OVOZ MELLIZMLARI VA IJRO USLUBLARI
Feruza Abralovna Baymanova
JDPU
Annotatsiya: Mazkur maqolada maqom ijrochiligining o'ziga hos xususiystlari hamda ovoz mellizmlari va ijro uslublari haqida ma'lumot berilgan.
Kalit so'zlar: maqom, uslub, ijro yo'li, mellizm, nola, qochirim, ohang, mung, musiqiy bezak, ovoz ruhiyati
VOICE MELISMS AND PERFORMANCE STYLES
Feruza Abralovna Baimanova
JSPU
Abstract: This article provides information about the unique features of maqam performance, as well as voice mellisms and performance styles.
Keywords: status, style, way of performance, mellism, lamentation, melody, melody, musical decoration, sound spirit
Xonandalikni o'ziga kasb qilgan ijrochilar albatta o'z ovozlarini botiniy va zoxiriy xususiyatlarini mukammal bilishlari kerak. Shunday ekan maqom, dostonchilik, xalqona turli janrlarni ovoz nuqtai nazaridan o'rganish dolzarb masala ekanligini anglatadi.
Har bir millatning o'z ovozi, ya'ni, ovoz mellizmlari ya'ni bezak, naqshlari mavjud. Mellizm har bir xalqning o'ziga xos bo'lib, o'sha xalqning ruhiyati, xarakteri, mentaliteti va ko'plab sifatlarini belgilab beruvchi omil sanaladi. Masalan, boshqa millat, irqqa mansub xonanda o'zbek tilida kuylamoqda. Uning na nutqidan, na musiqiy ohangidan boshqa irq vakili ekanligi sezmasligi mumkin, chunki o'sha xonanda o'z nutqi va ijro etayotgan asarining musiqasini chuqur o'rgangan, lekin uning ovoz shakllanishida va ohanglarida baribir boshqa millatga mansub ekanligi yaqqol seziladi. Hozirgi kunda ko'plab xorijiy davlatlardagi musiqachilari hamda musiqaga qiziquvchilar milliy qadriyatlarimizni, milliy cholg'ularimizni kelib o'rganish bilan birga milliy ashulalarimizni, asarlarimizni ham aytishga harakat qilmoqdalar. Bu holat ular uchun og'ir kechsa-da o'rganishni chin dildan hoxlaganliklari uchun jadallik bilan o'zlashtirmoqdalar. Masalan, akademik vokal yo'nalishida Santes musiqa kollejida dars beruvchi Fransiyalik Silvan Roy hozirgi kunda tanbur, dutor, qo'shnay va rubob sozlarini chalish bilan birga milliy xonandalik asarlarini ham o'rganib kelmoqda. U bu ishga sidqidildan kirishgani ucun uning nutqi yoki ijrosidan nuqsonlarni topish qiyin.
U o'sha asarni magnit tasmalardan eshitib o'rgangan, hatto ovoz shakllantirishni ham asl holidek o'zlashtirgan, o'zidan qo'shgan nolalari ham milliy xonandalik talablariga to'liq javob bera oladi. Uning o'zini ko'rmay turib ijrosini eshitgan o'zbek tinglovchisi, uning xorijlik, aynan yevropalik ekanini ashulaning daromadidanoq sezadi. Bu uning yevropa mellizmiga tug'ma ravishda xosligidandir. Buni hech kim hech qachon o'zgartira olmaydi. Hatto akademik vokal yo'nalishida ovoz ruhiyati va ko'lamlari bir xil bo'lgan xonandalar ovozi bir biriga o'xshab ketadi. Ular dunyo akademik xonandalari tessitturalari bilan bir xil asarni qonuniyatlariga amal qilgan holda ijro qilsalar ham ularning qaysi yurtdan ekanligi darhol seziladi. Lekin bir narsani faxrlanib, aytishimiz kerakki, bizni xonandalar o'zga yurt asarlarini mohiyatan chuqur o'rganishadi-ki o'sha xorijiy o'lka vakillari hayron qolishadi. Misol uchun Botir Zokirov "Arab tango"sini ijro etganida arab xalqining o'zi shinavanda bo'lib qolgan. B.Zokirov fransuzcha asarlarni ijro etganida esa fransuzlar undan "bizni tilni juda yaxshi bilar ekansiz' deb xonanda bilan gaplashishga urinishgan ekan. Uzoqqa bormaylik 2007-yil Ozarbayjonda bo'lib o'tgan "Mug'om ko'rik tanlovi"da ishtirok etgan Yulduz Turdiyevani olaylik. Yulduz Turdiyeva tanlovda dastlab milliy musiqamizga oid Farg'ona-Toshkent maqomlaridan "Dugoh Xusayniyni" tarkibiy qismlarini ijro qildi, keyin ko'rik tanlov shartlaridagi Ozarbayjon xalqi mug'omlaridan kuyladi va ko'rik tanlovning birinchi o'rin sovrindori bo'ldi. Ozarbayjonlik hayat a'zolari juda maroq bilan tinglab, talaffuzi, ijro mahorati va milliylikni o'zlashtirish jihatlariga yuqori baho berishdi. Xonandaning o'zi etirof etishicha ularning asarlarini o'rganishdan ko'ra bizni mumtoz asarlarimizni yod olish qiyinroq kechibdi. Bizni yurtimiz dunyoga o'z iqtidorli yigit qizlari bilan mashxur.
Yuqorida aytib o'tganlarimiz dunyoviy mellizmlar hususida edi. Bundan tashqari bizning yurtimizda vohalarga mansub ovozlar mellizmlari va har xil maktab vakillari milliy ovoz san'atimizni rang-barang rivojlanishida ulkan hissa qo'shib kelmoqdalar. Mutaxassislar va ziyrak tinglovchilar har bir xonandani qanday asar ijro etishidan qat'iy nazar qaysi mahalliy uslub hattoki, qaysi maktab vakili ekanligini tezda anglab yetishadi. Har bir vohaning o'ziga xos ovoz mellizmi va ohanglari mavjud. Misol uchun buxorolik xonanda Orifxon Xotamov bastalagan bir asarni ijro etdi, uning sheva talaffuzi, yoki nola qochirimlari buxorolik ekanini bildirmasa-da, ovozidagi mellizmlar buni oshkor qiladi. Bu kabi misollarni ko'plab ketirishimiz mumkin. Gap shundaki, sheva yoki maktab ijrochiligidan tashqari har bir vohaning o'z mellizmi, o'z ovozi, o'z uni bo'ladi. Bu mavzuni davom ettirishdan oldin har bir voha xonandalari ovozlariga ta'rif berib o'tmoqchimiz. Yusufjon qiziq Shakaijonov aytganidek: "O'zbekiston san'atini bir daraxt desak, uning ildizi Xorazmda, tanasi Buxoro, Samarqandda, shoxlari vodiyda, Toshkentga kelib gullaydi va meva beradi" Bu so'zlarni Yusufjon qiziq Shakaijonov ustozlaridan eshitganini aytib o'tadi. Ovoz mellizmlari haqidagi fikrlarimizni Qoraqalpog'iston va Xorazmdan boshlasak. Qoraqalpoq millatiga
mansub xonandalarni o'zbek yoki an'anaviy xonandalikka xos asar ijrolarini juda kamdan kam eshitamiz-u, lekin ularning akademik vokal yo'nalishida ijod qilayotgan namoyondalari ko'pchilikni tashkil etadi. Ularning ovozi o'ta hissiyotli, ta'sirchan, ammo buni doim ham oshkor etavermaydi. Shunga qaramay jozibali, o'ynoqi xarakterga ega. Xorazm vohasi ovozlari mellizmi haqida esa soatlab gap ketganda, bu yerdagi turli maktab vakillari o'z mellizmlariga egaligini etirof etish lozim. Hozirgi kunda bu maktab davomchilarining shajarasi Qoraqalpog'iston xududidagi Ellikqal'a, To'rtko'l, Shabboz, Beruniy kabi shahar va tumanlarida ijod etib kelmoqdalar. Bu vohadagi ovoz mellizmlari o'ta salobatli (maqom ijrochiligidagi nola - qochirimlarning salobati ko'zda tutiladi), hissiyotga boy, mag'rur, ichidan yonib ketsa ham tashqarisiga sir boy bermaydigan, ta'sirchan, og'ir, bosiq, vazmin, yuqori pardalarda esa o'zining yorqin, jarangdor va ulug'vorlik bilan tus olish imkoniyatlariga ega. Sho'x o'ynoqi asarlarda esa o'zining jozibadorligi, shiddatliligi va hushtakallufligi bilan ajralib turadi. Bu xonandalarning ijrolarini diqqat bilan tinglasangiz butun bir o'zbek san'atini poydevoriga o'xshaydi. Ildiz degani mana shu bo'lsa kerak.
Buxorolik san'atkorlar ovozi salobat hamda vazminlikda xorazmlik xonandalardan hech ham qolishmaydi. Ularning o'ziga yarasha pastki pardalarda mung bilan birga jozibadorlik xususiyatlari sezilib turadi. Buxoroning Olot, Qorako'1 tumanlari xonandalari ovozlarida Turkman millatiga va Xorazm vohasiga mansub mellizmlari ham eshitiladi. Samarqand maktablari esa Buxorodan farqli o'laroq nolalar, qochirimlar ustuvorligi bilan ajralib turadi. Yuqori pardalarda ovozlarining to'liqligi bilan farqlanadi. Surxondaryo va Qashqadaryo vohalaridan bugungi kunda qadar ko'plab iste'dodli xonandalar yetishib chiqqan. Ularning ovoz mellizmlari o'ziga xos bo'lib, har xil yo'nalishlarda, turli vohalarga mansub asarlarni ijro etganlarida ham nafislik, ham chapanilik, ovozlardagi yorqinlik ularni shu vohaga mansub ekanini anglatib turadi.
Vodiy maktablari esa boshqa bir olam. Bu yerdagi dardli, mungli ohanglar hech bir vohada uchramaydi. Bu yerdagi ovozlar hatto o'zidan shikoyat qilayotgandek boy hissiyotga ega. Shuning uchun ularda "Fig'on", "Girya", "Munojot" kabi asarlar bor. Hatto sho'x-o'ynoqi qo'shiqlarni ham ular allaqanday g'amginlik va o'ziga xos mung bilan ijro etishadi. Chunki vodiy maktablarining ijrochilik borasidagi qarashlari shuni taqozo etadi.
Toshkentda ham ijrochilik maktablari juda ko'p bo'lib, ularni alohida maktablar sifatida e'tirof etmoq lozim. Qolaversa bu maktablar ovozidagi dard-u hasrat ularning ovoz mellizmlarida asosiy o'rinni egallaydi. Ammo baribir vodiy maktablaridagi mung Toshkent maktablarida muhim o'rinda turmaydi. Aytib o'tilgan voha ovoz mellizmlarining barchasi nisbiy nuqtai nazarlarga tayangan holda aytib o'tildi. Bulardan tashqari milliy xonandalik san'atida nola- qochirimlar yoki boshqacha aytganda bezaklar mavjud.
Nola va qochirimlar har bir uslub vakülari hamda vohalaiga mansubdir. Bu masalaga tarixiy yondashish uchun faqatgina ilk magnit tasmalariga yozib olingan yozuvlarga va hozirgi vaqtda eshitish mumkin bo'lgan manbalaiga tayanamiz. O'zbek xonandalarining ilk yozuvlari grammplastinkalardir. Ulardagi xonandalar Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Levi Boboxonov, Domla Halim Ibodov, Mulla To'ychi Toshmuhammedov, Yunus Rajabiy, Hojihon Boltayev, Nurmuhammad Boltayev, Madraxim Yoqubov, Jo'raxon Sultonov, Ma'muijon Uzoqov, Komiljon Otaniyozov va boshqalar. Bu xonandalarning ijrosidagi nola va qochirimlar o'ziga xos sodda bo'lib, ba'zilari hozirgi davr eshituvchisida ham qiziqish uyg'otadi. Milliy xonandalik san'ati va ulardagi ijro asosan ustoz xonandalar ijrolariga tayanadi. Hozirgi kundagi ko'pchilik xonandalarning ijrolari nola-qochirimlari va bezaklari tahsinga loyiq. Ba'zilari borki, boshidan to oxirigacha nola qilaverib, asarni bezab tashlaydi, bunday holatda milliy musiqaning asosiy negizi ikkinchi darajali bo'lib qoladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Akbarov I., Kon Yu. Buxoro maqomlari. O'zbek xalq muzikasi, 5 jild. Toshkent, 1959.
2. Akbarov I., Kon Yu. Xorazm maqomlari. O'zbek xalq muzikasi, 6 jild. Toshkent, 1958.
3. Karomatov F., Rajabov I. Shashmaqom. Shashmaqom, 1 torn. Toshkent, 1966