MUSTAQIL TA'LIM MASHG'ULOTLARINI TASHKIL ETISH USULLARI
Oybek Toxirov
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Mazkur maqolada talabalar mustaqil ishi - muayyan fandan o'quv dasturida belgilangan bilim, ko'nikma va malakaning ma'lum bir qismini talaba tomonidan fan o'qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida o'zlashtirilishiga yo'naltirilgan tizimli faoliyat haqida so'z boradi.
Kalit so'zlar: ta'lim, bilim, sahna, aktyor, rejissyor, sahna nutqi, mutaxassis, san'at
METHODS OF ORGANIZING INDEPENDENT STUDY LESSONS
Oybek Tokhirov Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: This article talks about independent work of students - a systematic activity aimed at mastering a certain part of the knowledge, skills and qualifications specified in the curriculum of a particular subject by the student based on the advice and recommendations of the subject teacher in the classroom and outside the classroom.
Keywords: education, knowledge, stage, actor, director, stage speech, expert, art
O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida chuqur nazariy va amaliy bilimlar bilan bir qatorda tanlagan sohasi bo'yicha mustaqil faoliyat ko'rsata oladigan, o'z bilimi va malakasini mustaqil ravishda oshirib boradigan, masalaga ijodiy yondoshgan holda muammoli vaziyatlarni to'g'ri aniqlab, tahlil qilib, sharoitga tez moslasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Ma'lumki, axborot va bilimlar doirasi tez sur'atlar bilan kengayib borayotgan hozirgi sharoitda barcha ma'lumotlarni faqat dars mashg'ulotlari paytida talabalarga yetkazish qiyin.
Tajribalar shuni ko'rsatadiki, talaba mustaqil ravishda shug'ullansa va o'z ustida tinimsiz ishlasagina bilimlarni chuqur o'zlashtirish mumkin. Talabalarning asosiy bilim, ko'nikma va malakalari mustaqil ta'lim jarayonidagina shakllanadi, mustaqil faoliyat ko'rsatish qobiliyati rivojlanadi va ularda ijodiy ishlashga qiziqish paydo bo'ladi.
Shuning uchun talabalarning mustaqil ta'lim oshishlarini rejalashtirish, tashkil qilish va buning uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, dars mashg'ulotlarida talabalarni o'qitish bilan bir qatorda ularni ko'proq o'qishga o'rgatish, bilim olish yo'llarini ko'rsatish, mustaqil ta'lim olish uchun yo'llanma berish oliy ta'lim muassasasining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Rejissyorlik va aktyorlik san'ati ixtisosliklarining asosiy fani hisoblangan "Sahna nutqi" fanidan talabalar mustaqil ishini tashkil etish bo'yicha taqdim etilayotgan mazkur metodik tavsiyalar Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2009-yil 14-avgustdagi 286-son buyrug'i bilan tasdiqlangan "Talabalar mustaqil ishini tashkil etish va nazorat qilish bo'yicha yo'riqnoma" asosida ishlab chiqilgan bo'lib, mazkur metodik tavsiyalar mustaqil ishlarni tashkil etish shakllari va usullarini belgilovchi asosiy meyoriy hujjat hisoblanadi.
Talabalar mustaqil ishi - muayyan fandan o'quv dasturida belgilangan bilim, ko'nikma va malakaning ma'lum bir qismini talaba tomonidan fan o'qituvchisi maslahati va tavsiyalari asosida auditoriya va auditoriyadan tashqarida o'zlashtirilishiga yo'naltirilgan tizimli faoliyatdir.
O'qishning boshlang'ich bosqichlarida mustaqil ishni tashkil etish bir qator vazifalar bilan bog'liq. Ayniqsa,birinchi kurs talabalarining ta'limning navbatdagi turi - oliy ta'lim talablariga ko'nikishi qiyin kechadi. Chunki ular ta'lim olish jarayonida o'z mustaqil faoliyatlarini tashkil qilishni deyarli bilishmaydi. Ma'lumotlarni qaysi manbadan, qanday qilib topish, ularni tahlil qilish va zarurlarini ajratib olib tartibga solish, konspektlashtirish, o'z fikrini aniq va yorqin ifodalash, o'z vaqtlarini to'g'ri taqsimlash, shuningdek, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini to'g'ri baholash ular uchun katta muammo bo'ladi. Eng asosiysi, ular mustaqil ta'lim olishga ruhan tayyor bo'lishmaydi.
Shuning uchun har bir professor-o'qituvchi dastlab talabada o'z qobiliyati va aqliy imkoniyatlariga ishonch uyg'otishi, ularni sabr-toqat bilan, bosqichma-bosqich mustaqil bilim olishni to'g'ri tashkil qilishga o'rgatib borishi lozim bo'ladi.
Talabalar tomonidan mustaqil ravishda o'zlashtiriladigan bilim va ko'nikmalarning kursdan-kursga murakkablashib, kengayib borishini hisobga olgan holda ularning tashabbuskorligi va rolini oshirib borish zarur. Shunda mustaqil ta'limga ko'nika boshlagan talaba faqat o'qituvchi tomonidan belgilab berilgan ishlarni bajaribgina qolmay, o'zining ehtiyoji, qiziqishi va qobiliyatiga qarab, o'zi zarur deb hisoblagan qo'shimcha bilimlarni ham mustaqil ravishda tanlab o'zlashtirishga o'rganib boradi.
Mustaqil ishini tashkil etishdan maqsad talabalarni:
- rejissura va aktyorlik san'atining barcha jabhalarida yuqori malakali kadrlar yetishtirish;
- talabalarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda ro'y berayotgan voqea va hodisalarni to'g'ri anglashi va sahnaviy makonda uni to'g'ri talqin qila olish;
- zamonaviy talablarga javob bera oladigan g'oyaviy va badiiy pishiq repertuar tanlash usullarini o'rgatish;
- teatr san'ati qonuniyatlarini his qilishi, rang-barang xarakterdagi obrazlar psixologiyasini chuqur tushuna bilish qobiliyatini tarbiyalash;
- sahna nutqi bo'yicha ko'nikma va malakasini shakllantirish.
Talabalar mustaqil ishini tashkil etishning vazifasi - talabalarni mazkur soha bo'yicha zamonaviy ta'lim metodlari orqali tarbiyalash, davrga mos spektakllar yaratish va unda sahnaviy nutqni badiiy takomillashtirishdan iborat.
"Sahna nutqi" fanini mustaqil ta'lim asosida o'rganish jarayonida bakalavr quyidagilarni bajara olishi lozim:
- o'zbek milliy teatri san'ati ustalari M.Uyg'ur, Ye.Bobojonov, A.Xidoyatov, Sh.Burhonov, N.Aliyeva, L.Xo'jayevalarning so'z san'ati ijrochiligi, san'at ta'limi yuzasidan ilmiy va nazariy fikrlarini;
- ovoz a'zolarining anatomik tuzilmasini;
- nafasdan to'g'ri foydalanish yo'llarini;
- har bir talabaning ovoz imkoniyatini;
- muskullar erkinligini ta'minlash va bunga erishish yo'llarini;
- nutqdagi organik va noorganik nuqsonlarni aniqlash va ularni bartaraf etishni;
- sahna nutqida orfoepiya qoidalariga rioya qilishni;
- talaffuzdagi kamchiliklarni tuzatishda unli va undosh tovushlarning ahamiyatini;
- adabiy talaffuz meyorlarini;
- nutq texnikasini takomillashtirishda tez aytish, sa'j, xalq maqollari va matallarni qo'llashni;
- artikulyatsiya, nafas va ovoz, diksiya, tez aytishlar, sa'jlar, maqollar, matallar, kompleks mashqlar ustida ishlash;
- tasviriy adabiy parchani tahlil va talqin qilish;
- kam voqeali adabiy parcha, to'liq voqeali adabiy parcha, hajviy asarlar tahlili va talqini, barmoq vaznidagi she'rlar, hajviy she'rlar, aruz vaznidagi she'riy asarlar, mumtoz she'riyat, hajviy g'azallar, she'riy va nasriy dostonlar, masallar, diologlar, monologlar ustida ishlash;
- spektaklida personajlar nutqi ustida ishlash.
Talabalar mustaqil ishlarining shakli va hajmini belgilashda quyidagi jihatlar e'tiborga olinishi lozim:
- o'qish bosqichi;
- muayyan fanning o'ziga xos xususiyati va o'zlashtirishdagi qiyinchilik darajasi;
- talabaning qobiliyati hamda nazariy va amaliy tayyorgarlik darajasi (tayanch bilimi);
- fanning axborot rnanbalari bilan ta'minlanganlik darajasi;
- talabaning axborot manbalari bilan ishlay olish darajasi;
- talabaning ijodiy qobiliyati.
Mustaqil ish uchun beriladigan topshiriqlarning shakli va hajmi, qiyinchilik darajasi semestrdan-semestrga ko'nikmalar hosil bo'lishiga muvofiq ravishda o'zgarib, oshib borishi lozim. YA'ni, talabalarning topshiriqlarni bajarishdagi mustaqilligi darajasini asta-sekin oshirib, ularni topshiriqlarni bajarishga tizimli va ijodiy yondashishga o'rgatib borish kerak bo'ladi.
Talabalar mustaqil ishini tashkil etishda talabaning akademik o'zlashtirish darajasi va qobiliyatini hisobga olgan holda quyidagi shakllardan foydalanish mumkin:
- fanning ayrim mavzularini o'quv adabiyotlari yordamida mustaqil o'zlashtirish, o'quv manbalari bilan ishlash;
- amaliy, seminar va laboratoriya mashg'ulotlariga tayyorgarlik ko'rib kelish;
- referat tayyorlash;
- kurs ishi (loyihalari)ni bajarish;
- bitiruv malakaviy ishi uchun materiallar to'plash;
- amaliyotdagi mavjud muammoning yechimini topish;
- test, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash;
- ilmiy maqola, tezislar va ma'ruza tayyorlash;
- uy vazifalarini bajarish;
- mustaqil rejissorlik ishi uchun dastur tayyorlash;
- mustaqil inssenirovka va ssenariylar tayyorlash;
- badiiy asarning rejissorlik tahlili;
- audio va video materiallar to'plash va tanlangan mavzuga mos tarzda montaj qilish;
- Respublika va jahon miqyosida sahnalashtirilayotgan spektakllar va o'tkazilayotgan bayramlarni tomosha qilish va tahlil qilish;
- internet ma'lumotlarini o'rganish va tahlil qilish;
- sohaga odi xorijiy o'quv manbalari bilan tanishish va boshqalar.
Fan xususiyatidan kelib chiqqan holda talabalarga mustaqil ish uchun boshqa shakllardagi vazifalar ham topshirilishi mumkin.
Talabalarga qaysi turdagi topshiriklarni berish lozimligi kafedra tomonidan belgilanadi. Topshiriqlar puxta o'ylab ishlab chikilgan va ma'lum maqsadga yo'naltirilgan bo'lib, talabalarning auditoriya mashg'ulotlarida olgan bilimlarini mustahkamlash, chuqurlashtirish, kengaytirish va to'ldirishga xizmat kilishi kerak.
Mavzuni mustaqil o'zlashtirish. Faning xususiyati, talabalarning bilim darajasi va qobiliyatiga qarab ishchi o'quv dasturiga kiritilgan alohida mavzular talabalarga mustaqil ravishda o'zlashtirish uchun topshiriladi. Bunda mavzuning asosiy mazmunini ifodalash va ochib berishga xizmat qiladigan tayanch iboralar, mavzuni
tizimli bayon qilishga xizmat qiladigan savollarga e'tibor qaratish, asosiy adabiyotlar va axborot manbalarini ko'rsatish lozim. Topshiriqni bajarish jarayonida talabalar mustaqil ravishda o'quv adabiyotlaridan foydalanib ushbu mavzuni konspektlashtiradilar, tayanch iboralarning mohiyatini anglagan holda mavzuga taalluqli savollarga javob tayyorlaydilar. Zarur hollarda (o'zlashtirish qiyin bo'lsa, savollar paydo bo'lsa, adabiyotlar yetishmasa, mavzuni tizimli bayon eta olmasa va h.k.) o'qituvchidan maslahatlar oladilar. Mustaqil o'zlashtirilgan mavzu bo'yicha tayyorlangan matn kafedrada himoya qilinadi.
Referat tayyorlash. Talabaga qiyinchilik darajasi uning shaxsiy imkoniyatlari, qobiliyati va bilim darajasiga muvofik bo'lgan biror mavzu bo'yicha referat tayyorlash topshiriladi. Bunda talaba asosiy adabiyotlardan tashqari ko'shimcha adabiyotlardan (monogrofiyalar, ilmiy, uslubiy maqolalar, internetdan olingan ma'lumotlar, elektron kutubxona materiallari va h.k.) foydalanib materiallar yig'adi, tahlil qiladi, tizimga soladi va mavzu bo'yicha imkon darajasida to'liq, keng ma'lumot berishga harakat qiladi. Zarur hollarda o'qituvchidan maslahat va ko'rsatmalar oladi. Yakunlangan referat kafedrada ekspertlar ishtirokida himoya qilinadi.
Ko'rgazmali vositalar tayyorlash. Talabaga muayyan mavzuni bayon qilish va yaxshiroq o'zlashtirish uchun yordam beradigan ko'rgazmali materiallar (jadvallar, chizmalar. rasmlar. xaritalar, maketlar, modellar, grafiklar, namunalar, musikiy asar, kichik badiiy asar va h.k) tayyorlash topshiriladi. Mavzu o'qituvchi tomonidan aniqlanib, talabaga ma'lum ko'rsatmalar, yo'l-yo'riqlar beriladi. Ko'rgazmali vositalarning miqdori, shakli va mazmuni talaba tomonidan mustaqil tanlanadi. Bunday vazifani bir mavzu bo'yicha bir necha talabaga topshirish ham mumkin. Talaba ko'rgazmali materiallardan foydalanish bo'yicha yozma ravishda tavsiyalar tayyorlaydi va kafedrada himoya kiladi.
Mavzu bo'yicha testlar, munozarali savollar va topshiriqlar tayyorlash. Talabaga muayyan mavzu bo'yicha testlar, qiyinchilik darajasi har xil bo'lgan masalalar va topshiriqlar, munozaraga asos bo'ladigan savollar tuzish topshiriladi. Bunda o'qituvchi tomonidan talabaga testga qo'yiladigan talablar va uni tuzish qonun-qoidalari, qanday maqsad ko'zda tutilayotganligi, muammoli savollar tuzishda mavzuning munozarali momentlarini qanday ajratish lozimligi, topshiriqlarni tuzish usullari bo'yicha yo'l-yo'riq beriladi. Konsultatsiya paytlarida bajarilgan ishlarning qo'yilgan vazifa va talablarga javob berish darajasi nazorat qilinadi (qayta ishlab kelish, aniqlashtirish yoki to'ldirish taklif etilishi mumkin). Test, savol va topshiriqlar majmuasi kafedrada eskpertlar ishtirokida himoya qilinadi.
Ilmiy maqola, tezislar va ma'ruzalar tayyorlash. Talabaga biron bir mavzu bo'yicha (mavzuni talabaning o'zi tanlashi ham mumkin) ilmiy (referativ) harakterda maqola, tezis yoki ma'ruza tayyorlash topshirilishi mumkin. Bunda talaba o'kuv adabiyotlari, ilmiy-tadqiqot ishlari, dissertatsiyalar, maqola va monografiyalar hamda
boshqa axborot manbalaridan mavzuga tegishli materiallar to'playdi, tahlil qiladi, zarurlarini ajratib olib, tartibga soladi, shaxsiy tajribasi va bilimi, ilmiy natijalariga asoslangan holda qo'shimchalar, izohlar kiritadi, o'z nuqtai-nazarini bayon etadi va asoslaydi. Bunda talaba o'qituvchi bilan hamkorlikda ishlaydi. Tayyorlangan maqola, tezis yoki ma'ruza kafedrada himoya qilinadi.
Badiiy asarning rejissorlik tahlili - kurs badiiy rahbari topshirig'i va ko'rsatmasiga asosan o'quv mashg'ulotlaridan tashqari hollarda biror bir asarning rejissorlik tahlilini amalga oshiradi. Rejissorlik tahlil kafedrada himoya qilinadi.
Audio va video materiallar to'plash va tanlangan mavzuga mos tarzda montaj qilish - kurs badiiy rahbari topshirig'i va ko'rsatmasiga asosan o'quv mashg'ulotlaridan tashqari hollarda mavzuga mos audio va video materiallar tanlanadi, tahlil qilinadi va montaj qilinadi. Audio va video materiallardan mustaqil rejissorlik ishida foydalaniladi.
Monolog ustida ishlash va mustaqil ravishda tahlil qilish. Monolog ustida ishlaganda avvallo asarni chuqur o'rganish va personajlar obraz ko'lamini va ularning maqsadlarini aniq belgilash va muallif g'oyasini ochish uchun harakat qilish kerak. Monologlar nasr va she'riy asarda va dramatik asarlarda bo'lib, personajlarning ichki ruhiy dunyosini, ruhiy hamda fizik xolatlarini o'zida aks etirishini e'tiborga olish zarur.
Monolog ustida ishlaganda har bir talabaning imkoniyatidan kelib chiqib, uning ruhiyatiga mos obrazlarga murojaat qilish lozim. Talabaning uch bosqichda erishgan ko'nikmalaridan kelib chiqqan holda, repertuarga murojaat qilinadi. Klassik asarlarga murojaat qilish, talabaning imkoniyatini ochishda qo'l keladi. Shu bois monologlarni talabalarni ishlashga majburlaydigan tematika asosida olingani ma'qul.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, sahnaviy nutq keng fikr, chuqur mulohaza, o'z millatimiz tarixiy ildizlarini aniq bilish, ularga mehr bilan yondashgan ziyolilardagina yaxshi tarbiyalanadi, jaranglaydi, parvoz etadi. Bu muammolarni esa oilaviy muhit ziyosi - maktab o'qituvchilari, ayniqsa, ijtimoiy fanlar ustozlari o'zlarining tilga, nutqqa e'tibori yoshlarga andoza bo'lishi, oliy o'quv yurtida esa boy tariximiz, adabiyotimiz, ayniqsa, she'riyatimizga murojaat etish ularni lug'at orqali bo'lsa-da, qiynalmasdan tushunish, ijro eta olish malakasiga erishish zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Xodjimatova M. Sahna nutqi. - Toshkent: Fan, 2019.
2. Xoliqulova G. Sahna asarlaridagi qahramon xarakterini talqin qilishda zamonaviy kommunikativ texnologiyalardan foydalanish uslubiyati. - Toshkent: Fan va texnologiya, 2015. - 152 b.
3. Bespalko V.P. Pedagogika i progressivniye texnologii obucheniY. - Moskva: Pedagogika, 1995.