Научная статья на тему 'O‘ZBEKISTONDA DINIY-MA’RIFIY NASHRLAR RIVOJLANISHI TARIXI'

O‘ZBEKISTONDA DINIY-MA’RIFIY NASHRLAR RIVOJLANISHI TARIXI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
38
37
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Qurbonov B. G‘

Mustaqillik yillarida milliy tiklanish borasidagi eng katta ishlarning bir qismi xalqimizning ma’naviy-ruhiy olamining ajralmas qismi bo‘lgan islom diniga yo‘l ochilgani bilan ifodalanadi. Bu yillarda mamlakatimiz o‘z siyosatini belgilab olar ekan, muqaddas diniimizga alohida e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ushbu muqaddas qadriyatimizning xalqimiz tafakkur tarzi, ruhiy-ma’naviy olamining ajralmas qismi ekani, milliy qadriyatlarimizni bezavol saqlashdagi ahamiyati, amaliy hayotimizdagi tutgan o‘rni va boshqa ko‘plab qirralari e’tirof qilindi. Islom madaniyatiga mansub ming yillik tarixga ega, o‘tmish qa’ridan olamga nur taratib kelgan muqaddas obidalar masjid va madrasalar mo‘min-musulmonlarga qaytarib berildi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEKISTONDA DINIY-MA’RIFIY NASHRLAR RIVOJLANISHI TARIXI»

O'ZBEKISTONDA DINIY-MA'RIFIY NASHRLAR RIVOJLANISHI TARIXI

Qurbonov B.G'.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti O 'quv-uslubiy bo'lim uslubchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.11166855

Mustaqillik yillarida milliy tiklanish borasidagi eng katta ishlarning bir qismi xalqimizning ma'naviy-ruhiy olamining ajralmas qismi bo'lgan islom diniga yo'l ochilgani bilan ifodalanadi. Bu yillarda mamlakatimiz o'z siyosatini belgilab olar ekan, muqaddas diniimizga alohida e'tibor qaratdi. Ayniqsa, ushbu muqaddas qadriyatimizning xalqimiz tafakkur tarzi, ruhiy-ma'naviy olamining ajralmas qismi ekani, milliy qadriyatlarimizni bezavol saqlashdagi ahamiyati, amaliy hayotimizdagi tutgan o'rni va boshqa ko'plab qirralari e'tirof qilindi. Islom madaniyatiga mansub ming yillik tarixga ega, o'tmish qa'ridan olamga nur taratib kelgan muqaddas obidalar masjid va madrasalar mo'min-musulmonlarga qaytarib berildi.

O'tmish ajdodlarimizdan qolgan tarixiy merosimiz qayta tiklandi, insoniy qadriyatlarimizning asosini tashkil etgan Islom dini ta'limotlaridan elimiz yana bahramand bo'la boshladi.[1] O'zbekistondagi islom madaniyatiga oid nodir manbalarni yig'ish, ta'mirlash va tadqiq etishga ham alohida e'tibor berilmoqda. Fanlar akademiyasi tizimidagi institutlar, O'zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasi, Toshkent islom universiteti (hozirgi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi) Manbalar xazinasi va boshqa ilmiy va o'quv muassasalarida saqlanayotgan minglab qadimiy asarlarning elektron kataloglari va nusxalarini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.

Diniy qadriyatlarning hayotimizga qaytishi jarayonlari nechog'lik keng ko'lamli kechayotganini Qur'oni karim ma'nolarining o'zbek tilida xalqimizga yetkazilganida, hadis to'plamlarining tarjima qilinib, chop etilganida, ulug' allomalarimiz asarlarining o'zbek tilida nashr qilinayotganida ham ko'rish mumkin. Qur'oni karim ma'nolari o'zbek tilida bir necha marta tafsir qilingan bo'lsa, hadisi shariflarning "Sahihi Buxoriy", "Sunani Termiziy" kabi e'tiborli to'plamlari ona tilimizda ilk bor nashr qilindi. Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg'inoniy, Bahouddin Naqshband kabi allomalar qoldirgan merosni o'rganish va keng ommaga yetkazish borasida katta ishlar amalga oshirildi.[2]

Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo'lgan qiziqish va intilishi

hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga ega bo'lishga harakat qilishi kabi ma'naviy-ruhiy omillarni alohida ajratib ko'rsatish lozim. Mamlakatimizda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, muqaddas dinimizni soxtalashtirishga urinayotgan turli kuchlarning yovuz harakatlari oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, ayniqsa, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, ogohlik va hushyorlik muhitini yaratish doirasidagi tadbirlar, ayniqsa, islom diniga oid nashrlarga ehtiyoj kuchayib bormoqda.[3]

Xalqning din to'g'risida sog'lom va to'liq tasavvurga ega bo'lishi, islom dinining asl mohiyatini anglashga yordam berishga qaratilgan rang-barang nashrlar chop etildi va etilmoqda xalqimizga muntazam ravishda taqdim etilayotgan "Islom nuri" gazetasi, "Hidoyat", "Imom al-Buxoriy saboqlari" , "Mo'minalar", "Islom ma'rifati" jurnallari, "Hidoyat sari" va "Ziyo" studiyasi dasturlari, "Ramazon tuhfasi" kabi ko'rsatuvlarning mazmun-mohiyati yildan-yilga teranlashib, ularning qamrovi va nufuzi uzluksiz oshib bormoqda. Bugunga qadar faoliyat ko'rsatgan nashriyotlar: "Movarounnahr" (hozirgi Shamsuddinxon Boboxonov NMIU), "Sharq", "Islom universiteti", "Hilol-nashr", "Imom Buxoriy xalqaro markazi" kabi bevosita nashriyotlardan olingan materiallar tadqiqotda qo'yilgan maqsad va vazifalarni yechishga yaqindan yordam beradi.

1968-yildan O'rta Osiyo va qozog'iston musulmonlari diniy idorasining (O'zbekiston musulmonlari idorasining avvalgi nomi) uch oylik jurnali «Sovet Sharqi musulmonlari» chop etila boshladi. Bu jurnal sahifalarida muhaddislar va hadislar haqidagi ayrim maqolalar berilardi. Ammo ular eski o'zbek yozuvida hamda arab tilida chop etilar va mahalliy aholi uchun tushunarli emasdi. Mustaqillik davrida bu jurnal «Movarounnahr musulmonlari» va keyinchalik «Hidoyat» nomi bilan chop etila boshladi. Ushbu jurnal hozirgi kunda o'z sahifalarida islom ilmlari va ulamolari haqidagi, jumladan hadis va muhaddislarga oid mqolalarni muntazam berib bormoqda.

Qur'oni karimning tarjima qilinishi mustaqillik e'lon qilinmasdan oldin, O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy boshqarmasining Ulamolar kengashida ko'p martalab muhokama qilingan edi. Milliy tiklanish va islomiy qadriyatlarni jonlantirish borasidagi davlat siyosati, ruxsati bilan respublikamizda nashr etiladigan «Sharq yulduzi», «Fan va turmush», «Zvezda vostoka» kabi o'zbek va rus tillaridagi jurnallarda 1989-1990-yillarda Qur'oni karimning tarjimalari chiqa boshladi. Keyinchalik, 1992-yili «Cho'lpon» nashriyotida Shayx Alouddin Mansurning «Qur'oni karim ma'nolarining izohli tarjimasi» ilk bor Qur'oni karimning to'liq matnlarining tarjimasi sifatida chop qilindi. Mazkur tarjimaning chop qilinishi va nashrga tayyorlanishida keng jamoatchilikdan iborat diniy

ulamolar va boshqa ma'rifatchi olimlardan iborat ijodiy guruh ish olib bordi. Ilk bor tarjimonlar sifatida mazkur tarjimaga o'sha davr muftiysi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Shayx Alouddin Mansur, Shayx Abdulaziz Mansur, Abdug'ani Abdullayev kabi yetuk olimlar jalb qilindi. Tarjima borasidagi ishlarni mukammal tarzda ado qilish, turli xil tarjma uslublari va usullaridan holi bo'lishi uchun ish bir tarjimon Alouddin Mansurga topshirildi. Bu vaqtga qadar 5 ta tarjimon tomonidan (har biri 2 poradan) Qur'oni karimning 10 porasi tarjima qilib bo'lingan edi.

Shundan so'ng Qur'oni karimning tarjimasi borasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning 20 jildlik «Tafsiri hilol» kitobining ilk namunalari, 30, 29, 28 - kabi poralari tarjima va tafsir qilib nashr qilindi. Bu ish 1991—1998-yillar orasida bajarilib, 1 ta, 2 ta va shu kabi poralarni o'zida jamlagan kitoblar shaklida nashr etildi. Kitobning ilk namunalari chop qilinishi va bu holatlar haqida muallifning o'zi quyidagicha yozadi: "Bu muborak dasturimizning (Qur'on) ona tilimizda tarjimasi, tafsiri bo'lmasa! Bir vaqtlar islom nuri yog'dusida yashagan xalq zulmatda qoldi. Allohga shukrlar bo'lsinkim, endilikda zulmat chekinib, qora tun qa'ridan hilol yog'du sochmoqda (davlatimiz mustaqillika erishganimizga ishora qilgan). Shuning uchun qo'lingizdagi kitobni "Tafsiri hilol" deb atadik.[4]

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz fuqarolarining diniy savodxonligini oshirish, missionerlikning oldini olishga qaratilgan bir qator adabiyotlar, qo'llanmalar nashr etildi. Jumladan, "Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi va tafsiri", sahih hadis to'plamlari va ularning sharhlari bir necha bor nashr etildi. Bu borada faoliyat yuritayotgan "Movarounnahr" nashriyoti, "Hidoyat" jurnali, "Islom nuri" gazetasi va "Ziyo", "Hidoyat sari" ko'rsatuvlarini aytib o'tish joiz.[5]

Hozirgi kunda islom dini va uning tarixini o'rganishda juda noyob bo'lgan muhim tarixiy manbalar va asarlar, jumladan, Qur'oni karim, Imom Buxoriy, Imom Termiziyning hadis to'plamlari, Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy va Najmiddin Kubro hikmatlari, Burhoniddin Marg'inoniy kabi allomalarning insonni yetuklikka chorlovchi diniy, ma'rifiy, madaniy, falsafiy, axloqiy va huquqiy asarlari o'zbek tilida chop etilmoqda.

Mustaqillikdan keyin islom dini va uning vujudga kelish tarixi, shariat va uning sohalari xususida ko'plab kitoblar, ilmiy-ommabop asarlar va maqolalar yaratilmoqda.

Mustaqillikdan keyin aqidaga oid ko'plab kitoblar chop etildi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Aqoid", "Sunniy aqidalar", "Aqida at-Tahoviya", Abdulqodir Pardayevning "E'tiqod durdonalari", kitoblarini misol qilish mumkin. Aqida masalalarida Abdurashid Bahromov tarjimon va nashrga

tayyorlovchi bo'lgan "Imomi A'zam asarlari" kitobini alohida ta'kidlash mumkin.[6]

Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizda fiqh ilmiga oid o'nlab mo'tabar kitoblar tarjima va nashr qilindi.[7] Xususan, Ubaydulloh ibn Mas'ud Buxoriyning «Muxtasarul Viqoya» asari nashr qilindi.[8] Yana bir muhim ma'naviy merosimiz namunasi Burhoniddin Marg'inoniyning "Hidoya" asarining o'zbek tilida chop qilinishidir. "Hidoya" ko'plab Sharq mamlakatlarida fiqh bo'yicha asosiy qo'llanma sanaladi.

Jamiyat ma'naviy hayotida dinning ahamiyatni har tomonlama e'tirof qilinar ekan, yoshlarni milliy istiqlol mafkurasi ruhida tarbiyalashda umuminsoniy qadriyatlar qatori, islom axloqi asoslarini zamon talablari zaminida ishlab chiqish va ba'zi islomiy oqimlar g'oyalarining zararli oqibatlarini fosh etuvchi nashrlarni xalqimizga yetkazib berish bugungi kundagi ma'naviy hayot va islom diniga oid nashrlar borasidagi eng katta muammolardan hisoblanadi.

Diniy idora tasarrufidagi nashrlar mushtariylarga diniy-ma'rifiy bilim berish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish, ham nazariy, ham amaliy jihatdan farzand tarbiyasidagi bilim va tajribalarini oshirish rejalashtirgan. Gazeta va jurnallarda yoritiladigan mavzu va maslahatlar, turkum tahliliy maqolalar yurtdoshlarimiz ruhiyatini ko'tarib, oilalarni mustahkamlashga, pirovardida xonadonlarda sog'lom va barkamol avlodning kamol topishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, kishilarning kelajakka ishonchini, sabrini mustahkamlab, ularni ma'rifatga chorlaydi.

Yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha mo'min-musulmonlarning diniy, ma'rifiy adabiyotlarga, shuningdek, O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'n beshga yaqin ilmiy markaz va islom bilim yurtlari talaba o'quvchilarining darslik va qo'llanmalarga bo'lgan ehtiyojlarini to'laroq qondirish maqsadida "Shamsuddinxon Boboxonov" nashriyot-matbaa ijodiy uyi (2018-yilgacha nomi "Movarounnahr" NMIU) nashriyoti izchil faoliyat yuritmoqda.

Nashriyot yiliga 50-60 nomda, umumiy hisobda 450-500 bosma taboq hajmida, 1,5-2 million nusxadan ortiq darslik va diniy adabiyot hamda davriy nashrlarni chop ettirmoqda. Bu asarlar orasida Qur'oni karim, hadislar, mazhabboshimiz Imomi A'zamning "Asarlar" va "Musnad", Hakim Termiziyning "Manozilul ibod minal iboda", "Abu Muin Nasafiyning "Tabsiratul adilla" kabi noyob asarlari ham bor.

Shuningdek, Toshkent islom instituti va o'rta maxsus islom bilim yurtlari talaba-o'quvchilariga mo'ljallangan darsliklar, xususan, "Nurul Anvor" (2 jild),

"Sharh al-fiqh al-akbar", "Hidoya", "Al-Ashboh van nazoir", "At-Ta'arruf limazhabi ahlit tasavvuf ' kabi o'n nomdan ortiq kitoblar chop etib kelinmoqda.

Nashriyot oylik Hidoyat, Mo'minalar jurnallari va haftalik Islom nuri gazetasini nashr qiladi.

"Hidoyat" jurnali. O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari diniy nazorati tashkil etilganiga ko'p vaqt o'tmay "O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlari" jurnali eski o'zbek yozuvida chop etila boshladi. Keyinchalik uning chiqishi to'xtab qolgan. 1968 yilga kelib muftiy Ziyouddinxon ibn Eshon Boboxonning tashabbusi bilan "Sovet Sharqi musulmonlari" bezakli jurnal sifatida nashr etila boshlandi. U dastlab har chorakda o'zbek (arab va kirill yozuvlarida), arab va ingliz tillarida 3-5 ming nusxada chiqqan. Keyinchalik fors, fransuz, rus tillarida nashr etilib, sobiq sovet ittifoqi va chet ellarda tarqatilgan. 1991—1995-yillari "Movarounnahr musulmonlari", 1995—1999-yillarda esa "O'zbekiston musulmonlari" nomi bilan chop etilgan. 1999-yil avgust oyidan "Hidoyat" nomi bilan yangicha shakl va mazmunda chiqa boshladi.

"Mo'minalar" jurnali. "Movarounnahr" nashriyoti rahbariyati tomonidan

2018-yil 5-fevralda tasdiqlagan nizomi asosida tashkil etilgan. Tashkil etilganidan boshlab toki hozirgacha ayol-qizlar uchun ma'naviy-ma'rifiy turkum maqolalarini chop etib kelmoqda. Ularning diniy savodxonligini oshishi uchun xizmat qilmoqda.

"Islom nuri" gazetasi. O'zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ijtimoiy gazetasi 1990-yilning mart oyida birinchi soni chiqdi va chorak asrdan ziyod ana shu xayrli yo'lda faoliyat yuritib kelmoqda. Ana shu davrida esa ushbu nashr faoliyati asosida yurtimizda diniy jurnalistika rivojlandi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Gazeta katta qiziqish va hurmat bilan kutib olingani sababli 150 ming nusxada chiqarildi. Gazetada "Bir oyat tafsiri", "Bir hadis sharhi", "Islom asoslari", "Imom minbari", "Islomiy odob-axloq", "Dinimizga yot oqimlar", "Yaxshilikka chaqirish", "Ayollar sahifasi", kabi ruknlar ostida idora fatvolari, Oliy hay'at va Ulamolar kengashi hujjatlari, Islom arkonlari va tarixi, mamlakatimiz musulmonlari hayotiga doir maqolalar, suhbatlar va xabarlar e'lon qilinadi. 2008-yildan buyon gazetaning qoraqalpoqcha ilovasi — «Islam nurbi» ham chop etilmoqda.

O'zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat», «Mo'minalar» jurnallari, «Islom nuri» gazetasi musulmon xalqimiz sevib o'qiydigan nashrlar hisoblanadi.

2019-yilda 175.000 kishi obuna bo'lgan bo'lsa, 2024-yilga kelib bu ga yetdi.

O'zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma'rifiy nashrlari sof islom ta'limotini hanafiylik mazhabiga ko'ra xalqimizga o'rgatish bilan birga

yurtdoshlarimizning, ayniqsa, yoshlarning dunyoviy, ilmiy, axloqiy salohiyatini yuksaltirish, ularda yurt istiqloliga sadoqat, milliy-ma'naviy umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg'ularini kuchaytirish, jamiyatimizda diniy aqidaparastlikning har qanday ko'rinishlarining oldini olish, o'lkamizda ijtimoiy-ma'naviy va siyosiy muhitni yanada sog'lomlashtirish, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlash yo'lida ham xizmat qilmoqda.

Xulosa va takliflar: Xalqimiz o'rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik, kattaga hurmat, kichikka izzat kabi olijanob fazilatlarni keng targ'ib etish, yoshlarni Vatangan muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhida kamol toptirish, farzandlarimiz ongiga muqaddas islom dinining sof aqidalarini chuqur singdirish, ulug' ajdodlarimizning bebaho ma'naviy merosida tarannum etilgan halollik, insoniylik, ezgulik kabi yuksak axloqiy g'oyalar asosida oilalarni mustahkamlash, jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda O'zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma'rifiy nashrlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohang faoliyat yuritmoqda [10].

Adabiyotlar:

1. Alimov U. Islom ma'rifati-ezgulik yo'li. - Toshkent: Movarounnahr, 2015. B.105.

2. Alimov U. Istiqlol sharofati. - Toshkent: Movarounnahr, 2011.- B. 11-20.

3. Husnidinov Z. O'zbekistonda diniy bag'rikenglik. T., 2006. 164 b.

4. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol muqaddimasidan. 30 juz'. -T.: Movarounnahr. 1992. 4-b.

5. Ochildiyev A.Muqaddas dinimizga yuksak e'tibor va ehtirom. - T.: Toshkent islom uneversiteti, 2010.-B. 16-17.

6. Bahromov A. Imomi A'zam asarlari. - Toshkent: Movarounnahr, 2003.

7. Juzjoniy A. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va O'rta Osiyo faqihlari. -T.,:TIU, 2003. -B. 25.

8. Muxtasar. Rashid Zohid tarjimasi. -T., A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti. 1989.

9. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 26-martdagi 130-sonli "Ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada sog'lomlashtirish, diniy aqidaparastlikning oldini olish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori.

10. "O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami", 1998 y., 3-4-son.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.