Научная статья на тему 'O‘ZBEK DRAMA TEATRLARIDA SAHNALASHTIRILGAN SPEKTAKLLARDAGI REJISSORLIK TALQINLARI'

O‘ZBEK DRAMA TEATRLARIDA SAHNALASHTIRILGAN SPEKTAKLLARDAGI REJISSORLIK TALQINLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
696
72
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
spektakl / tahlil / talqin / rejissor / aktyor / xarakter / xarakterlilik / rassom / kechinma / p’esa / repertuar

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — B.A.Nurmanova

Ushbu maqolada o‘zbek drama teatrlarida sahnalashtirilgan spektakllardagi rejissorlik talqinlari atroflicha tahlil qilinadi. Rejissorlar tomonidan sahnalashtirilgan sahna asarlaridagi murakkab ziddiyatlar, keskin vaziyatlar tomoshabinni hayajonga soluvchi intrigalar spektaklning asosiy unsurlari ekanligi unga rejissorlar yondashuvi haqida so‘z yuritiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK DRAMA TEATRLARIDA SAHNALASHTIRILGAN SPEKTAKLLARDAGI REJISSORLIK TALQINLARI»

O'ZBEK DRAMA TEATRLARIDA SAHNALASHTIRILGAN SPEKTAKLLARDAGI REJISSORLIK TALQINLARI

B.A.Nurmanova [email protected] O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Ushbu maqolada o'zbek drama teatrlarida sahnalashtirilgan spektakllardagi rejissorlik talqinlari atroflicha tahlil qilinadi. Rejissorlar tomonidan sahnalashtirilgan sahna asarlaridagi murakkab ziddiyatlar, keskin vaziyatlar tomoshabinni hayajonga soluvchi intrigalar spektaklning asosiy unsurlari ekanligi unga rejissorlar yondashuvi haqida so'z yuritiladi.

Kalit so'zlar: spektakl, tahlil, talqin, rejissor, aktyor, xarakter, xarakterlilik, rassom, kechinma, p'esa, repertuar.

DIRECTOR'S INTERPRETATIONS IN THE PRODUCTIONS OF UZBEK

DRAMA THEATERS

B.A.Nurmanova [email protected] UzSIAC

Abstract: This article provides a detailed analysis of the director's interpretations of performances staged in Uzbek drama theaters. Director's decisions in the stage representation of complex contradictions and relationships between characters, as well as intrigues that excite the audience, which are the main elements of the play in dramatic works, are considered here.

Keywords: performance, analysis, interpretation, director, actor, character, distinctness, artist, experience, play, repertoire.

Adabiy asar qanday shakl va janrda yozilishidan qat'iy nazar teatr sahnasida ko'rsatilar ekan, avvalo dramatik talablarga bo'ysunadi, ya'ni, mantiqan, dramadek zich, bir-birini taqozo etuvchi, keskin va ziddiyatli holatlar, tomoshabinni hayajonda ushlab turuvchi intrigalar, murakkab ichki hamda tashqi ziddiyatlar asosiga quriladi. "Voqealarning zichligi, dialoglarning yuzaga chiqishi dramani romandan ajratib turadigan asosiy xususiyatdir" [1. B. 315.] - deb yozadi dramaturgiya nazariyasining yirik namoyondalaridan biri V.Volkenshteyn.

O'lmas Umarbekovning "Kuzning birinchi kuni" dramasidagi yoshlarni har davrda uchratish mumkin. Adibning "Qizimga maktublar" qissasini bu drama bilan

birlashtirib qayta ishlangani spektaklga asos bo'lgan. Ota-onalarning dilbandlarini o'ylab kelajak haqidagi qayg'urishlari yangi shakldagi dramada mustahkam bog'ichlar ila bog'langan.

Spektakl o'ziga xos manzara bilan boshlanadi. Sahna to'rida yonib-o'chayotgan mashina chiroqlari, qorong'ulikda qandaydir sho'x musiqa ichra kayf-safo qilayotgan nusxalarning ovozlari, qadahlarni bir-biriga urishtirib bazmi-jamshid qilishayotgan yoshlarning hayqiriqlari eshitiladi. Bu manzara bir oz davom etgach, sahna nim yoritilib, uzun plash kiygan, shlyapasini bostirgan, qo'lida qandaydir kitob, daftarcha tutgan shaxs qahramon paydo bo'ladi. Uning ilk gaplaridan bilinadiki, bu muallif, ya'ni O'lmas Umarbekovning sahnaviy obrazi.

Muallif sahna markazida turar ekan, yoshlar o'zgarib ketayotganligidan nolib, qizidan xavotirlanib, sahnaviy asar yozayotganligini ma'lum qiladi. So'ngra, sahnaning biroz chekkasiga o'tib, o'z asarini yoza boshlaydi. Tomosha boshlanib, Oynisa xola bilan o'g'lining o'zaro suhbatiga o'tiladi va spektakl boshlanadi. P'esadagi voqealar tizimiga biroz zamona tusi berilgan va bugungi kun yoshlari o'rtasidagi muloqot shakllariga moslashtirilganligini aytmaganda, drama borligicha sahnaga olib chiqilgan. Spektakl davom etar ekan, muallif sahna ortida nimalarnidir yozib o'tiraveradi. Dramaturg O'lmas Umarbekovning sahnaviy obrazini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Asadillo Nabiyev ijrosida - hokisor yozuvchi sifatida gavdalangan. Sobir, Farxod va Ramz esa "Kuzning birinchi kuni" dramasining personajlari. Ular tufayli dramaning voqealari harakatga keladi. Lekin ular aktyorlar ijrosida naturalistik harakatlarga aylanadi.

"San'atkor o'z g'oyasi talqin qilishning vositalarini qanchalik aniq tasavvur etsa, shunga muvofiq, bu g'oya ham shunchalik aniq bo'ladi. Aktyor niyati asar g'oyasining o'zida mujassamlashtirilgan obraz xulq-atvori, ya'ni xatti-harakat mantig'i haqidagi tasavvurlar birligidir". [2. B. 121.] Spektakldagi har bir voqea keyingi voqeaga turtki bo'ladi va aktyorlarni harakatga keltiradi. Bu jihatni sahna ijodkorlari yaxshi biladi. Spektaklda Shokir obrazi muhim qahramon. Uni O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist - Mahmud Ismoilov ijro etgan. P'esaga ko'ra o'g'lining bunday xunrezliklariga chiday olmagan, endigina nafaqaga chiqib uyda, tinch-totuv umr guzaronlik qilaman deb turgan ota, o'g'lining shakkokligini ko'tarolmay vafot etishidan avval Oynisa xola erini Shokir akani ehtiyotlab yurishi, har bir sahnada dori ichish vaqtini eslatib turadi. Bu ehtiyotkorlik drama oxirida o'sha yurakning ado bo'lishiga asos bo'ladi. Spektaklda esa, yoshlarning hamma aybini Shokir aka o'z bo'yniga oladi.

Rejissor taklif qilgan yechimni, ya'ni, otaning o'z farzandi uchun har narsaga tayyor ekanligini ko'rsatish deya oqlash mumkin. Har bir spektaklning sahna qonun-qoidalarga asoslangan harakati bor. Rejissor uchun uni topa bilish muhim masala. Spektaklda "Kuzning birinchi kuni" tarkibiga kiritilgan "Qizimga maktublar" asari deyarli dramaga singmay qolgan. Undan matnlar olingan, lekin undagi qimmatli

satrlar, plash kiyib, shlyapasini bostirgancha o'tirgan muallif, ko'nglimizga yaqin yozuvchi emas, hayotiy haqiqatdan yiroq, shunchaki, bir chetga o'tirib, ish kiyimlarini yechmasdan sahnaviy asar yozayotgan yozuvchi qiyofasini gavdalantiradi. Spektaklning yarmiga borib muallif, o'z so'zlarini aytib bo'lganidan so'ng chiqib ketadi va keyingi ko'rinishga o'tar payti yana paydo bo'ladi. Shu "an'ana" spektaklning oxirigacha davom etadi. Balki, shuning uchun muallif sahnadagi voqealarga birlashib ketmaydi. Natijada, har bir voqeaga sun'iy ravishda qo'shilganligi namoyon bo'lib qoladi. U voqelarning keskinlashuviga emas, balki, susayishga xizmat qiladi.

Rejissor aktyorni personaj xarakteri va o'z talqini yo'nalishiga solishi uchun berilgan shart-sharoitni tushuntirishi, sodir bo'layotgan hodisalarga unda ishonch tug'dirishi hamda chinakam ijod yo'ligagina olib kirishi zarur. Buning uchun rejissor K.S.Stanislavskiy ixtiro etgan badiiy obraz yaratish sistemasi va realistik teatrning eng ilg'or, zamonaviy asoslaridan biri bo'lgan - aktyorning tuyg'ularini sahnadagi tabiiyligiga erishishi lozim. Chunki, tabiiy tuyg'ulari sahnada uyg'onmagan aktyor personaj tashvishlari bilan yashamaydi, balki, rejissorning xohishini bajaradigan sahnadagi jonli mexanizmga aylanib qoladi. Sahnada chinakamiga yashamaslik esa, rolni shunchaki ijro etish, vazifalarni eslab qolib, mexanik ravishda bajarish - talqindan chekinish demakdir. Badiiy obrazni realistik talqin qilishning bunyodkor kuchi shundaki, sahna soxtalik va taqlidchilikdan xolis bo'ladi. Bu spektaklda rejissor yuqoridagi talablarni bajarmagani seziladi.

Har bir obrazning sahnaviy badiiy talqiniga erishmoq uchun esa rejissor kuchli ruhshunos, ajoyib murabbiy bo'lishi lozim. U aktyor bilan shunday ijod qilish usullarini topishi kerakki, aktyor beixtiyor kerakli narsalarni fahmlasin, his etsin, anglab yetsin. Rejissor aktyorlarda muayyan rolni o'ynashga ishonch, ishtiyoq, g'ayrat, zavq uyg'ota olsin.

O'zbek Milliy akademik drama teatri rejissori Valijon Umarovning - "Kunduzsiz kechalar", "Ogoh bo'ling odamlar", "Omonat dunyo", "Quyoshni sen uyg'otasan" kabi spektakllarni sahnalashtirgani diqqatga sazovor.

Usmon Azim qalamiga mansub - "Ogoh bo'ling, odamlar" dramasi o'z davrida jamiyatimizda dolzarb hisoblangan muammolardan biri bo'lgan - odam savdosi muammosini va uning zararli oqibatlarini xalqqa badiiy shaklda yetkazib berish masalasiga rejissor o'z diqqatini qaratgan. Atrofimizdagi soddadil yurtdoshlarimiz o'z nafsiga qul bo'lgan kishilarning qurboniga aylanayotgani, ularning qismatlari boshqalar hayotida ham takrorlanmasligi uchun ularni ogoh bo'lishga chaqirish -spektaklning g'oyasi edi. Spektaklda - jinoiy guruh vakillari o'zlariga dinni niqob qilib olib, qiynalgan insonlar taqdirini bir chaqaga olmasdan, ekstremistik tashkilotlarning tuban qilmishlarini amalga oshirayotgani namoyish qilinadi.

Asarning qahramonlari Mavjuda, Akbar va tergovchi Jabborovlar zamonaning ilg'or kishilari sifatida sahnada namoyon bo'ladilar. Bosh qahramonlar Mavjuda va Akbarning chekiga juda katta sinov tushadi. Yolg'on, aldov va zo'ravonlikning qurboniga aylangan - Mavjuda o'zga yurtlarda tahqirlanishga, xor va sarson bo'lishga majbur bo'ladi. Lekin, u bu xo'rliklarga chidashga va o'z yurtiga qaytib kelishga kuch topadi. Uni kuchli qilgan va irodasini mustahkamlagan asosiy sabab, o'z farzandini yana bir bor ko'rishdek orzu bo'lsa, uni armonga aylanmasligi uchun uning mustahkam irodasi yordam beradi. Bu talqin tomoshabinlarni ogohlikka chaqirgani uchun umri uzun bo'ldi.

O'zbekistonda xalq artisti Turg'un Azizov rejissorlik faoliyati davomida -"Gamlet", "Alisher Navoiy", "Mehrobdan chayon", "Mirzo Ulug'bek" "Mashrab", "Qirol lir", "O'zbekcha raqs", "Chimildiq", "Yetti faryod", "Bir koshona sirlari", "Qalliq o'yin", "Makr va muhabbat", "Oltin qiz" kabi spektakllarni sahnalashtirdi.

Shekspirning "Gamlet" asari jahon teatrlarida turli rejissorlar tomonidan, turlicha talqin qilishganligi sababli ijodiy jamoadan yuksak mahorat talab qiladi. Asardagi romantik ohang va lirik chekinishlar rejissor Turg'un Azizov talqinida uchramaydi. Natijada Gamlet ijrosida - "Zamon izdan chiqdi, uni izga solish mening zimmamga tushdi" degan Gamletning iborasi keskin vaziyatlarda bir necha bor takrorlanadi va bu fikr spektaklning letmotiviga aylanadi. Spektaklda hayotiy haqiqat, qat'iylik, maqsadli xatti-harakat paydo bo'ladi va spektaklda bundan avvalgi talqinlarda javobsiz qolgan savollarga javob axtariladi hamda onasining hiyonatkorligiga asosiy urg'u beradi.

Mashhur aktyor Tohir Saidov ijrosida Gamlet obrazining yaratilishi uning muxlislari tasavvurlariga sig'masdi. Sababi, komediyalarda rol ijro etgani uchun shahzoda qiyofasida qabul qilish murakkab edi. Biroq, rejissor aynan shu aktyorga ishonch bildirdi. Aktyor esa rejissor ishonchini oqlab, muxlislarini lol qoldirdi.

Spektakldagi Gertruda va Klavdiy obrazlarining talqinlari ham alohida e'tiborga loyiq. Aktrisa S.Yunusova talqinidagi - Gertruda birinchi sahnadayoq o'z qahramonining chuqur ichki tug'yonlarini namoyon qiladi. U so'nggi daqiqalargacha Klavdiyni tushunmaydi, nima sababdan voqealar bunchalik tez rivojlanib, hayotini izidan chiqarib yuborayotganining tagiga yeta olmaydi. Ayniqsa, Gertruda o'g'li Gamlet bilan bahslashadigan sahnasida uni umuman chorasiz va notavon ojizaga aylanganini ko'ramiz. Bu rejissor va aktrisaning obraz talqinidagi yutug'i edi.

Klavdiy obrazi esa - jizzaki, badnafs va bemulohaza qirol sifatida talqin qilingan. U surbetlarcha beparvolik bilan o'zining nuqsonlarini fazilat darajasiga ko'tarmoqchi bo'ladi, qilgan jinoyatlari uchun afsuslanmaydi, hokimiyat va qirolichani qo'ldan boy bermasligi uchun Gamlet o'lishi kerak degan xulosaga kelgan va bu yo'lda u hech narsadan qaytmaydi. Bunday talqin ham e'tiborga loyiq. Rejissorning maqsadi, Shekspir asarlarining sahnaviy talqinlari orqali tomoshabinlarni borliqni falsafiyroq

anglashga da'vat qilish edi. Bu harakat zamonaviy teatr san'atining eng muhim intilishlaridan biridir.

Turg'un Azizovning mustaqillik davri boshlaridagi rejissorlik faoliyati o'zbek milliy teatri an'analarini saqlab qolish va yanada rivojlantirish edi. U tarixiy mavzudagi asarlarni mahorat bilan sahnalashtirib, o'zbek teatri sahnasidagi milliy an'ana va qadriyatlarni tarannum etuvchi talqindagi spektakllar sahnalashtirishni boshlab berdi.

Mashhur rejissor Olimjon Salimovning - "Omon bo'lgin, azizim", "Ot kishnagan oqshomda" "Bir kunlik baxt", "Sohibqiron", "Ufq", "Yer baribir aylanaveradi" kabi o'ziga xos talqinda sahnalashtirgan psixologik dramalari, insoniy his-tuyg'ularni o'zida namoyon qiladigan, umuminsoniy g'oyalarni targ'ib etuvchi spektakllaridir. Hamza teatrida sahnalashtirilib, shov-shuvlarga sabab bo'lgan inson qadr-qimmati haqidagi "Omon bo'lgin, azizim" spektaklini Olimjon Salimov qayta sahnalashtirdi. Rejissor spektaklni lirik xususiyat bilan boyitganligi sabab, sahnada - sevgi, hijron va ayriliq haqidagi mahzun tomosha paydo bo'ldi. Spektaklning oliy maqsadi - bugungi kunda zamonaviy texnologiyalar rivojlangan bir davrda, tomoshabinlarni o'zaro mehr-oqibat, hurmat, e'tiqod tushunchalarini yodda saqlashga da'vat etish, deb belgilandi.

Rejissor, Ona obraziga tanlangan aktrisa Sayyora Yunusovaga aniq vazifalar bera olgan. Aktrisa bu obrazga o'ziga xos talqin bilan yondoshgan. Uning qahramoni, butun umr oila ro'zg'or tashvishi bilan yashagan, turmush o'rtog'iga vafodor, qalbi toza, bag'rikeng va yoshi ulug' ayol. U ulg'aygan va tarqab ketgan farzandlarining keksaygan o'z ota-onasiga nisbatan e'tiborsizligiga ko'z yumadi, ularni qiliqlarini oqlashga intiladi. Qarzga botgan eri bilan hayoti bundan keyin o'nglanmasligini ich-ichidan his etsa-da, hammasi iziga tushishiga umid qiladi, turmush o'rtog'i albatta vaziyatdan chiqish yo'lini topishiga soddalarcha ishonadi. Qartaygan ota-ona qarzga botgach, farzandlaridan yordam so'rashga majbur. Farzandlar esa, odamlar orasida "ota-onasini qarovsiz qoldirgan" degan gap tarqalishidan qo'rqib, oilaviy sabablarni bahona qilib, chorasizlikdan ularni alohida-alohida "taqsimlashga" majbur bo'ladi. Uylari qarz evaziga tortib olingach, turli joydagi qariyalar uyida yashashadi. Uning uzoqdagi turmush o'rtog'i bilan telefon orqali suhbatidagi entikishlari, u kasal bo'lib qolganini eshitgach, kuyib-yonishi juda ta'sirli chiqqan. Ayniqsa, keksalarning uzoq ayriliqdan so'ng diydorlashuv onlari tomoshabin yuragini tilka-pora qiladi. Ushbu sahnada - ularning yuragi hijron o'tida yonayotgani, bu so'nggi uchrashuv ekanligini qalban his etayotgani, boshqa ko'risha olmasligidan naqadar azob chekayotgani yorqin ifodalanadi. Spektakldagi har bir farzandning o'z haqiqati mavjud. Faqat bu oilaviy haqiqatlar, ularni o'zaro murosaga keltirmaydi, oqibatda bir-biri bilan keskin to'qnashishi qariyalarga jabr yetkazadi.

Rejissor va rassom sahna atrofiga esa aylana temiryo'l o'rnatiladi. Ushbu shartli dekoratsiya jihozi juda notekis, bir tomoni baland, boshqa tarafi past. U inson umri davomida bosib o'tadigan hayot yo'lini eslatadi. Spektakl davomida ushbu temiryo'l

ustidan sariq chiroq tushiriladi. Psixologiyada sariq rangning ma'nolaridan biri - umid qilishdir. Natijada, aylana temiryo'l spektakldagi bosh qahramonlarning hayot yo'li hamda kelajakdagi farovon hayotga bo'lgan umid-ishonchi ekanligini anglatadi.

Rejissorning boshqa topilmalarini ham ta'kidlash o'rinli. Masalan, u poyezd yurishini ifodalashda, odatdagidek, yozib olingan tovushdan foydalanmaydi, balki, ommaviy sahnalarda chiqqan, vokzal uniformasidagi aktyorlar, maxsus tayoqlarni yerga urgan holda, poyezd g'ildiraklarining taraq-turuqini ifodalaydi. Bunday o'ziga xos yondashuv spektaklning yanada jonli va tomoshabop chiqishiga sabab bo'lgan. Poyezd yurishiga ishora bo'lgan bu shartli topilma - yurak urishini eslatadi. Darhaqiqat, farzandlar Ota va Onani bir-biridan ayirganida hamda ular tobora bir-biridan uzoqlashayotganida, ushbu "taraq-turuq" tovushlar tezlashib, qahramonlarning hapqirib ketayotgan yuragini ifodalaydi. Yana bir topilma Ota va Onaning so'nggi valsida sahnada yosh yigit va qiz paydo bo'lib, chiroyli raqsga tushishadi. Bu topilma qariyalarning diydor ko'rishganida, o'zini yosharib qolgandek his qilishiga ishora bo'lgan hamda spektaklga romantik ruh baxsh etgan.

Olimjon Salimov spektaklga nogiron inson qahramonini kiritgan. U nogironlar aravachasida faqatgina voqealar sahnadan-sahnaga o'tayotgan paytda hamda spektaklning finalida paydo bo'ladi. Nogironning tinmay tipirchilashi, yurishga harakat qilishi, hamshiradan qochishga intilishi - bosh qahramonlarning farzandlari beoqibatligidan sinib, chalajon holga kelgan qalblarning ramziy ifodasiga aylanadi. Spektaklning so'nggida esa, Ota va Ona bir-biridan butunlay ayrilganida, Nogiron ham yiqiladi va joni uzilgan jasaddek tosh qotadi.

Rejissor "Omon bo'lgin, azizim" spektakli talqini orqali inson ruhiy olamini sahnada chuqur ochib bera olish mahoratini yana bir bor ko'rsatdi. Uning: aktyorlar ansamblini yarata olish; badiiy ifoda vositalaridan o'rinli foydalanish; obrazli yechimga psixologik yondashish; teatrning barcha komponentlarini bir g'oya ostida birlashtirish; badiiy yaxlit spektaklda yaqqol ko'rindi. Ushbu spektaklning tomoshabinlarga umuminsoniy qadriyatlarni eslatishi, ularni e'zozlashga da'vat qilishi va targ'ib qilishi bilan ham qimmatlidir.

Tarixiy asarlarning sahna talqini ustidagi izlanishlarini davom ettirgan rejissor Olimjon Salimov 2016 yili Samarqand viloyat musiqali drama teatrida, so'ngra O'zbek Milliy akademik drama teatrida Maqsud Shayxzodaning "Mirzo Ulug'bek" tragediyasini sahnalashtirdi.

"Rejissorning ish boshidagi eng asosiy vazifalaridan biri - aktyorni, aktyorlarni, olingan p'esaga, ijro qiladigan rollariga nisbatan kerakli, ba'zan keragidan ortiqcha bo'lsa ham zarar qilmaydi, mehr uyg'ota olish. Shuningdek, aktyorning, aktyorlarning p'esada qanday ijro uslubda ishlashi kerakligini aniqlash. Buning uchun kerak bo'ladigan, lekin, aktyorlarda yetarli bo'lmagan xususiyatlarni qanday topishni, ulardagi bunday yashirin imkoniyatlarni uyg'ota olishi ham muhimdir" [3. B. 51.],

deydi, Olimjon Salimov. U "Mirzo Ulug'bek" tragediyasi talqinida monumentallikka hamda zamonaviylikka erishishni o'ziga maqsad qilib belgiladi. Rejissor zamonaviylikni asardagi ilmu ma'rifat va johillik o'rtasidagi kurashda ko'radi. Bugungi kunda islomni niqob qilib, manfur niyatlarni amalga oshirish maqsadida insoniyat ongi va qalbiga qo'rquv solmoqchi bo'layotganlardan tomoshabinlarni ogoh etishni yetakchi masala deb bildi.

Samarqand teatri va Milliy teatr sahnasidagi dekoratsiyada Ulug'bekning saroyi va rasadxonasi ramziy jihozlar orqali tasvirlanib, ularda spektakl konflikti - bosh qahramonning davlat arbobi va olimligi o'rtasidagi qarama-qarshilikka qurilganligi aniq ifodalandi. Aktyor Erkin Komilov o'z ijrosida ham Ulug'bek siymosining ong va qalbidagi mazkur ziddiyatlarni aks ettirishga intildi. Aktyor ushbu obrazni A.Ginzburg talqinidagi spektaklda gavdalantirgan Sh.Burhonovning ijodiy tajribalariga tayangan holda, tarixiy shaxsning ichki kurashiga asosiy urg'u berdi. Natijada, E.Komilovning Ulug'bek obrazi - vajohat va vazminlik, dadillik va ikkilanish, qat'iylik va ishonuvchanlikni ifodalaydi. Shuning uchun ham u keskin qarorlar chiqarishga shoshilmaydi, balki har ishni puxta o'ylab amalga oshiradi. Hatto, farzandi fitnakorligini bilsa-da, buni vazmin qabul qilishga intiladi. Rejissor tomonidan berilgan vazifaga ko'ra, Ulug'bek ishonch qurboniga aylanganligini, fitna va hiyonat domiga tushgan inson fojeasini tajribali aktyor haqqoniy ko'rsatib bera oldi hamda obraz xarakterining ichki kechinmalarini, qalb tug'yonlarini ochib berish orqali mashhur shaxsga xos ulug'vorlik va jozibani ifoda etdi.

Rejissor ikkala teatrdagi spektakllariga lirik xususiyat baxsh etdi. Samarqand teatridagi prologda Ulug'bek - E.Komilov yulduzlar bilan suhbatlashayotgan holatda paydo bo'ladi. Milliy teatrda esa Devonbegi obrazini gavdalantirgan aktyor Sh.Muzropov spektakl avvalida ham, xotimasida ham Alisher Navoiyning Mirzo Ulug'bekka bergan ta'rifini nola bilan hirgoyi qiladi, faqat muqaddimadagi nola keskinroq va shiddatliroq, xotimadagi esa ma'yusroq va mungliroq. Bu bilan rejissorning spektakl voqealari kechmishi baxtdan baxtsizlik sari o'zgarishini anglatadi.

Lekin, ikki teatrdagi spektaklning yakuni ham Ulug'bekning o'limi bilan emas, taxtdan voz kechishi bilan tugaydi. Bu esa asarning sahnada fojea emas, psixologik-romantik drama janrida talqin etilganidan dalolat. Shuningdek, ikkala spektaklning avji Abdullatifning qo'zg'olonida o'z ifodasini topadi, bu esa spektakl konfliktining biryoqlama ko'rinishiga olib kelgan. Sababi, Ulug'bekning padarkush o'g'li Abdullatif bilan ziddiyatlariga asosiy urg'u berilgan. Oqibatda, asardagi bosh qahramonning Said Obid hamda Gavharshodbegim kabi obrazlar bilan kurashi ikkinchi planga tushib qolgan. Natijada, asardagi ota va o'g'il munosabatlaridagi axloqiy qarashlarga asoslanib, tragediyaning ijtimoiy-falsafiy zalvoriga putur yetkazilganligi sababli, ota-o'g'il nizosi taxt uchun kurashdan iborat maishiy konfliktga aylanib qolgan. Buning

ustiga Abdullatif obrazi ijrosi uchun rejissor tanlagan aktyorlarning talqinida to'laqonlilik yo'q.

Demak, tarixiy shaxslarga bag'ishlangan spektakllar mutaxassislar va teatrshunoslar muhokamalari orqali me'yoriga yetkazilib, so'ngra keng jamoatchilik ko'rigiga havola etilishi zarur. Aks holda ularni suydiramiz deb tomoshabin hurmatini susaytirib qo'yishimiz mumkin. Aktyor ijodini ulug'lagan Gogol - "Teatr shunday minbarki, undan olamga juda ko'p yaxshi gaplarni aytish mumkin" [4. B. 88.], - deydi, sababi, dramaturgning maqsadini va rejissorning talqinini tomoshabinga badiiy obrazlar ijrosi orqali yetkazuvchilar aktyorlardir.

Jahon teatri rejissurasida yangi davrda kuzatilayotgan o'zgarishlar, o'zbek teatri san'atiga ham o'z ta'sirini ko'rsatayapti. Bu esa milliy rejissura san'ati an'analariga, erishilgan yutuqlar zalvoriga, talqin masalasidagi yuzakilikka olib kelmoqda. Shuning uchun rejissuradagi yangi shakl izlanishlari va talqin masalasi bo'yicha alohida mulohaza yuritish lozim bo'ladi. Chunki, yuqorida tilga olingan rejissorlarning ijod yo'li turlicha bo'lib, har biri aktyorlarning xarakter yaratish iqtidoridan kelib chiqib, spektakl sahnalashtiradi. Ularning rejissorlik talqini borasidagi topilmalari, xarakter yaratishdagi izlanishlari, badiiy shakl topishdagi yangiliklari o'ziga xosdir.

Xulosa shuki, rejissor talqini va aktyor ijrosidagi obrazning mantiqiy mutanosibligi masalasi teatr san'atining o'zagidir. Badiiy yaxlit spektaklning tug'ilishi iste'dodli rejissorning mahoratiga, asardagi qahramonlarga jon kiritish esa, aktyorlarning sahnadagi ijrosiga bog'liq hodisa ekanligini anglash yildan-yilga dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Demak, teatrdagi spektaklni yaratish jarayonida rejissorning o'rni katta ahamiyatga ega.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Волкенштейн В. Драматургия. -М.: Советский писатель, 1960.

2. Umarov E. Teatrda badiiy obraz yaratishning estetik tamoyillari. -T.: Star poligraf. 2011.

3. Salimov O. Kasbim rejissor. -T.: G'.G'ulom, 2009.

4. Raimov A., Raimova N. Hikmatlar shodasi. -T.: O'zbekiston. 2013.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.