Sultonqulova F.B.
Termiz davlat universiteti Filologiya fanlari bo 'yicha falsafa doktori
SHUKUR XOLMIRZAYEV HIKOYALARIDA RUHIY-PSIXOLOGIK HOLAT IFODASIDA DETALNING O'RNI
Annotatsiya. Ushbu maqolada adib Shukur Xolmirzayev ijodida qahramon ruhiyatining yoritilishida detaining o'rni yozuvchi hikoyalari asosida tahlil qilinadi.
Kalit so'zlar: ruhiyat, hikoya, detal, badiiy obraz, qahramon, poetik mahorat.
Sultankulova F.B., doctor of philosophy in philology
Termiz State University
THE ROLE OF DETAIL IN THE EXPRESSION OF MENTAL AND PSYCHOLOGICAL STATE IN SHUKUR KOLMIRZAYEV'S STORIES
Abstract. In this article, the role of detail in the illumination of the psyche of the hero in the work of writer Shukur Kholmirzayev is analyzed based on his stories.
Key words: spirit, story, detail, artistic image, hero, poetic skill.
Shukur Xolmirzayevning adabiyotdagi o'rni o'zbek nasrida hikoyachilik taraqqiyotiga qo'shgan hissasi bilan belgilanadi. Adib o'z hikoyalarida Surxon vohasining tabiatini, ayniqsa, o'zi tug'ilib o'sgan yurt - so'lim Boysun manzaralari, unda yashayotgan insonlar hayotini tasvirlaydi. Aytish mumkinki, Shukur Xolmirzaev o'zbek adabiyotiga birinchilardan bo'lib, Surxon mavzusini, Surxonning zahmatkash kishilarini qahramon sifatida olib kirdi. Bu haqida yozuvchi ijodining ilk tadqiqotchisi atoqli adabiyotshunos olim Matyoqub Qo'shjonov o'z davrida shunday yozgandi: "Uning asarlarining materiali ko'proq o'zi tug'ilib o'sgan joylari - Boysun tog'lari, Surxon bo'ylari bilan bog'liq. U Boysun tog'i go'zalliklarini, Surxon ko'rkamliklarini adabiyotga olib kirayapti. Faqat tabiatini emas, balki u Boysun va Surxon odamlarini ularning o'ziga xos xarakter xusuyatlarini boshqa joylardan bir oz farq qiladigan hayot kechirish yo'llari bilan adabiyotga olib kirayapti" [1:355]. Darhaqiqat, yozuvchi asarlaridagi qahramonlar tabiatga chin qalbdan oshufta bo'lgan oddiy qishloq kishilari, yoshlar va qalbi pok bolalardan tortib, turli rahbar lavozimidagi kishilar hayoti, turmush tarzi, kechinmalari - bularning barchasida ana shu vohada istiqomat qilayotgan insonlar tasvirlanadi, xalqimizning hayoti, turmush madaniyati ular hayoti misolida aks ettiriladi. Asar badiiy mazmuni va g'oyasiga
ko'ra yozuvchi bevosita qahramonlar taqdiri orqali o'zining mavjud davr va hayot haqiqatlariga munosabatini bildirib o'tadi.
Shukur Xolmirzaev adabiyotga, xususan, o'zbek nasriga juda katta yangi -yangi tamoyillarni olib kirdi. Adib hikoyalarida tabiat va undagi unsurlarning badiiy detal vazifasini bajarishi, ulardagi o'ziga xoslik ham ana shu tamoyillardan biri sanaladi. U asosan hikoyalarida tabiatdagi bir qator unsurlaridan tortib, ko'z ilg'amas go'zal, eng kichik mavjudotlardan badiiy detal sifatida foydalanadi. Bu esa har bir o'quvchida makon va vaqt, qahramon ruhiy holati va asar voqealarini tasavvurida jonlantirish bilan birga hissiy-emotsional ta'sirlanishga xizmat qiladi. Shukur Xolmirzaev qahramonlari o'z hayotlarini tabiat bilan uyg'unlikda bilib, tabiatni asrab avaylash uchun jon dili bilan kurashadi. Bularning barchasi isde'dodli yovuvchining badiiy mahorati, hayotiy va ijodiy salohiyatining yuksak ekanligini namoyon ettiradi. Adib hikoyalarida qahramon ruhiyatidagi psixologik holatlar asosan, tabiat manzaralari orqali ifodalanadi.
Adibning qator hikoyalarida shaxs va uning tuyg'ulari, taqdiri, qismati haqida o'ylari, qahramonning ichki kechinmalari, ruhiy iztiroblari hayot bilan moddiylashgan holda aks ettiriladi. Shu jihatdan u qo'llagan badiiy detal vositalari qahramon ruhiyatini yoritishda muhim o'rin tutadi. Zero, "... detal badiiy voqelikni yaratish vositasi - ashyosi bo'lib, u tasvirlanayotgan narsa-hodisani konkretlashtiradi, uni hissiy idrok qilish mumkin bo'lgan tarzda gavdalantiradi"[2: 88].
Yozuvchining 1987-yilda yozilgan "Xumor" hikoyasidagi asosiy qahramonning nafasini bevosita his qilish, xatti-harakatlarini yaqqol ko'rish, kechinmalarini his qilish mumkin. Ushbu hikoya haqida munaqqid Qozoqboy Yo'ldoshev shunday deydi: "Hikoya qahramoni - lavozimdor shovvozlar vujudga keltirgan nosog'lom vaziyat qurboni... Alohida bir kishi uchun ham, butun bir millat uchun ham yanglish e'tiqoddan xavfliroq narsa yo'q. Bu qahramonda o'zbekning tantiligi, o'zini o'ylamasligi, adoqsiz sabru toqati namoyon bo'ladi. Hikoyada u orqali xalq timsoli yaratilgan, deyish mumkin"[3:353].
Hikoya qahramoni - romantik tabiatli, mehnatsevar, kasal bo'lsa-da, o'z manfaatini deyarli o'ylamaydigan do'lvor yigit. Hikoya ana shu qahramonning tilidan aytilib, bevosita kitobxon ham uning yaqin suhbatdoshiga aylanadi. Hikoya qahramonning shofyor bilan suhbatidan iborat. Shofyorning ishtirokini kitobxon hikoya oxirida anglaydi. Butun hikoya davomida qahramon o'zining hayotini so'zlab beradi. "U o'zining nochordan-nochor turmushidan mamnun, boshqacha tuzukroq hayot bo'lishini tasavvur ham qilolmaydi. Yigit yoshligiga qaramay, tuzalmas dardga mubtalo bo'lgan, rangi zahil, odam qo'rqqulik, sochi to'kilib ketgan, tishi qolmagan, pushti kuyib ketgani bois farzand ko'ra olmaydi. Uning bu ko'rguliklariga sabab o'zining toksikomaniyaga yo'liqqanligi, ya'ni paxtaga ishlatiladigan doridan zaharlangani va endilikda usiz turolmasligida edi. Paxta dalalariga sepiladigan dori - butifos hidisiz uning uchun butun olam o'z tarovatini yo'qotadi. U o'zining bu ahvolini ijtimoiy jihatdan asoslaydi ham: ".paxta davlatimizning tirgaklaridan, ustunlaridan! Biz uni yetishtirishimiz
kerak ekan, sal ziyon ko'rsak nima qipti?" Hikoya qahramoni - mustabid tuzum yuritgan paxta siyosatining qurboni. Hikoya boshlanmasida o'quvchida vaqt haqida tasavvur uyg'onadi. Qahramon suhbatdoshiga . .Kuz tushib qoldi-ya. Ah qanday yaxshi fasl!" - deydi. Dastlabki o'rinda peyzaj manzarasi tasvirida kuz detali qo'llanilib, hikoyani ochqich kaliti sifatida ko'ramiz. O'quvchi anglaydiki, voqealar asosan kuzda kechadi. Ikkinchi detal kuz bilan bog'liq hikoya boshlanmasida keltirilgan: "Paxta terganmisiz? Paxta termagan o'zbek bolasi bor ekanmi?" Uchinchi detal paxta bilan bog'liq hikoya qahramoning suhbatdoshiga savol-berib, o'zi javob bergan o'rnida keltirilgan: ".paxta naq ochilganda dalaga kirganingizda dastlab dimog'ingizda nimaning hidi urilgan? Do-ri-ning!" O'quvchiga ayon bo'ladiki, qahramon kasalligining asl sababchisi kuzdagi paxta dalasi va unga sepiladigan dori. Hikoya qahramonining " .. dori mening tarjimai holimga singib ketgan axir! Tushunyapsizmi? Mening butun quvonchlarim, zavqlarim, hayotimning ma'nosi, Vatan oldidagi burch, ilk muhabbatim ham... o'sha bilan bog'liq. Usiz o'tmishim yo'q"[4:94], - deb bejiz aytmaydi. Bu -e'tiqod. Alohida bir kishi uchun ham, butun bir millat uchun ham yolg'on e'tiqoddan xavfliroq narsa yo'q. Bu qahramon kechinmalarida qanchadan-qancha o'zbekning kuzgi paxtazorlarda zararli dorilardan umri xazon bo'lgan, turmushi vayron bo'lgan yoshlari taqdiri, fojeasi namoyon bo'ladi. Ma'lumki, yil fasllari orasida "kuz - alohida badiiy obraz sifatida muhim o'rin tutadi"[5:537]. Kuz manzaralari ijodkor badiiy niyatini yuzaga chiqarishda muhim vositab voqealar boshlanishi yoki qahramonlar ruhiyatini yorituvchi asosiy tasvir vositasidir. Hikoyadagi mazkur tasvir haqida munaqqid olim N.Yo'ldoshev shunday fikrlarni aytadi: "Davr nuqtai nazaridan tahlil qilinadigan bo'lsa yozuvchi nihoyatda katta jasorat bilan totalitar tuzum vujudga keltirgan nosog'lom muhitni tanqid osti ga olgan. Hikoyada kuz tasviriga alohida urg'u berilgan. Qahramon ham kuzni yaxshi ko'radi, kuzda paxta terimi boshlanadi, dorilar serob. Xohlagancha xumordan chiqish mumkin. Bundan tashqari adib kuz tasvirida millatni muqarrar holatga olib boradigan illatlarga ishora qilgan"[6:30].
Paxta - hikoyaning markazida turuvchi detaldir. Qahramonning tashqi tuzilishi sariqligi, kasalligi, hattoki e'tiqodida ham paxta asosiy o'rin tutadi. Hikoya qahramoni shu jihatdan Tog'ay Murodning "Dehqonqul"iga o'xshaydi. Sodda, tanti va fidoiy. Umrining zavol bo'layotganini bilsa ham, o'zini ovutadi: "U yog'ini so'rasangiz, zararsiz narsaning o'zi yo'q! Shu nafas olayotgan havoingizdayam zararli mikroblar bor. Mashinaning orqasidan chiqayotgan tutun ham - koni ziyon. E, hamma narsani o'ylab, har narsadan hadiksirab yashasang, yashashning qizig'i qolmaydi..." Qahramon ruhan ezilsa-da, o'ziga yuqtirmaslikka urinadi, aldaydi. Zero, inson hech qachon o'zidan qochib qutula olmaydi. Butun hikoyani o'qish davomida kitobxon og'ir iztirobga tushadi. Hikoyada oddiy bir mehnatkash insonning qalb kechinmalarida keltirilgan kuz, paxta, dori - bir-biriga bog'liq qo'llanilgan detallarda millatning tuzumga aldangan erksiz va ojiz insonlari fojeasi beriladi.
Xulosa qilib aytganda, yozuvchi Shukur Xolmirzayevning hikoyalarida tabiat va inson tasviri yetakchi bo'lib, yozuvchi qahramon ruhiyatini yoritishda badiiy detal sifatida tabiat unsurlaridan keng foydalanadi. Uning asarlarida inson ruhiyati, ichki kechinmalarini ifodalash, ichki ziddiyatlarni ifodalashda detallar muhim o'rin tutadi. Shukur Xolmirzayev asarlari xalqimiz badiiy madaniyatini yuksaltirishda va ma'naviy ehtiyojini qondirishda o'ziga xos vazifani o'taydi.
Adabiyotlar:
1. Qo'shjonov M. Saylanma. 2-jildlik. - Toshkent: Adabiyot va san'at nashriyoti, 1982. - J 1. 384 b.
2. Aga6ueTmyHOcnHK nyrara. / KypoHOB, 3. MaMa^OHOB, M. fflepanueBa. -TomKeHT: AKageMHamp, 2010. - 406 6.
3. Yo'ldoshev Q. Yoniq so'z. - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006. - 546 b.
4. Xolmirzayev Sh. Saylanma: II J. - Toshkent: "Sharq", 2005. - J. 2. 464 b.
5. Sultonqulova, F. (2020). Metaphorical images in Osman Azim poetry. ISJ Theoretical & Applied Science, 04 (84), 537-539.
6. Yo'ldoshev N. Hozirgi adabiy jarayon. Uslubiy qo'llanma. - Termiz Surxon nashr. - 2019. - B.30.