Научная статья на тему 'SАYOHАT MАVZUSINING JАDIDLАR IJODIDАGI OʼRNI'

SАYOHАT MАVZUSINING JАDIDLАR IJODIDАGI OʼRNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
2
6
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
sayohat / mavzu / motiv / kundalik / hikoya / ocherk / sayyoh obrazi.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Djalilova Xurshida Mirxolikovna

Ushbu maqola XX asr boshidagi o‘zbek adiblarining sayohat mavzusini o‘z ichiga olgan asarlari tahliliga bag‘ishlangan. Jadidchilik namoyandalari – Behbudiy, Avloniy, Fitrat va Cho‘lpon o‘zlarining safar xotiralari, sayohat motivi qo‘llanilgan badiiy asarlarida o‘z yurtlarining og‘ir ahvolini qiyoslash va chog’ishtirib orqali bayon etib, undan chiqish yo‘llarini ham ko‘rsatganlar. .Buning uchun adiblar o’z asarlarida metafora, ramzlar, sayoh obrazi kabi badiiy vositalardan keng foydalanganlar.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «SАYOHАT MАVZUSINING JАDIDLАR IJODIDАGI OʼRNI»

SAYOHAT MAVZUSINING JADIDLAR IJODIDAGI O'RNI Djalilova Xurshida Mirxolikovna

O'zbekiston Milliy universiteti, filologiya fanlari nomzodi, dotsent https://doi.org/10.5281/zenodo.11096342

Аннотация. Данная статья посвящается анализу произведений узбекских писателей начало двадцатого века, в которых присутствует тема путешествия. Представители джадидизма - Бехбуди, Авлони, Фитрат и Чулпон в своих путевых заметках и художественных произведениях, в которых использовали мотив путешествия путем сравнения и сопоставления показали тяжелое состояние своей страны, а также указали пути выхода из него. Для этого писатели широко использовали в своих произведениях такие художественные средства, как метафора, символы и образ путешественника.

Ключевые слова: путешествие, тема, мотив, дневник, рассказ, очерк, образ путешественника.

Abstract. This article is devoted to the analysis of the works of Uzbek writers of the early twentieth century, which contain the theme of travel. Representatives of Jadidism - Behbudi, Avloni, Fitrat and Chulpon, in their travel notes andfictions, in which they used the motif of travel, showed the difficult state of their country by comparing and contrasting, and also indicated the ways out of it. To achieve this, writers widely used such artistic means as metaphor, symbols and the image of a traveler in their works.

Keywords: travel, theme, motivediary, story, essay, image, traveler.

Annotatsiya. Ushbu maqola XX asr boshidagi o'zbek adiblarining sayohat mavzusini o'z ichiga olgan asarlari tahliliga bag'ishlangan. Jadidchilik namoyandalari - Behbudiy, Avloniy, Fitrat va Cho'lpon o'zlarining safar xotiralari, sayohat motivi qo'llanilgan badiiy asarlarida o'z yurtlarining og'ir ahvolini qiyoslash va chog'ishtirib orqali bayon etib, undan chiqish yo'llarini ham ko'rsatganlar. .Buning uchun adiblar o 'z asarlarida metafora, ramzlar, sayoh obrazi kabi badiiy vositalardan keng foydalanganlar.

Kalit so'zlar: sayohat, mavzu, motiv, kundalik, hikoya, ocherk, sayyoh obrazi.

Jahon adabyotida sayohat mavzusiga oid ko'plab asarlar yaratilgan. Sharqu-G'arb, Osiyo yohud Yevropa qiyofasini tasvirlashga kirishgan muallif-sayyohning nigohi avvalo o'z muhitiga yot bo'lgan narsalarga qaratilsa ham, sekin asta uning nazari o'ziga tanish bo'lgan jarayonlarga ko'chadi va u "o'ziniki" va "o'zganiki"ni chog'ishtirish, qiyoslashga o'tadi. Bunday asarlarda muallif safar kuzatuvlarida nafaqat makon, landshafni tasvirlashga, etnografik ma'lumotlarni kitobxonga yetkazishga urg'u beradi, balki har birini o'zining estetik, ichki dunyoqarashi bilan bog'liqlikda, o'z tuyg'ulari bilan omuhtalikda baholaydi.

O'zbek adabiyotida aynan jadidchilik davrida ma'naviy-ma'rifiy masalalarga qaratilgan asarlar yaratilib, ularning orasida ham safar va sayohat motivi ustunlik qilishini kuzatish mumkin. XIX asr oxiri-XX asr boshi milliy uyg'onish davri o'zbek adabiyoti namoyondalari qadimiy an'analarni davom ettirgan holda sayohatnoma janriga yangicha ruh berdilar. Milliy adabiyot rivojiga muxim xissa qo'shgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho'lpon kabi millat oydinlari asarlarida nafaqat o'z vatani va xalqi hayotining o'ziga xosligi tasvirlanadi, balki jahon madaniyati havosi sezilib turadi. Ularda o'zga xalq, o'zga yurt, o'zga hudud hayotiga qiziqishi tufayli o'z safarlarida hamisha ibrat olishga loyiq dunyo yutuqlarini o'z yurtlarida tadbiq etish niyatida ularni

qog'ozga muhrlaydilar. Shu asnoda jadid adaiblarimiz ijodida sayohat mavzusi bilan bog'liq asarlar yaratilgan.

Bu davr adiblariga ulardan biroz ilgari o'tgan vatandoshlari Hakimxonto'ra Ma'sumxonto'ra o'g'li («Muntaxab ut-tavorix» - «Tanlangan tarixlar») va Ahmad Donish («Navodir ul-vaqoe») ning ta'siri katta bo'ldi [5: 8-9]. XX asr boshi o'zbek adabiyotida Yevropa adabiyotiga xos sayohatnomalar ham paydo bo'ldi. Adiblar xorijiy mamlakatlarga qilgan safarlari taassurotlarini nasrda qalamga tushira boshladilar. Shulardan biri Mahmudxo'ja Behbudiy bo'ldi. «Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g'oyasining yalovbardori, yangi maktab g'oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, birinchi dramaturg, teatrchi, noshir va jurnalist» [7:5]

Mahmudxo'ja Behbudiy chet ellarga bir necha marotaba safarga chiqqan. Ilk bor Mahmudxo'ja Behbudiy 1899-1900 yillarda buxorolik do'sti Hoji Baqo bilan birga haj safariga chiqadi. Mahmudxo'ja Behbudiy 1903-1904 yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906 yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda bo'ladi. Behbudiyning «Qasdi safari» asari nafaqat gumanistik, balki vatanparvarlik tuyg'ulari bilan sug'orilgan asardir. Muallif o'z safari tafsilotlarida Turkistonning bebaho yurt ekanligini, bu yerda katta pul topish mumkinligini adib suhbat qurgan xorijlik hamrohlari bilan suhbatlashib, ulardan birining quyidagi so'zlarini keltiradi: «Turkiston eski dunyoning Amrikosidir. Paxta, ma'dan, g'alla, xulosa, har bir nimarsa bor. Turkiston oltundur... barcha mulkimni sotib, pulig'a Turkistondan yer olib, dehqonchilik etardim. Oltun berib, yer olib, so'ngra olmos ko'tarar edim» [2:69]. Behbudiy o'z vatandoshlariga ularning ayanchli ahvolini ko'rsatish uchun oson va tushunarli usullarini tanlaydi. Sayohat xotiralari qiziqarli va lisoniy jihatdan yengil uslubda yozilgan. Yo'l ocherklari janriga mansub bo'lgan "Qasdi safar" asarida o'zi borib ko'rgan yurt, elat, millatning tavsifi, turmush-tarzi, kiyinish madaniyati, urf-odati va boshqa etnografik hodisalar haqida hikoya qiladi. Ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san'at haqida fikr yuritar ekan, «...bechora turkman qarindoshlarimiz hanuz nimvahshiy holatda kulfat ila umr surarlar. Dunyodan, hatto o'zlaridan xabarlari yo'q... alar xanjar o'rnig'a qalam tutush zamoni kelganini bilmaydurlar » deb, muallif bilim olish muhimligi haqida o'z vatandoshlariga murojaat qiladi. Yo'lda ro'y beradigan holat, tabiiy ravishda yuzaga keladigan samimiylik va ochiqlik, bularning barchasi ijodkorga o'ziga xos ijod imkoniyatlarini kengaytiradi va kitobxonning ishonchiga erishishini ta'minlaydi. Ushbu safarnoma "Oyna" jurnalida muntazam nashr etib kelingan.

Aniq safar taassurotlari shaklida yozilgan yana bir asar Abdulla Avloniyning «Afg'on sayohati»dir. Ushbu asarda muallif xizmat safari davomida o'z ko'zi bilan ko'rgan voqelikka munosabati bayon etiladi. Avloniy Xirotdan Qobulgacha bo'lgan yerlardagi aholining millati, tashqi ko'rinishi, kiyim boshi, urf-odatini tasvirlab, ularni Turkistonning tojik, qirg'iz millatiga o'xshash va o'ziga xos jihatlarini ko'rsatib beradi: «Davlatyordan boshlab to Qobulgacha yo'l uzorina va tog' oralarinda vatan edanlarining aksari hazorlardir. Biroz tojiklarda vordur. Bularni(ng) «barbari» ismi ila yuritilur. Bu xalqlarning boshidagi «dakana»lari, erlarining boshidagi telfak-bo'rklari, alhosil butun turmushlari bizim Turkiston qirgizlarining o'zginasidir. Hech bir yerda ayrimlari yo'qdir. Faqat ayrimlari lisonlarindadur" [1:262]. Avloniy ushbu safarnomada Behbudiy kabi yo'l tafsilotlarini bayon qilish orqali yo'lda ko'rgan har bir holat, voqeaga nisbatan o'z munosabatini ham bildirib boradi, ularni Turkistonning ijtimoiy-madaniy, siyosiy ahvoli bilan bog'laydi. Ushbu asar kundalik shaklida yozilgan bo'lib, mustaqillik davrida nashr etilgan.

O'zbek adabiyotida yo'l motivi asosida qurilgan sayohat tipidagi asarlar ham aynan XX asr boshida yaratila boshdandi. Bunday asarlar badiiy to'qima asosida qurilgan bo'lib, unda sayohat mavzusi muhim rolb o'ynaydi. O'zbek ma'rifatparvar adiblarining yirik vakili Abdurauf Fitrat 1909 yil «Jamoati xayriya» tashkiloti yordamida Turkiyaga o'qishga borayotib Buxorodan Odessagacha bo'lgan shahar va qishloqlarni ko'rdi, turli xalqlar hayoti, madaniyati bilan tanishdi, u yerlardagi ijtimoiy-siyosiy hayot, madaniyat Fitratda katta taassurot qoldirdi. Bu narsa uning «Munozara», «Hind sayyohining bayonoti» kabi asarlarida o'z aksini topdi. Fitratning «Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg'an munozarasi» 1909 yilda yozib tugallangan bo'lib, birinchi marta 1911 yilda Istanbulda nashr etildi. Keyinroq unga «Munozara» degan qisqacha nom berildi. Fitratning ikkinchi nasriy asari «Abd ar-Rauf» imzosi bilan 1912 yili Istanbulda «Bayonoti sayyohi hindi» nomi ostida fors-tojik tilida chop etilgan «Hind sayyohining bayonoti»dir. Fitratshunos olim Hamidulla Boltaboev ushbu asar haqida shunday yozadi: «Ulug' yunon faylasufi Aflotun asarlari uslubida, ya'ni suhbat-bahs tarzida yozilgan «Munozara»da, nafaqat ahli Buxoro, balki butun Turkiston yoki jumlai sharq o'lkalaridagi ta'lim masalalari borasida fikr yuritiladi. Qissa negizida asos qilib olingan ziddiyatlarning ildizi faqatgina ta'lim ning arxaik usuli doirasida qolib ketmaydi, balki Buxoro ziyolilarining shunday jaholat botqog'iga botib qolishiga va xalqning nochor va qashshoq turmush kechirishiga sabab bo'lgan illatlar Farangi va Mudarris bahsi vositasita ochib berilgan» [3:40]. Fitrat mazkur asarlarida Yevropa ma'rifatchilik adabiyotiga xos badiiy-kompozitsion usulga murojaat etadi, ya'ni Turkiston voqeligini xorijlik kishilar nigohi orqali baholaydi. Har ikkala asarda ham sayohat motivi qo'llanilib, birinchisida buxorolik bir mudarrisning hajga ziyoratga borib, Hindistonda bir farangi (evropalik) bilan qilgan munozarasi falsafiy-dialog shaklida yozilgan. «Hind sayyohining bayonoti»da voqealar Buxoroga kelgan hindistonlik sayyoh tilidan hikoya qilinsa-da, bu asarda ham dialoglar qissaning asosini tashkil etadi. Ushbu asarda Fitrat o'z tanqidiy nigohini xorijlik sayyoh obrazi berib boradi. Sayyoh-farangi safari chog'ida bir mudarrisdan xaritadan Buxoro shahri qaerda joylashganligini ko'rsatib berishni, shahar aholisi qanchaligini so'raganida u savolga javob bera olmay, shahar ko'chalari bo'ylab yurib, aholi sonini sanashga vaqti yo'qligini bahona qiladi. «Sizning yurtingizda jug'rofiyo o'qimaylarmi?» - deb so'raydi farangi. Mudarris kechalari kitob ko'rib, kunduzlari dars berishini aytib, ortiqcha vaqti yo'qligini ro'kach qiladi: «Qachon qo'lim tegibdiki, munday hikoyat kitoblarini o'qisam». «Jug'rofiyo hikoyat kitobi emas, - deydi farangi, - ilmiy kitobdir. Juda foydali, bir necha qismdan iborat. Uning bir qismini «istotistik» ataydilar: munda har bir mamlakatning aholisi bayon qilinadi» [6:47]. Farangining ikki millionli Buxoro aholisining qanchasi ilmli ekanligi haqidagi savoliga mudarris quyidagicha javob beradi: «Hammasining ilmli bo'lishi mumkin emas. Agar hammasi olim bo'lib ketsa, boshqa ishlar egasiz qoladi»[6:47]. Nafaqat talabalar, balki madrasalarda dars berayotgan mudarrislar ham yigirma yil o'qib, arab tilida so'zlasha olmaydilar. Buni «Munozara»dagi mudarris ham («Birodar, afu etasiz. Biz, Buxoro ulamosi, arabcha gaplashishni bilmaymiz»), «Hind sayyohi»dagi mudarris ham («Biz yigirma yildan beri ko'kragimizni zahga berib o'rganamiz. Shunga qaramasdan umr bo'yi arab tilida so'zlayolmasdan bu dunyoni tark etamiz») tasdiqlaydilar [6:23]. Kitob muallifi Sharqda, ayniqsa Buxoroda xotin-qizlarni kamsitish, ularni erkaklar bilan teng huquqda ko'rmaslik, o'qitib, ta'lim bermaslik kabi illatlarni fosh etadi. Farangining ta'kidlashicha «yaxshi amallar, yaxshi ahloqsiz mumkin bo'lmaydir. Biror kimsa ham tarbiyasiz yaxshi ahloq sohibi bo'lmaydi. Bizning birinchi tarbiyamiz onalarimiz tarafidandir, ularning o'zlari tarbiya ko'rmagan bo'lsalar, biz ham ularning tarbiyasidan hamisha yomon ahloq egasi bo'lamiz» [6:59]. Farangi mudarrisga yana nima uchun

tarixda buyuk allomalarni voyaga yetkazgan zamin, yurt bunchalik qoloqlikka, parokandalikka yuz tutgani haqida, nega Buxoro bunchalik achinarli ahvolga tushib qolganligi haqida achchiq savollar beradi. Fitrat o'zining «Sayyohi Hindi» asarida «Munozara»da ilgari surilgan g'oyalarni davom ettirib, Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tengsizlikni oddiy xalq tilida sodda va ravon bayon etadi. «Hind sayyohi qissasi» haqida gapirganda, muallif uslubiga xos muhim bir nuqtaga ham to'xtalish zarur. Fitrat bu qissada ham o'zining ilg'or ma'rifatparvarlik g'oyalarini o'quvchi ongiga yetkazish niyatida sayohat mavzusi bilan bog'liq xorijlik sayyoh obrazini yaratadi.

«Hind sayohining bayonoti» ayni paytda badiiy publitsistik asar bo'lib, unda ko'tarilgan har bir muammo Buxoro amirligining ichki hayoti bilan san'atkorona bog'lab tushuntiriladi. Muallif, jahon islom dinining markazi bo'lgan, biroq endilikda qoloq Buxoroning rivojlangan davlatlar darajasiga yetishini orzu qiladi. «Sayyohi Hindi»da qadimiy me'morchilik yodgorliklarining vayron qilinayotganligi afsus va nadomat bilan qayd etiladi: «Evropaliklar bizlardan kelgusi avlodga bir yodgorlik qolsin, deb har kuni bir xayr binosini bunyod etadilar,-deb yozadi Fitrat, - biz musulmonlar esa «kelgusi avlodga bizdan yodgorlik qolsin, ular bizning nomimizni unutishmasin» degan fikrni xayolimizga ham keltirmaymiz. Ustiga ustak yana ajib savdo shundaki, ota-bobolarimiz va ulug'larimizdan qolg'an yodgorliklarni buzamiz, xarobaga aylantiramiz» [6:139]. Asardagi quyidagi suhbatning ham guvohi bo'lamiz. Qarshi shahrida hind sayyohi mashhur alacha to'quvchisi bilan suhbat quradi: «Hurmatli usta, Ovrupa xalqlari, agar biror ishga qo'l ursalar, shu ishlarning o'n yil, yigirma yil, hattoki yuz-ikki yuz yil keyingi rivojini ko'zda tutadilar. Siz - Qarshi xalqi ham juda yuksak hunarga egasiz. Ana shu hunarlaringni kelgusi taqdirini hech o'ylamaysizlarmi? Usta: Bizning hunarimiz bundan bir necha yillar avval ham yaxshi edi. Hozir ham yomon emas. Biroq, kelgusida nima bo'lishini xudo biladi. Men: To'g'ri, ammo siz ana shu hunaringizning yana o'n yil davom etishi uchun biror harakat qilyapsizmi? Usta: Hozir ishimiz yaxshi, o'n yil keyin kim tirigu kim o'luk?» [6:141]. Jadid Fitratning bosh qahramon obrazi orqali xunarmadchilik, jumladan alacha, adras kabi matolarni to'qish an'analari kelajagini o'ylash, ularni ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirish orqali milliy qadriyatlarni saqlash bilan birga iqtisodiy jihatdan manfaatga erishish mumkin kabi muhim g'oyalari hozirgi kunga kelib o'z isbotini topdi. Fitratshunos olim Hamidulla Boltaboev mazkur asarlar haqida shunday yozadi: «Bu ikki asar ma'lum ma'noda mavzudosh bo'lib, ularda asrimiz boshlarida yuz bergan hodisalar bir millatparvar fozil shaxs tomonidan tahlil etiladi va shu boradagi fikrlar bir-birlarini to'ldiradi» [6:11]. Ushbu asarlarda sayyoh obrazlari orqali Fitrat Buxoro timsolida butun Turkiston va umuman olganda o'sha davrda mustamlaka bo'lgan, rivojlanishdan orqada, diniy hurofotga berilgan Sharq mamlakatlarining ta'lim masalalari bilan bir qatorda musulmon xalqining nochor va abgor turmushi sabablarini Farangi va Mudarris o'rtasidagi munozara orqali ochib beradi, najot yo'lini esa ma'rifat deb ta'kidlaydi.

O'zbek ma'rifatparvar adiblaridan biri bo'lmish Cho'lpon ham o'z asarlarida sayohat mavzusiga murojaat qilgan. Uning «Do'xtur Muhammadiyor» qissasi, «Vayronalar orasidan» va «Yo'l esdaligi» asarlari shular jumlasidandir. Cho'lpon yoshligidan jahon adabiyotiga qiziqqan,dunyodan boxabar bo'lishni, sayohat qilishni orzu qilgan. «Do'xtur Muhammadiyor» "hayoliy qissa"da ota va o'g'ilning turli vaqtlarda qilgan sayohatlari hikoya qilinadi. Muhammadiyor dastlab Bokuga boradi, keyinchalik Peterburg universitetining meditsina fakulbtetida ta'lim oladi. Yosh iste'dodli o'zbek yigiti shu bilan kifoyalanmay, o'z malakasini Shveytsariya oliygoxida oshiradi. «Mana g'ayrat samarasi, mana g'ayrat mevasi, mana harakat gullari... Ibrat... ibrat... ibrat... Mana «Jamiyati xayriya» foydasi, mana ittifoqlik samarasi, mana

birlik mevasi...» [7:278]. deb, Cho'lpon yosh avlodni g'ayrat va shijoat bilan ilm olishga, Turkiston boylarini esa pullarini aysh-ishratga emas, balki Muhammadiyor kabi yoshlarni qo'llab-quvvatlashga, sarmoyalarini ma'rifat yo'liga sarflashga chaqiradi Adibning ma'naviy-ma'rifiy masalalar ko'tarib chiqilgan ushbu asarida o'z maqsadiga erishish uchun qissa qahramonlari ota va o'g'ilni o'z imkoniyat va kuchlarini sinash maqsadida birini ruhiy ehtiyoj, farz tufayli muqaddas Makkayu Madinaga, ya'ni Haj ziyoratiga, ikkinchisini esa Ilm va Hunar olish uchun xorij mamlakatlariga safarbar etadi. Ushbu safar ikki personajning ma'nan o'zgarishiga sabab bo'ladi, demak muallif sayohat mavzusini o'z ijodiy niyatiga ko'ra badiiy usul sifatida qo'llaydi. Cho'lpon ijodi poetikasini tadqiq qilgan adabiyotshunos olim Dilmurol Quronov ta'kidlaganidek, «Evropadagi ma'rifatchilik adabiyoti bilan jadid adabiyotining o'xshashlik jihatlari badiiy shakl bobidagi izlanishlarda ham ko'zga tashlanadi» [8:19]. Ilm-fan, madaniyat, sanoat va texnikasi rivojlangan Yevropa davlatlarini ko'rib kelgan Muhammadiyorga jaholat botqog'iga botgan xalqining ayanchli ahvoli yanada yaqqol ko'rinar, dilini org'itar edi. Poezddan ona yurtining go'zal tabiatini tomosha qilar ekan, ko'ngli ancha yorishadi: «Chiroyli manzaralari uzoq - uzoq, buyuk - buyuk, yashil - yashil va baland - baland tog'lari Isveycharadan kam emas edi... nima eksa shuni olsa bo'ladurg'on mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yo'q edi. Ilmsiz boylari, johil «olim»lari, yolg'on eshonlari va isrofning koni bo'luvi ila hech bir narsaga o'xshamas edi... Xalq o'z foydasin anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovrupa dorilfununlarig'a bolalarin yuborsa, do'qtur, advokat, muharrir va hunarmand, savdogarlar va muhandis (injener)lar chiqsa, bunlarning har biri o'z vazifalarinda turub ishlarin tartibi ila yurguzsalar, naqadar oliy va naqadar go'zal bo'lur" [9:19]. Asar optimistik ruhda yozilgan, ya'ni Turkiston zamini ham Shveytsariya va Amerikadan kam emas, balki Muhammadiyor kabi yangicha fikrlaydigan yoshlar kelajakda ma'rifatchilar orzu qilgan hur o'lkani, iqtisodiy va madaniy ilg'or davlatni qurishlari mumkinligi ishonchi bilan sug'orilgan.

Cho'lponning real safar taassurotlari natijasida yaratilgan "Vayronalar orasida" asari bir qarashda tashqi tuzilishiga ko'ra sayohatnomaga o'xshasa-da, aslida o'zida ham publitsistik, ham badiiy asar unsurlarini mujassam etgan o'ziga xos uslubga ega sayohat tipidagi asardir. Cho'lpon "Vayronalar orasida" asarini 1924 yilda yaratgan. Ushbu davr adib ijodida murakkab bir vaqtni, ya'ni barcha orzu-umidlar puchga chiqqan, oldinga qo'yilgan maqsad va rejalar amalga oshmagan, orzu qilingan istiqlol sarobga aylangan, "Oq Imperiya"ning o'rniga "Qizil" sho'rolar hukmronligi boshlangan davr edi. Cho'lponning "Vayronalar orasidan" asarining nomlanishi ham metaforik xususiyatga ega. Muallif "necha yillik ichki urushlar bilan charchag'an joyning dashtlardek yovvoyilashib ketgan ko'chalari" orasidan o'tar ekan, o'z kuzatishlari natijasida ijtimoiy-siyosiy masalalar bo'yicha fikr-mulohazalarini, u yoki bu masala bo'yicha o'z munosabatini bildirib boradi. Cho'lpon o'zining yurti, millati bilan bog'liq buyuk maqsadlari, umidlari sarobga aylangani va eng og'iri, bu vaziyatni o'zgartira olmasligi sababli ham asar afsus va achinish hissi bilan yo'g'rilgan. Muallif o'z asarida qilinishi kerak bo'lgan ishlarga mahalliy hukumatining e'tiborini qaratadi va o'z tavsiyalarini ham berib boradi: "Endi kurort masalasi bor. Uni ham hal qilmoq kerak. Bugungi Hazrati Ayyub tom ma'nosi bilan bir kururt emasdur. Lekin shunday qilinishi kerak. Turkiston sho'rolar jumhuriyatining markaz hukumati jumhuriyatning bu hol qimmatbaho joylarini hech bo'lmag'anda Qrim va Qafqaziya kurortlari bilan tenglashtirishga tegish.O'rta Osiyoning kambag'al dehqonlari, mehnatkash ishchilari o'z jumhuriyatlarining shifolik joylarida hamma o'ng'aylik va qulaylikka erishganlari holda, dam olishga, istirohat qilishga tegishdurlar"[10]. Ushbu satrlardagi adibning orzulari bugungi kunda amalga oshishini kuzatar ekanmiz, ularning hozirgi kunda ham o'z dolzarbligini yo'qotmaganiga iqror bo'lamiz.

Adib o'z kuzatuvlarini qayd etib borar ekan, istiqlol haqidagi orzulari sarob ekanini, Sho'rolar tuzimi ham Chor Rossiya imperiyasidan farq qilmasligini, millatining aldanganligini, ona yurtning xalqning ko'zi oldida vayronaga aylanishini ochiq va matnlar orasida, qiyoslash, metaforalar yordamida kitobxonlarga yetkazishga intiladi. Cho'lponning asardagi har bir mulohaza va fikrlari orqali uning vatanparvar, millatning fidoyi farzandi, o'z fuqarolik pozitsiyasiga ega ma'rifatparvar adib ekaniga yana bir bor amin bo'lamiz. Ushbu asarda ham yo'l motivi asosiy motiv bo'lib xizmat qiladi.

Yuqorida tahlilga tortilgan asarlar asosida jadidlar ijodida sayohat mavzusi alohida o'ringa ekanligini kuzatdik. Jadidlar o'zlarining real sayohat va badiiy to'qima asosida yaratilgan asarlarida chog'ishtirish va qiyoslash usullari orqali o'z yurtlarining ayanchli ahvolini va bu holatdan chiqish yo'llarini ko'rsatib berganlar. Aynan sayohat mavzusi orqali adiblar o'z ijtimoiy-siyosiy qarashlarini berib borishar ekan, bu borada metafora, majoziy obraz, "xorijlik sayyoh" kabi obrazlardan ham keng foydalanishgan degan xulosaga kelish mumkin. Xizmat safarlari tafsilotlari, sayohat mavzusi qo'llanilgan asarlar bizga Vatanimiz tarixini tiklashga, xalqimizning o'sha davrdagi turmushini tasavvur etishga va qaysidir ma'noda ham jadid adiblarimizni anglashga ham yordam beradi.

REFERENCES

1. Avloniy A. Tanlagan asarlari 2 jildlik, 2-j. T., Ma'naviyat,, 1998.

2. Behbudiy M. Tanlangan asarlar. T, Ma'naviyat, 1999.

3. Boltaboev X. Fitrat va jadidchilik.Toshkent, Alisher Navoi nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007.

4. Boltaboev H. Fitrat va istiqlol ma'naviyati // Fitrat, Abdurauf. Tanlangan asarlar. 2 jildlik, 1-jild, T., Ma'naviyat, 2000.

5. Dolimov U. Turkistonda jadid maktablari. T., Universitet, 2006.

6. Fitrat, Abdurauf. Tanlangan asarlar. 2 jildlik, 1-jild, T., Ma'naviyat, 2000.

7. Qosimov B. Karvonboshi. // Mahmudxo'ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. Tuzatilgan va to'ldirilgan 2-nashri. T., Ma'naviyat, 1999.

8. Quronov D. Cho'lpon poetikasi (nasriy asarlari asosida). Filol. fanlari doktor. dis. T.: 1998.

9. Cho'lpon. Asarlar. 2-jild. T., G'.G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, 1994.

10. Cho'lpon. Vayronalar orasidan. https://ziyouz.uz/matbuot/jadid-matbuoti/abdulhamid-cholpon-vayronalar-orasidan-1924/

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.