Научная статья на тему 'SURXON RAQS SAN’ATINING SHAKLLANISHI'

SURXON RAQS SAN’ATINING SHAKLLANISHI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
92
6
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
jamalak / voha / sakrashlar / raqs shtrixlari / folklore / an’analar

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Sevinch Zohidjon Qizi Jurakulova

San’atning barcha turlari odamzodning turmushi, tirikchilik о‘tkazishi bilan bog‘liq harakatlari jarayonida paydo bо‘lganligini bilamiz. Raqs san’ati ham bundan mustasno emas va u insoniyat tomonidan yaratilgan eng ommaviy san’at turi sifatida dunyoning barcha xalqlarida turli kо‘rinish va shakllarda namoyon etib kelinmoqda.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «SURXON RAQS SAN’ATINING SHAKLLANISHI»

SURXON RAQS SAN'ATINING SHAKLLANISHI

Sevinch Zohidjon qizi Jurakulova O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi

Annotatsiya: San'atning barcha turlari odamzodning turmushi, tirikchilik o'tkazishi bilan bog'liq harakatlari jarayonida paydo bо'lganligini bilamiz. Raqs san'ati ham bundan mustasno emas va u insoniyat tomonidan yaratilgan eng ommaviy san'at turi sifatida dunyoning barcha xalqlarida turli ko'rinish va shakllarda namoyon etib kelinmoqda.

Kalit so'zlar: jamalak, voha, sakrashlar, raqs shtrixlari, folklore, an'analar

FORMATION OF SURKHAN DANCE ART

Sevinch Zahidjon kizi Jurakulova Uzbekistan State Academy of Choreography

Abstract: We know that all types of art appeared in the course of human activities related to life and livelihood. The art of dance is no exception, and as the most popular form of art created by mankind, it has been shown in various forms and forms in all nations of the world.

Keywords: jamalak, oasis, jumps, dance lines, folklore, traditions

Ibtidoiy odamlar tabiat bilan kurashib, tirikchilik va jon saqlash uchun zarur bo'lgan narsalarni izlab topish maqsadida tabiatdagi hodisalarni kuzatish, o'rganish, shu bilan bir qatorda tovush, ohang, rang va harakatlarni farqlashga majbur bo'lganlar. Ularning ongi o'sib borishi, tabiat go'zalliklarini anglashi, rang va ohanglardan ta'sirlanish tuyg'ularining shakllanishi, ehtiroslarini aks ettirish ehtiyojining paydo bo'lishiga sabab bo'lgan. Insonning o'z tuyg'usini san'at darajasida ifodalash ehtiyoji esa odamzodning his eta olishi, aql-idroki, nutqi shakllangan davrdayoq paydo bo'ldi va hayotining ajralmas qismiga aylanib qoldi.

Raqs harakatlari ham o'z-o'zidan paydo bo'lgan emas. Olimlarning taxminiga ko'ra, raqs elementlari dastlab odamlar tomonidan ovlanadigan, ularning hayot kechirishi uchun zarur bo'lgan hayvonlarning harakatlariga taqlid qilishdan boshlangan. Ibtidoiy odamlar "Ov o'yini" ularning omadli ov qilishiga yordam berishiga ishonishgan. Shuning uchun ham "Ov o'yini" da bir kishi ovlanadigan hayvonning niqobini kiyib, o'sha hayvonning harakatlariga taqlid qilib o'yinga tushgan. Ovchilar esa uning atrofida davra qurib, qo'llaridagi qurollari bilan ov qilayotgan hayvonga hamla qilayotgandek harakatlar qilib o'yinga tushganlar va

taomilga ko'ra "Ov o'yini" hayvonning ovlanishi bilan yakunlangan.

Ov oldidan o'tkaziladigan bu o'yin ibtidoiy odamlarning dastlabki diniy-e'tiqodiy tushunchasini ifodalaydigan harakatlar bo'lgan bo'lsa ham ajab emas.

"Ov o'yini" faqat ovga chiqish oldidan emas, balki omadli o'tgan ovdan keyin ham ijro etilgan. Bu safar ibtidoiy odamlar pantomimik harakatlar bilan ovning qanday o'tganini, omadli o'tgan ovdan mamnun ekanliklarini, quvonchlari, tuyg'ularini ifodalaganlar. Bu holat hozirgacha Amerika, Afrika, Avstraliya qit'alaridagi o'rmon va changalzorlarda yashayotgan, insoniyat sivilizatsiyasidan ajralib qolgan mahalliy qabilalarda kuzatilishi bilan harakterlidir.

Zamonlar o'tishi bilan "Ov o'yini" takomillashib, zaruriy marosimga aylanib qolgan. Jamoa orasidan hayvonlarga ustalik bilan taqlid qiluvchi, iste'dodli kishilarning paydo bo'lishiga olib kelgan.

Urug'chilik jamiyati paydo bo'lishi bosqichida odamlarda anemistik va totemistik diniy e'tiqod shakllanib madaniyat yana bir bosqichga ko'tarildi. Bu davrda odamlar termachilik va ovchilikdan tashqari yovvoyi hayvonlarni xonakilashtirish orqali chorvachilik bilan shug'ullana boshladilar.

Totemizm - odamzotning hayvonot dunyosi bilan ilohiy bog'lanishi borligini anglatuvchi e'tiqod bo'lib, unda har bir urug' o'z totemiga ega bo'ladi. Ajdodlarimiz tuya, ot, qo'y, sigir, echki kabi xonakilashtirilgan hayvonlarga va turmush kechirishi uchun zarur bo'lgan it va mushuk kabi hayvonlarga sig'inar edilar. Hayvonlarga sig'inishga bosh sabab hayvonlar odamlarning tirikchiligi va farovon turmush kechirishining asosiy omili bo'lganligidan edi.

Bu davrlarda ajdodlarimiz orasida "Ot o'yini", "Echki o'yini", "Pishak (mushuk) o'yini", "Ayiq o'yini", "Sher o'yini", "Yumronqoziq o'yini", "Qoplon o'yini" singari taqlid qilib o'ynaladigan totemistik marosim o'yinlari paydo bo'ldi.

Insoniyat jamiyati yangi bosqichga ko'tarilgandan so'ng ibtidoiy jamoa, ya'ni tosh asrida paydo bo'lgan totemistik marosim o'yinlari o'z ilohiy ahamiyatini yo'qota bordi va oddiy tomosha o'yinlariga aylanib qoldi. Qancha zamonlar o'tmasin, ibtidoiy jamoalar marosimlarida o'ynalgan o'yinlar va pantomimalar yangi mazmun, yangi shakllarga kirib, qisman saqlanib qoldi hamda hozirgi kunlargacha yetib keldi.

Peterburg shahridagi Shedrin nomidagi kutubxona fondida Samarqand yoki Hirotning qadimiy musavvirlar maktabi namoyondalari tomonidan chizilgan, degan taxmindagi 3 ta qadimiy suratda echki niqobini kiyib o'yinga tushayotgan kishilar tasvirlanganligi, Ibn Arabshoh asarlarida, shuningdek, Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"sida Samarqand shahrida o'tkazilgan bayramlarda hayvonlarga taqlid qilingan o'yinlar va tomoshalar namoyish etilganligi haqida ma'lumotlar berilishi bu tarixiy o'yinlarning o'sha davrda ham odamlarning xotirasida saqlanib qolganligidan dalolat beradi. Xorazmda o'tadigan bayramlar, to'ylarda hozir ham "Yumronqoziq o'yini", "Ot o'yini", "Chorloq o'yini", "Echki o'yini" o'ynalib kelinadi.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi "Zevari" folklor-etnografik xalq ansambli dasturidan "Ayiq ovi" o'yini joy olgan va shu kunlarda ham xalq sayllari, bayramlarda namoyish etilmoqda. "Zevari" ma'nosi bu -zebu ziynat degan ma'noni anglatadi. Aslida zevari xalqi tojikzabon xalq bo'lib, ular asosan Tojikistondan kelib shu yerga joylashib qolgan va vaqt davomida shu yerning xalqiga aylangan aholidir. Zevari xalqi raqsining asl ma'nosi bu "Tog' nag'masi" deyiladi. Bu toshdan-toshga, tog'dan -toqqa, soydan-soyga sakrab o'ynaladigan asl erkaklar raqsidir. Xalqimiz yaratgan bu o'yinlar juda tomoshabop va jozibali bo'lsada, ularda aks etgan raqs elementlari juda soddaligi tufayli professional raqslarda juda kam qo'llaniladi.

Raqs san'atining taraqqiyoti bevosita uni yaratgan xalqning tarixi bilan bog'liq ekanligi bois raqs san'ati tarixida ham uning aks etganligi borasida kengroq to'xtalib o'tish talab etiladi.

Hozirgi o'zbek raqs san'atida o'ziga xos, o'z uslubiga ega bo'lgan Xorazm, Buxoro va Farg'ona raqs maktablari tan olingan.

Biz o'z oldimizga qo'ygan maqsaddan kelib chiqib, shu kungacha hali yaxshi o'rganilmagan, ilmiy jihatdan ko'rib chiqilmagan, adabiyotlarda yaxshi yoritilmagan Surxondaryo viloyati hududida shakllangan Surxon raqs maktabi haqida va bu raqs maktabining tarixiy ildizlari, taraqqiyot yo'li, hozirgi kundagi ahvoli haqida fikr yuritamiz.

O'zbekistonning janubida joylashgan Surxon vohasi qadim-qadimdan insoniyatning beshigi bo'lgan hududlaridan biri ekanligiga Boysun tumani Machay qishlog'idagi tosh asriga mansub neandertal odamlarning qarorgohi hisoblangan Teshiktosh kamaridan topilgan neandertal bolaning bosh suyagi va Zarautsoy darasidagi qoyalarga ibtidoiy odamlar tomonidan chizilgan suratlar guvohlik beradi.

Qorli tog'lar yon bag'rida sero't yaylovlari, hosildor yerlari, keng adirlari, sersuv daryo va soylari, hatto cho'llari bo'lgan bu o'lka odamlarning yashashi uchun juda qulay bo'lgan. Zamonlar o'tib davlatlar va dinlar paydo bo'lgach bu jannatmakon o'lka juda gavjum hududga aylangan. Surxon vohasi hududi qadimiy Baqtriya davlatining, Kushon imperiyasining, Arab xalifaligining, Turk xoqonligining, Buyuk Temur sohibqiron saltanatining tarkibida tarixiy jarayonlarni o'z boshidan kechirdi. Bu yerlik aholi totemistik e'tiqodlarni, zardushtiylik, buddaviylik va islom dinlarini ko'rdi. Har bir tarixiy jarayon xalqning turmushi va madaniyatida o'z izini qoldirdi.

Surxon diyori qadimiy Buyuk ipak yo'lining shimolni janub bilan, sharqni g'arb bilan bog'lab turgan serqatnov bekati bo'lgani uchun bu hududda yashagan xalqlar qo'shni davlatlar, qo'shni xalqlar bilan doimiy aloqada bo'lib keldi. Natijada, Surxon vohasida o'ziga xos madaniyat paydo bo'ldi.

Surxon raqs san'ati, raqslari haqida gapirishdan oldin, umuman raqs san'ati haqida qisqacha mulohazalarni bayon etishni lozim topdik.

Odamlar nima uchun raqsga tushadilar?

San'atshunos olima L.Avdeyeva o'zining "O'zbek milliy raqsi tarixidan" nomli kitobida "Raqs - zamon va makonda mavjud san'at bo'lib, bunda badiiy obraz inson gavdasining ritmik uyushgan tasviriy va ifodali harakatlari bilan yaratildi", - deb yozadi.

To'g'ri, raqsni birgina shunday qisqa qoida bilan tushuntirib bo'lmaydi. Bu qoida raqsni tashqi ko'rinishini tasvirlaydi xolos.

Raqs faqat bir millatga xos san'at emas, balki umuminsoniy badiiy ijodning mahsuli bo'lib, dunyoning barcha millatlariga xos san'at turidir.

Inson hayotning go'zalliklari, o'zining bu keng olamdagi o'rnini, o'z tuyg'ulari, nozik hislari, falsafiy o'ylarini gavda harakatlari bilan ifoda etishga ehtiyoj sezgandagina to'laqonli raqs san'atini yaratgan. Bu sirli ehtiyojni qondirish inson hayotining bir bo'lagiga aylangan.

Xalq orasida shakllangan o'yinlarda ijrochi o'z bilganiday erkin taqlidiy harakatlar qilsa, raqs ijrochisi ma'lum harakatlar majmua chegarasidan chiqmasdan, ma'lum qoidalar asosida muayyan harakatlarni ijro etib o'zi ijro etayotgan raqsning falsafiy mazmunini ochib beradi. Har bir raqs inson ma'naviyatining bir qirrasini ochadi.

O'zbek milliy raqslari xalqning turmushi, tabiati, makoni, ramziy marosimlari, xalq hayotining o'zidan tug'ilgan va shu xalqning hayotini tasvirlab kelgan. Shuning uchun ham raqs san'ati xalqimiz hayotining, madaniyat va ma'rifatining bir bo'lagi sifatida yashab kelmoqda.

Raqs san'atining mazmunidan kelib chiqib san'atshunoslar raqsni quyidagi turlarga bo'lib chiqqanlar.

1. Mazmunli-syujetli raqslar.

2. Lirik mumtoz raqslar.

3. Ornamental raqslar.

Lekin inson his-tuyg'ulari, hayot ko'rinishlari cheksiz bo'lganidek, raqs turlari, raqsdagi harakat turlari ham cheksizdir. Raqslarni turlarga bo'lishning o'zi ham nisbiy tushuncha .

San'atning barcha yo'nalishlari asosan ikkiga bo'linadi.

1. Xalq ijodiyoti.

2. Professionallar ijodiyot.

Xalq ijodiyotiga oid raqslar odatda havaskorlar tomonidan ijro etiladi. Havaskorlar ijro etgan raqslar ko'rinishdan sodda, raqsiy bezaklari kamroq, harakatlari oddiy bo'ladi. Professional ijrochilar tomonidan ijro etilgan raqslar esa shu hududda paydo bo'lgan raqs uslublari, holat va harakatlaridan foydalanib, mazmunan qayta to'qilgan va shaklan mukammallashtirilgan bo'ladi.

Shu tobda o'z-o'zidan tabiiy bir savol tug'iladi.

O'zbek raqs san'atida qadimdan professional ijrochilik bo'lganmi?

Olimlarning ta'kidlashicha o'zbek raqs san'atida qadimdan professional san'atkorlar bo'lgan. Biz ilgariroq aytib o'tganimizdek, davlatlar va mistik dinlarning paydo bo'lishi, diniy va umumxalq bayram, sayllarning o'tkazilishi, sayllarda ma'rifiy turmush kechirish uchun shart-sharoit yaratilishi, barcha san'at turlarida, shuningdek raqs san'atida ham professional san'atkorlarga ehtiyojni kuchaytirgan. Professional raqs ustalari yaratgan raqslar avloddan-avlodga o'tib, bizning davrimizgacha yetib kelgan.

Hozirgi kundagi o'zbek raqsining ahvoliga nazar solsak, o'zbek raqs san'atida asosan 3 ta:

1. Farg'ona raqs san'ati uslubi

2. Buxoro raqs san'ati uslubi

3. Xorazm raqs san'ati uslubi tan olinganligiga guvoh bo'lamiz.

Bu uchta raqs uslubi san'atshunoslarimiz tomonidan yaxshi o'rganilgan va bu haqda barcha asarlarda, Farg'ona va Buxorodagi «Katta o'yin», «Maqom raqsi», Xorazmdagi «Maqom ufori» kabi o'zbek xoreografiyasi klassikasi bo'lgan raqslar haqida batafsil ma'lumotlar berilgan. Lekin, Surxon vohasi raqslari haqida, Su rxon raqs uslubiyati haqida aytarlik hech narsa yozilmagan.

2001 yilda nashr etilgan L.Avdeyevaning «O'zbek milliy raqsi tarixidan» deb nomlangan kitobida ham Surxon vohasi raqs uslubi haqida qisqagina umumiy gaplar yozilgan va Boysun tumanida bir necha ibtidoiy o'yinlar tilga olingan xolos.

Surxon vohasining raqs san'ati o'ta milliyligi tufayli sovet mafkurasidagi mahalliy rahbarlar tomonidan «eskilik sarqiti» sifatida qabul qilinganligi ham Surxondaryo raqs uslubining rivojiga xalaqit berdi.

Surxon vohasi raqslari tog'lik Boysun tumanidagi «Shalola» ashula va raqs ansambli 1975 yilda Polsha Respublikasining Zakopene shahrida bo'lib o'tgan VIII jahon tog'lik o'lkalari folklor festivalida qatnashib, «Kumush bolta» sovrindori bo'lganidan keyingina san'at ahlining e'tiborini tortgandek bo'ldi. Vaholanki, hozirgi kunga kelib surxoncha harakatlar Respublikamizdagi aksariyat folklor ansambllari harakatlarida keragidan ortiq foydalanilishi, uning chegaralanishini ham taqozo etib qoldi.

Raqs san'ati o'z ijodkor ijrochilari bilan yashab keladi.

Surxon vohasining qadimiy raqslarining bilimdoni va ijrochisi bo'lgan qariyalar olamdan o'tdi. Lekin, baribir Surxon raqslari butunlay yo'qolib ketmadi.

Surxon raqs maktabi uslubi va bu maktabga mansub raqslar, raqslardagi turli harakatlar tasviri haqida yozayotganda asosan Boysun tumani Markaziy madaniyat uyi qoshidagi "Boysun" folklor-etnografik ansamblida to'plangan materiallaridan ijodiy foydalandik.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. R.Karimova "O'zbek raqslari" Toshkent. 2003 y.

2. H. Xursandov, Sh.Qurbonova "Surxon raqs maktabi" Toshkent. 2011 y.

3. E.Saitova, N. Abrayqulova "Xoreografiya va raqs san'ati asoslari" Toshkent. Navro'z. 2015 y.

4. N.Abraykulova "Raqs". Toshkent. "BARKAMOL FAYZ MEDIA" 2017 y.

5. N.Abraykulova "Raqs". Toshkent. "TURON-IQBOL" 2018 y.

6. D.Sayfullayeva, S.Zokirova, X.Xamidova "Merosiy raqs durdonalari" Toshkent, G'.G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti. 2003 y.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.