UMUMINSONIY VA MILLIY BADIIY QADRIYATLAR INTЕGRATSIYASI ASOSIDA TASVIRIY SAN'AT TA'LIMI SIFATINI
OSHIRISH
Asqarali Sulaymonov, Toshkent arxitektura-qurilish instituti professori, Sunnat Shovdirov, Navoiy davlat pedagogika instituti dots.nti,
p.f.f.d., (PhD)
Annotatsiya. Maqola umuminsoniy va milliy xarakterdagi tasviriy san'at asarlarini tahlil qilishga bag'ishlangan. Tasviriy san'atdagi tendensiyalar va tendensiyalarning o'ziga xos namunalari, shuningdek, kitob san'ati orqali badiiy ta'limdagi integratsiya xususiyatlarini tavsiflaydi.
Kalit so'zlar: Qadriyat, tasviriy san'at, badiiy ta'lim
ПОВЫШЕНИЕ КАЧЕСТВА ОБРАЗОВАНИЯ В ОБЛАСТИ ИЗОБРАЗИТЕЛЬНОГО ИСКУССТВА НА ОСНОВЕ ИНТЕГРАЦИИ ОБЩЕЧЕЛОВЕЧЕСКИХ И НАЦИОНАЛЬНЫХ ХУДОЖЕСТВЕННЫХ ЦЕННОСТЕЙ Аскарали Сулайманов, профессор Ташкентского архитектурно-строительного института, Суннат Шовдиров, доцент Навоийского государственного педагогического института, к.п.н.,
(PhD)
Аннотация. Статья посвящена анализу произведений изобразительного искусства общечеловеческого и национального характера. Конкретными примерами по течениям и направлениям в изобразительном искусства, а также через искусства книги характеризуются особенности интеграции в художественном воспитании.
Ключевые слова: Ценность, изобразительное искусство, художественное образование.
IMPROVING THE QUALITY OF EDUCATION IN THE FIELD OF FINE ARTS BASED ON THE INTEGRATION OF UNIVERSAL AND NATIONAL ARTISTIC VALUES Askarali Suleymanov, Professor at the Tashkent Institute of Architecture and Civil Engineering, Sunnat Shavdirov, Associate Professor at the Navoi State Pedagogical Institute, PhD
Annotation. The article is devoted to the analysis of works of art of both a universal and a national nature. Specific examples of currents and trends in the fine arts, as well as through the art of the book, characterize the features of art education.
Keywords: Value, fine arts, art education.
Insoniyat tarixida integratsiyaga asoslangan jarayonlar jamiyatning, siyosiy va iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sharoitlarning xususiyatiga ko'ra taraqqiyotning bosh omili sifatida muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Zamonlar o'zgargan bo'lsa-da, integratsiya ham keng ma'noda, ham tor ma'noda insoniyat taraqqiyoti uchun o'z mohiyati va ahamiyatini yo'qotmagan. Ayniqsa, xalqaro miqyosda kechayotgan globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari shiroitida bu omil yanada dolzarblik kasb etib bormoqda. Bu sharoitda ta'limiy qadriyatlar, shubhasiz, jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biri sifatida e'tirof etiladi.
Insoniyat tamaddunida universallik kasb etuvchi umuminsoniy qadriyatlar tizimida ilm-fan, san'at va madaniyat hamda sport sohasiga millatlar chegarasi aloqador emasligi uqtirib kelinadi. Shunday bo'lsada, ularda aniq milliy xususiyatlar mavjud. Buni milliy va jahon tasviriy san'ati misolida ko'rish mumkin. Zero, dunyo tasviriy san'atining tarqqiyot cho'qqisi -Yevropa Uyg'onish davri tasviriy san'ati bilan Sharq miniatyura san'atini taqqoslash fikrimizni dalilidir.
Ayni paytda alohida ta'kidlash o'rinliki, 20-asrning 60 - 80-yillari O'zbekiston tasviriy san'ati uchun Yevropa, xususan Rim, Milan, Sankt-Peterburg, Moskva, Kiyev, Qozon, Xarkov kabi shaharlarda O'zbekiston tasviriy san'atining eng yetuk rassomlari tahsil olganliklari tasviriy san'at maktablarini badiiy ta'lim tizimi qadriyatlarini milliy badiiy ta'lim tizimiga singdirilganligidan dalolat beradi. Biroq, Yevropada tahsil olgan rassomlar ijodida milliy o'ziga xoslik yaqqol kuzatiladi. Buni Chingiz Ahmarov, Ro'zi Choriyev, Alisher Mirzayev, Javlon Umarbekov kabi rasomlar ijodida kuzatish mumkin. Yuqorida nomlari keltirilgan rassomlar ijodiy faoliyat bilan bir qatorda bevosita pedagogik faoliyat ko'rsatganliklari uchun umuminsoniy va milliy badiiy qadriyatlarni badiiy ta'lim amaliyotiga integratsiya prinsiplari asosida tatbiq etganliklarini anglatadi. O'zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekovning ijodiy fenomenini tahlil etar ekan, akademik Akbar Hakimov
quyidagi fikrni bildiradi: "Javlon Umarbekovning tarixiy kartinalarida yana bir falsafiy ma'no bor - unda nafaqat Sharq va G'arbning dialogi, balki Eynshteyn va Aristotel, ibn Sino va Siolkovskiy, Leonardo da Vinchi va Beruniylar o'rtasidagi o'tmish va zamonaviylikning turli davrlaridagi ko'z ilg'amas yo'qlamasidir" .
Oliy badiiy ta'limdan farqli ravishda oliy pedagogik ta'lim muassasalarida bo'lajak tasviriy san'at o'qituvchilari tayyorlash tizimi biroz o'zgacha mazmun va mohiyat kasb etadi. Bu o'zgachalikni quyidagi omillarda ko'rish mumkin.
Birinchidan, tahlillardan ayon bo'ladiki, bo'lajak tasviriy san'at o'qituvchilarida umuminsoniy va milliy qadriyatlardan integrativ tarzda optimal variantda foydalanish kompetensiyalari shakllantirish omiliga yetarli e'tibor qaratilmaydi.
Ikkinchidan, ayrim masalalarga, jumladan tasviriy san'at ta'limiga ustuvor tarzda milliylik nuqtai nazaridan yondashish lozimligi uqtiriladi. Mazkur yondashuvning ahamiyatini inkor etmagan holda tasviriy san'at uchun bu konsepsiya har doim ham piravord ijobiy nataja beravermasligini qayd etish o'rinli. Fikrimizni dalili sifatida faqat 7-sinf misolida ayrim dalillarga murojaat etamiz. Zero, aynan 7-sinf misolida umuminsoniy va milliy badiiy qadriyatlarni tasviriy san'at ta'limiga integratsiyasini ko'rish mumkin.
O'zbekiston tasviriy san'atida Yevropa tasviriy san'atida o'ziga xos badiiy-ijodiy kashfiyot davrini boshlab bergan yangi oqim va yo'nalishlar yaqqol kuzatilmagan. Aleksandr Volkov, Pavel Benkov, keyinchalik Yuriy Taldikin, Shuhrat Abdurashidov, Alisher Mirzayev, Akmal Nuriddinov, Ortig'ali Qozoqov, Bobur Ismoilov, Komil Boboyevlar ijodida namoyon bo'lgan bo'lsa-da, bu omil oliy ta'limda ham, umumiy o'rta ta'lim muassasalarida ham yetarli tarzda o'rganilmaydi. Biroq umumiy o'rta ta'limning Davlat ta'lim standarti, o'quv dasturida jahon tasviriy san'atiga oid materiallar o'rganilishi nazarda tutilgan. Jumladan, "San'atda oqim va yo'nalishlar", "Impressionizm usulida manzara ishlash", "Kubizm uslubida natyurmort ishlash" kabi mavzular o'rganilishi belgilab qo'yilgan . Bu mavzularda Klod Mone, Alfred Sisley, Kamil Pisarro, Anri Matiss, Ogyust Renuar, Pol Sezann kabi rassomlar va tasviriy san'atdagi oqim va yo'nalishlar haqida muayyan kompetensiyalarga ega bo'lish nazarda tutiladi. Tahlillardan ayon bo'ladiki, aynan shu mavzular amaliyotchi o'qituvchilar uchun muayyan qiyinchilik tug'diradi. Buning sababi, avvalo, oliy ta'limda bu omilga yetarli e'tibor qaratilmaganligi bilan izohlanishi mumkin.
O'zbekiston tasviriy san'atining tarixiy ildizi ma'lum darajada miniatyura san'ati bilan bog'liq bo'lganligi bois kitobat san'ati alohida blok sifatida o'rganiladi. Miniatyura esa dastlab kitobat san'atining tarkibiy badiiy-grafik elementi sifatida ishlangan. Bu elementlarni, ayniqsa, illustratsiyalarni mustaqil kompozitsiya darajasida e'tirof etilishida Kamoliddin Behzod fenomeni bilan bir qatorda Xose de Kostilo, Gyustav Dore, Onore Dome kabi
illustrator rassomlarning ijodini o'rganilishi badiiy ta'limda umuminsoniy va milliy badiiy qadriyatlarni integrativ tarzda o'qitilishining yana bir misolidir. Chunki bu materiallar Iskandar Ikromov, Chingiz Ahmarov, Telman Muhamedov, Anatoliy Bobrov Anvar Mamajonov, Abduboqi G'ulomov, Uyg'un Solihov kabi o'zbekistonlik rassomlar ijodi bilan hamohang tarzda o'rganiladi.
Demak, yuqorida tilgan olingan dalillarni umumlashtirgan holda xulosalash mumkinki, oliy pedagogik ta'limda bo'lajak tasviriy san'at ta'limi o'qituvchilarini tayyorlash tizimida umuminsoniy va milliy badiiy qadriyatlarni zamonaviy badiiy ta'lim mazmunida aks etishi va ularga monand metodikaga oid o'quv materiallari bo'lishi, oliy ta'lim sifatini baholashda esa ularga ham alohida e'tibor qaratish zarur. Shuningdek, o'quvchilarda shakllantirilishi lozim bo'lgan o'quv kompetensiyalari tarkibida umuminsoniy va milliy badiiy qadriyatlarning o'rnini zamonaviy yondashuvlar asosida muntazam tarzda takomillashtirib borish talab etiladi. Takomillashtirish deganda faqat mazmun va metodika emas, balki qo'llaniladigan vositalar ham nazarda tutilishi zarur. Masalan, o'qituvchilarda tasviriy san'atda oqim va yo'nalishlarga oid materiallar taqchilligi kuzatilayotgan bir davrda raqamli pedagogik texnologiyalar vositasida turli taqdimotlar, muzey va galereyalarga virtual sayohatlar orqali ta'lim oluvchilarni bu boradagi kompetensiyalarini belgilangan talablar darajasida shakllantirish, shu yo'l bilan ta'lim sifati va samaradorligiga erishish mumkin.
Adabiyotlar
1. Xakimov A.A. Iskusstvo Uzbekistana: istoriya i sovremennost. -Tashkent: Izdatelstvo jurnala «San'at», 2010. - 504 s.
2. Sulaymonov A., Abdullayev N., Sulaymonova Z. Tasviriy san'at. 7-sinf uchun darslik. - Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi NMIU, 2017. - 80 b.
3. Shavdirov, S. A. (2017). Podgotovka budushix uchiteley k issledovatelskoy deyatelnosti. Pedagogicheskoye obrazovaniye i nauka, (2), 109-110.