XALQARO MIQYOSDA AVTOMOBILLARDA YUK TASHISHNING OZIGA XOS XUSUSIYATLARI VA ULARNING HUQUQIY TARTIBGA SOLINISHI
Bahodirova Sitora G'ulomovna
Huquq magistri Gmail: bsitoragulomovna@gmail.com Tel: +998933141841 https://doi.org/10.5281/zenodo.13912903
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 01- Oktyabr 2024 yil Ma'qullandi: 05- Oktyabr 2024 yil Nashr qilindi: 10- Oktyabr 2024 yil
KEYWORDS
xalqaro qatnov, xalqaro tashish, xalqaro avtomobillarda tashish, xalqaro tranzit, transport konvensiyalari, "TIR"(Transport in ternational road).
Bugungi kunda davlatlar o'rasida tashqi aloqalar, tijoriy munosabatlar, xususan tashqi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar tobora rivojlanib bormoqda. Bu esa ular o'rtasida xalqaro transport aloqalarining, yuklarning xalqaro tranzitiga oid munosabatlarning yana keng tus olishiga, xalqaro ko'lamda yuklar va yo'lovchilarni tashish borasida xizmat ko'rsatish sifatining oshishiga hamda bu sohani tartibga soluvchi xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarning yanada takomillashtirilishiga turtki bo'lmoqda. Olingan nazariy ma'lumotlarning tahlili asosida ushbu maqolada xalqaro xususiy huquqning muhim instituti bo'lgan xalqaro miqyosda avtomobillarda yuk tashishning o'ziga xos xususiyatlarni, xalqaro ko'lamda avtomobillarda yuk tashish bilan bog'liq munosabatlarning huquqiy tartibga solinishini ilmiy-nazariy tahlil qilish maqsdaga muvofiq.
Huquqiy adabiyotlarda, xalqaro normativ-huquqiy hujjatlarda, xususan xalqaro shartnomalarda va qonun hujjatlarida yuklarni, yo'lovchilarni va bagajni ikki yoki undan ortiq davlatlar orasida tashish xalqaro tashish yoki xalqaro qatnov deb nomlanadi. Yuridik manbalarda, xususan I.V.Getman-Pavlovaning "Xalqaro xususiy huquq" darsligida xalqaro tashish terminiga "xalqaro shartnomalarda va qonun hujjatlarida yuklar va yo'lovchilarni ikki yoki undan ortiq mamlakat o'rtasida tashish xalqaro tashish yoki xalqaro qatnov" deb atalishi belgilangan. Xalqaro miqyosdagi tashishlar xalqaro xususiy huquq modulining xalqaro xususiy transport huquqi institutining asosini tashkil etadi. Xalqaro xususiy transport huquqining predmeti - ikki yoki undan ortiq davlatning huquq-tartiboti bilan bog'liq yuk va yo'lovchi tashish sohasidagi majburiyatlar hisoblanadi. Ko'pchilik olimlar xorijiy o'quv adabiyotlarida huquqiy normalarni birlashtirish (unifikatsiya qilish) bo'yicha bu darajada ko'p xalqaro shartnomalar mavjud bo'lgan boshqa huquq sohasi deyarli mavjud emasligiga e'tibor qaratishadi. Shu o'rinda xalqaro avtomobillarda tashish tushunchasiga to'xtalib o'tish ham maqsadga muvofiq.
Xalqaro avtomobilda tashish -bu xalqaro shartnoma yoki bitim bo'yicha yuk va yo'lovchilarni avtoransport vositalarida tashishga aytilib, jo'natish joyi bir davlat hududida bo'lsa, qabul qilish belgilangan joy esa boshqa davlat hududida joylashgan bo'ladi. Shuningdek, huquqiy adabiyotlarda avtomobil transportida tranzit tashishlar ham xalqaro avtomobil tashishlari
Page 18
Volume 2, Issue 10, October 2024
hisoblanadi. Bunda bir mamlakatning avtotransport vositalari davlat chegarasini kesib o'tadi va boshqa davlatning yo'llari orqali o'tib boradi. Shu sababli, xalqaro avtomobil qatnovini rivojlantirish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida bir xil tarzdagi yo'l harakati qoidalari, yo'l belgilari va signallarini birxillashtirish zarur bo'ladi. Chet davlat hududi orqali tashishni amalga oshirish shu chet davlat vakolatli organning tegishli ruxsatnomasini olishni taqozo etadi. Masalan, O'zbekiston Respublikasida ruxsatnoma olish tizimi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7- iyuldagi 277-sonli "Avtomobilda yuk va yo'lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori bilan huquqiy tartibga solinadi. Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda avtomobil transportida tashish munosabatlarini tartibga soluvchi xalqaro hujjatlar ko'proq regional darajada qabul qilinadi. Yevropada quyidagi xalqaro hujjatlar hozirgi kunda amalda: 1949-yil 19-sentabrda qabul qilingan "Yo'l harakati to'g'risida"gi konvensiya, "Yo'l harakati to'g'risida"gi konvensiyaga qo'shimcha sifatida qabul qilingan Yevropa bitimi (1971), Yo'l belgilari va signallari to'g'rsidagi Protokol (1968), 1975-yil 15-noyabrda qabul qilingan Xalqaro avtomagistrallar to'g'risidagi Yevropa bitimlari mavjud. ASOSIY QISM
Xalqaro ko'lamda avtomobil qatnovlarini tashkil etish va ularning o'ziga xos jihatlari Xalqaro avtomobil qatnovining umumiy va eng muhim o'ziga xos xususiyati shundan iboratki, bunda bir mamlakatning avtotransport vositalari davlat chegarasini kesib o'tadi va boshqa davlatning yo'llari orqali o'tib boradi. Shu sababli xalqaro avtomobil qatnovini rivojlantirish va uning xavfsizligini ta'minlash maqsadida barcha davlatlar uchun umumiy bo'lgan yo'l harakati qoidalari, yo'l belgilari va signallarini belgilab qo'yish zarur bo'ladi. Boshqa davlat hududi orqali tashishni amalga oshirish shu davlatning vakolatli organlari tegishli roziligi ya'ni sanksiyasini olishni ham keltirib chiqaradi. Shu bilan bir vaqtda, bojxona va soliq masalalarini, shuningdek chet el avtotransport vositalariga texnik yordam ko'rsatish masalasini tartibga solish zarurati yuzaga keladi. Mamlakat yo'llari orqali chet el avtotransport vositalarining o'tib borishi shu avtotransport vositalari qaysi davlat yo'llari orqali o'tayotgan bo'lsa, shu davlat yo'lovchilari, fuqarolari va yuridik shaxslariga zarar yetkazish ehtimolini nazarda tutib, muayyan huquqiy kafolatlar yaratishni talab qiladi. Ko'pgina mamlakatlaming qonun hujjatlarida va maxsus bitimlarda nazarda tutilgan fuqarolik javobgarligidan avtotransport vositalarini majburiy sug'urta qilish shunday huquqiy kafolatlarni yaratadi.
Xalqoro ko'lamda avtomobillarda yuk va yo'lovchi tashish munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi bitimlar.
Nazariy jihatdan xalqaro transport masalalariga oid xalqaro shartnomalarni tizimlashtirish uchun huquqiy tartibga solish obyekti mezonidan kelib chiqilgan holda transport konvensiyalarini quyidagi yettita guruhga bo'lish mumkin:
1.transport alohida turlari faoliyatining umumiy tamoyillari to'g'risidagi bitimlar;
2.mamlakatlar o'rtasida xalqaro qatnovni tashkil etish to'g'risidagi bitimlar;
3.yuklar va yo'lovchilarni tashish shartlari to'g'risidagi bitimlar;
4.tashish tariflari to'g'risidagi bitimlar;
5.mamlakatlar o'rtasidagi transport aloqalarini yengillashtirishga (soddalashtirishga) qaratilgan bitimlar;
6.transport ayrim turlari faoliyatining o'ziga xos tomonlarini tartibga soluvchi bitimlar;
7.xalqaro transport sohasida mulkiy manfaatlar himoya qilinishini nazarda tutuvchi huquqni muhofaza qilish xususiyatidagi bitimlar .
Avvalo shuni aniqlashtirib olish lozimki, chet davlat hududiga yuklar va yo'lovchilarning kirib kelishi o'zining yuridik tabiatiga ko'ra bir-biridan farq qiladigan ikki xil holatda yuz berishi mumkin:
1.Xalqaro tashish to'g'risida ikki davlat o'rtasida bitim mavjud bo'lmagan hol;
2.Xalqaro tashish to'g'risida ikki tomonlama yoki ko'p tomonlama bitim mavjud bo'lgan hol. Davlatlararo bitimlar, ular ko'p sonli bo'lishiga qaramay, mamlakatlar o'rtasida yuklar va yo'lovchilarni tashishni tashkil etish va amalga oshirish jarayonida yuzaga keluvchi ko'pgina masalalar yuzasidan yo'l-yo'riqlarni o'z ichiga olmaydi. Bunday hollarda, boshqa huquqiy manba yo'qligi sababli xalqaro qatnov tartibotini belgilash doimo ichki qonun hujjatlarining normalari yordamida amalga oshiriladi.
Ko'plab yuridik adabiyotlarda Yevropa regional bitimlari ichida 1954-yil 19-mayda qabul qilingan "Yuklarni xalqaro yo'llarda tashish shartnomalari to'g'risida"gi konvensiya (keng qo'llaniladigan ruscha qisqartma tushuncha KDPG-Конвенция дорожной перевозки грузов) va 1975-yil 14-noyabrdagi "MDP kitoblarini qo'llagan holda yuklarni xalqaro tashish to'g'risida"gi konvensiya (MDP konvensiyasi Bojxona konvensiyasi deb ham ataladi) muhim rol o'ynashi belgilangan.
KDPGda yuklarni xalqaro yo'llarda tashish shartlari unifikatsiya qilingan. Tashuvchi bilan yuk egasi o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni tartibga solish, yuklarni qabul qilib olish va ularni qabul qilib olish belgilangan joyda topshirish tartibi konvensiyaning qo'llanish doirasini tashkil qiladi. Transport vositalari orqali yuklarni yo'llarda tashish bo'yicha haq evaziga tuziladigan barcha shartnomalar konvensiyaning qo'llash sohasini tashkil qiladi. Bunda yuklarni jo'natish yoki yuklarni qabul qilib olish joyi turli mamlakatlarda bo'lishi hamda hech bo'lmaganda ushbu davlatlardan biri konvensiyaga a'zo bo'lishi lozim. Konvensiyani qo'llash shartnoma taraflarining yashash joyi va millatiga bog'liq emas. KDPG normalari imperativ xususiyatga ega bo'lib, ularga amal qilmaslik shartnomani haqiqiy emas deb topishga asos bo'ladi. Shartnomaga a'zo davlatlar konvensiya qoidalarini tor doirada qabul qilingan bitimlar bilan o'zgartish huquqiga ega emaslar. Konvensiya o'zida moddiy-huquqiy va kollizion normalarni mujassamlashtirgan. Kollizion tartibga solish o'zida umumiy va maxsus kollizion normalarni (erk muxtoriyati, sud qonuni, yuk jo'natish va yuk turgan joy qonuni (umumiy); javobgar korxonasining bosh boshqarmasi joylashgan joy qonuni, shartnoma tuzgan kontoraning joylashgan joyi qonuni, tashuvchiga yuk taqdim qilinadigan joy qonuni (maxsus) qo'llashni nazarda tutadi . MDP kitoblarini qo'llagan holda yuklarni xalqaro tashish to'g'risidagi Konvensiyasi (MDP konvensiyasi) xalqaro avtomobil transportida yuklarni tashishda asosiy atribut sifatida MDP kitoblarini ko'rsatib o'tadi. MDP kitobi - yagona bojxona hujjati MDP hududida jo'natish mamlakati bojxonasidan qabul qilib olinishi belgilangan mamlakat bojxonasigacha yuklarni borishida asosiy hujjat hisoblanadi. Konvensiya kafolat beruvchi birlashmalar institutini joriy qiladi. Unga ko'ra kafolat beruvchi birlashma konvensiyada ishtirok etuvchi mamlakatlarning bojxona organlari tomonidan tan olingan bo'lishi va yuklarni xalqaro yo'llarda tashish jarayonlaridan foydalanuvchi shaxslarning manfaatlarini himoya qilishda garant vazifasini bajarib berishi belgilangan. O'zbekistonda kafolat beruvchi birlashma vazifasini O'zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi amalga oshiradi. Ushbu organ O'zbekiston avtomobil transportida yuk tashuvchilarni MDP
kitoblari bilan ta'minlaydi va MDP jarayonlarini qo'llaganlik natijasida yuzaga kelgan shikoyatlarni tartibga solish bilan bog'liq faoliyatni amalga oshiradi. MDP jarayonlarini qo'llagan holda tashilayotgan yuklar oraliq bojxonalardagi kirish-chiqish bojlari va yig'imlaridan ozod qilinadi. MDP operatsiyalarini amalga oshirayotgan avtomobil transporti vositalarida "TIR" (Transport international road) deb yozilgan maxsus jadval o'rnatilgan bo'lishi lozim. "TIR" belgisi yuklarni bojxonada birinchi bo'lib rasmiylashtirish imkoniyatini yaratib beradi.
Avtomobil transporti masalalari bilan shug'ullanuvchi 40 dan ortiq xalqaro tashkilotlar mavjud. BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyaning Ichki transport bo'yicha komiteti (KVT) va Xalqaro avtomobil transporti Ittifoqi (MSAT) ularning ichida obro'li tashkilotlar hisoblanadi. KVT 1948-yilda tashkil qilingan bo'lib, barcha turdagi ichki transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo tashkilot vazifasini bajaradi. BMT EIK (Yevropa iqtisodiy Komissiyasi)ning barcha ishtirokchilari konvensiyaning a'zolari hisoblanadilar. KVT tomonidan 40 ga yaqin xalqaro konvensiyalar hamda 50 dan ortiq transport vositalari konstruksiyalari bo'yicha yagona qoidalar ishlab chiqilgan. KVT ishtirokida yetkazilgan zarar uchun transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish tizimi - "yashil karta" tizimi ishlab chiqilgan. Xalqaro yo'lovchilar va bagajlarni tashishni tashkil etish va nazorat qilish tartibi ushbu konvensiyaning ajralmas qismi bo'lgan yo'lovchilar tashish qoidalari bilan belgilanadi. Konvensiyaning qoidalariga muvofiq tashuvchi tashish vaqtida yo'lovchining sog'lig'iga yetkazilgan zarar yoki bagajga yetkazilgan zarar uchun, hodisa ro'y bergan joy yoki vaqtdan qat'i nazar, yo'lovchining o'limi yoxud unga tan jarohati yetkazilgani yoki yo'lovchi sog'lig'iga yetkazilgan har qanday zarar uchun bagajning to'la yoki qisman yo'qotilgani yoki unga shikast yetgani uchun javobgardir. Yo'lovchi o'zi yoki bagaji manzilga yetib kelgan kundan e'tiboran 7 kun mobaynida tashuvchiga da'vo qilish huquqiga ega.
XULOSA
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, xalqaro ko'lamda avtomobillarda yuk tashish xalqaro tashishning boshqa turlari kabi muhim sanaladi. Buning isboti sifatida yuqorida sanab o'tilgan xalqaro ko'lamda yuk va yo'lovchi tashishga oid munosabatlarni tartibga soluvchi ko'plar xalqaro normativ-huqiqiy hujjatlarning qabul qilinganligini keltirish mumkin. Bugungi kunda xalqaro miqiyosda avtomobilda yuk va yo'lovchi tashish masalalari bilan shug'ullanuvchi qirqdan ortiq xalqaro tashkilotlarning mavjudligi ham bu fikrni tasdiqlaydi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasining "Avtomobil yo'llari to'g'risida"gi 1992-yil 3-iyun qonuni // O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining axborotnomasi. 1992-yil, 9-son, 353-modda.
2. O'zbekiston Respublikasining "Avtomobil transporti to'g'risida"gi 1998-yil, 29-avgust qonuni // O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining axborotnomasi. 1998-yil, 9-son- 174-modda.
3. O'zbekiston Respublikasining "Yo'l harakati xavfsizligi to'g'risida"gi 1999-yil 19-avgust qonuni // O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining axborotnomasi. 1999-yil, 9-son, 216-modda.
4. O'zbekiston Respublikasining "Maxsus yuklar va harbiy tarkiblaming tranziti to'g'risida"gi 2001-yil 11-may qonuni // O'zbekiston Respublikasining Oliy Majlisining axborotnomasi. 2001-yil, 5-son, 82-modda.
5. Chegaralarda yuklami nazorat qilish shartlarini kelishish to'g'risidagi Konvensiya, 1982-yil.
6. Pulga topshirilgan va xalqaro yuk tashish uchun foydalaniladigan konteynerlarga nisbatan qo'llaniladigan bojxona tartibi xususidagi Konvensiya, 1994-yil.
7. Yuklami xalqaro yo'llarda tashishga mo'ljallangan yo'lda tashish vositalarini soliqqa tortish to'g'risidagi Konvensiya, 1956- yil.
8. Avtomobilda yuk tashish borasida MDP guvohnomasini qo'llagan holda xalqaro yuk tashish to'g'risidagi Bojxona Konvensiyasi, 1975-yil.
9. Xalqaro yuk tashish shartnomasi to'g'risidagi konvensiya (SMR), 1956-yil.
10. Yuklami xalqaro yo'llarda tashish shartnomasi to'g'risidagi 1978-yil Bayoni.
11. Xalqaro yuk tashish to'g'risidagi bitim (SMPS), 1951-yil, qo'shimchalar va tuzatishlar bilan.
12. O'zbekiston Respublikasining xalqaro avtomobil qatnovi to'g'risidagi ikki tomonlama Bitimlari.
13. "Xalqaro ko'lamdagi yo'lovchi va yuklarni avtomobillarda tashish to'g'risida"gi konvensiyaga ilova hisoblanuvchi Mustaqil davlatlar Hamdo'stligiga a'zo davlatlarning xalqaro aloqalarida yo'lovchilar va yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalari. Bishkek konvensiyasi 1997-yil 7-oktabr
14. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyuldagi 277-sonli "Avtomobilda yuk va yo'lovchilarni xalqaro tashishning ruxsatnoma tizimini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori
15. Xalqaro xususiy huquq darsligi. Mualliflar jamoasi. I.Rustambekov umumiy tahrirligi ostida. TDYU. 2019
16. Xalqaro xususiy huquq. Oliy o'quv yurtlari uchun darslik. //H.R.Rahmonqulov va boshq. /H.B.Boboyev, M.X.Rustamboyev, O.Oqyulov, A.R.Raxmanovlaming umumiy tahriri ostida. - Т.: TDYI nashriyoti, 2008, 488-bet.
17. Гетьман-Павлова-И.В. Международное частное право. 2013.
18. Богуславский М.М. Международное частное право. -М.: "Юристь", 1998.
19. Тузмухамедов Р.А., Р.Т.Хакимов. Основы международного права: Учебное пособие. -Т.: "Мир экономики и права", 1998.
20. Скаридов Л.С, Международное частное право: Учебное пособие. СПб: Изд-во Михайлова В.А. 1998.
21. Садиков О.Н., Правовое регулирование международных перевозок. -М.: Юрид.лит. 1981.
Volume 2, Issue 10, October 2024