Научная статья на тему 'TOSHKENT VILOYATI TOPONIMIYASIDA TURKIYCHA JOY NOMLARI'

TOSHKENT VILOYATI TOPONIMIYASIDA TURKIYCHA JOY NOMLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
5
1
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Shosh / Xotunkat / Jabg‘ukat / Toshkent / xu / di / rung / xun / turо / az / uz / arg‘un / tuxsi / yag‘mо / dug‘lat / qarluq / chigil / xalach / turkash / qang‘li / qipchоq / o‘g‘uz.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — A.A. Abdullayev

Maqolada Toshkent viloyati toponimik manzarasida turkiycha joy nomlari, ularning etimologiyasi, tarixi, joy nomlarining etnonimlar bilan bog‘liq tomonlari hamda ushbu turkiycha joy nomlarining saqlanib qolishi uchun lozim bo‘lgan amaliy tavsiyalar berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TOSHKENT VILOYATI TOPONIMIYASIDA TURKIYCHA JOY NOMLARI»

TOSHKENT VILOYATI TOPONIMIYASIDA TURKIYCHA JOY

NOMLARI

A.A. Abdullayev

Toshkent iqtisodiyot va pedagogika instituti, Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD), "Tillar va maktabgacha ta'lim" kafedrasi dotsenti v.b. Chirchiq, O'zbekiston ORCID: https://orcid.org/0009-0005-8637-025X https://doi.org/10.5281/zenodo.13895580

Annotatsiya. Maqolada Toshkent viloyati toponimik manzarasida turkiycha joy nomlari, ularning etimologiyasi, tarixi, joy nomlarining etnonimlar bilan bog'liq tomonlari hamda ushbu turkiycha joy nomlarining saqlanib qolishi uchun lozim bo'lgan amaliy tavsiyalar berilgan.

Kalit so'zlar: Shosh, Xotunkat, Jabg'ukat, Toshkent, xu, di, rung, xun, turo, az, uz, arg'un, tuxsi, yag'mo, dug'lat, qarluq, chigil, xalach, turkash, qang'li, qipchoq, o'g'uz.

Аннотация. В статье представлены тюркские топонимы в топонимическом ландшафте Ташкентской области, их этимология, история, аспекты топонимов, связанные с этнонимами, а также практические рекомендации, необходимые для сохранения этих турецких топонимов.

Ключевые слова: Шаш, Хотункат, Джабгукат, Ташкент, ху, ди, рунг, хун, туро, аз, уз, аргын, тукси, ягмо, дугулат, карлук, чигил, халак, тюркаш, канглы, кипчак, огуз.

Abstract. The article presents Turkish place names in the toponymic landscape of Tashkent region, their etymology, history, aspects of place names related to ethnonyms, and practical recommendations necessary for the preservation of these Turkish place names.

Keywords: Shosh, Khotunkat, Jabgukat, Tashkent, hu, di, rung, khun, turo, az, uz, argun, tuxsi, yagmo, dugulat, karluq, chigil, khalac, turkash , kangli, kipchak, oguz.

X asr oxiri - XII asr o'rtalarida Toshkent vohasi Shosh nomi bilan Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrdan boshlab Shoshda turkiy tilning mavqei ancha oshgan. Jumladan, aholining aksariyat qismi so'g'd tili bilan birga turkiy tilda muloqot qila boshlaganlar, joy nomlarini nomlashda so'g'diycha nom, topoformantlar va indikatorlar bilan bir qatorda turkiycha nomlar, turkiycha toponim yasovchi qo'shimchalar va toponimik indikatorlar qo'llanila boshlagan[1: 11]. Jumladan, O'rta asrlarda Toshkent yaqinida Xotunkat va Jabg'ukat nomli shaharchalar bo'lgan. Bunday joy nomlari turkiy nomlar sirasiga mansubdir. Sharqiy turk hoqonligida Jabg'u degan unvon bo'lgan; "xotun" so'zi turklarda "xonning rafiqasi" yoki "xon ayol" ma'nosida ilk o'rta asrlarda istilohda bo'lgan. XI asrdan boshlab shahar yana bir yangi turkiycha nom bilan - Toshkent deb atalgan[1: 13].

Voha aholisining etnogenezi va tilining shakllanishi haqida to'xtalganda, ilk o'rta asrlarda Choch vohasiga turkiy etnik qabilalarning kelishi, ayniqsa, Chochning Turk hoqonligi tarkibida bo'lishi uning madaniyati rivojiga katta ta'sir ko'rsatganligini alohida qayd etish joiz bo'ladi. Bu jarayon ushbu makonda turk-so'g'diy simbioz konseptosferasining shakllanishiga olib kelgan. Buni asosi so'g'diy, qo'shimchasi turkiy, yoki, aksincha bo'lgan Farnkent, Zarkent, Kumushkon, Sijjak kabi joy nomlarida ham kuzatish mumkin. Choch Eroniy tilli aholining turkiylashish jarayoni jadal kechgan maskanga aylangan. Bu jarayonlar ayniqsa arxeologik materiallarda va yozma manbalar orqali tasdiqlanadi[2: 44].

Movarounnahr va unga tutash mintaqalarda mahalliy so'g'diy va turkiy (xu, di, rung, xun, turn qabilalari) aholidan tashqari VI-VIII asrlarda kelib o'rnashgan turkiy etnik guruhlarning nomlari yozma manbalarda az, uz, arg'un, tuxsi, yag'mo, dug'lat, qarluq, chigil, xalach, turkash,

qang'li, qipchoq, o'g'uz va boshqalar deya ko'rsatilgan. Ularga qadar ham, masalan, xiyoniylar bilan birga xunn, az, uz, tuxsi, turk, kaltatoy, musobozori kabi turkiy qabilalar kirib kelishgan. Ularning aksariyati O'rta Osiyoning Amudaryogacha bo'lgan hududlariga joylashib, mahalliy aholi bilan aralashib yashashgan[2: 260].

VIII asrda arablarning O'rta Osiyo hududlari, shu jumladan, Choch vohasiga kirib kelishi va bu hududdagi shaharlarni navbat bilan qo'lga kiritib, hukmronlikni o'rnatishga qattiq intilishi ko'chmanchi turkiy qabila va urug'larning mintaqa ichki tumanlariga jadal kirib kelishini vaqtincha to'xtatgan. Arablar bosqiniga qadar Iloq vohasiga kirib kelgan turkiy qavmlarning mahalliy aholi bilan etnik, ijtimoiy va til jihatdan aralashuvi kuchaygan. Ushbu hududda VIII-IX asrlarda turkiy nomdagi shaharlar barpo etiladi. Masalan, o'sha davrda Shosh vohasining Angren daryosi havzasida Abrliq, Namudliq kabi kon sanoati shaharlari qad ko'targan[2: 248].

IX-XII asrlarda Sirdaryoning o'rta oqimida qadimdan qang'arlar - qirg'izlar, xunlar, usunlar kabi turkiy xalqlar, etnik guruhlar yashab kelishgan. Shundan kelib chiqib, Shosh va Iloq vohalari aholisining aksariyat qismi turkiy tilli xalqlardan iborat bo'lgan, deyishga yetarlicha ilmiy manba va asoslar bor. Tabiiyki, ushbu davrda Chirchiq va Iloq daryolari vodiylarida turkiy etnos vakillari bilan birga so'g'diylar ham istiqomat qilishgan.

Muarrix Tabariyning ma'lumotiga ko'ra VII-VIII asrlarda Shosh vohasi aholisining asosiy qismini turkiy qabilalar tashkil etgan[2: 249]. Chirchiq (Parak) daryosining bir o'zani Biskom (Piskom)dan, ikkinchi tarmog'i Chitgil (Jidgil), ya'ni Chotqoldan iborat edi. Chotqol tog'i nomini turklarning chigil qabilasi nomidan olingan degan farazlar ham mavjud [3: 241].

Chirchiq daryosi irmog'idan boshlangan Xarlux tog'ining Qarluq etnonimi nomi bilan atalganligi ham ilmiy haqiqatga ancha yaqin. "Hudud ul-olam"da Parak (Chirchiq) daryosi Qarluq tog'idan boshlanishiga asoslanib, shuni aytish mumkinki, Qurama - Chotqol - Pskom tizma tog'idan Tangritog' (Tyanshan)ning shimoli va g'arbiy qismlarida turkiy tilli qarluq va chigil qabilalarining ma'lum qismi yashagan. O'sha davrda Choch, Shosh nomlari bilan tanilgan vohaning Piskent, Parkent tumanlarida ham qarluqlar ko'pchilikni tashkil etishgan[4: 141].

IX asrda Ohangaron va Chirchiq vodiylarida, Chotqol va Ugom tog'lari bag'irlarida o'g'uzlarning ayrim guruhlari hamda qarluq qabilalari istiqomat qilishgan[4: 74]. Bu etnik guruhlar islom dinini qabul qilishgach, Somoniy hukmdorlari ruxsati bilan vodiyga kelib o'rnashishgan.

Etnograf olim, akademik K. Shoniyozovning yozishicha, qarluqlarning ba'zi guruhlari Shosh vohasiga VIII asr boshlaridayoq kelishgan[4: 75]. Qarluqlarning bu qismi allaqachon o'troqlashib, Shosh vohasidagi turkiy tilli aholining qadimiy qatlamlari bilan aralashib ketgan.

Sirdaryoning o'ng qirg'og'i quyi havzasida yashovchi arg'inlarning ayrim guruhlari VIII-XII asrlarda Shosh - Toshkent vohasiga ko'chib kelib, mahalliy aholi bilan aralashgan va aksariyat qismi o'troqlashgan[2: 261]. O'rta Osiyo, xususan, Toshkent vohasidagi etnik guruhlar migratsiyasi tarixiga nazar solganimizda, har bir qabila va urug'lar o'zlari kelib o'rnashgan hududlarni o'z etnik nomlari bilan atashga harakat qilganliklarini ko'rishimiz mumkin. Buning isboti o'laroq, Yuqori Chirchiq tumanidagi Arg'inchi va Qibray tumanidagi Arg'in qishloqlarini misol qilib keltirish mumkin. Shuningdek, Shosh vohasiga turkeshlar va uyg'urlar ham kelib o'rnashishgan. Hozirgi kunda Ohangaron va Bo'stonliq tumanlarida Turkqishloq deb atalgan qishloqlar mavjud.

XIII asrning so'nggi choragida Chingizxon imperiyasi tanazzulga uchrab, Chig'atoy davlati vujudga kelgach, uni harbiy jihatdan himoya qilish uchun har biri ming uyli turk-mo'g'ullar qabilalari O'rta Osiyo hududlariga ko'chib kelishgan. Ular barlos, jaloyir, qovchin va orlot

qabilalari edi. Jumladan, jaloyirlar Toshkent vohasining Angren havzasiga kelib o'rnashishgan[2: 254]. Jaloyir urug'i vakillari XI-XIII asrlarda, asosan, Ohangaron havzasi hamda Xo'jand atroflarida yashaganlar. 1375-yilda jaloyir qabilasi vakillari Amir Temurga qattiq qarshilik ko'rsatgani uchun uning farmoni bilan jaloyirliklar sarkardasi qatl etiladi hamda bu qabila vakillarining katta qismi Toshkent vohasidan turli hududlarga ko'chirib yuboriladi. Ana shundan keyin faqat jaloyirlar emas, balki ularning qo'l ostidagi etnik guruhlar ham xuddi shunday nom bilan atalgan[5: 29]. Bugungi kunda ham mazkur etnonim bilan atalgan joy nomlari Toshkent vohasining bir qancha joylarida bor. Xususan, Ohangaron tumanida Jaloyir qishlog'i, Qibray tumani va Chirchiq shahrida Jaloyir nomli mavzelar mavjud.

Yuqorida keltirilgan tarixiy va etnografik manbalardan bilishimiz mumkinki, Toshkent vohasi toponimik tizimida turkiycha nomdagi etnooykonimlar yetakchi o'rinni egallaydi. TAVSIYALAR:

1. Toshkent vohasidagi turkiycha joy nomlari tarix, arxeologiya, tilshunoslik va etnologiya sohasida alohida ilmiy tadqiqot obyekti bo'la oladi. Shu boisdan mazkur hududning turkiycha nomdagi toponimlari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish zarur.

2. Hududning turkiycha joy nomlari bo'yicha izohli-tarjimali hamda ta'birli lug'atlar yaratilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi.

3. Toshkent viloyatidagi turkiycha joy nomlarining toponimik xaritasi yaratilib, ushbu joylarga etnografik, gastronomik yo'nalishda turistik sayohatlar tashkil etish mumkin.

REFERENCES

1. Qorayev S. Toshkent toponimlari. - Toshkent: Fan, 1991. - 64 b.

2. Asqarov A. O'zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. -Toshkent: Universitet, 2007. - 326 b.

3. Bo'riyev O., Usmonov M. Shosh - Toshkent vohasi aholisining etnik xususiyatlari (IX-XII asrlar) // O'zbekiston poytaxti Toshkent 2200 yoshda (Toshkent shahrining 2200 yillik yubileyiga bag'ishlangan Xalqaro ilmiy konferensiya materiallari). - Toshkent: Fan. 2009, 239 - 242 b.b.

4. Shoniyozov K. Qarluq davlati va qarluqlar. -Toshkent: Sharq, 1999. -192 b.

5. Yo'ldoshev B. O'zbek onomastikasi masalalari. - Samarqand: SamDU nashri, 2011. - 110 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.