Научная статья на тему 'XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALINI TASHKIL ETISHNING MILLIY VA ZAMONAVIY USLUBLARI'

XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALINI TASHKIL ETISHNING MILLIY VA ZAMONAVIY USLUBLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
544
70
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
baxshi / baxshichilik san’ati / baxshichilik maktabi / festival / san’at / tomosha / rejissura / an’ana / marosim / urf-odat

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Husan Mirpо‘latov

Mazkur maqolada 2019-yil ilk marotaba о‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini tashkil etishning milliy va zamonaviy uslublari haqida ma’lumot berilgan bо‘lib, maqolada festivalning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tomosha rejissurasi, unda targ‘ib etilgan milliy san’at namunalarining badiiy talqini, baxshichilik san’ati tarixi va ijtimoiy-ma’naviy ahamiyati yoritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «XALQARO BAXSHICHILIK SAN’ATI FESTIVALINI TASHKIL ETISHNING MILLIY VA ZAMONAVIY USLUBLARI»

XALQARO BAXSHICHILIK SAN'ATI FESTIVALINI TASHKIL ETISHNING MILLIY VA ZAMONAVIY USLUBLARI

Husan Mirpo'latov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Mazkur maqolada 2019-yil ilk marotaba o'tkazilgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini tashkil etishning milliy va zamonaviy uslublari haqida ma'lumot berilgan bo'lib, maqolada festivalning ochilish marosimiga bag'ishlangan tomosha rejissurasi, unda targ'ib etilgan milliy san'at namunalarining badiiy talqini, baxshichilik san'ati tarixi va ijtimoiy-ma'naviy ahamiyati yoritilgan.

Kalit so'zlar: baxshi, baxshichilik san'ati, baxshichilik maktabi, festival, san'at, tomosha, rejissura, an'ana, marosim, urf-odat

NATIONAL AND MODERN STYLES OF THE ORGANIZATION OF THE INTERNATIONAL FESTIVAL OF BAKHSHI ART

Khusan Mirpulatov Uzbekistan State Institute of Arts and Culture

Abstract: This article provides information on national and modern methods of organizing the International Bakhshi Arts Festival, which was first held in 2019. The article describes the direction of the show dedicated to the opening ceremony of the festival, the artistic interpretation of the artistic samples presented in it, the history and socio-spiritual significance of the art of bakhshi.

Keywords: bakhshi, bakhshi art, bakhshi school, festival, art, spectacle, directing, tradition, ceremony, custom.

Yangi O'zbekistonning ma'naviy islohotlarida mamlakatimizda madaniyat va san'at sohasini rivojlantirish, jahon miqyosidagi ilg'or tajribalar asosida zamonaviy madaniyat va san'at muassasalari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkor ziyolilarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash masalalariga davlatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.

O'zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san'atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni keng targ'ib qilish, yosh avlod qalbida ushbu san'at turiga hurmat va e'tibor tuyg'ularini kuchaytirish, turli xalqlar o'rtasidagi do'stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlash, ijodiy hamkorlik, madaniy-ma'naviy munosabatlar doirasini xalqaro miqyosda yanada kengaytirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz SH.Mirziyoyevning 2018-yil 1-noyabrdagi "Xalqaro

baxshichilik san'ati festivalini o'tkazish to'g'risida"gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida har ikki yilda bir marta baxshichilik san'ati festivali tashkil etilmoqda [1]. Mazkur festivalning birinchisi 2019-yil 5-10-aprel kunlari o'tkazildi.

Qadimiy va qadrli san'at turi hisoblanmish baxshichilik san'ati avloddan avlodga, otadan bolaga, ustozdan shogirdga o'tib xalqning tarixi, o'zligi va dardini kuyladi. Bu borada atoqli dostonchilar va baxshilar Ergash Jumanbulbul o'g'li, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Islom shoir Nazar o'g'li, Muhammadqul Jonmurod o'g'li Po'lkan, Umir shoir Safar o'g'li, Bola baxshi-Qurbonnazar Abdullayev, Zohir baxshi Qo'chqorov, Qodir baxshi Rahimov, Chori baxshi Xo'jamberdi o'g'li, Shomurod baxshi Mahmanov, Boborahim Mamatmurodov, Qalandar baxshi Normatov, Qora va Chori baxshi Umirov, Xo'shboq baxshi Mardonaqul o'g'li, Shoberdi baxshi Boltayev, Abdunazar baxshi Poyonov, Abdumurod va Qahhor baxshi Rahimov kabilar ana shular jumlasidandir.

Xalq baxshilari yurtimizning barcha hududlaridan yetishib chiqqan. Keyingi avlod baxshilari bergan og'zaki ma'lumotlarga qaraganda, XIX-asr va XX-asr boshlari dostonchilikning eng gullagan, ijro usullari g'oyatda takomiliga yetgan davri hisoblanadi.

Bu davrda baxshilar repertuarida 200 ga yaqin xalq dostoni bo'lib, ularni mashhur so'z san'ati ustalari kuylab kelgan. Ergash Jumanbulbul o'g'li, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Po'lkan shoir, Islom shoir, Saidmurod Panoh o'g'li, Abdulla shoir, Umir shoir, Bola baxshi, Nurmon Abduvoy o'g'li, Xolyor Abdukarim o'g'li, Qodir baxshi, Haydar Boychayev, Razzoq Qozoq o'g'li, Zohir Qo'chqor o'g'li kabi yetakchi san'atkorlar o'ziga zamondosh boshqa baxshilar bilan birga bu epik an'anani qabul qilib olib, uni yanada rivojlantirdi, barkamol va go'zal holatda bizgacha olib keldi. Ular davrning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarini tasvirlovchi 20 dan ortiq yangi doston yaratgan. Folklor zaminida mustahkam turgan bu san'atkorlar yangi-yangi forma va imkoniyatlar izlab topib, an'anaviy usul va tasviriy vositalarni yangi tematika va g'oyalarga bo'ysundirgan [4].

Dostonchilik an'analari bugungi kunda ham ayrim o'zgarishlar bilan izchil davom etmoqda. Aka-uka Qora va Chori Umirovlar, Xushboq Mardonaqulov, Qahhor Rahimov, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Qalandar Normatov, Norbek Abdullayev kabi baxshilar va ularning ko'plab shogirdlarining ijodkorlik va ijrochilik faoliyati tufayli baxshichilik an'analari XX-asrdan XXI-asrga olib o'tildi, terma ijodkorligi rivojlandi. Bu esa yurtimizning turli hududlarida folklor ansambllari tashkil topishi, yoshlar orasida dostonchilik sirlarini o'rganishga ishtiyoq kuchayishiga olib kelmoqda.

Yuqorida aytilganidek, dostonchilik - yuksak professional san'at. Shuning uchun ham yetakchi xalq shoirlari bo'lajak baxshi - shogird tayyorlashga alohida e'tibor

berganlar. Og'zaki yaratilib, og'zaki kuylab kelingan dostonlarni avloddan avlodga faqat shu yo'l bilangina yetkazish mumkin edi. Yetakchi baxshilar shogirdlariga 2-3-yil davomida dostonchilik yo'llarini o'rgatgan. Barcha o'qitish-o'rgatish ishlari ustoz kuylashini tinglash orqali amalga oshirilgan. Shogird ustoz repertuarining muayyan qismini o'rganib, mustaqil ijrochi darajasiga ko'tarilgach, unga oq yo'l tilangan.

Mamlakatimizda doston kuylash an'anasi qadimda uch yo'nalishda rivojlangan. Birinchisi Bulung'ur, Qo'rg'on, Shahrisabz, Qamay, Narpay, Sherobod, Janubiy Tojikistonda yashovchi o'zbek-laqay dostonchilik maktablarida do'mbira chertib yakka holda, bo'g'iz ovoz bilan ijro etilgan. Ikkinchisi Xorazmda tor, dutor, g'ijjak, garmon, bulamon, qo'shnay, doira jo'rligida ba'zan yakka, ba'zan juft holda, ochiq ovoz bilan ijro etilgan. Uchinchisi Farg'ona vodiysida dutor jo'rligida ochiq ovozda aytilgan. Afsuski, ushbu maktablarning ayrimlari o'z faoliyatini to'xtatgan, ba'zilari esa yo'qolib ketish arafasida turgan bir paytda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Termiz shahrida baxshilar maktabi tashkil etildi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad iste'dodli yoshlarni kashf etish va tarbiyalash, navqiron avlodni xalq og'zaki ijodining noyob va boy xazinasi bilan yaqindan tanishtirish va ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashdan iborat.

O'zbekiston zamini Ergash Jumanbulbul o'g'li, Fozil baxshi, Islom shoir, Po'lkan shoir, Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Tog'ayev, Qodir baxshi Rahimov, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Abduqahhor va Abdumurod Rahimovlar kabi o'nlab betakror iste'dod sohiblarini yetishtirdi va bu an'ana izchil davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda samarali faoliyat olib borayotgan 250 nafardan ortiq soha vakillari orasida 25 nafarga yaqini "O'zbekiston xalq baxshisi" va "Qoraqalpog'iston xalq baxshisi" unvonlari, 1 nafari "Do'stlik ordeni", 11 nafari "Shuhrat" medali, 7 nafari "Nihol" mukofoti, 2 nafari "Kelajak bunyodkori" medali bilan taqdirlanganini qayd etish lozim [3].

Xalq ijodkori - baxshilar, shoirlar, oqinlar, jirovlar, jirchilar, manaschilar va qissaxonlarning o'zaro hamkorligi, biri-biriga ustoz-shogirdligi, shu orqali ular epik repertuarining boyib borishi misolida ham ochiq-oydin ko'rishimiz mumkin. Shu ma'noda, festivalga xalqaro maqom berilgani har jihatdan asosli va ibratlidir. Ayni vaqtda bunday festivallar, ko'rik-tanlovlar, hamkorlikda turli-tuman tadbirlar o'tkazish xalqimiz badiiy ijodi boyliklarini xalqaro miqyosda targ'ib-tashviq qilish uchun munosib maydon hamdir.

Ushbu festival ko'lami va ahamiyati jihatidan juda nufuzli sanaladi. Buni uning YUNESKO shafeligida o'tkazilayotgani, mazkur san'at bayramida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha islom tashkiloti (AYSESKO), shuningdek, Afg'oniston, Turkiya, Tojikiston, Kuvayt hamda boshqa davlatlardan ko'plab faxriy

mehmonlar, 80 dan ortiq mamlakatlardan 300 ga yaqin vakillar qatnashishidan ham bilish mumkin. Shuningdek, 20 davlatning ommaviy axborot vositalari xodimlari anjumanni bevosita yoritib borishdi.

Xalqaro festivalda mamlakatimiz folklorshunos olimlari, baxshi, jirov va oqinlar, san'atkorlar va baxshichilik san'ati muxlislari bilan birga jahonning 75 ga yaqin davlatidan 300 dan ziyod mehmonlar ishtirok etishdi. Milliy qadriyatlarimiz ulug'lanadigan bu tadbirda qatnashish, undan zavq-shavq olish istagini bildirgan mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun barcha sharoitlar hozirlandi. 4 ming 700 dan ortiq yotoqjoy tayyorlandi. To'qqizta mehmonxona va sanatoriy-profilaktoriyda mingdan ziyod qo'shimcha o'rin zaxirasi yaratildi. 483 o'rinli 102 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Xo'randalarga sifatli xizmat ko'rsatish maqsadida 23 restoran va kafe tayyorlandi. Sifatli tibbiy, transport va boshqa xizmatlar ko'rsatish, festival ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi [4].

Xalqaro baxshichilik san'ati festivalida turli viloyatlar vakillari noyob va nafis hunarmandchilik buyumlari, hududning o'ziga xos qadriyatlarini keng namoyon etishdi. Folklor san'ati, turli xalq o'yinlari, teatrlashgan sahna asarlari bilan barchani xushnud qilishdi.

Muhtasham San'at saroyi hududida barpo etilgan etnografik shaharchalar erta tongdan yangrayotgan kuy-qo'shiqlar va baxshilar do'mbira jo'rligida kuylayotgan dostonlar odamlarni yana dunyo xalqlarini birlashtirgan katta bayramga chorladi. Etnografik shaharchaning bir tomonida milliy hunarmandchilik buyumlari, boshqa tomonida san'atkorlarning rang-barang chiqishlari qalblarga o'zgacha tarovat ulashadi. Dor o'yinlari ham ko'pchilikni allaqachon o'ziga maftun etgan.

Farg'ona tumanidan kelgan "Vodil chinori" dorbozlik guruhi ham osmono'par dor o'yinlari bilan barchaga o'zgacha zavq bag'ishlagan bo'lsa, masxaraboz va polvonlarning chiqishlari ham tomoshabinlarga manzur bo'ldi. Dor o'yinlari -qadimiy milliy san'atimizning bir bo'lagi, mustahkam ildizlaridan biri. Bu hunarga xalq og'zaki ijodi namunalarida ham chuqur ta'rif berilib, kuylab kelingan. To'yu tomoshalar dor o'yinlarisiz o'tmagan. Shu bois bo'lsa kerak, san'atning bu turiga xalqimizda hamon qiziqish va intilish kuchli.

Festival doirasida turli viloyatlaridan kelgan mohir pazandalar o'z hududlarining tansiq taomlarini tayyorlash jarayonini namoyish etildi. Ko'rgazma ishtirokchilari Samarqandning bo'rsildoq nonlari, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryoning tandir kaboblari, Andijonning palovxonto'rasi va boshqa taomlarning tayyorlanish usullarini kuzatish barobarida ularni ta'tib ko'rish imkoniyatiga ham ega bo'lishdi.

Surxondaryo viloyati pavilyonida mahalliy va jahonning 24 davlatida tayyorlanadigan taomlar ko'rgazmasi namoyish etildi. Surxoncha tandir kabob va

uzunligi bir metrdan ziyod bo'lgan alpomish kaboblar ham ishtirokchilar e'tiborini o'ziga tortdi.

Ko'rgazmada mavjud dunyo taomlari xalqimizning pazandalik mahoratini keng namoyish etayotgan bo'lsa, milliy taomlarimiz jannatmonand yurtimizda qadimdan oshpazlik san'ati yuksak darajada rivojlanganidan darak beradi. Qo'li gul oshpazlar tansiq taomlarning tayyorlanish jarayonini ko'rsatish bilan birga, uning tarixi haqida hikoya qilib berayotgani ishtirokchilar e'tiborini tortayotgani buning dalilidir.

Festivalning asosiy qismi, ya'ni ochilish marosimida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, hukumat a'zolari, xorijiy davlatlardan yetib kelgan yuqori martabali mehmonlar, san'atkorlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Marosimda Prezident SH.Mirziyoyev festival ishtirokchilarini qutladi.

Prezidentimiz tantanali marosimda folklor san'atiga butun dunyoda qiziqish susayib borayotgani va buning sabablarini chuqur tahlil qilar ekan, xalq ijodiyotining nafis namunalarini asrab-avaylash, rivojlantirish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish bo'yicha qimmatli fikrlar bildirdi. Jahon olimlari, mutaxassislari va san'atkorlarini birdek o'ylantirib kelayotgan bu muammo yechimini topishning eng ravon, eng maqbul yo'llarini belgilab berdi.

Jumladan "Ayni vaqtda hozirgi globallashuv davrida, tijorat vositasiga aylangan "ommaviy madaniyat", shou-biznesning salbiy ta'siri tobora kuchayib borayotgan murakkab zamonda har qanday milliy madaniyatning bulog'i bo'lgan folklor san'atiga e'tibor va qiziqish, afsuski, susayib borayotgani ham sir emas. Holbuki, folklor san'ati, ta'bir joiz bo'lsa, bu - insoniyatning bolalik qo'shig'idir" - degan fikrlari bugungi festivalning ham ma'naviy, ham ijtimoiy, am estetik ahamiyatini belgilaydi [2].

Prezidentimiz o'z nutqida o'zbek baxshichilik maktabining asoschilari Ergash Jumanbulbul o'g'li, Islom shoir, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Po'lkan shoir, Bola baxshi, Esemurat jirov, Sherna baxshi, Mardonaqul Avliyoqul o'g'li, Qodir baxshi Rahimov va bugungi kunda ularning izdoshlari bo'lmish Shomurod Tog'ayev, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Qahhor va Abdimurod Rahimovlar, Qalandar baxshi, Gulnara Allembergenova, G'ayratdin Otemuratov, Shodmon Xo'jamberdiyev, Ilhom Norov kabi o'nlab iste'dodli ijrochilar nomini tilga olib ularning faoliyatini chuqur o'rganish va targ'ib qilish masalasiga e'tibor qaratdi.

Shuningdek, baxshichilik san'atini ilmiy o'rganishdek muhim ishga katta hissa qo'shgan atoqli shoir Hamid Olimjon, Hodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Mansur Afzalov, Buyuk Karimiy, Zubayda Husainova singari fan arboblarining xotirasini hurmat bilan yod etib, bugun ularning ishlarini munosib davom ettirayotgan To'ra Mirzayev, Jalg'as Xushniyozov, Safarboy Ro'zimboyev, Shomirza Turdimov, Mamatqul Jo'rayev, Toshtemir Turdiyev, Jabbor Eshonqulov va boshqa jonkuyar olimlarning nomlarini minnatdorlik bilan qayd etib o'tdi [5].

Taniqli rejissor Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirgan tadbirda O'zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligidagi sozandalar guruhi, O'zbekistonning barcha viloyatlariga xos rango-rang, an'anaviy liboslarni ko'z-ko'z qilgan raqqos va raqqosalar festivalga o'zgacha joziba baxsh etdi.

«Alpomish», «Guloyim va qirqqiz», «Oshiq G'arib va Shohsanam» dostonlaridan parchalarni jonli aytgan baxshi, jirov va oqinlar O'zbekistonning tarixiy madaniyati, urf-odatlarini sahnada jonlantirdi. Shu bilan birga Buxoro mavrigisi, Xorazm lazgisi tomoshabinlar qatori xorijlik mehmonlarni ham xushnud etdi.

O'zbekistonda birinchi marta tashkil etilgan Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ochilish tadbiri turli hududlardan yig'ilgan baxshilarning jo'rligida, mushakbozlik sahnasi bilan yakunlandi.

Besh kun davom etgan mazkur festivalda dunyo baxshilari o'z san'ati bilan o'zaro bellashdi, kezi kelsa fikr va tajriba almashishdi.

Mazkur festival xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar qalbida chuqur iz qoldirdi. Jumladan, "Termizda o'tayotgan baxshichilik festivaliga kelib, xalqingiz o'zining tarixiy ildizlari bo'lgan folklor san'atini kelajak avlodlarga bezavol yetkazishga naqadar intilishiga guvoh bo'ldik. Bu yerda O'zbekiston bilan birga turli millat va xalqlarning epik san'ati namunalarini tinglamoqdamiz. Festival boshqa millat vakillariga ham o'z folklor san'atini targ'ib etish imkonini bermoqda. Kecha festivalning tantanali ochilish marosimini katta hayrat bilan kuzatdik. Tarixiy dostonlar mazmuni va g'oyasi zamonaviy musiqa bilan uyg'unlashtirib ijro etilgani o'zbek san'atining ildizlari teranligidan dalolat. Shunday noyob va buyuk san'atga ega xalqingizning madaniy yodgorliklari jahon xalqlari tomonidan o'rganilishga loyiq" - deydi Shveysariya va Lixtenshteyn xorij matbuoti assotsiatsiyasi prezidenti Jan Musi.

Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida "Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san'atining o'rni" mavzuiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo'lib o'tdi. Anjumanda dunyoning turli hududlaridan kelgan olimlar, ilmiy tadqiqotchilar baxshichilik va dostonchilik san'atini rivojlantirish, xalq og'zaki ijodi durdonalarining Sharq va G'arb madaniyati va san'atidagi o'rni hamda ahamiyatini yanada oshirish, o'zbek va boshqa xalqlar dostonlarini ilmiy o'rganish, o'zaro ijodiy hamkorlikni keng yo'lga qo'yish kabi masalalar muhokama etildi.

Anjumanning yalpi yig'ilishida "Baxshilarning estetik qarashlari", "Markaziy Osiyoda nomoddiy madaniy meros muhofazasi bo'yicha xalqaro hamkorlik: mintaqada ICHCAP bilan mushtarak ishlar misolida", "Turkiy eposda doston aytish san'atining badiiy va vaqtga oid kontekti" kabi o'nlab mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Darhaqiqat, baxshichilik xalq og'zaki ijodining yorqin namunasi bo'lib, unda har bir xalqning o'tmishi, ruhiyati, mentaliteti, qadriyatlari, urf-odat va

an'analari aks etadi. Shu bois ushbu noyob san'at mavjud bo'lgan barcha ellarda u nomoddiy madaniy meros sifatida muhofaza qilinadi, yuksak qadrlanadi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida baxshilar maktabidagi uchrashuvida "Dostonchilik va baxshichilik - milliy g'ururimiz. Uning zamiridagi ezgu qadriyatlarni xalqimizga yetkazish lozim." - deb, ta'kidlagan edilar [4]. Ushbu dolzarb vazifani hal etish bo'yicha quyidagi ishlar zimamizda turibdi:

birinchidan, baxshilar ijrolarini audio, video tasmalariga yozib olish, kitob holiga keltirish, shu dostonlardan imkon darajasida filmlar yaratish;

ikkinchidan, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sodiq, o'zbekona ruhda tarbiyalashda ezgulikka chorlaydigan, vatanparvar, adolatli, mard, jasur bo'lishga undovchi dostonlarimizni maktablarning ta'lim tizimiga darslik sifatida kiritish;

uchinchidan, dostonlarni fundamental ilmiy tadqiq etish ishlarini yanada kuchaytirib, hududlarda avval mavjud bo'lgan baxshichilik maktablarini qayta tiklash choralarini ko'rish;

to'rtinchidan, baxshichilik san'ati va dostonlarimizning maxsus veb sayt va mobil ilovasini yaratib, unga dostonlar matnini, baxshi ijrolari audiolarini, shuningdek yurtimizda faoliyat olib borayotgan baxshilar to'g'risidagi ma'lumotlarni joylashtirish, ularni ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritish va targ'ib qilish;

beshinchidan, baxshichilik san'atining bardavomligini va barqarorligini ta'minlash maqsadida oliy ta'lim tizimida baxshichilik ijrochiligi bakalavriat va magistratura mutaxassisliklarini ochish va yetuk kadrlarni tayyorlash lozim.

Baxshi va baxshichilik san'ati - bu an'analarda saqlanib, bizgacha yetib kelgan oddiy meros emas, u biz bilan harakatda, xizmatda, o'sish va rivojlanishda bo'lgan ulkan ijod. Bu tengsiz ijodni bugunga xizmat qildirish, uning zamonamizga hamnafas jihatlarini rivojlantirish bizning asosiy vazifamizdir.

Xulosa sifatida qayd etish lozimki baxshichilik san'ati festivali avvalo Prezident va hukumat qarorlari asosida tashkil etilib, jahon madaniy maydonida o'ziga xos yangi o'zbek bayramlarini vujudga keltirdi. Mazkur bayram tomoshalarini tashkil etish va o'tkazishda innovatsion texnika va texnologiyalardan keng foydalanildi. Bu jarayon nafaqat festival o'tkaziladigan maxsus badiiy maydonda balki, maydon atrofida tashkil etilgan turli ko'rgazma, xalq o'yinlari va dor osti o'yinlari namoyishida, mahalliy ishlab chiqarish mahsulotlari namoyishlarida ham asosiy badiiy vosita sifatida qo'llanildi.

Rejissor Bahodir Yo'ldoshev tomonidan amalga oshirilgan va falsafiy ma'noga ega bo'lgan baxshichilik san'ati festivali milliy va zamonaviylik integratsiyasi asosida yuzaga kelgan badiiy tomosha bo'lib, bunda milliy qadriyatlar va milliy

tarixni so'zlovchi mumtoz va xalq qo'shiqlari, milliy ommaviy raqslar o'ziga xos zamonaviy ijodiy uslublar omuxtaligida innovatsion uslublarni vujudga keltirdi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-noyabrdagi «Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o'tkazish to'g'risida»gi PQ-3990-son qarori. www.lex.uz

2. Mirziyoyev SH.M. Xalqaro baxshichilik san'ati festivali ochilish marosimidagi nutqi. Xalq so'zi gazetasi. 2019-yil, 6-aprel soni. - Toshkent: 2019.

3. Mirziyoyev SH.M. Baxshichilik san'ati namoyandalari va muxlislariga. Xalq so'zi gazetasi. 2021-yil, 17-dekabr soni. - Toshkent: 2021.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.