CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES
YANGI O'ZBEKISTONNING - YANGI KONSTITUTSIYASI TA'LIM TIZIMIGA YANGICHA YONDASHUVNING HUQUQIY
ASOSIDIR.
Jabborova Nargiza Baxtiyor qizi, Toshkent shahar Yunusobod tumani,239-sonli ayrim fanlari chuqur o'qitiladigan, sinflari mavjud umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchisi, Tel. (94) 4840904 E-mail:[email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.13928022
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Received: 7th October 2024 Accepted: 9th October 2024 Published:13th October 2024
KEYWORDS
Konstitutsiya, ta'lim, tarbiya, davlat, jamiyat, ota-ona, bola, ustoz, maktab, oila, qadriyat, dunyoqarash,
ma'naviyat, internet, kiberolam, kasb-hunar, mas'uliyat.
Ushbu maqolada yurtimizda amalga oshirilgan Konstitutsion islohotlar, shu jumladan ta'lim tizimiga bo'lgan yangicha yondashuv xususida so'z yuritiladi. Ta'lim sohasidagi jiddiy muammolardan biri sanalgan o'quvchilarning tarbiyasi, bu borada ota-onalarning mas'uliyatsizligi, o'quvchi dunyoqarashiga ta'sir qiluvchi vositalar, ulardan foydalanishda xorij tajribasi to'g'risida fikrlar keltirilgan. Shu bilan birga ta'lim va tarbiyaning mushtarakligini ta'minlashda oilaning alohida ahamiyatga ega ekanligi, bu bizning qon-qonimizga singgan sharqona dunyoqarashning bir bo'lagi ekanligi ta'kidlab o'tiladi.
Yurtimizda 2023-yil 30-aprelda o'tkazilgan referendumda O'zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi "Yangi Konstitutsiya"si 90,21 foiz fuqarolarimizning ijobiy ovozlari natijasida qabul qilindi. Yangi tahrirdagi ushbu Konstitutsiya Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasini yanada izchil davom ettirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berdi. Ayniqsa, Konsitutsiyada belgilab qo'yilgan ta'lim sohasidagi yangi normalar O'zbekistonda ta'lim tizimiga bo'lgan e'tiborning yangi bosqichga olib chiqilayotganligining isboti bo'ldi. Jumladan, 50-moddaning uchinchi qismida shunday bayon etiladi: - "Davlat maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-shartoitlar yaratadi. Davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o'rta ta'lim majburiydir"[1]. E'tiborli jihati shundaki, normada davlat maktabgacha ta'lim va tarbiyaga, umumiy o'rta ta'limda esa asosiy e'tiborni ta'limga qaratishini ta'kidlamoqda. Ushbu qisqagina jumlada O'zbekistonda ta'lim tizimining asosiy mohiyati namoyon bo'lmoqda. Bugun aksariyat ta'lim muassasalarida og'riqli nuqtalardan biriga aylanib borayotgan o'quvchilar xulq va odobi, bu masalada ota-onalarning mas'uliyatsizligi ta'lim sohasida ulkan yoqotishlarni keltirib chiqarmoqda. Sir emaski, maktab ta'lim va tarbiya maskani. Ta'limni tarbiyadan tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo'lmaydi. Lekin bu bilan maktab bolaga ta'lim berish va tarbiyalashni o'z zimmasiga oladi degani emas. Shaxsiy nuqati nazarimga asoslanib aytmanki, maktab tarbiyani ta'lim orqali o'quvchilarga yetkazib beradi. Misol uchun, maktabda fizika fanidan olgan bilimingiz sizda fizik hodisalar haqida tasavvur uyg'otadi. Nima uchun fizik jarayonlar yuz berishini, qanday qilib bir vaqtning o'zida bir osmonning ayrim qismida yomg'ir yog'ib, ayrim qismida jazirama quyosh qizdirib turishini bilishingiz esa sizning fizik ta'limdan olgan tarbiyangizda namoyon bo'ladi. Bugun O'zbekistonda poytaxt shaharda ham, chekka
Volume 1, Issue 14, October 2024
Page 50
viloyatlardan ham o'quvchilarning 65 foizi uyali aloqa vositalaridan foydalanadi. Ayrim maktablarda bu kabi aloqa vositalari maktabga kiraverish qismda yig'ib olinib, dars tugagandan so'ng qaytarib beriladi. Ayrim maktablarda esa uyali aloqa vositalari o'quvchi maktabda bo'lgan vaqtda ovozsiz rejimda saqlanishi uchun ruxsat beriladi. Muammo esa mana shu vaqt oralig'ida o'quvchilarning ong-u hayoli nima bilan band ekanligida. Barchamizga yaxshi ma'lumki, bugun biz dunyo har taraflama taraqqiy etgan, ilm-fan sohasining barcha qirralari insoniyat tomonidan kashf etib borilayotgan bir zamonda yashamoqdamiz. Jahonda ro'y berayotgan siyosiy, iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy jarayonlar har birimizdan hamisha hushyorlikni talab etmoqda. Bundan 10 yillar muqaddam globallashuv jarayoni, uning salbiy oqibatlari xususida so'z borganda "ommaviy madaniyat" tushunchasiga alohida to'xtalib, uning yoshlar ongi va dunyoqarashiga mutlaqo zid ekanligi bot-bot ta'kidlanar edi. Bugungi kunda esa dunyo shu qadar rivojlanish bosiqichidaki, uning to'fonli to'lqinlaridan omon qolish, ya'ni g'arb madaniyati va dunyoqarashini tashuvchi vositalar hisoblanadigan Internet, turli gajetlar, muloqot vositalaridan foydalanmaslikning mutlaqo imkonsiz ekanligi namoyon bo'lmoqda. Zero, internet - bu bola rivojlanishining yangi yashash joyi va manbai sanaladi. Bu holat bolalarning shaxsiyatini shakllantirishga, tashqi olam bilan munosabatlariga, madaniy amaliyotiga ta'sir ko'rsatadi. Ma'lumotlarga ko'ra, har kuni internetdan foydalanadigan bolalarning 32 foizi 8 soatdan ko'proq vaqtlarini sarflashadi. Rossiyalik maktab o'quvchilarining 76 foizi internetda kuniga 3 soat vaqt sarflaydi. 12 yoshdan 17 yoshgacha bo'lgan har yettinchi o'smir hayotining deyarli uchdan bir qismi (kuniga 8 soat) Internetda o'tkazadi[2]. Xitoyda esa o'quvchilarga ota-onasining yozma roziligisiz maktabga mobil telefon olib kelish va uni ishlatishga taqiq qo'yilgan. Maktablar esa o'quv kuni davomida ota-onalarga o'z bolalari bilan muloqot qilishning boshqa usullarini topishga da'vat etmoqda. Ta'lim vazirligining izohiga ko'ra, bu bilan bolalarning ko'rish qobiliyati yomonlashini oldi olinadi, bolalar darsga ko'proq diqqat qiladi va internetga mukkasidan ketishmaydi. Shuningdek, ular kiberolamdagi o'yinlarga qaramlik ruhiy salomatlikka zarar yetkazishi mumkin degan fikrda. Bu kabi muammolar yurtimiz yoshlari orasida ham avj olib borayotganligi, internet orqali urfga kirayotgan turli "ko'cha trendlari", kiberolamga mukkasidan ketish ortidan vaqtni to'g'ri taqsimlamaslik oqibatida ta'limga bo'lgan ikkinchi darajali qarash, "o'qimasam ham ko'p pul topa olaman" qabilidagi o'y-hayollar sir emaski, mamlakatimiz yoshlari orasida yo'q emas. Bugun umumiy o'rta ta'limda shunday vaziyat vujudga keldiki, 2022-2023-o'quv yilining o'zida 20 dan ortiq o'qituvchini do'pposlash, ularni shaxsiyatiga tegish, hattoki o'qituvchilarni ma'muriy va jinoiy javobgarlikka tortilish holatlari kuzatildi. Eng achinarlisi bu kabi holatlarning aksariyatida o'quvchi o'qituvchini urgan, ota-ona farzandiga tanbeh bergan o'qituvchini behurmat qilgan yoki unga qo'l ko'targan. Bu kabi muallimga bo'lgan bunday hurmatsizliklar bizning sharq dunyosi uchun mutlaqo ziddir. Islom dinining muqaddas manbasi sanalmish Qur'oni Karim va Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlangan yetti toifa insonlarni har bir mo'min musulmon kishi qadrlashi lozimligi bayon etilgan: bular orasida ustoz (manfaatli ilm yoki kasb-hunar o'rgatgan inson) yetti toifaning ota-onadan keyingi uchinchi o'rinida ekanligi ahamiyatlidir[3]. Bu qarash bizning sharqona tarbiyaning ham ajralmas qismi sanalar edi. Ammo, so'nggi vaqtlarda o'quvchi va ota-onalarda bu kabi qarashlar unutilib borayotgandek. Kuzatar ekansiz, majburiy o'rta ta'limda ta'lim bosqichi yuqorilab borgan sari o'quvchilar bilan ishlash ham murakkablashib boradi. Ayniqsa umumiy o'rta ta'limning 9-11 sinflariga kelib o'quvchilarni qat'iy nazoratda saqlashda turli qiyinchiliklarga duch kelinadi. Afsuski, ayni shu vaqtda har bir o'quvchi o'z hayot yo'lining keyingi davri uchun muayyan kasb yoki hunarni egallash bilan band bo'lishi eng to'g'ri yo'ldir. Lekin hamma ham bu davr bergan imkoniyatlardan to'laligicha foydalanavermaydi. Ayrim ota-onalar esa aynan mana shu davrga kelib farzandining tarbiyaviy holatini yetarlicha bir yo'nalishga sola olmaydi yoki bu vazifani maktab zimmasiga tashlab qo'yadi. Natijada esa 11 yil davomida maktabda davlat qo'ygan ta'lim standarlariga ham javob berolmaydigan kadr
yetishib chiqadi. Bundan esa usha ta'lim oluvchiga kiritgan investitsiyasi bekor bo'lgan davlat aziyat chekadi. Bu borada davlatimiz rahbarining yoshlar tarbiyasiga oid aytgan quyidagi fikrlarni eslash o'rinlidir: - "Bizni hamisha o'ylantirib keladigan yana bir muhim masala - bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so'z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog'liq. Bugun zamon shiddat bilan o'zgaryapti. Bu o'zgarishlarni hammadan ham ko'proq his etadigan kim - yoshlar. Mayli, yoshlar o'z davrining talablari bilan uyg'un bo'lsin. Lekin ayni paytda o'zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug' zotlarning avlodimiz, degan da'vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o'zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan.[4]" Bolada tarbiyaning shakllanishida ota - onaning, oilaning o'rni beqiyos. Tarbiya insonni inson ekanini ko'rsatib turuvchi eng oliy qadriyatdir. Inson tarbiyasida uning ma'naviyati, madaniyati, dunyoqarashi aks etadi. Tarbiyaning asosi esa bu oiladir. Xulosa sifatida aytmanki, O'zbekiston bugun uchinchi Renessans davriga qadam qo'yib, bu davrning yetuk Ibn Sino va Xorazmiy, Imom Buxoriy va Zamaxshariylarini yetishtirish yo'lida barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Ulardan oqilona foydalanish esa yosh avlod oldidagi ulkan vazifadir. Bunday sharafli yo'lda har birimiz u o'qituvchimi, o'quvchi yoki ota-ona birdek mas'uliyatni his etsagina ulkan yutuqlarga erishish oson bo'ladi.
ADABIYOTLAR
1. O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. 2023 yil 30 aprel. https://lex.uz.
2. Bortsova E. Internet: Ijobiy va salbiy tomonlari. https://motherhouse.ru/uz/mortgage/internet-za-i-protiv-shkolnye-sochineniya/2021.
3. I.Inomov. O'zbekiston musulmonlari idorasi rais o'rinbosari. Ustoz otangdan ulug'. http://bukhari.uz/03.10.2022.
4. Sh.M.Mirziyoyev "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash - davr talabi" mavzuidagi anjumanda so'zlagan nutqidan. 15.06.2017-yil.