ОСНОВНОЙ РАЗДЕЛ
Abduqahhorova X.A.
Chirchiq davlat pedagogika instituti o 'qituvchisi
MAKTABLARDA MUMTOZ MATNLARNI TAHLIL QILISHNING BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI
Annotatsiya: Umumta'lim maktablarida mumtoz adabiyot o'qitishning bugungi kundagi holati hamda badiiy asarlarni tahlil qilish jarayonida kuzatilayotgan muammolar haqida fikr-mulohazalar yuritilgan.
Kalit so 'zlar: mumtoz adabiyot namunalari, maktab darsliklari, mumtoz matn, ta 'lim mazmuni.
Abdukakhorova Kh.A.
teacher
Chirchik State Pedagogical Instituti
THE IMPORTANCE OF CENTRAL TEXT ANALYSIS IN SCHOOLS
TODAY
Abstract: The current state of teaching classical literature in secondary schools and the problems encountered in the analysis of works of art are discussed.
Key words: classic literature, school textbooks, classic text, educational content.
Bir necha ming yillar davomida xalqimizning ma'naviy merosi sifatida qadrlangan mumtoz adabiyot namunalarini yoshlar ongiga singdirish hozirda dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlar ma'naviyatini mumtoz adabiyot namunalari orqali, ularga singdirilgan g'oyalar vositasida o'stirish; o'quvchilarga ta'lim-tarbiya berayotgan pedagog xodimlarining kasbiy kompetentligini rivojlantirish modelini takomillashtirishga doir ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Respublikamiz ta'lim tizimida qilinayotgan yangi islohotlar ta'lim-tarbiya jarayonining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-nazariy, iqtisodiy hamda tashkiliy asosi bo'lmish "Ta'lim to'g'risidagi qonun" va u bilan bog'liq me'yoriy hujjatlarni qayta ko'rib chiqishni talab qilmoqda. Ta'lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish, jamiyatda o'qituvchi nufuzini ko'tarish, uning sifatli amaliy faoliyat ko'rsatishi uchun sharoit yaratish, moddiy va ma'naviy rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu harakatlarning barchasi kundalik ta'lim amaliyotini, avvalo, mazmun, shuningdek, shakliy jihatdan mukammallashtirib, oxir-oqibat o'quvchilarning axloqiy tarbiyasi, bilim va saviyasida aks etmog'i kerak. Mazkur vazifani ado etish uchun esa har bir fan,
predmetning o'qitilishidagi joriy holatni tahlil qilib, yutuq va kamchiliklarni aniqlab olish muhim. Ana shu nuqtayi nazardan maktablarimizda mumtoz adabiyot namunalarini o'qitishning ayni paytdagi holatini o'rganish, tahlil qilish muammoni hal etishning omili sanaladi desak, xato bo'lmaydi.
Shunday qilib, maktabda mumtoz adabiyot qanday o'qitilmoqda? Aslida, bu ritorik savolga o'xshab ketadi - javobi aniq: yaxshi emas. Sababi nimada? Ularning ildizlari qayerga borib taqaladi? Ana shu savollarga javob topish muhim. Bu tashxis qo'yishdek bir gap. Shunga qarab chora izlanadi, tadbir belgilanadi.
Bizningcha, qoniqarsiz ahvolning ikki: obyektiv va subyektiv sabablari mavjud bo'lib, ularning biri boshqasining chuqurlashuviga sabab bo'lmoqda. Obyektiv omillar o'qituvchi shaxsiyatidan ko'ra ko'proq ta'lim mazmuniga mas'ul muassasalar, direktiv hujjatlar bilan bog'liq. Biz bunda, avvalo, standartlar, dasturlar, darslik va metodik hamda o'quv qo'llanmalarini nazarda tutmoqdamiz. Mustaqillik yillari adabiyot bo'yicha DTS hamda o'quv dasturlari ishlab chiqilib, bir necha bor takomillashtirildi, darsliklarning bir necha avlodi chop etildi. O'rganish uchun tanlab olingan asarlarning yuksak badiiy mezonlar talabiga javob berishi, tarbiyalanuvchilarning badiiy didini o'stirishga, ma'naviy olamini shakllantirishga, ularda yuksak axloqiy sifatlar shakllantira olishiga, bolalarning yosh xususiyatiga mos kelishi kabi jihatlarga qarab tanlab olingan. Pedagogika va psixologiyaga oid adabiyotlarda aynan shu jihatga alohida e'tibor qaratiladi. Mazkur davlat hujjatlari, didaktik va metodik ashyolar e'lon qilinib, nashrdan chiqqach, o'z vaqtida matbuotda munosabat bildirilgan, asosan, ularning yutuqlari, fazilatlari to'g'risida fikrlar bildirilgan.
Biz standart va dasturlardagi to'ldirilishi kerak bo'lgan o'rinlar, darslik va qo'llanmalardagi bartaraf etilishi lozim ko'ringan nuqson va kamchiliklar borasida mulohazalarimizni bayon etamizki, yechimini kutayotgan muammolarning talay qismi ular bilan ham bog'liq. "Davlat ta'lim standartlari umumiy o'rta, o'rta-maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim mazmuniga hamda sifatiga qo'yiladigan talablarni belgilaydi". Umuman olganda adabiyot bo'yicha DTS ushbu fanning mazmun va sifatiga qo'yilgan talabni qoniqarli darajada aks ettiradi. Mazkur hujjatning mohiyat jihatdan yaxlit, umumiy xarakterda bo'lishini nazarda tutsak, unga jiddiy e'tiroz bildirishga asos yo'q. Faqat nazarimizda, yanada aniqlashtirilishi kerak bo'lgan o'rinlar, xususan, unda mumtoz adabiyot o'qitilishiga doir mazmuniy tafsilotlar, sifatiy ko'rsatkichlar alohida o'z ifodasini topishi maqsadga muvofiq deb o'ylaymiz.
Standartda mumtoz adabiyotning o'zigagina xos bo'lgan xususiyatlari, matnni mustaqil o'qib tushunishga yo'llaydigan nazariy ma'lumotlar o'quvchining yosh xususiyatidan kelib chiqib berilishi alohida ko'rsatilmaganligi bois adabiyot o'qituvchilari o'quvchi baribir mumtoz matnni tushunmaydi, undan ma'no chiqarishga qiynaladi degan bahonani ro'kach qilib, asarlar mazmunini so'zlab beradilar va bolalardan ham shuni talab qiladilar. Bu bilan go'yo standartdagi "...adibning tasvir mahoratini ko'rsatishdan ko'ra
matnni chuqurroq anglashga yo'naltirish" ko'rsatmasini ado etadilar va adabiyot o'qitishdagi eng katta xatoga yo'l qo'yadilar. Aksar hollarda matnni tahlil qilish "muallif bu yerda unday deyapti, bu yerda bunday deyapti" qabilidagi hissiz bayonlardan iborat bo'lib qolayotganligi kuzatiladi. Ifodadagi o'zgachalik, tasvirdagi yangilik, badiiy mahorat masalasi ochiq qoladi. Aslida standartdagi o'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalariga qo'yiladigan talablarda mavjud bo'lgan "o'rganilgan asarning asosiy badiiy xususiyatlarini" tezisidan kelib chiqib, zikr etilgan nazariy ma'lumotlar dasturga ham, darslikka ham kiritilishi kerak edi. Adabiyot fanidan Davlat ta'lim standartida o'quvchini mumtoz matn bag'riga yetaklaydigan, matnga ma'no berishga o'rgatadigan nazariy ma'lumotlarning berilishi alohida belgilab qo'yilishi kerak. O'quvchilarga mumtoz matnni mustaqil o'zlashtirish ko'nikma va malakalarini shakllantiradigan ma'lumotlar tizimi ishlab chiqilib, dastur va darsliklarda aks ettirgan holda sinfma-sinf tadrijiy tarzda berib borilishi maqsadga muvofiq bo'ladi.
Endi diqqatni darsliklarga qaratamiz. 10-sinf adabiyot darsligi "O'zbek mumtoz adabiyoti" qismida Ahmad Yassaviy, Atoyi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Turdi Farog'iy kabi mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari berilgan. 11-sinf adabiyot darsligi "O'zbek mumtoz adabiyoti" qismida Nosiruddin Rabg'uziy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Anbar Otin singari mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari hayoti, ijodi va asarlaridan namunalar berilgan.
Adabiy ta'lim standarti va dasturlaridagi ijobiy jihatlar darsliklarda, xususan, mumtoz adabiyot namunalarining tanlanishi va berilishida ham aks etgan. Darsliklar mustaqillikning dastlabki yillaridan adabiy ta'lim e'tibor markaziga qo'yilgan yangilangan pedagogik tafakkur talablari asosida yaratilmoqda.
Bu muvaffaqiyatlarga qaramay, yaratilgan darsliklarda mashg'ulotlar saviyasiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan, adabiy ta'limda ko'zlangan maqsaddan o'qituvchini ham, o'quvchini ham chalg'itadigan holatlar borki, ular to'g'risida to'xtalib o'tish joiz bo'ladi.
Aksar hollarda kuzatilayotgan, afsuski, ko'pchilikka maqbul ko'rilayotgani - darsliklarda mumtoz adabiyot namunalaridan so'ng bu matnlar mazmuni nasriy bayon tarzida alohida berilishidir. Bir qarashda haqiqatan ham yaxshi: mumtoz adabiyotni tushunish qiyin, o'quvchi avval matnni o'qib ko'radi, tushunmasa, uni berilgan mazmuniy bayonga solishtirib, ma'noni uqib oladi. Asta-sekin unda mumtoz matnni o'qish va uqish malakasi shakllanadi. Shunday bo'lsa, qani edi. Darslik mualliflari ana shunday ijodiy yondashuvni ko'zda tutib nasriy bayonni bergan. Lekin amaliyot bu maqsadga butunlay zid holatni namoyon etmoqda. Bunday darsliklar bilan ishlashda o'qituvchilarning aksariyati asosiy matnni tashlab, hatto o'quvchilar e'tiborini sal bo'lsa ham unga qaratmay, to'g'ridan-to'g'ri mazmuniy bayonni o'qitib qo'ya qolmoqdalar. O'quvchilar mumtoz asarlarni emas, balki ularning darslik mualliflarining
tushungan darajasidagi mazmuni bilan tanishmoqdalar, xolos. Aslida esa bizning maqsadimiz o'quvchilarning badiiy tafakkurini o'stirishga qaratilgan bo'lishi kerak.
Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, mumtoz adabiyotni o'qitishda nazariy bilimlarni berish o'quvchilarning adabiyotdan va boshqa fanlardan olgan bilimlari, orttirgan tajribalari, ko'nikma va malakalariga tayanish bugungi kunda yuqori samara garovi bo'lib xizmat qiladi.
O'quvchilarda mumtoz badiiy tafakkur tarzini shakllantirmay turib, ularning mumtoz asarlarni ham aqliy, ham ruhiy idrok etish malakalari ega bo'lishlarini ta'minlab bo'lmaydi. Buning uchun har bir pedagogda mumtoz adabiyot namunalari bilan tanishgan hamda mumtoz asarlarni tahlil qilish ko'nikmalari shakllangan bo'lishi lozim.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O'zbekiston Respublikasi "Ta'lim to'g'risida"gi qonuni. /Barkamol avlod -O'zbekiston taraqqiyotining poydevori. - T.: 1997. - 20-29-b.
2. Dolimov S., Ubaydullaev H., Ahmedov Q. Adabiyot o'qitish metodikasi.T.: O'qituvchi, 1967. - 448-b.
3. Yo'ldoshev Q. Adabiyot o'qitishning ilmiy-nazariy asoslari. - T.: O'qituvchi, 1996. - 192-b.
4. To'xliyev B. Badiiy asarlarni sharhlab o'rganish. - T.: Nizomiy nomidagi TDPU, 2013. - 147-b.
5. O'zbek adabiyotidan umumta'lim maktablari uchun dastur. (V-XI sinflar uchun). Tuzuvchi Yo'ldoshev Q. va boshq. - T.: Respublika Ta'lim markazi, 1998. - 24-b.