Научная статья на тему 'JALOLIDDIN MANGUBERDINING MO‘G‘ULLARGA QARSHI KURASHI'

JALOLIDDIN MANGUBERDINING MO‘G‘ULLARGA QARSHI KURASHI Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
7076
260
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Jaloliddin Manguberdi / Xorazmshohlar / Chingizxon / Ozarbayjon / mo‘g‘ullar / jang / qahramon / sarkarda / qo‘shin.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Boydedayev Dostonbek Xusniddin O‘g‘li

Ushbu maqolada mo‘g‘ul bosqini davrida ko‘plab qahramonlik ko‘rsatgan, mo‘g‘ullarni bir necha marta mag‘lub etgan hamda yengilmasligi bilan Chingizxonning e’tirofiga sazovor bo‘lgan buyuk sarkarda va davlat arbobiJaloliddin Manguberdining tarixiy qahramonliklari haqida so‘z boradi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «JALOLIDDIN MANGUBERDINING MO‘G‘ULLARGA QARSHI KURASHI»

JALOLIDDIN MANGUBERDINING MO'G'ULLARGA QARSHI KURASHI

Boydedayev Dostonbek Xusniddin o'g'li

Namangan davlat universiteti Tarix yo'nalishi talabasi Tel: 93-190-26-06 e-mail: [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.7324393

Annotatsiya: Ushbu maqolada mo'g'ul bosqini davrida ko'plab qahramonlik ko'rsatgan, mo'g'ullarni bir necha marta mag'lub etgan hamda yengilmasligi bilan Chingizxonning e'tirofiga sazovor bo'lgan buyuk sarkarda va davlat arbobi-Jaloliddin Manguberdining tarixiy qahramonliklari haqida so'z boradi.

Kalit so'zlar: Jaloliddin Manguberdi, Xorazmshohlar, Chingizxon, Ozarbayjon, mo'g'ullar, jang, qahramon, sarkarda, qo'shin.

Kirish: XIII asr boshlarida Xorazmshohlar davlati va Chingizxon davlatining chegaralari bir-biriga tutashib ketishi natijasida bu davlatlar o'rtasidagi yaxshi aloqalar asta-sekin salbiy tomonga yura boshladi. Aloqalarning tobora yomonlashuvi ikki davlat o'rtasidagi to'qnashuvni muqarrar qilib qo'ydi. Natijada Chingizxon bosqini arafasida Xorazmshohlar davlati yakdil mudofaa taktikasini ishlab chiqa olmaydi. Mo'g'ullar bosqini tobora kuchayayotgan bir davrda siyosiy kurash maydoniga Alouddin Muhammadning o'g'li- Jaloliddin Manguberdi kirib keldi.

Asosiy qism: Chingizxon Xorazmshohlar saltanatini qo'lga kiritish uchun ko'plab xiylalarni ishga solmoqda edi. Ana shunday xiylalardan biri- O'tror hokimi Inolchiqning Chingizxon yuborgan karvonni qirib tashlashi bo'ladi. Bu aslida Chingizxonning xiylasi bo'lib, u shu bahonada Xorazmshohlar ustiga yurishni boshlab yuboradi. Urush oldidan Alouddin Muhammad harbiy kengash chaqiradi va unda bir qator takliflar o'rtaga tashlanadi: barcha harbiy kuchni (600 ming kishi atrofida) bir yerga to'plab, harbiy yurishda toliqib turgan dushmanga Sirdaryo bo'yida hujum qilish; G'aznaga va xatto Hindiston tomon chekinib o'sha yerda jang olib borish (Jaloliddin rejasi) [1, B. 3]. Lekin Alouddin Muhammad bunga rozi bo'lmaydi va natijada Buxoro, Samarqand, Urganch, Termiz kabi yirik hududlar qo'ldan ketadi. Undan keyin1220-yil Buxoro, Samarqand, 1221-yili Urganch, Termiz qo'ldan ketadi. Bu orada Alouddin Muhammad plevrit kasalligidan vafot etadi[2, B. 534]. Jaloliddin taxt vorisi bo'lishiga qaramay, buvasi Turkon Xotun Qutbiddin O'zloqshohni valiahd etib tayinlaydi. Shundan so'ng, Jaloliddin va mo'g'ullar o'rtasida haqiqiy kurash boshlanadi.

Jaloliddin Niso yaqinida o'zining 300ta askari bilan mo'g'ullarning 700 kishilik otryadini mag'lubiyatga uchratadi. Bu g'alaba mo'g'ullarning "afsonaviy qudrati" haqidagi mish-mishlarga chek qo'yadi. Bu orada Jaloliddinning ukalari: O'zloqshoh,

Oqshoh va Rukniddin G'ursanjiylar mo'g'ullar tomonidan turli davrlarda o'ldiriladi. Yana bir ukasi G'iyosiddin Kirmon hukmdori bo'lib, Jaloliddinga Erondagi kurashlarida ancha yordam beradi. Jaloliddin esa Nishopurga kelib, mo'g'ullarga qarshi qo'shin to'plashga intiladi. Lekin mahalliy noiblar uni qo'llashmaydi va bu yerda turish xavfli bo'lgani uchun Jaloliddin G'aznaga yo'l oladi. Jaloliddin G'aznaga yetmasdan avval Hirot hokimi va qaynotasi bo'lmish Amin Malik bilan birlashadi va Qandahor qal'asini qamal qilayotgan mo'g'ullar ustiga yurish qiladi. Bu jangda Jaloliddin harbiy ilm tarixida ilk bor "piyoda yoyandozlar"ni mo'g'ullarning otliq askarlariga qarshi qo'yadi. Uch kunlik jangdan so'ng mo'g'ullar mag'lub etiladi va Jaloliddin G'aznaga ketadi.

G'aznada Jaloliddinni katta tantana bilan kutib olishadi. Bu yerda Jaloliddinning xizmatiga Sayfiddin O'g'roq al-Xalajiy, Balx hokimi A'zam Malik, afg'onlar sardori Muzaffar Malik, qarluqlar rahbari al-Hasan qarluq o'z qo'shini bilan qo'shiladi. Natijada Jaloliddinning qo'shinlari soni 90-130 ming kishiga yetadi. Bu qo'shin bilan Jaloliddin Valiyon qo'rg'onini qamal qilayotgan Tekechuk va Molgor boshchiligidagi mo'g'ul qo'shinlarini yengadi. Bu jangda mo'g'ullarning 100dan oshiq kishisi halok bo'ladi.

Endi Chhingizxon Jaloliddinga qarshi Shiki Xutuxu boshchiligida qo'shin yuboradi. 1221-yilning kuzida shimoliy Afg'onistonning Lagar daryosi bo'yidagi Parvon dashtida Shiki Xutuxu qo'shiniga qarshi jang bo'ladi. Birlashgan qo'shinga Jaloliddinning o'zi rahbarlik qilib, o'ng qanotga Amin Malik, chap qanotga Sayfiddin O'g'roq boshchilik qilishadi. Jaloliddin o'zi Shiki Xutuxu qo'shini o'rtasiga bostirib kirib, uning xarbiy tartiblarini buzdi va mo'g'ul bayroqlarini otlarining oyoqlari ostida poymol qildi, lashkarboshisini esa o'z joyini tashlab qochishga majbur qildi[3, B. 24]. Parvon jangida mo'g'ullar mutlaq mag'lubiyatga uchraydi va Shiki Xutuxu Chingizxon huzuriga zo'rg'a yetib boradi. Bu g'alaba Movarounnahr va Xuroson uchun juda ahamiyatli bo'ladi. Mo'g'ullarning "ilohiy", "yengilmas" qudrati haqidagi afsonalarga butunlay chek qo'yiladi. G'alaba ta'sirida Saraxs, Marv, Hirot va boshqa Xuroson shaharlarida mo'g'ullarga qarshi isyon boshlanadi. Buxoroda esa mahalliy aholi mo'g'ullarni siqib chiqarishga erishadi. Kuchayib borayotgan Jaloliddin katta xavf ekanligini anglagan Chingizxon Jaloliddinga qarshi katta qo'shinga o'zi rahbarlik qiladi.

Parvon jangidagi o'ljani taqsimlashda Amin Malik va Sayfiddin Ag'roq o'rtasida nizo kelib chiqadi. Sayfiddin Ag'roq va boshqalar qo'shindan ajralib ketgach, Jaloliddinning qo'shini sezilarli darajada kuchsizlanadi. Jaloliddin ichak kasali bilan og'riydi, lekin shu holatda ham mo'g'ullar Gardizga joylashganini bilib, u yerga yurish qiladi hamda O'rxon boshchiligidagi mo'g'ul otryadini mag'lub etadi. Keyichalik Chingizxonga qarshi oz qo'shin bilan kurashib bo'lmasligini anglab, Sind daryosi bo'yiga chekinishga qaror qiladi.

Uzoq taqiblardan so'ng, ikki o'rtada 1221-yil 25-noyabr, payshanba kuni Sind daryosi bo'yida uch kun davom etgan hal qiluvchi jang boshlanadi. Jaloliddin va uning qo'shini bu jangda ham juda ulkan jasorat ko'rsatadi. Faqat uchinchi kunga kelib, Chingizxon qo'shini ustunlikka erisha boshlaydi. 10 ming kishilik mo'g'ul pistirmasi Jaloliddinning qaynotasi Amin Malik qo'mondonligidagi o'ng qanotni tor-mor etadi[4]. Bu jangda Jaloliddinning taxminan 7-8 yoshli o'g'li Chingizxon qo'shini tomonidan o'ldiriladi. Shuningdek, bu jangda Amin malik va boshqa ko'plab sarkardalar ham halok bo'lishadi. Chingizxon Jaloliddinni tiriklayin qo'lga olishga buyruq beradi. Lekin Jaloliddin shaxsiy bahodirligi tufayli mo'g'ullar qurshovini yorib chiqib, Sind daryosi bo'yiga yetib keladi. Daryo bo'yida uni onasi Oychechak va haramidagi boshqa ayollar kutib turishar edi. Mo'g'ullar qo'liga tushishni istamagan ayollarining iltimosiga ko'ra ularni suvga cho'ktirish haqida buyruq berishga majbur bo'ladi. Shundan so'ng, Jaloliddin oti bilan sakrab, Hindiston tomonga o'tib oladi. Jaloliddinning ushbu jasoratini Mirzo Ulug'bek quyidagicha tasvirlaydi: "Sulton Jaloliddin bin Sulton Muhammad Xorazmshoh o'zini suv-u olov o'rtasida ko'rdi, chunonchi bir tarafida keskir qilichlar olov sochardi, boshqa tarafida esa qonxo'r daryo turardi. Hech bir tomondan chiqib ketishning iloji yo'q edi. Noiloj jangga kirishdi. Bahodirlik otini kurash maydoniga solib, totor kofirlardan ko'pini halokat tuprog'iga qordi va hech bir kulfatsiz jang qildiki, agar Rustami doston tirik bo'lganda, unga bo'lgan muhabbat yopig'ini o'z yelkasiga solgan bo'lardi. Agar kumushtan Isfandiyor bu jangni mushohada qilganda, uning xizmatida qullik lavozimini jonu dili bilan qabul qilgan bo'lardi"[5, B. 318].

Jaloliddinning jasoratiga qoyil qolgan Chingizxon o'g'illariga qarata: "Otaning faqat shunday o'g'li bo'lishi lozim. U olovli jang maydonidan o'zini qutqarib, halokatli girdobdan najot qirg'og'iga chiqdimi, undan xali ulug' ishlar va qiyomatli isyonlar keladi!"- deydi va orqasidan ta'qib etishni taqiqlaydi.

Jaloliddin Hindistonda o'ziga nisbatan qarshiliklarni yenggach, bu yerda ham mo'g'ullarga qarshi tarafdor guruh shakllantirishga erishadi. Jaloliddin hokimiyatini Dehli sultoni Shamsiddin Eltutmish hamda Sind, Uchcha, Mo'lton, Lohur, Peshovar hokimi Nosiriddin Qubacha tan oladilar. Eron va Xurosondan bir qator amirlar ham Jaloliddinga kelib qo'shiladilar.

Hindistondagi mahalliy hokimlarning Jaloliddinni siqib chiqarishga intilishi sababli, Jaloliddin mo'g'ullarga qarshi kurashni davom ettirish uchun 1223-yil oxirarida yana g'arb tomonga yo'l oladi. O'rniga noib etib Jahon polvon O'zbekni qoldiradi.

Jaloliddin Eron va Ozarbayjonning ayrim hududlarini egallaydi. Keyin mo'g'ullarga qarshi kurash olib borish maqsadida ukasi G'iyosiddin Pirshoh, Bag'dod xalifalari az-Zohir, so'ngra al-Muntasir, Gurjiston malikasi Rusudana va boshqalarga murojaat qiladi. Lekin mo'g'ullar qasosi hamda Jaloliddin hokimiyati

kuchayishidan cho'chigan ko'pchilik musulmon hukmdorlari u bilan ittifoqqa rozi bo'lmaydilar. Natijada Jaloliddin Gurjistonni ketma-ket ikki marta bosib oladi. Ozarbayjon, Shirvon, Gurjiston Jaloliddinning o'limiga qadar uning qo'lida qoladi.

1227-yil kuzida mo'g'ullarning Eronga kirib kelish niyatlari borligini bilgan Jaloliddin ularga qarshi jangga tayyorgarlik ko'radi. Mo'g'ullarning o'sha yili yuborilgan 2000 kishilik avangardi tor-mor etilib, ulardan 400 tasi Isfahonda namoyishkorona j azolanadi.

1227-yil 5-sentabrda Eronni zabt etish uchun kelgan Taynal no'yon qo'shini bilan Isfahon yaqinida xal qiluvchi jang bo'lib o'tadi. Jang payti G'iyosiddin Pirshoh xoinlik qilib, Luristonga chekinsada, Jaloliddin baribir bu jangda g'olib bo'ladi va Taynal no'yon : "Haqiqatan ham o'z davrining bahodiri va tengqurlarining dohiysidir!",- deb uning jasoratiga qoyil qoladi. Xatto mo'g'ul xoni Tuli sulh taklif qilganda ham Jaloliddin buni rad etadi.

1229-yil Jaloliddin ukasi G'iyosiddinni afv etadi. Biroq tez orada ukasi yana fitnachilarga aldanadi va bu safar uning o'zi qurbon bo'ladi. Natijada Jaloliddin fitnachilarni jazolab, Kirmonda tinchlik o'rnatadi. Xorazmshoh Jaloliddin Kirmon, Fors, Fors Iroqi, Ozarbayjon, Gurjiston va unga tutash yerlarda katta davlat barpo etishga muvaffaq bo'ladi.

Bu orada ayrim musulmon amirlari mo'g'ullar bilan birlashib, Jaloliddinga qarshi ittifoq tuzishdi. Jaloliddin va ittifoqchilar qo'shini o'rtasidagi birinchi jang 1230-yil 7-avgustda Yassi Chaman (Arzinjon yonida) tekisligida bo'lib o'tdi. Jaloliddin ittifoqchilarni yengdi, ammo ularni oxirigacha ta'qib etmadi. Bu hol ularga qo'l keldi.

1230-yil 10-avgustida Ko'niya sultoni, Xims hokimi, Damashq hokimi, Xartabart hokimi, Halab hokimi, Mayafariqin hokimi va Baynas hokimlari birlashgan ittifoqining ikkinchi jangida Jaloliddin mag'lub etildi. Ismoiliylar esa butkul xoinlik yo'lini tutib, Jaloliddinning mag'lubiyati to'g'risida mo'g'ullarga yashirin noma ham yuboradilar. Jaloliddin mag'lubiyatidan foydalangan mo'g'ullar uning Ozarbayjonning Mug'on, Shirkabutdagi qo'shin yig'ishi mumkin bo'lgan joylariga qo'qqisdan zarba berishdi. 1231-yil bahorida u Ganjga kelib, mo'g'ullarga qarshi ittifoq tuzish uchun musulmon hukmdorlariga maktub yo'lladi. Maktubga 17 kun javob kutdi, lekin hech qayerdan javob kelmadi. U endi Arrondan chiqib, Kichik Osiyoda kuch to'plamoqchi edi. Ammo Amid amiri Malik al-Ma'sud taklifiga ko'ra Ko'niya sultoniga qarshi kurash rejasini qabul qiladi.

1231-yil avgustda Amid yo'lida Jaloliddinga mo'g'ullar hujum qilib qoladi. Uni 15 chog'li mo'g'ul askarlari ta'qib qildi. Jaloliddin sheriklaridan ajrab, Mayafariqin yaqinida Ayn-ad-dar qishlog'iga keladi va kurdlar qo'liga tushadi. Bu voqea quyidagicha sodir bo'ladi:

"...Shundan so'ng sulton toqqa ko'tariladi. Tog' yo'llarida esa kurdlar

talonchilik maqsadida pistirmalar qurgan bo'ladi. Ular, odatdagidek, sultonni ham tutib olishadi va xuddi boshqalarni talagani kabi uning ham bor- yo'g'ini tortib olishadi[6, B. 418]. Ular Jaloliddinnni o'ldirishmoqchi bo'lganda u yo'lto'sar bosqinchilarning boshlig'iga maxfiy ravishda o'zining sulton ekanligini bildirib, al-Malik al-Muzaffar Shahobiddin huzuriga olib borsa evaziga mukofotlanishini bildiradi. Qaroqchilar yo'lboshchisi bunga rozi bo'ladi va Jaloliddini chodirda, xotinini oldida qoldirib, o'zi toqqa ot olib kelish uchun ketadi".

"Bu odam chodirda yo'q paytida bu yerga boshqa bir g'alamis, iflos, qo'liga nayza ushlagan kurd kirib keladi. Keyin Xilotda o'lgan ukasining xuni uchun Jaloliddinga shunday nayza sanchadiki, boshqa nayza sanchishga zarurat qolmaydi. Shu tariqa uning jonini boqiy dunyoga yo'llaydi"

Oradan biroz vaqt o'tgach al-Malik al-Muzaffar odamlarini toqqa yubordi. Ular sultonning buyumlari- oti, egar-jabdug'i, mashhur qilich va sochini solib yuradigan naychasini topadilar[7, B. 295]. Bu buyumlar al-Malik al-Muzaffar huzuriga olib kelinib, o'sha kunlar bu yerda hozir bo'lgan sulton mulozimlariga, shuningdek Uturxon, amir-oxur Talsob va boshqa yaqin kishilariga ko'rsatilganda, ular ushbu narsalar sultonniki ekanligini tasdiqlaydilar.

Bu voqea 1231-yil 15 yoki 17-avgustda ro'y bergan[8, B. 127]. Jaloliddin Manguberdining murdasi Mayafariqinga dafn etilib, mo'g'ullar kirib kelgudek bo'lsa, haqoratlanmasin degan maqsadda qabri yer bilan tekislab yuboriladi.

Bu insonning ulug'vorligni tarixga muhrlash maqsadida mustaqillikdan so'ng ko'plab tadbirlar amalga osirildi. Shu kabi ijobiy ishlardan biri 2000-yil 30-avgustda Jaloliddin Manguberdi ordenining ta'sis etilishi bo'ldi[9, B. 80].

Xulosa: Jaloliddin Manguberdi o'zbek davlatchiligi tarixidagi juda katta shaxslardan biri sifatida tarixda o'chmas iz qoldirdi. Uning buyuklik darajasi, ko'rsatgan jasoratlari, aqliy jihatdan yetukligi, harbiy barkamolligini bugungi maqola orqali ko'rdik. Uning eng katta buyukligi shunda bo'ldiki, qayerga hujum qilmasin, o'sha yerni jahannamga aylantirayotgan, toptayotgan Chingizxon boshchiligidagi mo'g'ullar aynan Jaloliddinga kelganda ensasi qotadigan darajada boshi berk ko'chaga kirib qoldi. Qiziq tomoni shundaki, bu voqea- hodisalar mo'g'ullar eng cho'qqiga chiqqan, raqib tanlamay g'alaba qozonayotgan davrga to'g'ri kelib, Jaloliddin aynan shu davrda sodir bo'lgan 14 jangning naq 13tasida zafar quchdi. So'nggi mag'lubiyati ham uning kuchsizligi emas, balki yaqinlarining xiyonati hamda dushmanlarning ittifoqi natijasi bo'ldi. Ha, Jaloliddindek buyuk siymoga eng ko'p zarar bergan omil xiyonatdir.

Xattoki uning o'limi ham uning shaxsiyatiga munosib bo'lmadi. Oddiy kurd kishisining qo'lida o'lim topdi. Lekin bunda ham ramziy ma'no bor, ya'ni mo'g'ullar har qancha hharakat qilmasin baribir ularga Jaloliddinni o'ldirish nasib etmadi.

Bugun biz yoshlar Jaloliddin Manguberdi siymosidan mardlik, jasurlik,

vatanparvarlik, bahodirlik, harbiy mahorat, chidamlilik, intiluvchanlik hamda yengilmaslik kabi hislatlarni o'rganishimiz hamda ularga amal qilishimiz zamon talabidir. Shundagina bizning oramizdan ham davlatimizni yuksaltira oladigan Jaloliddinlar chiqadi!

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Азамат Зиё. Узбек давлатчилиги тарихи: (Энг кадимги даврдан Россия боскинига кадар. - T.: Шарк, 2001.

2. Sagdullayev A. S. O'zbekiston tarixi. - T.: VNESHINVESTPROM, 2019.

3. Содиков Х. Султон Жалолиддин Мангуберди. - Т.: ART FLEX, 2009.

4. https://uz.rn.wikipedia.org/wiki/Sind daryosi bo%CA%BByidagi jang

5. Shamsutdinov R., Karimov Sh. Vatan Tarixi. K.1. - T.: Sharq, 2010.

6. Шихобиддин Мухаммад ан-Насавий. Жалолиддин Мангуберди хайоти/Матёкубов тарж./ - Т.: Узбекистон- Ёзувчи, 1999.

7. Шихобиддин Мухаммад ан-Насавий. Жалолиддин Мангуберди хайоти. - Т.: O'zbekiston, 2006.

8. Жабборов И. Буйук Хоразмшохлар давлати. - Т.: Шарк, 1999.

9. Muhammadjonov A. O'zbekiston tarixi: 7-sinf uchun darslik. Qayta ishlangan uchinchi nashr. - T.: Sharq, 2017.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.