Quryazov I.B.
Xorazm viloyati Gurlan tumani 1-son kasb-hunar maktabi Tarixfani o'qituvchisi
TURKISTONDA JADIDCHILIK HARAKATI VA ULARNING
FAOLIYATI
Annotatsiya: ushbu maqolada Turkistonda jadidchilik harakatining vujudga kelish hamda ularning faoliyatini o'rganishga oid ma'lumotlar keltirilgan.
Kalit so'zlar: Turkiston, jadidchilik harakati, Osiyo, ilm-fan, texnika taraqqiyoti, ziyoli qatlam.
Kuryazov I.B. history teacher Vocational school No. 1 Gurlan District, Khorezm Region
THE EXTREME MOVEMENT AND THEIR ACTIVITIES IN TURKEY
Annotation: this article presents information on the emergence of the jadidism movement in Turkestan and the study of their activities.
Keywords: Turkestan, jadidism movement, Asia, Science, Technical Development, intellectual layer.
19-asrning ikkinchi yarmida Osiyo, shu jumladan, Turkiston ilm-fan va texnika taraqqiyoti bo'yicha yevropadan ancha orqada qolib ketgan davri edi. Qoloqlik va jaholat, o'lka aholisining ayanchli ahvoli Turkistonning Yevropa va jahon sivilizatsiyasidan orqada qolib ketishi va bunday fojiali hayotdan qutulish, erk va ozodlikka erishish haqida o'z zamonasining ilg'or ziyoli qatlamlarida fikr -mulohazalar paydo bo'la boshlagan davri bo'lgan.
XX asr boshlarida Rossiyadagi musulmon maktablarining buyuk islohotchisi va "Tarjimon" jurnali tashkilotchisi Ismoil G'aspiralining nomi butun Sharqqa mashhur bo'lib ketgan. U Bog'chasaroyda eski maktablarning murakkab o'qish usuliga nisbatan yengil qiroat usuliga asoslangan yangi maktab ochib, unda o'zi dars bergan, darsliklar yozgan, chorizmning Sharqdagi siyosatini fosh qiluvchi asarlari bilan Turkistondagi ilg'or ziyolilarning dunyoqarashiga katta ta'sir ko'rsatib borgan edi. Qisqacha qilib aytganda u yangi usul maktablarning vujudga kelishida namuna bo'lgan.
Jadidlar chorizmning mustamlaka siyosati strategiyasiga jiddiy zaiflantiruvchi o'zgarishlar qilishga majbur etuvchi vatanparvar siyosiy kuch sifatida 19-asr oxiri - 20-asr boshlaridan tarix sahnasiga chiqa boshlaganlar.
Jadidlar Turkistonda 19-asr oxirida paydo bo'lgan ilg'or usullarni yoqlagan ma'rifatparvarlargina bo'lib qolmay, ayni damda turkiy-islomiy huquqiy merosning millat ichida keng yoyilishi, xurfikrlilik, taraqqiyot va milliy istiqlol uchun ham kurashni maqsad qilib qo'ygan edi.
Chor mustamlakachilari O'rta Osiyoda ochilgan yangi usul maktablariga qarshi kurash boshlaydi, bu maktablarni «islomiyatga qarshi», «g'ayridin maktablari» deb tashviqot yurgizadilar, josuslik idoralarini ishga soladilar, hatto Buxoro amiriga va Xiva xoniga ham kuchli tazyiq o'tkazganlar. Ahvol shu darajaga borib yetganki, bu masala bilan bog'liq ko'plab qurbonlar yuz beradi. Chor ma'murlari islom diniga ham qarshi kurashni kuchaytirib yuboradilar. Hattoki, 1903-yili podsho Turkiston aholisi uchun muborak Haj qilishni ham farmon bilan man etib qo'yadi. Bu mahalliy musulmon aholisida kuchli norozilik uyg'otgan. 1905-yilgi to'ntarish harakatidan keyin Rossiya hududidagi turkiy xalqlar va ularning Turkiya bilan qardoshlik aloqasi kuchaydi. O'z davrida Turk dunyosi markazlaridan biri bo'lgan Qrim, Qozon, Istanbulda chop etilgan jadidchilik ruhidagi adabiyotlar Turkistonga ham keng yoyila boshlandi.
Jadidchilik harakati muhitida jadidchilik adabiyoti ham yuzaga keldi va mukammal bir shaklga kirdi. Ham nasrda, ham nazmda yangilanish, qoloqlik va jaholatdan qutilish, rus istilosiga qarshi kurash, ma'rifat va hurriyatga erishish, istiqlolni qo'lga kiritish g'oyalari bilan to'lib-toshgan yangi bir adabiyot shakllanib bordi. Abay bunday adabiyotning ilk namoyandalaridan biri bo'lgan. Shundan so'ng Shayx Ahmad Mahdum maydonga chiqqan edi. O'rta asrlarda shunday ulug' zotlarni yetishtirgan Turkiston kabi buyuk bir tabarruk zaminning so'nggi asrlarda jaholat va hurofot azobida inqirozga yuz tutishi, bu yerda kuchli bo'lgan o'rta asrchilik va mustamlakachilik zulmlari, o'lkadagi yangi uyg'onish, yangi ma'rifat va adabiyot uchun borayotgan kurash musulmon xotin-qizlar huquqini himoya qilish haqida Ismoil Gaspirali o'tkir publitsistik maqolalari bilan faol qatnasha boshlagan. «Buxoro va Bog'chasaroy», «Bog'chasaroydan Toshkentga» (1893), «Turkistonning yangi tarixi» (1905), «Buxoroda nimalarni ko'rdim?» (1908), «Turkistondan xat» va boshqalar shu jumlasiga k iradi. Uning ta'siri bilan Turkistonda ham yangi usul maktablari uchun o'quv qo'llanmalari, matbuot va adabiyot namunalari maydonga kela boshladi. Turkistonda jadidchilik harakatining yirik vakillaridan Mahmudxo'ja Behbudiy (1871-1919) dir. U "Turkiston jadidlarining otasi" sifatida tarixda nom qoldirgan. Fayzulla Xo'jayev Behbudiy haqida: "Siyosiy, ijtimoiy faoliyati, bilimining kengligi jihatidan o'sha zamon Turkistonidagi jadidlar orasida unga teng kela oladigani bo'lmasa kerak" degan fikrni bildirgan.
Behbudiy Gapirinskiy yo'lga qo'ygan "usuli jadid" maktablarini Turkistonda qaror toptirishda, ularni darslik va qo'llanmalar bilan ta'minlashda jonbozlik ko'rsatdi. Yangi tipdagi maktablarning milliy-madaniy taraqqiyotimizda muhim omil bo'la olishi mumkinligi haqida o'nlab maqolalar yozgan. "Qisqa umumiy geografiya", "Bolalar maktubi", "Islomning qisqacha tarixi", "Amaliyoti islom", "Aholi geografiyasiga kirish", "Rusiyaning qisqacha
geografiyasi" kabi darsliklar yaratdi. Nashriyot tashkil qilib, darsliklar va qo'llanmalar, xaritalar bosib chiqargani bizgacha ma'lum bo'ldi.
Bular ilk o'zbek maktablari uchun tuzilgan darslik va qo'llanmalar sifatida emas, balki til-yozuv madaniyatimiz taraqqiyoti nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga egadir. Behbudiy 1913 -yilda «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalini chiqardi. Gazeta dastlab 2, so'ng 4 betlik bo'lib haftada 2 marta chiqqani va moddiy tanglik tufayli 45 sonidan keyin to'xtagani ma'lum qilingan. «Oyina» o'lkadagi o'zbek tilida chiqqan birinchi jurnal edi. U xalq orasida ancha mashhur bo'lgan. Boshida haftada bir, 1914-yildan esa har o'n besh kunda chiqqandir. Munavvar Qori Abdurashidxonov milliy matbuotning asoschilaridan biridir. Abdulla Avloniy o'zi ochgan maktab uchun to'rt qismdan iborat "Birinchi muallim", "Ikkinchi muallim", "Maktab gulistoni", "Turkiy guliston yohud ahloq" kabi darsliklar va o'qish kitobini yaratdi. Maktab-maorif ishlariga ko'mak ko'rsatuvchi "Jamiyati hayriya" tashkil etdi. "Nashriyot" shirkati tuzib, Xadrada "Maktab kutubxonasi" kitob do'konini ochgan. U 1913-yilda tashkil etilgan professional "Turon" nomli teatr to'garagining tashkilotchilaridandir. Abdurauf Fitrat (1886-1938) jadidchilik harakatining yirik namoyondalaridan biridir. U Buxoro jadidchilarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni ma'rifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kirishadi. Fitrat adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib keldi. U "Munozara" nomli drama yaratgan. Shuningdek, "Sayxa", "Sayyohi hindi", "Rahbari najot", "Tarixi islom" kabi asarlarini 1908-1913 yillarda yaratgan. Fitrat o'z ona diyorini ozod va hur ko'rishni orzu qilgan edi.
Turkistonning milliy shoiri, Andijonda jadidchilikka asos solgan Cho'lpon (1898-1938) shaharda «Turon kutubxonasi» va uning yonida katta bir qiroatxonani tashkil qilgan. Xulosa qilib aytganda, rus mustamlakachilari Turkiston zamini uzra o'z hukmronliklarini o'tkazgan kezlarda yurtning jonkuyar, millatsevar, erksevar farzandalari jadidlar harakati ta'sirida milliy istiqlol uchun, mustaqil Turkiston uchun, ekspluatatsiya, zo'rlik va zo'ravonlikka qarshi xalqni otlantirdilar. Faqat o'lkada so'nggi asrlar davomida ishlab chiqarish kuchlari va taraqqiyotning orqada qolganligi oqibatida, xalq ommasining ijtimoiy-siyosiy, g'oyaviy-nazariy saviyasi ham yetarli darajada davr talabiga monand bo'lmaganligidan bu kurash birlashgan katta kuch sifatida muvaffaqiyat qozonilgan. Siyosiy-ijtimoiy tarqoqlik, «o'zingni bil, o'zgani qo'y» kayfiyati milliy kayfiyatga, milliy birlikka putur yetkazdi. Jadidchilik harakatini o'lka xalqlari ommaviy sur'atda qo'llab quvvatlamadilar. Bu harakat faqat xalq orasiga ma'rifat va madaniyat g'oyalarini tarqatishdan nariga o'tmadi, o'zining tor doirasida o'ralib qoldi, siyosiy kurash partiyasi darajasiga ko'tarila olmadi hamda ommani zulm va istibdodga qarshi dasturiy kurashga torta olmadi. Jadidlar harakatining nazariy va siyosiy barkamollik darajasiga o'sib yetmaganlikdan rus bolsheviklari ustalik bilan foydalandilar va ularni ikkiga bo'lib yubordilar. Jadidlarning bir guruhi bolsheviklarning yolg'on va quruq va'dalariga ishonib, ular tomoniga o'tdilar, «Yosh buxoroliklar» va
«Yosh xivaliklar» guruhiga uyushdilar. Natijada milliy-ozodlik va istiqlol uchun kurash olib borayotgan kuchlar kuchsizlandi va parokandalikka uchragan.
Uzoq tarixga ega bo'lgan o'zbek xalqi ijtimoiy- siyosiy to'siqlarga qaramay Markaziy Osiyodagi boshqa xalqlar kabi, ilg'or fikr egalarini, buyuk olimlarni yetkazdi, insoniyatga ilm-fan ma'naviyat sohasida o'lmas durdona asarlar, fikrlar qoldirdi.
1924-yil amalga oshirilgan milliy davlat chegaralanishi natijasida mintaqa xaritasi qaytadan tuziladi. Sovet hokimiyati yillarida kommunistik partiya rahbarligida respublikada adolatsiz milliy siyosat amalga oshirildi. Bu paytda maktablarda o'quv tarbiya ishlari mazmuni tuzumning maqsadi asosida o'zgardi. Adabiyot darslariga esa ko'proq rus yozuvchilarining asarlari bilan tanishtirishga katta ahamiyat berildi va rus pedagoglari darsliklaridan foydalanilib kelingan. Natijada o'zbek pedagogikasi markscha-lenincha nazariya doirasida shakllangan soxta fanga aylanib ketdi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Karimov I. Milliy mafkura - mamlakat kelajagi poydevori. "Xalq so'zi" gazetasi, 7 aprel, 2000 yil.
2. Karimov I. "Tarixiy xotirasiz kelajak yoq", T."Sharq", 1998.
3. Karimov I. "Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot - pirovard maqsadimiz" "Ishonch" gazetasi, 25 yanvar 2000 yil.
4. Ozbekiston tarixi (qisqacha malumotnoma) T. "Sharq", 2000.
5. Ozbekiston tarixi (1-qism), T."Universitet", 1997.
6. O zbekiston tarixi (talabalar uchun qisqacha Maruzalar matni), T., "Universitet", 1999.