O'ZBEK- TURKMAN ADABIY ALOQALARIDA TARJIMANING O'RNI
(Ahmad Mammedov she'riyati asosida)
Gaylieva Ogulbay Kurbanmuradovna
gaylieva.77@mail.ru Jepbarova Sayat Kurbanmiratovna j epbarovasayat@gmail. com Begjanov Xalmuxammet Shirmametovich
halmuhammetbe gj anov@ gmail .com
Annotatsiya: Maqolada turkman-o'zbek adabiy aloqalari takomilida tarjima madaniyati badiiy vazifadoshligi tahlillanadi. Unda turkman shoiri A.Mammedov lirikasi o'zbekcha tarjimasi, tushuncha nazariy asoslari o'ziga xosligiga e'tibor qaratiladi.
Резюме: Статья переведена на улучшение отношений между туркмено-узбекской литературной культуры, искусства на работу анализруется. Туркменский поэт А.Маммедова лирическая переведены на узбекском языке, фокусируется на теоретической основе концепции специфического характера.
Summary: Article translated in the improvement of relations between the Turkmen-Uzbek literary culture, art work analyzed. Turkmen poet A.Mammedov lyrical translated into the Uzbek language, focuses on the theoretical basis of the specific nature of the concept.
Kalit so'z: tarjima, shoir, lirika, adabiy aloqa, badiy vazifadoshlik, tahlil.
Ключевые слова: перевод, поэт, лирический, литературные, художественные используют анализ.
Keywords: translation, the poet, the lyrical, literary, artistic use analysis.
Aslida "adabiy aloqalar tufayli muayyan millatga xos adabiy hodisa va an'analar ikkinchi xalq ma'naviy-estetik mulkiga aylanadi, badiiy qarashlari takomilini ta'minlaydi. Bunda badiiy tarjimachilik juda katta vazifa bajaradi"[1,b.16]. Ilg'or an'analar va poetik tajriba omuxtalashuvi aynan tarjima amaliyoti bilan salmoq kasb etadi. Vaholanki, unda kontakt hamda genetik mushtaraklik asosiy o'ringa ko'tariladi. Bevosita va bilvosita aloqalantirilgan adabiy mohiyat muayyan g'oyaviy-estetik bosqich hosil qiladi. Shu ma'noda, joriy hodisa janriy barqarorlik va ma'naviy ohangdoshlikka yo'l ochadi. Unda dunyoqarash, ifoda, tasvir hamda uslub ijod uyg'unligini tayin etadigan omilga aylanadi:
Hala, dymma, dilewar ya, alfak bol,
Ata-babalandan sapak aljak bol.
Ili kifeltmegin özüne fenli,
Ozün il denine göteriljek bol [2, b. 6].
Ahmad Mammedov zamonaviy turkman she'riyati yorqin namoyandalaridan biri. Shoir ijodida xalqona falsafiy qamrov hassos tuyg'ular zamzamasini hosil qiladi. Unda so'z samimiy harorati ifoda nafosatini belgilaydigan muhim omilga evriladi. Joriy holat muallif qalamiga mansub "Taqdirim", "Og'irdir", "Qizg'onma", "Senga aytar so'zim bor" hamda "Tog'larga yuz burdim" manzumalarida qabarib ko'rinadi. "Kelganimda dunyoga bir siqim tuproq edim, Mana endi bir butun zamin bo'lib turibman!" yozadi ijodkor "Taqdirim" she'rida. Hayrat, shuur va manfaat omuxtalashgan idrok sezgisini san'atkor belgilaydigan yetakchi estetik tamoyil sifatida baholash maqsadga muvofiq. Noyob mushohadasi, teran va o'ychan ma'naviy qarashlari bilan turkman adabiyoti falsafiy-estetik asoslarini mustahkamlashga moyil shoir badiiy izlanishlarida tarixiy ruhiyat realizmini qayta tiklashga intilish bo'rtib turadi. Unda lirik-falsafiy talqin ruhiyat tahlil va taftishini teranlashtiradigan badiiy vositaga yo'g'riladi. Ruboiy didaktik munosabat hosil qilsa-da, unda teran mohiyat mushohadaga payvandlanadi. To'rtlikning Yu.Nasim talqinida qayta tiklangan o'zbekcha tarjimasida imkon darajasida asliyat mazmuni saqlangan. Uch misrada umumiy mohiyatni asragan mutarjim to'rtinchi satrda poetik mantiqni buzadi. "Do'st" hamda "barobar" orttirma nisbatlari "el ulug'vorligi qadar yuksal" ma'nosini to'liq ifodalay olmayapti! Ikkinchi baytda aks etgan tazodiy aloqa maromi tarjimada o'z hissiy maromini biroz yo'qotgan:
Istasang kamgap bo'l, sho'x, dilovar bo'l,
Ota-bobolardan saboq olar bo'l.
Elni kichraytirma o'zing qadar to,
O'zing el bo'yiga do'st, barobar bo'l [3, b. 66].
Muallif tabdilida moziy-bugun-kelajakni tutashtiradigan muayyan nuqta mavjud. Inson ichki dunyosi ziddiyatlarini tahlillash, o'zlikni anglash iztiroblarini tasvirlash hamda mavzu problematikasini badiiy sifatlarda umumlashtirish taomili shoir lirikasiga ajib bir tarovat bag'ishlaydi. Voqelik tarixi va ruhiy kechinmani yuksak poetik pardalarda kuylayotgan ijodkor sarzanishlarida inson abadiy o'y-xayollari, nekbin orzu-istaklari, teran armonu iztiroblari yaxlit manzara kasb etadi. Unda ko'ngil irmoqlaridan hosil bo'layotgan hissiy shiddat bo'hroni qad rostlaydi, unda tasvir yoyiqligi va tahlil quyuqligi bir-birini mantiqan to'ldiruvchi mohiyatga evriladi, unda ijod falsafasi va badiiy dalolat yaxlitlashadi, unda yig'iq she'riy dunyoqarash va axloqiy mezon bo'ylashadi, unda ong va tuyg'u ziddiyati poetik uyg'unlikka erishadi, unda davr ruhiyati va dil rozi qorishib ketadi, unda serma'no ifoda va serqatlam talqin estetik qamrov yaratadi, unda maqsad va intilish, qiziqish va manfaat tuyg'usi barqarorlashadi, unda shaxs iroda yo'nalishi va sog'lom e'tiqodi sobitligi markaziy tayanch tushuncha darajasiga qadar ko'tariladi.
"Adabiy ta'sir, adabiy aloqa va tarjima har bir milliy adabiyot taraqqiyotida muhim o'rin tutadi. Hech qaysi bir, hatto, yuksak darajadagi tamaddun bosqichlariga o'tgan mamlakat o'zga yurtlarning muayyan ta'sirlarini ijodiy o'zlashtirishsiz bu holatga yetishi mumkin bo'lmaganidek, badiiy adabiyot ham uzoq-yaqin qo'shnilarning bu boradagi tajribalari ta'sirisiz yuksalmaydi. Shu ma'noda, badiiy adabiyot doimo o'zaro ta'sir oluvchi va ta'sir etuvchi, quvvati, energiyasi shu yo'nalishda uzluksiz nafas olib turuvchi tirik organizmga o'xshaydi. O'zbek adabiyotining yuksalgan bosqichlarida adabiy ta'sir, o'zgalar tajribasidan o'rganish, tarjima masalalari ham alohida mavqega ko'tarilgani buni tasdiqlaydi" [4, b. 3]-yozadi akademik B.Nazarov. Iqtibosda bir nechta xususiyat e'tiborni tortadi. Birinchidan, adabiy ta'sir, adabiy aloqa va tarjima yaxlit tagmatnga ega hodisa, ikkinchidan, har bir xalq so'z san'ati ta'sir o'tkazish va ta'sir qabul qilish salohiyatini jilvalantiradi, uchinchidan, o'zlashtirish estetikasi markazida tarjima madaniyati turadi. Vaholanki, bir tildan ikkinchi tilga o'girilgan asarda milliy ma'naviyat ifodasi va ijodkor uslubi jiddiy yangilanadi. Eng muhimi, murakkab jarayonda "tasvirdan tashqari, qiyos va tahlil ham ishtirok etadi" [5, b. 16]. Aslida tarjimada so'z, ohang, marom va musiqa o'zga o'lchamga ko'chadi. Til, lug'at, milliy ifoda, dunyoqarash hamda an'anani bir butun poetik hodisaga aylantirish iste'dod darajasini taqozolashi isbot talab qilmaydigan haqiqat! Ijodiy iqtidor va hayotiy tajriba mushtarakligi asliyat hamda tarjimani bir-biriga tenglashtiradigan yetakchi omillar hisoblanadi.
Yangi bosqich turkman-o'zbek adabiy aloqalari xususida mushohada yuritilganda, A.Mammedov shaxsiyati bot-bot tilga olinadi. Bu bejiz emas, albatta! Negaki, shoir, tarjimon va olim sifatida u ikki adabiyot hamdo'stligini tayin etish, adabiy hamkorlikni mustahkamlash hamda takomillashtirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Qariyb qirq yillik shoirona iqtidori, olimlik zakovati va ilmiy salohiyati bilan ijodiy rishtalarni barqarorlashtirgan muallif ijodida tarjima muayyan salmoq kasb etadi. "Alisher Navoiyning bir necha g'azallari, ruboiy va hikmatli so'zlari, Pahlavon Mahmud va Sulaymon Boqirg'oniy ijodidan namunalar ham Ahmad tarjimasida Turkmanistonda bosilib chiqdi. Zamonaviy shoirlardan G'ayratiy, S.Abdulla, Uyg'un, M.Shayxzoda, Zulfiya, A.Oripovlarning ijodi ham bugungi kunda turkman tarjima adabiyotining yaxshi namunalari sifatida qabul qilingan" [3, b. 7]. Darhaqiqat, prof. K.Quramboyev e'tirof etganidek, Ahmad Mammedov Sharq mumtoz madaniyatini mukammal o'rgangan. Ayniqsa, aruz vazni imkoniyatlaridan o'rinli va unumli foydalanish mayli olim mushohadalarini to'liq dalolatlaydi: Adamlar, gez ayding, Novruz gelipdir, Novruza beslense yillar bagtiyar. Shahir ilhamlanip, bilbil bolupdir, Bilbillar sayrasa guller bagtiyar . [6, b. 9]
"Odamlar, ko'z oydin, Navro'z kelibdir" she'ri shoir ijodiyoti halqasida muqim o'rin egallaydi. Navro'z ayyomi muallif nazdida ayricha ko'rk, betakror farzandlik muhabbati va o'zgacha ohorli poetik tavsiflar bilan to'ldiriladi. Uning badiiy tahayyuli millat manfaat-ehtiyoji hujayralariga tutashib ketadi. "Navro'zdan nur olgan yillar baxtiyor", "bulbullar sayrasa gullar baxtiyor", "ulug' kun", "dehqon umidi" - idrokdan olingan muqoyasalarda orzu-istak-umid-ilinj-ishonch omuxtalashadi. Muazzam tug'yonda baxtiyor tuproq "yastanib yotibdi bag'rida xuddi alla aytgan kabi ulug' hosilga!". Yorqin poetik shrixlar, kutilmagan hamda tutilmagan tashbehlar manzumaga jo'shqinlik bag'ishlaydi. "Yil ichra quyoshli charog'on kunday" tuyg'u kitobxon qalb torlarini qitiqlaydi, dilga surur olib kiradi. Bahor - yangilanish, yasharish fasli! Joriy mavsumda butun tabiat uyg'onadi. Shoir a'molicha, odamzod "yaratib nasliga shart-sharoitlar, pok o'tmishga shukur ila boqsalar!". She'r adog'ida muallif yangi badiiy sifatlash (Tug'ilibdi Navro'z o'g'li Turkmanning) qo'llaydi. E'tiborli jihati shundaki, olti banddan iborat lavhada ruhiy ko'tarinkilik saqlanadi. Aynan xalqona ohangda birlashadigan badiiy umumlashmalar hayot zavqi, yashash sururi, xayol sehrini tadqiq sahniga chiqaradi. Unda insoniyatga xos zarif xislatlar va yorug' ishonch sezgisi idrokda qayta badiiy inkishof qilinadi: Odamlar, ko'z oydin, Navro'z kelibdir, Navro'zdan nur olgan yillar baxtiyor. Shoir ilhomlanib bulbul bo'libdir, Bulbullar sayrasa gullar baxtiyor. [6, b. 47]
A.Saidmatov turkman shoiri she'rini o'zbekchalashtirishda imkon qadar asliyatni saqlab qolishga intiladi. So'zma-so'z tarjima vositasida muallif sodda hamda ravon ifoda uslubini qayta tiklaydi. Bandlardagi fikr oqimi, mazmun va misralardagi romantik ruh originalga ohangdosh. Mutarjim turkman shoiri ifoda usuliga ijodiy tamoyildan kelib chiqqan holda yondashadi. Asliyatda mujassam badiiy mahorat qirrallari tarjimada ham saqlanadi. A.Mammedov manzarani jonli va ta'sirchan gavdalantirish uchun tasvir vositalaridan san'atkorona foydalanadi. Milliy bo'yoqlarda muvaffaqiyatli qo'llanilgan tashbehlar she'r jozibasini ta'minlaydi. Aslida qardosh tillardan tarjima jiddiy mashaqqat tug'dirmaydi. Negaki, nozik psixik simptomlar jo'g'rofiy yaqin joylashgan va bir oiladan tarqalgan xalqlarda mushtaraklik kasb etadi. Majoz, o'xshatish va sifatlashlarda uchraydigan yakranglik masalani bir qadar yengillashtiradi. Joriy holatda badiiy mohiyat va muallif uslubini ijodiy qayta tiklash taglama asosiy mezoni darajasiga ko'tariladi: Cho'g' ko'ylak, cho'g' ro'mol - borlig'i sozdir, Borlig'i mehrdir, borlig'i nozdir, Borlig'i bahordir, borlig'i yozdir, She'riyat! Bor bo'lsa she'riyat, agar -Mayalar, Bibilar, Guljamilalar. [6, b. 41]
A.Mammedovning "Ishq - qismatim" she'riy kulliyotini (Toshkent, O'zbekiston, 2014) uch ijodkor tarjima qilgan. Mutarjimlar faoliyatiga nazar solsak, O.To'rayev va Yu.Nasim matnga erkin ijodiy yondashuvi kuzatilsa, A.Saidmatov so'zma-so'z tarjimaga moyilligi ko'zga tashlanadi. Lavhada Yu.Nasim she'rda jiddiy o'zgarish yasaganligi ayonlashadi. Turkman shoiri ko'ylak va ro'molni ko'zga mengzaydi. Orinal ifoda o'zbekchada "cho'g'"ga aylanadi, "soz" orttirma nisbati esa sun'iylik keltirib chiqargan. Biroq juz'iy nuqson matn umumiy mohiyatiga keskin ta'sir o'tkazmaydi: lug'aviy takror (borlig'i) tasavvur shiddatini bosqichma-bosqich kuchaytiradi hamda tasvir ruhiyatini quyuqlashtiradi. Mavjud manzuma turkman qizlari ta'rifiga bag'ishlangan. Jindek mubolag'aga yo'g'rilgan tavsifda shoir ajib bir manzara hosil qiladi. Mutarjim ba'zi o'rinlarda turkman tili ma'no nozikliklarini asl holicha berishga intiladi: "Sahroning marali, ko'llar so'nasi, Ishqigayigitning kelar yonasi". Tarqoq ifodada tiniq samimiyat jilvalanadi. Muallif yoyiq badiiy umumlashmada milliy bo'yoqni yorqinlashtiradi.
"Har bir xalq o'ziga xos tarixiy, ijtimoiy, tabiiy va boshqa sharoitlarda yashaydi va taraqqiy etadi. Umumiy xususiyatlar degan narsa har safar o'zining takrorlamas qiyofasida, ham umumiy va ham, ayni vaqtda, konkret xususiyatlar sifatida namoyon bo'ladi. Hamma uchun ong va psixikaviy yagona stereotip bo'lishi mumkin emas. Har bir xalqning milliy o'ziga xosligini tushunish uchun umumiy narsaning konkret voqe bo'lishinigina emas, balki xuddi shu xalqning o'z tajribasidan kelib chiqqan konkret takrorlanmas narsani aniqlash kerak". [5, b. 42]. Insoniyatga xos psixofiziologik xususiyatlar umumiyligi alohidalik belgilarini keltirib chiqaradi. Joriy holat tajriba, malaka va tasavvurlararo milliy tafovut hosil qiladi. Mutarjim begona til adabiy qonuniyatlarini mukammal bilishi mumkin, biroq milliy ruhiyat va ijod falsafasini egallashga kifoya qilmaydi. Tarjimada so'zning badiiy-estetik ta'siri va adabiy mahorat asosiy mezondir.
Umuman, turkman-o'zbek adabiy aloqalari tagmatnida tarjima mustahkam o'rin tutadi. Madaniy hamkorlik va ijodiy munosabatlar takomili bevosita joriy tushuncha darajasiga tutash. Negaki, unda poetik talqin va vazn qayta tiklanishi omuxtalashadi. So'z, lug'at, uslub, ifoda va mahorat uyg'unlashuvini taqozolaydigan san'at taraqqiyotida ijodiy malaka muhim ahamiyat kasb etadi. A.Mammedov lirikasi o'zbekcha tarjimalari shuni ko'rsatadiki, bu borada jiddiy nuqsonlar mavjud. O.To'rayev tarjimalarida ko'zga tashlanadigan sun'iy ifoda, Yu.Nasim mashqlarida mujassam uslubiy g'alizliklar hamda A,Saidmatov o'girmalarida bo'rtib turadigan cheklovlar shundan dalolat beradi. Turkman shoiri she'rlari tarjimasini tasniflash, ularni ilmiy asosda o'rganish hamda tajribada umumlashtirish hayotiy ehtiyoj hosilasidir. Ana shundagina ijodkor konsepsiyasini to'g'ri belgilash, g'oyaviy-estetik dunyosini teran anglash, adabiy aloqalar mohiyatini idroklash va har bir milliy adabiyot nafosatini his qilishga zamin hozirlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Salayev F., Qurboniyozov G. Adabiyotshunoslik atamalarining izohli so'zligi. -Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. -B. 16.
2. Ahmet Mämmedow. Rubagylar we bentler. -A§gabat, Ylym, 2012.
3. Ahmet Mammedov. Ishq - qismatim. -Toshkent, O'zbekiston, 2014.
4. Nazarov B. Adabiy aloqalar va tarjima nazariyasi bo'limi // O'zbek tili va adabiyoti, 2004. 4-son.
5. Calomov G'. Tarjima tashvishlari. -Toshkent: Adabiyot va san'at, 1983.
6. Ahmet Mammedow. Türkmennama. -A§gabat, Ruh, 1996.