Научная статья на тему 'O‘ZBEK TILIDAGI AYRIM IBORALAR ETIMOLOGIYASI'

O‘ZBEK TILIDAGI AYRIM IBORALAR ETIMOLOGIYASI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
frazeologiya / etimologiya / etimologik lug‘at / fraza / arxaik va tarixiy so‘zlar

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Dehqonova D

Ushbu maqolada frazeologiya bo‘limi va uning vazifalari haqida so‘z boradi. Tilshunoslikda etimologiya tushunchasiga ta’rif va uning ahamiyati ham izohlab o‘tilgan. Tarkibida arxaik, tarixiy so‘zlar qatnashgan ayrim iboralar kelib chiqishi o‘rganilib, misollar yordamida tushuntirib berilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK TILIDAGI AYRIM IBORALAR ETIMOLOGIYASI»

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281

OZBEK TILIDAGI AYRIM IBORALAR ETIMOLOGIYASI

Education and

innovation Dehqonova D.

FarDU talabasi

https://doi.org/10.5281/zenodo.10820135

ARTICLE INFO

Qabul qilindi: 10-March 2024 yil Ma'qullandi: 12- March 2024 yil Nashr qilindi: 15- March 2024 yil

KEY WORDS

frazeologiya, etimologiya,

etimologik lug'at, fraza, arxaik va tarixiy so'zlar.

ABSTRACT

Ushbu maqolada frazeologiya bo'limi va uning vazifalari haqida so'z boradi. Tilshunoslikda etimologiya tushunchasiga ta'rif va uning ahamiyati ham izohlab o'tilgan. Tarkibida arxaik, tarixiy so'zlar qatnashgan ayrim iboralar kelib chiqishi o'rganilib, misollaryordamida tushuntirib berilgan.

Frazeologiya grekcha "phrasis - ibora, ifoda, logos - fan, tushuncha, ta'limot" degan ma'noni anglatib, tilshunoslikning frazeologik birliklarini o'rganuvchi bo'limidir. Tilshunoslikda frazeologiya atamasi ikki xil ma'noda qo'llanadi: 1) tildagi barcha frazeologik birliklar ma'nosida va 2) mana shu birliklarni o'rganuvchi soha ma'nosida1. Frazeologizmlar birdan ortiq so'zlardan tashkil topib, xuddi so'zlar kabi tilimizda tayyor holda bo'ladi. Aynan mana shu belgisi bilan frazeologizmlar so'z birikmasi va gapdan farq qiladi.

Nutqimizda oddiy so'z yoki so'z birikmasining o'rniga iboradan foydalanish orqali nutqimizni yanada ta'sirchan ifodalash imkoniga ega bo'lamiz. Bunda ibora (frazeologiya) tarkibidagi so'zlar o'z ma'nosini yo'qotib, ko'chma ma'noda qo'llanadi. Masalan, "U do'stining aytgan gaplaridan hayron bo'ldi" va "U do'stining aytgan gaplaridan og'zi ochilib qoldi" gaplari bir-biridan farq qiladi. Ya'ni, birinchi gapda hech qanday til bo'yoqlarisiz holat tasvirlanayotgan bo'lsa, ikkinchi gapda keltirilgan "og'zi ochilib qolmoq" iborasi orqali ortiq darajada hayron qolish ma'nosi gapning ta'sirchanligini oshiryapti.

Biz nutqimizda ishlatayotgan so'z, iboralarni ma'nolarini bilishimiz va muayyan vaziyatga moslab ayta olishimiz mumkin, lekin har doim ham ularning kelib chiqishi, aslida ular dastlab qanday ma'no anglatganini bilmaymiz. Masalan, kamyob, kamdan-kam ma'nolarida qo'llaniladigan "anqoning urug'i" iborasini olaylik. Tarkibidagi "anqo" aslida nima? Nega aynan bu so'z olingan? Anqo - afsonaviy qush. Qadimgi Sharq xalqlari ertak-dostonlarida bosh qahramon qilib olingan. Anqo qushi insonlar ko'ziga ko'rinmaydigan xususiyati borligi, patlari va qanotlari oltin, kumushdan deya ta'riflanadi. Qadimda xalq orasida u baxt qushi nomini ham olgan, ya'ni anqo - baxt, tole timsoli, kimga soyasi tushsa, o'sha inson baxtli bo'ladi degan qarashlar ham mavjud bo'lgan2. Shu sababli kamyob, taqchil narsalarga nisbatan anqoning urug'i iborasi ishlatib kelinadi.

1 A. Anorbekova, Sh. Mirzayeva "Hozirgi O'zbek adabiy tili" T., 2011

2 https://uz.wikipedia.org/wiki/Anqo

Mana shunday tarkibida arxaik, tarixiy so'zlar qatnashgan, tushunilishi qiyin bo'lgan ibora, frazalarni o'rganishimizda bizga etimologiya sohasi yordam beradi.

Etimologiya (yunoncha "etymon" - haqiqat, "logos" - so'z, ta'limot) so'z va morfemalarning kelib chiqishini o'rganuvchi tilshunoslik bo'limi3. Etimologiya so'zning tilda qanday paydo bo'lgani, dastlab qanday ma'no ifodalagan, keyinchalik shakli va ma'nosida qanday o'zgarishlar bo'lganligini aniqlaydi. Masalan, kiprik so'zi ko'z qovoqlari chetiga qator joylashgan tuklar ma'nosini anglatadi. Bu so'z qadimgi turkiy tildagi kirpi - ko'p tikan so'ziga kichraytirish ma'nosini ifodalovchi -k qo'shimchasini qo'shish orqali yasalgan, keyinchalik -rp harflarining o'rni almashgan4. Shu kabi bugungi kunda ham bizga tanish so'z va birikmalar etimologiyasini topish unchalik qiyin emas. Lekin bir necha ming yillar avval paydo bo'lgan ba'zi arxaik, tarixiy so'zlarni etimologiyasini bilish nafaqat tilshunoslik tarixi, balki din va tarix bilimlariga ega bo'lishni ham talab qiladi.

Quyida tilshunoslar, xususan, professor Sh.Rahmatullayev tomonidan ishlab chiqilgan etimologik lug'atlarga tayanib, ayrim frazalar kelib chiqishini tahlil qilib chiqamiz.

1. Mufassil ravishda, mayda-chuydasigacha, batafsil ma'nolarini beruvchi miridan-sirigacha iborasini olaylik. (Ziyodillaga bu hunaryoqib tushgan, uni miridan-sirigacha egallab olish uchun butun kuchi, zehnini ishga solgan edi. H.Nazir "O'tlar tutashganda")5 Miri so'zi arabcha xazinaga oid, qiymati besh tiyinga teng chaqa pul ma'nosini anglatadi, chaqa pul qiymati eng past bo'lgan metall tanga degani. Sir so'zi esa arabcha maxfiy, o'zgalardan yashirin tutilgan narsa; hali ochilmagan, aniqlanmagan, inson uchun noma'lum; biror sohaning o'zigagina xos bo'lgan xususiyat degan ma'nolarni anglatadi6. Demak, miri (chaqa) so'zi orqali eng mayda, kichik detallgacha, sir so'zi orqali esa maxfiy belgi, narsani bilish, miridan-sirigacha iborasining o'zi mayda-chuydasigacha, ipidan-ignasigacha ma'nosini bermoqda.

2. Qani, suyunchini chiqaravering, Mo'minjon aka! Padarla'nat zolim Nikolay podsho yiqilibdi, asfalasofilinga ketibdi. (M. Muhammadjonov, "Turmush urinishlari"). Gapdagi asfalasofilin o'zi nima degani, qaysi tildan olingan? Asfalasofilin (arabcha) - tubanlarning tubani, eng yaramas. Asfalasofilin bo'lmoq yoki asfalasofilinga ketmoq chuqur jarlikka tushib ketmoq; halok bo'lmoq degan ma'nolarni anglatadi7. Diniy ma'lumotlarga ko'ra, asfalasofilin do'zaxning eng tagi, jahannam degani. Bundan kelib chiqadiki, ushbu ibora nihoyat darajada tubanlikka, do'zaxga tushish ma'nosini ifodalaydi.

3. "Almisoqdan qolgan" iborasiga ko'p duch kelganmiz, uning juda qadim zamonlardan beri degan ma'no anglatishini ham bilamiz. Lekin Almisoq o'zi nima ekanligini bilamizmi? Nega aynan "almisoqdan qolgan" deymiz? Bu ibora uzoq dinimiz tarixiga borib taqaladi. Alloh taolo dunyodagi birinchi inson - Odam alayhissalomni yaratgan, uning pushtidan barcha insonlarni ruhini chiqarganda ularga qarata: "Men sizlarning Robbingiz emasmanmi?" deya savol bergan. Shunda hammalari: "Ha, Sen bizning Robbimizsan. Biz Sening bandalaringmiz", - deb iqror bo'lib, iymon keltirganlar va mo'min bo'lishgan. Alloh va insoniyat o'rtasidagi bu ahdlashuv "Al-Misoq" deb ataladi. Mana shu ma'lumotlarga tayanib, almisoqdan qolgan iborasining ham kelib chiqish tarixini bilib oldik.

3 https://uz.wikipedia.org/wiki/Etimologiya

4 Sh.Rahmatullayev O'zbek tilining etimologik lug'ati. 1-jild. 2000.

5 https://uz.wiktionary.org/wiki/miri

6 https://uz.wiktionary.org/wiki/sir

7 "O'zbek tilining izohli lug'ati" 1-jild. Toshkent. 2023.

CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281

Demak, tilimizdagi so'z va boshqa birliklarning etimologiyasini o'rganish juda ham qiziq bo'lishi bilan bir qatorda, o'rganuvchining turli sohalardagi, shuningdek, din, tarix bo'yicha bilimlarini oshirib, charxlashga ham ko'mak beradi. Frazeologizmlar ma'noni kuchli daraja bilan ifodalab, fikrimizni yanada ta'sirchan qilib ko'rsatadi. Agar ularni etimologik tarixidan boxabar ravishda mazmunli va o'rinli qo'llay bilsak, nutqimizning mantiqiylik va jo'yalilik sifatlariga putur yetkazmay, uning boyligini yana bir karra ko'rsatgan bo'lamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. A. Anorbekova, Sh. Mirzayeva "Hozirgi O'zbek adabiy tili" T., 2011.

2. https://uz.wiktionary.org

3. https://uz.wikipedia.org

4. "O'zbek tilining izohli lug'ati" 1-jild. Toshkent. 2023.

5. Sh. Rahmatullayev. "O'zbek tilining etimologik lug'ati". 1-jild. Toshkent. 2000.

6. Sh. Rahmatullayevning "O'zbek tilining izohli frazeologik lug'ati".

7. Kaxarov, Q., & Mustafoyeva, S. M. S. (2023). O 'ZBEK VA NEMIS TILLARIDA SEN/SIZ MUROJAAT SHAKLLARI. Scientific journal of the Fergana State University, (3), 105-105.

8. Kaxarov, Q., & Abdurazzakova, M. (2023). SHAXSLARARO MULOQOTDA NOVERBAL MULOQOTNING AHAMIYATI. Scientific journal of the Fergana State University, (3), 114-114.

9. Shuhrat o'g'li, K. Q., Shuhrat o'g'li, K. Q., & Xusanova, Z. (2023). O 'ZBEK VA NEMIS TILLARIDA MOTAM BILAN BOG 'LIQ SHAXS, NARSA, PREDMET VA JOY NOMLARI. Scientific journal of the Fergana State University, (4), 65-65.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.