Научная статья на тему 'NAVOIY G’AZALLARIDA TARSO OBRAZINING IRFONIY QIRRALARI'

NAVOIY G’AZALLARIDA TARSO OBRAZINING IRFONIY QIRRALARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
232
27
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Alisher Navoiy / badiiy ijod / badiiy obraz / tasavvuf / irfon / tarso / g‘azal. / Alisher Navoi / artistic creation / artistic image / sufism / lore / tarso / ghazal.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Razzoqov, Alisher Abduzohidovich

Mazkur maqolada Alisher Navoiy ijodida, ayniqsa she’riyatida faol qo‘llaniladigan tarso obrazining adabiy-estetik, tasavvufiy mohiyati o‘rganilgan. Maqolada qo‘yilgan muammoning tadqiqi uchun Alisher Navoiy g‘azallaridagi shu so‘z ishtirokidagi ayrim baytlar ob’ekt sifatida tanlangan. Obraz mohiyatini yanada kengroq tahlil qilish maqsadida Navoiyning fors tilidagi g‘azallaridan va shu tilda ijod qilgan boshqa shoirlar asarlaridan misollar olindi. Tasavvufiy atamalarning sharhi uchun maxsus lug‘atlardan foydalanilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

THE MYSTICAL EDGES OF THE IMAGE OF TARSO IN NAVOY'S GHAZALS

In this article, the literary-aesthetic, mystical nature of the image of tarso, which is actively used in Alisher Navoi's work, especially in his poetry, is studied. Some stanzas with this word in Alisher Navoi's ghazals were selected as objects for the study of the problem posed in the article. In order to further analyze the essence of the image, examples were taken from Navoi's ghazals in Persian and the works of other poets who created in this language. Special dictionaries are used for the interpretation of mystical terms.

Текст научной работы на тему «NAVOIY G’AZALLARIDA TARSO OBRAZINING IRFONIY QIRRALARI»

Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

(E)ISSN:2181-1784 www.oriens.uz 3(9), September, 2023

NAVOIY G'AZALLARIDA TARSO OBRAZINING IRFONIY QIRRALARI

Razzoqov Alisher Abduzohidovich

filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Toshkent Davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti doktoranti

ANNOTATSIYA

Mazkur maqolada Alisher Navoiy ijodida, ayniqsa she'riyatida faol qo'llaniladigan tarso obrazining adabiy-estetik, tasavvufiy mohiyati o'rganilgan. Maqolada qo 'yilgan muammoning tadqiqi uchun Alisher Navoiy g 'azallaridagi shu so 'z ishtirokidagi ayrim baytlar ob 'ekt sifatida tanlangan. Obraz mohiyatini yanada kengroq tahlil qilish maqsadida Navoiyning fors tilidagi g'azallaridan va shu tilda ijod qilgan boshqa shoirlar asarlaridan misollar olindi. Tasavvufiy atamalarning sharhi uchun maxsus lug 'atlardan foydalanilgan.

Kalit so'zlar: Alisher Navoiy, badiiy ijod, badiiy obraz, tasavvuf, irfon, tarso, g 'azal.

ABSTRACT

In this article, the literary-aesthetic, mystical nature of the image of tarso, which is actively used in Alisher Navoi's work, especially in his poetry, is studied. Some stanzas with this word in Alisher Navoi's ghazals were selected as objects for the study of the problem posed in the article. In order to further analyze the essence of the image, examples were taken from Navoi's ghazals in Persian and the works of other poets who created in this language. Special dictionaries are used for the interpretation of mystical terms.

Key words: Alisher Navoi, artistic creation, artistic image, sufism, lore, tarso, ghazal.

KIRISH

Ma'lumki, tasavvuf adabiyotning eng muhim xususiyati unda ramziylikning yetakchi o'rinda turishidir. Bu holatni Naqshbandiya tariqati shayxlaridan biri Xoja Muhammad Porso o'zining "Faslul-xitob" asarida "At-Tarruf sharhi"dan iqtibos keltirib shunday izohlagan: "Bu toifa (tasavvuf ahli -R. A.)ning so'zlari ko'p hollarda ramz va ishoratlardir. Chunki ularning so'zlari mohiyatan olami g'aybdandir. Olami g'aybdan so'zlamoq esa ramz va ishoratsiz bo'lmas... zohiriy ilmning o'ziga xos istilohlari bo'lgani kabi ilmi hol bo'lgan botin ilmining ham o'ziga xos ramz va ishoratlari bordir" [17; 135] shu sababdan ham she'riyatda islom tasavvufidagi islom, iymon, aql, hush, zuhd, taqvo singari tushunchalar negadir salbiy ma'noda; may, mayxona, xarobot, dayr, sharob, but, butxona, kufr, rind, tarso singari shaxs va

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(9), September, 2023

tushunchalar ijobiy ma'noda talqin qilinadi. Zotan, irfoniy mavzular o'ta nozik, daqiq tushunchalardan iborat bo'lib, ularni ommatan keng yoyish ko'plab tushunmovchiliklarga sabab bo'lgani uchun shu usuldan foydalanilgan.

Hofiz Sheroziy g'azallarini tadqiq qilgan eronlik adabiyotshunos olim Murtazo Mutahhariy ham shoir g'azallaridagi bir qarashda g'ayritabiiy tuyuladigan misralarni tasavvuf she'riyatining o'ziga xos qonuniyatlari bilan bog'lagan holda izohlagan: "Hofiz, in xirqai pashmina biyandozu birav" (Hofizo, bu junli xirqani tark etgilu ket) kabi misralar uning devonida uchrab tursa ham, bunday iboralar uning yashash tarzini ifodalovchi ta'birlar vazifasini o'tamaydi, balki she'rning ichki talablaridan kelib chiqib, tuyg'ular rangini yorqinroq ko'rsatish uchun ishlatilgan kalima va iboralardan hisoblanadi [13: 14 - 15]. Alisher Navoiy ham o'z g'azallarining uslubi, mavzu-mundarijasini belgilashda fors-tojik tilli mualliflardan, xususan, Hofiz ijodidan ta'sirlangani uning asarlarida bot-bot ta'kidlangan.

Navoiy she'riyatida ham uchrab turadigan shunday obrazlardan biri, mohiyatan shoirning tavhid e'tiqodiga zid bo'lsa-da, ammo she'rlarida ijobiy ma'noda tasvirlanuvchi tarso timsolidir. "Tarso" so'zining asl ma'nosi "masihiy, nasroniy, Iso diniga ergashuvchi" [15; 333] bo'lib, ba'zan zardushtiylik diniga e'tiqod qiluvchilarni ham tarso deyishgan [7; 27]. Alisher Navoiy she'riyatida bu so'z o'zinning birinchi ma'nosida ham qo'llangandir. Masalan, "Navodir ush-shabob" devonining 316-g'azalida "tarso" so'zi birinchi ma'nosida ifodalangan: Tengridin qo'rqmay ulkim, qaribon boda ichar, Yaxshiroqdur bu musulmonlig'din tarsoliq.

Ya'ni, bu baytda yoshi o'tib ham mayxo'rlikdek yomon odatini tashlamagan kishining musulmonligi tarsolikdan afzal deyilmoqda. Yoki yana shu devonning 612-g'azalida mo'minlik va tarsolik o'z ma'nosida qo'llanib, bir-biriga zidlantirilgan: Jannatu do'zaxga chekmas, lutfu qahring bo'lmasa, Gar munung mo'minlig'idur, gar aning tarsolig'i.

Ammo Navoiyning aksar oshiqona g'azallarida xuddi shu tushunchalar boshqa ma'nolarga ko'chirilib, o'rni almashtirib ramziy ma'noda talqin qilinadi. Chunki Navoiy she'riyatida ishq majoziy ma'no kasb etishi sir emas. "Tarso" so'zi oshiqona g'azallarda ko'p hollarda ma'shuqanining sifati - "dilbari tarso", "buti tarso", ba'zi hollarda "mug'u tarso" shaklida birikma holida qo'llanilib, nozik irfoniy ma'nolarning badiiy talqini uchun xizmat qilgan.

"Devoni Foniy"da "tarso" so'zi ishtirokidagi quyidagicha bayt uchraydi: Gashtaam on son malul az makri ahli xonaqah, Xoham in dam ro'y dar dayri mug'u tarso niham.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(9), September, 2023

"Tarjimasi: Honaqoh ahlining makridan shunday malul bo'ldimki, endi mug'lar dayriyu tarsoga yuzlanishni istayman" Lirik qahramonning xonaqoh ahlidan bezor bo'lishining sababi nima, axir xonaqoh so'fiylar maskaniku. Ammo bu o'qiganimiz lirik asar ekanligini unutmasligimiz kerak, ya'ni she'rda so'zlar ramziy ma'noda, yuqorida aytgamizdek, o'zining teskari ma'nosida ham qo'llanadi. Foniy (Navoiy) bu baytida xonaqoh deganda haqiqiy ma'nodagi orif-so'fiylar maskanini emas, ishi irfoniy zavqu shavq, ixlosu muhabbatdan holi quruq ibodat, rasm-rusmdan iborat guruhlar maskanini nazrada tutgan. Bunday joydan dayrda mug' va tarsolar suhbati afzal ko'rilganki, bu so'zlar ham o'zining ilk ma'nosida emas, maxsus so'fiylar istilohida qo'llangan. Tasavvufga doir lug'atlarda "tarso" so'ziga "nafsi ammorasidagi yomon sifatlar go'zal sifatlar bilan almashgan ruhoniy kishi, murshidi komil va piri mukammal", [12; 51; 11; 232; 9: 6622] deb ta'rif berilgan. Shuningdek, "tarsolik" sifati irfoniy ma'noda "urfu odat, ism va rasmlar takallufi (zahmatlari)ga qaramlikdan xalos bo'lish va hamma narsani Haqdan va Haq bilan ko'rishdir" [12; 52] deb ham ta'riflanganki, bu yuqoridagi baytdagi xonaqoh ahlidan kechib, mug' va tarsolarni afzal ko'rishning ma'nosini yanada oydinlashtiradi.

"Devoni Foniy"dagi yana bir g'azalda lirik qahramon ko'nglimni bir tarso zulfining zanjiri band qilgan ekan, endi dayrdan o'zga joyni qanday orzu qilay, deydi: Ba g'ayri dayr dilam chun havo kunad joye, Maro, ki bast ba zanjiri zulfi tarsoe.

Zulf - "(ilohiy) mohiyatning g'aybi (noma'lumligi) bo'lib, hech kimga u tomon yo'l yo'qdir" [14; 58], shu kabi yana bir ta'rifga ko'ra: "hech kim anglab yetmaydigan g'aybiy huviyat, Haqning zoti va mohiyati. Qorong'ulik (qora soch) qanday majhul bo'lsa, Haqning zoti ham shunday majhuldir. Pechi zulf - a) Ilohiy mushkulot, b) imkon martabasi; s) uzun soch - chegarasiz borliqlar, kasrat va taayyunlar, soch ma'shuqaning yuzini berkitgani singari bular ham haiqiqiy Birning yuzi(zoti)ni berkitadi; d) jaloliy tajallilar" [16; 596]. Oshiq ko'nglini band qilgan zulfga berilgan bu ta'riflarning deyarli har biri bu bayt ma'nosiga mos keladi: 1. Zulf - ilohiy mohiyatning noma'lumligi ma'nosida - inson qalbi noma'lum narsalarning mohiyatiga domo talpinuvchan bo'ladi; 2. Zulf - ilohiy mushkulot ma'nosida, bu ham inson qalbini doimo o'ziga band qilib turadi; 3. Uzun sochning ilohiy zotni berkituvchi chegarasiz borliqlar, kasrat va taayyun ma'nosida tushunilishi ham qalbni o'ziga band qiluvchi mushkulotlardir; 4. Uzun sochning jaloliy tajallilar deb tushunilishida ham bir tasavvufiy ma'no borki, ilohiy tajallilarni oriflar qalb "ko'z"lari orqali ilg'aydilar, shu orqali qalblarini Haqqa bog'laydilar.

Zulfining o'zi shunday sifatlarga ega tarsoning o'zi kim, u yana qanday xossasi bilan oshiqni "yo'ldan urgan", degan muammoga Sayyid Ja'far Sajjodiyning "Irfoniy

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(9), September, 2023

atamalar va iboralar lug'ati"dagi "tarsobacha" so'ziga berilgan ta'rifdan javob topish mumkin: "tarsobacha - oriflar nazdida rabboniy jazba va ruhoniy jozibadorlikdir. Shuningdek, ruhlar olamidan qalblar va nafslarga tushadigan, nafs tafriqalaridan xalos qiladigan voridotlarga ham tarsobacha deyilur; ba'zan muvahhid kishi ma'nosida ham kelur" [11; 233 - 234]. "Vorid" esa "qalbga yetgan ilohiy turtki bo'lib, u qalbni odatdagi holidan qo'zg'atadi va rabboniy ma'rifatlar va rahmoniy latofatlarga sabab bo'ladi" [18; 102]. Demak, oshiq qalbining tarso va uning zulfi ta'sirida dayrni istab qolishining sababi ulardagi yuqorida sanalgan sifatlar bilan bog'liqdir. Zero, "dayr" so'zining tasavvufiy ma'nosi ham "oriflar va avliyolar majlisi" [6; 149]dirki, bunday dargohga yuzlanish uchun ham insonda ilohiy bir jazba, qalb holatini o'zgartiradigan bir vorid - hodisa lozim. Jazbaning o'zi ham ikki turli - majzubi solik, soliki majzubdirki, har ikkalasi ham albatta suluk yo'li bilan tarbiyalanishi zarur.

Tarso obrazi talqinidagi xuddi shu ma'no va uslub Navoiyning turkiy g'azallarida ham izchil rivojlantirilgan. "Favoyid ul-kibar" devonining 630-g'azalida islom ahlining taqvosini tuproqcha ham ko'rmaydigan tarsoning oshiq dinini dayr tuprog'i bilan bitta qilishi shunday tasvirlanadi:

Mening dinimni soldi dayr tufrog'ig'a bir tarso Ki, yo'q tufrog'cha ollida taqvo ahli islomi. Bu baytdagi "din" biz tushungan halollik, poklik, to'g'rilik singari ma'lum tartib-qoidalar majmui emas, balki iymon, ixlos, ishq va samimiyatdan mahrum bir rasm-rusm, qoidalardan iborat bir taqliddir. Albatta, inson hayotida din muhim o'rin tutadi, ammo uning quruq o'zi yuqorida sanalgan fazilatlarsiz jonsiz jasadga aylanadi. Bunday taqlidiy "din" unga ergashgan odamlarni hissiz mutaassiblarga aylantiradi. Shu sabab Navoiyning zikr qilingan baytida tarso oshiq "dini"ni tuproqqa qorishtiradi, zero "tarsolik" so'zining yana bir irfoniy ta'rifi "taqlidga, jumladan, ota-bobolarga (ko'r-ko'rona) taqlid bandiligidan xalos bo'lish"dir [11; 232 - 233]. "G'aroyib us-sig'ar" devoning 80-g'azalida oshiqni iymon boyligidan mahrum qilib, dayr pirining "mazhabi"ga kirishga majbur qilgan ma'shuq (yigit) ham tarso sifatida tasvirlanadi:

Dayr piri mazhabin tutmay, musulmonlar, netay, Olg'an o'lsa naqdi iymonimni bir tarso yigit.

"Navodir ush-shabob" devonidagi 308-g'azalda odamlarning din boyligini taroj qiladigan go'zal tarsolar bor mug' dayri lirik qahramon nazdida ajoyib joydir: Ey xusho, mug' dayrikim din naqdi toroj etkali, Zohir etkay jilva bir tarsoyi mavzun har taraf.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(9), September, 2023

"Badoye' ul-vasat" devonining 639-g'azalida tarso "but" - ma'shuqaning bir sifati tarzida tasvirlanadi, undan ma'lum bo'ladiki, lirik qahramonning ilgari biror marta ham "dayr" tomonga yo'li tushmagan, uni bu joyga bir tarso but "yo'ldan urib" olib kelgan:

Dayr emas erdi yerim, ozg'urub, Soldi buyon bir buti tarso meni.

Ma'lumki, "but" so'zi she'riyatda ishq va vahdat mazhariyati ma'nolarida ishlatilib, Abdurahmon Jomiy bir g'azalida unga azaliy husn mazhari ta'rif beradi: Piri mo guft: - Buton mazhari husni azaland Mo nazar dar ruhashon az nazari pir kunem [8; 369].

Demak, but - ilohiy sifatlarning yerdagi belgi - oyatidir, bu oyatni qalb ko'zi ochiq oriflar taniy oladilar, buning ustiga unga tasavvufiy ma'nolarni o'zida jamlagan "tarsolik" sifati ham qo'shilgach, Navoiy lirik qahramonining nega dayr (oriflar, avliyolar majlisi)ga kelib qolganining sababi ma'lum bo'ladi.

Bu muxtasar tahlillardan ma'lum bo'ladiki, Alisher Navoiy she'riyatida "tarso" bir vaqtning o'zida qator irfoniy ma'nolarni o'zida jamlagan badiiy obraz bo'lishi bilan birgalikda, oshiqona g'azallardagi ma'shuqa obrazining bir belgi-xususiyati sifatida ham faol ishlatilgan. Har ikki holatda ham yomon sifatlardan maqtalgan sifatlarga o'tish, muvahhidlik, taqlidchilikdan qutulish singari g'oyalarning badiiy talqiniga yo'naltirilgan. Shu tariqa bir obraz talqini misolida Alisher Navoiyning Hofiz va Jomiy singari salaflarining ijodiy an'analarini munosib davom ettirganiga guvoh bo'ldik.

ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)

1. Алишер Навоий. Тула асарлар туплами. 10 жилдлик: 1-жилд. - Тошкент: Гафур Гулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011.

2. Алишер Навоий. Тула асарлар туплами. 10 жилдлик: 2-жилд. - Тошкент: Гафур Гулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011.

3. Алишер Навоий. Тула асарлар туплами. 10 жилдлик: 3-жилд. - Тошкент: Гафур Гулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011.

4. Алишер Навоий. Тула асарлар туплами. 10 жилдлик: 4-жилд. - Тошкент: Гафур Гулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011.

5. Алишер Навоий. Тула асарлар туплами. 10 жилдлик: 5-жилд. - Тошкент: Гафур Гулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2011.

6. Алишер Навоий: комусий лугат. 1-жилд. - Тошкент: Шарк, 2016.

7. Алишер Навоий: комусий лугат. 2-жилд. - Тошкент: Шарк, 2016.

XULOSA

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(9), September, 2023

8. Абдурахмон Ч,оми. Осор: иборат аз хашт чилд. Ч,илд 6. - Душанбе: Адиб,

9. Ali Akbar Dehxudo. Lug'atnomai Dehxudo. Jildi panjo'm. - Tehron: Muassasaye intishoroti va chopi doneshgohi Tehron, 1388 (hijriy-shamsiy).

10. Болтабоев Х., Махмудов М. Адабий-эстетик тафаккур тарихи. 2-жилд. -Тошкент: Mumtoz so'z, 2016.

11. Doktor Sayyid Ja'far Sajjodiy. Farhangi istilohot va ta'biroti irfoniy. - Tehron: Tahuriy, 1370 (hijriy-shamsiy).

12. Doktor Sayyid Sodiq Guharin. Sharhi istilohoti tasavvuf. Jildi sevvum. -Tehron: Zavvor, 1368 (hijriy-shamsiy).

13. Муртазо Мутаххарий. Хофиз ва ирфон. Таржимон: О.Давлатпур. -Тошкент: Ал-Худо, 2008.

14. Faxriddin Ibrohim Iroqiy. Risolai Lamaot va Risolai Istilohot. - Tehron: Chopxonai Firdavsiy, 1353 (hijriy-shamsiy).

15. Фарханги забони точики. Ч,илди дуввум. - Москва: Советская энциклопедия, 1969.

16. Uludag S. Tasavvuf terimleri sözlügü. - Istanbul: Marifet, 1995.

17. Xoja Muhammad Porso. Faslul-xitob ba vaslul-ahbob. - Toshkand: Matbaayi G'ulomiya, 1331 (1913). Toshbosma.

18. Шайх Мухаммад Соди; Мухаммад Юсуф. Хислатли хикматлар шархи. 1-жуз. - Тошкент: Hilol-nashr, 2019.

1988.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.