XORAZM "LAZGI" RAQSI:PAYDO BO'LISH TARIXI, SHAKLLANISH DAVRI VA TARAQQIYOT BOSQICHLARI
Mahira Xudayberganova Mo'minmirzo Zokir o'g'li Xolmo'minov [email protected] O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotasiya: Ushbu maqolada Xorazm milliy raqs san'atining durdonasi bo'lmish "Lazgi" raqsining paydo bo'lish tarixi, uning rivojlanish davri, taraqqiyot bosqichi ilimiy o'rganilgan va yoritib berilgan. Undan tashqari O'zbekistonda "Lazgi" raqsini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning mazmun - mohiyatiga to'xtalib o'tilgan.
Kalit so'zlar: raqs, lazgi, olov, taxya(do'ppi), cho'girma, madaniyat, raqqosa, festival, hujjatli film.
KHOREZM "LAZGI" DANCE: HISTORY OF ESTABLISHMENT, ESTABLISHMENT PERIOD AND STAGES OF DEVELOPMENT
Mahira Xudayberganova Muminmirzo Zokir oglu Xolmuminov mominmirzoxolmominov@gmail .com Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: This article scientifically investigates and highlights the history of the emergence of the Lazgi dance, a masterpiece of the Khorezm national dance, the period of its development, stages of development. In addition, the essence of the measures taken to develop the Lazgi dance in Uzbekistan was discussed.
Keywords: dance, lasgi, fire, takya (doppi), choir, culture, dancer, festival, documentary.
Raqs san'ati insoniyat paydo bo'lgandan beri, eng qadimgi, keng tarqalgan san'at turi sifatida bosqichma-bosqich rivojlanish davrini boshdan kechirgan. Ibtidoiy jamoa tuzumidan boshlangan bu jarayon mana necha asrlardan beri qanchadan qancha raqqos-u raqqosalar yetishtirganiga tarix guvoh. Raqs san'ati - o'ziga xos mazmun va chuqur ma'noga egaligi bilan xalq qalbiga yaqindir.[1:123] Gap raqs haqida ketar ekan, o'zbek milliy raqslarining gultoji bo'lmish Lazgi haqida aytmaslikning iloji yo'q. Bilamizki, Lazgining tarixi Xorazm vohasiga borib taqaladi. Xorazm, uning kelib chiqishi, rivojlanishi, turli tuman manbaalar arxeologik topilmalar orqali o'rganilgan. Madaniyat va san'atning rivojlanish davrlarini esa "Lazgi"siz tasavvur qilish qiyin. Har
I icclT^^^^H 587 http://oac.dsmi-qf.uz
bir davrda Lazgi o'zini mukammallashtirib, turlari ko'payib borgan. Raqs hech qachon o'z holicha bir tekis rivojlanmagan. U o'zi qadimdan paydo bo'lgan muhit, xalq hayoti, marosimlari, diniy urf-odatlari va aqidalari bilan chambarchas rivoj topgan. [2:7]
Lazgining qadim tarixi olovning kashf qilinishi bilan bog'liq bo'lib, zardushtiylik diniga borib taqaladi. Zardushtiylikning muqaddas kitobi bo'lmish "Avesto"da bu haqida yagona ma'lumotlarning borligi olimlar tomonidan ta'kidlangan. Xorazm xalq og'zaki ijodida lazgining yaratilishi haqida turli xil afsona va rivoyatlar bor. Masalan, jonning tanaga kirish jarayonini ifodalishi haqida, iqlimning sovuq bo'lganligi va olov yoqib isinish uchun turli harakatlar orqali raqsning paydo bo'lganligi haqidagi ma'lumotlarni lazgining yaralishiga bog'lashadi. Qadimgi lazgi to'g'risida shunday afsona bor. Inson tanasi dastlab loydan yasalib, alohida-alohida bo'lgan ekan. Jonga "tanaga kir" deb buyuribdilar jon tanaga kirib birdan qo'rqib qaytib chiqadi. "Kir tanaga" deb qayta buyuradilar. U "qo'rqaman" debdi. Shunda ilohiydan bir kuy taralibdi. Bu kuyga maftun bo'lgan jon tanaga qanday kirganini o'zi bilmay qolibdi. Oldin barmoqlariga, panjalariga, bilaklariga, yelkalariga jon kirib, inson tirilibdi. Bu ilohiydan kelgan "Lazgi" kuyi ekan.[3:12]
Barcha raqs turlarining o'zining ichida bir nechta turlarga bo'lingani kabi "Lazgi" raqsining ham turlari bor. Bu raqsning turlari xalqning urf-odatlari ana'ana-yu marosimlariga qarab shakllanib borgan. O'zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a'zosi Sharqiya Eshjonovalarning "Lazgi" nomli kitobida "Lazgi" raqsining 9 ta turini sanab o'tgan. Shulardan "Masxaraboz lazgi", "Qayroq lazgi", "Dutor lazgi", "Surnay lazgi", "Saroy lazgi", "Changak lazgi", "Xiva lazgi", "Garmon lazgi"kabi turlarini aytish mumkin. Bularning shakllanish davri ham turlicha bo'lgan. Masalan, tosh va temirning bir-biriga urilishi orqali "Qayroq raqsi"ning paydo bo'lishi qadimgi tosh davriga borib taqaladi. Arablar bosqini davrida san'at va madaniyat ustidan kurash daxshatli tus olgan. San'atkor va raqqoslar kuchli tazyiq ostida bo'lishgan. Ayollarga sahnaga chiqib o'yin ko'rsatishi, qo'shiq ijro etishi umuman taqiqlangan. Shunday bo'lsa ham san'at o'z rivojlanish yo'lidan qolmagan. IX-XII asrlar O'rta Osiyoda xalifalikning yemirilishi, yirik feodal davlatlarning maydonga kelishi, shahar hayoti, hunarmandchilikning taraqqiyoti, savdo-sotiq, madaniyat, teatr, musiqa san'atining ayrim ko'rinishlarida tiklanish davri bo'ldi.[4:55] Lekin tarixdan ma'lumki mo'g'ul bosqinlari davrini qaraydigan bo'lsak yana adabiyot, ilm-fan, san'at, madaniyatning rivojlanishi haqida bir so'z deyish qiyin. Chunki mo'g'ullar O'rta Osiyoga bosqini davrida madaniyat va san'at o'choqlarini yakson qilib tashlagani barchamizga ayon. XIV asrda Sohibqiron Amir Temur mo'g'ullarni yurtimizdan quvib solgandan so'ng madaniyat, san'at va adabiyot o'choqlari qayta jonlandi hamda rivoj topdi.
Xorazm vohasining go'zal shahri bo'lmish Xivada XVI asrlarda madaniyat va san'atga bo'lgan e'tibor kuchayib, ma'lum bir darajada rivojlanadi. Bir necha asrlardan
I îhSi^^Bl ®88 http://oac.dsmi-qf.uz
keyin Xiva va Rossiya o'rtasida savdo-sotiq keng rivojlanadi. Tarjimonlik qilish uchun kelgan tatarlar o'zlari bilan birga milliy sozi bo'lgan garmonni olib yurishgan ekan. Xorazm xalfalari tezda bu sozni chalishni o'zlashtirgan va qo'shiqlar aytib, lazgi raqsiga tushishgan. Shu tariqa Xivada xalfachilik san'ati rivojlanadi. Shundan keyin guruhlar tuzilib, ijod etish boshlangan. Mashhur xalfalardan, birinchilardan bo'lib xalq o'rtasiga chiqib raqsga tushishni boshlab bergan ayol Onajon Sobirova(Anash cho'loq) o'zining raqslari, laparlari bilan tanilgan. Lazgi raqsini maromiga yetkazib ijro etgan. Har bir kasbning o'z mashaqqati bo'lganidek "Lazgi" raqsining usul-harakatlari, sir-sinoatlarini o'rganish ham oson kechmagan. Onajon Sobirova ham lazgi raqsini o'rganishda juda qiynalganligini, uning belgi va xususiyatlarini o'rganib olish uchun Xorazmda oylab qolib ketganligi haqidagi ma'lumotlar manbalarda mavjud. U lazgining "Lagan" va "Chanoq" deb ataluvchi turlarini yaratgan. Tamaraxonim undan lazgining sir-sinoatlarini o'rgangan. Birinchilardan bo'lib lazgiga so'z bog'lagan Komiljon Otaniyozovning ham xizmatlari juda katta. Komiljon Otaniyozov yangi yaratgan Komil Xorazmiy so'zi bilan "so'yla manga ey sanam, kimni sevar yorisan, ey qora ko'z gal bari, ey qora ko'z bo'y-bo'y" so'zlariga naqorat qilib yangi lazgi yaratdi. [5:83] Komiljon Otaniyozov nomidagi "Lazgi" ashula va raqs ansambli o'zbek davlat filarmoniyasi(hozirgi O'zbekiston Davlat Filarmoniyasi) qoshida 1957-yilda tashkil etilgan.[6:211] Bu ansambl hozirgi kunda ham O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Davlat Filarmoniyasi qoshida O'zbekiston xalq artisti Og'abek Sobirov rahbarligida samarali faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
Bu sehrli raqsni ko'rgan shoirlar lazgi haqida she'rlar yozishgan. Shulardan biri Erkin Samandarovning:
Dilimga laxcha o't solding, Na o'tki, chulg'ading olding, Uni sen tor qilib chalding, Sehr ko'rking, ibo lazgi!
deb yozgan she'rini misol qilib keltirish mumkin. Lazgi sehrli qo'shiq. Unga raqsga tushgan har bir insonni o'z domiga tortib sehrlab oladi. Butun tana jumbushga keladi. U boshqa kuylardan o'zining serqirraligi, turlari ko'pligi bilan ajralib turadi. Titrab o'ynashlar, bilaklar, butun tananing shiddatli harakati menimcha, boshqa raqslarda uchramaydi. Bu raqs boshqa viloyat raqslaridan keskin farq qiladi. Masalan, "Tanavor" raqsi insonni dardini, sevgisi-yu istirobini, armonini ifodalasa, "Lazgi" -jo'shqinlilik, shiddatkorlik, yuqori kayfiyat baxsh etadi. Bu raqs o'zining betakror libosi va taqinchoqlariga egaligi bilan ham ajralib turadi. Ularsiz raqs ijro etgan kishi boshqalarga uning mazmun-mohiyatini to'laligicha yetkazib bera olmaydi. Erkaklar raqs ijro etishda asosan cho'girma kiyishadi. Ayollar esa dastlab taxya kiyib ustidan ro'mol taqishgan bo'lsa, hozirga kelib bu liboslar yanada jozibali ko'rinishga ega ekanligini barchamiz bilamiz. 2019-yil 13-dekabr kuni "Xorazm raqsi - lazgi" nomi
I ihSi^^Bl ®89 http://oac.dsmi-qf.uz
ostida YUNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilishi va hozirgi kundagi unga qaratilayotgan e'tibor, birgina O'zbekistonda emas balki butun dunyoga tanilishi san'at namoyondalari va ixlosmandlari uchun judayam quvonarlidir. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 28-sentabrda "Lazgi xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o'tkazish to'g'risida"gi PQ 4843-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga ko'ra 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta "Lazgi" xalqaro raqs festivali 25 - 30-aprel kunlari Xiva shahrida o'tkazilishi belgilangan. Bu esa lazgi raqsini yanada yangi qirralari ochilishiga va butun jahonga tarannum etilishiga yana bir yo'ldir. Undan tashqari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-yanvarda qabul qilingan "O'zbekiston xoreografiya akademiyasining Urganch filialini tashkil etish to'g'risida"gi 31-son qarori ham aynan "Lazgi"ni asrab-avaylash, uni ilmiy o'rganish, jahon miqyosida keng targ'ib qilishga qaratilgani bilan ham alohida ajralib turadi.
"Lazgi"ni ekranlarga hujjatli film sifatida olib chiqishda ham rejissorlar tomonidan jonbozlik ko'rsatilmoqda. Ulardan biri yosh reejissor Ixtiyor Baxtiyorov tomonidan tasvirga olingan "Lazgi" hujjatli filmi "Art Stream", "Fifflondon", "Blackboards", "Lift-Off Season Awards", va "IFFT" kabi qator xalqaro tanlovlarda "Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film" sifatida munosib ko'rilib, mukofotlandi.
Lazgi butun dunyo e'tiboridagi raqsga aylandi. Endi professional raqqosalarimiz butun dunyo kezib o'zlarining raqs mahoratlarini, lazgi raqsiga o'yin tushish mahoratlarini chet elga yoyishlari mumkin. Chunki endi bu raqsga qiziquvchilar soni keskin oshgan. Dubai Opera sahnasida "Lazgi-qalb va muhabbat raqsi" balet postanovkasining xalqaro premyerasi bo'lib o'tdi. Milliyligimiz durdonalari bo'lmish bu raqslar chet el vakillari qalbidan ham chuqur joy egallab ulgurdi. Bizning zimmamizda bu raqsni targ'ib qilish, uni asrash, avlodlarga yetkazishdek mas'uliyatli ishi bor. Haqiqatdan ham, lazgi-o'zbek musiqa va raqs san'atining tashrif qog'ozidir[7:6].
Tarixan tomir yoyib, rivojlangan bu san'at turi yana necha ming yillar yashashi, yanada yangi qirralari paydo bo'lishi, raqs san'atini ko'klarga ko'tarishiga men ishonaman. Prezidentimiz o'zbek ziyolilari bilan bo'lgan uchrashuvda aytganidek "Bizning havas qilsa arziydigan ulug' ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor.Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san'atimiz ham albatta bo'ladi"
Foydalanilgan adabiyotlar
1. E.Y.Saitova, N.E.Abraykulova. Xoreografiya va raqs san'at asoslari.-Toshkent:, Fan va texnologiya", 2015-y, 128 bet
2. G. Matyoqubova, Sh. Eshjonova. "Lazgi". Quvanchbek Mashshura" -Urganch:, 2017. -240 b
590 http://oac.dsmi-qf.uz
3. G. Matyoqubova. Ofatijon "Lazgi"- T.Adabiyot va san'at nashriyoti.1993.-64b
4. G. Matyoqubova, Sh. Eshjonova. "Lazgi". Quvanchbek Mashshura". -Urganch:, 2017. -240 b
5. O'sha manba:83-bet
6. M. Aminov. O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. Davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent-2003. 5-jild. 703 b.
7. O' Toshmatov. Lazgi - o'zbek musiqa va raqs san'atining tashrif qog'ozi. "Yangi O'zbekiston" gazetasi. 2020-y. 6 b
591
http://oac.dsmi-qf.uz