Научная статья на тему 'UYALI ALOQA VOSITALARI VA ULARNING YOSH AVLOD TARBIYASIDAGI OʻRNI'

UYALI ALOQA VOSITALARI VA ULARNING YOSH AVLOD TARBIYASIDAGI OʻRNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
vatanparvarlik / millatparvarlik / bagʻrikenglik / hushyorlik va ogohlik / yot va begona xurujlar / milliy va umumbashariy qadriyatlar

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Zaripov Fayziddin Muxitdinovich

Maqolada mobil aloqa vositalarining (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) zarari va afzalliklari tariflangan, zamonaviy bilim va tajriba, masalalari oʻz ifodasini topgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «UYALI ALOQA VOSITALARI VA ULARNING YOSH AVLOD TARBIYASIDAGI OʻRNI»

UYALI ALOQA VOSITALARI VA ULARNING YOSH AVLOD

TARBIYASIDAGI ORNI

Zaripov Fayziddin Muxitdinovich

T.N.Qori Niyoziy nomidagi O'zPFITI tayanch doktoranti, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa

doktori (PhD) https://doi.org/10.5281/zenodo.11256937

Annotatsiya. Maqolada mobil aloqa vositalarining (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) zarari va afzalliklari tariflangan, zamonaviy bilim va tajriba, masalalari o'z ifodasini topgan.

Kalit so'zlar: vatanparvarlik, millatparvarlik, bag'rikenglik, hushyorlik va ogohlik, yot va begona xurujlar, milliy va umumbashariy qadriyatlar.

Dunyoda kechayotgan globallashuv jarayonlari barchamizga yangi vazifalar yuklamoqda. Shunday vazifalardan biri - yosh avlodni vatanparvarlik, millatparvarlik va bag'rikenglik ruhida tarbiyalash, ularda hushyorlik va ogohlik tuyg'ularini mustahkamlash, ularni kattalarga hurmat, kichiklarga izzat bilan qaraydigan va milliy urf-odatlar va qadriyatlarni e'zozlaydigan barkamol shaxs qilib tarbiyalashdir.

Mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy munosabatlar tomon yo'llash natijasida shaxs va subyekt sifatida shakllanishi, jamiyat tomonidan belgilangan xulq normalariga rioya qilishi, tabiiy imkoniyatlarini ro'yobga chiqarishi, ijtimoiy tajriba orttirish uchun imkoniyatlari kengaymoqda. Shuningdek, o'quvchilar orasida destruktiv g'oyalar profilaktikasi samaradorligi, ularda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni rivojlantirish, dezadaptatsiya holatlari va undagi shakl, metod, vositalarini qo'llash samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi.

Xalqimizda "Bir yaxshining bir yomoni bor" degan naql bor. Mobil aloqa vositalarini qulay muloqat turi deb baholadik. Ammo, bugungi kunda dunyo miqyosida globallashayotgan muammolardan biri mobil aloqa vasitalarining yosh avlod tarbiyasiga hamda sog'lig'iga ta'sirida ko'rinmoqda. Shu o'rinda mazkur aloqa vositasining afzallik va zarar keltiruvchi jihatlariga to'xtalib o'taylik.

Birinchidan, afzallik jihatlaridan biri, ota-ona uchun dilbandining qayerda, nima ish bilan bandligini bilish ota-onaga xotirjamlik bag'ishlaydi;

ikkinchidan, telefonning bolalar uchun foydali tomoni - xavf oldini olishi mumkinligidir. Aynan, ota-ona har ehtimolga qarshi favqulodda holatlarda foydalaniladigan raqamlarni qanday terishni o'z farzandiga o'rgatishi va noxush holatlar paydo bo'lganida tezda bog'lanish imkoniyati mavjudligi ijobiy hol albatta.

Mobil aloqa vositalarining salbiy jihatlariga to'xtaladigan bo'lsak, birinchidan, mobil aloqa vositasi bir tomondan bola hayotini xavf-xatardan asrasa, boshqa tomondan xavf darajasini oshiradi. Bilamizki, bolalar o'zlariga tegishli o'yinchoq, kitob, velosiped va nihoyat qo'l telefoni bilan maqtanishni yaxshi ko'rishadi. Qimmatbaho telefonni ko'z-ko'z qilish - o'g'irlikka moyillikni kuchaytirishi mumkin;

ikkinchidan, o'smirlar orasida uyali aloqa apparati - yashash tarzining o'ziga xos ko'rsatkichi bo'lib xizmat qilsada, qo'l telefoniga qarab, kimning ota-onasi qancha pul topishini bemalol aytib berish, buning natijasida o'smirlar orasida nosog'lom raqobat paydo bo'lishi, natijada oilada urush-janjal yuzaga kelishi mumkin;

uchinchidan, aloqa telefoni - oila byudjeti uchun ortiqcha sarf-xarajat demakdir. Ayniqsa, agar bola o'z suhbatini nazorat qilishni bilmasa, bu oilada iqtisodiy keskinlikka olib kelishi mumkin;

to'rtinchidan, mobil aloqa apparati bolaning tashqi dunyoga bo'lgan qiziqishini so'ndirishi mumkin. Xususan, bola odamovi bo'lib qolishi ehtimoldan xoli emas. Shuningdek, kompyuter, internet, "sotka" kabi aloqa vositalari bolani odamlar bilan jonli muloqotda bo'lishdan chegaralab qo'yadi. Natijada, bola ilmiy til bilan aytganda, ayrim xollarda virtual autist, ya'ni tashqi dunyodan uzilib qolgan odam holatiga tushib qolishi mumkin;

beshinchidan, mobil aloqa telefoniga bog'lanib qolish holati yuzaga kelishi mumkin. Natijada bola qo'l telefonisiz o'zini hech kimga kerak emasdek, endi do'stlari u bilan gaplashmay qo'yadigandek his qilishi mumkin.

Bundan tashqari, mobil telefon tarqatadigan radiatsiyaning inson tanasiga ma'lum darajada zarar ko'rsatishi mutaxassislar tomonidan isbotlangan. Shifokorlarning ta'kidlashicha, bu radioaloqa nurlari ayniqsa kichik yoshdagilar miyasiga ta'sir ko'rsatib, ulardagi normal o'sish jarayoniga xavf tug'dirishi mumkin. Chunki bolaning ayni o'sish pallasida bo'lgan miya hujayralari mobil telefon nurlaridan oson zararlanadi. Suyaklar o'sishdan to'xtashi, xotiraning susayishi, immunitetning tushib ketishi kabi holatlar yuzaga kelishida aynan mobil aloqa vositalarining (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) "xizmati" katta ekani olimlar tadqiqotlarida aniqlangan. Mobil telefon tufayli yosh bolalarda jizzakilik, ruhiy tushkunlik, loqaydlik kabi illatlar ildiz otishi ham tasdiqlangan.

Xususan, psixologlarning ta'kidlashicha, mobil telefonlarga haddan tashqari berilgan bolalar undan ajralishni tasavvur ham qilolmaydigan bo'lib qolishadi. Kechasi-yu, kunduzi yonida turishini, tinmasdan u bilan mashg'ul bo'lishni istashadi. Hisob-kitoblarga qaraganda, keyingi yillarda ayrim rivojlangan mamlakatlarda farzandlaridagi ruhiy muammolar borasida psixologlarga murojaat qilayotgan ota-onalar soni ortib borayotir. Mobil telefon va shaxsiy kompyuteriga haddan tashqari bog'lanib qolib, o'zini butunlay shu texnikaga bag'ishlagan va odamlar bilan, hatto ota-onasi bilan ham muloqati susaygan o'smirlarning soni ortib borayotganligi achinarlidir.

Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivoji mobil telefon tarmog'ining keng miqyosda taraqqiy etishiga xizmat qilayotir. Hozir yurtimizda mobil telefondan foydalanuvchilar soni o'n milliondan oshgani ham sohaning izchil taraqqiy etayotganidan dalolatdir. Bu yaxshi, albatta. Biroq mobil aloqa vositalarining (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) muammosi bizni ham chetlab o'tmayapti. Yuqoridagi noxush xolatlarni oldini olish maqsadida mamlakatimiz xalq ta'limi tizimida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar tatbiq etildi. Xususan, "Ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish tartibi to'g'risida Nizom"ning joriy etilishi, Ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish tartibi to'g'risida tavsiyalarni ishlab chiqilishi hamda maktabning ichki tartib-qoidalariga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalar ta'lim tizimida o'ziga xos tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda. Ayonki, bu borada qilinayotgan ishlar salmoqli, shu bilan birga mashaqqatli hamdir. Bu jarayonda barchamiz mas'uliyatni o'z zimmamizga olishimiz lozim.

Biz fikr yuritayotgan masala dunyo hamjamiyati uchun ham tashvishli ekanligini kuzatish mumkin. Xususan, raqamlarning guvohlik berishicha, hozir dunyo bo'yicha ikki yarim milliard inson mobil telefondan foydalanadi. Bu jamiyat hayotida mobil telefon faqat texnika mo'jizasi bo'lib qolmasdan, allaqachon ijtimoiy hodisaga aylanganidan dalolatdir. Masalaning eng nozik

tomoni bundaylar orasida bolalar, ya'ni maktab, hatto bog'cha yoshidagi farzandlar ham anchagina ekanidir.

Maktab o'quvchilarining mobil telefondan foydalanishiga cheklovlar o'rnatish borasida ko'plab davlatlarda amaliy qadamlar qo'yilgan. Masalan, Bangladeshda 16 yoshgacha bo'lgan bolalarning mobil telefondan foydalanishi butunlay taqiqlangan. Fransiya, Ispaniya va Angliya davlatlari tomonidan ham bolalar uchun mobil aloqa xizmatlaridan foydalanishda cheklovlar o'rnatilgan.

Shu kunlarda Angliyaning Yangi Uoltem shahridagi maktablarda eshikdan kiraverishda maxsus tezkor aloqa vositalarini fosh etuvchi skaner o'rnatildi. Agarda qay bir o'quvchida telefon topiladigan bo'lsa, maxsus xizmat vakillari uni darhol musodara qilib, ota-onalaridan jarima undirib olmoqdalar.

Mamlakatimizda ham jismonan, ham ma'nan sog'lom farzandlarni voyaga yetkazish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagi uchun hech kimdan kam bo'lmaydigan shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining muhim yo'nalishi bo'lib kelmoqda. Shu manoda mobil aloqa vositalari, telekommunikatsiya imkoniyatlaridan oqilona va to'g'ri foydalanish madaniyatini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Shu tariqa biz farzandlarimizning ma'naviy olamini yuksaltirish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, milliy o'zligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot va begona xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan har qanday g'arazli intilishlarga qarshi doimo hushyor va ogoh bo'lish vazifasini uddalay olamiz. Farzand tarbiyasi, uning iqboli birinchi o'rinda turar ekan, bolalarimizni mobil aloqa vositalari savdosi (smartfon, planshet va boshqa qurilmalar) mubtalo bo'lishdan asrash har birimizning burchimizdir.

Ta'lim niuassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish tartibi to'g'risida

tavsiya

Bugungi kunda mobil telefoni kundalik turmushdagi asosiy ehtiyojlardan biriga aylanib ulgurdi. Biroq, tadqiqotlar uyali aloqa xizmatidan foydalanuvchi har bir kishi mobil telefondan to'g'ri foydalanish odob-qoidalarini bilishi va unga amal qilishi zarurligini ko'rsatadi.

Albatta, istalgan kishi shaxsiy mobil telefonidan erkin foydalanish huquqiga ega, ammo bunda u boshqa kishilarning shaxsiy erkinliklarini chegaralab qo'ymasligi kerak.

Shundan kelib chiqqan holda, biz ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanishda quyidagilarni tavsiya qilamiz:

Ta'lim muassasasi rahbarlari, pedagoglari, ishchi-xodimlari va o'quvchilari ta'lim muassasalariga uyali aloqa vositalari bilan kelish huquqiga ega, bunda uyali aloqa vositalari "Ovozsiz rejim" da bo'lishi yoki tovush signali sifatida atrofdagilarni bezovta qiladigan, asabiga tegadigan tovushlar (qo'pol va keskin ifodalar, musiqalar)dan foydalanmasligi lozim.

Uyali aloqa vositalari o'quvchilarning darsdan chalg'ituvchi vosita ekanligini inobatga olib, oliy o'quv yurtlari va maktablarga kirayotganda xususiy mobil telefonini o'chirib qo'yish hamda ma'ruza va dars paytida undan foydalanmaslik lozim.

Ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish ta'lim-tarbiya jarayoni samaradorligi, xavfsizligini ta'minlash, o'quvchilarning jismoniy, intellektual, ma'naviy va axloqiy kamol topishi, hayoti va sog'lig'i, sha'ni va qadr qimmatini muhofaza qilish maqsadlarida, huquq va burchlarning, erkinlik va mas'uliyatining tengligi nuqtayi nazaridan cheklanishi mumkin.

Mazkur cheklashlar bolaning amaldagi qonun hujjatlari bilan kafolatlangan huquq va erkinliklariga zid kelmaydi.

O'quvchilar ta'lim muassasalariga kirishdan oldin, katta tanaffus va tanaffuslarda ota-onalari, vasiylari yoki yaqinlari bilan ta'lim muassasasiga yetib kelganligi, o'zining xavfsizligi va salomatligi to'g'risida, oxirgi darsdan keyin (yoki ma'lum sabablarga ko'ra avvalroq) ta'lim muassasasidan ketayotganligi to'g'risida xabar berish uchungina uyali aloqa vositalaridan foydalanishlari mumkin.

Sinf xonalarida "Iltimos, uyali aloqa vositalarini o'chirib qo'ying!" yozuvi, ob-havo sharoiti noqulay bo'lgan hollar uchun foyeda maxsus joylar ajratilishi hamda "Bu yerda uyali aloqa vositasidan foydalanish mumkin!" yozuvlari o'rnatilishi maqsadga muvofiq.

Favqulodda holatlarda o'quvchilarga ota-onalari, ularning o'rnini bosuvchi shaxslar va yaqinlari bilan uyali aloqa vositalari orqali so'zlashishlari uchun to'liq imkoniyat yaratilishi lozim.

Ta'lim muassasasi rahbarlari va pedagoglari tomonidan yig'ma ma'lumotlar uchun olingan o'quvchilarning telefon raqamlari qat'iy sir saqlanishi va egasining roziligisiz uchinchi shaxsga oshkor qilinmasligi lozim.

O'quvchilarga uyali aloqa vositasidan jamoat joylarida foydalanish etikasini tarbiyaviy soatlar va ma'naviy - ma'rifiy tadbirlar orqali muntazam o'rgatib borish maqsadga muvofiq. Unda quyidagilar taqiqlanishini o'quvchilarga yetkazish zarur:

- ta'lim muassasalarida imtihonlar, madaniy tadbirlar paytida, axborot-resurs markazlari, o'quv zallari, umumiy foydalanish va ovqatlanish joylarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish;

- dars paytida uyali aloqa vositalari yordamida so'zlashish, qisqa habarlar almashish, o'yin o'ynash, Internet saytlariga kirish, musiqa tinglash va boshqa maqsadlarda foydalanish;

- uyali aloqa vositasi orqali so'zlashganda boshqalarni haqorat qilish va atrofdagilarning nafsoniyatiga teguvchi so'zlarni ishlatish;

- uyali aloqa vositalari orqali ta'lim muassasalariga inson sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, ma'naviy buzuqlikning turli ko'rinishlari, pornografiya, alkogolizm, ichkilikbozliq, kashandalik kabi illatlarni targ'ib etuvchi, jamiyatda umume'tirof etilgan ahloqiy qadriyatlarga zid bo'lgan, o'quvchilarning jismoniy va ma'naviy kamolotiga zarar keltiruvchi, shuningdek, diniy va milliy nizolar keltirib chiqaruvchi, diniy aqidaparastlik va missionerlik bilan bog'liq har qanday ko'rinishdagi ma'lumotlarni olib kirish va tarqatish;

- uyali aloqa operatorlarining o'quvchilarning yosh xususiyatlari va ijtimoiy mavqeiga mos bo'lmagan, ularning xavfsizligi to'liq kafolatlanmagan xizmatlari, jumladan, "SMS" - tanishuv xizmatlarini tashviq qilish va ulardan foydalanishga da'vat etish;

- ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalarining o'ta baland ovozga sozlanishi, ularga mazmunida o'quvchining yoshi va ijtimoiy mavqeiga mos bo'lmagan, ma'naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi musiqa (rington) larni o'rnatish, eshittirish va tarqatish;

- uyali aloqa vositalarini bezatishda o'quvchining yoshi va ijtimoiy mavqeiga mos bo'lmagan, ma'naviy-axloqiy tarbiyaga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi tasvirlar (Wallpaper yoki "Zastavka"), bezaklar, simvollar, qo'g'irchoq va boshqa shu kabilardan foydalanish.

Ta'lim muassasalarida uyali aloqa vositalaridan foydalanish talablarini buzgan o'quvchi ikki martagacha rahbariyat, rahbar o'rinbosarlari va pedagoglar tomonidan tegishli tartibda ogohlantiriladi.

Talablar uchinchi marta yoki ikkinchi marta o'ta qo'pol tarzda buzilgan holatda pedagoglar tashabbusi bilan 2 nafar pedagog (biri sinf rahbari bo'lishi maqsadga muvofiq) va 2 nafar o'quvchi guvohligida uyali aloqa vositasi o'quvchidan olib qo'yiladi, ota-onasi, ularning o'rnini bosuvchi shaxslar yoki yaqinlari ishtirokida muhokama qilinib, chora ko'rilgandan so'ng qaytarib beriladi.

Mazkur talablar bilan o'quvchilar va ularning ota-onalari yig'ilishlarda tanishtirilishi

maqsadga muvofiq.

REFERENCES

1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-avgustdagi PQ-340-son qarori;

2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to'g'risida" 2012-yil 21-maydagi 139-son qarori;

3. A.Abdukadirov, D.Davronbekov. Mobil aloqa tizimlarining 4G avlodi. O'quv qo'llanma. - Toshkent, TATU - 2015. - 328 b.

4. "Mobil aloqa tizimlari" moduli bo'yicha o'quv -uslubiy majmua Toshkent, 2016. 154 b.

5. https://uzedu.uz/uz;

6. https://gujum.uz/jahon/jahonni-qamrab-olgan-uyali-telefonning-paydo-bolish-tarixi-uzoq-emas/

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.