O'ZBEKISTONDA TA'LIM-KECHA VA BUGUN
Ominaxon Xaydarali qizi Abduraximova Ilmiy rahbari S.Yo'ldasheva O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Maqolada O'zbekistonda ta'lim-kecha va bugun haqida fikr yuritilgan ya'ni, kechagi muammolar, bugungi imkoniyatlar, kredit modul tizimining kamchiliklari va afzalliklari, xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar.
Kalit so'zlar: axborot-kommunikatsia vositalari, audio, video va multimediali texnologiyalar, o'quv dasturlari, elektron darslik va visual materiallar
EDUCATION IN UZBEKISTAN - YESTERDAY AND TODAY
Aminakhan Haydarali kizi Abdurakhimova Scientific supervisor S.Yuldasheva Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: The article reflects on education in Uzbekistan, yesterday and today, that is, yesterday's problems, today's opportunities, shortcomings and advantages of the credit module system, opportunities given to women.
Keywords: information and communication tools, audio, video and multimedia technologies, educational programs, electronic textbooks and visual materials
KIRISH
Yangi O'zbekistonning asosiy ustuni bilim, ta'lim va tarbiya bo'ladi. Bu haqda O'zLiDePdan O'zbekiston prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o'z saylovoldi dasturida ma'lum qildi.
"Bu yil O'zbekiston ilm-fanining asosiy tayanchi bo'lgan Fanlar akademiyasi tashkil topganiga 80 yil to'ladi. Bu qutlug' sanani hammamiz birgalikda nishonlaymiz.
Biz Yangi O'zbekistonni bunyod etishda sog'lom va barkamol yoshlarimizni hal qiluvchi kuch deb bilamiz.
Shu maqsadda ularning bilim, madaniyat, san'at va sport bo'yicha salohiyatini ro'yobga chiqarish, tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish borasida ham yangi tizim yaratamiz.
Takror va takror aytaman: Yangi O'zbekistonning asosiy ustuni - bilim, ta'lim va tarbiya bo'ladi!
Dunyodagi Top-500 ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo'shma o'quv dasturi va "ikki diplomli tizim" joriy etiladi. Bundan
tashqarí, bio-texnologiya, sun'iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo'nalishlarda yiliga 500 nafar iste'dodli yoshlar eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o'qishga yuboriladi. Buning uchun 200 million dollar yo'naltiriladi.
Yoshlarimizning faolligi, Vatanimiz taqdiri va taraqqiyotiga befarq emasligi, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan qarayotgani barchamizga g'urur va iftixor bag'ishlaydi.
Biz bugungi O'zbekiston bu - kechagi O'zbekiston emas, deb ko'p gapiramiz. Buning isbotini avvalo yoshlarimiz siymosida, ularning yutuq va g'alabalarida ko'ramiz.
Qadrli farzandlarim, bir narsadan ko'nglingiz to'q bo'lsin: sizlarning qobiliyat va iste'dodingizni ro'yobga chiqarish uchun biz bundan buyon ham barcha sharoit va imkoniyatlarni, albatta, yaratib beramiz.
Men siz, azizlarning har biringizni o'zimning o'g'lim, o'zimning qizim, o'zimning nevaram, deb bilaman.
Sizlarning har bir yutug'ingiz, g'alabangizni o'zimning yutug'im, o'zimning g'alabam, deb qabul qilaman.
Jonajon Vatanimiz, zahmatkash xalqimizning ana shunday yuksak ishonchi va mehriga doimo munosib bo'ling, aziz o'g'il-qizlarim!" - dedi Shavkat Mirziyoyev.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Koronavirus pandemiyasi sharoitida inson hayotining barcha jabhasida misli ko'rilmagan o'zgarishlar sodir bo'ldi. Ushbu silsilalar ko'p yillik shakllangan qadriyatlar, an'analar va tamoyillarning "darz" ketishiga ham olib keldi. Xususan, nufuzli olimlar, xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan yaqin va o'rta istiqbolda kurrai zamin taraqqiyotiga tahdid soladigan xavf-xatarlar bo'yicha berilgan prognoz ko'rsatkichlari o'z tasdig'ini topmadi. Aksincha, ular qaytadan ko'rib chiqilayotir. Ammo shu narsa ayon: dunyo bir butunlikda harakat qilmas ekan, inson o'ta tahlikali vaziyat qurboniga aylanishi hech gap emas. Yagona najot yo'li esa to'plangan bilim, shakllangan ko'nikma va orttirilgan xulosalarni yagona maqsad sari yo'naltirish, ilm hamda tajribalarni samarali uyg'unlashtira olishdir.
Bilim va ilmning shakllanishi esa bevosita ta'lim tizimiga borib taqaldi. Ta'lim tizimi samaradorligini o'qituvchi saviyasi, talaba ehtiyoji, o'quv adabiyotlari mazmuni hamda mustaqil ta'limni shakllantirishga qaratilgan infratuzilma bevosita ta'minlab berdi. Demak, ilg'or kadrlarni tayyorlash, ularni mehnat bozori talablariga muvofiq raqobatdoshligini oshirish, ijodiy fikrlaydigan mutaxassislarni yetishtirish o'quv dargohlarida yo'lga qo'yilgan ta'lim berish jarayoni bilan chambarchas bog'liq.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 8-oktyabrida "O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida"gi Farmoni imzoladi. Ushbu muhim dasturilamal hujjatda "respublikadagi kamida 10 ta oliy ta'lim muassasasini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli
Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1000 ta o'rindagi oliy ta'lim muassasalari ro'yxatiga kiritish va oliy ta'lim muassasalarida o'quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o'tkazish" belgilab berdi.
Kredit-modul tizimi, bu - ta'limni tashkil etish jarayoni bo'lib, o'qitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit o'lchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Uni bir butunlikda olib borish serqirra hamda murakkab tizimli jarayondir. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi: talabalarning mustaqil ishlashini ta'minlash; talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar e'tirof etiladi:
- o'quv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
- bitta fan, kurs (kredit)ningqiymatini aniqlash;
- talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
- talabalarga o'zlarining o'quv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
- ta'lim jarayonida mustaqil ta'lim olishning ulushini oshirish;
- ta'lim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qo'yilgan talabdan kelib chiqib o'zgartirish mumkinligi.
Yuqoridagilar dars mashg'ulotlarini nafaqat o'qitishni innovatsion ta'lim texnologiyalari asosida olib borish, balki talabadan mustaqil o'qib-o'rganish, ta'limga yangicha munosabatda bo'lish, mehnat bozori talabidan kelib chiqib, zaruriy va chuqur nazariy bilimlarni egallash, amaliy ko'nikmalarini shakllantirishga o'rgatishdan iborat bo'lgan. Muxtasar aytganda, mazkur tizim talabaning kasbiy rivojlanishi va kamolotiga yo'naltirilgan edi. Ilm sohibining butun hayoti davomida bilim olishini ta'minlashga hamda mehnat bozori va zamonaviy talablarga javob bera oladigan inson kapitalini shakllantirishga qaratilgan edi.
Keling, shu o'rinda modul va kredit tushunchalari mohiyatiga qisqacha to'xtalib o'tamiz.
Modul - bu, bir nechta fan hamda kurslar o'rganiladigan o'quv rejasining bir qismi. U talabalarda ma'lum bir bilim va ko'nikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega bo'lishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda o'qituvchi o'quv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio ma'ruzalar o'qiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil o'rganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.
Xorijiy tajribaga ko'ra, kredit-modul tizimida o'quv jarayoni har semestrda 2 - 4 tagacha moduldan iborat bo'ladi. Modulda jamlangan fanlar osondan murakkablik sari, nazariy-uslubiy fanlardan amaliy fanlarga qarab hamda mantiqiy jihatdan bir-birini o'zaro uzviy to'ldirish prinsipi asosida shakllantiriladi. Talaba mutaxassis bo'lib
shakllanishi uchun nafaqat axborotlar, balki ularni qayta ishlash, amaliyotga joriy qila olish malakasiga ega bo'lishi talab etiladi.
Modulga asoslangan o'quv dasturlari maxsus sxema asosida ishlab chiqiladi va quyidagilarni o'z ichiga qamrab oladi:
- o'quv maqsadi hamda vazifalarning to'liq ochib berilishi;
- talabaning fanni (kursni) boshlashi va tugatishidan keyingi orttirishi lozim bo'ladigan malakasiga qo'yiladigan talablar;
- modul tarkibiga kirgan har bir fanning qisqacha mazmuni (sillabus), ya'ni ma'ruzalar mavzulari, seminar va amaliy mashg'ulotlarning rejasi, mustaqil ta'limni baholash uchun mo'ljallangan topshiriqlar;
- o'qitishning qisqacha bayoni: ta'lim berish usul hamda vositalari; bilimlarni baholashning usul va shakllaridan iborat.
Modul asosida o'qitish tizimida talabalar bilimi, malakasi hamda ko'nikmasini baholashda reyting baholash tizimidan foydalaniladi. Unda talabaning barcha o'quv faoliyati, ya'ni auditoriya va auditoriyadan tashqarida olgan, o'zlashtirgan bilimlari ball berish orqali baholanadi.
Kredit (credit) - talabaning alohida ta'lim yo'nalishi yoki dasturi (kurs) bo'yicha fanlarni o'qib o'rganishi va o'zlashtirishi uchun sarflangan o'quv yuklamasining (vaqtning) o'lchov birligidir. Kredit - talabaning me'yoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda ta'lim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt o'lchovidir. Talabaga kredit ma'lum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli o'tgandan so'ng beriladi.
Har bir talaba kelajakda tanlagan yo'nalishi va mutaxassisligi bo'yicha diplomga ega bo'lishi uchun kreditlarni yig'ib borishi lozim. To'plangan kredit talabaga butun umr davomida o'zining malakasini oshirib borish yoki qo'shimcha oliy ma'lumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Iqtisodiy tilda aytganda, to'plangan kredit talabaning akademik "aktivi"ga aylanib boradi.
Kredit texnologiyasi ta'lim oluvchilarga ishchi o'quv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual o'quv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga, nafaqat fanlarni, balki professor-o'qituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi. Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatining berilishi ijobiy hol sanaladi. Bu o'quv jarayonlarini baholashning o'ziga xos qiymat ko'rsatkichi bo'lib ham hisoblanadi.
Vazirlik nega Yevropa maktabiga ustuvorlik bermoqda?
Bugungi kunda mazkur kredit o'lchovi tizimini amaliyotga tatbiq etish bo'yicha to'rtta model keng tarqalgan.
Bular Amerika qo'shma Shtatlarining kredit tizimi (USCS); Yevropa mamlakatlarining kredit tizimi (ECTS); Osiyo - Tinch okeani mamlakatlarining kredit tizimi (UCTS); Buyuk Britaniyaning kredit tizimi (CATS).
Ushbu modellarning ichida eng ko'p tarqalgani AQSh va Yevropa modellaridir.
Ma'lumotlarga ko'ra, mamlakatimiz Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi kredit tizimini joriy etishda Yevropaning ECTS tizimidan foydalanishga ustuvorlik qaratyapti. Shu bois uning afzal jihatlari, qulayliklari, yutuq va kamchiliklari haqida ham to'xtalib o'tish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Bolonya deklaratsiyasining eng muhim jihatlaridan biri oliy ta'lim muassasalarining yagona "kredit tizimi"dan foydalanish (ECTS)ga asoslanadi. Kredit yoki kredit birligi - o'quv rej asida hisobga olingan har qanday o'quv faoliyatining -qiymat ko'rsatkichi hisoblanadi.
ECTS tizimi Yevropa va umuman, Bolonya jarayoni ishtirokchi-mamlakatlari talabalariga katta afzalliklarni taqdim etadi.
Masalan, talaba ta'lim olayotgan universitetida egallagan akademik bilimlarini shu tizimga a'zo mamlakatlar oliy ta'lim muassasalarida tan olinishini, ya'ni o'ziga xos "konvertatsiyasi"ni kafolatlaydi. Shu bilan birga, mazkur tizim a'zolariga talabalarni boshqa OTMga o'qishini tiklash, ko'chirish va tugatish imkoniyatini beradi.
ECTS tizimi universitetlarga ham bir qator qulayliklarni taqdim etadi. Chunonchi, ma'lum bir ta'lim yo'nalishi va mutaxassisliklar kesimida o'quv jarayoni haqidagi axborotlarni aniq aks ettiruvchi o'quv rejalarning o'xshashligi hamda yagonaligini ta'minlaydi. Shuningdek, mutaxassislik darajasining tan olinishiga erishish maqsadida talabani qabul qiluvchi va jo'natuvchi oliy o'quv yurtlaridagi dasturlarning mazmunini oldindan kelishib olish imkonini beradi. Talabaning ta'lim olishi bilan bog'liq barcha masalani hal etishdagi javobgarligi hamda mustaqilligi saqlanadi. Yevropa ta'lim tizimida o'quv kurslari va barcha ta'lim jarayoni kreditlarda, O'zbekiston hamda MDhning boshqa mamlakatlarida esa akademik soatlarda hisoblanib kelinadi.
ECTS tizimi bo'yicha har bir oliy ta'lim muassasasi kredit tarkibini, har bir modul bo'yicha kreditlar sonini, qolaversa, har bir kurs va umuman, o'qish davrini tamomlash uchun talaba tomonidan to'planishi lozim bo'lgan kreditlarning umumiy miqdorini mustaqil belgilaydi.
Amaldagi o'qitish tartibidan farqli o'laroq, kredit tizimida majburiy fanlardan tashqari tanlov fanlari ham talabaning individual dars jadvaliga kiritiladi. Talabalar o'qishdan haydalmaydi yoki kursdan-kursga qoldirilmaydi. qaysi fan (kurs)dan belgilangan kreditlarni to'play olmasa, faqat o'sha fanning o'zidan qayta imtihon topshiradi, xolos. Oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom esa belgilangan kreditlar to'plagandan so'ng beriladi.
ECTS tizimi bo'yicha talabalarning bir yilda to'plashi lozim bo'lgan kredit miqdori 60 ni tashkil etadi. Bir o'quv yili ikki semestrdan iborat bo'ladi deb olsak, talaba har semestrda 30 kredit to'plab borishi lozim. Bakalavriat dasturi 3-4 yillik bo'lsa, talaba bakalavr darajasini qo'lga kiritishi uchun jami 180 - 240 kredit, 1-2 yillik
magistratura dasturini tugallashi uchun esa, 60 - 120 kredit to'plashi majburiyat hisoblanadi.
O'zbekistonda ahvol qay ko'rinishda edi?
Ma'lumki, bizda axborot manbai va turli xildagi xalqaro ma'lumotlar bazalariga kirish, ulardan foydalanish ma'lum darajada cheklanib qolgandi. Oqibatda oliy ta'limda professor-o'qituvchilarning asosiy diqqati axborotni qidirib topish, uni o'zlashtirish hamda dastlabki qayta ishlagandan so'ng talabalarga tarqatishga qaratildi. Ya'ni o'qituvchilar shunchaki axborotni qabul qiluvchi va uzatuvchi subyekt edi, xolos.
Bunda talaba o'quv jarayonining obyekti sifatida axborotni qabul qiluvchi vazifasini bajarar, asosiy vaqtini auditoriyada ma'ruza mashg'ulotlarini tinglashga sarflar edi. Bugungi kunga kelib esa axborotlar olamidan bahramand bo'lishning tezlashgani, xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatlarining kengaygani, globallashuv jarayonlari jadallashgani bois talabalarning mustaqil ta'limini rivojlantirish masalasi kun tartibiga ko'tarildi.
Ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklar o'quv rejalari esa mehnat bozori talabi bilan bog'lanmagan fanlar bilan to'ldirilar, asosan, professor-o'qituvchini ish bilan ta'minlash, unga auditoriya soatini chiqarib berish prinsipi nuqtayi nazaridan, shuningdek, kafedra mudirlarining o'zaro kelishgan holda fanlarni taqsimlash asosida shakllantirilar edi.
Talabaga fanlarni hamda professor-o'qituvchilarni tanlash u yoqda tursin, zerikarli bo'lgan mashg'ulotlardan voz kechib, kutubxonada o'qib-o'rganishiga ham imkon berilmas edi. Talabaning dars mashg'ulotlarini qoldirishiga jiddiy talafot sifatida qaralib, bir semestrda 30 soatdan oshsa ogohlantirish, 74 soatdan oshsa, talabalik safidan chiqarishgacha borilardi. Talabaga ushbu fan va o'qituvchi yoqadimi-yoqmaydimi, berilayotgan bilimlar almisoqdan qolib ketganmi-ketmaganmi, auditoriyada o'tirishi shart edi!
Xullas, an'anaviy tizimda talaba kelajakda qanday bilimlarni egallashi, qanaqangi professor-o'qituvchilar dars berishi, yo'nalish profili, fanlarning qisqacha mazmuni bo'yicha hech qanday materiallar taqdim etilmasdi.
Vaholanki, rivojlangan xorijiy davlatlarning barcha OTMda ta'lim yo'nalishi va mutaxassisliklar to'g'risidagi hamma ma'lumotlar, xususan, o'quv rejasida aks etgan fanlarning qisqacha sillabusi (fanning identifikatsiyasi, professor-o'qituvchi haqida ma'lumot, dars tavsifi, fanning maqsadi, o'rganish natijalari, o'qitish metodikasi, fanning rejalari, adabiyotlar, baholash metodikasi), fanlar kesimida dars mashg'ulotlarini olib boradigan professor-o'qituvchilar hamda ularning erishgan yutuqlari, mehnat bozorida mutaxassisga qo'yilgan qisqacha talablar, ya'ni qanday nazariy, amaliy bilim, ko'nikma va kasbiy malakaga ega bo'lishi bilan bog'liq ma'lumotlar universitetlarning rasmiy veb-saytida ochiq-oydin e'lon qilingan bo'ladi.
Ayni paytda, ming afsuski, abituriyentlar universitetlarimiz saytlarida ushbu ma'lumotlarni topishga qiynalishadi. Bu bo'yicha ham madaniyatni shakllantirish vaqti esa allaqachon kelgan.
ECTS talablari: dastlabki qadamlar
Yuqorida ta'kidlanganidek, an'anaviy o'qitish tizimining salbiy jihatlaridan voz kechish va xalqaro standartlar talablari doirasida ishlarni tashkil etish bo'yicha dastlabki qadamlar qo'yilmoqda.
Hozirgi kunda mamlakatimizning 33 ta oliy ta'lim muassasasida kredit-modul tizimiga o'tish bo'yicha ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Barcha kuchlar ushbu tizimni yaratishga safarbar etilyapti.
"El-yurt umidi" jamg'armasi tomonidan muntazam ravishda xorijiy oliy ta'lim muassasalarida ilmiy tadqiqot ishi va pedagogik faoliyat bilan shug'ullanayotgan, aynan kredit-modul tizimini yaqindan biladigan vatandoshlar tomonidan seminarlar tashkil etilib kelinayotgani bunga bir misoldir. qolaversa, o'zini o'zi moliyalashtirishga o'tgan 10 ta oliy ta'lim dargohiga "El-yurt umidi" jamg'armasi huzuridagi Xalqaro ekspertlar kengashi a'zolaridan bir nafardan ekspert maslahatchi sifatida biriktirib qo'yilgan.
Mazkur jarayonlarni to'laqonli amalga oshirish uchun oliy ta'lim muassasasida tegishli bo'linmalar ham tashkil etilyapti.
Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Ta'limning kredit tizimini boshqarish bo'limi faoliyat yuritmoqda. Ushbu bo'lim tomonidan 2020/2021 o'quv yilidan universitetda o'qitiladigan barcha ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklarning ECTS kredit-modul tizimiga to'liq transformatsiyasini amalga oshirish bo'yicha ishlar boshlab yuborilgan.
Yangi tizimga o'tilsa, qanday o'zgarishlar sodir bo'ladi?
Mazkur tizimning oliy ta'limga joriy qilinishi o'qitish sifatini oshirish, shaffoflikni ta'minlash, korrupsiyaga barham berish, ta'lim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil o'qib-o'rganib, o'z ustida ishlashiga zamin yaratadi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi ko'hna qit'aning deyarli barcha oliy o'quv yurtida amaliyotga joriy etilgan.
Kredit-modul tizimining joriy etilishi o'qituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli ta'limda pedagog tinglovchining o'zlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi, maslahat beradi, tekshiradi. Talaba esa yo'naltirilgan obyekt tomon mustaqil harakat qiladi. Eng katta urg'u ham talabalarning mustaqil ta'lim olishiga qaratiladi.
O'quv jarayonida mustaqil ta'lim olishning ahamiyati ortadi va bu kelajakda mutaxassislarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi hamda faolligini oshirishga olib keladi. Kredit-modul tizimida universitet talabalari har doim o'qituvchi va kursdoshlaridan yordam hamda maslahat olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu esa o'zaro
hamjihatlikni mustahkamlaydi va jamoada ishlash ko'nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kredit-modul o'qitish tizimiga o'tish oliy o'quv yurti professor-o'qituvchilariga bo'lgan majburiyat hamda talabni ham oshiradi. Yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, modulli o'qitish tizimi bilan o'qituvchi nafaqat axborot beruvchi va nazorat qiluvchi funksiyalarini, balki maslahatchi hamda muvofiqlashtiruvchilik vazifalarini ham bajaradi. Pedagogik jarayonda o'qituvchining yetakchilik roli saqlab qolinadi.
Prezident ishtirokidagi xotin-qizlar masalalariga bag'ishlangan videoselektorda qizlar ta'limi uchun bir qancha imtiyozlar berilishi ma'lum qilindi. Kun.uz ayollar ta'limi uchun O'zbekistonda mavjud imkoniyatlarni jamlagan holda taqdim etadi. Ta'lim imtiyozlari
yangi o'quv yilidan boshlab magistraturada o'qiyotgan qizlar kontrakt puli to'liq budjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so'm);
har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;
har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo'qotgan 150 nafar qizlar (jami 2,1 ming nafar) ta'lim kontrakti mahalliy budjetdan to'lab beriladi; yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o'qishga sharoit yaratiladi; doktorantura yo'nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi;
har yili xotin-qizlar talaba bo'lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo'nalishlari uchun maqsadli ajratiladi;
yangi o'quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o'qiyotgan qizlarga ta'lim kontraktlarini to'lash uchun ilk marta 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, hozircha bu yangiliklarning ishlash mexanizmi ishlab chiqilyapti. O'qishga kirish imtiyozlari
2021 yilda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomalari asosida 2 ming nafar ehtiyojmand oilalar qizlari qo'shimcha grant asosida talabalikka qabul qilindi. 2020 yilgi qabulda bunday xotin-qizlar uchun 940 ta grant o'rni ajratilgandi. Tavsiyanoma quyidagi toifadagi xotin-qizlarga beriladi: kam ta'minlangan oilalardagi xotin-qizlar;
to'liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya'ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
turmush o'rtog'i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg'iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
nogironligi bo'lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg'iz ayollar qiz farzandlari;
ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo'lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
2026 yilda xotin-qizlar uchun ajratiladigan grantlar 6 mingga yetkazilishi reja qilingan.
Faqat qizlar uchun beriladigan imtiyozlar
Umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo'lgan o'quvchilari OTMlar bakalavriatiga, bakalavriat talabalari bo'lgan laureatlar esa magistraturaga tegishli yo'nalish va ixtisoslik bo'yicha sinovlarsiz qo'shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.
Kontraktni to'lab berish
2021 yil sentyabr oyida hukumat qarori bilan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo'q yolg'iz ayollarning oliy ta'lim olishini moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko'ra, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joriy yilgi o'quv yilidan boshlab har yili o'z hududlaridan o'qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4-kurslarda o'qiyotgan 75 nafar (har bir kursdan 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun to'lov-kontrakt summasini to'rt o'quv yili yakunlanishiga qadar to'lab berishi lozim. Prezident videoselektorda kontrakti to'lab beriladigan xotin-qizlar soni 150 nafarga yetkazilishini ma'lum qildi.
Moliyaviy barqaror OTMlar esa 50 nafargacha talaba qizlarni birinchi o'quv yilida bepul o'qitishi kerak. Bunda talabgorlarning keyingi o'quv yillari uchun ta'lim krediti rasmiylashtiriladi. Hokimliklar o'z hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda o'qishni tamomlagandan so'ng, ularni ish joyi bilan ta'minlaydi.
Bu imkoniyat otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo'q ehtiyojmand yolg'iz ayollarga beriladi. Bu toifalarga mos keluvchi qizlar kirish imtihonlari javoblari e'lon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati to'g'risidagi ma'lumotnomani har yili 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga taqdim etadi. Davlat OTM 5 kun mobaynida ro'yxatni shakllantirib, hokimliklarga ma'lumotlarni yozma ravishda yuboradi.
Aytilgan toifalarga mos keladigan, kontraktga o'qishga kirishdan qo'rqib turgan abituriyent qizlar nizomning to'liq varianti bilan tanishib chiqib, oldindan imkoniyatini to'la bilib olishi mumkin.
Magistratura
Xotin-qizlar ta'limiga oid eng oxirgi yangiliklardan ko'pchilikni suyuntirgani, shubhasiz, yangi o'quv yilidan boshlab magistraturada o'qiyotgan qizlar kontrakt
pullari to'liq budjetdan qoplab berilishi bo'ldi. Buning uchun 200 mlrd so'm ajratilmoqda.
Shu o'rinda eslatma: kelgusi yildan davlat OTMlari magistratura bosqichlariga qabul murakkabroq tarzda bo'lib o'tadi.
Kelayotgan qabul - 2022/2023 o'quv yilidan chet tilidan xorijiy til sertifikatiga ega bo'lmagan abituriyentlar magistratura uchun hatto hujjat ham topshira olmaydi.
Magistratura mutaxassisligi uchun chet tili sertifikatining darajasi B2 (IELTS 5,5) bo'lishi kerak.
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, ta'lim muassasalarining zamonaviy tizimga o'tkazish quyidagi muhim muammolarni yechishda yordam beradi: ta'lim jarayonini faollashtirish, o'quv faoliyatining samaradorligini oshirish, egallayotgan kasbiga ijodiy yondashish ko'nikmasini hosil qilish; mustaqil ta'lim doirasini kengaytirish, xullas yetuk mutaxasislarni yetishtirish. Shu sababdan hozirgi paytda pedagog va dastur tuzuvchisi mutaxasislarning birlashib, turli fanlardan multimedia darsliklarini yaratish, ta'lim samaradorligini oshirish uchun kutilgan natijalarni berishni unutmasligimiz kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. O'zbekiston Respublikasining ta'lim to'g'risidagi qonuni. Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 19-mayda qabul qilingan Senat tomonidan 2020-yil 7-avgustda ma'qullangan.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-sentabrdagi "Nodavlat ta'lim xizmatlari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida" PQ3776 qarori.
3. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi "Nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish to'g'risida" 241-sonli qarori.
4. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi "Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida" PQ-3931 qarori.
5. www.un.int/uzbekiston/new
6. To'Ychiyeva, D. (2022). AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA KITOBAT SAN'ATI VA KUTUBXONALAR. Oriental Art and Culture, 3(2), 290-297.
7. To'Ychiyeva, D. (2023). AXBOROT-KUTUBXONA MUASSASALARIDA REKLAMANING O 'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI VA ULARNING TURLARI. Oriental Art and Culture, 4(1), 802-807.
8. To'Ychiyeva, S. N. M. (2022). OILADA BOLANI KITOBGA QIZIQTIRISHNING YO 'LIARI VA VOSITALARI Oriental Art and Culture, 3(2), 367-372.
9. To'Ychiyeva, S. N. M. (2022). BARKAMOL AVLODNI TARBIYALASHDA AXBOROT-KUTUBXONA MARKAZLARINING ROLI. Oriental Art and Culture, 3(2), 683-689.
10. Numonovna, T. S. (2021). The Role of Books in Raising the Morale of Young People. International Journal of Culture and Modernity, 11, 25-31.
11. Shaxrinsa, M., & Husanovna, A. M. (2022). O 'ZBEK MILLIY ETNO-LIBOSLARI TARIXIGA BIR NAZAR. Oriental Art and Culture, 3(1), 571-577.