Научная статья на тему 'TURKIY XALQLAR TEATR SAN’ATINING RIVOJIDA TARIXIY ASARLARNING O‘RNI (SAMARQAND VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRI MISOLIDA)'

TURKIY XALQLAR TEATR SAN’ATINING RIVOJIDA TARIXIY ASARLARNING O‘RNI (SAMARQAND VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRI MISOLIDA) Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук
Ключевые слова
spektakl / qahramon / rejissor / tarixiy drama / tarixiy shaxs / konflikt / xarakter.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Ch. T. Xamidova

Ushbu maqolada Samarqand viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan ikki tarixiy drama – ozarbayjonlik rejissor Sarvar Aliyevning “Nizomiy Ganjaviy” va yosh iste’dodli rejissor G‘ofur Mardonovning “Yalangto‘sh Bahodir” spektakllari talqini, ulardagi o‘ziga xos yondashuvlar hamda tarixiy mavzuning bugungi kundagi dolzarb jihatlari tahlil etilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TURKIY XALQLAR TEATR SAN’ATINING RIVOJIDA TARIXIY ASARLARNING O‘RNI (SAMARQAND VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRI MISOLIDA)»

TURKIY XALQLAR TEATR SAN'ATINING RIVOJIDA TARIXIY ASARLARNING O'RNI (SAMARQAND VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRI MISOLIDA)

Ch. T. Xamidova

O'zRFA San'atshunoslik instituti stajor- tadqiqotchisi ORCID: https://orcid.org/0009-0008-8432-565X https://doi.org/10.5281/zenodo.13895560

Annotatsiya. Ushbu maqolada Samarqand viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan ikki tarixiy drama - ozarbayjonlik rejissor Sarvar Aliyevning "Nizomiy Ganjaviy" va yosh iste 'dodli rejissor G'ofur Mardonovning "Yalangto'sh Bahodir" spektakllari talqini, ulardagi o'ziga xos yondashuvlar hamda tarixiy mavzuning bugungi kundagi dolzarb jihatlari tahlil etilgan.

Kalit so 'zlar: spektakl, qahramon, rejissor, tarixiy drama, tarixiy shaxs, konflikt, xarakter.

Аннотация. В данной статье рассматривается интерпретация двух исторических драм -"Низамий Ганджевий" (азербайджанскогорежиссёра Сарвара Алиева) и "Ялангтуш Бахадир" (режиссёра Гофура Мардонова), поставленных в Самаркандском областном музыкально-драматическом театре. Анализируются своеобразные подходы постановки и актуальность исторических тем в нынешнее время.

Ключевые слова: спектакль, герой, режиссёр, историческая драма, историческая личность, конфликт, характер.

Abstract. This article examines the interpretation of two historical dramas - "Nizamiy Ganjaviy" (Azerbaijani director Sarvar Aliyev) and "Yalangtush Bahodir" (director Gofur Mardonov), staged at the Samarkand Regional music and drama theater. The peculiar approaches to staging and the relevance of historical themes in the present time are analyzed.

Keywords: the performance, hero, director, historical drama, historical figure, conflict, character.

Birgina san'at va madaniyati jahon va xalqimiz ma'naviy olamini boyitib kelmoqda. Xalqimizning madaniy hayotida muhim o'rin tutgan, san'atning tarkibiy qismi bo'lgan teatr san'ati, milliy dramaturgiyamizning ilk beqiyos namunasi aynan Samarqandda namoyish etilgani fikrimizni isbotlaydi. Jadid g'oyalarining targ'ibotchisi, Mahmudxo'ja Behbudiy tomonidan yozilgan "Padarkush" asari o'zbek dramaturgiyasining yuzaga kelishiga asos bo'ldi. "Padarkush" pyesasining e'lon qilinishi bu Behbudiy yoki Samarqand shahri ziyolilari uchun ahamiyatli hodisa bo'lmay, butun Turkistonda ijtimoiy-madaniy hayotning yanada jonlanmog'i uchun, teatr havaskorlari negizida yangi-yangi ma'rifatchi jamoalar maydonga kelishi uchun turtki bo'lgan"[1.54-b].

Ana shu ma'rifatchi, ziyoli ijodkorlar keyinchalik Samarqandda ilk teatr tashkil topishiga ulkan hissa qo'shdilar. "1917-yil fevral inqilobidan so'ng esa Samarqandda Abdurauf Fitrat tashabbusi bilan tashkil topgan "Turkiston teatr, muzika va adabiyot dastasi"ga rahbarlik qilgan" [4.274-b]ligi ilk havaskor aktyorlar jamoasini shakllantirdi.

Teatr ijodiy faoliyati davomida turli janrlarga hamda turli mavzularga murojaat qilgan. Tarixiy janrlardagi spektakllar, tarixiy shaxslar talqini davrlar mobaynida siyosiy tuzum, ma'lum bir g'oyalarga xizmat qilgan holda, bir yoqlama sahnaga olib chiqilib, ma'lum bir ijtimoiy mavzular yoritilgan.

Mustaqillik yillarida esa "tarixga munosabatning o'zgarishi natijasida madaniy qadriyatlarga qiziqish ortdi va o'z-o'zidan sahnalarda ko'p ming yillik tarixning ijtimoiy qatlamlarini ko'rsatishga bo'lgan ehtiyoj uyg'ondi. Natijada mamlakat va xalq taqdiri bilan bog'liq qator tarixiy voqea va hodisalar bugungi kun nuqtai nazaridan mushohada etilmoqda" [3.263-b].

Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat, do'stga sadoqat, komillikka intilish kabi sifatlarni o'zida mujassam etgan dostonlari "Alpomish", "Ravshan va Zulhumor", "Farhod va Shirin", "Lison ut-tayr" asarlari, yurtimiz tarixida o'chmas iz qoldirgan buyuk shaxslar va allomalar Spitamen, Imom al-Buxoriy, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy, Nodirabegim, Mashrab, Behbudiy kabi shaxslarning hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan spektakllar sahnalashtirildi.

"Teatr san'ati tarixidan ma'lumki, uzoq tarixiy o'tmish haqidagi spektakllar repertuarda ko'p uchramasada, ular odatda katta qiziqish uyg'otardi. Bu spektakllar xotirada uzoq saqlanar, tanqidchilar tomonidan to'liq tahlil qilinar, ko'pincha teatr taraqqiyotida alohida pillapoya vazifasini o'tardi. Buyuk tarixiy shaxslar siymosida mardlik, vatanparvarlik, ma'naviy kamolot, axloqiy go'zallik kabi xislatlarni namoyon etar ekan, teatr asosan ularni bugungi kunga xizmat ettirishga intilardi. Tarixiy drama o'zbek teatr san'atining barcha davrlarida rejissura va aktyorlar san'atidagi muhim estetik tamoyillarni ifodalovchi vosita bo'lib kelgan"[2.145-b].

O'tgan yaqin davr mobaynida Samarqand viloyat musiqali drama teatri sahnasida ijodiy izlanishlarga, turli janrdagi pyesalarga, dolzarb mavzulaga qo'l urildi. Ayniqsa, tarixiy janrdagi va tarixiy shaxslarga bag'ishlangan spektakllar sahna yuzini ko'rdi. Iqbol Mirzo qalamiga mansub "Samarqand sayqali", adib Maqsud Shayxzodaning "Mirzo Ulug'bek", Shahodat Isaxonovaning "Turon malikasi" asari asosida "Bibixonim", Alisher Navoiyning "Lison ut-tayr" dostoni asosida "Ishq bo'stoni", Iftixorning "Ko'ngillar mulkining sultoni Shayx Nizomiy Ganjaviy"asari, Farmon Toshevning "Yalangto'sh Bahodir" tarixiy asarlari teatr ijodkorlari tomonidan o'ziga xos talqin etildi.

Tarixiy shaxs to'g'risidagi asar sahnaga olib chiqilayotganda, avvalo tarix nuqtayi nazaridan nima bo'lganligi emas, balki tarixiy voqealar, syujetlar qanday bo'lganligi, qahramonning harakati, holati, o'y- xayollari biz yashab turgan vaqtda, zamonda ham o'z dolzarbligini, o'z ahamiyatini yo'qotmagan bo'lsagina tomoshabinni o'ylashga, fikr qilishga majbur etadi. Shu boisdan ham rejissyor tarixiy asarga murojaat qilar ekan, avvalo zamondoshining dunyoqarashiga turli usul va vositalar bilan ta'sir qilishni o'ylaydi. Sahnaga olib chiqayotgan tarixiy qahramonining hayotini sahnada ko'rgan tomoshabinlar u haqda kengroq tasavvurga ega bo'lishi uchun ham u ramziy vositalardan, badiiy to'qimalardan foydalanishi mumkin.

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasigapanja urmoq...

Kerak sher oldida ham sheri janggi,

Agar sher o'lmasa, bori palangi.

Bejiz so'z mulkining sultoni - Alisher Navoiy "Xamsa"sining muqaddimasidagi ushbu to'rtlik keltirilmadi. Mir Alisher Navoiy o'ziga ma'naviy ustoz deb bilgan, "Nasoyim ul-muhabbat"ida uni shayxlar qatorida zikr etgan, "Xamsa"ning birinchi dostoni "Hayrat ul-abror"ning 12-bobida "Hazrati Shayxi Nizomiy madhidakim, nazm mulkida zo'rbozu sarpanjasi bilan panj ganj nuqudi javohirin oldi",- deya e'tirof etgan Shayx Nizomiy Ganjaviyning hayot yo'li va ijodiy faoliyati to'g'risida Samarqand teatri sahnasida yana bir tarixiy mavzudagi, drama janridagi spektakl Ozarbayjon ijodkorlari bilan hamkorlikda namoyish etildi. Ko'ngillar

mulkining sultoni - "Shayx Nizomiy Ganjaviy" deb nomlangan tarixiy drama muallifi Ozar dramaturgi Iftixor Priyev. Sahnalashtiruvchi rejissyor Ozarbayjonda xizmat ko'rsatgan artist Sarvar Aliyevdir.

15 ko'rinish, 2 pardali pyesa lirik jo'shqin, Nizomiy Ganjaviyning hayoti va faoliyati bilan bog'liq ko'plab tarixiy voqealar tasvirlangan. Shoirning she'riy devonlaridan keng foydalanilgan. Tarixiy qahramonni yaratayotgan pyesa muallifi albatta tarixiy shaxs xayotini, faoliyatini hamda o'sha davr ijtimoiy-siyosiy jarayonlarini albatta bilishi, tarixiy manbalarni to'liq o'rganishi lozim. Chunki, u tarixiy shaxs insoniyatga ma'lumu mashhur bo'lsa, dramaturgning mas'uliyati ikki karra oshadi. Pyesada har bir voqea, qahramonning xatti-harakati, davr va muhitning haqiqatga yaqinligi dramaturgdan yetarli darajada nazariy bilimni ham talab qiladi. Dramaturg tarixiy dramada shoir Ganjaviyning ziddiyatli xayoti va ijodini ramziy ifoda vositalar bilan mistik unsurlardan foydalangan holda yaratgan.

Asarda chin iste'dod, ijod madh etiladi va qolaversa, adolat, haqiqat, ishq, ko'ngil kabi tushunchalar bosh g'oyaga xizmat qiladi. Rejissyor Sarvar Aliyev chin iste'dod sohibi, ko'ngil odami, buyuk shoir Nizomiy Ganjaviyni hamda Xamsa dostonlari qahramonlarining ko'ngil kechinmalarini sahnaga olib chiqadi. Ganjaviy obrazini gavdalantirish O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Baxtiyor Rahimovga yuklanadi. Shuningdek, tarixiy spektaklga juda ko'p aktyorlar jalb qilinadi. Sahna va liboslar bo'yicha rassom Bahrom Safoyev Ganjaviy yashagan davr va ijtimoiy muhitni tasvirlash uchun tarixiy liboslarni va o'ziga xos sahna bezaklarini yaratadi. Ganjaviy yashagan mo'jazgina, kamtarona xonadon va qolaversa, shoh va amirlarning mahobatli taxt va saroylarini sahnada ortiqcha detallardan holi tasvirladi.

Spektakl prologida: "Dunyoning yaralishi ham ishqning gavhariga bog'liqdir. Shuning uchun men ishq shoiriman. Lekin mening asosiy g'oyam - haqiqat insonlarni ko'nglida joy olishidir. Oshiqlarning ham... Haqiqat men uchun ulug'dir. Xohlaymanki, sultondan to oddiy insonlargacha qalblarida haqiqat o'rin olsin. Aslida insonlar haqiqatning o'zidir. Men uchun insonlar tabaqa, maqomidan, martabasi bilan farq qilmaydi, balki qaysi idrokda, mazhabda bo'lishi darkordir", - deya aytgan monologi spektakl g'oyasini ochib berishdagi dastlabki urg'usidir.

Shayx Nizomiy Ganjaviy o'z davrining buyuk mutafakkiri bo'lganligi bois ham shohlar va amirlar uni o'zining saroylarida ijod qilishini xohlashadi. Lekin Ganjaviy erkin ijod qilishni, hech kimga ma'naviy bo'ysunmaslikni istar edi.

Sahna asari mana shu tugun bilan boshlanadi. Spektakldagi qahramonlar o'rtasidagi konflikt Ganjaviy va saroy shoirlari o'rtasida kechsa, shoirning ichki ziddiyatlari, ruhiy kechinmalari ham sahnada namoyon bo'ladi.

Muzaffariy, Kar shoir, Oqsoq shoir, Shil shoir kabi saroy shoirlari Ganjaviy ijodiga hasad qilar, unga nisbatan g'arazda bo'lar edi.

Spektaklning ikkinchi pardasida Ganjaviy va shoir Muzaffariyning konfliktga boy sahnasi mavjud bo'lib, unda shoirning shaxsiyati, orzu-armonlari namoyon bo'ladi. Unga qarama-qarshi ularoq shoir Muzaffariyning hayot e'tiqodi, chin iste'doddan mosuvoligi ularoq hasadgo'yligi ko'rinadi. Rejissyor bunday xususiyatlarni spektakldagi personajlarning xatti-harakati, vaziyatlari orqali ochib berishga harakat qilgan. Ammo, butun spektakl davomida Ganjaviy (Baxtiyor Rahimov) ijro dinamikasi spektakl boshida ham o'rtasida ham yakunda ham o'zgarmaydi. Peripitiya sodir bo'lmaydi. Hattoki, dushmanlari uning rafiqasi va tug'ilajak farzandining joniga qasd qilganlari oshkor bo'lganida ham asar yakunida Ganjaviy ularga nisbatan hech nima qilmaydi, shohdan ularni jazolamasliklarini so'rab sukut ila sahnani tark etadi.

Sahna asarida Meyerxold teatri, Meyerxold rejissurasi, uning uslubi rejissyor Sarvar Aliyev ijodida ta'siri seziladi hamda spektaklni sahnalashtirishda uning shakllaridan foydalanganligi ko'zga tashlanadi. Boisi aktyorlar bilan suhbat chog'ida rejissyor ularga kechinma san'atidan emas, balki namoyish san'atidan foydalanish kerakligini uqtiradi. Pafosga berilmasdan obraz xarakterini ochish lozimligini ta'kidlaydi.

"Meyerxold uslubiyatida aktyorning tashqi texnikasiga e'tibor qaratilgan. Meyerxold uchun Stanislavskiy talab qilganidek, aktyorning ichki his-hayajoni, botiniy-yashirin iztirob va quvonchlarini aks ettirishdan ko'ra, ularni zohiriy - ochiq, kengroq, hammaga ko'rinadigan tarzda, qo'llarni ishlatish - jest, ko'z, yuz harakatlari-mimika orqali aks ettirishlik muhim deb bilib, bunday ko'rinishlar tomoshabinga ko'proq va chuqurroq ta'sir etishini hisobga olganligi ma'lum"[5. 14-15-b]. Rejissyor Sarvar Aliyev spektaklni sahnalashtirishda aktyorlarga shunday talablarni qo'yadi. Shu boisdanmi aktyorlar ijrosidagi xarakterlar sust, monotonniy, bir yoqlama bo'lib ko'rinadi.

Pyesada ham, sahna talqinida ham qarama-qarshi kuchlar o'rtasidagi to'qnashuvlar u qadar keskin emas. Shu boisdanmi ko'rgan tomoshabin spektaklning yakuni qanday tugashini tahmin qilib bo'ladi.

Asar kompozitsiyasi izchil tuzilganida edi, tomoshabin voqeadan voqeaga diqqatini susaytirmasdan ko'rar edi. Yana shuni qo'shimcha qilish mumkinki, spektaklda qahramonning "Xamsa"sidagi doston qahramonlari ishtrokidagi sahnalar ham mavjud bo'lib, bu esa kompozitsiyaning betartib tuzilishiga va syujetning cho'zilib ketishiga sabab bo'lgan. Shubhasiz, asar syujetiga bo'lgan diqqatning oshishi esa, yorqin fabulaning mavjud bo'lishi yoki bo'lmasligiga bog'liq. "Agar syujet asosiy konfliktlarni ifodalasa, unda fabula - bu konfliktlar amalga oshiriladigan voqealar zanjiridir" [5.14-b]. Spektaklda esa ana shu "zanjir" uzilib, asarning badiiy yaxlitligiga putur yetkazgan.

Darhaqiqat, insonning hissiy kechinmalarini, o'y-fikrlarini yanada chuqurroq ko'rsatish madsadida spektaklda musiqa ham juda muhim rol o'ynaydi.

Tarixiy dramani sahnalashtirayotgan rejissyor sahna asarida ma'naviy vazifani bajarib qolmay, balki o'tmishga chuqurroq razm solishga tarixiy qahramonlarda yuksak axloqni, go'zal e'tiqodni, milliy madaniyatimizning negizlarini o'rganib, ularni yuzaga chiqarishga, targ'ib etishga bel bog'lashi lozim.

Ana shunday mas'uliyatni yelkasiga olgan yosh rejissyorlardan biri G'ofur Mardonov Samarqand teatri sahnasida Farmon Toshev qalamiga mansub "Yalangto'sh Bahodir" tarixiy dramasini sahnalashtirdi.

"Bahodir Yalangto'sh"(Registon tarixi) bir pardali, 11 ko'rinishli tarixiy dramaning syujeti XVII asrdagi Samarqand shahar hokimi, mohir sarkarda, davlat arbobi, ulug' bunyodkor, olamga mashhur Registon maydonidagi Sherdor hamda Tillakori madrasalarini qurdirgan va qolaversa shaharlarni obod qilishda bosh-qosh bo'lgan hukmdor Abdulkarim Yalangto'shbiy Bahodir Boyxo'ja o'g'lining hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan.

Pyesa tili ravon va g'aliz jumlalardan holi bo'lib, kitobxon uchun ham tomoshabin uchun tushunarli.

Spektakl prologi Momo yer personajining monologi bilan boshlanadi. Unda qahramon Bahodir Yalangto'shning madhi bayon etiladi. Sahna asarining badiiyligini oshirish uchun spektaklga kiritilganligi ijobiy holat, ammo ushbu personaj olib tashlansa ham spektaklning badiiy yaxlitligiga ziyon yetkazmaydi. Aksincha, voqealarning cho'zilishini oldini olgan bo'lar edi. XVII asar muhitini, manzarasini tasvirlash maqsadida saroy ko'rinishi, taxt, qalqon tasvirini ifodalovchi

dekoratsiyalardan tashkil topgan. Bamisoli qalqon bosh qahramonning o'z yurti, uning tinchligi yo'lida xalqini yot kuchlardan, yovuz niyatlardan, bosqinlardan asrab-avaylab, tirgak va kamarbasta bo'layotganligini tushunish mumkin. Davlat ishlari, saroydagi ziddiyatlar, toj-taxt uchun kurashlar ana shu qalqon ortida yuz beradi. Spektakl mizansahnasi to'g'ri joylashtirilgan, ammo ayrim sahnalarida aktyorlarga xalaqit bergan tomonlarini ilg'ash mumkin.

G'ofur Mardonov tarixiy dramani sahnaga minimalizm uslubida, ortiqcha detallardan holi sahnalashtirilganligini, ramziylik va shartlilik uslubidan foydalangan holda Bahodir Yalangto'shning adolatli sarkarda, bunyodkor amir kabi fazilatlariga katta urg'u berilganligini rejissyor e'tirof etadi.

Bundan anglash mumkinki, spektakl an'anaviy shaklda sahnalashtirilgan bo'lib, aktyorlardan tarixiy shaxslarning ichki-kechinmalaridan ko'ra, ularning xatti-harakatiga ko'proq e'tibor berish lozimligi vazifa qilib berilgan.

"Dramaning asosi va ruhi bo'lgan" [6. 31-b]konflikt spektaklda Bahodir Yalangto'sh va Boboxo'ja Muslim o'rtasida kechadi. Boboxo'ja Muslim taxtga o'tirish maqsadida turli xil fitnalar qilib, Bahodir Yalangto'shni taxtdan ag'darmoqchi bo'ladi. Biroq sahna asaridagi konflikt unchalik kuchli bo'lmay, kolliziya darajasiga tushib qolgan.

Aktyorlar ijrosi masalasida, iste'dodli aktyor Alijon Hasanov Bahodir Yalangto'shni kuchli sarkarda, adolatli amir, oilaparvar inson va qolaversa mehribon ota, tengsiz bunyodkor shaxs sifatlariga e'tibor qaratgan holda o'z ijro imkoniyatlaridan kelib chiqib gavdalantirgan. Aktyor Farid Rasulov esa unga qarama-qarshi o'laroq fitnakor, toj-taxtning hamda boylik dardida o'z nafsiga qul bo'lgan kimsa, ikkiyuzlamachi Boboxo'ja Muslim personajini salbiy buyoqlarda mahorat bilan ijro etgan. Shuningdek, aqlida va husnida tengi yo'q, so'zida sobit va kezi kelganda jasur Iqlimabonu va Oybibi, Bahodir Yalangto'shning qizlarini, saroy malikalarini aktrisalar Go'zal Qurbonova va Shohsanam Oblaqulovalar zo'r mahorat bilan ijro etdilar.

XX asr teatr san'atining atoqli rejissyorlaridan biri G.Tovstonogov shunday yozgan edi: "Spektaklning mazmuni so'zning tom ma'nosida nafaqat aktyorning nutqida, nafaqat xarakterlarning individualligida, balki teatr vositalarining kombinatsiyasida namoyon bo'ladi". Darhaqiqat, "Bahodir Yalangto'sh" spektakli taniqli rejissyor bildirgan fikrlariga mos keladi. Sahna asarida barcha vositalar yagona g'oya va mavzuga xizmat qilgan.

Biroq, shuni ta'kidlab o'tish zarurki, har ikkala tarixiy spetaklni sahnalashtirishda asar musiqasiga e'tibor berilmagan. Vaholanki, tarixiy drama muhitiga olib kirish uchun, tarixiy davrni tomoshabin ruhiyatiga singdirish uchun musiqa ham muhim rol o'ynaydi.

Bugungi kunda Samarqand sahnasidagi ushbu ikki tarixiy drama talqinlari quyidagi xulosalarga olib keladi:

Birinchidan, tarixiy shaxslar va ularning taqdiri bilan bog'liq voqealarni tasvirlashda tarixiy obraz va uning xalq tarixida tutgan o'rnini belgilash;

Ikkinchidan, tarixiy qahramonning hayot va faoliyatini ochib berish bilan o'z ajdodlarimizdan faxrlanish va qolaversa ularning insonparvarlik xislatlarini namoyish qilish orqali bugungi kun kishilarining ongiga va qalbiga ezgulikni singdirish maqsadi;

Uchinchidan, tarixiy asarlardagi mavzular bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotmaganligi hamda unda ko'tarilgan muammolalar hozirgi kun uchun dolzarbligi bilan ahamiyatliligi;

To'rtinchidan, spektaklda tarixiy faktlar bilan badiiy to'qimaning o'zaro mutanosib, badiiy yaxlitlikda bo'lishi;

Beshinchidan, tarixiy dramani sahnalashtirishdagi ijodkorlar rejissyor va aktyorlar uchun ham juda katta mahorat maktabi bo'lib, rejissyor tanlangan tarixiy asarda tasvirlanayotgan davr,

muhit, turmush-tarzni tarixiy manbalar orqali tanishish, o'rganish, o'zlashtirish mahoratiga ega bo'lishi hamda ijrochilar bo'lmish aktyorlar tarixiy qahramon obrazini ochib berish uchun o'zga muhitda aniqrog'i o'tmishda yashash va harakat qilish, asardagi nutqqa e'tibor qaratish, tarixiy manbalar bilan ishlash imkoniyatini oshirishi;

Oltinchidan, tarixiy asarni sahnaga olib chiqishda rassom, kompozitor va albatta dizaynerning roli ham juda katta. Rassom yaratgan dekoratsiyalar, kompozitorning sahnaviy musiqasi, dizaynerning yaratgan liboslari tarixiy dramaning sahnaviy talqinida alohida o'rin tutishi;

Yuqoridagi xulosalar shuni ko'rsatadiki, tarixiy dramalarni sahnalashtirishdagi tajribalar, shakllangan tamoyillar uning keyingi rivoji uchun xizmat qilishi shubhasizdir.

REFERENCES

1. Maxmudov J. XX asr rejissurasi namoyondalari. - T.: Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi. 2015. 14-15b.

2. Rahmatullayeva D. Tarix va teatr.- Toshkent.: Gafur Gulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2022. 263-bet.

3. Rahmonov M. O'zbek teatr tarixi. -T.: "Fan" nashriyoti, 1968. 274-bet.

4. Rizayev Sh. Jadid dramasi. "Sharq" nashriyoti, 1997. 54-bet.

5. To'laxo'jayeva M, Qozoqboyev T. Drama nazariyasi. -T.:2014, 14-31b.

6. O'zbekiston san'ati(1991- 2001 yillar). -T.: "Sharq", 2001. 145-bet.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.