Научная статья на тему 'OʻZBEKISTONDA MADANIY-MA’RIFIY ISHLAR VA KUTUBXONALAR FAOLIYATI (XX ASR TAJRIBALARIDAN)'

OʻZBEKISTONDA MADANIY-MA’RIFIY ISHLAR VA KUTUBXONALAR FAOLIYATI (XX ASR TAJRIBALARIDAN) Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
1103
321
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
kutubxonachilik / maorif / jadid / klub / siyosiy-iqtisodiy jarayon / muassasa / ommaviylik / tahlil / faoliyat / kitob fondi / madaniy saviya

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Mо‘minmirzo Xolmо‘minov, Asilbek Qolqanatov

Maqolada О‘zbekiston hududida dastlabki kutubxonalar aholining g‘oyaviy-siyosiy ongini oshirishda qanday missiyani amalga oshirgani va kutubxonalarning vazifalari nimalardan iborat bо‘lganligi haqida tarixiy materiallar berilgan. Dastavval, kutubxonalar madaniy-ma’rifiy tashkilot sifatida rivojlangan. Shuningdek, maqolada kutubxonashunoslik tarixi bо‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilib, yillar kesimi bо‘yicha tahlillar berilgan. О‘sha davrdagi kutubxona xodimlarining faoliyati va siyosiy-mafkuraviy jarayonlardagi о‘rni bо‘yicha fikrmulohazalar bildirilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «OʻZBEKISTONDA MADANIY-MA’RIFIY ISHLAR VA KUTUBXONALAR FAOLIYATI (XX ASR TAJRIBALARIDAN)»

O'ZBEKISTONDA MADANIY-MA'RIFIY ISHLAR VA KUTUBXONALAR

FAOLIYATI (XX ASR TAJRIBALARIDAN)

Mo'minmirzo Xolmo'minov [email protected] Asilbek Qolqanatov asilbekqolqanat@gmail .com O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotasiya: Maqolada O'zbekiston hududida dastlabki kutubxonalar aholining g'oyaviy-siyosiy ongini oshirishda qanday missiyani amalga oshirgani va kutubxonalarning vazifalari nimalardan iborat bo'lganligi haqida tarixiy materiallar berilgan. Dastavval, kutubxonalar madaniy-ma'rifiy tashkilot sifatida rivojlangan. Shuningdek, maqolada kutubxonashunoslik tarixi bo'yicha ilmiy izlanishlar olib borilib, yillar kesimi bo'yicha tahlillar berilgan. O'sha davrdagi kutubxona xodimlarining faoliyati va siyosiy-mafkuraviy jarayonlardagi o'rni bo'yicha fikr-mulohazalar bildirilgan.

Kalit so'zlar: kutubxonachilik, maorif, jadid, klub, siyosiy-iqtisodiy jarayon, muassasa, ommaviylik, tahlil, faoliyat, kitob fondi, madaniy saviya.

CULTURAL EDUCATIONAL ACTIVITIES AND LIBRARY ACTIVITIES IN

UZBEKISTAN

(FROM THE EXPERIENCE OF THE TWENTIETH CENTURY)

Mominmirzo Kholmominov [email protected] Asilbek Qolqanatov [email protected] Uzbekistan State Institute of Arts and Culture

Abstract: The article provides historical material on the mission of the first libraries in Uzbekistan to raise the ideological and political awareness of the population and the role of libraries. Initially, libraries developed as a cultural and educational organization. The article also provides research on the history of librarianship and analysis over the years. Opinions were expressed on the activities of the library staff at that time and their role in the political and ideological process.

Keywords: librarianship, education, jadid, club, political and economic process, institution, public, analysis, activity, book fund, cultural level.

XX asrda Turkiston xalqining madaniy-ma'rifiy, siyosiy-mafkuraviy ishlar tizimini yanada rivojlantirish maqsadida klublar va kutubxonalar faoliyatiga alohida e'tibor berila boshlandi. Ommaviy tashviqot-targ'ibot ishlari o'sha davrda sovet davlatining siyosatini keng omma orasida targ'ib etishning muhim vositalaridan biri hisoblangan.

Kutubxonalar va qiroatxonalar aholining g'oyaviy-siyosiy ongini oshirishga xizmat qilib, kutubxonalarda sovet mafkurasiga zid nashrlar bo'lmagan. Natijada, o'zbek milliy madaniyati, tarixi, ma'naviy merosiga oid bilim va asarlarga yetarli e'tibor berilmagan. Toshkent, Qo'qon, Samarqand, Andijondagi jadid tashkilotlari, bir tomondan, istiqlol harakatlarini olib borganlar, ikkinchi tomondan esa, milliy tarixiy asarlar to'plangan kutubxonalar tashkil etganlar. Turkistonning buyuk shoiri Andijonda jadidchilikka asos solgan, Cho'lpon o'z yurtida "Turon kutubxonasini" tashkil qilgan [1: 267].

Xalqning ma'naviy olamini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslar hukumat vakillariga xush kelmagan. Chunki, kutubxonalarga aholi ommaviy tarzda to'planar va ma'naviy zavq olishar, kitob mutolaasi orqali estetik madaniyatini yuksaltirar edi. Kutubxonalarning vazifalari, faoliyati, kitob fondlarining tarkibiga qarab, ommaviy, texnikaviy va turli maxsus kutubxonalar, o'quv yurtlarining kutubxonalari, ilmiy kutubxonalarga bo'lingan. Ommaviy kutubxonalar faoliyati aholining turli sohaga doir kitoblarga bo'lgan talablarini qondirishga qaratilgan.

Ommaning ijtimoiy va madaniy-ma'rifiy faolligini oshirish, partiya tadbirlarining faol a'zosiga aylantirish maqsadida Maorif xalq komissarligi huzurida barcha madaniy-oqartuv ishlariga rahbarlik qiluvchi maktabdan tashqari bo'lim tashkil etilib, respublikamizning 8 yoshdan 50 yoshgacha bo'lgan barcha aholisi yangicha (rus tilida) o'qish va yozishni o'rganishga majbur etilgan. Qiroatxona va kutubxonalarga a'zo qilishgan. O'sha davrlarda 1000 ga yaqin savodsizlikni tugatish maktablari, ko'plab kutubxona, qiroatxona, klublar, qizil choyxona, xotin-qizlar klublari ish olib borgan. O'zbekiston kompartiyasining II sezdida "Klub ishi" xaqida alohida rezolyusiya qabul qilgan va unda klub ishchilar ommasi madaniy saviyasi va faolligi oshirishda kutubxona va qiroatxonalar faoliyatidan keng foydalanish zarurligi ta'kidlangan.

Xalq maorifi Komissarligi huzuridagi kutubxona ishi bo'limi juda katta imkoniyat va imtiyozlarga ega bo'lib, ommaviy kutubxonalar va qiroatxonalar, ko'chma kutubxonalar tashkil etib, ularga metodik yordam ko'rsatib, kutubxona xodimlarini tayyorlashga yordam bergan. Natijada Turkiston Avtonom Respublikasida ishlab turgan 122 ta kutubxonalar soni 1924-yilning boshida 616 ming kitob jamg'armasiga ega bo'lib, mayda 132 tani klublar 21 tani, qizil choyxonalar qariyb 200 tani tashkil etgan, qiroatxonalar soni 58 ta bo'lib, yirik davlat kutubxonalari tez rivoj topdi. Jumladan, Turkiston Davlat bosh kutubxonasi (100

ming), Turkiston Davlat universitetining bosh kutubxonasi (23 ming), Andijon, Qo'qon va Namangan kabi shaharlardagi kutubxonalar ijtimoiy nufuzi kitob fondining ortgani sari yuqorilab bordi. Masalan, birgina Buxorada 1924-yilda 14 kutubxona, drama teatri, muzey va klublar aholiga xizmat ko'rsatgan. Dastlabki klub va kutubxona Xiva shahrida 1920-yil yozida sobiq xon saroyi binosida tashkil etildi. Shuningdek, klub va kutubxonalar Yangi Urganch, Toshhovuz, Qoraqalpog'iston ASSRning Xo'jayli, Qo'ng'irot va boshqa shaharlarda ham barpo etilgan. 1923-yilga kelib Xorazm Respublikasida 8 ta klub va madaniyat uylari, 5 ta ommaviy kutubxonalar, 4 ta qizil choyxona va kino teatrlar aholiga madaniy-ma'rifiy xizmatlar ko'rsatgan[2: 230].

Kutubxonalar sonining ko'payishi bilan vazifa va mas'uliyat ham mafkuraviy jihatdan murakkablashib borgan. Birinchidan, ijtimoiy tizimdagi muammolar bo'lsa, ikkinchidan, kutubxonalar iqtisodiy jihatdan ancha nochor ahvolda va tajribali mutaxassislar yo'q edi. Mavjud xodimlarning malakasini oshirishni davrning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ham taqozo etar edi. Kutubxona xodimlarini tayyorlash masalasi 1926-yili O'zbekiston klub va kutubxona xodimlarining I qurultoyidayoq ko'tarilgan, unda uzoq qishloq hududlari uchun kutubxona xodimlari tayyorlash masalasi dolzarb ahamiyatga ega ekanligi qayd etib o'tilib, qurultoy qarorlarini bajarish vazifalari nazoratga olinadigan bo'ldi. 1927-yil 1-fevralda Toshkentda kutubxona xodimlarini tayyorlash bo'yicha olti oylik kurslar tashkil qilindi. 1934-yilning yanvarida respublika Fan qo'mitasi kutubxona xodimlari tayyorlash kurslarining oliy bo'g'inlarini tashkil etish to'g'risidagi masalani ko'tardi. Kutubxona xodimlarining o'rta bo'g'inlari vakillarini qayta tayyorlash uchun 8 oylik kurslar tashkil qilindi. Unda xodimlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tahsil olar edilar [3: 125].

Kadrlar tayyorlash tizimining metodologiyasi markaz tomonidan ishlab chiqilar va mahalliy shart-sharoitlar to'g'ri tahlil qilinmasdan kutubxonalar va qiroatxonalar faoliyatiga yuzaki yondoshar edi. Ularga "buyruq"lar ham markaz tomonidan berilib, xalqni sovet mafkurasiga moslashtirib tayyorlash bosh prinsip edi. Kutubxonalardagi sovet mafkurasiga zid ko'plab nashrlarning yo'q qilinishi oqibatida, o'zbek milliy madaniyati, tarixiga, ayniqsa jadid falsafasi va ma'naviy merosiga oid ko'plab xalqning ongu-tafakkurini uyg'otuvchi noyob asarlar ilmiy-badiiy muomaladan olib tashlangan. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning murakkablashishi oqibatida Maorif xalk komissarligining maktabdan tashqari muassasalarini davlat byudjetidan mahalliy byudjetga o'tkazish tufayli respublikada madaniy-ma'rifiy muassasalar soni keskin kamaydi. Siyosiy maorif muassasalari 1922-yilda undan oldingi yildagiga nisbatan ancha qisqarib, savodsizlikni bitirish maktablari 3 mingtadan 50 taga, kutubxonalar 164 tadan 66 taga, katta yoshlilar kurslari 40 tadan 1 taga kamaygan. Yuzga yaqin kutubxonaga ega klublardan bir necha o'n klub qolgan. Ammo, keyinchalik bu

ko'rsatkichlar tez sur'atlarda yuqorilagan. Kutubxonalar sobiq markaz nashrlari tomonidan ishlab chiqilgan, g'oyaviy jihatdan "yetuk" adabiyotlar bilan boyib bordi. RSFSR markaziy kitob palatasi, Ukraina kitob palatasi va boshqa muassasalardan kitoblar olindi. O'quvchilar soni ham ortib bordi. Xususan, Turkiston Davlat bosh kutubxonasidagi o'quvchilar soni 1920-yilda 3953 ta bo'lgan bo'lsa, 1921-yilga kelib ular soni 61887 taga yetdi. 1920-yillarga kelib, kutubxona muassasasining ish usuli va shakllari ham o'zgarib, ijtimoiy-iqtisodiy hayotga takomillashib bordi. Aholi nafaqat kitob o'qish, ayni paytda uni muhokama etishda ham ishtirok eta boshlagan. Klub va kutubxonalarda "Ovoz chiqarib o'qish", "kitob haftaligi", "Fan va din", "Fan va turmush", "Yangicha turmush" kabi tadbirlar o'tkazila boshlagan.

Kutubxonalar tomonidan olib borilgan siyosiy-mafkuraviy ishlarni e'tibordan chiqarmagan holda ta'kidlash lozimki, ular aholining umumiy savodxonligini oshirish, ma'naviy-ma'rifiy, adabiy-badiiy qiyofasini shakllantirishda ham ma'lum rol o'ynagan [4: 89,90].

Barcha hududlarda ham kutubxonlar uchun imkoniyat yaratib berilmadi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangan hududlardagina klublar va kutubxonalar yangi adabiyotlar bilan boyitib borilar edi. Ko'pchiligi rus tilida bo'lganligi sababli mahalliy aholining bu kitoblarni o'qish imkoni yo'q edi.

Kutubxona muassasalaridan foydalanish qishloq joylarida ayniqsa og'ir edi. Buning sabablari esa qo'yidagilardan iborat edi:

1. Aholi savodxondigining o'ta past darajada ekanligi (ya'ni, rus tiliga nisbatan).

2. Mahalliy aholi tilidagi adabiyotlar sonining kamligi.

3. Shu soha mutaxassislarining yetishmasligi.

Shuning uchun ham asosan, ko'chma kutubxonalar faoliyati qishloq sharoitida katta ahamiyat kasb etdi. 1928-yilda to'rt millionli o'zbek qishloq aholisi uchun 44 ming kitob jamg'armasiga ega bo'lgan 74 kutubxonagina xizmat ko'rsatgan. Shuning uchun ham sovet davlati qishloqda o'z ta'sirini mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni chuqur tahlil qilish uchun kutubxonalar, undagi adabiyotlar sonini oshirishga alohida e'tibor berdi.

1928-1929-yillarda adabiyotlar soni 22 tadan (131,4 ming kitob) 161 taga (308,8 ming kitob)ga yetgan. Samarqandda 1919-yilda o'tish yodgorliklarini muhofaza qilish doimiy komissiyasi ta'sis etildi, birmuncha keyinroq esa Toshkentda muzey ishlari, o'tmish yodgorliklarini, san'at va tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi ishlay boshladi. Toshkentda davlat xalq kutubxonasi tarkibidagi sharq bo'limi xodimlari Yaqin va O'rta Sharq xalqlari tillaridagi kitoblarni va qadimiy sharq qo'lyozmalarini to'plash yuzasidan katta ishlar olib bordilar, bu qo'lyozmalarning ko'plari O'rta Osiyoning g'oyat boy tarixiy o'tmishini o'rganishga doir juda qimmatli ma'lumotlarni o'z ichiga olgan edi. O'sha 1919-yilning o'zidayoq Toshkentda Arxiv

ishlari Markaziy boshqarmasi (hozirgi O'zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi) tashkil etilgan [5: 149].

Bu islohotlar yaxshi natija bera boshlagan, albatta. Ammo, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar tufayli madaniyat va ma'rifat bo'yicha tajribali xodimlar siyraklashib, kutubxonalar, klublar, qiroatxonalarning moddiy bazasi yomonlashdi. Ularning ko'pchiligi noqulay xonalarga joylashganidan tashqari, kerakli anjomlar, kitoblar va ko'rsatmali qo'llanmalarga ham ega emasdi. O'sha davrda ishchilar va kolxozchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob izlab kutubxonalarga, klublarga, qiroatxonalarga borardilar va u yerda leksiyalar tinglashar, ro'y berayotgan voqealar haqida tegishli axborotlarni olishar, hujjatli filmlarni tomosha qilib, devoriy gazetalarni mutoala qilishar edi. Keng ommada bilimlar manbai bo'lmish kitoblarga qiziqish ortgan edi. 1935-yil 15-iyuldan 1936-yil 1-yanvargacha "Qishloqda kutubxona ishi"ni yaxshi yo'lga qo'yish bo'yicha nohiya nomini olish uchun Butunittifoq tanlovi o'tkazildi. Unda O'zbekistondan faqat kutubxonalar emas, balki madaniyat uylari va klublar ham qatnashdi. Respublika tanlovi kutubxonalar tarmog'ini kengaytirish va ularning ishini yaxshilash uchun turtki bo'ldi. Tanlov o'tkazish davrida 18 ta yangi nohiya kutubxonalari, 68 ta qishloq kutubxonalari za 122 ta klublar qoshidagi kutubxonalar ochildi 1937-yilda kutubxonalar soni 895 taga yetdi. Lekin kutubxonalar ko'paygani bilan respublikada kutubxonachilik ishlarini takomillashtirish lozim edi. Shuning uchun ham 1937-yili "Respublikada kutubxona ishi to'g'risida"gi qaror qabul qilingan. Qarorga muvofiq, shaharlarda, qishloqda chekka-chekka ovullarda kutubxonachilik ishlari qoniqarsiz ahvolda ekani ta'kidlanib, kutubxonalar kam, kitob fondlari qashshoq, kutubxonalarning xodimlari maxsus ma'lumotga ega emasligi tanqidiy ko'rib chiqilgan. 1937-yilda kutubxonachilik texnikumining ochilishi respublikada kutubxonachilik ishlarining yaxshilanishiga yordam bergan.

Kutubxonachilar ham mavjud imkoniyatlardan foydalanib, o'z bilim va ko'nikmalarini oshirishga harakat qildi. Ular jamoat ishlarida ham faol qatnashib kelgan. Toshkent shahridagi kutubxonalarning xizmatchilari o'z murojaatnomalarida jumladan shunday deb yozgan edilar: "Bizlar respublikadagi va shu jumladan, Farg'ona viloyatidagi barcha kutubxonalarning hamda siyosiy-ma'rifiy muassasalarning xodimlarini Katta Farg'ona kanali quruvchilariga madaniy xizmat ko'rsatishda va uni tashkil etishda faol qatnashishga chaqiramiz" [6: 128]. Kutubxonachilar jamoat ishlariga ba'zan o'z xohishi bilan, ba'zan esa, majburan jalb qilingan.

Respublikamiz hududida 1937-yilda 895 ta kutubxona ishlagan bo'lsa, 1941-yil bu raqam 1748 taga ortgan. Urush madaniy-ma'rifiy muassasalar ishini nihoyatda murakkablashtirdi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotda yangi qiyinchiliklar davri boshlandi. Kutubxonalar, klublar va muzeylar tarmog'i ancha qisqardi, ularga

ajratiladigan mablag'lar ham kamaydi. 1941-yil oxirida O'zbekistondagi 994 ta madaniy-ma'rifiy muassasalardan 669 tasi ishladi va ularga ajratiladigan mablag'lar 16 million so'mdan 8,7 million so'mga kamaygan [7: 29,33].

Lekin mana shu qiyinchiliklarga qaramay, urush davri sharoiti madaniyat va ma'rifat xodimlaridan siyosiy-ma'rifiy ishning mavjud shakl va metodlarini keng tus oldirish hamda yanada ommaviyroq shakllarini topishni talab qilardi. Madaniy-ma'rifiy muassasalarning ko'plari yoshlar va kasaba uyushmalarining faollariga tayanib, ijodkor ziyolilar bilan hamkorlikda aholining ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan g'oyat samarador ishlarni amalga oshirdi. Barcha narsa urush uchun shiori bilan klub va uning tasarrufidagi kutubxonalarda urush davrida aholiga ruh va kuch bag'ishlash uchun ko'plab madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi. Urush yillari O'zbekistondagi kutubxonalar ham sovet va chet ellik badiiy so'z ustalarining kitoblarini targ'ib qilish, fashizm va uning homiylari - insoniyat dushmanlarining, umuminsoniy sivilizatsiyaga doir kitoblarni yondiruvchilarning manfur qiyofasini fosh etish borasidagi ishlarini ancha kuchaytirdilar. Kutubxonalarning xodimlari aholi uchun ma'ruzalar o'qidilar, jangchilarimiz mardligining ajoyib namunalari to'g'risida, qahramonona kurashi va g'alabalari to'g'risida, fashistlar Germaniyasining halokati muqarrarligi to'g'risida qiziqarli va ta'sirchan suhbatlar o'tkazdilar. Bulardan tashqari, fan va texnikaning u yoki bu tarmoqlariga doir bilimlarni o'zlashtirishda kitobxonlarga yordam berdilar. Kolxozning, nohiya va shaharning madaniyati hamda xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda faol qatnashdilar. Urush yillari respublikada ilmiy muassasalar va turli korxonalarning kutubxonalarini hisobga olmaganda 440 ta kutubxona ishladi. Urush boshlangan paytda kutubxonalar tarmogi ancha qisqarganiga, qishloq kutubxonalari va bolalar kutubxonalarining ko'pchiligi yopilganiga qaramay, 1942-yilda respublika bo'yicha 193 ta ommaviy kutubxona ishlagan [8: 43,44].

O'sha vaqtlarda O'zbekistondagi kutubxonalarning xodimlari oldida urush tufayli vujudga kelgan qiyinchiliklarni yengib, shaharlar va qishloqlardagi aholi orasida ma'rifiy ishlarni yanada keng tus oldirish, ommaga kitoblarni targ'ib qilish, ko'chma kutubxonalarni ko'paytirish, kitoblar ko'rgazmalarini tashkil etish, kitobxonlar konferensiyalarini o'tkazish, kitoblarning tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini to'laroq qondirish vazifalari turar edi. "Kutubxonalarning xodimlari faol kitobxonlarni umumiy ishga mohirlik bilan jalb eta olgan, doimo jamoatchilikning yordamiga tayangan joylarda mehnatkashlar ommasi bilan olib boriladigan siyosiy-ma'rifiy ishlar yuqori saviyada amalga oshirildi. Kitoblarni, ayniqsa siyosatga va mudofaa ishlariga doir adabiyotlarni tarqatish ko'lami ortdi, doimiy kitobxonlar doirasi kengaydi. Agar 1941-yilda kutubxonalar o'quvchilarga 89528 ta kitoblarni bergan bo'lsa, bu raqam 1942-yilda 105 ming nusxadan oshgan [9: 44].

Kolxozlar va sovxozdarda, mahallalar. qizil choyxonalar va uy boshqarmalarida ham ko'p qirrali madaniy-ma'rifiy ishlar amalga oshirildi. Davlat madaniyat-ma'rifat va kasaba uyushma nashryotlari chiqargan "Klub xodimi kutubxonasi" va "Klub xodimi kutubxonachasi" seriyalardagi kitoblar omma bilan olib boriladigan madaniy-tarbiyaviy ishlarning g'oyaviy hamda ijodiy saviyasini oshirishda muhim rol oynadi. Madaniy-ma'rifiy ishlar bo'yicha markaziy o'lka va viloyat metodika kabinetlari tomonidan madaniy-ma'rifiy muassasalarning xodimlariga beriladigan metodik yordam yil sayin kuchaytirib borildi. Respublikamiz kutubxonalari tashviqot punktlari, qizil choyxonalarni, gospitaalarni, harbiy qismlarni kitoblar bilan ta'minlash yaxshi yo'lga qo'yildi. 1943-yil oxirida respublikada jami 293 ta ommaviy kutubxona qolgan va shularning 100 tasi viloyat, 120 tasi nohiya, 61 tasi shahar hamda 22 tasi bolalar kutubxonalari bo'lgan. Ularning kitob fondi 1 mln 209 ming 580 tomdan iborat bo'lgan. Madaniyat uyi xodimlari urushdan keyingi o'n yil mobaynida klub va kutubxonalarda 7890 marta leksiya, 285 marta ma'ruza o'qidilar. 8907 marta yakka tartibda va guruhli suhbatlar o'tkazdilar, 285 marta uchrashuv kechalari tashkil qildilar. 1950-yillardan e'tiboran madaniy sohani mablag' bilan ta'minlashning "qoldiq" prinsipi qaror topa boshladi. 1940-yilda ijtimoiy-madaniy tadbirlarga xarajatlar O'zbekiston davlat byudjeti bo'yicha qolgan xarajatlarning 67,9% ni tashkil etgan bo'lsa, 1950-yilda bu ko'rsatkich 64,4%, 1960-yil - 50%, 1970-yil - 49,6%, -1980-yil - 46,9% ga pasaydi. Hatto 1980-yillarning ikkinchi yarmida qayta qurish ta'sirida ro'y bergan o'zgarishlar ham ijtimoiy-madaniy sohani mablag' bilan ta'minlashning pasayish tendensiyalarini jiddiy o'zgartira olmagan.

1959-yilda respublika bo'yicha klub muassasalari shaharlar va shahar tipidagi posyolkalarda 342 taga, qishloq joylarda 2691 taga, ommaviy kutubxonalarda 3205 taga va jami kinomoslamalar 1910 taga yetgan[10:49].

"Qayta qurush" siyosati madaniy-ma'rifiy funksiyalar faoliyatiga ham ta'sir qilmay qo'ymadi. Bu ayniqsa madaniy-ma'rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi masalasiga, ayniqsa talluqli edi. Madaniyat sohasiga mablag' sarflashning "qoldiq" prinspi tufayli 1985-1990-yillarda madaniyat maskanlari sonining kamayishi kuzatildi. Masalan, ko'rsatilgan davrda respublikada klublar soni 55 taga, kutubxonalar soni esa 99 taga kamaydi. Binobarin O'zbekistonda madaniy-ma'rifiy maqsadlar uchun ahli jon boshiga 1989-yilda 3,6 so'm pul ajratildi, xolos. Bu raqam ittifoq respublikalari orasida eng past ko'rsatkich edi. Yuqorida keltirilgan raqamlar mazkur masalaning faqat tashkiliy jihatlari edi [11: 657].

Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, Ittifoq tarkibidagi Respublikalarga pul taqsimlanishining aniq va to'g'ri yo'lga qo'yilmaganligi sababli, kutubxonalar faoliyati ham mutonasib tarzida rivojlanmadi. Ko'rsatkichlar yuqori bo'lgani bilan, amaldagi kutubxonalarda aholining madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli imkoniyatlar yo'q edi. Keyinchalik, 1961-yil oktabr oyida kutubxona va klub

xodimlarining ish haqini oshirishga qaror qilindi. Qishloq klublarining mudirlari taxminan ikki baravar, madaniyat uylari va klublarining xodimlari 70-80 foiz ortiqcha maosh ola boshladilar. Kutubxona xodimlarining ham ish haqlari oshdi. 1966-yilga kelib, har bir yirik aholi turar joyida, qishloq sovetlarida, kolxoz va sovxozlarda kutubxonalar tarmog'i vujudga keldi. Jumladan, 1176 ta kolxoz, 1109 ta klub qoshidagi kutubxonalar yangidan tashkil etildi. "Qishloq joylarida madaniy-oqartuv muassasalari ishini yaxshilash va ular tarmog'ini rivojlantirish tadbirlari to'g'risida"gi qaror (1968 yil) asosida bunday kutubxonalar ommaviy davlat kutubxonalariga aylantirila boshlandi. O'zbekistonda kutubxona tarmoqlarini markazlashtirish jarayonida yangi kutubxona shaxobchalarini tashkil etish va mavjud kutubxonalar tarmog'ini tartibga solish sohasida qator ishlar amalga oshirildi. O'zbekistonda ommaviy kutubxonalar tarmog'i ham ortib bordi. 1971-yilda 5820 ta ana shunday kutubxona ishlagan bo'lsa, 1975-1980-yillar mobaynida kutubxona shaxobchalari yo'q bo'lgan aholi punktlarida yangidan 2142 kutubxona ochildi. O'zbekiston Madaniyat va qishloq xo'jaligi vazirliklari hay'atlarining 1976-yil 26-yanvar qaroriga binoan 628 ta kolxoz kutubxonasi markazlashtirilgan kutubxonalar tizimi tarkibiga kiritildi, 213 ta klub qoshidagi 86 ta kasaba uyushmasi tashkilotlariga qarashli kutubxonalar markazlashtirilgan tizimi filiallariga aylantirilgan. 1980-yilda 6836 ta, shulardan qishloq joylarda, 4783 va 5548 ta kutubxona faoliyat olib borgan. Samarqand, Farg'ona va Buxoroda kutubxonalar uchun zamonaviy tipdagi binolar qurilgan. Nashr etilgan ro'znomalar to'qqizinchi besh yillikning o'zida 32taga ko'paydi. Ularning 30 tasi o'zbek tilida chiqdi [12: 64].

1965-yil 11-dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Madaniyat vazirining "Toshkent shahar ko'zi ojizlar kutubxonasini respublika markaziy ko'zi ojizlar kutubxonasiga aylantirish haqida"gi buyrug'iga binoan, 1966-yil 1-yanvardan markaziy kutubxona faoliyat boshladi. 1966-1969-yillarda Qoraqalpog'iston Respublikasi, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg'ona, Xorazm viloyat kutubxonalarida Brayl yozuvida yozilgan adabiyotlar bo'limlari tashkil etildi [13: 63]. Umuman, respublikada (1972-yil oxirigacha) kutubxona shaxobchalarini tartibga solish jarayonida 2804 ta ommaviy kutubxona ochildi. 200 dan ortiq kutubxona kichik aholi turar joylaridan yiriklariga ko'chirildi, 500 dan ortiq kutubxona qaytadan tashkil etildi, 69 ta filial barpo qilindi, ko'chma kutubxonalar miqdori 5552 taga yetkazildi [14: 153].

1990-yilga kelib ushbu ko'rsatkich bo'yicha faqat 1960-yil darajasiga erishildiki, bu aholining ancha oshgan ijtimoiy-madaniy ehtiyoj va manfaatlari yetarli darajada qondirilmaganligidan dalolat beradi. Natijada, ijtimoiy-madaniy muassasalarning moddiy ahvoli ham og'irlashdi, bu esa tabiiy ravishda ijtimoiy-madaniy ish saviyasiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. 1989-yilga kelib, respublikadagi klub muassasalarining 27,9%, kutubxonalarning esa, 25,9% kapital ta'mirlashga muhtoj,

klublarning 3% va kutubxonalarining 3,8% avariya holatiga kelib qolgan edi [15: 255]. Sotsiologik tadqiqotlar natijalarining ko'rsatishicha, XXI asr boshiga kelib sobiq shurolar davlati amal qilgan barcha makonlarda, xususan, O'zbekistonda kutubxonalar soni 15,4% ga qisqargan (masalan, Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufida 1990-yili 6746 ta ommaviy kutubxona bo'lgan, 2003-yilda esa bu raqam 5710 tani tashkil etgan). Shuningdek, mazkur salbiy jarayon bir kishiga to'g'ri keladigan kitoblar soni hamda umumiy kitob fondining miqdoriy ko'rsatkichlarida ham kuzatiladi [16: 40]. Davlat va jamoat tashkilotlari madaniy-ma'rifiy faoliyatlarining turlarini yaxlitlashtirgan holda ikki guruhga ajratilib, birinchi, faoliyat vaqti va shaklini shaxsning o'zi tanlaydigan madaniy faoliyatning uy turi bo'lsa, ikkinchisi, klub, kutubxona, muzey, ko'rgazma va boshqa madaniy-ma'rifiy muassasalarda amalga oshiriladigan uydan tashqaridagi faoliyat turi hisoblanadi. "Madaniy - ma'rifiy faoliyat", avvalo, madaniy-ma'rifiy muassasa, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog'lari, muzeylar, kutubxonalar faoliyati hisoblangan.

Mustaqillik yillarida respublikamizda umumiy fondi bir yuz qirq milliondan ortiqroq kitobga ega kutubxonalar zaxirasi bir yarim baravarga yaqin ko'paydi. Mustaqillik yillarida kutubxonalar miqdorining kamayib borganligi ko'zga tashlanadi. Kutubxonashunos olim sotsiologiya fanlari doktori, professor A.Umarovning tadqiqotlariga ko'ra, 1990-yilda Madaniyat ishlari vazirligi tasarufidagi kutubxonalar soni 6765 ta kitob fondi miqdori 82997,6 dona, bir kishi uchun kitoblar soni 4 tani tashkil etgan bo'lsa, bu ko'rsatkich 2000-yilda tegishli tarzda 5710, 64026, 2,5ga tushib qolgan. Sho'rolar davrida faoliyat ko'rsatgan kutubxonalar soni keyingi o'n yilda 15,4 foizga qisqardi. Bundan tashqari, kutubxona binolaridan boshqa maqsadlarda foydalanish hodisalari ham ko'zga tashlandi. Birgina Farg'ona viloyatining o'zida shu maqsadda 17 ta kutubxona sotib yuborilgan. Shuningdek, kutubxona qurilishiga ko'ngildagidek e'tibor berilmayotganlik holatlari ham yo'q emas [17: 12,13].

Biz yuqoridagi tahlillarimizga suyanib, kutubxonalar eski ittifoq davrida bo'lsin, Mustaqillikdan keyin bo'lsin, birinchi navbatga xalqimizning man'aviy olamiga ta'sir ko'rsatuvchi asosiy maskan ekanligini alohida ta'kidlab o'tishimiz kerak. Hozirgi kunda ham madaniyat va san'at muassasalarida kichik kutubxonalar mavjud. Qiroatxonalar klublar tizimida tashkil etilgan, ammo ular alohida kutubxonalar tizimiga aylanishi siyosiy va iqtisodiy bosqichlar omillarga bog'liq bo'lgan. Qiroatxona va klublardagi haqchillik, ma'rifatparvarlik, badiiy-estetik ijodga undash ularni xalqimiz ijtimoiy-madaniy hayotidan barqaror joy olgan maskanlarga aylantirgan.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Sodiqov H., Shamsuddinov R., Ravshanov P. va boshqa. O'zbekistonning yangi tarixi. -Toshkent: "Sharq", 2000. 464b.

2. Jo'rayev M., Nurillin R., Kamolov S. va boshqalar. K2. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida.-Toshkent: "Sharq", 2000. 688 b.

3. Oxunjonov E.Vatan kutubxonachiligi tarixi. - Toshkent, 2008 y.. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti. 308 b.

4. Qarang: Yuldasheva M. Milliy madaniyat yo'lining mashaqqatlari. -Toshkent: 2007 O'zbekiston milliy ensiklopediyasi.133b.

5. Jo'rayev M., Nurillin R., Kamolov S. va boshqalar. K2. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida. - Toshkent: "Sharq", 2000. 688 b.

6. Qarang: Народное образование в УзССР за 15 лет (1924-1934 гг). Т., 1939. 128 b.

7. Nurmuhamedova M. O'zbekistonda madaniy-ma'ifiy ishlar. "O'qituvchi" nashryoti. -Toshkent: 1993.

8. O'sha yerda

9. O'sha yerda

10. O'sha yerda

11. Jo'rayev M., Nurillin R., Kamolov S. va boshqalar. K2. O'zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida.-Toshkent: "Sharq", 2000. - 688 b.

12. Nurmuhamedova M. O'zbekistonda madaniy-ma'ifiy ishlar. "O'qituvchi" nashryoti. -Toshkent:1993. 68 b.

13. Berdiyeva Z.Sh "Kutubxonashunoslik" 2-nashri. - Toshkent: 2013, "ILM ZIYO". 400b.

14. Qosimova O, Yesimov T. Umumiy kutubxonashunoslik. - Toshkent. O'qituvchi, 1994. 353b.

15. Qarang: E.Oxunjonov. Vatan kutubxonachiligi tarixi. - Toshkent. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2008 y. 308 b.

16. Umarov A. Mutolaa madaniyati:shaxs, jamiyat, taraqqiyot. - Toshkent, 2004, "Fan"194 B.

17. F.Ibragimova. "Badiiy madaniyat yangilanishining iqtisodiy omillari". "Fan" nashryoti. Toshkent:2007. 52B.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.