TARIXIYLIK JIHATIDAN O'ZBEK TILI LEKSIKASI
Gulshoda O'tkirbek qizi Pratova
Andijon davlat universiteti Filologiya fakulteti 2-kurs talabasi
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada o'zbek tili taraqqiyoti, prosessida sodir bo'lgan ma'lum o'zgarishlar va ularning o'rganilish darajasi dolzarbligi haqida fikr yuritilgan.
Kalit so'zlar: Eski qatlam, yangi qatlam, betaraf qatlam, arxaizmlar, neologizmlar.
O'zbek tilining taraqqiyoti prosessida uning barcha sohalarida ma'lum o'zgarishlar yuz berdi. Bunday o'zgarishlar ayniqsa, uning leksikasi uchun juda harakterli hisoblanadi.
Bunda, birinchidan, tildagi ayrim so'zlarning eskirishi, istemoldan chiqib ketishi kuzatilsa, ikkinchidan, tilda yangi so'zlarni paydo bo'lishi kuzatiladi. Bu ikkala hodisa ham tildagi ma'lum ob'ektiv sabablar asosida ro'y beradi. Hozirgi adabiy til nuqtayi nazaridan eskirgan so'zlarning jami eski qatlam (eski leksika) , yangi so'zlarning jami yangi qatlam (yangi leksika) deyiladi. Na eskilik, na yangilik bo'yog'iga ega bo'lgan so'zlar betaraf leksika ( o'tgan asrning ikkinchi yarimidan keyin, bu qatlam zamonaviy leksika deb yuritilgan ). Demak, o'zbek tili leksikasini tarixiylik nuqtayi nazaridan uchta asosiy qatlamga bo'lib o'rganish ma'qul hisoblanadi.
R.R.Sayfullayeva va boshqalarning ,, Hozirgi o'zbek adabiy tili'' kitobida keltirilishicha , hozirgi o'zbek adabiy tili leksikasining asosini betaraf leksika tashkil etib, bu leksika umumiste'mol leksika, qo'llanilishi doirasi chegaralanmagan leksika, faol leksika atamalari bilan ham yuritiladi.1 Ammo bulardan neytral leksika atamasini ishlatish leksemani tarixiylik belgisi asosida tasniflash nuqtayi nazaridan to'g'riroq ekanligi izohlangan. Zero, na eskilik, na yangilik bo'yog'iga ega bo'lgan so'z faol yoki umumiste'mol so'zlar ham emas. Demak, faol yoki nofaol, umumiste'mol yoki qo'llanilish doirasi chegaralangan bo'lishidan qat'i nazar, eskilik va tilimizga mansub barcha yangilik bo'yog'iga ega bo'lmagan leksema hozirgi o'zbek tilining betaraf leksikasidir. Huddi shu qatlamni zamonaviy qatlam sifatida qabul qilgan professor SH.Shoabdurahmonov ham eskilik yoki yangilik bo'yog'iga ega bo'lmagan so'zlar zamonaviy leksikani ( zamonaviy qatlamni ) tashkil etishi haqida fikr yuritgan.2
Eskirgan leksika. Eski qatlamga oid leksemalar o'ziga xos xususiyatlariga ko'ra ikki turga bo'linadi: 1)tarixiy leksema; 2) arxaik leksema.
Tarixiy leksemalar hozirgi kunda yo'q, narsa- hodisalarni bildiruvchi so'zlardir. Ma'lum davrlarda bor bo'lgan, ayrim narsa- hodisalar jamiyat taraqqiyotining keyingi bosqichlarida yo'q bo'lishi, o'tmish hodisasiga aylanishi mumkin. Shu bilan bog'liq holda bunday narsa - hodisalarning atamasi bo'lgan so'zlar ham tarixiylik kasb etadi, tarixiy so'zga aylanadi. Misol uchun: Qozi, zobit, omoch, kuloch, qul, cho'ri, baqqol, xon, bek kabi. Tarixiy leksemalar bildiradigon narsa -hodisalar tarixiyligi sababli ularning ko'pchiligi ( ularning ma'nosi) hozirgi davr kishisi uchun noma'lum bo'ladi. Tarixiy leksema hozirgi o'zbek tilida ham zarurat taqozosiga ko'ra qo'llaniladi. Xususan, tarixga oid ilmiy asar va darsliklarda, o'tmish voqealarini aks ettiruvchi badiiy asarlarda bunday leksemalar cheklanmagan miqdorda qo'llanilishi mumkin. Misolllar: Dehqonlarning hisobiga ko 'ra, bug 'doylar besh botmon chiqishi kerak edi. (S.Ayn), Qozi Yunus barchasini xalqqa yaxshi bo'lishi uchun qilgandi.(Y.E). Bundan tashqari, ba'zi polesemantik leksemalarning ba'zi ma'nolari tarixiylashib, boshqa ma'nosi umumiste'molda bo'lishi mumkin. Masalan: millat leksemasini bir nechta semalarini shu asnoda kuzatish mumkin. 1.Yoshlar, keksalar, qizlar, juvonlar orasida turli millat vakillari -qozoq, qirg'iz, arman va yahudiylar ham ko'rinar edilar ( P. Trus). 2. Millatingni ayt: Ibrohim Xalilulloh millati. (,,Diniy rivoyatlardan''). Yuqoridagi birinchi gapda millat leksemasining ,,tarixan tashkil topgan madaniyati, tili, huquqi, iqtisodiy hayoti va ruhiy xususiyatlarining umumiyligi asosida vujudga kelgan kishilar guruhi'' semasi voqelangan bo'lib, ushbu so'z neytral leksiska tarkibida mana shu semasi bilan yashasa, ikkinchi gapda unung ,, biror dinga mansublik'' tarixiy sememasi voqealanganligi bevosita kuzatiladi. Bundan ko'rinadiki, kop sememali so'zlarning biri eskirib, ikkinchisi yashovchan bo'lishi ham mumkin ekan.
Arxaizmlar bir so'z bilan aytganda o'z o'rnini boshqa leksemaga bo'shatib bergan birliklardir. Ijtimoiy taraqqiyot natijasida ayrim narsa - hodisa boshqa leksema bilan atalib, avvalgilari iste'moldan chiqib ketadi. Misollar: ulus ( xalq), aeroport ( tayyoragoh), samaliyot ( tayyora), tilmoch ( tarjimon), lang ( cho 'loq), ilik ( qo 'l) va b. Eskirgan so'zlar bildiradigon narsa - hodisalar hozirgi hayotda bor bo'lganligi sababli, o'z - o'zidan, tilda ularni ataydigon zamonaviy so'zlar, ya'ni sinonimlari ham bo'ladi. Yuqoridagi so'zlar bu fikrga misol bo'la oladi. Bu fakt shuni ko'rsatadiki, tilda narsa- hodisani bildiruvchi birdan ortiq so'z bo'lsa, til taraqqiyoti qonuniyatlari talablariga javob beradigoni istemolda qolib, boshqasi asta- sekin istemoldan chiqa boshlaydi va o'z sinonimiga nisbatan eski so'zga aylanadi. So'zlarning eskirishi (arxaiklashishi )ning asosiy sababi ana shunda. Tilda bo'ladigon o'zgarishlar birdaniga sodir bo'lmasligi ma'lum, davrlar o'tishi mobaynida, yuzaga keladigon ma'lum vaziatlar orqali asta- sekin yuzaga chiqadi. Ularning ayrimlarida eskilik darajasi kuchsiz , ba'zilarida esa, ortiqroq bo'ladi. Eskirgan so'zlarni hozirgi davr kishilari tushunishi ham , ular tomonidan
qo'llanilish darajasi ham har xil bo'ladi. Masalan: muxr ( imzo ) hamda cherik ( armiya ) so'zlarini oladigon bo'lsak, cherik so'ziga nisbatan muxr so'zi xalq tomonidan keng qo'llaniladi hamda ko'proq tushunarli bo'ladi. Bundan tashqari, ba'zi manbalarda keltirilishicha, ayrim so'zlar hozirgi davr kishilari uchun mutlaqo tushunarsiz bo'lishi, iste'moldan butunlay chiqib ketishi mumkin, bunday so'zlar ,, O'lik so'zlar'' deb yuritiladi. Misol uchun: budun ( xalq), bitik ( kitob).
Tarixiy leksemalar hamda arxaik leksemalar haqida aytilganlardan ma'lum bo'ladiki, bu ikki tur leksikaning bir qatlami ( eski qatlam)ga oid bo'lsa, ular boshqa boshqa hodisalardir. Quyida ular o'rtasidagi turli tafovutlar to'laroq ko'rsatiladi:
1. Arxaizmlar hozirda bor narsa- hodisalarning, tarixiy leksemalar esa, o'tmish narsa- hodisalarining atamasidir.
2. Arxizmning zamonaviy qatlamga oid sinonimi bo'ladi, tarixiy leksemalarning bunday sinonimi bo'lmaydi.
3. Arxaizm tildagi narsa- hodisani atovchi birdan ortiq so'zni bor ekanligi sababli paydo bo'ladi. Tarixiy leksemalar esa narsa- hodisalarning hozirgi hayotdan yo'qolishi sababli paydo bo'ladi.
4. Arxaizm o'z sinonimi bo'lgan zamonaviy so'zga nisbatan belgilanadi, tarixiy so'zlar esa so'z ataydigon narsa - hodisaning o'tmishga oidligi bilan belgilanadi.
5. Arxaizm nominativ va sitilistik funksiya bajaradi, tarixiy leksema esa faqat nominativ funksiya bajaradi. Shu xususiyatlariga ko'ra, tarixiy leksemalar o'tmishga oid narsa hodisalarni ifodalash talabi bilangina qo'llanadi, arxaizmlar esa boshqa maqsadlarda, ya'ni asar qahramonlari tilini individuallashtrish maqsadida qo'llanadi.
Shunday qilib, eski qatlamga oid bo'lgan so'zlarning semantik tasniflanishi, hozirgi davr kishisi uchun yot, tushunarsiz bo'lgan so'zlarga yanada oydinlik kiritishga asos boladi.
Yangi leksika. Yangi qatlamga oid bo'lgan so'zlar, tilda yangi paydo bo'lgan va yangilik bo'yog'i sezilib turgan leksemalardir. Bunday so'zlar ilmiy termin bilan , ya'ni neologizm deb yuritiladi. Neologizmlar umuman yangi davrda paydo bo'lgan so'zlar sifatida tushunilmasligi kerak. Biror so'zni neologizm deb hisoblashda uning yangilik bo'yog'iga egaligi asosga olinadi. Misol uchun: Fazogir, kitobsevarlar, oltintoparlar va sh.k. Yangi leksika semalarning tasnifiga ikkiga bo'linadi:
a)Sof yangi leksemalar tilimiz uchun, aslida, mutlaqo begona, lekin unga endigina kirib kelib, iste'molga joylashgan boshqa tilga xos leksik birliklar ( lizing, test, internet va b.). Bu qatlamga oid so'zlarni, asosan, turli sohalarga tegishli bo'lgan terminlarda ko'p uchratamiz. Yangi leksemalar davrlar o'tib neytral(
bartaraf) leksikaga o'tib ketadi. Misol uchun: Televidinya so'zi asli yangi qatlamga oid so'z hisoblansada, lekin hozirgi paytda neytral qatlamga mansub so'zga aylangan.
b) Faollashgan leksema yangi leksikaning turlaridan bo'lib, ular umumiste'mol doirasidan chiqib ketgan va hozirgi kunda qayta ishlatila boshlagan so'zlar( hokim, viloyat, oqsoqol) kabi leksemalardir.
Faolllashgan leksemalarning sof leksemaladan asosiy farqi shundaki, ular o'z qatlamga oid ham, o'zlashgan qatlamga oid ham bo'lishi mumkin.
Shunday qilib, tarixiylik jixatidan o'zbek tili leksikasini o'rganish hamisha dolzarb bo'lgan, jamiatda bo'layotgan turli voqea- hodisalarni o'rganishda, albatta, tarixga nazar tashlanadi va aloqa almashinuvida o'sha davrda foydalanilgan lug'at sostavi (leksik birlik)lari muhim ahamiyat kasb etadi, shu bilan bir qatorda tarixiy, badiiy asarlarni o'qish mobaynida to'laqonli ravishda tushunib yetish uchun tarixiy leksemalar, arxaizmlar muhim ro'l o'ynaydi.
REFERENCES
1.R.R.Sayfullayeva va b. ,,Hozirgi o'zbek adabiy tili''.- Toshkent. 2020.
2. Sayfullayeva.R. Hozirgi o'zbek adabiy tili. Toshkent, 2020. 117-121- betlar
3. Mengaliyev.B, Raupova.L, Qurbonova.M. Leksikollogiya. Toshkent. 2020
4. Qurbonova.M. hozirgi zamon o'zbek tili. Toshkent. 2000. 3-5- betlar.
5. Shoabdurahmonov.Sh. Hozirgi o'zbek adabiy tili. Toshkent. O'qituvchi. 1989. 124128- betlar.
6. Asqarova.M, Hojiev.A, Rasulov.I O'zbek tili leksikasi. Toshkent. 1990. 7.Sh.Shoabdurahmonov va b. ,,Hozirgi o'zbek adabiy tili''.- Toshkent ,,0'qituvchi''.1980.
8.F.Kamol ,,O'zbek tili leksikasi''.- Toshkent. 1990.
9.Н.Тухтасинова „ИССЛЕДОВАНИЕ ПРЕДВАРЕЛЬНЬХ И ТАГМАНСКИХ СОБЬТИЙ НА РАБОТАХ АБДУЛЛЬ КАХХАР''