Научная статья на тему 'NAVOIYNING YETTI GO‘ZALI'

NAVOIYNING YETTI GO‘ZALI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
7
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
doston / an’ana / mahorat / ishq / oshiqlik / vafo / qasr

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Ikromjon Habibjonov

Nizomiy Gangaviy boshlab bergan an’anani davom ettirgan bobomiz Alisher Navoiy o‘zining “Xamsa”sida buyuk beshlik yaratganligi, uning turkiy tilda yagona ekanligi alohida ahamiyatga egadir. Ushbu maqola orqali ana shu obidaning to‘rtinchisi bo‘lmish “Sab’ai sayyor” dostoni haqida qisqacha to‘xtalib o‘tilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «NAVOIYNING YETTI GO‘ZALI»

NAVOIYNING YETTI GO'ZALI

Ikromjon Habibjonov

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali

Annotatsiya: Nizomiy Gangaviy boshlab bergan an'anani davom ettirgan bobomiz Alisher Navoiy o'zining "Xamsa"sida buyuk beshlik yaratganligi, uning turkiy tilda yagona ekanligi alohida ahamiyatga egadir. Ushbu maqola orqali ana shu obidaning to'rtinchisi bo'lmish "Sab'ai sayyor" dostoni haqida qisqacha to'xtalib o'tilgan.

Kalit so'zlar: doston, an'ana, mahorat, ishq, oshiqlik, vafo, qasr

SEVEN BEAUTIFUL OF NAVOY

Ikromjon Habibjonov

Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture

Abstract: Our grandfather Alisher Navoi, who continued the tradition started by Nizami Gangavi, created the great five in his "Khamsa", it is of particular importance that it is the only one in the Turkish language. In this article, the fourth epic of this monument, "Sabai Sayyor", is briefly discussed.

Keywords: saga, tradition, skill, love, romance, loyalty, castle

"Sab'ai sayyor" Alisher Navoiy "Xamsa"sining to'rtinchi dostoni bo'lib, 1484-yilda yozilgan va dostonning ilmiy-tanqidiy matniga ko'ra hajmi besh ming to'qqiz baytdan iborat. U aruzning hafif bahrida yaratilgan.

Alisher Navoiy "Sab'ai sayyor"ning xotimasida shunday ta'kidlaydi:

Lutf nazm aro bag'oyatdur,

G'araz ammo yeti hikoyatdur.

Chunki qoyil yeti musofir edi

Ki, alar sayr ishiga mohir edi.

Bo'ldi chun bu raqam ishi tayyor,

Qo'ydum otini "Sab'ai sayyor".

Ulug' mutafakkir diqqatni asarning asosini tashkil etgan yetti hikoyatga, bu hikoyatlarning aytuvchilari sayr ishiga mohir bo'lgan yetti musofir ekanligiga qaratib, doston nomini "Sab'ai sayyor", ya'ni "Yetti sayyor (kezuvchi)" deb ataganini uqtiradi.

"Sab'ai sayyor" asarida voqealar shanba kunidan boshlanadi Bahromning qora kunini tunga ulagani haqida hikoya qiladi. Shoh Bahrom hindistonlik sayyohning

Farrux va saxiy Axiy (saxiydan ham saxiy) haqidagi hikoyatini tinglaydi. Unga ko'ra, Hind mamlakati podshosi Jasratxonning aqlu husnda tengsiz o'g'li shahzoda Farrux tushida bir parivashni ko'rib, sevib qoladi. O'sha sanamga yetishish ishqida safarga chiqqan shahzoda Halab shahrida tushida ko'rgan mahvashni uchratib, hushidan ayriladi va taqdir taqozosi bilan birgina palosga o'ranib, og'ir ahvolda qolganida unga saxovati bilan nom qozongan Axiy yordam ko'rsatadi. U bilan suhbatda bo'lgan Axiy Farruxning zakovatiga qoyil qoladi va shahzodaning dardiga davo topishni chin dildan xohlaydi. Nihoyat Farruxning ishqi tushgan go'zal o'z ayoli ekanini bilib oladi va jufti halolini taloq qilib, Farruxga nikohlab beradi. Farrux o'z yurtiga qaytadi va otasi vafot etgani uchun taxtga o'tiradi. Bu orada Axiyning ishlari orqaga ketib, tuhmatga uchraydi, o'z yurtidan qochib, jon saqlab qoladi. Farrux uylangach, Axiyning mardligidan hayratga tushadi, ayolni o'ziga singil kabi tutadi va do'stini izlaydi. Axiy esa Hind mulkiga borib qoladi, shu yerda ikki do'st topishadi, Farrux singlim deya Axiyning o'z ayolini katta to'y bilan nikohlab beradi. Shu tariqa ular chin do'st sifatida, bir-biridan yordam va mehrini ayamay uzoq umr kechiradilar. Mazkur hikoyat yakunida sayyoh shoh Bahromga o'zining Axiy avlodidan ekanini ma'lum qiladi. Shoh uni siylab, saroyda olib qoladi. Hikoyaning boshlanishidan oldin qora rang Bahromning Diloromdan judolik kunlari, motam azadorlik ramzi sifatida qo'llangan bo'lsa, hikoya oxiriga kelib, an'anaga zid holda qora rangning boshdagi toj ekanlligini, ya'ni boshdagi sochning qoraligi insonning baxtiyorligidan, yoshligidan darak beruvchiligini ta'kidlash bilan tugallanadi.

Yakshanba kuni uning homiysi Quyosh sayyorasining rangiga mos sariq qasrda shoh Bahrom rumlik sayyohning Zayd Zahhob haqidagi hikoyatini tinglaydi. Unga ko'ra, juda o'tkir bilim egasi bo'lgan Zayd Zahhob ismli zargar Rum mamlakati podshosining eng yaqin do'sti edi. U shohning ishonchini qozongan bo'lib, hukmdor u bilan har bir ishda maslahatlashar edi. Bir kuni Zayd Zahhob shohga oltin taxt yasab berishni taklif qiladi. Shoh ko'nadi va xazinadan ikki ming botmon oltinni zargarga olib beradi. Zayd Zahhob sirti oltin bilan qoplangan, lekin ichki tomoni kumush bilan to'ldirilgan taxt yasaydi. Qolgan oltinlarni esa o'zlashtirib yuboradi. Shoh bundan bexabar bu hashamatli taxtga chiqib, qoyil qoladi. Zayd Zahhobning dushmanlari shohga uning fíribini ma'lum qiladilar. Shoh Zayd Zahhobni zindonga tashlaydi. Zayd zindondan qochib, Qustantaniyaga borib, butxonada rohiblik qila boshlaydi. U yerda hammani o'ziga mahliyo qilib, butxonaning oltindan yasalgan barcha buyumlarini shisha va boshqa metallar bilan almashtirib qo'yadi. Keyin o'z muxlislariga bu yurtni tark etishini aytganda, hamma uni yig'lab kuzatadi, Zayd keta turib, ularga bir xat qoldirganligi haqida ma'lum qiladi. «Rohib» ketgach, muxlislari uning xatini topib, ko'zga surib o'qisalar, unda Zaydning hamma kirdikorlari bitilgan bo'ladi. Butparastlar oh-voh qilib qolaveradilar. Zayd esa Rumga qaytib, bemor bo'lib qolgan shohni davolaydi, qayta uning ishonchiga kirib, dushmanlarini

jazolaydi. Hikoya yakunlangach, sayyoh o'zining Rum mamlakatidan, Zayd Zahhobning avlodlaridan biri ekanligini aytadi. Shoh Bahrom bu sayyohga ham muruvvat ko'rsatib, saroyda olib qoladi.

Dushanba kuni yashil qasrda shoh Bahrom misrlik sayyohdan Sa'd haqidagi hikoyatni tinglaydi. Yashil rang abadiylik, yashovchanlik ramzi hisoblanadi. Unga ko'ra, misrlik boy xojaning kamolga yetgan o'g'li Sa'd otasi kabi musofirlarni mehmon qilishni xush ko'rar edi. Bir kuni uning dargohiga shahrisabzlik ikki sayyoh kelib, o'z yurtlaridagi g'aroyib xususiyatli dayr - butxona haqida aytib beradilar. Mazkur butxonaning o'ziga xos tomoni shu ediki, kimki u yerda bir kun tunasa, tush ko'radi va tushi, albatta, o'ngidan keladi. Sa'd shu butxonaga borish ishqiga tushadi va otasining roziligini olib, safarga otlanadi. Unga shahrisabzlik ikki musofir hamrohlik qiladilar. Dayrga yetib borgan Sa'd tush ko'radi. Tush ta'sirida xayolga botib o'tirsa, eshikdan bir mo'ysafid kirib keladi. Sa'd bu donishmand mo'ysafidning maslahat va ko'rsatmalari bilan harakat qiladi. Uzoq sarguzashtlarni, sinovlardan o'tib, Gulrux ismli go'zalning vasliga yetishadi. Sayyoh hikoyatni yakunlagach, o'zining Shahrisbazdan, Sa'd avlodlaridan biri ekanligini ma'lum qiladi. Shoh Bahrom sayyohni Shahrisabzga voliy etib tayinlaydi.

Seshanba kuni qizil qasrda shoh Bahrom navbatdagi sayyohdan shoh Jo'na va uning do'sti Mas'ud haqidagi qissani tinglaydi. Roviy shohga Dehlida sultonlik qilgan Jo'naning saxovati cheksiz ekanligini hikoya qilish bilan o'z qissasini boshlaydi. Sulton Jo'na shu qadar saxovatli bo'lib, uning saxiyligi chegara bilmasdi. Bir kuni bir musofir uning mehmoni bo'lib, bir ko'zgu sovg'a qiladi. Ko'zgu rost gapirgan odamning yuzini oq, yolg'onchining yuzini qora ko'rsatar edi. Shoh Jo'na musofirni siylab, undan mendan ham o'tadigan saxiy bormi, deya so'raydi. Yo'q, deb javob bergan sayyohning yuzi ko'zguda qora bo'lib, ko'rinadi. Nihoyat uyalib, sizdan ham saxiyroq odam bor, bu go'zal Taroz o'lkasida yashovchi Mas'uddir, deydi. Shoh esa hammaga ruxsat berib, payt topib, Tarozga jo'naydi. U yerda Mas'ud bilan uchrashib, do'st tutinadi. Mas'udning fasohatidan hayratda qoladi. Mas'ud unga o'zi uchun eng aziz bo'lgan nimaiki bo'lsa, hammasini ikkilanmay hadya qilib yuboradi: sevimli, kuy va qo'shiqda mohir kanizagini, mayi tugamaydigan jomini, Gulgun laqabli otini. Bundan ta'sirlangan shoh Mas'udni Tarozga hokim qilib tayinlash to'g'risida farmon beradi. Taroz hokimi Jaypur esa bundan bezovta bo'lib, Ballu degan qattol vaziri bilan maslahatlashib, Mas'udni yo'q qilish rejasini tuzadi. Unga ko'ra, Jaypur Mas'ud bilan do'st tutinadi, bir kuni mast Mas'udni mast qilib, bir chohga tashlatadi. So'ng qayg'urgan bo'lib, yig'laydi, boshqalarni ham ishontiradi va Masud uchun motam ham ochtiradi. Mallu esa Mas'udni azoblay boshlaydi. Jaypurning bir go'zal qizi bo'lib, Mas'udga oshiq edi. U Mas'ud haqida bilib qoladi va ikki sodiq kanizi yordamida uni qutqarib, davolaydi va otasining saroyidan Mas'ud bilan qochib ketadi. Jaypur ularga yetolmay dog'da qoladi. Ikki sevishgan

yo'lda ko'p qiyinchilik bilan Dehliga borib qoladilar. Mas'ud o'zi mehmon qilgan Jo'naning shoh ekanini bilmasdi, shuning uchun pul topish ilinjida shoh saroyiga borganda sehrli jomini, kuy chalib, qo'shiq aytayotgan kanizini, Gulgun otini ko'rib, avval hayron bo'ladi, keyin shohni ham Jo'na ekanini bilib qoladi. Mas'ud tanigan boshqa mahramlar bu haqda Jo'naga aytadilar. Do'stini yo'qotib, hajr azobidan qolgan shoh bundan bag'oyat shodlanib, do'stiga mehribonlik ko'rsatadi, uning yorini ham olib keltiradi, Jaypur va Malluni esa jazolaydi. Hikoyasini shu tariqa yakunlagan sayyoh shoh Bahromga o'zini Tarozdan, Mas'ud avlodlaridan biri ekanligini aytadi. Bahrom uni Tarozga hokim qilib tayinlaydi

Chorshanba kuni moviy qasrda Bahrom navbatdagi musofirdan Mehr va Suhayl haqidagi hikoyani tinglaydi. Unga ko'ra, Adan degan joyda bir orolni o'z makoniga aylantirib, dengizda qaroqchilik qilishni kasb qilgan Jobir degan yo'lto'sar Behishti saro shahrining go'zal malikasi sayr qilib chiqqan qayiqni qo'lga kiritadi. Lekin Mehr shu qadar go'zal ediki, Jobir uni ko'rib, hushini yo'qotardi. Shuning uchun qizga yaqinlasha olmay, o'zining baland devorlar bilan o'ralgan bog'ida yashashiga ruxsat beradi. Mehrning otasi Navdar shoh Yaman mamlakati shohi No'monning o'g'li Suhaylga qizini bermoqchi edi shuning uchun shoh No'mon o'g'lini kemaga chiqarib, Navdarning mamlakatiga yuboradi. Suhayl dengizda Jobirga yo'liqadi va jangda yengilib qoladi. Suhaylning jang qilishiga, jasoratiga qoyil qolgan Jobir uni o'ldirmasdan o'z bog'idagi bir chohga tashlatadi. Shoh Navdar va No'mon o'zaro xat yozishib, birgalikda Jobirga hujum qilishga kelishadilar. Navdar shoh quruqlikdan, No'mon shoh dengizdan Jobir ustiga qo'shin tortishga kelishadilar. Quruqlikdan kelayotgan Navdar askarlaridan ajrab, ovga berilib, Jobir qo'liga asir tushadi. Dengizda esa No'mon shoh ham yengilib, dengiz qaroqchisiga tutqun bo'ladi. Mehr visoliga yetisholmagan Jobir esa ichkilikka zo'r beradi. Mehr bog'da aylanib yurib, chohda yotgan Suhaylni bilib qolib, qutqaradi, so'ng Suhayl Jobir bilan jang qilib, uni yengadi va tutqunlikdagi hamma ozodlikka erishib, murodu maqsadga erishadilar.

Payshanba kuni sandal qasrda shoh Bahrom Muqbil va Mudbir haqidagi qissani tinglaydi. Unga ko'ra, Muqbil va Mudbir Boxtar degan joydan Xovarga yo'l oladilar. Muqbil ibodatli, rostgo'y bo'lib, Mudbir kazzob va pastkash edi. Ular qaynoq vodiyi hamimdan birga o'tadilar. Mudbirning axmoqona gaplaridan Muqbil ko'p ozor chekib, undan voz kechmoqchi bo'lsa, Mudbir yalinib, tavba qiladi. Ular shu tariqa safarda davom etadilar. Dengiz sohiliga borib, bir kemaga chiqadilar. Muqbil odatdagidek ibodat qilib, tasbeh o'girib o'tirsa, Mudbir Xudoga shirk keltirib, valdiray boshlaydi. Shunda to'fon kelib, ularning kemasini g'ar qiladi. Bu ikkisi taqdir taqozosi bilan qutulib, qirg'oqqa chiqib, o'rmonga duch keladilar. Shu yerdagi bir daraxt kovagida buloq bo'lib, u yerda buning suvini ichgan odam mutlaqo ochiqmaligi, suvsamasligi va yolg'on gapirsa yorilib o'lishi yozilgan bo'ladi. Muqbil va Mudbir bu suvdan to'yib ichib olganlari uchun yozuvni o'qisalar, buloq suvida

boshi bilan sho'ng'ib cho'milgan odam g'aroyib voqealami ko'rishi aytilgan ekan. Faqat rostgo'y odam cho'milsa mumkin, yolg'onchi esa kuyar ekan. Natijada, suvga Mudbir tusholmaydi, Muqbil buloqqa sho'ng'ib, bir qasrga duch keladi, u yerda bir mahvashga oshiq bo'lib qoladi. O'ziga kelib, suvdan chiqqanida esa oshiq bo'lgan go'zal ishqida o'zini yo'qotib bexud bo'ladi. Muqbil va mudbir qirg'oqqa kelsalar, kemaga duch keladilar. Bu kema sandal daraxti yog'ochi bilan to'la bo'lib, odamlari o'lib yotardilar. Gap shundaki, Xovar mamlakati shohi qizi kasalga chalingan bo'lib, tabiblar unga sandal daraxtidan yasalgan qasrda yashash davo degani uchun ko'plab savdogarlar shu daraxt yog'ochlarini olib kelayotganlarida dengizda po'rtanaga tushib, chiqolmay, ochdan o'lgan edilar. Ular qirg'oqqa borganlarida Xovar shohiga duch keladilar. Mudbir o'zini savdogar, kema egasi, Muqbilni qulim, deb tanishtiradi va shu zahoti yorilib o'ladi. Muqbil esa bor gapni yashirmay aytib beradi. Shoh uni o'ziga kuyov qilishni xohlab, to'y beradi. Malikaning qasriga borgan Muqbil xuddi buloqda ko'rgan holatiga duch keladi: sandal qasr, go'zal qizlar va o'sha u sevib qolgan mahvash. Keyin ma'lum bo'ladiki, bu go'zal Xovar shohining qizi bo'lib, unga jinlar shohi oshiq bo'lgan ekan. Lekin qizga yetisholmagan jinlar shohi o'sha oroldagi daraxtdagi kovakdagi buloqda qizning suratini, uning qasrining nusxasini pay do qilib, o'zini ovutib o'tirarkan. Muqbil shunga duch kelgan ekan. Shu tariqa Xovar shohining go'zal qizi va rostgo'y Muqbil vaslga erishadilar.

Juma kun oq qasr barpo qilingan edi. Nihoyat, muborak juma (odina) kuni Bahrom oppoq - kofuriy kiyimda oq qasr ichida fil suyagidan yasalgan taxt ustida o'tirib, oq kiyimli go'zal bilan bilur jomda oq may ichadi va Chin go'zali qoshida xorazmlik musofirning hikoyasini tinglaydi.

Musofir o'zining Xorazmdan ekanligini, soz chalishini, iqlimdagi barcha ustozlar uning shogirdlari ekanligini, kutilmaganda bir chinlik savdogarning go'zal kanizagi Xorazmga kelgach, uning ishi kasodga uchraganini, kanizak huzuriga borib arz qilganini, uning sozini tinglab, uning tarixi bilan qiziqqanini va kanizak unga boshidan o'tganlarni so'zlab berganini aytadi. Shoh Bahrom aytilganlardan bu kanizak Dilorom ekanligini bilib, Diloromni olib kelish uchun Xorazmga sipohlarini jo'natadi. Ko'ringanidek, Bahrom birinchi hikoyani o'z ruhiy holati kabi qora qasrda, qora libosda tinglagan edi, chunki u o'z Diloromidan ayrilgan, hijron zulmatiga giriftor bo'lgan edi. Yettinchi hikoyani esa oq qasrda oq libosda tinglaydi va bu hikoyat unga visol umididan darak beradi, uning qalbiga yorug'lik olib kiradi. Lekin Bahrom Diloromni topgach, yana ovga, aysh-ishratga beriladi. Bir kuni u saroy ahli, sonsiz qo'shin va Dilorom bilan katta ovga chiqqanida, yomg'ir yog'adi va eski botqoqning og'zi ochilib Bahromni Dilorom va butun arkoni davlati bilan birga yer yutadi.

Alisher Navoiy "yetti aqbadin o'tdim-yetti qiyin yo'ldan o'ttim, ya'ni yetti hikoyatni tugatdim", - deganda, o'zining bu ishini Rustam o'tgan qiyoslaydi.

"Yetti" so'zi "Sab'ai sayyor" dostonida yetti iqlimdan kelgan yetti sayyohning haftaning yetti kunida so'zlagan yetti hikoyati, yetti shohning go'zal qizi, yetti rang, yetti sayyora, yetti falak, yetti qasr birikmalarida qo'llanilgan bo'lib jami to'qson marta ishlatilgan.

Bu asarni yozishga ketgan fursatim ularning (Nizomiy, Dehlaviyning) ketkazgan o'ndan bir vaqtining o'ndan biriga teng.

Agar Nizomiyning "Haft paykar", Dehlaviyning "Hasht behisht" dostonlari ikki yildan ortig'ligini eslasak, Navoiyning bu so'zlari naqadar haqligiga ishonch hosil qilamiz.

Vaholanki, yuqorida Navoiy o'zidan avval Bahrom haqida doston yaratgan ijodkorlarning asosiy ishlari faqat ijod bilan shug'ullanish ekanligiga, Navoiy esa el-xalq mojarosidan ortgan vaqtdagina qo'liga qalam ola olishini, shunga qaramasdan, bu doston to'rt oyda yozilganini, agar boshqa ishlardan ozod bo'lganida esa, to'rt haftada yozishi mumkinligini ta'kidlagan edi

Tarixdan bilamizki, sulton Husayn Boyqaro shohlik davrining so'nggi yillarini ichkilikka ruju qo'ygan holda, aysh-ishratga berilgan tarzda o'tkazadi. Bu holatda mamlakat taqdiriga befarq bo'lmagan Alisher Navoiy do'stiga turli maslahatlarni, hayotiy misollarni eslatgan holda ibrat namunasi sifatida "Sab'ai sayyor" dostonidagi shoh Bahrom obrazini keltiradi. Asarda Bahrom ichkilik tufayli sevikli yoridan ayriladi, toj-u taxtni boshqarishga, mamlakat taqdiriga befarq bo'lib qoladi. Natijada esa bu yo'l uni halokatga boshladi. Navoiy ham do'stining taqdiridan xavotirga tushgani sababli, mamlakat parokandalikka uchramasligi uchun doimo to'g'ri yo'lni ko'rsatib borardi. Navoiy doimo mamlakat boshqaruvida adolatli podsho hukmronligini orzu qilgan va buni har bir asarida aks ettirgan. Odil podsho faqatgina Navoiyning emas, butun xalqning orzusi ekanligini, davlatning tinchligi, farovonligi, boy-badavlat bo'lishi va albatta kelajagining ravnaqi to'g'ri olib boriladigan siyosatga boqligini qayta-qayta ta'kidlab o'tgan. Navoiyning bu qarashlari hech qaysi davrda o'z ahamiyatini yo'qotmaydi. Uzoqqa bormay, bugungi-kunimizga nazar solsak. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan to'g'ri siyosat, yoshlarimizning ertangi kuniga bo'lgan ishonch, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik-bularning bari buyuk inson A.Navoiyning fikrlari bilan hamohangdur.

Navoiy ijodi tuganmasdir. Uning har bir asarini qayta-qayta o'qir ekanmiz, mutafakkirning teran fikrli ekanligiga, so'zga boy va, albatta, metindek bardosh-yu, tog'lardek sabr qanoatiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

"Sab'ai sayyor" dostoni voqealari qiziqarliligi bilan birga, ibratli hamdir. Asrlar o'tadi, zamonlar o'zgaradi, dunyo turli qiyofa kasb etadi. Lekin hazrat Alisher Navoiyning qarashlari, adolatli shoh haqida g'oyalari eskirmaydi. Navoiyni o'qiylik, o'rganaylik va undan ibrat olaylik.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Sirojiddinov S., Yusupova D., Davlatov O. Navoiyshunoslik. Darslik, Toshkent, Tamaddun. 2018.

2. Orzibekov R. O'zbek adabiyoti tarixi. O'quv qo'llanma. - Samarqand: 2005.

3. Mirzayev S. XX asr o'zbek adabiyoti. - T.: Yangi asr avlodi, 2005.

4. Sh.M.Mirziyoyev. Erkin va farovon, demokratik O'zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. - Toshkent: O'zbekiston NMIU. 2016. - B.56.

5. Sh.M.Mirziyoyev. Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik - har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo'lishi kerak. - Toshkent: O'zbekiston NMIU. 2017. - B.104.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.