Научная статья на тему 'O‘ZBEK PEDAGOGIKASI TARAQQIYOTIGA JADIDLARNING QO’SHGAN INQILOBIY HISSASI'

O‘ZBEK PEDAGOGIKASI TARAQQIYOTIGA JADIDLARNING QO’SHGAN INQILOBIY HISSASI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
48
11
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
jadid / pedagogika / jamiyat / Turkiston / „maktabi usuli jadiya“ / „usuli savtiya“ / „usuli jadid“ / mustabid / ziyoli / kashshof / matbuot / muxtoriyat.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Qabulov Sahob Abduqahharovich

Maqolada jadidlarning yangi usul maktablari ochishlari va bu yo‘ldagi to‘siqlar, og‘ir va tahlikali davrda ko‘rsatgan jonbozliklari yoritilgan. Ma’rifatparvarlar tomonidan olib borilgan dars mashg‘ulotlari o’sha davr uchun yangicha qarashlar hamda ilg‘or g‘oyalar asosida olib borilganligi haqida fikr yuritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK PEDAGOGIKASI TARAQQIYOTIGA JADIDLARNING QO’SHGAN INQILOBIY HISSASI»

O'ZBEK PEDAGOGIKASI TARAQQIYOTIGA JADIDLARNING QO'SHGAN INQILOBIY HISSASI Qabulov Sahob Abduqahharovich

JPDU, Tarix fakulteti o'qituvchisi [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.1067909 7

Umuman, biz jadidchilik harakati, ma'rifatparvar bobolarimiz me'rosini chuqur o'rganishimiz kerak. Bu ma'naviy xazinani qancha ko'p o'rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko'p savollarga to'g'ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ'ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi".

Prezident Shavkat Mirziyoyev

Annotatsiya. Maqolada jadidlarning yangi usul maktablari ochishlari va bu yo'ldagi to'siqlar, og'ir va tahlikali davrda ko'rsatgan jonbozliklari yoritilgan. Ma'rifatparvarlar tomonidan olib borilgan dars mashg'ulotlari o'sha davr uchunyangicha qarashlar hamda ilg'or g'oyalar asosida olib borilganligi haqida fikr yuritilgan.

Kalit so'zlar: jadid, pedagogika, jamiyat, Turkiston, „maktabi usuli jadiya", „usuli savtiya", „usulijadid", mustabid, ziyoli, kashshof, matbuot, muxtoriyat.

KIRISH

Tarixga nazar solsak ilk bor „jadid" atamasi Usmoniylar saltanatida Sulton Salim III (1789-1807) davrida paydo bo'ldi. Sultonning Avstriyaga yuborga elchisi Abubakr Ratib yevropadagi boshqaruv usulini „Nizomi jadid" deb ataydi. Fransuz inqilobidan so'ng, yangi boshqaruv tizimi „Fransiya nizomi jadidi" deb tushuniladi. Imperiyadagi "Nizomi Jadid" - bu qurolli kuchlarning islohoti haqida edi. Asli o'zi "jadid" - arabcha "yangi" deganidir. Jadidlar dastlab o'zlarini "Taraqqiyparvarlar" deb atashgan. Jadid atamasi yangilikning tarafdorlarini, yangilik g'oyalarini ifoda etuvchi tushuncha sifatida qo'llanilgan. XIX asrning oxirlarida dunyo sahnasida bo'layotgan buyuk madaniy -ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlar, yangi munosobatlar u yoki bu tarzda, Turkiston o'lkalariga kirib kela boshladi. Yangilik tarafdorlarini Abdulla Avloniy so'zi bilan aytganda, "gazeta o'qig'uvchilarni" mullalar "jadidchi" nomi bilan atar edilar.

Jadidlar Usmonli Turkiyadagi "Ganch (yosh) turk"lar tashkilotlari tasirida "Yosh buxoroliklar", "Yosh xivaliklar", "Yosh turkistonliklar" degan nomlarda faoliyat olib borishgan.Turkistonda dastlabki rus-tuzem maktabini Vladimir Nalivkin ochdi. XIX asrda yangi usul maktablari juda kamligi uchun jadidlar o'zlarining maktablarini ochishga katta ehtiyoj sezganlar. 1911-yilga kelib Turkistonda 100 ga yaqin "usuli jadid" maktablari mavjud edi. 1905-yil imperator Nikolay II tomonidan imzolangan "Manifestda" barcha xalqlar erkinligi e'lon qilindi. Davlat dumasi deputatlari tarkibida musulmonlar ham bor edi. Ushbu manifest jadid matbuoti tashkil etilishida katta ro'l o'ynadi (jadidlar undan oldin ham gazeta chop qilishgan). Ularning matbuoti hukumat matbuotidan ancha pastda turar edi. Shu bilan birgalikda tez-tez yopilib ketar edi. Bunga sabab ruslarning senzurasi va yana asosiysi mushtariylarning kamligi edi. Masalan, A.Avloniyning ""Shuhrat, M.Qorining "Xurshid" nashrlari ikki oydan oshmagan. Yana bir to'siq bub amir Olimxonni yo'ldan urayotgan "qadimchilar" (ulamolar) edi. 1912-yil rus

ma'murlari ta'siri ostida amir yangi usul maktablarini ochishga ruxsat beradi. Ammo 1913-yil yanvarda amir "Turon" gazetasini yopish, yangi usul maktablarini ta'qiqlash to'g'risidagi farmonni imzoladi. Bid'at va xurofot oqibatida qushbegi va qozikalan ushbu maktablarni yopishga fatvo berdi.

Faqir va muhtojlarni moddiy-ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlash, yetimxonalar (jadidlar ularni "Doru-l-aytom" deb atagan) qurish, keksalar va nogironlar uchun shifoxona va ambulatoriyalar barpo etish maqsadlarini qo'ygan. Millat yoshlarini maktabda o'qitish, eng iqtidorlilarini oliy ta'lim olishi uchun dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlariga yuborish bilan bog'liq masalalar ko'zda tutilgan. Jadidlar ta'sis etgan nashriyotlar xarajatlari ham xayriya jamiyatlari hisobidan qoplangan. Masalan, Abdulla Avloniy o'z tarjimayi holida "Turon" xayriya jamiyatining "Nashriyot", "Maktab" shirkatlari haqida ma'lumot beradi. Ma'rifatparvarning "Hukumatdan ruxsat olmoq uchun bir yarim oy ovora bo'lmoqg'a to'g'ri keldi. Ikki marotaba bergan arizamiz rad qilinub, uchinchi marotabada ruxsat berdi. Men shul jamiyati xayriyaning muassis a'zolarindan bo'lib, boshlab ochiluvida biryilraislikxizmatin ado qildim. Andin so'ng to hurriyat davrig'acha a'zosi bo'lib maktablarg'a, yetim va g'ariblarg'a yordam qilib kelinur", degan fikrlari buning isbotidir.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Rossiya imperiya tarkibidagi musulmonlar ichida ildam qadamchi Qrimlik Ismoil Gaspirinskiy ( 1852-1914, otasi Mustafo, qrimcha Gasprali, sibircha Gaspringiy, sartcha Gaspralik, arabcha al-G'asfriy, ruscha yo Gasprov, yo Gasprinskiy) dir. U Rossiya musulmonlari orasida birinchi bo'lib maktabi usuli jadida ya'ni "yangi usul maktabi" ga asos soldi. U 1979-1884-yillar Bog'chasaroy shahr hokimi lavozimida ishlaydi. Ko'p urinish va harakatlar natijasida 1881-yili "To'ng'ich" va "Shafaq" nomli kichik varaqalar chiqara oladi, xolos. Maqsad, musulmonlar ona tillaridagi bu gazetalarni qanday qabul qilishi va dindan tashqarida bo'lgan masalalar muhokamasiga ne darajada e'tibor qaratishini o'rganish edi.

1882-yilga kelib ikki yozma asar - "Solnomai Turkiy" va "Mir'oti Jadid"ni nashrdan chiqardi. Bu ikki asardan ko'zlangan maqsad musulmon aholiga tevarak-atroflari haqida ma'lumot berish edi. 1883-yil 10-aprelda "Tarjimon" gazetasining birinchi sonini bosmadan chiqardi. "Tarjimon" gazetasi chiqa boshlaganidan boshlab 20 yil davomida Rossiya imperiyasidagi yagona musulmon matbuoti bo'lib qoldi. "Tarjimon"ning ta'siri ostida Rossiya imperiyasining turli burchaklarida musulmonlar tarafidan ko'p sonli yangi maktablar ochildi, ko'plab xayriya jamiyatlari tashkil etildi, yangi adabiyot shakllandi. 1884-yil 40 kun ichida o'quvchilarga o'qish va savodni chiqaradigan maktab ochadi. Bu yangi usul maktabi asta-sekin musulmon davlatlarida e'tiborni jalb eta boshladi.

Gasprinskiy Turkistonga birinchi sayohatini 1893-yil may oyida boshlaydi. Bu safardan ko'zlangan maqsad, Gasprinskiyning yozishicha, Turkistonning haqiqiy tarixi va o'sha davrdagi ahvoli bilan yaqindan tanishish bo'lgan. Gasprinskiy safar davomida yana mahalliy musulmon ziyolilari bilan tanishish hamda ular orasidan o'z maslakdoshlarini topishni; "Tarjimon"ni o'lkada keng targ'ib qilish va yangi obunachilarga ega bo'lishni; yangi usul maktabi ochishni rejalashtiradi. Safardan so'ng "Tarjimon" sahifalarida e'lon qilingan sayohat kundaliklarida Gasprinskiy Turkistonda bo'lgan uchrashuvlari, suhbatlari haqida batafsil ma'lumot bermaydi va bunday holatni gazeta imkoniyatlari cheklanganligi bilan izohlaydi. Amerikalik olim Lazzerinining qayd etishicha, Gasprinskiyning Turkistonga safaridan ko'zlangan asosiy maqsad rus va mahalliy amaldorlarni yangi usul maktabi ishiga jalb qilish bo'lgan. Safari so'ngida taniqli pedagog, bokulik Majid G'anizoda (1866-1937) ning iltimosiga binoan Samarqandda 40 kun qolib

yangi usul maktabida dars berish bilan bir qatorda mahalliy muallimga usuli jadid asoslaridan ham saboq beradi. 1908-yilgi ikkinchi tashrifida Behbudiy homiylik qilayotgan Abdulqodir Shakuriyning yangi usul maktabiga boradi. Gaspirinskiyning o'lka ziyolilariga bergan tasiri haqida Toshkent jadidchilarining otasi deb tan olingan Munavvarqori 1927 yil Toshkent okrug maorif xodimlari qurultoyida so'zlagan nutqida shunday degan edi: "Jadid maktabi tashkil qilg'onlar ham eski maktab, madrasa va qorixonalarning yetishtirgan kishilari edi. Ular yolg'iz Bog'chasaroyda chiqadurg'on Ismoil Gaspirinskiy gazetasini o'qiydilar va shu orqali maktabni yaxshi tushunib, kitoblar oldirar edilar".

Mahmudxo'ja Behbudiy (1875-1919) Turkiston jadidchiligining "kashshofi" hisoblanib, 25 yoshida Haj amalini bajaradi. Beyrut universitetida bo'lib, zamonaviy ilm va labaratoriyalarni ko'rdi. Dunyo kezib, afsuski, o'z yurti barcha sohalarda naqadar ortda qolganligini anglab yetadi. Aholining saylanadagan organlaridagi haq-huquqini himoya qilib "Haq olinur, berilmas"-degan edi (Ushbu ibora J.J.Russoning "Ijtimoiy himoya" nomli traktatidan olingan). Behbudiy g'oyalaridagi eng muhimlaridan biri bu xalqimizning qarz olib to'y qilib, hashamatli ziyofatlar berib, oxir-oqibatda moliyaviy ahvoli og'irlashib qolishi, uning o'rniga o'sh pullarga farzandlarini o'qitib, kasb egallatish kerakligini ta'kidlaydi. Ilm olmaslik, ma'rifatli bo'lmaslik naqadar og'ir holatlarni keltirishini, xalqqa ko'zgu sifatida yozgan «Padarkush» p'yesada yaqqol ko'rsatib o'tdi. U tomoshabinlarga to'g'ridan-to'g'ri farzandlaringizga ta'lim- tarbiya bersangiz bu holat sodir bo'lmaydi deydi.

Teatr haqida Behbudiy "...Tiyotr ibratnamodur. Tiyotr va'zxonadur. Tiyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko'zliklar ko'rub, kar va quloqsizlar eshitib asarlanuf. «Padarkush»ning sahnaga qo'yilishidan kelgan asosiy daromadni Samarqand, Qo'qon, Namangan, Toshkent, Kattaqo'rg'on va boshqa shaharlardagi "usuli jadid" maktablariga hadya qildi, bu maktablar uchun o'zi «Muntaxabi jo'g'rofiya umumiy» («Qisqacha umumiy jo'g'rofiya»), «Madxali jo'xrofiya umro-qiy» («Ahli jo'g'rofiyasiga kirish»), «Muxtasari jo'g'rofiyai Rusiy» («Rusiyaning qisqacha jo'g'rofiyasi»), «Kitobul aftol» («Bolalar maktubi»), «Muxtasari tarixi islom» («Islomning qisqacha tarixi»), «Amaliyati islom» va «Yangi hisob» darsliklarini yaratdi va o'z mablag'iga matbaa ochib, maktab uchun darslik va qo'llanmalarini tekinga bosib tarqatadi. 1913-yil chiqa boshlagan "Oyna" jurnalini ham bir necha tillarda nash qildiradi. o'z uyida ochilgan "usuli jadid" maktabining butun moddiy xarajatlarini o'z gardaniga oladi. Samarqanddagi birinchi musulmon kutubxonasi va qiroatxonaning asosiy mablag'i ham uning hisobidan chiqqan edi. 1907-yil Dumadagi Musulmonlar fraksiyasiga murojaat qilib Turkistonga "madaniy muxtoriyat" berish lozimligini ta'kidlaydi. U Buxoro amirini qattiq tanqid qilgan. Tarixchi Begali Qosimov Buxoro amirining ma'rifatparvarlarga shaxsiy dushman sifatida qaraganini tasdiqlaydi. 1907-yildayoq, Turkiston muxtoriyati e'lon qilinishidan o'n yil oldin! "Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi"ni tuzib, ko'rib chiqish uchun Rusiya Davlat dumasi musulmon fraksiyasiga taqdim etgan edi. Mahmudxo'ja Behbudiy mazkur loyihada shunday yozadi: "Millatimizi iste 'dodsiz va idorai doxiliya va aftonomiyani(ng) ijro va hifzig'a qodir emas zan eduvchilar (gumon qiluvchilar), albatta, xato edarlar. Ovrupoyi rus musulmonlaridan ziyodaroq aftonimiyani Turkistong'a berilmog'i lozimdur. Azbaski (chunki), turkistonlilar hanuz doxilan o'zini o'zi idora edar. Va ovrupoyi Rusiyadagi qardoshlarimizdan ixtiyorlidurlar". E'tirof etish zarur, "Turkistonga avtonomiya berilmog'i lozim" ekani haqida Rusiya Davlat dumasiga murojaatnoma yozish, hatto uning bandmaband tuzilgan loyihasini taqdim etish o'sha mustabid tuzum sharoitida ulkan jasorat edi. Adib 1919-yil 25-martda Buxoro amirligi chegarasini kesib o'tib, Shahrisabzga keladi. Shu yerda sirli ravishda yo'qoladi. (Vafoti yuzasidan taxminlar ko'p,

asosiy tahmin amir hukumati tomonidan qatl etilgan). Afsuski uning qabri hanuzgacha topilmagan. Buyuk ma'rifatparvarning o'limi sabablari va qabrini topish borasida evaralari Farruh va Shohruh Behbudiylar say-harakatlar olib borishmoqdalar. Mahmudxo'ja Behbudiyning: "Sizlarg'a

vasiyat qilaman. Maorif yo'lida ishlaydurg'on muallimlarning boshini silangizlar! O'rtadan nifoqni ko'taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo'ymangizlar" deya aytgan jumlasi jadidlar g'oyasining yaqqol dalilidir. Ze'ro Behbudiy faoliyati va uning ahamiyati haqida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga murojaatnomalarida: "2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma'rifat mash'alasini baland ko'tarib chiqqan ulug' alloma va jamoat arbobi Mahmudxo'ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi",- deb aloxida to'xtalib o'tdilar.

Millat pedagogikasi tarixini Is'hoqxon To'ra Ibrat (1861-1937) siz tasavvur qilib bo'lmaydi, albatta. U diniy toqadsizlikka doimo qarshi bo'lib, insonlarni bag'rikenglikka chaqiradi. Ilk bilimni eski maktabda olgan buyuk ma'rifatparvar Qo'qondagi Muhammad Siddiq Tunqotar madrasani tamomlab (1878-1886), o'z qishlog'i To'raqo'rg'onda yangi maktab ochadi. 1887-yilda haj safariga otlanib, Sharq mamlakatlari

bo'ldi. Istanbul, Sofiya, Afina, Rim shaharlarini ko'rdi.

Arab, fors, hind va ingliz tillarini hamda qadimgi finikiy va yunon yozuvlarini o'rgandi. Ana shu bilimlari samarasida birinvhi bo'lib noyob o'zbekcha-arabcha, forscha-turkcha, hindcha-ruscha lug'atni yaratdu. Pedagogikamiz oldidagi yuksak xizmatlaridan biri Namanganga kitob bosish uskunasi (tipografiya)ni olib keldi.og'ir davrda bo'lsa ham gazeta, jurnal va kitoblar bosib chiqardi. 1901-yilda „Lug'ati sitta as-sina" asarini bosmadan chiqaradi. 1912-yilda yozuvlar tarixiga bag'ishlangan „Jome' ul-xutut"Jome' ul xutut yozuvlar tarixiga oid muhim manba („Yozuvlar majmuasi") asarini yaratdi va o'z matbaasi „Matbaayi Is'hoqiya"da bosmadan chiqardi. Ibrat chin qalbdan o'z xalqining ilmli, ma'rifatli bo'lishini istadi. Keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy, tarixiy, lingvistik asarlar yozdi. 30 yillik poetik ijodining majmuyi bo'lmish „Devoni Ibrat" she'rlar to'plamini tuzdi. Tarixshunoslikka oid „Tarixi Farg'ona", „Tarixi madaniyat" va „Mezon uz-zamon" ilmiy asarlarini yaratdi. Shu bilan birga bolalarga dars berdi. 1937-yi aprelda 75 yoshqarshilagan keksa shoir va ma'rifatparvarni hibsga oladilar. Ibrat Andijon turmasida vafot etadi. Huddi Behbudiydek Ibratning ham qabri qayerdaligihozirgacha noma'lumligicha qolmoqda.

Buxoro amirligi jadidchiligining yorqin nomayondasi albatta,bu ma'rifat taratuvchisi Abdurauf Fitrat (1886-1938) dir. Zamonaviy o'zbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, dramaturg va shoir, o'zbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, birinchi o'zbek professori (1926). U turkistonlik 70 nafar yoshlarni Germaniyaning bir nechta oliy ta'lim muassasalariga o'qishga yuborgan. Turkiya dorilfununida o'qiyotganda Fitrat — Donishmand taxallusini olgan. Istambulda „Buxoro ta'limi maorif jamiyati"ni tuzgan. Vataniga qaytgach, Buxoroning turli tumanlarida o'qituvchilik qilib, jadidchilik g'oyalarini keng targ'ib etdi. Fitrat Fayzulla Xo'jayev bilan omma o'rtasida ma'rifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. „Hurriyat" gazetasiga muharrirlik qilgan vaqtida muftiy Mahmudxo'ja Behbudiyni taklif etadi. 27-noyabrni „Milliy laylatulqadrimiz" deb atadi. 1918-yil martdagi Kolesov voqeasidan keyin u Toshkentga kelib, Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan boshlab Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorulmualliminda til va adabiyotdan dars berdi.

1919-1920-yillarda Afg'oniston amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qildi. Bir qator darsliklar tuzdi, „Chig'atoy gurungi" nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot

tuzib, „Tong" jurnalini tashkil etib, o'zi she'rlar bitdi. „Miya o'zgarmaguncha boshqa o'zgarishlar negiz tutmas!" so'zlari Fitratning shu-yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini to'la ifodalaydi. Fitratning maktab o'quvchilariga mo'ljallangan „O'qu" („O'quv", , Boku, 1917) qo'llanmasi Vatan, dunyo, tabiyat, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, o'tmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (noma'lum sabablarga ko'ra, ushbu qo'llanmaning 2-qismi yozilmagan).

Buxoroda teatr tashkil qilib (o'sha davrda teatrga tashrif juda kam va tahlikali edi), bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan Mannon Uyg'ur va Cho'lpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun

esa Munavvar_Qori_Abdurashidxonovni taklif etdi. 1923—1927-

yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik institutida ishladi. Leningrad Davlat universitetining Sharq fakultetida Turk, arab, fors tili va adabiyoti, madaniyatidan talabalarga dars berdi. Leningrad Davlat universiteti professorligiga saylandi. Ustoz adibning „Abulfayzxon", „Bedil", „Qiyomat", „Shaytonnig Tangriga isyoni" kabi asarlar yozib, chop ettirdi. 1927-yilning

boshida Rossiyadan qaytgach, 1937-yilga qadar Samarqanddagi Oliy_pedagogika

instituti (hozirgi Samarqand Davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida faoliyat ko'rsatdi. Fitrat o'z hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik maqolalar, o'nlab ijtimoiy-siyosiy va ilmiy risolalar yaratdi.

Toshkentda birinchi bo'lib yangi usul maktabini ochgan buyuk jadidchi, ma'rifatparvar (Toshkent jadidlarining otasi, "Qur'onni yod olgan"), Munavvar Qori Abdurashidxon o'g'li (1878—1931) ham «usuli savtiya» maktabiga ixlos bilan qarab, chor hukumati Turkiston o'lkasidagi aholini qanday ma'naviy-madaniy uzlatda saqlayotganini va undan qutulish choralari faqat maktab ta'lim-tarbiyasidagi keskin islohotga bog'liqligini to'g'ri tushungan holda ularning mustamlakachilik boshqaruv usuliga qarshi kurashda faollik ko'rsatdi: mana shu maqsad yo'lida Toshkentda ilg'or fikrli ziyolilar va turli guruhlardan iborat «Turon» jadidlar jamiyatini tashkil etdi. 1918-yil "Turkiston xalq dorilfuni"ni yaratilishida jonbozlik ko'rsatdi. Bu dorilfununda dunyoviy va diniy bilimlar berib borildi. Boshlang'ich maktablar uchun geografiya va tarix fanlaridan darslik yaratdi .To'rt jilddan iborat "O'zbekcha til saboqligi " qo 'llanmasini 1926-yil akadem nashrdan chiqaradi. Uning uch jildini o 'zi yozgan , to 'rtinchisini esa bosh muharrir sifatida tahlil qilib bosmadan chiqishini tashkil qilgan olimdir. 1908-1923-yil Munavvar Qori tashabbusi bilan 100 dan ortiq Turkistonlik yoshlar chet ellarda tehsil olishdilar. Uning bu tashbbusini 20-yillar boshlarida Buhoroda A.Fitrat va F.Xo'jayev qo'llab-quvvatladilar. Ularning til o'rganishlari borasidaM.Behbudiy 1913 yil "Oyina" jurnalida yozgan "Ikki emas to'rt til lozim" maqolasida shu xaqda so'z yuritadi. "Tilimiz turkiy, madrasalardagi shariy va diniy kitoblar arabiy, nazm va nasr kitoblari esa forsiydir.Turkistonda qadimdan beri bu uch tiljoriy bo'lib kelgan. Saodatki, turkiy vaforsiyni taxsilsiz ham bilamiz, o'zaro gaplashamiz, tushunamiz, deydi. "Bank va sudxonalar, sudmahkamalari, notarius, temir yo'l, xulosa,zamonni paydo qilgan har bir yangi nimarsalarig'a muhtoj bo'lsak avvalg'i qadamda ruscha bilmoq lozim kelur... Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, xatto dini islom va millatg'a xizmat ilmsiz bo'lmaydur. ...Xulosa, bugun bizlarg'a to'rt tilga tahrir va taqrir etguvchilar kerak, ya'ni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy". M.Abdurashidxonov Abdusamih Qori Ziyoboyev, Abduhakim boyvachcha Ikromovlar bilan Finlyandiyada bo'lib, davlat boshqaruvi shaklini o'rgangan.

Toshkentdagi jadidlar harakatining faol vakillaridan biri Saidrasul Saidaziziy (1866-1933)ning ham ma'rifatparvarlik faoliyati jadid tarbiyashunosligi taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. U o'z muallimlik faoliyatini Shayxontaxurdagi 1- rus-tuzem maktabida, so'ngra

Turkiston o'qituvchilar seminariyasida sart (o'zbek) tilidan dars berishdan boshlagan. Ana shu davrda Gramenitskiy va V.P.Nalivkinlar Saidrasul Saidaziziyga «Musulmoncha sinf»da o'zbekcha xat-savod o'rgatish yuzasidan darslik yozishni topshirganlar, 1992-yilning sentyabr oyida «Ustodi avval»ning birinchi nashri 3000 nusxada chiqqan, 2-nashri 1903-yilda bosilgan. Bu darslik 1917-yilgacha 17 marta nashr qilinib, Turkiston o'lkasida yuzlab yangi usuldagi «Usuli savtiya (tovush usuli) maktablari»ning ochilishiga sabab bo'ldi.

Buyuk mutaffakkir Abdulla Avloniy (1878-1934) 1904-yil jadid maktabini ochadi. 1907-yil "Shuhrat" gazetasini chiqaradi. "Sa'doyi Turkiston" gazetasi uchun ma'qolalar yozadi. "Ja'miyati hayriya" nomli birlashma qoshida Munavvar Qori va boshqa hamfikrlari bilan teatr truppasini ochadi. Ilk sahna asari 1914-yil M.Behbudiyning "Padarkush" pyesasini Toshkentdagi Kolizey teatrida sahlanashtiradilar. A.Avloniy mehnatkash xalq farzandlarining kelajagiga butun borlig'i bilan ishongan holda, ularning savodini chiqarish, sinfiy ongini o'stirish maqsadida yangi usuli savtiya maktablari uchun darslik va qo'llanmalar ham yaratdi. Ayniqsa, uning «Muallimi avval» (1911), «Muallimi soniy» (1912), «Turkiy Guliston yoxud axloq» (1913), 6 qismdan iborat «Adabiyot yoxud milliy she'rlar» (1909-1917), «Maktab guliston» (1915) va boshqa asarlari o'zbek milliy tarbiyashunosligi tarixida muhim o'rin egallaydi. A.Avloniy shunday yozadi: "Men 1904-yilda maktab ochdim, yer, odamlar, tog'u-toshlar, osmon, daryo haqqinda suhbatlar o'tkazmoqqa harakat qilganimni johil kishilar bilishib meni kofir bo'lding deb meni kofir bo'lding deb, maktabimni yopdilar". Muallif ayollarga ham e'tibor qilgan. Uning tugallanmagan p'yesasida "erkinlik erkaklardan ko'ra ayollarga ko'proq kerak" deyilgan.

Abdulla Avloniy "Turkiy guliston yoxud axloq" asarida "Bobolarimizning "bo'lsa bo'lar, bo'lmasa g'ovlab ketar" zamonlari o'tub, o'rniga "bilgan bitar, bilmagan yitaf' zamoni keldi", deb yozadi. Bu fikrlar nainki o'sha davr odamlarini, balki zamondoshlarimizni ham chuqur o'ylashga, ogoh bo'lishga chaqiradi.

XULOSA

Qonli tarixdan ma'lumki, ijtimoiy hayot tarzining qoloq tizimdaligi yoki o'sha davrdagi ayanchli holati jamiyatda istiqomat qilayotgan ba'zi qatlam vakillarini qanoatlantirmay qolishi bor gap. Buning oqibatida ular ushbu tuzumni mustahkamlangan holatidan chiqarish uchun yo isloh etish, yoki inqilob qilish harakatiga tushadilar. Biz fikr yuritayotgan davrda ham ba'zi ziyoli qatlam vakillarida ham shunday tug'yonlar yuzaga kela boshladiki, natijada ildam qadamlar paydo bo'ldi. Bora-bora ma'rifatchilikdan jadidchilik shakllanib kurtak chiqardi va tabiiyki, siyosiy masalalarni olg'a sura boshladi. Ilmiy bilim va tafakkur ijtimoiy hayot tarzini yaxshilovchi birdan-bir unsur ekanligini tushunib yetishdi.

Yangi talim-tarbiya, yangi maktab, yangi maorif, uni boshqarish, madaniy targ'ibot, tashkilotchilik, masalalari asosiy o'ringa ko'tarildi. Yangiliklarga asoslangan holda rus va eski maorifdan farq qiluvchi fikr-g'oyalar oldinga surildi, ular mahalliy matbuot, turli kitoblar orqali keng targ'ib qilindi. Bu madaniyatdagi mustamlakachilikka qarshi mustaqillikka xalq ongini oshirish, o'z ahvoliniyaxshilashga intilishningko'rinishlaridan edi.

REFERENCES

1. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvardagi Parlamentga yo'llagan murojaatnomasi

2. Avloniy A."Tarjimai xol. Tanlangan asarlar.2-jild.T., "Ma'naviyat", 1998 yil

3. Nurboy Jabborov. f.f.d, prof. "Yangi O'zbekiston" gazetasi2023-yil 19-dekabr, 263-son

4. Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya", Toshkent, 1999

5. Adib Xolid. O'zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob. Toshkent Akademnashr 2022 — 60 bet. ISBN 978-9943-7575-4-7.

6. «O'zbekiston adabiyoti va san'ati», 1987, 11-dekabr (tabdilchi N. Karimov)

7. „Абдурауф Фитрат - один из первых узбекских профессоров". uza.uz (27-oktyabr 2020-yil). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.

8. Mutavakkil Burhonov „Fitrat va Cho'lpon haqida xotiralar & Mutavakkil Burhonov. Tarona va ikki qo'shiq". kh-davron.uz. Qaraldi: 21-iyul 2023-yil.

9. Qosimov B., Maslakdoshlar. Behbudiy. Ajziy. Fitrat, T., 1994;

10. Boltaboyev H., Qatag'on qilingan ilm. T.: „Xazina", 1996.

11. Milliy uyg'onish va o'zbek filologiyasi masalalari. T.: Universitet, 1993.

12. Qosimov B., Inson fojealari. O'zbekiston adabiyoti va san'ati, 1990-yil 6-aprel.

13. Aliyev A., Abdurauf Abdurahim o'g'li Fitrat, T., 1984;

14. Fidoyilar, T., 1990;

15. Munavvarqori A. "Qizil O'zbekiston" 1927 yil, 7iyun. Ziyo uz. Com.

16. Qosimov B. "Jahon adabiyoti" jurnalining 2003-yil 8-soni. (1920-24 yil to'plamdagi matn asosida)

17. Qosimov B."Milliy uyg'onish", T.,"Sharq",2004 yil,53-bet.

18. Behbudiy M. "Behbudiy kutubxonasi", "Oyina" jurnali, 1914 yil 26 aprel, №27. Tanlangan asarlar. Jild-II.-T.: Akademnashr, -2018yil 14-bet

19. Behbudiy M."Tiyotr nadur", "Oyina" jurnali, 1914 yil 10 may, №29. Tanlangan asarlar. Jild-II.-T.: Akademnashr, -2018yil 15-bet.

20. Behbudiy M."Ikki emas, to'rt til lozim", "Oyina" jurnali, 1913 yil 10 avgust, №1. Tanlangan asarlar. Jild-I.-T.: Akademnashr, -2018yil 396-bet

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.