Научная статья на тему 'MIRZO ULUG‘BEKNING “TO‘RT ULUS TARIXI”DA CHIG‘ATOY ULUSI TARIXINING YORITILISHI'

MIRZO ULUG‘BEKNING “TO‘RT ULUS TARIXI”DA CHIG‘ATOY ULUSI TARIXINING YORITILISHI Текст научной статьи по специальности «Науки о здоровье»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по наукам о здоровье, автор научной работы — Ulashova S.U

Ma’lumki, Temuriylar ilm-fan homiylari sifatida o‘nlab tarixiy asarlarning yaratilishiga homiylik ko‘rsatishgan. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek kabi sulola vakillari o‘z asarlari bilan “Mo‘g‘ullar va Temuriylar davri” to‘g‘risida muhim ma’lumotlar beruvchi yirik asarlarni ham yozib qoldirgan. Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asari olimning turli mavzularda yozgan asarlari orasida muhim o‘rin tutib, o‘rta asrlar tarixnavislik an’anasiga muvofiq umumiy tarix tipida yozilgan. Unda olamning yaratilishidan Amir Temur hokimiyatga kelishiga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlar tilga olinadi. Asarning muhim jihatlaridan biri Chig‘atoy ulusi tarixi to‘g‘risida ham boshqa manbalarda kuzatilmaydigan ma’lumotlarni o‘rin olgani bilan izohlanadi. Manbaga ko‘ra, Chig‘atoy naslidan taxtga o‘tirganlarning umumiy soni 28 nafarga yetgan [5, B. 296.].

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MIRZO ULUG‘BEKNING “TO‘RT ULUS TARIXI”DA CHIG‘ATOY ULUSI TARIXINING YORITILISHI»

MIRZO ULUG'BEKNING "TO'RT ULUS TARIXF'DA CHIG'ATOY ULUSI TARIXINING YORITILISHI

Ulashova S.U

t.f.f.d. (PhD), dotsent.

Toshkent amaliy fanlar universiteti https://doi.org/10.5281/zenodo.11154186

Ma'lumki, Temuriylar ilm-fan homiylari sifatida o'nlab tarixiy asarlarning yaratilishiga homiylik ko'rsatishgan. Shuningdek, Mirzo Ulug'bek kabi sulola vakillari o'z asarlari bilan "Mo'g'ullar va Temuriylar davri" to'g'risida muhim ma'lumotlar beruvchi yirik asarlarni ham yozib qoldirgan.

Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" asari olimning turli mavzularda yozgan asarlari orasida muhim o'rin tutib, o'rta asrlar tarixnavislik an'anasiga muvofiq umumiy tarix tipida yozilgan. Unda olamning yaratilishidan Amir Temur hokimiyatga kelishiga qadar bo'lgan tarixiy jarayonlar tilga olinadi. Asarning muhim jihatlaridan biri Chig'atoy ulusi tarixi to'g'risida ham boshqa manbalarda kuzatilmaydigan ma'lumotlarni o'rin olgani bilan izohlanadi. Manbaga ko'ra, Chig'atoy naslidan taxtga o'tirganlarning umumiy soni 28 nafarga yetgan [5, B. 296.]. Mazkur masala xususida Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asari muqaddimasida ham so'z yuritilgan bo'lib, Chig'atoy ulusida taxtga ko'tarilgan o'ttiz ikkita xonning nomi keltiriladi. Quyida Mirzo Ulug'bek asari bilan Sharafiddin Ali Yazdiy asaridagi ma'lumotlarni qiyosiy taqqolab ko'ramiz.

Ikki manbada ham Chig'atoyxon ulusning birinchi xoni va asoschisi sifatida tilga olingan. Ularda Chingizxon bilan Amir Temurning bobokaloni Qorachor no'yon amakivachcha ekani aytilgan [5, B. 297; 6, B. 284.]. Shunga ko'ra, Qorachor no'yon Chig'atoyxonga berilgan qo'shinning lashkarboshisi sifatida ulug'lanadi. Qorachor no'yonning shajarasini Mirzo Ulug'bek "Qorachor no'yon ibn So'g'u Chechan ibn Erumchi barlos ibn Qochuvli bahodir ibn Tumunaxon" shaklida keltiradi.

Asarda keltirilishicha, ulusning poytaxti Beshbalig' edi. Mirzo Ulug'bek mo'g'ul tilida balig' deb shaharni aytadilar, deydi.

Shuningdek, manbada Chig'atoyning butun mo'g'ul imperiyasi boshqaruvida tutgan o'rni, ukasi O'qtoy qoon bilan munosabatlari, "Yaso" qonunlarining nazoratchisi sifatida faoliyati xususida qimmatli ma'lumotlar keltirilgan. Chig'atoy ayshu ishrat va ovni juda sevgan va vaqtini o'sha ishlarga sarf qilgan. Amir Qorachor no'yon davlat boshqarish, shahriyorlik asosi - saltanat ishlari tadbiri va mamlakat tashvishlari bilan mashg'ul bo'lgan. Bu davr siyosiy voqealarida Qorachor no'yonning yorqin faoliyati Mahmud Tarobiy qo'zg'oloni sababli eslatiladi.

Chig'atoyning vafotini Mirzo Ulug'bek hijriy 738-yil zulqa'da oyida (milodiy 1241 yil, may-iyun) sodir bo'lganini yozadi. Bu ma'lumot Sharafiddin Ali Yazdiy asarida ham shu sana shaklida keltirilgan. Manbada Chig'atoyxon O'qtoy qoondan yetti oy ilgari vafot etgani eslatilsa, XIII asr forsiy manbalarida O'qtoy qoon avval vafot etgani, olti oydan keyin 1242 yil boshlarida Chig'atoyxon vafot etgani ta'kidlanadi [1, B. 267.].

Mirzo Ulug'bek Chig'atoyxon amir Qorachor no'yonni vasiy qilib farzandlarini tamoman unga topshirdi, deydi. Yana manbada aytilishicha, Chig'atoyxon vafot etayotgan vaqtda o'n nafar o'g'li hayot edi (Yasu Munko, Manukon, Boydor, Sorbon, To'lqon, Bo'zi, Bo'lkon, Nuri, Komkor, To'quzarxon). O'lgan o'g'lining nomi Boykon bo'lgan. Chig'atoyxondan keyin uning o'rniga Boykonning o'g'li Qora Halokuxon ko'tarildi [5, B. 302-303.]. "Zafarnoma"ning muqaddimasida Chig'atoyxonning barcha o'g'illari nomma-nom sanab o'tilmasa ham, ikkinchi xon xonning marhum o'g'li Mobkon (Mutugen, Mutugan [1, B. 266268; 2, B. 125.]) bo'lgani aytiladi. Yana shuni ta'kidlash joizki, ikki manabada ham Qora Halokuxonni Qorachor no'yon taxtga ko'targani ta'kidlanadi. Ammo, mo'g'ullar davri forsiy manbalarida jumladan, Juvayniy, Rashididdin va boshqa muarrixlarning asarlarida Chig'atoy ulusi xonlari ulug' qoonning yorlig'i bilan ulus boshqaruviga tayinlangani aytiladi.

Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" asarida Chig'atoy ulusi tarixiga oid ma'lumotlar orasida bir nechta bahsli jihatlar ham mavjud. Bular quyidagilar:

Birinchidan, xonlarning nomlaridagi va shajaralaridagi (xonlarning ota-bobolari) boshqa manbalardagi ma'lumotlar bilan tafovutlar. Xususan, yuqorida aytilganidek, ulusning ikkinchi xoni Boyqon o'g'li sifatida ta'kidlangan. Yana bir misol. Chig'atoy xoni Baroqxonning mansubiyati Baroqxon ibn Suqaro ibn Komkor ibn Chig'atoyxon shaklida keltiriladi [5, B. 307.]. "Zafarnoma" muqaddimasida esa Baroqxon ibn Yesun-Qora ibn Komkor ibn Chig'atoy shaklida yozilgan. Jamol Qarshiyning "Mulhaqot us-suroh" asarida esa Baroqxon ibn Yesu-Buka ibn Mutugan ibn Chig'atoy shaklida aytilgan. Bu kabi xonlarning ismlari, ota-bobolarining ismlaridagi tafovutlar boshqa keyingi xonlarda ham uchraydi.

Ikkinchidan, Chig'atoy xonlarining hukmronlik davri ko'rsatilgan sanalardagi "To'rt ulus tarixi" va boshqa tarixiy manbalardagi bir-biriga zid ma'lumotlar ham mavzu yuzasidan bahsli jihatlardan hisoblanadi. Jumladan, Chig'atoy xoni Tarmashirinxonning hokimiyati davri to'g'risida "To'rt ulus tarixi"da quyidagicha ma'lumot eslatiladi: "Ukasining o'g'li Puron ibn Duvor Temurxon... 718 yilda Keshi dilkash nohiyasidagi Qo'zi Mundoqda Tarmashirinxonni shahodat darajasiga yetqazdi. Uni Samarqand qaryalaridan birida dafn etdilar". "Zafarnoma" muqaddimasida bu voqea hijriy 728 yilda sodir bo'lgani aytiladi. Ammo, bu davr

numizmatik ma'lumotlariga ko'ra, Tarmashirinxon hijriy 726-735 yillarda hukmronlik qilgan [4, B. 558.]. Buni ayni shu yillar oralig'ida Tarmashirinxon nomi qayd etilgan tangalar isbotlaydi. Sanalar bilan bog'liq bahsli jihatlar nafaqat "To'rt ulus tarixi"da, shuningdek, yozma manbalarning deyarli barchasida kuzatiladi. Bu muallifning ma'lumot berilayotgan davrdan ancha keyin yashagani, manbani yaratilishida asos bo'lgan asarlarda ham noaniq ma'lumotlar keltirilgani bilan bog'liq.

Uchinchidan, "To'rt ulus tarixi"da Chig'atoy ulusiga doir keltirilgan ma'lumotlarda Qorachor no'yon va uning avlodlari bilan bog'liq qaydlar biroz bo'rttirilgan. Buni yuqorida keltirilgan Chig'atoyxon vafotidan keyin ulusini va farzandlarini Qorachor no'yonga omonat qildi, Qorachor no'yon Chig'atoyxondan keyingi xonlarni taxtga ko'tardi kabi ma'lumotlardan ham ko'rish mumkin. Shuni ham ta'kidlash joizki, Qorachor no'yon bilan bog'liq bu kabi ma'lumotlar mo'g'ullar davrida yaratilgan manbalarda aks etmagan.

Xulosa qilib aytganda, Mirzo Ulug'bekning "To'rt ulus tarixi" nomli asari Chingizxon va uluslar tarixini, jumladan, Chig'atoy ulusi tarixini yorituvchi manbadir. Ammo, unda ayrim bahsli masalalar va noaniq ma'lumotlar ham mavjud. Buni XIII-XV asrlarga oid ko'plab forsiy manbalardagi ma'lumotlarni, shuningdek, numizmatik topilmalardagi qaydlar ham ko'rsatadi. Manbadagi ma'lumotlarni mo'g'ullar va undan keyingi davrlarda yaratilgan tarixiy asarlar bilan qiyosiy tahlil qilib, o'rganish lozim.

Adabiyotlar:

1. Alouddin Atomalik Juvayniy. Tarixi Jahongusho. - Toshkent, 2015.

2. Djamal al-Karshi. Al-Mulxakat bi-s-surax. I. - Almati, 2005.

3. Fazlulloh Rashid-ad-din. Djami at-tavarix. - Baku, 2011.

4. Марков А.К. Инвентарный каталог Мусульманских монет Эрмитажа. - Ст-Петербург. - 1892. - С. 558.

5. Mirzo Ulug'bek. To'rt ulus tarixi. - Toshkent, 1994.

6. Sharafuddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. Muqaddima. 1-qism. - Toshkent, 2020.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.