Научная статья на тему 'XXI ASRDA O‘ZBEK DRAMA TEATRI REJISSURASIDAGI TALQINLAR'

XXI ASRDA O‘ZBEK DRAMA TEATRI REJISSURASIDAGI TALQINLAR Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
1634
249
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
rejissor / aktyor / spektakl / rassom / tahlil / talqin / kechinma / p’esa / repertuar / xarakter / xarakterlilik.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — B.A.Nurmanova

Ushbu maqolada o‘zbek drama teatrlaridagi ayrim rejissorlarning sahnalashtirilgan spektakllari qiyosiy tahlil qilingan. Obraz yaratishda rejissorlar e’tibor beradigan jihatlari, shuningdek aktyor sahnada talqin qiladigan obrazini maromiga yetkazishib ijro etishida rejissorning o‘rni xususida so‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «XXI ASRDA O‘ZBEK DRAMA TEATRI REJISSURASIDAGI TALQINLAR»

XXI ASRDA O'ZBEK DRAMA TEATRI REJISSURASIDAGI TALQINLAR

B.A.Nurmanova layli.shirin00@mail .ru O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Ushbu maqolada o'zbek drama teatrlaridagi ayrim rejissorlarning sahnalashtirilgan spektakllari qiyosiy tahlil qilingan. Obraz yaratishda rejissorlar e'tibor beradigan jihatlari, shuningdek aktyor sahnada talqin qiladigan obrazini maromiga yetkazishib ijro etishida rejissorning o'rni xususida so'z yuritiladi.

Kalit so'zlar: rejissor, aktyor, spektakl, rassom, tahlil, talqin, kechinma, p'esa, repertuar, xarakter, xarakterlilik.

INTERPRETATIONS IN THE XXI CENTURY IN THE PRODUCTIONS OF

THE UZBEK DRAMA THEATER

B.A.Nurmanova [email protected] UzSIAC

Abstract: This article provides a comparative analysis of the productions of some directors in Uzbek drama theaters. The aspects that directors pay attention to when creating an image are discussed, as well as the role of the director in the rhythmic performance of the image that the actor interprets on stage.

Keywords: director, actor, play, artist, analysis, interpretation, experiences, play, repertoire, character, distinctness.

O'zbek teatri rejissurasi XX asr avvalida shakllanib, qariyb bir asr davomida rivojlanib ulgurdi. Soha ijodkorlari ijodkorlari qanchadan-qancha izlanishlar va mashaqqatlar evaziga professionallik maqomiga erishdilar.

XXI asrda o'zbek teatr san'ati talablariga amal qilib samarali ijod qilgan rejissorlar sifatida Mansur Ravshanov, Karim Yo'ldoshev, Bahodir Yo'ldoshev, Olimjon Salimov, Valijon Umarov, Turg'un Azizov, Marat Azimovlar shu bilan birga yosh rejissorlardan Asqar Xolmo'minov, G'afur Mardonov, Obidjon Abdullayevlarni tilga olish o'rinlidir. Chunki ularning tomoshabinga aytadigan so'zi, o'ziga xos uslubi, yo'nalishi, dunyoqarashi bor. Ular teatr jamoasini badiiy maqsad sari yetaklab, spektaklni muvaffaqiyatli chiqishida asosiy o'rin egallovchi ijodkorlardir.

XXI asrga qadam qo'ygan o'zbek drama teatri rejissorlari yangicha qarashlari bilan zamonaviy dolzarb mavzudagi spektakllar yaratish qudratlari hamda badiiy

o'zining imkoniyatlarini namoyish etishga intilishlari orqali o'z ijodlarini jamoa e'tiboriga haqola qilmoqda.

P'esani sahnalashtirishda rejissorlik tahlili - muallif g'oyasini tushunishda, aktyorlarning sahnaviy hatti-xarakatlarni to'g'ri belgilashda muhim hisoblanadi. Chunki, rejissorning mahorati, uslubi, saviyasi, dunyoqarashi spektaklning talqinida yaqqol namoyon bo'ladi.

M.Umarov hamda T.Yo'ldoshevlar rejissorning badiiy asar tahlili xususida shunday deydi - "Sahna asarining rejissor nuqtai nazaridan badiiy tahlili - talqin uslubini yaratish, XX asr teatr nazariyotchilari va amaliyotchilari oldida turgan dolzarb masalaga aylandi. Hamon bu masala teatr ijodkorlari uchun ochiq - ilmiy masala bo'lib qolmoqda". [1. B. 10.]

XXI asrga qadam qo'ygan o'zbek teatri ijodkorlari so'nggi yigirma yillikda milliy, etnografik, tarixiy dramalarga murojaat qildilar. Ular asosida sahnalashtirilgan spektakllar o'zining milliylik xususiyatlari bilan tomoshabinlar qalbidan chuqur o'rin egalladi.

Teatrning ijodiy jamoasini yutuqlarga yetaklovchi unsurlar xususida so'z yuritarkan, professor T.Tursunov - "Yaxshi drama asari teatrni o'z ortidan ergashtiradi. Talqin ixtirolarga safarbar etadi. Teatr, rejissor ijrochilar tafakkurini boyitadi, ularning oldiga yechilishi lozim jumboqlarni qo'yadi, ilhom manbaalarini topishga da'vat etadi" [2. B. 385.], - deydi.

Spektaklning muvaffaqiyatli chiqishida, avvalo, rejissorning asar tanlashdagi to'g'ri qarori muhim omil bo'lib xizmat qiladi. "Rejissor eng avval sahnalashtirish uchun pesa tanlashda adashmasligi, o'zi rahbar bo'lgan badiiy jamoaning ijodiy kuchini, asarning badiiy imkoniyatlarini hisobga olishi kerak" [1. B. 193.] Bahodir Yo'ldoshev tanlagan "Yulduzli tunlar" asari yillar o'tsa hamki, o'z qadrini va sahnaviyligini yo'qotmay, tomoshabinlar qayta-qayta tashrif buyurayotgan spektakllar sirasiga kiradi.

Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" romani asosida Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirgan spektakli avval Hamza teatrida 1983 yilda, keyinchalik o'zi rahbarlik qilgan "Diydor" teatr-studiyasida sahnalashtirildi. Ikkala teatr talqini ham muvaffaqiyatga erishdi. Ilk spektaklning muvaffaqiyati xususida mulohaza yuritgan san'atshunoslik fanlari doktori M.To'laxo'jayeva shunday yozadi - "B.Yo'ldoshev talqinidagi spektakl nafaqat shoh, shoir va ma'rifatparvar Bobur hayoti va ijodini ochdi, balki uning fojiasi, majburiy kuchlar tazyiqi bilan ona yurtini tark etgan shaxs qismatini ko'rsatib berdi. Olis o'tgan kunlar orqali teatr tomoshabinni insoniyat taqdiridagi chigalliklar va tarixdagi buyuk xatolar haqida mulohaza yuritishga chorlaydi" [3. B. 64.]

Hamza nomidagi Akademik drama teatrida sahnaga olib chiqilgan "Yulduzli tunlar" spektaklining poetik muqaddimasidan boshlab, dardchil ohang ustuvor bo'lgani

va ayni shu go'zal ibtido to tomosha oxirigacha saqlanib qolganini ta'kidlash darkor. Sahnaga joylashtirilgan Qo'qon aravalarining g'ildiraklari - go'yo taqdir gardishidek charx urib aylanib turadi. Ular dunyoni tark etgan avlodlarni birma-bir sahnaga chiqib, tomoshabinga o'zlarini namoyon etishlariga sharoit yaratadi.

Spektakl davomida Bobur hayotining uch davri namoyon bo'ladi: 12 yoshida Andijonga podshoh bo'lgan payti; Shayboniyxon bilan jangda Samarqandni boy bergan o'rta yoshlik chog'i; Hindiston diyorida podshoh bo'lib, ona Vatanini qo'msab, o'tgan umrini sarhisob qilayotgan - keksalik payti. Boburning bolaligini Javohir Zokirov, o'rta yoshligini Yodgor Sa'diyev, keksaligini Yoqub Ahmedov ijrosida ko'ramiz. Bunday yondashuv rejissorlik talqiniga yorqin misol bo'ladi. Har uchchala aktyor ham o'zlariga yuklatilgan rollarni his etib, tarixiy davr va mavjud shart-sharoitdan kelib chiqqan holda, o'z obraziga yondoshadilar. E'tiborlisi shundaki, Bobur hayotining bu uch pallasi, bir-biridan farq qilguvchi qator xususiyatlarga ega bo'lib, shu alomatlarga chuqurroq nazar tashlagan aktyor o'zi uchun yetarli manbani bemalol topa olishiga rejissor imkon bergan. Masalan, garchi yosh Boburning taxtga o'tirgan bo'lsa-da, uning tiynatida beg'uborlik va bolalarcha soddalik bor. O'rta yoshlarga borgan Boburning asosiy vaqti janggu jadallar, urushlarda o'ta boshlaydi va tabiiyki bunday muhit Boburni qat'iyatli, dovyurak qilib qo'yadi.

Mazkur spektaklda rejissorning rassom Georgiy Brim bilan ijodiy hamkorligi ajoyib natija berganini alohida ta'kidlash lozim. Rassom romanning falsafiy mazmuni, ijtimoiy ko'lami va mahobatini sahna dekoratsiyalarida ramziy ifodalaydi. Natijada, spektaklning estetik ta'sirchanligi ramziy ifodaviyligi oshadi. Sokin va sohir ohanglar jo'rligida sahna yuqorisidan tushirilgan g'azal o'ramlari Bobur she'riyati naqadar nafis va go'zal ekaniga ishora qilsa, uch charxpalak timsolida umrining uch pallasi, avansahnadagi nayzalar orqali jangu jadallardagi taqdiriga murojaat ifodalanadi. Bobur hayoti-yu ijodining muhim voqeliklari yaxlit sahnaviy manzara hosil qilib, dramatik kechinmalar bilan uyg'unlik kasb etadi. Natijada, spektakl ssenografiyasi shartli-ma'joziy tasvirga asoslanib, rejissorning maqsadi va aktyorlar ijrosini yanada boyitishga, voqealarga falsafiy mazmun va g'oyaviy yuk berishga xizmat qiladi.

Zahiriddin Muhammad Bobur umrining ko'pgina qismini Vatanidan olisda kechirib, hukumat va harbiy ishlarga sarflagan bo'lsada, ilmu-ijod ishtiyoqidan aslo ko'ngil uzmadi, yuzlab ruboiylar, risolalar, eng muhimi o'zbek mumtoz adabiyotining nodir namunasi "Boburnoma"ni meros qoldirdi. Spektaklda "Boburnoma" asariga oid alohida sahna mavjud. "Yuqori ko'shkda og'ir betob Bobur (Y.Ahmedov) o'g'li - taxt vorisi Humoyunga umr daftari bo'lmish "Boburnoma"ni tortiq qiladi. Humoyun (T.Mo'minov) "Boburnoma"ni ko'ziga surib o'qiy boshlaydi. Bobur esa o'tmishni eslab ketadi. Avansahnadagi chohdan - tarix qa'ridan tarixiy shaxslar birin-ketin chiqib keladilar. Voqealar bir-birini quvib o'ta boshlaydi. Spektaklning so'nggida ham shu ko'rinish qaytarilib, voqealarga xotima yasaladi" [4. B. 7.] Yuqoridagi tahlildan

ko'rinadiki, rejissor mashhur asarni to'g'ri tahlil va talqin qilgan. Shuningdek, rassom bilan ijodiy hamkorlikda ishlagan.

"Rejissorning vazifasi, avvalo, pesani to'g'ri o'rganish - to'g'ri talqin qilish va rollarni to'g'ri taqsimlashdir. Teatrda ijodiy muhitni tashkil etish uchun boshqa soha ijodkorlari bilan hamkorlikda ishlash kerak" [1. B. 153.] Bu masalalarni Bahodir Yo'ldoshev namuna darajasida hal qilgan.

"Diydor" teatr-studiyasida mashhur rejissor tomonidan sahnalashtirilgan "Yulduzli tunlar" spektakli muvaffaqiyatga erishdi. Spektaklda Zahiriddin Muhamamad Bobur rolini aktyor - Adiz Rajabov va Alisher Uzoqovlar, Shayboniyxon rolini - Bobur Yo'ldoshev, Qutlug' Nigorxonim obrazini aktrisa - Nazokatxon Narziyeva, Boburning yoshligini aktyor - Sunnat Umarov, Xonzodabegim rolini aktrisa - Yulduz Rajabovalar ijro qildilar. Drama o'ziga xos talqinda sahnalashtirilgan bo'lib, spektaklda zamon ruhi aks etgan va sarkardaning eng qiyin vaqtlardagi iztiroblari, qayg'ulari inson yuragiga yetib boradigan darajada gavdalantirilgan.

"Yulduzli tunlar" spektaklida kinodagi ijrolari bilan tanilgan aktyorlar ijrosida namoyon bo'lganiga qaramay, ijrochilar personajlarning sahnaviy kechinmalarni, his qilib, rollarini mahorat bilan ijro etib, obraz darajasiga yetkaza oldilar. Xususan, Alisher Uzoqov tomonidan gavdalantirgan Zahiriddin Muhammad Bobur roli - g'am-tashvishlarga ko'milgan, vatan sog'inchida yongan, yaqinlaridan hiyonat ko'rgan shohning iztiroblarini to'la ochib bera olgan. Boburning opasi Xonzodabegim obrazini Yulduz Rajabova o'ziga xos tarzda talqin qilgan. Uning ijrosida sahnaga chiqqan malika obrazida, sho'x-shodon, hayotining eng betashvish onlarini kechirayotgan chog'ida, oilasining boshiga tushgan bunday mudhish hodisadan g'amga botadi.

Spektakl davomida Boburning yonida bo'lgan maslakdosh do'sti, me'mor Fazliddin roli aktyor - Akbarxo'ja Rasulov tomonidan ijro etilgan. Oddiy xalqdan chiqqan me'mor yigit, o'zining sofdilligi, ochiqko'ngilligi bilan shoh va shoir Boburning qalbidan o'rin oladi. Aktyor ijrosi, rejissor talqiniga asoslanganini alohida ta'kidlash lozim. Spektaklning so'nggida Zahiriddin Muhammad Boburning ichki kechinmalari, qalb tug'yonlari avj pallasiga yetib, o'z hissiyotlarini, dardlarini to'kib sochishi, uning chorasiz holatini gavdalantiradi. Bahodir Yo'ldoshevning teatr-studiyasidagi rejissorlik talqini o'ziga xos bo'lib, bunday yechim boshqa spektakllarda uchramaydi. Chunki rejissorning "Diydor" teatr-studiyasidagi talqini butunlay shartli yechimlarga asoslangan. Natijada, ijrodagi va ssenografiyadagi ma'joziy topilmalar -falsafiy mulohazalar bilan muvofiqlashib, o'ziga xos rejissorlik talqini yuzaga keladi.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida Bahodir Yo'ldoshev sahnalashtirgan "Yulduzli tunlar" spektaklida rejissor asarning avvalgi sahnaviy talqinlaridagi singari, voqea-hodisalarning hissiy-emotsional ta'sirlanganligini, qahramonlarning ichki kechinmalariga, qarama-qarshiliklarni kuchaytirishga, ayrim voqeliklarni sharxlashga

alohida e'tibor berish maqsadida maqomlar ijrosidan o'rinli foydalanishga qaror qiladi. Bu qaror spektaklning o'ziga xos rejissorlik talqinini namoyon qiladi.

Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" romani Bahodir Yo'ldoshevning uch xil talqinida, uchta teatrda sahnaviy ifoda topishi, nafaqat adabiyot, balki teatr san'atining ham ijodiy xazinasidan mustahkam o'rin oldi.

2000 yilning boshlarida Milliy teatr sahnasida dramaturg Usmon Azim va rejissor Valijon Umarovning hamkorligi asosida yaratilgan spektakl teatr repertuaridan o'rin egalladi. Rejissor aktyorlar jamoasi bilan hamkorlikda "Bir qadam yo'l" nomli spektaklni sahnalashtiradi. "Rejissor ijodiy jamoaning badiiy rahbari sifatida tomoshabin bilan teatrni, mualliflar bilan aktyorlarni bir-biriga bog'lovchi bo'g'indir" [1. B. 154.] Valijon Umarov bu spektaklda shu nazariya ta'kidlangan. Bu spektaklda shunisi e'tiborga loyiqki, rejissor drama talqinida personajlarning jinoiy ishlarini tasvirlashga urg'u bermaydi, balki, otaning "Samarqand, Samarqand", deya bolalaridan bo'zlab, orzusiga yeta olmay bu dunyoni armon bilan tark etish jarayoniga asosiy e'tibor qaratadi. Inson umri - bir qadam yo'l kabi qisqadir. Spektaklda bir otaning Samarqandga borish haqidagi orzusi zamirida milliy qadriyatlarni qo'msash o'z aksini topadi. Farzandlarining oqibatsizliklari sabab, otaning bu ezgu niyati sarobga aylanish jarayoni rejissor talqinining o'ziga xosligini namoyon qiladi. Spektaklning ilk sahna ko'rinishi bastakor Anvar Ergashevning shiddatli musiqiy taronasi jaranglagan holda boshlanadi. Sahnaga tepadan havorang nur quyuni yog'ilib, tog' yonbag'ridagi qishloq va otaning pastak-pastak devorlar bilan o'ralgan hovlisi namoyon bo'ladi. Sahnadagi katta hovli g'ira-shira muhit qo'ynida ikki bor aylanib, daraxtlar ostida boshlari egik, motamsaro kishilarning gavdalari ko'rinadi, bu bo'lib o'tgan behuda o'limlarning tavba-tazzarusi edi. Spektakl shu o'kinchli manzara bilan boshlanib, yana shu ko'rinish bilan yakunlandi. Bu ko'rinish rejissor talqinini namoyon qilib, drama g'oyasini anglashga yordam bergandi. Demak, drama janri - iztirob, tahlikali hislar kechinmalari va obrazlarning kompozitsion qurilishi orqali tomoshabinlar ruhida poklanish holatini paydo qilishi bilan teatr san'atining yetakchi turiga aylandi.

Dilimizdagi g'urur va achinish hislarini uyg'otuvchi dramatik sahnalar To'ychi Oripov va Tolib Karimov ijro etgan - Ota obrazi orqali o'z ifodasini topgan. Otani o'z hovlisini tashqaridan quzatuvchi nuroniy tarzida ko'rsatilishi - uni asosiy qahramoniga aylantirish niyatida tug'ilgan rejissorning va spektaklning to'g'ri talqini edi. Bunday talqinning e'tiborli tarafi shundaki, Ota rolini ijro etgan aktyor, doimo nogironlik aravachasida o'tirgan holda ichkarida bo'lib o'tayotgan nohush voqealarni, ya'ni bolalarining oqibatsizliklarini ko'rib ich-ichidan ezilishiga asos bo'ladi. U goh o'tmishni eslab, goh o'g'li Shokir va'da qilgan "Samarqand"ga borish ezgu-istagi bilan entikib yashaydi.

Ota har ikkala aktyor talqinida ham, ko'pni ko'rgan, hayot haqida uy surish, fikrlash layoqatidan mahrum bo'lmagan, kamgap, bosiq, birgina "Samarqandga borish

orzusi" bilan nafas oluvchi kamtarin inson qiyofasida gavdalangan. Bu spektaklning umri boqiy bo'ldi. Bunga sabab, rejissorning to'g'ri talqini va to'g'ri ijro asos bo'lgandi.

O'zbek milliy akademik drama teatridagi A.Kassanoning "Daraxtlar tik turib jon beradi" nomli dramasi chet el dramaturgiyasi namunasi sifatida sahnalashtirilgan. Rejissor Valijon Umarov talqini bilan tanishar ekanmiz, uni, klassik asarlarni sahnalashtirishda zamonaviy va tarixiy mavzular borasida professional tajribaga ega ekanligini ta'kidlash lozim. Negaki, "Daraxtlar tik turib jon beradi" tomo sha qilar ekanmiz, beixtiyor bu drama teatr jamoasining ulkan yutug'iga aylanganligiga ishonch hosil qilamiz. Sababi, dramadagi obrazlarga mos aktyorlar guruhi tanlanganligi, ularning professional tajribaga egaligi, talqinning yuqori saviyada ekanligini ko'rib, shunday xulosaga kelish mumkin.

Rejissor o'z talqinida asar mazmunini insonlarning bir-biriga mehr va muruvvat ko'rsatishi zarurligini, yaqin kishilariga, balki, butunlay begona insonlarga ham e'tiborli bo'lish lozimligini isbotlashga harakat qiladi va tomoshabinlarni insonparvarlikka da'vat qiladi. Zero, bu masala bugungi jamiyatimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biri ekanligini va uning ahamiyatini barchamizga eslatadi. Rejissor ushbu spektaklning talqini bilan - inson o'z qadrini o'zi himoya qilishi lozim degan ma'noni alohida ta'kidlaydi. Bu ham rejissorni o'ziga xos talqini natijasi edi.

2013 yilga kelib Milliy teatr jamoasi Qo'chqor Norqobilning "Quyoshni sen uyg'otasan" nomli dolzarb mavzudagi zamonaviy asarini sahnalashtiradi. Dramatik spektaklni - rejissor Valijon Umarov, rassom Shuxrat Abdumalikov va bastakor Alisher Rasulovlar hamkorlikda yaratgan. Spektaklda umuminsoniy qadriyatlar hisoblangan - vatanga sadoqat, tug'ilib o'sgan go'shaga muhabbat, ona matonati, o'zbek ayolining sabr-toqati, shukronalik, qanoatlilik kabi yuksak insoniy fazilatlar ulug'lanadi. Rejissor bu drama talqinida - o'zbek oilasida ustuvor bo'lgan qadriyatlarga asoslanib, ona va kelin obrazi orqali o'zbek ayollarining sabr-bardoshini, irodasini, matonatini, turli qiyinchiliklarga qaramasdan oila sha'nini ulug'lay olishi kabi jihatlarini ochishga urg'u beradi.

Oilaboshi Qodir pul ishlash uchun xorijga jo'nab ketganiga ham besh yil bo'ladi. Mana shu yillar ichida Qodir (Asadillo Nabiyev) oilasiga pul nari tursin, o'zidan biror-bir xat-xabar ham yubormaydi. Ona (Dilbar Ikromova) yolg'iz o'g'lining yo'liga intizor bo'lib, ko'zi ojiz bo'lib qoladi. Bardoshi, sabr-kosasi to'lgan kelin - Shabnam (Shodiya To'xtayeva) erini izlab xorij safariga otlanadi. Shabnamning erini uyga qaytarish uchun xorij safariga jo'nab ketishi bilan spektakl boshlanadi.

Rejissor spektakl fabulasini, aktyorlar ijrosi uchun qulay va mantiqli qurganki, voqealar bir-biri bilan bog'liq holda izchillikda rivojlandi. Parda ochilishi bilan sahnada shovqin-suronli temir yo'l vokzali paydo bo'ladi. Turli millat vakillarining gap so'zlari, poyezdlar jo'nayotganligi to'g'risidagi xabarlar voqea muhitini aks

ettiradi. Rejissorning muhit yaratish uchun sahna imkoniyatlaridan o'rinli foydalana olganligi, tomoshabinlarni beixtiyor spektaklning ruhiyatiga olib kiradi.

Shabnam rolini iqtidorli aktrisa Shodiya To'xtayeva ijro etgan. Shodiya To'xtayeva o'z qahramonini shunday mahorat bilan gavdalantirganki., sahnada latofatli, go'zal, qat'iyatli va irodali Shabnam namoyon bo'ladi. U erini uyga qaytishni iltimos qilib yolvorarkan, uning nafaqat vujudi, balki, muhabbat to'la yuragi ham qo'shilib so'zlayotganiga tomoshabin ishonadi. Demak, qobiliyatli aktrisa rejissor talqinini va o'z obrazi dardini his qilgan.

Qodir rolini ijro etgan aktyor Asadullo Nabiyevning sahnadagi qahramoni talqini p'esadagi obrazidan ancha farq qiladi. P'esadagi Qodir pul va boylik to'plash uchun xorijga ketgan betayin inson sifatida namoyon bo'lsa, rejisssyor sahnaga olib chiqqan aktyor esa, uni o'z haqiqatiga ega erkak, qat'iyatli er sifatida jonlantiradi. Aktyorning ko'z qarashlari, keskin harakatlari tomoshabinni Qodirni qiynayotgan iztiroblarni, dard-alamlarni anglashiga yordam beradi. Rejissor va aktyorning ijodiy hamkorlikdagi talqinini alohida ta'kidlash o'rinlidir.

Oydin momo rolini mashhur aktrisa - Dilbar Ikromova talqinida ko'ramiz. U xorijda sarson-sargardon yurgan o'g'lini o'ylayverib, yig'layverib ko'zlari ojiz bo'lib qolgan. Bunday ijro natijasida tomoshabinlar nigohida - garchi farzandi beoqibat bo'lsa-da, uni qarg'ash u yoqda tursin, hatto koyimagan mushtipar ona gavdalanadi. Aktrisa talqinidagi Oydin momo obrazi spektaklning g'oyasini ochishda muhim o'rin tutadi.

"Tartyuf ' asari asosidagi spektakli Hamza nomidagi Akademik drama teatrida ilk marotaba 1941 yil 16 aprel kuni namoyish qilingan. Spektaklni rejissorlar N.V.Lodigin va Sh.Qayumovlar ijodiy hamkorlikda sahnaga olib chiqishgan. Oybek tarjimasi asosida "Starok" nomi bilan sahnalashtirilgan bu asar teatrga omad olib keldi. Rejissorlar Tartyuf obrazining talqinida - almashib turuvchi niqoblar orqali, ramziy ifoda etish vositasida, odamlarga firib berib, aldab kelayotgan ikkiyuzlamachi kishilarni tanqid ostiga olishgan.

Oradan qariyb 75 yil o'tib, Milliy teatr sahnasida "Tartyuf" asari yana bir bor sahna yuzini ko'rdi. Mol'erning "Tartyuf" nomli p'esasini bu galgi tarjimasi dramaturg Usmon Azimga tegishli bo'lib, asarni yosh va iqtidorli rejissor Asqar Xolmo'minov sahnalashtirdi. Keskin satira janridagi "Tartyuf" bu gal "Firibgar" nomi bilan sahnalashtirildi. Spektakl satirik komediya talablariga javob bera olmasada, tomoshabin uni nim tabassum va ko'tarinki kayfiyat bilan qarshi oldi. Chunki, Tartyuf singari firibgar zamon va makon tanlamaydi. Sababi, ular har qanday davrda va jamiyatda qallob va ikkiyuzlamachilar ramzi bo'lib qolaveradi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Toxir Saidov hamda yosh iqtidorli aktyor Ixtiyor Otajonov - Tartyuf obrazini gavdalantirdilar. Ikki aktyor ham bu obrazni muallifning kuzatuvlari, xulosalarini o'z ijrosida mujassamlashtirishga erishishdi.

Ayniqsa, Ixtiyor Otajonovning bunday ma'suliyatli obrazga jalb etilganligi teatming yoshlarga bergan e'tiborining namunasidir. Yosh aktyor ijro etgan obrazi - Tartyuf qiyofasida - teran nigoh, ayyorona kuzatuvlar firibgarlarga xos ikkiyuzlamachilik harakatlari yorqin namoyon bo'ladi. Ixtiyor Otajonov ijrosidagi - Tartyuf uddaburon, ta'sirchan, kuchli, aql egasi, firibgar qiyofasini kasb etgan.

"Dramatik asarning mazmuni faqat uning matnidagina emas, balki matn zamirida, personajlarning xatti-harakati, to'qnashuvlari, voqealarning rivojlanishida ham mujassamlashadi. Aktyor esa obrazning ichki hayotidagi ana shu jarayonni "namoyon qiladi", uni to'ldiradi va so'z zamiridagi ma'noni ro'yobga chiqaradi" [5. B. 120.]

Tajribali aktyor Toxir Saidov yaratgan - Tartyuf obrazi ham maromiga yetkazib ijro etilgan. U Tartyufni tashqi tomondan og'ir-vazmin, dunyo tashvishlarini nazar-pisand etmaydigan, dindor va faylasufdek ko'rinuvchi, biroq ichki olami butunlay aksi bo'lgan insonni gavdalantirgan. Uning Tartyufi o'ta ikkiyuzlamachi va razil shaxs. Spektakl davomida Toxir Saidov osoyishtalik ortiga yashiringan nazari pastlikni birma-bir ochib, razilligini namoyon qilib boraveradi.

Rejissor o'z talqinida asardagi - meshchanlik, mol-dunyoga ortiqcha xirs qo'yishni, amalparastlikni, landovurlik va ikkiyuzlamachilik kabi illatlarni fosh qilishga erishgan. Lekin, Mol'er asarlarida xizmatkorlarning zukkoligi tufayli, falokatlarni oldi olinishi va firibni oshkor qilishdagi xizmati alohida ta'kidlanmaydi. Agar asarning bu jihatiga ahamiyat berilmasa Mol'er falsafasi hamda muallif g'oyasi to'liq ochilmaydi. Bu masala rejissor talqinini zaiflashtiradi.

Zamonaviy dolzarb mavzularning sahnaviy talqinini tomoshabinlarga manzur qila olish muhim masalaga aylanmoqda. Yuqorida tahlilga olingan spektakllar o'z talqiniga ega, rejissorlik yechimini topgan asarlardir.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, teatr san'atining asosini rejissor va aktyorlar jamoasi tashkil etgani sababli, ularning ijodiy hamkorligi har bir yaratilayotgan sahna asarining muvaffaqiyatli chiqishida hamda umrboqiy bo'lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, rejissor teatr jamoasining ijodiy muhitiga javob bera olsagina, aktyorlar asarning g'oyasini va rejissor talqinini amalga oshirishga intiladi va badiiy yaxlit spektakllar yaratiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Umarov M., Yo'ldoshev T. Rejissorlik va aktyorlik san'ati asoslari. -T.: Konsalt, 2016.

2. Tursunov T. Sahna va zamon. -T.: Yangi asr avlodi, 2007.

3. To'laxo'jayeva M. Режиссура узбекского драматического театра (Тенденции развития и современние проблеми). -Т.: Гафура Гуляма, 1995.

4. Qodirova D. Boburnomaning sahnaviy talqinlari // "Teatr" jurnali, 2013 y, 2-son. 7-bet.

5. Umarov E. Teatrda badiiy obraz yaratishning estetik tamoyillari. -T.: Star poligraf. 2011.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.