Научная статья на тему 'SULTON JALOLIDDIN MANGUBERDINING QO‘SHNI DAVLATLAR BILAN SIYOSIY MUNOSABATLARI MASALASI'

SULTON JALOLIDDIN MANGUBERDINING QO‘SHNI DAVLATLAR BILAN SIYOSIY MUNOSABATLARI MASALASI Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Masharipov Qudrat Yuldashevich

Hozirgi kunda Jaloliddin Manguberdi haqidagi tadqiqotlarning aksariyatida uning iqtidorli lashkarboshi bo‘lganligi tan olinsada, ammo uning qo‘shni davlatlar bilan siyosiy munosabatlari masalasida noshud siyosatchi bo‘lganligi ta’kidlanadi. Ammo, manbalar ma’lumotlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, Jaloliddin Manguberdi ko‘pgina tadqiqotchilar ta’kidlaganidek, layoqatsiz diplomat bo‘lgan emas.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «SULTON JALOLIDDIN MANGUBERDINING QO‘SHNI DAVLATLAR BILAN SIYOSIY MUNOSABATLARI MASALASI»

SULTON JALOLIDDIN MANGUBERDINING QO'SHNI DAVLATLAR BILAN SIYOSIY MUNOSABATLARI MASALASI

Masharipov Qudrat Yuldashevich

UrDU t.f.d. https://doi.org/10.5281/zenodo.12607110

Hozirgi kunda Jaloliddin Manguberdi haqidagi tadqiqotlarning aksariyatida uning iqtidorli lashkarboshi bo'lganligi tan olinsada, ammo uning qo'shni davlatlar bilan siyosiy munosabatlari masalasida noshud siyosatchi bo'lganligi ta'kidlanadi.

Ammo, manbalar ma'lumotlarini tahlil qiladigan bo'lsak, Jaloliddin Manguberdi ko'pgina tadqiqotchilar ta'kidlaganidek, layoqatsiz diplomat bo'lgan emas.

Jaloliddin sarkardalik qobiliyatini juda erta namoyon qilganidek, yoshligidanoq o'z davrining siyosiy jarayonlarini to'g'ri baholay oladigan siyosatchi ham bo'lgan. Jumladan, u otasiga Chingizxonga qarshi barcha kuchlarni birlashtirib, bir zarba bilan uni tor-mor keltirib, chegaradan o'tirmaslikni maslahat berganida hali 20 yoshli yigit edi. Zero, u xorazmshohlarga tobe ko'pgina viloyat hokimlarining jiddiy xavf yuzaga kelgan paytda sidqidildan xizmat qilishlariga ishonmasdi. Keyingi voqealar uning mulohazalarining juda to'g'ri bo'lganligini ko'rsatdi.

Jaloliddin Xorazmshoh haqida turli davrlarda bitilgan o'nlab asarlar orasida eng ishonchlisi, xolis yozilgan tarixiy manbalardan biri bu Shihobuddin Muhammad Nasaviyning "Siyratus-sulton Jaloliddin Manguberdi", ya'ni "Sulton Jaloliddin Manguberdining hayot tafsiloti" asaridir. Darhaqiqat, umri mo'g'ullarning muttasil hujumi, ta'qibu-tazyiqi ostida o'tgan Jaloliddin Manguberdi, otasi Sulton Alouddin Muhammad tomonidan boy berilgan Xorazmshohlar saltanatini, mamlakatning janubiy va g'arbiy qismida yangidan tikladi hamda o'n bir yil bosqinchilar bilan jang qilib, mislsiz qahramonliklar ko'rsatdi.

Sulton Jaloliddin xizmatiga o'z hayotini bag'ishlagan, uning so'nggi 7 yili mobaynida doimiy hamrohi bo'lgan, Sultonga xos bo'lgan dovyuraklik, adolatlilik, kamtarinlik fazilatlarini, bizning nazarimizda, haqqoniy ko'rsata olgan alloma an-Nasaviy uning vafotidan 6 yil o'tgach o'z hukmdori to'g'risida shunday ta'rif beradi: "U bug'doyrang, o'rta bo'yli, turkiy qiyofali va turkiycha gapiradigan kishi edi. SHu bilan birga u forsiyda ham so'zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, yuqorida hikoya qilganim janglardagi faoliyatini eslab o'tish kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo'r arslon edi, dovyurak chavandoz, lashkar orasida eng botiri bo'lsa-da halim, muloyim inson edi. U nihoyatda jiddiy, kamgap, kulish o'rniga, faqat jilmayib qo'yardi. U adolatni xush ko'rardi, faqat u yashagan davrda yuz bergan fitnalar uni yengib qo'ydi. Qo'l ostidagi odamlarning og'ir hayotini yengilashtirishni yaxshi ko'rardi, ammo u yashagan davrdagi alg'ov-dalg'ovlar, zamon qonunlari uni zulm qilishga majbur etdi" [ÄH-HacaBHä: 295-296].

Nasaviy Jaloliddinni oliyjanob, chiroyli xulqli musulmon boshliq sifatida tasvirladi. Lekin uning oxirgi so'ziga nazar solsak, Jaloliddinning Hindistondan qaytgandan keyingi hatti harakatlarini balki qaysidir ma'noda izohlashimiz mumkin bo'lar. Ya'ni, u nafaqat mo'g'ullar va nasroniylar bilan, hatto birodarlari musulmonlar bilan ham kurash olib borishga to'g'ri keldi.

Darhaqiqat, sulton Jaloliddin og'ir, eng murakkab sharoitlarda ham qat'iy tura oluvchi, eng qiyin sinovlardan ham sira qo'rqmaydigan betakror fazilat egasi edi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, Jaloliddin ham o'z davrining, o'z sinfining vakili ham edi. Endi Xorazmshohlarning eng yirik dushmani-Bag'dod xalifaligida yashab ijod etgan arab tarixchisi Ibn al-Asirning Jaloliddinga bergan ta'rifiga nazar tashlaylik: "Jaloliddin juda johil odam bo'lib,

o'z davlatini yomon boshqardi. Barcha qo'shni hukmdorlar bilan dushmanlik munosabatlarida bo'ldi, ularni mulklariga doimo ko'z olaytirdi. SHuning uchun ham zarur paytda hech kim unga yordam qo'lini cho'zmadi, barcha uni tashlab ketdi" [Höh a^-Äcup: 399]. Ayni vaqtda al-Asir o'zi bildirgan fikrlarning asl mohiyatini, sabablarini izohlamaydi, bu gaplar uning o'zini ko'rmay, hech qachon muloqotda bo'lmay aytilgan gaplardir. Qolaversa, o'z asarini yozishda keltirib o'tgan va unga ma'lumotlar yetkazgan axborotchilari ham unga ishonchli ma'lumotlarni bergan deb bo'lmaydi. Ibn al-Asirning vorisi, mo'g'ullar Bag'dodni bosib olganda 1258-yil dahshatlarini o'z ko'zi bilan ko'rgan, biroq Xorazmshoh Jaloliddinni hech qachon ko'rmagan va u bilan gaplashmagan arab tarixchisi Ibn Vosil ham buyuk sarkarda haqida bemalol quyidagi fikrlarni bildiradi: "Qilgan gunohlari uchun olloh Jaloliddinni qattiq jazoladi, uni tag-tomiri bilan quritdi". Ayni vaqtda muallif: "Lekin baribir Jaloliddinning halokati mo'g'ullar tomonidan musulmonlarning halok qilinishiga sabab bo'ldi", deb yozishi bilan uning mo'g'ullarga qarshi kurashda musulmon xalqining tayanchi bo'lganligini ham e'tirof etadi [ÄH-HacaBHÖ: 376].

Albatta, Ibn al-Asirning ham, Ibn Vosilning Jaloliddinga bergan baholarida xalifalar va qo'shni hukmdorlarning ta'siri ko'rinib turibdi. Ular asosan o'z eshitganlarini yozganlar. Lekin shu narsa aniqki, o'sha davrda Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi mo'g'ullarga qarshi kurashda musulmonlarning suyangan tog'i edi. Biroq uning davlati musulmon hukmdorlari o'rtasidagi ichki ziddiyatlar tufayli zavol topdi. Uning bemahal halokati tufayli esa islom dunyosi boshiga mo'g'ul bosqinchilarining yangi-yangi kulfatlari yog'ildi.

Hindistondagi mavjud og'ir siyosiy vaziyat ham unga mo'g'ullarga qarshi kuchli qarshilik harakatini barpo etish imkonini bermadi. Qolaversa, u keyinchalik o'z davlatini tuzgan Eron, Ozarbayjon va Iroq hududlarida ham nihoyatda og'ir siyosiy vaziyat hukmron ediki, unga hatto o'z ukasi va qarindoshlari ham qarshi chiqdilar. Xalifalar esa eski adovatlarni unutish o'rniga unga qarshi turli hokimlarni gij-gijlab, Jaloliddinning kuchli davlat tuzishiga halaqit qildilar. Aynan shu sababga ko'ra, Jaloliddinning eng asosiy dushmani bo'lgan mo'g'ullar bilan kurashi tarixida uch yil: 1227-1230-yillar orasi nisbatan osoyishta kechsada, bu vaziyatdan foydalanib, u mo'g'ullarga qarshi kuchli ittifoq tuzib, oxir - oqibat ularni o'z yurti Movarounnahrdan ham quvib chiqarish kabi maqsadiga erisha olmadi. Chunki, shu yillar ichida musulmon dunyosi mamlakatlari va hatto xalifalar ham o'zaro nizo, nifoq, va adovat holatida edilar. Ular ayniqsa, Chingizxonning o'limi oqibatida mo'g'ullarning tinchib qolganligidan foydalanmadilar, saflarini birlashtirib, Jaloliddin yordamida ular tomonidan zabt etilgan o'lkalarni ozod qilmadilar, aksincha o'zlari bilan o'zlari ovora bo'lib, bir-birlari bilan jang qildilar. Bunday holat faqat Iroq va Eronning g'arbiy mintaqalarida, Jaloliddin bilan Abbosiylar xalifasi orasida sodir bo'lmadi, balki butun shu davrdagi islom olamida yuz berdi. Barcha mintaqalarda fitna, janjal, qo'zg'olonlar avjiga chiqqan edi. Ayniqsa, SHom va Misrda musulmon amirlar o'rtasida urushlar to'xtamadi, gaplari bir joydan chiqmadi, vaholanki, bu mintaqalar hokimlari Ayyubiylardan bo'lib, ular orasida kuchli qarindoshlik rishtalari bor edi. Shunga qaramay, ba'zan ota-ona bir, tug'ishgan aka-ukalar orasida urush sodir bo'ldi.

Ko'pgina tadqiqotchilar Jaloliddinning Qo'niyo va Damashq hukmdorlari bilan ittifoq tuzmaganligini uning eng katta xatosi bo'lganligini ta'kidlaydilar. Ammo, bunday siyosiy vaziyatda Jaloliddinning ular bilan sulh tuzishi masalasi ham qiyin bo'lgan. CHunki, bu hukmdorlar faqat o'z manfaatlarini, o'z hududlarining dahlsizligini o'ylagani holda Jaloliddinning umumiy dushman mo'g'ullarga qarshi birgalikda kurashish haqidagi fikrlariga dastlab umuman e'tibor ham bermagan edilar. Jaloliddinning bir necha g'alabalaridan keyingina bu da'vatga qo'shilishga rozi bo'ldilar. Jaloliddin ularning, ayniqsa, Alouddin Qayqubodning

Hilot egallangandan keyin, uning mo'g'ullar bilan sulh tuzishga da'vati, keyinchalik esa, musulmonlar bilan emas, mo'g'ullar bilan kurash Jaloliddinning asosiy maqsadi bo'lish kerakligiga ko'proq urg'u berishining orqasida nimalar turganini yaxshi bilgan. Vaholanki, mo'g'ullar hujumini kutayotgan Jaloliddin orqa tomonni, ya'ni g'arbiy va shimoliy sarhadlarini xavfsiz ko'rishni istagani tabiiy, albatta. Bir tomondan, shu sababga ko'ra, ikkinchi tomondan, gurjilar bosqinini daf qilish uchun ular bilan muhorabaga kirishga majbur bo'lgan.

Jaloliddin Manguberdining mo'g'ullarga qarshi olib borgan kurashlari tarixidagi eng muammoli sahifalaridan biri bu, shubhasiz uning Gruziya va Kavkazortida olib borgan urushlari masalasi hisoblanadi. Mana, XIX asrdan hozirgacha Jaloliddin Manguberdi haqida tadqiqot olib borgan tadqiqotchilar uning faoliyatining shu nuqtasiga kelganda, V.V. Bartoldning qarashlari bilan cheklanib qoladi xolos. Ko'pchilik tadqiqotchilar esa bu borada umuman o'z fikrini bildirmasdan voqealarning o'zini keltirib qo'ya qoladi. Yozma manbalardan ham faqat an-Nasaviy va Juvayniy buning sabablarini kengroq tushuntirishga harakat qilganlar.

Umuman olganda, Jaloliddinning Gruziyaga qarshi olib borgan urushlari bu uning injiqlik xususiyatidan (ambitsiya) emas balki, tarixiy zarurat bo'lganligi ma'lum. Ammo, hech bir tadqiqotchi nimagadir buni hisobga olmaydilar yoki istamaydilar. Hatto, yurtimizda chop etilgan ko'pgina asarlarda masalaga bir yoqlama munosabatda bo'lish oqibatida yoki V.V. Bartold va Z. Buniyodovlarning fikrlariga ko'r-ko'rona yopishib olish oqibatida Jaloliddinning Gruziya va Kavkazortida olib borgan urushlari masalasi borasida haligacha faqat salbiy fikrlar shakllanib qolgan. Jumladan, xorazmshohlar-anushteginiylar haqida va xususan Jaloliddin Manguberdi haqida bir qator asarlar yozgan va eng so'nggi tadqiqot muallifi, tarixchi O.Masharipov o'zining umumiy "Xorazmnoma" rukni ostida chop etilgan tarixiy majmuining yettinchi kitobi ya'ni, "Vatan ozodligi yo'lida shahid bo'lganlar" kitobida bu borada quyidagi umumiy xulosalar chiqargan. Jumladan: "...Nazarimizcha u Gurjistonga unchalik lozim bo'lmagan urushni boshlab, gurji va boshqa xristian xalqlarni o'ziga qarshi qilib qo'ydi. Atrofiga boshqa musulmon davlatlarini ham uyushtirib, ularni asosiy dushman mo'g'ullarga qarshi otlantirish o'rniga, o'z qo'shini bilan ichki kurashlarga berilib, o'z obro'yi va kuch-qudratiga putur yetkazdi. Shuningdek, uning Gurjiston bilan qilgan urushi ham, fikrimizcha, zaruriyati yo'q urush edi", degan fikrlar bilan cheklanib qolingan xolos [О.Машарипов: 499-500].

Shu jihatdan olganda Jaloliddinning Gruziya, armanlar va hozirgi Ozarbayjon hududlarida olib borgan urushlari sabablarini bu voqealarga bog'liq barcha yozma manbalarni chuqur tahlil qilish asosidagina tushunish va tushuntirish mumkinki, hozirgacha bu mavzuning muammo darajasida qolib kelishiga ham shu holat sabab bo'lib hisoblanadi.

Shu bilan birga Jalolidinning Gruziyaga bilan olib borgan urushlarining sabab va oqibatlarini tahlil qilishdan va Jaloliddin Manguberdining bu hududlarga kelib o'z davlatini tuzishdan oldin qanday siyosiy vaziyat xukm surganligini ko'rib chiqish maqsadga muvofiq bo'lardi.

Xullas, Jaloliddin Manguberdining Hindistondan bu hududlarga kelgunicha Janubiy Kavkaz hududida uchta davlat bilashmasi va bitta yarim mustaqil davlat mavjud edi. Bular: Gruziya davlati, Shirvonshohlar va Ozarbayjon otabeklari davlatlari hamda yarim mustaqil Arran davlatlari.

Shubhasiz, bular ichida eng kuchlisi Gruziya davlati hisoblanib, mazkur davrdan sal oldinroq, hukmdorlar Georgiy III (1156-1184) va Malika Tamara (1184-1213) davrida Gruziya qo'shni musulmon davlatlari bilan muvaffaqiyatli urushlar olib borganlar. Jumladan, 1195-yildagi SHamxor jangida Ozarbayjon ildegiziylaridan otabek Abu Bakr qo'shinlari tor-mor

keltirilgan bo'lsa, 1202 yildagi Basian tekisligidagi jangda saljuqiylar Qo'niyo davlati sultoni Rukniddin Sulaymon II (1194-1204) qo'shinlari tor-mor keltirilgan edilar [М.Вачнадзе, В.Гурули, М.Бахтадзе: 62-63]. Natijada ilgari Ozarbayjon otabeklari tasarrufida bo'lgan Arran davlati endi Gruziyaga yarim qaram bo'lib qolgan edi. Arzirum bekligi ham Gruziya tasaarufiga o'tgan. 1207-yilda esa gruzinlar Kars shahrini egalladilar. 1210-yilda esa Gruziyaning mashhur lashkarboshisi Zakariya Mxargdzeli Eronga yurish qilib, uning eng ichkari hududlarigacha kirib bordi. Aynan shu holat Gruziya uchun keyinchalik Ozarbayjonni istilo qilish uchun yurish qilishga turtki bo'lgan bo'lishi mumkin [М.Вачнадзе, В.Гурули, М.Бахтадзе: 63].

Tamaradan keyin taxtga o'tirgan Georgiy IV Lasha (1213-1223) davrida Gruziya yanada keng miqyosda istilochilik urushlarini boshladiki, uning asosiy e'tibori aynan Ozarbayjon otabeklari va Arronga qaratildi. 1213-yilda Ozarbayjonning yirik shahri Ganja bo'ysundirildi. Gruzinlar hatto 1217-yilda boshlangan va to'rt yildan beri davom etayotgan beshinchi salib yurishiga ham tayyorlanayotgan edilar. Shuning uchun ham, quyida keltirib o'tadiganimiz Juvayniyning gruzinlarning musulmon mamlakatlariga qarshi rejalashtirilayotgan yurishlari haqidagi ma'lumoti haqiqat bo'lsa kerak. Ammo ayni, shu yurishga tayyorgarlik ko'rilayotgan paytda 1221-yilda Kavkazorti hududiga jumladan, Gruziyaga ham mo'g'ullar bostirib kirdi [М.Вачнадзе, В.Гурули, М.Бахтадзе: 74; Жувайний Алоуддин Атомалик: 385-386].

Bu hududdagi ikkinchi davlat Ozarbayjon otabeklari davlati bo'lib, bu davrga kelib u ancha zaiflashgan edi. Bunga sabab esa otabek O'zbekning aysh-ishratga berilib, davlat ishlariga umuman e'tibor qaratmagani va uning o'rniga xotini Malika xotin boshqarayotgani edi. Shu sababli gruzinlar bu hududlarga hujumlarini kuchaytirib yuborgan edilar.

Uchinchi davlat, Shirvonshohlar davlati ham bu davrda chuqur ichki inqiroz holatida bo'lib, bu hududda atroflariga hech qanday tahdid solish kuchiga ega emasdi.

Ozarbayjon otabeklari tasarrufida bo'lgan Arron esa otabek O'zbek davrida zaiflashgan Ozarbayjon davlatidan deyarli mustaqil siyosat yuritishga harakat qilgan. Ammo, bu bilan faqat Gruziyaning tajovuzorlik obyektiga aylandi xolos.

Jaloliddinning Gruziya bilan Garni janggi tafsilotlari deyarli barcha manbalarda aks etgan. Jumladan, arab-fors manbalariga an-Nasaviy, Ibn al-Asir, Juvayniy, Rashididdin, Sibt ibn al-Javziy, Mirxond va Xondamir asarlarini kiritsak, arman manbalaridan Kirakos Gandzekatsining "Tarix", yepiskop Stepanos va yepiskop Sebastatsilarning "Yilnoma"lari, gruzin tilidagi manbalar esa bu XIV asrda yozilgan va muallifi noma'lum "Xronograf' yoki "Yuz yillik yilnoma" asari hamda "Kartlis TSxovreba" (yoki "Gruziya tarixi") asarlari kiradi [Ан-Насавий: 138; Ибн ал-Асир: 375-376; Жувайний Алоуддин Атомалик: 385-386; Рашид ад-Дин: 242; Армянские источники о монголах: 33-34; Картлис Цховреба: 339]. SHuningdek, bu manbalar turli tillarda, turli diniy qarashdagi tarixchilar tomonidan aks ettirilgani uchun, bu voqealarga munosabatlar ham turli-tuman bo'lishi tabiiy. Bu esa bizga mazkur manbalarni juda diqqat bilan tahlil qilishni talab etadi. Demak bu mavzuni tahlil qilar ekanmiz, eng avvalo, arab-fors manbalarida qanday fikr bildirilganu, arman-gruzin manbalarida bu voqealarga qanday munosabat bildirilganligini tahlil qilish lozim.

Deyarli barcha arab-fors manbalarida gruzinlarning Ozarbayjon va Arronga o'zlari yurish qilib, mo'g'ullardan yengilgan bu hudud hukmdorlari hamda Jaloliddin Manguberdining ham o'zlariga qarshilik ko'rsatish qobiliyatidan mahrum bo'lgan degan xulosaga kelganlar. Natijada gurjilar bir necha marta Ozarbayjonga urush ochib, musulmonlarni anchagina qirg'in qilgan edilar.

An-Nasaviyning ma'lumotiga ko'ra: "Sulton Ozarbayjonni bosib olgandan so'ng gurjilar

(gruzinlar) Dvin tegrasidagi Garni nomi bilan mashhur bo'lgan joyga oltmish ming kishilik odamini yig'di. Ularning namoyishkorona matonatlari orqasida ahmoqona hatti-harakatlar yashiringan edi. Sulton bilan qo'shni bo'lishdan, yonma-yon yashashdan ular qo'rquv va vahimaga tushgan edilar...Sulton bu yig'inni ko'rib, biz bilan hamkorlik qilishga intiladi va omonlik so'rab keladi...deb o'ylashgandi. Ularning bir paytlari o'zlari uchun ov maskani, oson o'lja makoni bo'lgan Otabeklar davlatining qulaganini bilgani holda buncha qo'shin bilan bu yerga yig'ilishining sababi ham shu edi" [Ан-Насавий: 138].

Juvayniyning ma'lumotiga ko'ra esa, gruzinlarning maqsadi yanada jiddiyroq bo'lgan: "O'sha paytda iffatsiz gurjilar musulmon o'lkalariga ega bo'lish orzusiga berilib, Sultonni uloqtirib tashlab, Tabrizni ishg'ol qilish va keyinchalik Bag'dodga kirib xalifaning o'rniga popni, jome' masjidlari o'rniga cherkovni bunyod etib, botil yo'lga solishni istagan edilar" [Жувайний Алоуддин Атомалик: 385-386]. Ya'ni, yuqorida ta'kidlaganimizdek, Gruziya beshinchi salib yurishida qatnashmoqchi edi.

Tushunishimizcha bu salib yurishining, ya'ni xristianlarning musulmonlarga qarshi yurishining alohida bir qismi sifatida Gruziya Quddusga emas, balki musulmonlar dunyosining yetakchisi-xalifalar yashayotgan Bag'dodga yurishni mo'ljallayotgan bo'lishi mumkin edi.

Shu bilan birga Eron, Xuroson va Ozarayjonning bir qismiga mo'g'ul tajovuzi xavf solayotgan paytda gruzinlar o'zlariga unchalik ham qarshilik ko'rsatuvchi kuchni ko'rmayotgan edilar. Ammo, ularning bu rejalarini dastlab Subutoy va Jebe no'yon boshliq mo'g'ullar qo'shinining bostirib kirishi buzib yuborgan edilar. Ular uchta jangda gruzinlarni tor-mor etdilar. Hatto ikkinchi jangda Gruziya podshosi Georgiy Lasha o'zining 90000 qo'shini bo'lishiga qaramasdan, mo'g'ullar tomonidan sharmandali mag'lubiyatga uchradi. SHunday janglardan birida olgan jarohati evaziga u 1223-yilda vafot etdi. Uning o'rniga singlisi malika Rusudana taxtga o'tirdi (1223-1245).

Jaloliddin Manguberdi faoliyatiga salbiy munosabatda bo'lgan Ibn al-Asir ham Jaloliddinning gruzinlar ustidan g'alabasiga yuqori baho bergan. Jumladan, u "Olloh Taolo bu hududlarning baxti qora aholisiga rahm-shafqat ko'zi bilan boqdi. Ollohning ularga rahmi kelib, yordamga Jaloliddinni yubordi. Sen uning (Jaloliddinning) islom va musulmonlar uchun qasd olib, ularni nima qilganini ko'rasan" [Ибн ал-Асир: 389].

Ibn al-Asir, yanada boshqa ma'lumotlarni keltiradiki, bu voqealar boshqa manbalarda va hatto an-Nasaviyda ham yo'q. Jumladan, uning yozishicha, bu urushning asosiy aybdorlari gruzinlarning o'zlari bo'lib, Jaloliddin dastlab ularga qarshi urushmoqchi bo'lmagan va Gruziyaga o'z elchisini yuboradi. Ammo, gruzinlar unga surbetlarcha javob beradilar va hattoki 1220-yilda mo'g'ullarning Subutoy va Jebe no'yon qo'shinlaridan sharmandalarcha yengilganlari holda, qaytanga ular g'olib chiqib mo'g'ullarni quvib yuborganliklarini aytib aldaydilar [Ибн ал-Асир: 389].

Rashididdin ham shunga yaqin ma'lumot keltirib o'tadiki, unga ko'ra, yuqoridagi keltirib o'tganimiz, gruzinlarning salib yurishi rejalarining bir qismi sifatida Ozarbayjonning Naxichevan va Marand kabi viloyat va shaharlariga yurish qilishi Jalolidin Manguberdining ular ustiga yurishiga sabab bo'lgan [Рашид ад-Дин: 242].

Demak, Jaloliddin gurjilar ustiga yurishdan asosiy maqsad, o'zi endigina tuzgan davlatini ularning talonchilik yurishlaridan himoya qilish bo'lsa, ikkinchidan mo'g'ullarga qarshi yurish oldidan o'z orqa tomoni xavfsizligini ta'minlash ham uning maqsadi bo'lgan. Uchinchidan esa, Jaloliddinning Gruziya bilan urushishdan maqsad, uni o'z davlati tarkibiga qo'shish va bu orqali esa, Eron va Fors Iroqi hududlarida davlat tuzib, bu davlat kelgusida mo'g'ullar hujumidan

himoya qiluvchi o'ziga xos "devor" vazifasini o'tashi lozim edi [Д.М.Тимохин: 9].

Jaloliddinning bu hukmdorlarga umuman ishonmaganligi, uning umrining oxirlarida Nasaviyga aytgan gaplaridan ham bilsa bo'ladi.

U mashvaratlardan birida sulton bilan yolg'iz qolganda, Jaloliddin shunday degan edi: "Ularning bizga hech qachon yordam qilmasligiga va boshqalar ustidan g'alabaga erishishimizga imkoniyat bermasligiga biror marta bo'lsin shubhalanmaganmiz. Bizga yordam bermaydiganlardan gina-kudurat qilib o'tirmaymiz..." [Ан-Насавий: 285-286]. Demak, Jaloliddin Hindistondan bu hududlarga kelgandan beri, bu hududlar hokimlari va hukmdorlariga hech qachon ishonmagan. Chunki, bu yerda u nafaqat, Qo'niyo, Damashq hukmdorlari va Hilot noibi, balki o'zining ukasi G'iyosiddin Pirshoh, qarindoshi Ig'on Toisiy va Kirmon noibi Baroqxon va boshqa ko'pgina hokimlar va xalifaning xiyonatiga shohid bo'lgan edi. Bular unga kuchli ruhiy ta'sir qilgan albatta.

Tarixchi Ibn Bibining "Saljuqnoma" asaridagi Alouddin Qayqubodning qo'shni hududlar bilan olib borgan urushlari haqidagi ma'lumotlardan ham uning faol agressiv siyosat olib borganligining guvohi bo'lamiz [В.М.Запорожец: 174-176].

Yuqoridagi manbalarda saljuqiy sulton Alouddin Kayqubod, ayyubiylar, abbosiylar va gurjilar bilan munosabatlarning buzilishiga Jaloliddin sababchi qilib ko'rsatilganligini tushunish mumkin. Ibn al-Asir esa mo'g'ullar hujumi natijasida islom olamining juda katta zarar ko'rishidan shu darajada ta'sirlanganki, bu voqealar sabablarini tahlil qilmasdan, faqat ularning sababchisi izlaydi xolos. Bu ulkan musibat sababchilari deb esa u xorazmshohlarni ayblashdan nariga o' ta olmagan.

Jaloliddin Xorazmshoh mo'g'ullarga qarshi ozodlik kurashda shubhasiz yalovbardori bo'ldi. To'xtovsiz o'tgan kurash yillarida u uddaburon tashkilotchi va ulkan davlat arbobi sifatida o'zini ko'rsatdi. U qisqa vaqt ichida Xorazmshohlar imperiyasining janubi g'arbida, Eron, Xuroson, Ozarbayjon, Iroq hududida davlatni tikladi, qo'shin boshini birlashtirdi, butun bilimi, kuchini vatan mudofaasiga qaratdi va bu yo'lda katta muvaffaqiyatlarga erishdi ham. Biroq pirovardida, islom davlatlari hukmdorlarining kaltabinligi, ichki ziddiyatlar, amaldorlarining sotqinligi oqibatida Jaloliddin mo'g'ullarga dosh bera olmadi va 1231-yil avgustda shahid ketdi.

Demak, Jaloliddin Manguberdining mo'g'ullarni butunlay yengib, xorazmshohlar davlatini tiklay bilmaganligini, faqat uning noshud siyosatchi bo'lganligi bilan bog'layvermasdan, uning yashagan davri, shu davrdagi siyosiy va ijtimoiy vaziyatni ilmiy jihatdan keng va chuqur tahlil qilish orqali, xolisona xulosa chiqarish asosidagina baho berish lozim. SHu o'rinda, nima uchundir hech bir tadqiqotchi Jaloliddinning yoshini hisobga olmaydi. Jaloliddining siyosat maydonidagi faoliyati davri uning 20-33 yoshlardagi davriga to'g'ri keladi. Uning deyarli barcha raqiblari esa o'rta yoshdan o'tgan yoki keksa yosh toifasiga kirar edilar. To'g'ri bu yosh doirasida Aleksandr Makedonskiy o'zining SHarq yurishini amalga oshirgan, Zahiriddin Muhammad Bobur esa muvaffaqiyatsiz bo'lsada, SHayboniyxonga qarshi kurashib, temuriylar davlatini saqlab qolishga harakat qilgan (shu o'rinda alohida ta'kidlash lozimki, aynan Boburning hayot yo'li Jaloliddin Manguberdinikiga juda o'xshaydi). Uning eng asosiy raqibi Chingizxon esa bu 22-32 yoshlar doirasida hali endi o'zining urug'i doirasida faoliyat olib borayotgan bo'lib, uning nomi bu vaqtda qo'shni qabilalar ichida ham ma'lum emas edi.

Shularni hisobga olgan holda uning siyosiy munosabatlari va siyosiy faoliyatiga baho berishda raqiblari bo'lgan CHingizxon va boshqa mo'g'ul sarkardalari, musulmon dunyosi hukmdorlari, viloyat hokimlari va qolaversa, gruzinlar davlat arboblari hayotini ham qiyosiy

tahlil qilish maqsadga muvofiq ish bo'lishligini e'tiborga olishimiz zarurki, bu kelgusida

Jaloliddin Manguberdi hayoti va faoliyati tarixining tadqiqotchilaridan yanada ko'p mehnatni

talab qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR VA MANBALAR

1. Армянские источники о монголах. Извлечение из рукописей XIII-XIV вв. / Перевод А.Г.Галстян.-М., 1962.-155 с.

2. Вачнадзе М., Гурули В., Бахтадзе М. История Грузии (с древнейших времени до наших дней).-Тбилиси: Изд-во: "Артануджи" 2008.-241 с.

3. Жувайний Алоуддин Атомалик. Тарихи Жахонкушо. (Жахон фотихи тарихи). Масъул мухаррирлар: Х,.Болтабоев, М. Махмудов.-Тошкент: MUMTOZ SO'Z, 2015.-504 б.

4. Запорожец, В.М. Сельджуки.-М.: Воениздат, 2011.-295 с.

5. Ибн ал-Асир. Ал-Камил фи-т-та'рих. Полный свод истории / Перевод с арабского языка, примечания и комментарии П.Г. Булгакова [дополнения к переводу, примечаниям и комментариям, введение и указатели Ш.С. Камолиддина].-Ташкент: Цюрих: Изд-во АН РУз, 2005.-595 с.

6. Картлис Цховреба / История Грузии. Глав. ред. Роин Метревели. Тбилиси: Артануджи, 2008.-456 с.

7. Машарипов О. Ватан озодлиги йулида шахид булганлар // Хоразмнома. 7-жилд.-Урганч: "^уванчбек-Машхура" МЧЖ нашриёти, 2018.-604 б.

8. Рашид ад-Дин. Сборник летописей: в 3 томах. Том 1. Кн. 2. Пер.: О.И. Смирновой. М.-Л.: Изд-во АН СССР, 1952.-317 с.

9. Тимохин Д.М. Хорезмийское завоевание Южного Кавказа и битва при Гарни 1225 г. // Вестник института истории, археологии и этнографии. 2017. № 3.-5-18 с.

10. Шихобиддин Мухаммад ан-Насавий. Султон Жалолиддин Мангуберди хаёти тафсилоти / Камол Матёкубов таржимаси.-Ташкент: O'zbekiston, 2006.-384 б.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.