Научная статья на тему 'DOSTON IJROCHILIGI AN’ANALARI (QASHQADARYO-SURXONDARYO DOSTON IJROCHILIK AN’ANALARI MISOLIDA)'

DOSTON IJROCHILIGI AN’ANALARI (QASHQADARYO-SURXONDARYO DOSTON IJROCHILIK AN’ANALARI MISOLIDA) Текст научной статьи по специальности «СМИ (медиа) и массовые коммуникации»

CC BY
1075
32
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
doston / baxshi / shoir / epik janr / baxshichilik maktabi / an’ana / doston ijrochiligi / ichki ovoz / epik an’ana. / epic / bakhshi / poet / epic genre / bakhshi school / tradition / epic performance / inner voice / epic tradition.

Аннотация научной статьи по СМИ (медиа) и массовым коммуникациям, автор научной работы — Z. Hayitov

Doston ijrochiligida har bir baxshichilik maktabining oʻziga xos anʼanalari boʻlganligi kabi Qashqadaryo-Surxondaryo vohasida ham doston ijrochiligi an’analarining oʻziga xos jihatlari shakllangan. Ushbu maktab vakillari va ularning repertuaridan oʻrin olgan dostonlar, doston ijrochiligi xususiyatlari bilan boshqa dostonchilik maktablaridan farq qiladi. Ushbu maqolada doston ijrochilik maktablari, jumladan Qashqadaryo-Surxondaryo doston ijrochilik an’analarining o‘ziga xos jihatlari ilmiy tahlil etilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

TRADITIONS OF EPIC PERFORMANCE (ON THE EXAMPLE OF THE PERFORMING TRADITIONS OF THE KASHKADARYA-SURKHANDARYA EPIC)

Just as each school of bakhshi has its own traditions of epic performance, so the Kashkadarya-Surkhandarya oasis has its own characteristics of epic performance. Representatives of this school and epics from their repertoire differ from other epic schools in the features of epic performance. This article scientifically analyzes the unique aspects of the schools of epic performance, including the Kashkadarya-Surkhandarya epic performing traditions.

Текст научной работы на тему «DOSTON IJROCHILIGI AN’ANALARI (QASHQADARYO-SURXONDARYO DOSTON IJROCHILIK AN’ANALARI MISOLIDA)»

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

DOSTON IJROCHILIGI AN'ANALARI (QASHQADARYO-SURXONDARYO DOSTON IJROCHILIK AN'ANALARI

MISOLIDA) Hayitov Zafar Soatovich

Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti, "Doston ijrochiligi" kafedrasi

mudiri

https://doi.org/10.5281/zenodo.7434409

Annotatsiya. Doston ijrochiligida har bir baxshichilik maktabining o 'ziga xos an 'analari bo'lganligi kabi Qashqadaryo-Surxondaryo vohasida ham doston ijrochiligi an'analarining o 'ziga xos jihatlari shakllangan. Ushbu maktab vakillari va ularning repertuaridan o 'rin olgan dostonlar, doston ijrochiligi xususiyatlari bilan boshqa dostonchilik maktablaridan farq qiladi. Ushbu maqolada doston ijrochilik maktablari, jumladan Qashqadaryo-Surxondaryo doston ijrochilik an'analarining o'ziga xos jihatlari ilmiy tahlil etilgan.

Kalit so'zlar: doston, baxshi, shoir, epik janr, baxshichilik maktabi, an'ana, doston ijrochiligi, ichki ovoz, epik an 'ana.

ТРАДИЦИИ ЭПИЧЕСКОГО ИСПОЛНЕНИЯ (НА ПРИМЕРЕ ИСПОЛНИТЕЛЬСКИХ ТРАДИЦИЙ КАШКАДАРЬИНСКО-

СУРХАНДАРЬИНСКОГО ЭПОСА)

Аннотация. Как каждая школа бахши имеет свои традиции эпического исполнения, так и Кашкадарьинско-Сурхандарьинский оазис имеет свои особенности эпического исполнительства. Представители этой школы и былины из их репертуара отличаются от других эпических школ особенностями эпического исполнения. В данной статье научно анализируются уникальные аспекты школ эпического исполнительства, в том числе Кашкадарьинско-Сурхандарьинских эпических исполнительских традиций.

Ключевые слова: эпос, бахши, поэт, эпический жанр, школа бахши, традиция, исполнение эпоса, внутренний голос, эпическая традиция.

TRADITIONS OF EPIC PERFORMANCE (ON THE EXAMPLE OF THE PERFORMING TRADITIONS OF THE KASHKADARYA-SURKHANDARYA EPIC)

Abstract. Just as each school of bakhshi has its own traditions of epic performance, so the Kashkadarya-Surkhandarya oasis has its own characteristics of epic performance. Representatives of this school and epics from their repertoire differ from other epic schools in the features of epic performance. This article scientifically analyzes the unique aspects of the schools of epic performance, including the Kashkadarya-Surkhandarya epic performing traditions.

Keywords: epic, bakhshi, poet, epic genre, bakhshi school, tradition, epic performance, inner voice, epic tradition.

KIRISH

Baxshichilik san'ati - juda qadimiy san'at turi. Dostonlarda uzoq tariximiz, madaniyatimiz mujassam. Shu sababli o'tmishimizni, azaliy qadriyatlarimizni o'rganishda xalq og'zaki ijodiga murojaat qilamiz. Folklor san'atimiz orqali ajdodlarimizning donishmandligi, urf-odatlari, orzu-intilishlaridan xabardor bo'lamiz, o'zligimizni anglaymiz. Baxshichilikning asl qadr-qimmati ham shunda!

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Bugungi kunda baxshichilik san'atiga hukumatimiz, qolaversa Muhtaram Prezidentimiz tomonidan alohida e'tibor berilishi natijasida bu noyob san'at turi yanada rivojlantirilmoqda. Baxshichilik san'ati shakllangan ijodiy maktablar, "ustoz - shogird" an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish, baxshi-shoirlarning ijodiy va ilmiy faoliyatini o'rganish, baxshichilik san'atini keng targ'ib etish, doston ijrochiligining o'ziga xos jihatlarini ilmiy tadqiq etishga alohida e'tibor berilmoqda.

Ma'lumki, xalq og'zaki ijodida dostonlar necha ming yillardan beri baxshilar tomonidan kuylanib, sayqallanib, avlodlarga og'zaki tarzda o'tib kelgan. Baxshichilik an'analarini kuzatarkanmiz, u soz chertganda sozanda, she'riy parchalarni aytganda xonanda, shuningdek, parchalarni bir zumda to'qib ketadigan shoir hamdir. Shoirtabiat baxshi hech qachon dostonni bir xil, ya'ni o'zgarishsiz ijro etmaydi. Baxshi "Alpomish" dostonini kuylaganda uning mardligi, Barchinni so'zlaganda go'zal va oqila qiz ko'z oldimizda gavdalanadi. Shuning uchun doston ham har bir tinglovchiga beqiyos ma'naviy zavq beradi.

Muayyan doston varianti jamoa va individual ijod birligi jarayonida yuzaga kelgan mahsuli ekan, unda kuylovchining ijrochilik va ijodkorlik faoliyati asrlar davomida shakllangan og'zaki epik an'analar doirasida namoyon bo'ladi. Bu hol barcha baxshilar uchun umumiy tomonlarni, muayyan dostonchilik qoliplarini yuzaga keltiradi. Boshqacha qilib aytganda, umumlashgan puxta epik an'ana doirasida ma'lum baxshi yoki baxshilar guruhiga xos alohida ijodiy xususiyatlar, yo'llar, uslublar o'zgachaligi mavjud. Folklorshunoslikda buni shartli ravishda dostonchilik (baxshilik) maktablari deb yuritiladi. Hozirgi kunda o'zbek folklorshunosligida Bulung'ur, Qo'rg'on, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, Janubiy Tojikiston, Xorazm kabi poetik dostonchilik maktablari - baxshilik san'atining ajoyib markazlari aniqlangan. [1, 237 b.]

TADQIQOT MATERIALLARI VA METODOLOGIYASI

Darhaqiqat, yurtimizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi hududlarida baxshichilik san'ati rivojlangan, alohida -alohida maktablari yaratilgan. Qo'rg'on, Bulung'ur, Narpay, Sherobod, Qamay kabi turli dostonchilik maktablarida yetishib chiqqan baxshilar o'z ijro uslubi, imkoniyati, repertuari bilan bir-biridan farqlanib turgan. Bulung'ur dostonchilik maktabi azaldan qahramonlik dostonlarini ijro etib kelgani bilan mashhur. Ergash Jumanbulbul o'g'li va Po'lkan shoir nomi bilan bog'liq bo'lgan Qo'rg'on dostonchilik maktabida, asosan, lirik ishqiy qissalar kuylangan. Sherobod dostonchilik maktabida sozga, ovozga, so'zga e'tibor qilinadi. Yozma adabiyot vakillariniki singari qolipga solingan to'rtliklar, matn, she'riy qism - hamma-hammasi juda chiroyli, ravon ijro etiladi. Xorazm dostonchilik maktabida musiqa yetakchilik qiladi. Xorazm baxshichilik maktabi vakillari cholg'u ansambli jo'rligida ichki ovozda kuylaydi. Ayniqsa, epik asarlarni talqin qilishda jamoaviy ijrochilik yetakchilik qiladi. Xorazm dostonchilik maktabi "Shirvoniy" (Xiva) va "Ironiy" (Mang'it) nomli ikkita yo'nalishga bo'linadi. Bu maktablar qadimiy ildizlarga ega. Uslub va lahja, yorqin va jonlantiruvchi qo'shiq, ashula va ohangga ega.

Qashqadaryo-Surxondaryo vohasida doston ijrochilari qadimdan yuzboshi, baxshi, shoir deb nomlangan. Baxshilar san'atida so'z ustasi, qo'shiq ijrochisi, do'mbira sozi birlashgan bo'ladi. Baxshilar kuylayotganda maxsus ichki ovoz, (bo'g'iq ovoz) bilan do'mbiraning ovoziga jo'rnavozlik qiladilar. Bo'g'iq ovozda kuylash Qashqadaryo-Surxondaryo vohasi dostonchilik maktabining asosini tashkil etadi.

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Qashqadaryo-Surxondaro dostonchilik an'analari Sherobod dostonchilik maktabi bilan mashhur. XIX asrning 1-yarmi XX asr boshlarida yashagan bu maktabning mashhur vakili Shernazar Beknazar o'g'li bir qancha shogirdlar yetishtirgan. Mardanqul Avliyoqul o'g'li, Normurod baxshi, Ahmad baxshi, Nurali Boymat o'g'li kabi o'nlab dostonchilar shu maktabga birlashadi va ulardan bir qancha dostonlar yozib olingan. Bu maktab nomayondalari nafaqat doston aytish, balkim termachi va do'mbirachi sifatida ham mashhur bo'lishgan va ushbu ana'na hozirgi kungacha saqlanib kelmoqda. Surxondaryoda doston ijrochilarini yuzboshi deb atashadi, ijro uslubi rechitativ, tomoq (ichki ovoz) an'analariga bo'ysingan, do'mbira jo'rligida ijro etiladi. Bu maktabga xos bo'lgan "Qo'ng'iroqcha nag'malar" ham dostonlarda qo'llanib kelingan. Bu baxshilar repertuariga nazar tashlar ekanmiz, dostonchilikning nisbatan quyi bosqichlariga, badiiy tafakkurning uncha rivojlanmagan shakllariga duch kelamiz. Surxondaryo-Qashqadaryo, ba'zan Janubiy Tojikiston baxshilari o'zaro doimiy aloqada bo'lgan va ularning ko'pchiligi Sherobod bilan bog'lanadi. Bu maktab repertuaridagi ayrim dostonllar "Oltin qovoq", "Malla savdogar", "Ollonazar Olchinbek" kabi dostonlar boshqa joylardagi baxshilar repertuarida uchramaydi.[1, 239 b.]

1960-yillardan boshlab esa an'analarning muayyanlashib borishi, ma'lum ma'noda kitobiylikka intilish kuchaygan. Bu jarayonda Qashqadaryo baxshichilik san'ati yetuk doston ijrochisi, iste'dodli xalq baxshisi Qodir baxshi Rahimovning xizmatlari katta bo'lgan. Qodir baxshi Rahimov "Alpomish" dostonini kuylayotganda, Alpomish qalmoq mamlakatidagi zindondan chiqib, zolimlardan qutulib, ona Vatani - Boysun - Qo'ng'irotga qaytayotgan holatini shunchalar zavq bilan to'lib-toshib, xuddi o'z Vatani ozod va mustaqil bo'lganday, berilib kuylaydiki, o'sha qo'shiqlar ohangida Vatanga muhabbati tinglovchiga yaqqol sezilib turadi.

TADQIQOT NATIJALARI

Dostonlarda tarixiy voqelik xalq fantaziyasi asosida umumlashgan obrazlarda o'z ifodasini topadi. Binobarin, ularda epik umumlashtirish hukmronlik qiladi. Bunday umumlashtirish xalqning ijtimoiy adolat haqidagi ideallari va orzu-umidlari bilan yo'g'rilgan. Demak, dostonga epiklik, monumentallik xos bo'lib, kompozitsion va sujet qurilishi jihatidan murakkab voqea-hodisalarni qamrab oladi. Bunday voqea va hodisalar mazmunan qahramonlik xarakteriga ega bo'lib, ular xalq idealidagi bahodir atrofiga birlashtiriladi. Favqulodda kuch-qudratga ega bunday yakka shaxslarda butun bir xalqning orzu-umidlari, imkoniyat va intilishlari mujassamlashgan. Xalq dostonlarining janr xususiyatlari uning o'ziga xos uslubi va badiiy shaklini belgilaydi, ya'ni kuy va ijro bilan mahkam bog'liq bo'lgan yirik hajmli va keng ko'lamli dostonlarning poetik bayoniga ko'tarinkilik, tantanavorlik, an'anaviylik, she'riy va prozaik qismlarning davomiy almashinib kelishi xosdir. [1, 229 b.]

Doston yirik epik janr bo'lib, doston aytishda har bir maktab, vohaning o'ziga xos an'analari bo'lganligi kabi Qashqadaryo-Surxondaryo dostonchilik maktabining o'ziga xos jihatlari shakllangan. Qashqadaryo-Surxondaryo dostonchilik maktabi, ushbu maktab vakillari va ularning repertuaridan o'rin olgan dostonlar, qaysi vaqtlarda aytilishi xususiyatlari bilan boshqa dostonchilik maktablaridan farq qiladi.

MUHOKAMA

Qashqadaryo va Surxondaryo vohasida dostonlarni kuylash mavsumi asosan kech kuzda, qishloq ahli dehqonchilik bilan bog'liq yig'im-terim ishlarini tugatganidan so'ng boshlanib, to erta bahorga qadar davom etgan. Odatda baxshilar mahalliy aholi tomonidan maxsus uyushtirilgan dostonchilik kechalari o'tkazish uchun xonadonlardan biriga taklif etiladi. Bu

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

xonadonda mahalla ahli, qo'ni-qo'shnilar ham yig'ilishib baxshining doston ijrolarini tinglashgan. Bunday kechalar bir necha kungacha davom etgan. Bundan tashqari oilaviy bayram, to'y marosimlari va boshqa bayram tantanalarida ham baxshi -doston aytuvchilarni taklif etishgan va bu odat tusiga kirgan.

Ushbu voha dostonchiligi juda qadimiy, ayni paytda hozirga qadar yaxshi saqlangan mahalliy udum va an'analariga ega. U o'ziga xos adabiy-nasriy, she'riy, shuningdek, musiqiy-ijodkorlik xislatlar bilan ta'riflanadi. Doston voqealarining bosqichma-bosqich, salobatli bayon etilishi jarayonida so'zli va sof cholg'u kuylar katta o'rin tutadi. Shuningdek, uning ijrosi davomida muntazam ravishda aytiluvchi har-xil mazmundagi qo'shiqsimon namunalar "noma" deb yuritiladi. Nomalar dostonchi tomonidan do'mbira cholg'usi jo'rligida yo'g'on, bo'g'iq tabiatli, shu boisdan "ichki" deb ataluvchi ovozda ijro etiladi. [3, 66 b]

Har bir doston o'nlab turlicha holat va kayfiyatlarni ifodalovchi noma va kuylardan tuziladi. Ijrochi muayyan voqelik vaziyatidan kelib chiqib, o'z ijro bisotida bor musiqiy namunalarni tanlab, o'rinli ishlatadi. Doston tarkibidagi aksariyat kuy va nomalar kichik hajmli, oddiy tuzilmali shaklu-shamoyillardan iboratdir. Ularda foydalanilgan musiqiy tovushlar ko'lami, vazn-usullari jihatdan biroz chegaralangandek tuyulishi mumkin. Shunday bo'lsa -da, doston ijrochisining badihago'ylik mahorati orqali bunday qadimiy musiqiy namunalarning rango-rangligi, ta'sirchan va ifodaviyligi ta'minlanadi. Qashqadaryo-Surxondaryo vohalarida eng keng tarqalgan tarixiy, qahramonlik, ishqiy dostonlardan "Alpomish", "Avazxon", "Rustamxon", "Go'ro'g'li" va boshqalarni tilga olish mumkin.

Epik xotiraviylik faqat doston matnlaridagi so'z bilan bog'liq holatlarni yodda saqlash emas, balki do'mbira jo'rligidagi ohanglarni ham birgalikda ilg'ash, shu asosda doston ijro etish demakdir. Baxshichilik san'atida so'z va soz birligi muhim o'rin egallaydi. Baxshi o'zi ishtirok etmagan epik voqelikni dunyoqarashda shakllantirib, voqealar jarayonida ruhiy holatlarni tasvirlaydi, dramatik rol bajaradi. Shu asosda tinglovchilar auditoriyasini o'ziga jalb qilib, badihago'ylik sirlarini namoyish qiladi, usta baxshi bo'lib shakllanadi. XULOSA

Baxshilar ijrochiligida epik xotiraning ham o'ziga xos ahami yati bor. Doston ijrochiligida o'rganilgan barcha an'anaviy usullar, yo'llar epik bilimning qamrovi bilan belgilanadi. Baxshi ustozidan o'rgangan doston matnlarini asriy an'analar asosida egallagan bilimi va dunyoqarashda sayqallashtiradi hamda ijro etadi. Qashqadaryo-Surxondaryo baxshichilik maktabi doston ijrochiligida epik xotira, bilim kabi qismlar yo'qolsa, an'anaviy doston kuylash usullari ham so'nadi yoki baxshining ijro etgan dostoni ijodiy qo'llanma sifatida o'sha baxshi repertuari bilan bog'lanadi. Yoxud dostonlarning ijro jarayoni sustlashib, yangicha talqinlar bilan ommalashadi.

Xulosa qilib aytganda, har bir hududning o'ziga xos qadriyat va an'analari mavjud. Qashqadaryo-Surxondaryo dostonchilik maktabi mana necha yillardan beri rivojlanishda davom etib kelmoqda. Voha ahlining tanti va mardligi, yashash tarzi, tabiati bilan chambarchas bog'liq holda yaratilgan doston ijrochilik an'analari bor. Bu yerga kelgan hech bir inson ularning dostonlaridan, xalq termalaridan tinglamay turib qaytmaydi, qaytolmaydi. Zero, bugungi kunda bu diyorga sayyohlarni chorlagan eng katta kuch ham baxshi do'mbirasining sehrli sadosi va dostonlarimizdagi sir-sinoatdir.

REFERENCES

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 8 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

1. Madayev O. O'zbek xalq og'zaki ijodi: O'quv qo'llanma / Mas'ul muh.: fil.f.d., prof. H.Boltaboev. Toshkent:, 2010.

2. Mirzayev T. Xalq baxshilarining epik repertuari / Mas'ul muharrir: O'zR FA akademigi Shoabdurahmonov Sh. - Toshkent: Fan, 1979.

3. Yunusov R. O'zbek xalq musiqa ijodi. II jild. Toshkent - 2000.

4. Mirzayev T., Turdimov Sh., M.Jo'rayev., J.Eshonqulov., A.Tilovov. O'zbek folklori: Darslik / Mas'ul muh. Fil.f.n., dots. O.Madayev. Toshkent: "Tafakkur bo'stoni", 2020.

5. Jo'rayev M., Eshonqulov J. Folklorshunoslikka kirish: O'quv qo'llanma / Mas'ul muh: Fil.f.n., dots. O.Axmedova. Toshkent: Barkamol fayz media, 2017.

6. Jo'rayev M. Folklorshunoslik asoslari: O'quv qo'llanma / Mas'ul muh: O'zb. xizm. ko'rs. yoshl. murabbiysi S. Yo'ldosheva. - Toshkent: Fan, 2009.

7. Matyoqubov B. Doston navolari / Mas'ul muharrir: san.f.n., prof. Yunusov R. - Toshkent, 2009.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.