PPSUTLSC-2024
PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES OF THE 2IST CENTURY
TASHKENT, e-s MAY 2024
www.in-academy.uz
TURKISTON JADIDLARI MEROSINING QOZOG'ISTONDA
O'RGANILISHI
Shahlo Naraliyeva
Qozog'iston Respublikasi J.Tashenev nomli universitet xalqaro hamkorlik departamenti direktori, pedagogika fanlari
bo'yicha falsafa doktori (PhD) https://doi.org/10.5281/zenodo.13268874 Annotatsiya: Mazkur maqolada Qozog'istonda ta'lim o'zbek tilida olib boriladigan umumta'lim maktablarida Turkiston jadidlari merosining o'rganilishi masalalari tadqiq qilinadi.
Kalit so'zlar: milliy ozodlik, tafakkur tarbiyasi, an'ana, vatanparvarlik, sadoqat, ma'naviy tarbiya..
1.Introduction
Turkiston ma'rifatparvar olimlarining XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi milliy ozodlik, milliy mustaqillik va umuman, istiqlol uchun olib borgan kurashlariga oid mavzularni chuqur o'rganish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyoning o'q ildizi bo'lgan Qozog'iston va O'zbekistonning mustaqillikka erishishi tufayli buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan ma'naviy meroslarini o'rganish va ularni yosh avlodga o'rgatish imkoniyati tug'ildi. Jadidchilik harakati qanday murakkab tarixiy vaziyatda paydo bo'lgani, uning shakllanish va rivojlanish bosqichlari ham shunday o'ta ziddiyatli, murakkab jarayonlardan iborat ekanligi to'g'risida o'quvchilarga ma'lumot berar ekanmiz, har bir voqelikka xolis yondashuv zarur.
Xususan, ona tilining ustuvor qolishi uchun kurash, millat farzandlarini jahodatdan qutqarish, ilmga da'vat etish Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon, Abdulla Qodiriy jadid adabiyoti namoyandalari ijodi va amaliy faoliyatida aniq ko'rinadi. Qozog'istondagi ta'lim o'zbek tilida olib boriladigan umumta'lim maktablari o'quvchilarini o'zbek adabiyotining vatanparvarlik, milliy ozodlik mavzulari yoritilgan eng noyob asarlari bilan yaqindan tanishtirish, maqsadida 5-sinfdan boshlab "O'zbek adabiyoti" "O'zbek tili" hamda tabiiy-matematik va ijtimoiy-gumanitar yo'nalishlari 10 - 11-sinflarining "O'zbek adabiyoti" darsliklariga serqirra iste'dod sohiblari bo'lmish jadid adabiyoti vakillarining asarlaridan namunalar kiritilgan.
3. Technology for obtaining materials and
research method
1911-yilda Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi Mahmudxo'ja Behbudiyning "Padarkush" dramasining yaratilishi jadid adabiyotida o'ziga xos muhim voqea bo'ldi. Unda ta'lim - tarbiya inson kamolotining asosi bo'lib, uning bosh maskani oila, ota - ona ekanligi go'zal badiiyat va ishonchli hayotiy voqealar vositasida yoritiladi. Turkiston jadidlarining jaholat, savodsizlik madaniyatsizlikka qarshi qizg'in kurashi borgan sari jiddiy tus olavergan. Behbudiy jadidchilik yo'nalishidagi barcha ilg'or g'oyalarga yetakchilik qiladi.Buyuk Abdulla Qodiriy, "Behbudiyning "Padarkush" pbesasi ta'sirida "Baxtsiz kuyov" otliq teatr kitobini yozib yuborganimni o'zim ham bilmay qoldim" , degan edi.
Zamonaviy adabiy-lisoniy ta'lim tobora yuqori texnologik darajaga ko'tarilib bormoqda. Shuning uchun ham "badiiy adabiyot tili va uslubi, yozuvchining individual uslubini o'rganish asar yaratilgan davr umumxalq tilining qudrati, ko'lami, imkoniyati, taraqqiyoti jarayoni, yozuvchining so'zdan foydalanish mahorati, til tasviriy vositalarining kuchi, estetik-emotsional qimmati singari masalalarni mavjud manbalar asosida o'rganishdir." O'quvchilarning so'z boyligini oshirish, so'zlarning ma'no nozikliklaridan, ma'nodosh va tag ma'noli birliklardan foydalanishga o'rgatishda ulug' shoir Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon she'riyati beqiyos ahamiyat kasb etadi. XX asr boshlarida nafaqat Turkiston o'lkalarida, balki butun dunyoda kechgan o'ziga xos tozarish jarayoni, o'zlikni anglashga intilish ziddiyatlari o'zbekona qadriyatlarga vobasta buyuk Cho'lpon ijodida nihoyatda teran aks etadi. U chin ma'nodagi xalqchil, millatparvar adabiyotni orzu qilgan edi. Yosh adibning ko'p qirrali ijodiy faoliyati yangidan qaddini rostlayotgan o'zbek adabiyoti uchun noyob hodisa edi. Zero, har bir inson borlig'ida ruh, tafakkur, til va nutq o'zaro chambarchas bog'liq. Bunday bog'liqlikning voqelanishi ijodiy va mustaqil fikrli shaxsni tarbiyalashda muhim rolb o'ynaydi.O'zbekiston Qahramoni, atoqli
adabiyotshunos-cho'lponshunos olim Ozod Sharafiddinov to'g'ri ta'kidlaganidek, "Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon ham o'ziga xos betakror she'riyat olamini yaratishga qodir bo'lgan va yaratgan ulug' shoirlar sirasidandir.U ijodini 1914 yildan boshladi, biroq uning parvozi 20-yillarga to'g'ri keldi.Ayniqsa, 1920-1927 yillar mobaynida Cho'lpon ilhomi jo'shqin buloqday qaynab toshdi, po'rtanaday qirg'oqlarga sig'may ko'pirib jo'sh urdi - u uchta she'riy to'plamidan tashqari, ko'plab she'rlar, hikoyalar, maqola va ocherklar yaratdi, o'nlab dramatik asarlar yozib, adabiyotimiz xazinasini qator barkamol tarjimalar bilan ham boyitdi.Ana shu asarlari uni favqulodda yuksak baholashga asos bo'ldi."
3. Experimental results and their discussion
Qozog'istondagi ta'lim o'zbek tilida olib boriladigan umumta'lim maktablarining 5-sinf "O'zbek adabiyoti" darsligiga shoirning hayoti va ijodi haqidagi avtobiografik ma'lumotlar va mashhur "Go'zal" she'ri kiritilgan. O'qituvchi adibning tarjimai holini XX asr boshlaridagi Turkiston bilan bog'laydi.O'quvchilar she'rni ifodali o'qigach, guruhlarga bo'linib, mavzu xotimasida berilgan savol va topshiriqlarni
PPSUTLSC-2024
PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES OF THE 2IST CENTURY
tashkent, o-8 MAv 2004 www.in~academy.uz
bajaradilar.Bu jarayonda guruh ishtirokchilari o'z fikrlarini dalillab, munozaraga kirishadilar."Asardagi tasviriy vositalarni topib, izohlang", "Yulduz bilan oy, shamol va kun timsollari orqali kimni ifodalagan, deb o'ylaysiz?"kabi savollarga javob berar ekan, har bir guruh o'z fikrini o'rtaga tashlaydi va himoya qiladi.Uyga topshiriq sifatida "Go'zallik nima?" mavzusida kichik esse yozib kelish vazifasi beriladi.
Tamaddunning tinimsiz taraqqiyoti, tadrijiy takomili natijasida yuzaga kelgan yangidan-yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar o'qitish samaradorligini yanada oshirish uchun ham katta-kichik imkoniyatlarni ochadi va tabiiy ravishda eng maqbul o'qitish usuli sifatida turg'unlashgan muayyan qoidalar eskiradi. Yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlardan kelib chiqqan holda yana yangi o'qitish usullari izlanadi. Bir so'z bilan aytganda, ona tili va adabiyoti ta'limi zamon taqozosiga muvofiq ana shunday muttasil, muntazam rivojlanib, takomillashib, maqbullashib boradigan o'ziga xos jarayondir.
Tarixning istalgan chorrahasiga sinchkovlik bilan nazar tashlasak, u hech qachon bir tekisda kechmaganligini, balki, o'ziga xos egri-bugri, o'ta ziddiyatli yo'llarni bosib o'tganligini ko'ramiz. Qozog'istondagi o'zbek maktablarining 11-sinf o'quvchilari "O'zbek adabiyoti" darsligida buyuk adibning ozodlik va hurriyat orzusida yozgan "Kecha va kunduz" romanidan parcha o'qir ekan, bu haqiqatni yanada teranroq anglaydi. Ibtidodan to intiho qadar bu haqiqat adib ijodining e'tiqodiga aylanadi. Zero, aynan shu nuqtalarda inson umrining, yurt taqdirining ramziy "kecha" va "kunduz"lari to'qnashadi. Akademik N.Karimovning fikricha "Cho'lponning ulug'vorligi shundaki, u XX asr o'zbek adabiyotini yangi bir pog'onaga ko'tarib, o'zbek adabiy tilining shakllanishi va ravnaq topishiga ulkan hissa qo'shibgina qolmasdan, xalqda Vatan. Millat, Istiqlol tushunchalarining teran ma'no kasb etishiga ham mislsiz darajada katta ta'sir ko'rsatdi.O'zga so'zlar bilan aytganda, u xalqda Hurriyat tuyg'usini uyg'otdi, uning ko'zidagi g'aflat pardasini olib tashladi, unda Vatanga muhabbat, Kelajakka ishonch hislarini tarbiyaladi.Uning fuqarolik jasorati xuddi shundadif' .
Tabiiy-matematik yo'nalishdagi 11-sinf o'quvchilari "Kecha va kunduz" romanidan berilgan parchani o'qigach, mavzuga oid "Tushunish va savollarga javob berish", "Tahlil va talqin", "Baholash va qiyosiy tahlil" kabi topshiriqlarni o'qituvchi ko'magida bajaradilar. Ijtimoiy-gumanitar yo'nalishning 11-sinf "O'zbek adabiyoti" darsligidan buyuk adibning tarjimai holi, "Bas endi" va "Sozim" she'rlari o'rin olgan: Etar, bas, chekdan oshkandir Bu qarg 'ish, bu haqoratlar! To 'lig 'dir, balki toshkandir, Tubanlik ham safolatlar! Qo 'limda so 'nggi tosh qoldi, Ko 'ngilda so 'nggi intilmak, Ko 'zimda so 'nggi yosh qoldi, Kuchimda so 'nggi talpinmak!
Cho'lponning hayot yo'li, serqirra ijodi, she'rlarining g'oyasi haqida o'quvchilar bilan ochiq muloqot uyushtiriladi. "Ko'ngilda so'nggi intilmak" satri haqida ularning fikri so'raladi. Mavzu yuzasidan o'quvchilar o'qituvchi ko'magida noan'anaviy usulda ochiq va yopiq savollar tuzishadi.
Qozog'istondagi o'zbek maktablarida ona tili mashg'ulotlarini nutqdan tilga qarab borish metodi asosida tashkil etish o'quv-tarbiya jarayonida ta'lim oluvchilarning ongli tarzda, mustaqil faolligini ta'minlaydi. Bunda asosiy e'tibor o'quvchining nutqini xalq maqollari bilan boyitish, qardosh turkiy tillar bilan farq va o'xshashliklarini his qilish va anglab yetish, bexato talaffuz qilish va yozish, so'zlarni bog'lab gap, gaplardan esa matnlar tuza olish, nutq vaziyatini to'g'ri baholash va til imkoniyatlaridan unga mos ravishda foydalanish ko'nikmalarini shakllantirish va malakasini o'stirishga, buning uchun ularni rag'batlantirib borish, dars jarayonida emotsiya uyg'otish va motivatsiya berishga qaratiladi.
6-sinf "O'zbek tili" darsligidan o'rin olgan mashhur "Go'zal" she'rini o'qiyotgan o'quvchi Cho'lponning sirli olami bilan tanishadi:
Qorong 'u kechada ko 'kka ko 'z tikib, Eng yorug' yulduzdan seni so 'raymen. Ul yulduz uyalib, boshini bukib, Aytadir: men uni tushda ko 'ramen. Tushimda ko 'ramen - shunchalar go 'zal, Bizdan-da go 'zaldir, oydan-da go 'zal!
Til o'ziga xos murakkab, xalqning dunyoqarashi, borliqni idrok etish tarzi, ruhiyati, madaniyati, ma'naviyatini ifoda etadigan hodisa sifatida inson hayotida birlamchi sanaladi. Tilshunos olim N.Mahmudov ta'kidlaganlaridek: "Uni faqat aloqa vositasi sifatida tushunish juda jo'n tasavvurdir. Y.L.Vaysgerber tilning qanday imkoniyatlarga ega ekanligi haqidagi savolga 100 tadan 99 holatda til aloqa vositasi deb javob berishlarini, bu til imkoniyatlarini to'liq bilmaslik natijasi ekanligini aytadi" .
Cho'lpon asarlarini o'qitishda tilning ana shunday ko'pqirraligi, milliy madaniyat, xalq mentaliteti bilan bog'liq jihatlari, shaxs tafakkurining in'ikosi, uning nutqi manbai ekanligi ham nazarda tutiladi. Dars turlarining har birida o'quvchilarni ijodiy ishlarga jalb qilish imkoniyatlari nihoyatda ko'p, ularni metodik jihatdan to'g'ri belgilab olish, albatta, o'qituvchining mahorati va mavzuning ta'sirchanligiga bog'liq.Zotan, bugunning o'quvchisi egallayotgan bilim, ko'nikma, malaka va faoliyat metodlariga munosabat bildira olishi, bilish jarayoni natijasini jarayonning o'zidan ajratib tahlil qilishi, o'rganilgan va tahlil qilingan narsa va hodisalarni baholay olishi, o'rganilgan va endi o'rganiladigan hodisalar o'rtasidagi chegarani anglash yetishi, o'zlashtirish va hali bilib olinmagan narsalarning farqiga borishi, ya'ni o'quvchi muayyan ta'lim sharoitida kreativ fikr egasi bo'lishi zarur. Conclusions
Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon hayotda ham, ijodning munavvar va murakkab olamida ham o'z
PPSUTLSC-2024
PRACTICAL PROBLEMS AND SOLUTIONS TO THE USE OF THEORETICAL LAWS IN THE SCIENCES OF THE 2IST CENTURY
tashkent, в-8 may 2004 www.in~academy.uz
haqiqatlari hamda tamoyillariga ega, bu tamoyillar yo'lida sabot bilan kurashgan millatparvar adib edi.Uning asarlarida sirli-sehrli ruh bor. O'sib kelayotgan yosh avlodni fikrlashga, o'zgalar fikrini anglashga va shu fikr mahsulini og'zaki va yozma shaklda (tinglash, so'zlash o'qish va yozish) savodli bayon qila olishga o'rgatishda, ya'ni kommunikativ savodxonlikni rivojlantirishda, bilim darajasi yuqori, o'y-fikrlari teran, o'z fikr-mulohazasini erkin bayon qiladigan, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf eta oladigan hamda hayotda o'z o'rniga ega bo'lgan adabiyotsevarlarni kamol toptirishda uning asarlaridagi kurashchanlik, hayotsevarlik, vatanparvarlik, milliy o'zlik, jasorat kabi umumbashariy tuyg'ular alohida ahamiyat kasb etadi. Cho'lpon oxirgi nafasigacha erk va ozodlik, adolat tantanasi, xalq dardi uchun yonib yashadi.Zero, uning ilmiy-adabiy merosi butun dunyodagi o'zbeklar va o'zbeksevarlar uchun bebaho xazinadir.
ADABIYOTLAR:
[1] Qodiriy А. Tanlangan asarlar. Toshkent.: G'afur G'ulom nomidagi Aadabiyot va san'at nashriyoti, 1998.
[2] Sharafiddinov O. Cho'lponni anglash. Tanlangan asarlar. Toshkent.: "Sharq" nashriyot kontserni Bosh tahririyati, 2019.
[3] Karimov N.XX asr adabiyoti manzaralari Toshkent.: "O'zbekiston" nashriyoti, 2008. -B.189.
[4] Mahmudov N. Ona tili talimi va zamon taqozosi// O'zbek tili doimiy anjumanining XII yig'ini materiallari. -Toshkent: RTM, 2013. - 204 b.
[5] Qurbonov T. Tarixiy badiiy asar va davr tili masalalari. Monografiya. - Toshkent.: O'zbekiston milliy entsiklopediyasi, 2006.
[6] Sh.Naralieva, B.Turdikulov, N.Korganbaeva, Sh.Aliakbarova. O'zbek adabiyoti. Umumta'lim maktablarining 5 - sinfi uchun darslik. Qozog'iston Respublikasi Ta'lim va fan ministrligi tasdiqlagan. Almatbi.: "Jazushbi" nashriyoti, 2017.