MAMLAKATIMIZ HUDUDIDA BUNYOD ETILGAN MASJIDLARNING RIVOJLANISH TARIXIGA DOIR QARASHLAR
Dadajon Qahhorov
Toshkent arxitektura-qurilish instituti magistranti
ANNOTASIYA
Ushbu qo'llanmada yurtimiz hududlarida qurilgan masjidlarning hozirgi kunga qadar rivojlanish bosqichlari haqida malumot berilgan. Shu bilan bir qatorda Mustaqillik davrida qurilgan masjidlar haqida alohida to'xtalib o'tilgan.
Kalit so'zlar: masjid, gumbaz, qubba, mehrob, maqbara, naqqoshlik, me'morlik, ustun, ravoq.
VIEWS ON THE HISTORY OF DEVELOPMENT OF MOSQUES BUILT IN
OUR COUNTRY
ABSTRACT
This guide provides information on the stages of development of mosques built in the regions of the country to date. Special attention was paid to the mosques built during the independence.
Keywords: mosque, dome, dome, altar, mausoleum, painting, architecture, column, arch.
Masjid - barcha mo'min-musulmonlar uchun Allohga ibodat qiladigan muqaddas joy hisoblanadi. "Masjid" so'zi arabchadan "ibodat qiladigan joy, sajdagoh" deb tarjima qilinadi. Muqaddas Islom dini dunyo bo'ylab eng keng tarqalayotgan din hisoblanadi. Shuning uchun ham mo'min, musulmonlarning ibodatlarini go'zal tarzda ado etishlari uchun masjidlar qurilishi yildan-yilga butun dunyo bo'ylab oshib bormoqda.
Jumladan bizning diyorlarimizda ham yildan-yilga go'zal va muhtasham masjid binolari qad roslamoqda. Muqaddas islom dini bizning o'lkalarimizga kirib kelgandan boshlab aniqroq qilib aytadigan bo'lsak Vlll-asr boshlaridan boshlab masjidlar qurilishi boshlangan. Masjidlar birinchi navbatda shaharlarda, keyinchalik qishloqlarda so'ng mahallalarda barpo etila boshlagan. Ilk qurilgan masjidlar ko'rinishlari xozirgi kundagidan bir muncha farq qiladi. Masjid nomoz xonasining qibla tomonida mehrob, undan o'ng tarafda esa vazxonlik uchun mo'ljallangan minbar ham doimiy ravishda masjidlarda bo'lgan. Masjidning hovlisida hovuz, bir yoki bir necha minora bo'lgan. VIII-asrdan boshlab bizning diyorlarimizda masjidlar qurilishi boshlangan bo'lsa. Hozirgi kunga kelib bizning mustaqil O'zbekistonimiz hududida 2000 dan ziyod masjidlar o'z faoliyatini yurutib kelmoqda.
Masjidlar VII—VIII asrlardan turli musulmon mamlakatlarning mahalliy me'morlik an'analarida etakchi o'rinni egallab, o'ziga xos uslubda qurila boshlagan. Asosan murabba yoki to'g'ri to'rtburchak tarxli, markaziy qismida xonaqohi bo'lgan, hovli atrofi ravoqli ayvonlardan iborat bo'lgan. 8 qirrali, gumbaz tomli va ko'p ustunli, galereyali masjidlar tosh, yog'och, g'isht, rangli koshin bilan hashamdor bezatilgan. Markaziy Osiyo'da dastlabki masjidlar Buxoro arki ichida 713-yilda Qutayba ibn Muslim tomonidan mahalliy otashgoh butxona o'rnida qurilgan. Ma'lumotlarga ko'ra, Samarqanddagi birinchi masjid Hazrati Xizr masjidi o'rnida bo'lgan. Har bir davrda masjidlarning bezak ishlari o'sha davrda urf bo'lgan qurilish maxsulotlaridan keng foydalangan tarzda bezatilgan.
Dastlabki davrlarda bezak berish mahsulotlari keng bo'lmaganligi sababli arxitekturada, hususan masjidlarning bezak ishlarida ham bor mahsulotlardan foydalangan holda bezak ishlari o'z nihoyasiga etkazilgan. Vaqt o'tishi bilan xalq xunarmandchiligidagi san'at turlari rivoj topishi bilan X-XI asrlarda masjid me'morligida ganch o'ymakorligi, g'ishtni bezakli qilib terish usullari keng tarqala boshlagan. (Termizdagi Chor ustun masjidi, Deggaron masjidi, Turkmanistondagi Sherkabir masjidi va boshqalar). Keyingi asrlarda esa masjid turlari va tuzilishi o'zgarib, u shaharning eng ko'zga ko'ringan yirik me'moriy jamoat binolari qatoridan o'rin olgan. Shahar markazlarida jome masjid, juma masjid va guzar, mahalla masjidlari keng tarqalgan.
Movarounnahr me'morlik maktabida yaratilgan xalq ustalarining o'ziga xos merosi Eron, Xuroson, Ozarbayjon, Hindiston, Hirot me'morligi bilan o'zaro uyg'unlashib ketgan. Bu maktab me'morligida erishilgan barcha imkoniyat va yutuqlar Gavharshodbegim me'moriy majmuasi, Bibixonim jome masjidi, Ko'k gumbaz masjidi, Darbanddagi (Ozarbayjondagi) juma masjid (1368), Tabrizdagi (Erondagi) Ko'k masjid (1405) qurilishida o'z aksini topgan. XVI—XVII asrlarda masjid qurilishida gumbazlar tuzilishi ancha murakkablashdi. Peshtoq, ravoq va minoralarning turli shakllari yaratildi. Bezagida muqarnas naqshlar, koshinkori bezaklar qo'llanildi: Ozarbayjonning Ardabil shahridagi shayx Sefi majmuasi (XV—XVII asrlar), Ganjadagi juma masjid (1606), Eronning Isfahon shahridagi Lutfullo masjidi (1603—1618), Shoh masjid (1612— 1630), Mashhaddagi Musallo masjidi (XVII asr oxiri), Dehli jome masjidi, Turkiyaning Istanbul shahridagi Boyazid masjidi (1505), Shahzoda masjidi (1548), Sulaymon masjidi (1550—1557), Salim masjidi (1569—1575), Ahmad masjidi (1609— 1617) va boshqalar. O'zbekistonning Buxoro, Samarqand, Shahrisabz shaharlaridagi Baland masjid, Xo'ja Zayniddin majmuasi, Bahouddin majmuasi. Shahar tashqarisida namozgohlar (Buxoro namozgohi, Qarshi namozgohi), ziyoratchilar uchun xonaqohlar (Qosim shayx xonaqohi, Fayziobod xonaqohi, Nodir Devonbegi xonaqohi va boshqalar) qurildi.
XVIII—XIX asrlarda Turkiyadagi masjid binolarining tashqi va ichki bezaklarida Yevropa me'morligi ta'siri sezila boshladi. Istanbuldagi Nurusmon masjidi (1755) va boshqalar. Buxoro, Xiva va Qo'qon xonliklarida mahalliy me'morlik maktablari shakllandi. Xalq ustalarining avloddan-avlodga o'tib kelayotgan naqqoshlik, o'ymakorlik va ganchkorlik san'ati masjid ayvonlari, ustunlari va devorlari bezagida yaqqol namoyon bo'ldi (Do'sti Xudo masjidi, Qo'qon jome masjidi, Sirli Masjid, Xo'ja ilg'or masjidi, Lutfullo Mavlono masjidi va boshqalar).
O'zbekistonda mustaqillikdan keyin an'anaviy va zamonaviy me'morlik usullarini uyg'unlashtirgan holda masjidlar qurilmoqda (masalan, Buxoriy yodgorlik majmui, Toshkentdagi Nosirxon jome masjidi, G'azalkentdagi Olimjon jome masjidi va boshqalar).
Masjidlar - mo'min musulmonlar uchun eng muqaddas va qadrli joy hisoblanadi. Faqatgina ibodat maskani sifatida emas, o'zaro mehr oqibat, hamjihatlik va do'stlik rishtalarini bog'lovchi joy sifatida ham e'tiborga molikdir.
Jumladan, Toshkent shahrida ulug' allomalar nomidagi "Suzuk ota", "Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf", "Fayzulla xo'ja o'g'li Murod hoji", Surxondaryo viloyatida "Hakim Termiziy", "Shayx Shamsiddin", "Imom Nizomiddin Sangardakiy", Namanganda "Muhammad al-Amin", Farg'onada "Chiligijiyda", Navoiyda "Abu Bakr Siddiq" va Toshkent viloyatida "Abu Hurayra" masjidlari hamda Buxorodagi Qorovulbozor tumanida "Abdulloh ibn Muborak" nomli yangi jome masjid ish boshlagan.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak so'ngi yillarda yurtimiz hududlarida qurilgan masjidlarning hajmiy tarxiy echimlari, tashqi dizayni va ichki dizayni aksar xolatda umumiy ko'rinishda loyixalanmoqda. Tarx echimlari asosan to'g'ri to'rt burchak shaklida bo'lib, unga bog'langan xolatda ikkita yoki bitta ayvon va xovli sahni bilan loyixalanmoqda. Ichki dizaynida esa naqqoshlik san'atidan keng foydalangan tarzda bezatilmoqda.
Qurilayotgan masjidlar umumiy vazifasi bitta bo'lganligi bois yangi qurilayotgan masjidlar bosh tarxi va tarx echimlari uchun umumiy taklif loyiha ishlab chiqish o'rinli deb hisoblayman. Taklif etilayotgan loyihani shahar masjidlari uchun alohida, mahalla masjidlari uchun alohida ishlab chiqish kerak deb hisoblayman. Buning bir qancha sabablari bor. Bitta oddiy misol tariqasida tahoratxonaning sig'imini keltirishimiz mumkin. Shahar hududida joylashgan masjidlarning tahorathonasining sig'imi ko'proq bo'lishi kerak. Buning boisi shahar masjidiga odamlar yo'lda ketayotib kirishadi.
Shuning uchun ham Tahoratxona band bo'lib qolmasligi uchun sig'imi soni oshirilishi kerak. Mahalla masjidlarida bu sig'im nisbatan kamroq bo'lsa zarar qilmaydi. Chunki odamlar masjidga tahoratli holda kelish ehtimoli yuqori bo'lganligi sabablidur.
REFERENCES
1. O'zMe.Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
2. https://shosh.uz/toshkent-masiidlari-tarihidan/
3. https://uz.wikipedia.org/wiki/Minor_masjidi