CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA BYUDJET TAQCHILLIGINING KELIB CHIQISH SABABLARI VA OLDINI
OLISH YO'LLARI
Almirzayeva Laziza Anvarjon qizi
Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14190105
ARTICLE INFO
Received:17 th November 2024 Accepted:19th November 2024 Published:20th November 2024
KEYWORDS byudjet taqchilligi,byudjet
kamomadi,konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi,yashil
byudjetlash tirish,daromad manbalari, davlat xarajatlari, inson kapitali ,moliyaviy taqchillik, inflatsiya ,moliyaviy barqarorlik,soliqqa tortish
bazasi, eksport, flskal siyosat.
ABSTRACT
Ushbu maqolada O'zbekiston Respublikasida byudjet taqchilligining oqibatlari va sabablari tahlil qilinib,uning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari ko'rsatib berildi,hamda byudjet taqchilligining oldini olish usullari haqida ma'lumotyoritib berilgan.Shu jumladan soliq siyosatining samaradorligini oshirish,davlat xarajatlarini optimallashtirish,iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish va investitsiyalarni jalb qilish choralarini o'z ichiga oladi.
Davlat byudjeti taqchilligi deb muayyan davrda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlari uning daromadlaridan oshib ketishiga aytiladi. Oddiyroq qilib aytganda hukumat o'zining daromad manbalari, masalan soliqlar, turli yig'imlar va boshqalar keltirganidan ko'proq mablag' sarflashi byudjet taqchilligini anglatadi. Davlatlar byudjet taqchilligiga qarshi davlat xarajatlarini kamaytirish va soliqlarni oshirish kabi fiskal siyosat orqali kurashishga harakat qiladi. O'zbekistonda byudjet taqchilligi kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag'larning juda ko'pligi bo'lishi mumkin. Masalan, 2019-yildan 2023-yilgacha bo'lgan davlat byudjeti xarajatlarining dinamikasiga nazar solinsa, har yili ijtimoiy sohaga barcha xarajatlarning deyarli 50 foizi sarflanib kelinayotganini ko'rishimiz mumkin. Ayniqsa ijtimoiy sohaga yo'naltirilgan mablag'larning ichida ta'lim, sog'liqni saqlash va ijtimoiy himoya yetakchi o'rinlarda va bu byudjet taqchilligining ortishiga hissa qo'shayotgan bo'lishi mumkin.Mamlakatimizda taqchillikning ortishiga sabab bo'layotgan omillardan yana biri bu muayyan sohalarga berilayotgan subsidiyalar va imtiyozlar bo'lishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yil I chorak holatiga ko'ra mamlakatimizda jami 44 183 ta xo'jalik yurituvchi subyekti soliq imtiyozlaridan foydalangan bo'lib, ular uchun qo'llanilgan umumiy soliq imtiyozlari 9 trln. so'mdan ziyod mablag'ni tashkil etgan va ularning 93,5 foizi qo'shimcha qiymat solig'i (QQS) hissasiga to'g'ri keladi. Ko'rinib turibdiki, agar bunday imtiyozlar mavjud bo'lmaganda 2022-yil I chorakning o'zida yillik byudjet daromadlarining 4.5 foizi miqdoridagi qo'shimcha daromadlar shakllangan bo'lar edi.Energetika sohasining o'ziga subsidiya ajratish bo'yicha O'zbekiston dunyoda yetakchi davlatlardandir. 2020-yilda bu sohaga yo'naltirilgan subsidiyalar miqdori 3.8 mlrd. AQSH dollari ya'ni mamlakat YAIMning 6.6 foizini tashkil
etgani juda ta'sirlidir. Xalqaro energiya agentligining tahminlariga ko'ra bu sohaga bo'lgan subsidiyalar 2020-yilga kelib avvalgi yillardan pasaygan bo'lsada, lekin keyingi yillarda bu mablag' ortgan bo'lishi mumkin.Prezidentimiz ta'kidlaganidek, mahalladagi ishsiz aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o'qitish orqali bandligini ta'minlash, biznesini boshlashi uchun har yili o'nlab trillion so'mlik kredit va subsidiyalar ajratiladi. Lekin, ularning samaradorligini baholaydigan tizim yo'q. Masalan, so'nggi uch yilda 300 ming ishsiz aholi kasbga o'qitilgan bo'lsada, ularning atigi 45 foizi doimiy ish bilan ta'minlangan. Vaholanki, bu ishlarga qariyb 1 trln. so'm byudjet mablag'lari yo'naltirilgan.O'zbekistonning 2024-yilgi Davlat budjeti loyihasi e'lon qilindi.O'zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi davlat budjeti to'g'risidagi qonun loyihasini muhokamaga qo'ydi.Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulotning o'sishi 5,6-5,8 foiz, 2025-2026-yillarda esa mos ravishda 6,2 va 6,4 foiz bo'lishi, o'sish sur'atlari sanoatda 6 foiz, xizmat ko'rsatish sohasida 6,1 foiz, qishloq xo'jaligida 4 foiz bo'lishi prognoz qilingan. Bu ko'rsatkichlarga "har bir sohada boshlangan tarkibiy islohotlarni sifatli davom ettirish" orqali erishilishi kutilmoqda.Inflyatsiya 2024-yilda 8-10 foiz, 2025-yilda 7,5-8,5 foiz, 2026-yilda 5,7 foiz bo'lishi kutilmoqda. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo'mitalariga ushbu loyiha hamda Byudjetnoma kiritildi. Ushbu qonun loyihasi 17 ta modda va 11 ilovadan iborat.2024-2026-yillar uchun soliq-byudjet siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilar: konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligini 2024-yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foizga, 2025-2026-yillarda esa yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshirmaslik. Byudjet taqchilligi qisqartirilishi iqtisodiyotda yalpi talabni o'sishini tartibga solish, o'z navbatida, tashqi savdo balansi manfiy taqchilligini va inflyatsion bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.Shu bilan birgalikda, inson kapitali rivojlanishiga doir xarajatlar ustuvorligini ta'minlash va ijtimoiy himoyaning manzilligini kuchaytirish, ish haqi va pensiya miqdorlarini inflyatsiyadan kam bo'lmagan miqdorda oshirib borish, byudjet ochiqligini ta'minlash hamda byudjetni shakllantirishda fuqarolar ishtirokini yana-da oshirishdir.
«Yashil byudjetlashtirish» tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish va atrof-muhit va tabiat muhofazasi, iqlim o'zgarishiga moslashish tadbirlarining, suv sarfini kamaytirish va iqtisod qilib ishlatilishini rag'batlantiruvchi tadbirlarni ustuvorligini ta'minlash ham kiritilgan.2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yoki uni aholi jon boshiga 4 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 5,7 foizga yetdi. Bu avvalgi yillardagidan ancha ko'p.Birinchi yarimyillikda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 5,7 foizni tashkil etdi — xarajatlar daromadlardan 26,9 trln so'mga ko'proq. Bu pandemiya boshlangan 2020-yil, shuningdek, 2021-2022-yillardagi ko'rsatkichlardan ko'p. Hukumat bu davrda biror marta budjet taqchilligi chegarasini ushlab turolmagan. 2023-yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko'ra, O'zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi 5,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet ijrosi to'g'risidagi hisobotida aytiladi.Birinchi yarimyillikda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 153,8 trln so'mni, xarajatlari 180,8 trln so'mni tashkil etdi. Defitsit 26,9 trln so'm yoki YAIMga nisbatan 5,7 foiz bo'ldi. Bu avvalgi yillarga nisbatan ancha yuqori:
2020-yil (koronavirus pandemiyasi): birinchi yarimyillikda — 8,9 trln so'm (YAIMga nisbatan 3,4 foiz), yil yakunida — 26,09 trln so'm (YAIMga nisbatan 4,5 foiz);
2021-yil (pandemiya ta'sirining davom etishi): yil yakuniga ko'ra — 40,8 trln so'm (YAIMga nisbatan 5,6 foiz);
2022-yil (Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, logistika muammolari, Rossiyaga qarshi sanksiyalar): birinchi yarimyillikda — 14,4 trln so'm (YAIMning 3,7 foizi), yil yakunida — 35,22 trln so'm (4 foiz).
Shunday qilib, hukumat 3 foizlik taqchillik chegarasini bu qoida qonunda o'z aksini topganidan keyin ham biror marta ushlab turolmadi.Birinchi yarimyillikda budjet taqchilligining yarmidan ko'pi yil boshidagi davlat budjeti, davlat maqsadli jamg'armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi va budjetdan tashqari jamg'armalar mablag'lari qoldig'i hisobidan qoplandi — 14,5 trln so'm.Byudjet taqchilligiga olib kelishi mumkin bo'lgan muammolardan yana biri bu davlat xaridlari hisoblanadi."Daryo" nashri muxbirining ta'kidlashicha, davlat xaridlari bo'yicha asosiy muammolardan biri bu yetkazib berilgan tovarlar yoki xizmatlarning muvofiqligi ustidan nazoratning yo'qligidir, ya'ni savdolarda maxsulot xususiyatiga bo'lgan talablarning bajarilmasligi yoki atayin pastroq sifatdagi tovarlarni qabul qilish holatlari uchraydi. Masalan, buyurtmachi 2022-yilda chiqarilgan "Apple MacBook Pro 13" kerakligini bildirgan bo'ladi, lekin yetkazib beruvchidan "ASUS ZenBook 14" qabul qiladi. Bu yetkazib beruvchi va buyurtmachining kelishuvi bilan sodir bo'lishi yoki faqat yetkazib beruvchining aybi bilan ham bo'lishi mumkin. Natijada esa vaqt yoqotilishi, byudjetmablag'larining korrupsion tarzda o'zlashtirishi, xarajatlarning ortishi va bozorda ayrim maxsulotlar narxining oshishi xolatlari kuzatilib kelinmoqda.Bu o'z navbatida byudjet mablag'larining noto'g'ri sarflanishi ortidan byudjet taqchilligiga sabab bo'lishi mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xabar berishicha, 2023-yil fevral oyining o'zida davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda jami 25 mlrd. so'mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Davlat byudjeti taqchilligini kamaytirish usullari:
Xarajatlarni qisqartirish. O'zbekistonda byudjettaqchilligini kamaytirishning yechimlaridan biri ijtimoiy sohaga, ya'ni sog'liqni saqlash, ta'lim va ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan mablag'larni qisqartirish yoki ularni optimallashtirish bilan bo'lishi mumkin va buning ijobiy va salbiy ta'sirlari bor. Bu sohalarga xarajatlarni qisqartirish qisqa muddatlarda byudjettaqchilligini kamaytirishga yordam beradi, ammo bu xarajatlarni qisqartirish muhokama qilingan holda muvozanat ila amalga oshirilishi kerak. Chunki, bu sohalarga yo'naltirilgan sarmoyalar sog'lom, bilimli va samaraliroq ishchi kuchini yaratish orqali mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy o'sishiga hissa qo'shishi mumkin. Ushbu xarajatlarni qisqartirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim bo'lgan inson kapitalining rivojlanishiga to'sqinlik qilishi mumkin.Misol uchun, Irlandiyada 2010-yilda byudjet taqchilligi YIMning 32,1 foizini tashkil qildi va hukumat taqchillikni kamaytirish uchun ko'rgan choralar ichida ishsizlik va ijtimoiy nafaqalar taxminan 10 foizga (2.3 mlrd yevroga)ga qisqartirildi, 2011-yil byudjetida bolalar nafaqasi kamaytirildi va bu esa yillik 149 mln yevroni tejalishiga olib keldi. 2011-yilgi byudjetda sog'liqni saqlash sohasiga bo'lgan xarajatlar qariyb 3 foizga qisqartirilib 750 mln. yevro tejalgan. Subsidiyalarni va soliq imtiyozlarini kamaytirish. O'zbekistonda subsidiyalar va soliq imtiyozlarini bekor qilish yoki kamaytirish davlat daromadlarining oshishiga olib keladi va bu esa byudjet taqchilligini kamaytirishga yordam beradi. Tejab qolingan mablag' qarzlarni to'lash yoki infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritish uchun ishlatilishi mumkin.Subsidiyalar va soliq imtiyozlari ko'pincha muayyan tarmoqlar, kompaniyalar yoki jismoniy shaxslarga yordam beradi. Ushbu chora-tadbirlarni qisqartirish, biznes va jismoniy shaxslar davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanmasdan, teng sharoitlarga raqobatlashadigan muhitga olib kelishi mumkin.Ammo, imtiyoz va subsidiyalarni bekor qilish yoki kamaytirishda ehtiyotkor bo'lish kerak, chunki bunday qo'llab-quvvatlash choralari insonlarga o'z biznesini boshlashi, chekka hududlardagi nochor korxonalarning "oyoqqa turib olishi" va yangi eksport bozorlariga kirishi uchun yordam bo'ladi. Buning natijasida yangi ish o'rinlari paydo bo'lishi va aholi daromadlari oshishi mumkin.
Soliq tushumlarini oshirish. 2008-yilda Xitoy investorlarga bo'lgan soliq tanafusslarni bekor qilgan va bu yangi daromadlarni shakllanishiga olib kelgan. 2015-yilda Braziliyada kuzatilgan
inqiroz mamlakatdagi byudjet taqchilligini YIMga nisbatan 7.2 foizga ko'tarib yubordi va bu taqchillikni kamaytirish hamda soliq tushumlarini oshirish maqsadida hukumat avtomobil sanoati uchun soliq imtiyozlarini takomillashtiridi va soliq imtiyozlariga erishish uchun talablar qo'ydi.
O'zbekistonda ham yildan yilga ma'lum soliq imtiyozlarini bekor qilish davom etmoqda, masalan 2023-yil birinchi apreldan QQS bo'yicha 2 ta soliq imtiyozi, bojxona boji va daromad solig'i bo'yicha bittadan imtiyozlar bekor qilindi.Soliq tushumlarini ko'paytirishda mavjud soliqlarni oshirish orqali ham amalga oshirish mumkin, lekin bu chorani amalda qo'llash qiyin jarayon va bu xalq orasida ko'plab noroziliklarga ham sabab bo'lishi mumkin.
Pensiya islohoti. O'zbekistonda byudjet taqchilligini kamaytirish va daromadlarni oshirishning yana bir chorasi pensiya islohotini amalga oshirish ham bo'lishi mumkin. Chunki mamlakatda yoshi katta fuqarolar soni ortishi bilan davlat xarajatlari pensiya to'lovlari hisobiga ham ortib boradi, shuning uchun ba'zi mamlakatlar pensiya islohoti o'tkazish ya'ni pensiyaga chiqish yoshini oshirish orqali bu xarajatlarni kamaytirishga harakat qiladi. Lekin bu usul ham soliqlarni oshirish kabi ko'p noroziliklarga sabab bo'lishi mumkin.
Qo'shimcha choralar.Davlat xaridlari tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarur. Savdo ishtirokchilari, fuqarolarga byudjet tashkilotlari to'g'ridan-to'g'ri sotib olgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning sifati hamda miqdorini monitoring va nazorat qilish imkoniyatini berish kerak.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasida byudjet taqchilligining iqtisodiy o'sishni sekinlashtirish, inflyatsiyani kuchaytirish, ijtimoiy xizmatlarni yomonlashtirish va davlatning moliyaviy barqarorligini buzish kabi salbiy oqibatlarga olib kelishini ta'kidlaydi.Byudjet taqchilligini oldini olish uchun davlat tomonidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish mumkin:
- soliq tizimining samaradorligini oshirish: Soliqqa tortish bazasini kengaytirish, soliqqa tortish samaradorligini yaxshilash va soliq bo'yicha soxta yo'llarni bartaraf etish.
-davlat xarajatlarini optimallashtirish: Nazoratsiz va samarasiz xarajatlarni kamaytirish, davlat xizmatlarini samarali va sifatli taqdim etishga yo'naltirish.
-iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish: Xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksportni rag'batlantirish va yangi ish o'rinlari yaratish.
-moliyaviy boshqaruvni kuchaytirish: Byudjetning shaffofligini oshirish, xarajatlarni nazorat qilishni kuchaytirish va korrupsiyani kamaytirish.
O'zbekiston Respublikasida byudjet taqchilligini bartaraf etish uzoq muddatli strategiya va jiddiy choralarni talab qiladi. Ushbu muammoni hal qilish uchun davlatning iqtisodiy siyosati samarali va barqaror bo'lishi, shuningdek, xususiy sektorning roli kuchayishi va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga yo'naltirilishi kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
l.O.Xusainov Makroiqtisodiyot fanidan ma'ruzalar matni Qarshi-2022
2.Sh.Shodmonov Iqtisodiyot nazariyasi Toshkent-2021
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES à
3.N.Mahmudov,M.Asqarova,I.Umarova Makroiqtisodiy tahlil va prognozlash Toshkent-2014
4.wikipedia
https://ux.m.uz.wikipedia.org
5.gazeta.uz
https://www.gazeta.uz