Научная статья на тему 'MILLIY TARAQQIYOT JARAYONIDA O‘ZBEK TILINING MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASHGA TA’SIRI'

MILLIY TARAQQIYOT JARAYONIDA O‘ZBEK TILINING MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASHGA TA’SIRI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
10
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
til / milliy o‘zlik / tafakkur / mentalitet / madaniyat

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Sh. B.Suyunov

Ushbu maqola milliy o‘zlikni anglashning shakllanishi va rivojlanishiga milliy tilning ta’sirini tahlil qilishga bag‘ishlangan. Til mentalitet ko‘zgusi, etnik guruhlar va xalqlar madaniyati darajasining ko‘zgusi ekanligi ko‘rsatilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MILLIY TARAQQIYOT JARAYONIDA O‘ZBEK TILINING MILLIY O‘ZLIKNI ANGLASHGA TA’SIRI»

MILLIY TARAQQIYOT JARAYONIDA O'ZBEK TILINING MILLIY O'ZLIKNI

ANGLASHGA TA'SIRI Sh. B.Suyunov

SamDChTI https://doi.org/10.5281/zenodo.10820581

Annotatsiya. Ushbu maqola milliy o'zlikni anglashning shakllanishi va rivojlanishiga milliy tilning ta'sirini tahlil qilishga bag'ishlangan. Til mentalitet ko'zgusi, etnik guruhlar va xalqlar madaniyati darajasiningko'zgusi ekanligi ko'rsatilgan.

Kalit so'zlar: til, milliy o 'zlik, tafakkur, mentalitet, madaniyat

Аннотация. Данная статья посвящена анализу влияния национального языка на формирование и развитие национального самосознания. Показано, что язык является зеркалом ментальности, отражением уровня культуры этносов и народов.

Ключевые слова: язык, национальное самосознание, мышление, ментальность, культура.

Abstract. This article is devoted to the analysis of the influence of the national language on the formation and development of national identity. It is shown that language is a mirror of mentality, a reflection of the level of culture of ethnic groups and peoples.

Keywords: language, national identity, thinking, mentality, culture.

Inson azaldan atrofidagi voqelikni bilish va o'zligini anglashga intilib keladi. Chunki olamning qiyofasi ham ana shunday intilishlarni amalga oshirish vositasi sifatida namoyon bo'ladi. Shunday ekan insoniyat doimo olam manzarasini tizimlashtirish va tavsiflash orqali o'z amaliy ehtiyojilari uchun zarur bo'lgan voqelikni o'ziga bo'ysindirish harakatida bo'ladi. Milliy o'zlikni anglashda tilning xususiyatlari turli sohalarga oid bilimni umumlashtirish va insonning ruhiy olami va hayotiga ta'sir etuvchi kuch sifatida namoyon bo'ladi. Shu bois, milliy tilning xususiyatlari qariyb ikki ming yillardan buyon faylasuflar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar va boshqa qator ijtimoiy fanlar vakillarining e'tiborini jalb qilib kelmoqda.

Til nazariy jihatdan olib qaralganda doimiy ravishda yangilanib turadigan insonga xos ijodiy salohiyat hamdir. Til va tafakkur o'zaro bir-biri bilan chambarchas bog'liq bo'lib, tayyor fikrni ifodalash emas, balki uni yaratish vositasi sifatida ham e'tirof etiladi. Milliy tilning yana bir muhim xususiyati shundaki, u ma'naviy birdamlikni shakllantiradi.

Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, milliy til o'z-o'zidan vujudga kelib shakllanmaydi. Zero bir necha asrlar davomida, suronli zamonlar va tazyiqlarni boshidan o'tkazgan ona tilimiz bugungi kunda haqiqatda qaddini rostlamoqda, milliy o'zlik va milliy istiqlol bag'rida o'sib, voyaga yetmoqda. Milliy til hamisha faol va muomalada, harakatda, sayqallanishda bo'lsagina rivojlanadi. Zamon evrilishlariga javob bera olmaydigan til esa rivojlanmay qoladi. Milliy tilga e'tibor millat va xalqning turmush tarzida ongu tafakkurida va xayolida hamda o'z fikrini ravon bayon etishida, shuningdek, davlatning taraqqiyot strategiyasida milliy g'urur kabi e'tirof etilishi lozim. Shiddat bilan o'zgarayotgan dunyo tamaddunida milliy tilning o'rni beqiyosdir. Ko'p millatlilik va ko'ptillilik mavjud ekan, ularning barchasi ham o'z tarqqiyotiga erishish hamda o'z milliyligini saqlab qolish, qolaversa, o'z milliy ananalarini rivojlantirishga harakat qiladi. Lekin dunyo ahli o'z milliyligi oldida bir tilning baland maqomda bo'lishi va boshqa bir tilning kamsitilishini qabul qila olmaydi. Shunday ekan, milliy tilni milliy o'zlikni anglashning asosi sifatida e'tirof etish va rivojlantirish davr talabi hisoblanadi.

Insoniyat o'z faoliyati davomida jamiyatni rivojlantirish, mamlakatni qudratli va obod qilish, inson qadri va qimmatini ko'tarish uchun qadim zamonlardan buyon tadrijiy rivojlanishlar qilib kelmoqda. Har bir tarixiy davr o'z mohiyatiga ko'ra faylasuf olimlar, siyosatchi va davlat arboblari zimmasiga murakkab savollarni qo'ndalang qo'yishi barobarida ijtimoiy tenglik va birdamlikka qaratilgan yangidan-yangi nazariyalarning ishlab chiqilishiga zamin yaratgan. Chunonchi, qadimgi Xitoy donishmandlaridan Konfutsiy va Lao Szi, yunon faylasuflaridan Platon va Aristotel, buyuk mutafakkir ajdodlarimizdan Abu Nasr Farobiy va Ibn Sino kabi allomalarning asarlarini, Amir Temur va Mirzo Ulug'bek kabi buyuk davlat arboblarining siyosiy faoliyatlarini milliy nuqtai nazardan o'zbek tilida qiyosiy tahlil qilish milliy o'zlikni anglashga zamin yaratadi.

Markaziy Osiyo Uyg'onishi davrining har ikkala bosqichida ya'ni, IX-XII asrdagi renessans va temuriylar renessansi davridagi rivojlanish milliy tilga bo'lgan ta'sirda ham namoyon bo'ladi. Aniqrog'i, ikkala renessans davrida ham Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan forsiy va arabiy tillar Markaziy Osiyoda ham keng tarqalgan. Milliy tilni aniqrog'i turkiy tilni saqlab qolish, rivojlantirish va uning mavqeini ko'tarish borasida amalga oshirilgan ishlar milliy tilning qo'llanish doirasini kengaytirgan.

O'zbek tilimizning zabardast mutafakkiri Alisher Navoiyning ulkan xizmatlari evaziga milliy tilimiz o'zining boy lug'ati va tarixiga ega bo'ldi. Chunonchi, Alisher Navoiyning faoliyatini bevosita davom ettirgan mutafakkir allomalarimizning dunyo xazinasidan joy olgan ilmiy asarlari milliy tilimining nafosati va boyligini dunyoga tarannum etishga xizmat qilib kelmoqda.

O'zbek tilimiz davlat tili maqomiga erishgan ekan uning ravnaqi yo'lida ajdodlarimiz ijodini chuqur o'rganish ma'naviy tafakkurimizni boyitishga xizmat qiladi. Alisher Navoiy va uning barcha izdoshlari mutafakkirlar hamisha milliy tilimiz sofligi va ravnaqi uchun faoliyat olib borganlar. Har bir insonning dardu-quvonchi, o'y-tafakkuri uning milliy tilida bayon etiladi.

Mir Alisher Navoiy buyuk allomalar orasida o'zining bebaho asarlari bilan ajralib turadi. Uning asarlari umuminsoniy xususiyatga ega ekanligi uchun butun dunyoda mashhur va ma'lumdir. Shu bois 500 yildan ortiqroq vaqt ichida hazrat Navoiyning noyob asarlaridan ma'naviy boylik sarchashmasi sifatida foydalanib kelinmoqda. Alisher Navoiy asarlari dunyoning ko'plab tillariga tarjima qilingan. Ba'zi tillarga esa bir necha marotaba tarjima qilingan. Alisher Navoiyning "Majolis un-nafois" tazkirasi turkiy tilda yozilgan eng mashhur asarlarning biri sifatida tan olingan va u ham Hazrat Navoiyning boshqa asarlari kabi bir qancha tillarga tarjima qilingan. Ta'kidlash joizki, tazkira vorisiylik xususiyatiga ega bo'lgan asar hisoblanib, bu kabi asarlarda shoirlar va boshqa atoqli insonlarning tarjimai holi, asarlari va ularga taalluqli bo'lgan tarixiy hamda ijtimoiy ma'lumotlar ma'lum darajada bayon etiladi. "Majolis un-nafois" birinchi bo'lib fors-tojik tiliga tarjima qilingan. Forscha tarjimalar orasidagi qadimiy hamda boshqa tarjimalarga nisbatan mukammalrog'i Faxriy Xiraviyning "Latoyifnoma"sidir. Mir Alisher Navoiy asarlarinig tarjimalarini tadqiq etish, qadimgi qo'lyozmalarni o'rganish va kitobxonlar e'tiboriga havola etish, umuman aytganda, Navoiyning olamshumul adabiy merosini o'rganish uchun yillar davomida mehnat qilgan buyuk olimlar juda ko'p. Yirik adabiyotshunos olim professor R.Vohidov birinchilardan bo'lib "Majolis un-nafois"ning forsiy tarjimalari xususida maxsus tadqiqot ishini amalga oshirgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida faoliyat yuritgan mutafakkir Ahmad Donish til masalasiga e'tibor berib, uzoq kuzatuvlardan keyin arab tili ilm tili ekanligi va uning boshqa tillardan ustunligi, kim bu tilning haqiqiy bilimdoni bo'lsa, olim ekanligi borasidagi fikrlarni bildirgan. O'sha davrda ko'pchilik faqat arab tili ilm tili ekanligini va faqatgina

bu tilni mukammal bilgan kishigina olim deb atalishiga qattiq ishonishgan. Lekin Ahmad Donish bu masalani boshqacha talqin etadi. Mutafakkir arab, turk va tojik tilining haqiqiy bilimdoni bo'lib, o'zining mantiqiy fikrlari bilan tushunarli tilda talabalarning uzoq tortishuvlarida to'g'ri yo'lni quyidagicha tushuntiradi: "Fan va ta'lim bizningcha hech bir tilga bog'liq emas, uning yutuqlarini barcha tilda tavsiflash va ta'riflash mumkin. Fors tilida buni amalga oshirish qulay va yaxshiroq va qabul qilish uchun xammaga tushunarli. Jaloliddin Devoniy va alloma Nosriddin Tusiy tadqiqotlaridagi tavsiyalar Aristotel va Idrisning tadqiqotlarida keltirilgan tavsiyalarning arab tilidagi shaklidir. Agar ularni fors tilida aytib bersak ham hech narsa o'zgarmaydi", deb ta'kidlaydi [2]. Alloma bu fikrlari orqali "aytib bersak ham hech narsa o'zgarmaydi" iborasini qo'llash orqali milliy tilga urg'u beradi. Barcha yangi g'oyalar va tarjimalarni milliy tilda aks ettirishga, milliy tilning nufuzini ko'tarishga undaydi.

Global o'zgarishlar va shiddatli rivojlanishlar zamonida yashar ekanmiz axborot almashuvi taraqqiyotida davlat tilining ahamiyati bilan birga texnologik jarayonlarning rasmiy tili hisoblangan ingliz va rus tillarining ahamiyati ham dolzarbdir. XXI asrning taraqqiyoti zamonaviy yoshlarni bir necha tillarni mukammal bilishga undamoqda. Bu bir tomondan xorijiy tillarda va alifbolarda ifodalangan manbalar va adabiyotlar, qolaversa, zamonaviy tadqiqotlardan ham unumli foydalanish imkonini bermoqda.

O'zbek tilidagi "Til bilgan - el biladi" degan maqol bejizga aytilmagan. Ajdodlarimiz bu borada buyuk ibrat va namuna ko'rsatganlar. Jumladan, buyuk mutafakkirlarimizdan Abu Rayhon Beruniy, Muso Xorazmiy, Abu Ali Ibn Sino, Ahmad Farg'oniy, Mahmud Zamaxshariy va Alisher Navoiylar ko'plab tillarni bilish bilan birga o'zga tillarda samarali ijod qilib o'z ilmiy meroslarini qoldirganlar. Ushbu ajdodlarimizning bevosita faoliyatining davomi sifatida va davr talabiga ko'ra bugungi kunda davlatimizdagi ta'lim muassasalarida ingliz, fransuz, nemis, rus, italyan, ispan, xitoy, yapon, koreys, arab, fors, turk kabi dunyo tillari mukammal o'rganilmoqda. Lekin, shuni ham ta'kidlab o'tish kerakki boshqa tillarni o'rganish milliy tiliga e'tiborning pasayishiga yoki mavqeyining yo'qolishiga olib kelmasligi lozim.

Prezidentimizning "Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulug' alloma, XX asr boshida olti tilli - o'zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lug'at tuzgan Is'hoqxon Ibratning mana ushbu hikmatli so'zlarini eslatmoqchiman: "Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa'y-harakat qilsinlar, lekin avval o'z ona tilini ko'zlariga to'tiyo qilib, ehtirom ko'rsatsinlar. Zero, o'z tiliga sadoqat - bu vataniy ishdir" [2] degan da'vati yoshlarimiz uchun o'ziga xos betakror ma'naviy-axloqiy tarbiya maktabi va ona tiliga muhabbat muhitini shakllantiradi. Zero, ona tili milliy ma'naviyatning bitmas-tuganmas bulog'idir. Unga munosib ehtirom ko'rsatish esa muqaddas insoniy burchdir.

Bugungi kunda xalqaro tadqiqotlarda har bir tilning milliyligini himoya qiladigan yondashuvlar doirasida bir qancha nazariyalar ishlab chiqilgan. Masalan XIX asr oxiri va XX boshlaridagi tilshunos olimlar Bendjamin Li Uorf [6, 202-219] va Eduard Sepir [7,656] tadqiqotlarida tilning fiziologik nuqtai nazardan talqin qilinishi bilan birga har bir xalqning milliy tiliga alohida urg'u berilgan.

Milliy o'zlikni anglash muammosi bugungi kunda jahonning deyarli barcha mamlakatlariga aloqador muammo sifatida dolzarbdir.

Milliy o'zlikni anglash o'z-o'zini anglashdan boshlanadi. Jumladan, ba'zi tadqiqotlarda "Muayyan millatga mansub insonning o'zini anglashi millatining o'tmishi, tarixiy taraqqiyot yo'li, nasl-nasabi, avlodu ajdodlarining kim bo'lganligi, ularning jahon ilm-fani, madaniyati

taraqqiyotiga qo'shgan buyuk hissalarini anglashidan boshlanadi" [5] deb e'tirof etiladi. Qadimgi yunon faylasufi Suqrotning e'tirof etishicha "bilish insonning o'zini anglashidan boshlanadi" deyilgan bo'lsa, Zardushtiylikning muqaddas kitobi "Avesto"da insonning o'zini anglashi uning ona Vatani, muqaddas tuprog'i va tabiiy muhitini sevishi va asrashi bilan bog'liqligi aks ettirilgan.

Islom dinida esa "kimki o'zligini tanisa, albatta, u robbisini taniydi, chunki inson o'zligini taniganda kamolotga erishadi va yaratgannni taniydi" [4, 12] deb ta'kidlangan.

G'arb mutafakkirlaridan Gegel, Karl Yaspers, Jan Pol Sartr, Albert Kamyu kabi faylasuf olimlar milliy o'zlikni anglashning falsafiy jihatlarni ochib bergan.

Falsafa fani doirasida milliy tilning jamiyat va sivilizatsiya bilan chambarchars bog'liqligini tan olish antik davrlardan paydo bo'lgan. Masalan, Geraklit "har bir xalqning (millatning) tili uning bilim xazinasidir" [4, 12], deb e'tirof etgan. Geraklit fikrini davom ettirgan Aflotun esa "so'zlar bilish vositasimi yoki ular tildan tashqari haqiqat bilan bog'liqmi" [4, 77], degan savolni muhokama qilgan. Keyinchalik esa, Aristotel so'zlar ma'nosini milliy tillarda izohlanishini ta'kidlagan [4, 95].

Har bir xalq milliy tilining ijtimoiyligi, uning atrofdagi voqelik bilan chambarchas bog'liqligi hamda milliy tilning milliylik bilan o'zaro bog'liqligi masalalari yangi davrning Georg Vilgelm Fridrix Gegel, Tomas Gobbs, Reni Dekart, Immanuel Kant va Jan Jak Russo kabi faylasuf olimlari tomonidan ham o'rganilgan.

Milliy o'zlikni anglash muammosi bugungi kunda jahonning deyarli barcha mamlakatlariga aloqador muammo sifatida dolzarbdir. Shuningdek, milliy til inson aqliy faoliyatining ma'naviy shakli sifatida inson individual hayotining barcha sohalarini qamrab olishi bilan birga, jamiyatdagi amaliy va nazariy faoliyatining ajralmas qismi sifatida ham namoyon bo'ladi. XX asrning taniqli fransuz tilshunoslaridan Emil Benvenistning fikriga ko'ra, "Insonni tilsiz tasavvur qilish qiyin. Inson o'zi uchun tilni ixtiro qila olmaydi, balki u ajdodlardan qolgan milliy tilida faoliyat yuritadi. Dunyoda faqat insonda til bor ekan u boshqa insonlar bilan faqat til orqali muloqotga kirishadi va shu tariqa milliy til rivojlana boradi" [3, 448].

Dunyoning manzarasini o'rganish jarayonida olamning paydo bo'lishi, umuminsoniy va milliy nuqtai nazardan talqin qilinar ekan, milliy til barcha millat va elatlar yashaydigan olamni milliy ruhda ifoda etadi.

REFERENCES

1. Президент Шавкат Мирзиёевнинг узбек тилига давлат тили макоми берилганининг уттиз йиллигига багишланган тантанали маросимдаги нутки. 21.10.2019. https://uza.uz/uz/posts/prezident-shavkat-mirziyeevning-zbek-tiliga-davlat-tili-ma-o-21-10-2019

2. Ахмади Дониш. Осори баргузидаи бадей (Избранные художественные произведения). - Душанбе: Ирфон, 1976. -282 с.

3. Бенвенист Э. Общая лингвистика. 2-е изд. - М.: Прогресс, 2002. - С. 448.

4. Жалолиддин Румий. Маънавий маснавий. (Таржима шарх,и билан. Таржимон Аскар Маркам. Масъул мухдррир Т.Мах,мудов.) - Т.: "Шарк", 1999. - Б 12.

5. Очилова Б. Миллий узликни англаш ва миллий гурур. //Архив Научных Публикаций JSPI, 1(43). https://science.i-edu.uz/index.php/archive_jspi/article/view/5488

6. Уорф Б.Л. Языки как образ мира. - М: Издательство АСТ: Terra Fantastica, 2003. С. 202219.

7. Сепир Э. Избранные труды по языкознанию и культурологии / Эдвард Сепир; Пер. с англ. под ред. и с предисл. А.Е.Кибрика. 2-е. Изд. - М.: Прогресс, 2002. - С. 656.

8. Х,а;и;ат манзаралари. 96 мумтоз файласуф. Тупловчи ва таржимон С.Жураева. - Тошкент: "Янги аср авлоди", 2011. - Б. 41.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.