MILLIY MUSIQA CHOLG'ULARI VA ULARNING TURLARI
V.Boboyev
O'zDSMI Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: O'zbek milliy musiqa cholg'ulari bir necha ming yillik tarixga ega. Xalq orasida musiqiy cholg'ular insoniyat ma'naviyatini ohanglarda tarannum etuvchi vosita, xalq ijodiyoti mahsuli bo'lib xizmat qilib kelgan. Mazkur maqolada o'zbek milliy musiqa cholg'ularining tarixi, taraqqiyot bosqichlar hamda cholg'u sozlarining turlari, xususiyatlari, shuningdek, ularning musiqa ijrochiligida tutgan o'rni haqida ma'lumotlar berilgan.
Kalit so'zlar: cholg'u, milliy, musiqa, ud, rud, qo'buz, g'ijjak, qonun, chang, dutor, tanbur, rubob, baxshilar, ashulachilar
NATIONAL MUSICAL INSTRUMENTS AND THEIR TYPES
V.Boboyev
Fergana regional branch of UzSIAC
Abstract: Uzbek national musical instruments have a history of several thousand years. Among the people, musical instruments have served as a means of glorifying the spirituality of humanity in tunes, as a product of folk creativity. This article provides information about the history of Uzbek national musical instruments, stages of development, types and characteristics of musical instruments, as well as their role in music performance.
Keywords: instrument, national, music, oud, rud, qobuz, gijjak, law, chang, dutor, tanbur, rubob, bakhshis, singers
O'zbek milliy musiqa cholg'ulari tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, cholg'u sozlari bundan bir necha ming yillar avval ham xalq tomonidan mustaqil ravishda foydalanib kelinganligini ko'rishimiz mumkin. Musiqiy cholg'ular insoniyat ma'naviyatini ohanglarda tarannum etuvchi vosita, xalq ijodiyoti mahsuli bo'lib, azal-azaldan xalq orasida shakllanib kelayotgan mo'jizaviy asboblardir. Cholg'ularda har bir xalqning milliy g'ururi, an'anasi, qadriyatlari o'z ifodasini topganki, ulardan taralayotgan ovoz ham shunga moslangan. Asrlar davomida doimo musiqiy cholg'ularga bo'lgan e'tibor katta bo'lishi bilan birga ular tarbiyaviy tomonlari bilan ham alohida ahamiyatga ega bo'lib kelgan.
Bizgacha yetib kelgan tarixiy qo'lyozma va asarlarda O'rta Osiyo xalqlari qadimda foydalangan musiqa cholg'ularining nomlari keltirib o'tilgan. Ularda torli
sozlardan - ud, rud, qo'buz, g'ijjak, qonun, chang, dutor, tanbur, rubob, nuzxa, damli cholg'ulardan - daf, doira, nog'ora, safoil kabi musiqa asboblari haqida ma'lumotlar berilgan.
Ma'lumki, qadimda o'zbek xalqi dastlab sodda cholg'ulardan foylanib, o'z san'atlarini namoyish etgan. Xalq sayillarida, bayram tomoshalarda, kundalik hayot tarzida baxshilar, ashulachilar ma'lum musiqa asbobi yordamida kuylagan. Davrlar o'tishi bilan cholg'ular rivojlanib, davr talabiga mos ravishda takomillashib borgan. Bu haqida S.Begmatov va M.Matyoqubovlarning "O'zbek an'anaviy cholg'ulari" kitobida quyidagicha bayon etiladi: "XIX asr oxiri va XX asrning o'zida o'zbekona chang, qashqar ruboblari shakllanib iste'molga kirdi. Ud va qonun sozlari qayta tiklanib, ijrochilik amaliyotini sezilarli darajada boyitdi. Afg'on rubobi hamda kird sozlari ham o'ziga xos jozibasi bilan amaliy jarayondan munosib o'rin oldi. Zamonaviy kompozitorlik ijodiyoti bilan bog'liq holda bir qator chang, rubob, dutor, g'ijjak kabi xalq cholg'ularining oilaviy namunalari yaratildi. "[1]
Demak, cholg'u sozlarining qadimiy turlari bilan birga yangi avlodi ham yuzaga kelib, musiqa ijrochiligida o'z o'rni va ahamiyatiga egadir.
Musiqa sozlari o'zining xarakter xususiyati va vazifasiga ko'ra bir necha turlarga bo'linadi. Musiqa cholg'u asboblari tovush manbalariga qarab guruhdarga, ijrochilik uslubi (yoki ishlatilgan mexanizmi)ga qarab guruhchalarga, o'ziga xos qo'shimcha belgilariga qarab xillarga bo'linadi. Musiqa cholg'u asboblari, asosan, torli (xordofonlar), puflab chalinadigan (aerofonlar), teri qoplamali (membranofonlar), tilchali (gemidiofonlar), plastinkali, elektr va elektron musiqa cholg'ulari, idiofonlar guruhlariga bo'linadi. Torli cholg'u asboblarning guruhchalari: kamonli sozlar (skripka, alt, violonchel, kontrabas, viola, o'zbek sozlaridan g'ijjak, ko'biz, sato va boshqalar), chertib chalinadigan sozlar (arfa, gusli, sitra, gitara, domra, balalayka, dutor, tanbur, rubob, setor, do'mbira va boshqalar), urib chalinadigan torli sozlar (chang, simbali va boshqalar), klavishli urib chalinadigan sozlar (klavikord, fortepiano, royal), klavishli chertib chalinadigan sozlar (klavesin va uning turlari). Puflab chalinadigan cholg'u asboblarning guruhchalari: tilchali sozlar (surnay, qo'shnay, bo'lamon, shoxnay, klarnet, goboy va boshqalar), tilchasiz sozlar (naylar, fleytalar), mundshtukli sozlar (truba, valtorna, tuba, karnay va boshqalar), pnevmatik klavishli sozlar (organ va uning turlari). Tilchali cholg'u asboblarning bo'linmalari: pnevmatik klavishli sozlar (fisgarmoniya, bayan, akkordeon va boshqalar), chertib chalinadigan sozlar (changko'biz va uning turlari), urib chalinadigan sozlar (fleksatonlar).
Milliy musiqa cholg'ularidan g'ijjak, chang, dutor, tanbur, rubob sozlari boshqa cholg'u sozlari singari qadimda va hozirgi kunda ham musiqa san'atida keng foydalanib kelinayotgan musiqa asboblari hisoblanadi.
Rubob cholg'usi - torli cholg'u asboblari turkumiga mansub bo'lib, u eng qadimiy cholg'u asboblari turiga kiradi. O'zbek, tojik, uyg'ur, afg'on va boshqa sharq xalqlari
orasida keng tarqalgan. Ba'zi olimlar fikriga ko'ra, qadimda 2 torli kamonli rubobdan zamonaviy skripka yuzaga kelgan. Hozir rubobning uch xili mavjud: qashqar rubobi, afg'on rubobi vapomir rubobi. O'zbekiston va Tojikistonda rubob (Pomir vohasini e'tiborga olmaganda) deyarli ikki turda - afg'on yoki buxoro rubobi turi mavjud bo'lib, o'tmishda uyg'ur musiqa hayoti va ma'lum darajada ular orqali respublikamizning Farg'ona vodiysi hududlari uchun xos bo'lgan qashqar rubobi O'zbekiston, Tojikiston va O'rta Osiyoning o'zbek tojik va uyg'urlar yashaydigan hududlarida yakkanavoz va jo'rnavozlik cholg'u sifatida ommalashgan.
G'ijjak cholg'u sozi Sharq xalqlari ijrochilik amaliyotida keng qo'llanilib kelinayotgani bilan e'tiborni tortadi. G'ijjak torli-kamonli musiqa cholg'usi bo'lib, o'zbek, tojik, uyg'ur, qoraqalpoq, turkmanlarda «g'ijjak» deb, ozarbayjon, arman, gruzin, eron, turk va boshqa sharq xalqlarida esa «kamon», «kemancha» kabi o'ziga xos nomlar bilan ataladi. G'ijjak cholg'usi o'ziga xos boy tarixga ega.
"Tarixiy ma'lumotlarga ko'ra g'ijjakning yasalishi Sulton Mahmud G'aznaviy zamoniga, ya'ni X-XI asrlarga to'g'ri keladi. O'rta asr musiqa risolalarida bayon etilgan rivoyatlar g'ijjak cholg'usining kelib chiqishi haqida xabar beradi. Xususan, «Ziynat al-majolis» (Ziynatlarning majlisi) antalogiyasida hikoya qilinishicha, Abu Nasr Farobiy Ray shahrida Sohib ibn Abbod qabulida bo'lganida, vazir sharafiga o'tkazilgan ziyofatda o'zi ixtiro qilgan cholg'uni chalib kuy ijro etadi. Tashqi ko'rinishidan kichik qovoqqa o'xshagan bu soz «g'ipchak» nomi bilan atalgan ekan. Bu cholg'uda Farobiy uch qismli kuy ijro etib tinglovchilarni ham yig'latgan, ham kuldirgan va hayajonga tushirgan ekan". [2]
Dutor so'zi "ikki tor" ma'nosini anglatadi. Dutor Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki torli chetib chalinadigan cholg'u asbobi. Odatda, 1 metrdan dan 2 metrgacha uzunlikda, noksimon rezonatorli bo'ladi. Taxminan XV asrda cho'ponlar o'rtasida paydo bo'lgan. Dutor o'zbek xalqining uzoq yillik ajralmas qismidir. Dutor qadimda va hozir ham musiqa san'atida keng foydalanib kelinayotgan cholg'u asboblaridan hisoblanadi.
Chang eng keng tarqalgan cholg'u sifatida ko'plab adabiy manbalarda qayd etiladi. Chang cholg'ularini o'z asarlarida Firdavsi-Ozoda, Navoiy-Dilorom, Nizomiy esa Fitna deb ataganlar. Hozirgi qo'llaniladigan chang cholg'usi O'rta Osiyo va boshqa xalqlar orasida keng uchraydi. Changdan o'zbek, tojik, uyg'ur va rus xalqlari ham keng foydalanadilar. Chang ansambl va orkestrlarda eng asosiy boshlovchi rolni o'ynaydi. U yakkavozlikda ham mashhur bo'lib, yuqori texnikaviy asarlarni ijro etish uchun qulaydir.
Tanbur - torli musiqa asbobi. O'zbek milliy cholg'ularidan biri hisoblanadi. O'zbek mumtoz maqomlari aynan tanbur cholg'usida ijro etilgan. Tanbur o'ng qo'lning ko'rsatrgich barmog'iga maxsus noxun (mediator) taqib chalinadi. Chalinganda faqat birinchi simi chertib chalinadi, qolganlari esa sadolanib turish uchun
xizmat qiladi. Forobiyning musiqa risolasida Xuroson tanburining parda tuzilishi keltirilgan. Tanbur o'zbek, tojik, uyg'ur va boshqa xalqlarda professional soz sifatida keng tarqalgan.
Mazkur cholg'u asboblari yillar davomida musiqa san'atini rivojida keng foydalanib kelinmoqda. Bu cholg'u ijrochiligini mohirona egallagan sozandalar o'zbek musiqasini nafaqat respublikamizga, balki butun jahonga shon-shuhratini tanitmoqda.
Shuningdek, sholg'u jrochilik san'atini kompozitorlar va bastakorlar ijodisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Ayniqsa M.Bafoyev, S.Jalil, M.Sautovning, A.Mansurov, R.Abdullayev, H.Rahimov, M.Otajonov, 0,Abdullayeva, J.Charshemov kabi kompozitorlarni qashqar rubob, tanbur, ud, dutor, g'ijjak, afg'on rubob, doyra va xalq cholg'ulari orkestri uchun yaratgan asarlari o'zining yorqinligi, mazmunliligi, cholg'uga mosligi, cholg'u imkoniyatlarini to'liq namoyon qilishi, ayniqsa, muayyan cholg'uda ijrochilikni rivoshlantirishga xizmat qilishi bilan yaqqol ajralib turadi.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, qadimda O'rta Osiyo xalqlarida bir qator tanbursimon, dutorsimon va qo'biz g'ijjak kabi milliy musiqa cholg'ulari yaratilib, amaliyotda keng foydalanib kelingan. O'rta asrlarga kelib musiqiy cholg'ularning har biri o'z shaklu shamoyiliga, o'ziga xos xususiyatiga va xalq orasida katta e'tiborga ega bo'lgan. Cholg'u sozlarning xalq orasidagi ommalashuvi o'z zamonasining faylasuflari, allomalari tadqiqotlarining manbaiga aylanishiga ham asos bo'lgan. Bu sohadagi tadqiqotlarning boshida IX asrda yashab ijod etgan qomusiy olim Abu Nasr al - Forobiy turadi. Forobiy musulmon olamining mumtoz sozlari bo'lmish ud, tanbur, rubob, qonun, arganun (organ), nay, surnay va boshqalarning ilmiy tavsifini bergan.
Hozirgi davrga kelib ham milliy musiqa cholg'ularini o'rganish va ularni ilmiy tadqiq etish ishlari davom etib kelmoqda. Bu esa yosh avlodni milliy musiqa san'atimizga bo'lgan qiziqishi va muhabbatini oshirishda samarali o'rin tutadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. S.Begmatov, M.Matyoqubov. "O'zbek an'anaviy cholg'ulari". T.; 2008. 8-bet
2. Toshmuhamedov M. G'ijjak darsligi. T., 1995. 3-bet
3. O.Nazarov. Xalq cholg'ularida ijrochilik. T.; 2018.
4. Maxanov Sh. O'zbek cholg'u asboblar turlari. https://doi.org/10.5281/zenodo.
5. Yunusov, G., Ahmedov, R., Jurayev, I., & Yuldasheva, S. (2021). A Look At The Folklore of Fergana Valley or History of A Song in The Series of Tanovar. Annals of the Romanian Society for Cell Biology, 25(6), 2225-2232.
6. Jo'Rayev, I. (2022). MILLIY MUMTOZ KUY VA QO 'SHIQLARIMIZNING INSONIYAT RUHIYATI VA TARBIYASIDAGI O 'RNI. Oriental Art and Culture, 3(4), 280-283.
7. Juraev, I. (2022). Development Factors of the Art of Singing in Uzbek and World Scenes. INTERNATIONAL JOURNAL OF INCLUSIVE AND SUSTAINABLE EDUCATION, 1(6), 162-164.
8. Juraev, I. (2022). Pedagogical Approaches to Education of Singing Students. INTERNATIONAL JOURNAL OF INCLUSIVE AND SUSTAINABLE EDUCATION, 1(5), 225-227.
9. Jalolkhon, M., Talaboyev, A., Dehkonov, F., & Jurayev, I. (2022). Tom Aleksandrovich Khomyakov-Musician And Talented Conductor. Journal of Pharmaceutical Negative Results, 4736-4739.
10. Jurayev, I. (2021). A LOOK AT THE LIFE PATH OF FATTOKHON MAMADALIEV. CURRENT RESEARCH JOURNAL OF PEDAGOGICS, 2(11), 54-59.
11. Mirzayeva, D., & Qurbonova, M. (2022). SERGEY VASILYEVICH RAXMANINOV IJODIGA BIR NAZAR. Oriental Art and Culture, 3(4), 97-101.
12. Talaboev, A. (2021). O'ZBEK XALQ MUSIQA IJROCHILIGI SAN'ATIDA MAQOM JANRINI TIKLASH VA RIVOJLANTIRISH OMILLARI. Oriental Art and Culture, 2(4), 325-333.