Научная статья на тему 'O‘ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA AYOL OBRAZINING YORITILISHI'

O‘ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA AYOL OBRAZINING YORITILISHI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
242
47
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
badiiy adabiyot / ayollar obrazi / badiiy talqin / yozuvchining estetik ideali / ayol tasviri / obrazlar hayot tarzi.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Hamidova Muhayyoxon Obidovna

Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni kattadir. Bu o‘z navbatida yozuvchi, shoirlar tomonidan o‘ziga xos tarzda yoritiladi. Ushbu maqolada ham O‘zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning “So‘nggi bekat” romanida ayollar obrazining yoritilishi xususida fikrlar atroflicha yoritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA AYOL OBRAZINING YORITILISHI»

O'ZBEK ADABIYOTSHUNOSLIGIDA AYOL OBRAZINING YORITILISHI

Hamidova Muhayyoxon Obidovna

filologiya fanlari nomzodi, professor, Namangan davlat universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.10656726

Annotatsiya. Jamiyatda xotin-qizlarning o'rni kattadir. Bu o'z navbatida yozuvchi, shoirlar tomonidan o'ziga xos tarzdayoritiladi. Ushbu maqolada ham O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning "So'nggi bekat" romanida ayollar obraziningyoritilishi xususida fikrlar atroflicha yoritilgan.

Kalit so'zlar: badiiy adabiyot, ayollar obrazi, badiiy talqin, yozuvchining estetik ideali, ayol tasviri, obrazlar hayot tarzi.

Ayollar obrazi kirib bormagan san'at sohasining o'zi bo'lmasa kerak, nazarimizda. Badiiy adabiyot, haykaltaroshlik, rassomchilik, miniatyura, raqs, teatr, kino va hozir esimizga kelmayotgan qanchadan-qancha san'at turlarining barchasida Ayol obrazi markaziy o'rinda turadi. Xususan, mavjud ilmiy materiallarning mazmun-mundarijasi shuni ko'rsatmoqdaki, Ayol obrazining san'at va adabiyotdagi badiiy talqini, ularning jamiyatda tutgan o'rni masalasi adabiyotshunoslik, psixologiya, falsafa, tarix, siyosatshunoslik, san'atshunoslik kabi turfa fanlarning ham o'rganish ob'ekti bo'lganini ko'rish mumkin. Jumladan, arab tadqiqotchisi A.A.Xalaf "Arab san'atida Ayollar obrazi" nomli maqolasida shunday yozadi: "Sharq san'tida ayol obrazi markaziy o'rinni egallaydi. Ammo bu obraz ko'p ma'nolarga ega bo'lib, turlicha talqin qilinadi. Bir tomondan, u ayolni ma'naviy yuksak darajada bo'lsa-da "narsa" sifatida, ammo dunyoviy sevgining timsoli sifatida tasvirlaydi. Ikkinchi tomondan, ayol nisbatan dunyoviy sevgi Allohga muhabbat ramzini ifodalaydi. Bu ikkinchi xususiyatda ayol tasviri ayniqsa she'riyat va tasviriy san'at sintezida keng qo'llanilgan" [5, 118].

O'zbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" hamda Cho'lponning "Kecha va kunduz" romanlaridagi Ayollar obrazi va yozuvchining estetik ideali masalasi bo'yicha ish olib borgan adabiyotshunos olima X.Lutfullayevaning dissertatsiyasida"Kumush" va "Zebi" obrazlarini yozuvchining estetik ideali sifatida yaratilganini ikki bobda keng tahlil qilgan holda "Insoniyatning tamal toshi asosini tashkil qiluvchi ayol va uning obrazi hamda estetik ideal muammolarini tadqiqotimiz uchun mavzu qilib olar ekanmiz, uning muhimligi ayniqsa, hozirgi hayotimiz uchun dolzarblik kasb etadi. Chunki ayol yer yuzidagi jamiki insoniyatni tug'ib, voyaga yetkazgan, bashariyatning davomiyligini ta'min etuvchi zotdir", [3, 3] degan fikrni ilgari suradi.

Tadqiqotchining fikr-mulohazalariga yaqin fikrni adabiyotshunos olim Z.Isomiddinov "Ikki ayol" maqolasida alohida ta'kidlab o'tgan: "Insonshunoslik bo'lmish adabiyot birinchi navbatda ayolshunoslik, ya'ni ayolni o'rganish, inkishof etish ilmidir. Kuzatsak, eng qadimgi asarlar ham ayolga bag'ishlangan, ular konfliktini ayol va unga aloqador narsalar tashkil etadi. Hatto aytish mumkinki, adabiyot taraqqiyoti ayol mavzuining badiiy tadqiqi, uning teranlasha borishi bilan chambarchas bog'liq" [1, 47]. Fikrimizni O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayevning "So'nggi bekat" romani misolida yoritishni o'rinli deb bildik.

"So'nggi bekat" nomi, muallif qayd etib o'tganidek, ramziy. Inson hayoti davomida turli sinov va qiyinchiliklarga, baxt va baxtsizliklarga, quvonchli va qayg'uli kunlarga mahkum etilgan ekan, u mana shu bekatdan bekatga o'tish jarayonlarini o'ta sinchkovlik va mahorat bilan tasvirlamog'i lozim. Yozuvchi mana shu aqidaga amal qilaroq ish tutgan. Roman qahramonlari hayotdagi bir to'xtam - bekatnigina aks ettirgan. Hayot davom etishini, uning yana yangi-yangi talab va istaklari bo'lishini inobatga olsak, yozuvchi bekorga qahramonlar taqdiriga

aralashmaganini, ularga nisbatan subyektiv hukm chiqarmaganini, oxirgi xulosani ham kitobxonga bejizga qoldirmaganini anglab yetamiz.

Asar qahramonlari asosan yoshlar. Chunki roman yozilgan vaqtda muallifning o'zi o'ttiz beshga to'lib-to'lmagan edi. U asarga ongli ravishda tengdoshlari hayotini tanlagan. Shuning uchun bo'lsa kerak, roman jo'shqin bir kayfiyatda, ehtiros bilan yozilganligi yaqqol ko'rinib turadi va o'quvchida ham mana shunday kayfiyat uyg'otadi. Roman juda oddiy va sodda usulda yozilgan. Tili ravon va shirador.

Romanni bugungi kun ko'zi bilan o'qigan har bir o'quvchi bir mamnuniyat, qoniqish hosil qiladi. Chunki g'oya abadiy va o'lmasdir. Asarga go'zallik baxsh etib turgan nur-jilo ham uning mohiyatida. Romandagi ba'zi o'rinlar - xo'jalik hayoti bilan bog'liq sahnalar va davr siyosatini anglatuvchi so'z va tushunchalar tahrir qilinsa, ajoyib milliy psixologik asar paydo bo'ladi. Romanda kitobxonni hayratga tushiradigan, mo'jizalar sodir qiluvchi qahramon yo'q. Yaratilgan xarakter va obrazlar sizu bizdek oddiy odamlar. Lekin ularning kundalik tashvishdan, maishiy hayot muammolaridan boshqa "muammolari" ham borki, ana o'sha jihati bilan ularning rutbasi baland. Shu sababli ularning taqdiri o'quvchini o'ylantiradi, turli mulohazalarga, xayollarga eltadi. Natijada ularning taqdiri o'quvchini o'ylantiradi, turli mulohazalarga, xayollarga eltadi. Romanda katta ijtmoiy-ma'naviy fojialar ham ko'rsatib o'tilgan, ammo biron bir o'rinda na qahramon tilidan, na yozuvchi tilidan bunga izoh yo'q. Obrazlar hayot tarzi va o'zaro munosabat-to'qnashuvlari orqali o'quvchi o'zi anglab oladi.

Romanda xalqimiz madaniyatiga xos bo'lgan juda nozik qirralar ham aks ettirilgan. Is'hoq cholning uyi yo'l tushayotgani sababli buzilyapti. Yo'lchilar cholning kelini Nasiba opasinikiga ketib qolganligi sababli unga tegishli xonadagi yuklarni opchiqishga jur'at qila olmaydi. Ayol kishi kerak! Aksiga ayol qo'shni yo'q. Shunda chol Iqlima ismli kayvoniga tasodifan duch keladi va "Uyni buzishmoqchi yo'lchivoylar. Shunga... kelinning narsalarini chiqarish kerak edi. Agar sizga bemalol bo'lsa..." deydi. Ushbu misol elimizda azaldan ayolga ehtirom oliy darajada ekanligini ko'rsatmaydimi?! Bu nuqtaga diqqatingizni qaratganimizning sababi, qadimdan chorvador o'zbek urug'larida qora uy - o'tovni buzishni ayolar boshlab beradi. Bunda qanday hikmat bor ekan? Romanda yana bir qiziq ma'lumot beriladi: "... qishloq ahli navro'z bayramini ... qabristonda o'tkazishadi. Odam! To'polon! Bir joyda kurash tushishyapti, bir joyda bashang kiyingan qiz-juvonlar qur tutib, childirma chalib o'yin qilishyapti. Bir chetda nisholdapazlar, kabobpazlar, shiravorpazlar! Kichkina bolalar ham g'ujg'on. "Qiziq-a, birinchi marta o'sha marosim haqida o'ylab qoldi Munira. - Nega qabristonda o'tadi u bayram? Buning ma'nosi bormikan? Yo... yo boshqa joy yo'qmidi? Balki yasharish, tug'ilish faslidagi bayramni yashab o'tganlar, hayotdan ko'm yumganlar makonida o'tkazishda o'ziga xos ma'no bordir?" Bugungi kitobxon uchun bu ma'lumotlar nafaqat qiziq, balki juda sir-sinoatli. Bugungi zamonaviy kitobxonga xalqimiz urf-odatlari va marosimlarining tarixi, ildizlari va o'ziga xos shakllarini etnograf, tarixchi va folklorshunos olimlarimiz tushuntirib, izohlab berar balki.

Adib ijodini talqin qilgan olimlardan H.Boltaboyevning "So'nggi bekat" romani xususidagi fikrlarini bayon etar ekan, shunday yozadi: "Shukur Xolmirzayev asardan-asarga yangi-yangi qahramonlar dunyosini tahlil qilib borayotganday, yozuvchining "So'nggi bekat" romani adabiyotimizga o'z dunyosiga, o'z xarakteriga ega bo'lgan qahramonlar olib kirdi. Asar qahramonlaridan biri Sabohatning o'zi o'lim to'shagida yotsa ham unut bo'lib ketayotgan urf-odatlarni, og'zaki ijod namunalarini saqlab qolishga bo'lgan intilishi ishonarli tasvirlangan romanda. Sabohat jisman halokatga uchrayapti, uning o'limi ba'zi xalq og'zaki ijodi durdonalarining ham o'lishi mumkinligini eslatganday bo'lib tuyuladi nazarimizda. Yuksak

ideallar ruhida yashovchi zukko tarixchi Munira adabiyotimizda yangi qahramon, u saidlar, zilolalar yoki ko'pgina asarlarda madh etilayotgan tursunoylar tipidan emas. U shaxsiy hayotini unutib bo'lsa-da, yuksak ideallar ruhida yashaydi" [4,205].

Milliy o'zlikni yo'qotishga, shu orqali xalqlarni qullikda ushlab turishga qasd qilgan mustamlakachilar birinchi navbatda millatni millat qilib turadigan tayachlarini - urf-odat va an'analarini, e'tiqodini, tarixini yo'qotishdan boshlagan. Millatni g'orat qilishning ana shu uslubini adib nihoyatda bilgichlik, mahorat bilan tasvirlab, xalqimiz o'ziga xosligi, qadimiyligining ramzi bo'lgan Navro'zni umr yo'lining so'nggi bekati hisoblanmish qabristonga eltib nishonlaydi. Romandagi ziyolilar ansamblining yana bir vakili Sabohatning xalq og'zaki ijodi, xususan, tog'li xalq marosimi hisoblangan giryaning yo'qolib ketayotganidan taassufi asarga shunchaki ta'sirchan sahnalar qo'shish maqsadi bilan emas, yozuvchining asl muddaosi - xalqning uyg'onishi, o'zligini tanishi yo'lidagi vositalar sifatida qalamga olingan. Asarda bu kabi ramziylikka har qadamda duch kelamiz.

Asar qahramonlaridan bo'lmish Sabohat - jonini vatan va xalq yo'lida, erk-istiqlol yo'lida fido qilgan o'zbek ziyolilarining umumlashma obrazi. U orzu-umidlari, ideallari bilan o'z davridan o'zib ketgan inson. Bu obrazni ko'rib-kuzatsangiz, sinchiklab qarasak, XX asr boshlaridagi ma'rifatparvar ziyolilar ko'z oldimizga keladi. Uning o'limi yozuvchining istagi bilan emas, balki mantiq bilan amalga oshadi. Chunki u sho'ro siyosati istamagan shaxs. Bunday "zararli" mafkura bilan qurollangan inson jamiyatda bo'lishi mumkin emas. Yozuvchi Sabohatning o'limi orqali ko'p masalalarga ishora qiladi, tarixga urg'u beradi. Chunki bunday g'oyalar bilan yashagan, kurashgan ziyolilar asr boshida mustabid tuzum tomonidan garchi ommaviy qirg'in qilingan esada, ularning maqsad-g'oyalari, qarashlari o'lgan emas. Shuning uchun ham u shogirdiga vasiyat qildi, ishining davom etishini istadi.

Ajinatepa - majoz. Ajinatepa - tarix. Ajinatepa timsolida o'zbek xalqining ming-ming yillik tarixi nazarda tutilyapti. Muniraning saksovulga suyanib o'y surishi zamirida mana shu haqiqatlar yashiringan. Yo'lchilar tomonidan tepalikning tekislanishi va asl mohiyati ochilishi ham shunchaki emas.

"So'nggi bekat" romani yozilgandan so'ng u haqida matbuotda adabiyotshunos olimlar tomonidan bir nechta tanqidiy maqolalar chop etildi. Roman haqidagi tahliliy-tanqidiy maqolalarning bir tomonlama - xo'jalik rahbari faoliyatiga bag'ishlanib qolganining bosh sababi, biznigcha, aksar adabiyoshunos olimlarimiz O'ktam Umaraliyevni bosh qahramon sifatida talqin qilishadi va shu yo'nalishdan kelib chiqib talqin qilishadi hamda shu yo'nalishdan kelib chiqib, asar tahliliga kirishib ketadilar. Adabiyotshunos olim U.Normatov esa asarda bosh qahramon yo'q, deb hisoblaydi. Bu fikrga qo'shilib bo'lmaydi. Romanning bosh qahramoni - Munira. U tarix fani o'qituvchisi. Tarix uning vujudiga moddiy bir narsadek singib, jonli bir bo'lagiga aylanib qolgan". U o'qituvchi sifatida o'z o'quvchilarini bir necha marta Eski Termizga, butparastlarning Qoratepa ostidagi ibodatxonasiga olib tushgan. U "kitobga kirmay qolgan boshqa tarix" - O'rta Osiyo, O'zbekistonning antik tarixidan ham saboq beradi.

U Bekatga kelib Ajinatepa siriga mahliyo bo'ladi va unda bir sir yashiringaniga ishonadi. Yozuvchini roman bitishga undagan, uni bezovta qilgan g'oya xuddi mana shu obrazga yuklangan. Roman mana shu yo'nalishda o'rganilsa adibning nima demoqchi bo'lganini, asarning o'zak g'oyasi nimadan iborat ekanligini anglaymiz.

Munira asarning yakuniga qadar bir o'rinda o'zining baxtiyor ekanligini aytadi. O'ylab ko'raylik. U nimadan masrur? U baxt deganda nimani nazarda tutdi? Axir u eriga ergashib bu yerlarga kelgan edi-ku? U bungacha Bekat haqida faqat nazariy bilimga ega edi xolos. Uni maftun

qilgan narsa Bekatning oddiy, sodda, samimiy odamlari bo'ldi. Tumandagi ma'rifatparvarlar bo'ldi. Munira ko'ngliga yaqin, ruhiga mos g'oyaviy hamfikrlar topdi va uning tussiz hayotiga mazmun kirdi. U bungacha Sodiq tufayli ezilgan, xo'rlangan, aldangan edi. Romanda sadoqat va xiyonat, ezgulik va yovuzlik o'rtasidagi kurash rang-barang obrazlar misolida ochib beriladi. Asardagi er-xotin Sodiq va Munira - ikki olam. Biri ko'ngil odami bo'lsa, biri dunyo odami.

Munira izlagan, orzu qilgan hayot Bekatda ekan. Bu maskanning sirli, jozibali tarixi, qiyofasi uni maftun qiladi. Uning orzu-umidlari Muniraning hammaslagi Sabohat timsolida ko'rinadi. Shu ma'noda, so'nggi bekatdagi inson - Munira, unga o'xshagan vatanparvarlar.

Asarda chin ma'nodagi islohotchilar obrazi gavdalantirilgan. Munira, Quvvatbekov, Sabohat, qolaversa O'ktamning faoliyatiga, maqsad-maslagiga bir e'tibor qarataylik. Ular mavjud tartib-qoidalardan qoniqmagan, hayotning bu taxlit ravishiga ichdan rozi bo'lmagan odamlar-ku! Ular tabiatan yangilik yaratishga, tabiiylikka intilgan va ulug' maqsadlar bilan yashayotgan kurashchilardir. Yo'q, ular biron joyda otashin nutq so'zlamaydi, xalqni isyonga ham boshlamaydi. Minbarlarni quchoqlab va'zxonlik ham qilishmaydi. Ammo botinda pishib kelayotgan ezgu rejalarini o'z hayotlari misolida amalga oshirishni ko'zlashadi. Xo'sh, ular ko'zlagan bekatlar nimalarda ko'rinadi? Ular o'z maqsadlariga erishish uchun maorifni, maktabni, bolalar ongini yuksaltirish kerak, deb hisoblaydi. Bu obrazlar mana shu fazilatlariga ko'ra jadidlar, yigirmanchi asr boshlaridagi ma'rifatparvarlar faoliyatini yodga solmaydimi?! Ma'lumki, qatag'onga uchragan ajdodlarimiz birinchilardan bo'lib najot yo'li ma'rifatda, degan aqidani ilgari surishgan edi. Romandagi Munira, Quvvatbekov, Sabohat, O'ktamlarning g'oyaviy kurashlari va maqsadlari, pok niyatari shu kunlarda ham dolzarb. Vatanni har bir narsadan, jumladan, jonlaridan ham ortiq ko'rish, ota-bobolarimiz merosi va tarixini o'rganish, yosh avlodga o'rgatish, mafkura, g'oya sifatida hyech qachon eskirmas ekan. Romannavis erkin, hur qarashlar tarafdori sifatida o'z qahramonlarini sevib, suyib tasvirlaydi. Yuqorida nomlari keltirilgan obrazlar erkin fikri, progressiv qarashlari bilan o'z davridan, zamonidan ilgarilab ketgan ilg'or odamlardir.

Umuman olganda, hozirgi o'zbek nasri janr va badiiy-uslub jihatdan nihoyatda turfa xil edi. Ayollar obrazi nafaqat o'zbek adabiyotshunosligi arenasida, balki dunyo adabiyotshunosligi va san'atshunosligi hamda boshqa ko'plab sohalarda muhim muammo sifatida o'rganilishi dalillandi.

Ayol dunyoni tebratuvchi, naslni yaratuvchi, go'zallik, aql va donishmandlik timsoli sifatida qadim zamonlardan beri o'rganib kelinadi. Hozirgi o'zbek nasridagi ayollar mavzusi bilan bog'liq jarayonlar aslida xalq ijodi bilan ham bog'lanadi. Hozirgi o'zbek nasrida yaratilgan Ayollar obrazi va uning inja ruhiyatini tadqiq etish va o'zbek ayolining turfa qiyofalari turli davrlarda turlicha tasvirlandi. Masalan, ezilgan, haq-huquqsiz ayollar, mafkuralashgan jamoatchi ayol, ziyoli, erkin fikrli ayol qiyofalari yuz yildan ziyod o'zbek nasriy asarlari taraqqiyotida namoyon bo'ldi.

REFERENCES

1. Isomiddinov Z. Ikki ayol // Tafakkur. -2007. -Toshkent. 4-son. - B. 47.

2. Karimov N., Mamajonov S., Nazarov B. va boshq.XX asr o'zbek adabiyoti tarixi: Un-tlar va ped.in-tlari bakalavr ixtisosini oluvchilar uchun darsli. - Toshkent: O'qituvchi, 1999.-544 b.

3. Lutfiddinova X. Yozuvchining estetik ideali va ayollar obrazi: ("O'tkan kunlar" va "Kecha va kunduz" romanlari asosida): Filol. fan. nomz. ... diss. - Toshkent: 1994.

4. Toshboyev O. Abadiy zamondosh. Shukur Xolmirzayev hayoti va ijodiy faoliyatidan lavhalar.- Toshkent: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2018. - 480 b.

5. Халаф А.А. Образ женщины в Арабским исскустве. // Вестник ВГУ. Серия филология и журналистика. 2012. № 1. - С. 118.

6. Xolmirzayev Sh. So'nggi bekat: Roman.- Toshkent: Yosh gvardiya, 1976.- 246 b.

7. Hamidova M. Hozirgi o'zbek adabiyotida milliy qahramon muammosi (Shukur Xolmirzayev ijodi misolida): Monografiya. - Toshkent: Navro'z, 2020.-B.106.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.