak bunyodkori!" [5] Ilm va ma'rifatsiz odam yo'lini yo'qotishi, orzularini ro'yobga chiqarishiga aqli va tajribasi yetishmasligini tarixdan yaxshi bilamiz. Shuning uchun Prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli o'qituvchining jamiyatdagi qadr-qimmati yuksalmoqda, u dastyorlik va majburiy mehnatdan ozod etildi, uning qadrini to'kmoqchi bo'lganlar jazoga tortiladigan bo'ldi.
Maktab - bilim maskani. Bolalik va o'smirlikda olingan bilim umr bo'yi insonga do'st, hamroh bo'lib xizmat qiladi. Ilm - shaxs takomili, taraqqiyot yo'li demak. Allomalarimiz yozishadiki, bilimsizlik - barcha yomonliklar manbai, bilimsiz inson o'ziga eng katta yomonlikni tilagan bo'ladi. Bugungi o'quvchi yoki talaba, katta yoshdagi kishi bilimdon bo'lsa, mamlakatimizda va jahonda ro'y berayotgan voqea-hodisalarga xolis baho bera oladi, to'g'ri xulosa chiqaradi va o'z hayotini o'zgartirishga qodir bo'ladi. Zero, "... yoshlarning ongu tafakkurini ma'rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir." [6:302]
Bilimli, ma'rifatli, keng fikrli bo'lishning asosiy omili kitob — baland cho'qqini egallashga qo'yilgan narvonlardir. Badiiy, o'quv, ilmiy kitob o'qish nafaqat dunyoqarashni kengaytiradi, balki dunyoviy savodxonligimizni oshirib, yozma va og'zaki nutqning boyishiga sababchi bo'ladi. Mutolaani yaxshi ko'radigan, madaniyatli kishi bilan suhbat qurish, o'zaro fikr almashish barchaga zavq, huzur bag'ishlaydi. Kitob o'qimaydigan odam o'zining emas, atrofdagilar, ko'chaning fikri bilan yashaydi, boshqalar ko'rsatmasiga asosan hayoti qanday o'tib ketganini bilmay qoladi. Yomon ko'chalarga kirib qolishi oson kechadi.
Mustaqillik yillarida bilim olish, kitobxonlik bobida ayrim muammolarga duch keldik. Xususan: mamlakatda yuzaga kelgan iqtisodiy muammolarning mavjudligi; odamlarning kundalik hayot ehtiyojlaridan mablag'i ortmaganligi; ta'lim (maktab, kollej, institut) moddiy bazasining zaiflashganligi; bilimli, tajribali o'qituvchilarning ta'lim tizimidan butunlay ketib qolganligi; ta'limning nufuzi ancha tushib ketishi oqibatida o'smir-yoshlarning unga ehtiyoji so'nib borganligi, qiziqishi kamayganligi; ta'lim va ishlab chiqarish o'rtasidagi aloqalarning rivojlanmaganligi; mamlakatimiz bozor munosabatlariga o'tishi jarayonida bu qiyinchilik oldida yoshlarimizning bilim olishga qiziqishi so'nganligi hamda kundalik hayot kechirish muammolariga o'ralashib qolganligi, albatta, o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatdi.
Bugun mamlakatimizda yana kitoblar mutolaasi madaniyatini, nashr etish va tarqatish ishini rivojlantirishga e'tibor kuchayganligi zamirida ham har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalash masalasi yotibdi. Shu o'rinda savol tug'iladi. "O'zbeklardan ham Nobel mukofoti sovrindorlari
chiqishi mumkinmi?". Albatta, bu ketishda chiqadi. Chunki jamiyatda ilmga, ilmlilarga, o'qituvchilarga rag'bat tizimi yaratilayapti. Yurtimizda ilk marta tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod maktablari, matematika maktablari bitiruvchilari bilimi, g'ayrati har tomonlama qo'llab-quvvatlanmoqda, tez orada ushbu orzu-niyatlarimiz amalga oshadi, degan umiddamiz. 2019 yil 1 sentabrdan boshlab, mamlakatimizda Prezident maktablari ochildi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad ta'lim jarayonida ilg'or texnologiyalarni qo'llash orqali iqtidorli bolalarni aniqlash va o'qitish tizimini shakllantirish, ma'naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash kafolatlarini ta'minlashdan iborat. Respublikaning 14 hududida bittadan ochilayotgan ushbu maktablarga umumta'lim muassasalarining to'rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli hamda iqtidorli bolalar tanlov asosida qabul qilinmoqda. Prezident maktablariga qabul Kembrij universiteti imtihon kengashi (Buyuk Britaniya) tomonidan o'tkazilmoqda.Eng muhimi, bugun shu dargohlarni bitirib, xorijda tahsil olayotganlarni yurtimizga qaytarishimiz, ularni tegishli sohalarda ish bilan ta'minlashga erishishimiz lozim. Buning uchun yoshlarda el-yurtga sadoqat, vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini yuksaltirmog'imiz lozim.
Millatimiz nimaga erishsa yoki qaysi jabhada oqsasa, uning ildizida ma'rifat va ta'limning taraqqiyoti yoki oqsashi yotibdi, deb aytish mumkin. Shu boisdan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so'ng, ta'lim va tarbiya borasida misli ko'rilmagan o'zgarishlarni amalga oshirishni ko'zlamoqda. Buning sababi ma'lum: maktab, universitet — jamiyat ustuni! Demakki, mamlakatmiz yangilangan Konstitutsiyada dunyoviy davlat deb e'lon qilingan ekan, ta'lim va tarbiya ham dunyoviy bo'lishi, dunyoviy fanlarni o'zlashtirishga bor kuchimizni tashlamog'imiz shart. Dunyoviy tabiatga ega davlatimiz dinning barkamol insonni voyaga yetkazishdek nozik va mas'uliyatli ishdagi cheksiz imkoniyatlaridan foydalanishga intiladi. Ayni paytda diniy da'volar bilan niqoblangan, aslida, xolis diniy e'tiqodga mutlaqo aloqasi yo'q, jamiyatdagi hamjihatlik, millatlararo va dinlararo totuvlik, siyosiy-ijtimoiy barqarorlikka tahdid soluvchi har qanday urinishlarga dunyoviy davlat tuzumining mutlaqo murosasiz ekanini ham aniq-tiniq ko'rsatib turadi.
ADABIYOTLAR:
1. O'zbekiston Respublikasi Konsitutsiyasi. Internet manbaa, URL : https://lex.uz/docs/-6445145 Murojaat sanasi: 01.05.2023.
2. Янгиланаётган конституция 100 саволга 100 жавоб. Тах. М. Х. Рахмонкулов. - Т.: "Адолат" миллий хукукий ахборот маркази. 2023. 180 б.
3. "O'zbekiston — dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo'lib qoladi" — Shavkat Mirziyoyev. Internet manbaa, URL: https://www.gazeta.uz/oz/2023/05/08/uzbekistan/ Murojaat sanasi: 08.05.2023.
4. N. Yusupova. O'zbekiston dunyoviy davlat. Internet manbaa, URL: https://www.iiau.uz/oz/news/2240 Murojaat sanasi: 24.05.2023.
5. M. Sharapova. O'qituvchi - kelajak bunyodkori. Internet manbaa, URL: https://adolat.uz/partiya/o-qituvchi-kelajak-bunyodkori Murojaat sanasi: 03.03.2023.
6. Sh. Mirziyoyev. Yangi O'zbekiston strategiyasi. T: O'zbekiston, 2021. 464 b.
7. Муминов А.Г. Янги Узбекистонда фукаролик жамиятининг хукукий асослари такомиллаштирилиши. Журнал: Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2022, №2, Р.404-413
REZYUME:
Konstitutsiyaga yangi kiritilgan "huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat" tushunchalarining mazmun-mohiyatini xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz egalari bo'lmish yoshlarimiz teran anglamoqlari lozim. Ushbu maqolada asosiy e'tibor yangilangan Konsitutsiyadagi "dunyoviy davlat" tushunchasining mamlakatimiz uchun muhim jihat sifatida tahlil qilinadi.
Kalit so'zlar: "dunyoviy davlat", yangilangan Konsitutsiya, e'tiqod, radikallashuv, ta'lim.
РЕЗЮМЕ:
Данная статья посвящена анализу понятия «правовое, социальное государство» в обновленной Конституции как важного аспекта для нашей страны.
Ключевые слова: «правовое, социальное государство», обновленная Конституция, вера, радикализация, образование.
RESUME:
This article is devoted to the analysis of the concept of "secular state" in the updated Constitution as an important aspect for our country.
Key words: "secular state", updated Constitution, faith, radicalization, education.